Xoja Muhammad Porso (1348-1420)

Tasavvuf ilmining Naqshbandiya maktabi islom olamiga mutasavvuf shayxlar bilan bir qatorda yetuk olimlarni ham yetishtirib bergan edi. Ana shunday zotlardan biri Xoja Muhammad Porso al-Buxoriydir. Uning ismi-sharifidagi “al-Buxoriy” qo‘shimchasiga asoslanib aytish mumkinki, Porso Buxoroda tug‘ilgan. U madrasalarda o‘qib, Qur’on, hadis, kalom kabi turli diniy ilmlarni chuqur o‘rganib, zamonasining zabardast kishilaridan biri bo‘lib yetishdi va Bahovuddin Naqshbanddan so‘ng Markaziy Osiyoda naqshbandiya oqimining eng yirik vakili hamda targ‘ibotchisi sifatida mashhur bo‘ldi.

Abdurahmon Jomiy o‘zining “Nafohot ul-uns” nomli asarida ko‘rsatishicha, Muhammad Porsoning to‘liq ismi Muhammad bin Mahmud al-Hofiz al-Buxoriydir. “Porso” uning laqabi bo‘lib, bu laqabni unga Bahovuddin Naqshband bergan. “Rashahot” muallifi buning tafsilotini quyidagicha bayon qiladi: “Muhammad Porso ko‘chada muntazir holda turardilar. Nogoh ichkaridan Hazrati Xoja (Bahovuddin)ning kanizaklari chiqib qoldi. Hazrati Xoja kanizaqdan: “Ko‘chada turgan kim?”—deb so‘radilar. “Bir porso (dindor) yigit turibdi”, dedi kanizak. Hazrati Xoja tashqariga chiqib, Xoja Muhammadni ko‘rdilar va unga: “Siz porso ekansiz”, dedilar. Shu kundan boshlab el orasida u “Porso” laqabi bilan mashhur bo‘lib ketdi. Xoja Muhammad Porsoning Bahovuddin Naqshband bilan bo‘lgan o‘zaro munosabatlari shu davrda yashagan Muhammad Boqirning “Maqomoti Xoja Bahovuddin Naqshband” nomli asarida mukammal bayon qilingan.

Xoja Muhammad Porso “Tuhfat uz-zoirin” kitobida ko‘rsatilishicha, Bahovuddin Naqshbandning ikkinchi xalifasi edi. Bahovuddin Naqshband o‘zining bu shogirdiga katta umid bilan qaragan va uning tarbiyasini o‘z nazoratiga olgan.

“Rashahot”da Xoja Muhammad Porsoning quyidagi hikoyasi keltiriladi: “Hijoz yo‘lida Xojai Buzrug (Bahovuddin) kasalga chalindilar va vasiyatlar qildilar. Shu asnoda do‘stlar huzurida bu majlisga yuzlanib: “Xojagonlar xonadonining xalifalaridan bu zaifga nimaiki yetgan bo‘lsa va bu yo‘lda nimaniki topgan bo‘lsa, bu omonatlarning barini senga topshirdim. Bu omonatlarning barini Haq subhonahu xalqiga yetqiz”, dedilar. Hijoz safaridan qaytganmizda esa do‘stlar huzurida: “Bizda nimaiki bo‘lsa, sen hammasini to‘liq olding”, dedilar. Hayotlarining oxirida esa: “Bizning vujudga kelishimizning sababi Muhammad (Porso)ning zuhuri edi”, dedilar”.

