O‘zbek adabiyoti tarixida mumtoz o‘ringa ega bo‘lgan Jahon otin — Uvaysiy XVIII asr oxiri XIX asrning birinchi yarmida yashab ijod etgan mashhur o‘zbek shoirasidir. U Marg‘ilon shahrining Childuxtaron mahallasida, taxminan 1779 yillarda dunyoga kelgan. jahon otinning otasi to‘quvchi, ham kosib bo‘lib, o‘zbek va tojik tillarida she’rlar yozgan, onasi Chinnibibi esa o‘z davrining donishmand ayollaridan bo‘lib, maktabdorlik qilgan. Jahonbibi oilada xat-savodini chiqarib, so‘ng onasining yonida maktabdorlik qilgan, akasi Oxunjon hofiz yordamida kuy-musiqaga ham rag‘bat paydo qilgan. Jahonbibining hayot yo‘ldoshi Tojixon juda erta vafot etgach, u qizi Quyosh va o‘g‘li Muhammadxonlarni o‘zi tarbiyalab voyaga yetkazgan. Jahonbibi oila a’zolarining ta’sirida ko‘proq shaxsiy mutolaaga berilib, o‘zbek, tojik va ozarbayjon allomalarining asarlarini muhabbat bilan o‘qib, Vaysiy, Uvaysiy taxallusi bilan she’rlar yoza boshlaydi va tez orada shoira, otin sifatida taniladi.
Uvaysiyning hayoti o‘z davrida Markaziy Osiyoning katta ilm-fan va madaniyat markazlaridan bo‘lgan Marg‘ilon hamda Qo‘qonning iste’dodli adib va shoirlari davrasida o‘tdi. U Mohlaroyim — Nodira bilan ijodiy hamkorliqda bo‘lgan. Saroyda she’riyat ilmidan dars berib, ustozlik qilgan. U Nodira bilan Konibodom, Xo‘jand, O‘ratepa, Toshkent, Andijon kabi shaharlarda bo‘lib, ijodiy doiralar va ziyolilar bilan munosabat o‘rnatgan. 1842 yili Buxoro amiri Nasrullaxon Qo‘qonni egallagach, Marg‘ilonga qaytib umrining oxirigacha shu yerda yashagan.
Oltmish yildan ko‘proq umr ko‘rgan Uvaysiydan bizga kattagina adabiy meros yetib kelgan. Uning qo‘lyozma devonlari O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti va Andijon Davlat Pedagogika instituti kutubxonasida saqlanmoqda. Shoira devonining qo‘lyozmalarini aniqlash, ommalashtirish va tadqiq etishda akademik A. Qayumov, professor H. Razzoqov va E. Ibrohimovalarning xizmatlari kattadir[1].
Shoiraning 4 ta devon tuzganligi ma’lum. Uvaysiy ijodining g‘oyaviy-badiiy mohiyatidan o‘zbek mumtoz adabiyoti an’analarini ijodiy davom ettirganligi ko‘rinib turadi. Shoiraning Navoiy, Fuzuliy g‘azallariga bog‘lagan ko‘plab muxammaslari va naziralari, Bedil she’rlariga izdoshligi Uvaysiyning poetik balog‘atidan dalolat beradi. Shoira adabiyotda taraqqiyparvar namoyandalarning qarashlari asosida maydonga kelgan inson taqdiri, shaxs erki va ma’rifatparvarlik g‘oyalarida latif va dilkash asarlar yaratadi, asarlarida insonni e’zozlash, odamning tabiat va hayot noz-ne’matlaridan bahramand bo‘lishga undash, do‘stlik, vafo va sadoqat kabi o‘zining ulug‘vor niyatlarini Qur’on oyatlari, hadislar va tasavvufiy talqinlar bilan asoslagan holda ijodiy barkamollikka erishdi. Uning she’rlarida tariqatning talab va qoidalariga taalluqli bo‘lgan talqinlar ko‘p uchraydi. Shoira shunday yozgan edi:
Fano mardumlarini sirridin hech kimsa yo‘q ogoh,
Qabih guftor mardumdin ko‘ngul dog‘ o‘ldi, dog‘ o‘ldi.
Shoiraning bu kabi orifona satrlari Alisher Navoiyning insonni komillik yo‘lidagi izlanishlarida tasvirlagan — yuz kufrga ketganda ham bir tavba qilishni xayoliga keltirmaydigan, pokni nopokdan ajrata bilmaydigan dilozor kishilarni qattiq qoralagan satrlariga hamohangdir.