Bahovuddin Nakshband vafoti oldidan Xoja Muhammad Porsoni o‘z o‘rniga tayin qilganligini uning yaqinlaridan bo‘lgan Xoja Ali Domod quyidagicha tavsiflaydi: “Hazrati Xoja Bahovuddin oxirgi bemorliklari paytida hozirgi muborak jasadlari yotgan kabrni kovlashga buyurdilar. Qabrni kovlab bo‘lib, ularning huzurlariga keldim. O‘zlaridan so‘ng irshod ishiga kimni buyurar ekanlar, degan fikr ko‘nglimdan o‘tdi. Ular to‘satdan menga o‘girilib: “Hijoz yo‘lida ayttan gapim gapdir, kimki bizni orzu qilsa, Xoja Muhammad Porsoga nazar qilsin”, dedilar”.

Mazkur misollar Xoja Bahovuddin Nakshbandning shogirdiga nisbatan hurmat va e’tiqodining dalilidir.

Xoja Muhammad Porso o‘z ustozi kabi musulmonlarning ahvoli haqida qayg‘urib, podshohlar ishiga ham aralashib turgan. “Rashahot”da keltirilgan bir hikoya avvalida Xoja Muhammad Porsodagi karomat quvvatining kuchliligida dalolat qilinsa, so‘ng davr ulamolarining hamda podshohning ilmu fanning sof bo‘lishi borasida qayg‘urganliklari ko‘rsatiladi.

“Rashahot” muallifi Ali Safiyning yozishicha, Xoja Muhammad Porso kuchli karomat sohibi bo‘lsa-da, biroq buni iloji boricha yashirishga harakat qilgan. Ammo, qattiq zarurat tug‘ilgandagina uni oshkor qilishga majbur bo‘lgan. Shunday voqealardan birining tafsiloti quyidagicha:

“Hadischi olimlarning peshvosi shayx Shamsuddin Muhammad ibn Muhammad ibn Muhammad al-Jazariy alayhir rahma Mirzo Ulug‘bek zamonida Samarqandga kelgan edilar. Ba’zi g‘arazgo‘y kishilar: “Hazrati Xoja Muhammad Porso Buxoroda ko‘p hadislarni naql qiladilar, ularning asnodlari to‘g‘ri yoki noto‘g‘riligi hech kimga ma’lum emas. Hazrati Shayx buni tekshirib ko‘rsalar yomon bo‘lmas edi”, dedilar.

Hazrati Shayx bu ishning payiga tushdilar. Mirzo Ulug‘bekni ham bunga ko‘ndirib, Buxoroga odam yubordilar va Hazrati Xoja (Muhammad Porso)ni Samarqandga kelishlarini iltimos qildilar. Shunday qilib, Shayx Samarqandning shayxulislomi bo‘lgan Xoja Isomiddin hamda ulamolarning eng ulug‘lari bilan birga katta majlis tashkil qildilar. Xoja Muhammad ham majlisga yetib keldilar. Shayx undan iltimos qilib, asnodi bilan birgalikda bir hadis aytishni so‘radilar. Xoja Muhammad aytgach, Shayx: “Bu hadisning to‘g‘riligiga shubha yo‘q, biroq uning asnodi bizga ma’lum emas”, dedilar. Bu so‘zdan hasadchilar xursand bo‘lib, bir-biriga ko‘z qisdidar. Xoja Muhammad esa bu hadisning ikkinchi asnodini ham aytib berdilar. Shayx yana o‘zining yuqoridagi so‘zini takrorladi. Xoja Muhammad qancha asnod aytsa ham so‘zi bu yerda maqbul bo‘lmasligini fahmladilar. So‘ng bir lahza muroqabaga berildilar, biroz sukutdan keyin Shayxga qarab: “Siz falon hadis kitobini tan olasizmi va undagi asnodlarni mo‘tabar der hisoblaysizmi?”—dedilar. Shayx: “Ha, u kitoblardagi asnodlarning hammasi e’tiborli va ishonchga loyiqtsir. Hadis fanini tahqiq etuvchilardan hech kim unga shubha qilmaydi, agar siz aytgan asnodlar shu kitobdan bo‘lsa, u paytda bizning hech qanday e’tirozimiz yo‘q”, dedilar.

Hazrati Xoja (Muhammad Porso) Xoja Isomiddinga qarab: “Sizning kutubxonangizda falon tokchada, falon kitobning tagida, falon rangli va falon jildli kitob bor, unda biz aytgan asnod falon varaqdan so‘ng, falon sahifada batafsil keltirilgan, iltifot qilib, xodimlaringizdan bir kishini yuborsangiz, uni tezda olib kelsa”, dedilar.

Xoja Isomiddin, bu asnod o‘sha yerda bormi-yo‘qmi, deb ikkilanib turardi Majlisdagilar esa hangu-mang bo‘lib o‘yga tolgan edilar. Hazrati Xojaning bu shaxsiy kutubxonada bo‘lmaganliklari hammaga ma’lum edi. Shunday qilib, Xoja Isomiddin o‘z yaqinlaridan birini zudlik bilan uyiga yuborib, agar aytilgan narsalar u yerda bo‘lsa, olib kelishni buyurdi. U kishi aytilgan belgilar bo‘yicha kitob va asnodni topib, majlisga keltirdi. Aytilgan hadis o‘sha asnodlar bilan o‘sha sahifada hech bir tafovutsiz mavjud edi. Buni eshitgan majlis ahlidan hayrat ovozlari baland ko‘tarildi. Shayx va boshqa ulamolar taajjub ichida qoldilar. Ayniqsa, Xoja Isomiddinning hayrati boshqalarnikidan ziyoda edi, chunki u bu asnodli kitobning o‘z uyida borligidan bexabar edi. Bu qissani eshitgan Mirzo Ulug‘bek Hazrati Xojani chaqirtirganidan xijolat bo‘ldi. Hazrati Xojadan yuz bergan bu karomat odamlar orasida ularga nisbatan aqidalarini mustahkamladi”.

“Rashahot”da Xoja Muhammad Porsoning o‘sha davrdagi siyosiy voqealarga ham aloqador bo‘lgani haqida ma’lumotlar keltirilgan. Uning faoliyatidan Amir Temurning farzandi Muhammad Jahongirning o‘g‘li Xalil Mirzo, shuningdek, Xuroson shohi Shohrux yaxshi xabardor bo‘lganlar. Porso Shohrux bilan turli masalalar bo‘iicha yozishmalar ham olib borganligi manbalarda qayd etilgan.

Xoja Muhammad Porso nafaqat valiyulloh, balki o‘z davrining yirik olimlaridan ediki, uning O‘zbekiston FA Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutida quyidagi asarlari saqlanmoqda:

  1. “Risolai qudsiya” (“Xoja Bahovuddinning qudsiy kalimalari haqidagi risola”).
  2. “Az anfozi qudsiyai mashoyixi tariqat” (“Tariqat mashoyixlarining qudsiy kalimalaridan”).
  3. “E’tiqodot” (“E’tiqod haqida risola”).
  4. “Tahqiqot” (“Tasavvuf istilohlari haqida risola”).
  5. “Tafsiri Qur’on” (“Qur’on tafsiri”).
  6. “Al-hadis ul-arba’una” (“Qirq hadis”).
  7. “Risola dar odobi murid” (“Murid odoblari haqida risola”).
  8. “Risolai kashfiya” (“Karomatlar haqida risola”).
  9. “Risolai mahbubiya” (“Do‘stlik haqida risola”).
  10. “Sharhi “Fiqhi Kaydoniy” (“Fiqhi Kaydoniy” asarining sharhi”).
  11. “Fasl ul-xitob bivusuli-ahbob” (“Do‘stlar visoliga yetishishda oq ila qorani ajratuvchi kitob”).
  12. “Muxtasari ta’rixi Makka” (“Makka shahrining qisqacha tarixi”).
  13. “Fusuli sitta” (“Olti fasl”).
  14. “Maktubi Xoja Muhammad Porso va Mavlono Zaynuddin” (“Xoja Muhammad Porsoning Mavlono Zaynuddinga maktubi”).
  15. “Maqomoti Xoja Alouddin Attor” (“Aloudtsin Attor maqomoti”).
  16. “Maqomoti Xoja Bahovuddin Naqshband” (“Xoja Bahovuddin Naqshband maqomoti”).
  17. “Muqaddima li-jomi’ ul-kalim” (“Jomi’ ul-kalim” kitobiga muqaddima”).
  18. “Haftodu du firqa” (“Etmish ikki firqa”).