Uvaysiy o‘z asarlarida insonga xos bo‘lgan ilohiy muhabbat tuyg‘ularini e’zoz bilan kuylaydi. Tabiatning hisobsiz go‘zalliklari mavjida ishq hissiyoti ham shaloladek tug‘yon uradi. Bu ishq-sevgi hayotni qadrlashga, uning lazzatlaridan bahramand bo‘lishga chaqiradi. Shoira muhabbat tuyg‘ulari zavqiga berilib, bora-bora uning nozik ka’riga nazar tashlaydi:
Zaboningni keturgil, ey shakarlab to‘ti guftora,
Nechukkim marhamat o‘lsun necha mendek dil afgora.
Nigohing tashlag‘il, lutf aylabon, ey sho‘xi beparvo,
Yo‘lingda intizor o‘lg‘on meni bul oshiqi zora.
Uvaysiy dastlab yuksak odamiylikni, shu odamiylikni qalb to‘rida avaylovchi vafodor yorni ulug‘lar ekan, uni quyosh bilan qiyos qiladi. Quyosh har tong ufqdan bosh ko‘tarib o‘zining otashin nuri bilan olamga, odamlarga o‘z mehr va shafqatini sochadi. Shoira yor va oftob tashbehlarini qarshilantirish san’ati orqali katta mahorat bilan eng go‘zal tuyg‘ular silsilasini guldasta qiladi. Uning lirik qahramoni mushohadakor donishmand, vafoli oshiq. Shuning uchun ham shoira:
Vaysiy, boshing uzra qo‘y, xurshed tal’at yorni,
Bilmadingmu zarralar boshinda dastor oftob, —
deb vafoli yorni eng zarif satrlar bilan ulug‘laydi. Uning uchun yor bilan suhbat, do‘st bilan mubohasa, dilkash mutrib taronalari yuksak bir sharafdir.
Ma’lum bo‘lishicha, Uvaysiy uzoq vaqt maktabdorlik ham qilgan. U o‘z davrining yosh toliblariga Alloh kalomi bo‘lgan Qur’on va hayot go‘zalliklaridan saboq bergan. U talabalar uchun tez fikrlash, chiroyli so‘zlash va boshqa ta’lim-tarbiya vositalari bilan bog‘liq bo‘lgan chiston-topishmoqlar yaratgan. Uning anor haqidagi mashhur chistoni o‘zining muhim mazmuni va yuksak badiiyligi bilan shoira ijodining yorqin bir sahifasi sifatida ko‘zga tashlanadi:
Bu na gumbazdur, eshiga, tuynugidin yo‘q nishon,
Necha gulgun pok qizlar manzil aylabdur makon?
Tuynugin ochib alarning holidan olsam xabar,
Yuzlarida parda tortug‘liq tururlar bag‘ri qon.
Uvaysiyning lirik she’rlaridan tashqari “Shahzoda Hasan”, “Shahzoda Husan” kabi liro-epik asari va “Voqeoti Muhammad Alixon” kabi tarixiy dostonlari mavjud. Shoiraning liro-epik dostonlari islom tarixi bilan bog‘liq voqealar asosida yaratilgan bo‘lib, bu Uvaysiyning o‘z davrini bilimdon otini — muallimasi va dinimiz tarixidan chuqur xabardorligidan dalolat beradi.
Uvaysiy hayotiylik davridayoq nafis lirikasi bilan mashhur bo‘ldi va zamondoshlarining e’tiborini qozondi. Uning zamondoshi va izdoshi shoira Dilshod — Barno o‘zining Nodirabegimga bag‘ishlangan “Tong mahal chiqdi haramdin turfa moh” deb boshlangan g‘azalida Nodira bilan bir qatorda Uvaysiyni ham juda katta e’zoz bilan xotirlaydi:
Kim? — dedim, Nodira — dedilar ani,
Yonida Vaysiy turur olampanoh.
Har biri ming shoira o‘rnidadur,
Ikkovi birla tulur har borgoh.
Uvaysiy asarlari o‘zining latif mazmuni va dilkash badiiyligi bilan davrlar osha muxlislar qalbiga bitmas-tutanmas estetik zavq bag‘ishlab kelmoqda. Ular xalq ommasi orasida keng yoyilgan, hofizlar, xonandalar tomonidan maqom va xalq ohanglari bilan hozirgacha kuylanib keladi.
f.f.d. M. Qodirova
____________
[1] Uvaysiy. Devon. Toshkent, “Fan”, 1958 yil. Uvaysiy. Devon, Toshkent, G‘. G‘ulom nomidagi adabiyot va san’at nashriyoti, 1963, E. Ibrohimova. Uvaysiy. T., “Fan”, 1963.