Institutda Xoja Muhammad Porsoning qo‘li tekkan va o‘z muhrini bosgan boshqa bir muallifning asari ham saqlanmoqdaki, bularning barchasi uning yetuk olim bo‘lishi bilan birga, o‘zining shaxsiy kutubxonasiga ham ega ekanligini ko‘rsatadi.

Xoja Muhammad Porso ikki marta haj safarini ado etgan. Dastlab Bahovuddin Naqshband bilan, keyin 1419 yili Buxorodan Termiz, Balx va Hirot orqali Nishopurga, undan esa Madinaga kirib boradi. Haj ziyoratini amalga oshirgach, kasalga chalinib, 72 yoshida vafot etadi. Amir ul-mo‘minin Abbos maqbarasi yoniga dafn etiladi. Shayx Zaynuddin al-Xavofiy Misrdan taroshlangan oq tosh keltirib, uning qabriga qo‘yadi.

Muhammad Porsoning “Risolai qudsiya” asari Xoja Bahovuddin Naqshbandning qudsiy kalimalarini sharhlashga bag‘ishlangan. Bu kalimalar Bahovuddin Naqshbandning o‘z og‘zidan eshitilgan bo‘lib, Muhammad Porso ularni jamlab yurgan. Bu haqda uning o‘zi shunday deydi: “Bu so‘zlar (ularning) muborak og‘izlaridan chiqqan so‘zlardan bir tomchisigina bo‘lib, bu zaif banda… bu qudsiy kalimalardan ba’zilarini sadoqat va irodat yuzasidan tabarrukona va irshod sifatida qalamga olib yurardi”. Muhammad Porso o‘zining bu asarida ulug‘vor ustozining qudsiy kalimalarini keltiribgina qolmay, ularni sharhlab ham beradi. Asar Bahovuddin Naqshband hayoti, uning xizmatlari va ma’naviy olamini ochib berish hamda Naqshbandiya sulukining asoslari haqida chuqur ma’lumotlarni o‘z ichiga olishi bilan nihoyatda qimmatlidir.

Porsoning shariat va tariqat masalalariga bag‘ishlangan va unga katta shuhrat keltirgan asari “Fasl ul-xitob bivusuli-l-ahbob” (“Do‘stlar visoliga yetishda oq ila qorani ajratuvchi kitob”) nomli asaridir. Katta hajmga ega bo‘lgan bu kitob islom ulamolari orasida qo‘llanma sifatida foydalanilgan. Asar bir necha marta chopetilgan.

O‘tmishda shariat, tariqat va firqalar to‘g‘risida qandaydir bahs tug‘ilib qolsa, albatta “Fasl ul-xitob”ga murojaat qilib, Porsoning fikrini hujjat sifatida ko‘rganlar va unga suyanganlar. Mazkur asarning mundarijasi bilan tanishib chizishning o‘zi asarda muhim masalalar keng yoritilganligadan guvoh beradi. Asar 494 ta masalaga bag‘ishlangan bo‘lib, bu masalalarning hammasi islomda bahsli hisoblangan va Porso bu masalalarni turli asarlarga suyangan holda yechib bergan.

Umuman olganda, Xoja Muhammad Porso Markaziy Osiyo xalqlari ma’naviyatida, islom va tasavvuf tarixida chuqur iz qoldirgan allomadir.

t.f.n. O. Bo‘riyev, M. Hasanov