Ogahiy (1809-1874)

Muhammadrizo Erniyozbek o‘g‘li — Ogahiy XIX asr Xorazm adabiy muhitining yirik siymolaridan biri bo‘lib, Navoiydan keyin eng “ko‘p va xo‘b” she’r aytgan shoirlardandir.

Ogahiy 1809 yil 17 dekabrda Xiva atrofidagi Qiyot qishlog‘ida (Hozirgi Ogahiy nomli jamoa xo‘jaligi) dunyoga kelgan. Otasi Erniyozbek vafot etgach, yosh qolgan Ogahiyni tog‘asi Munis o‘z tarbiyasiga oldi. Munis atrofiga to‘plangan ijodkorlar bo‘lg‘usi shoir Ogahiy ijodiga katta ta’sir qildi. Ogahiy dastlabki bilimni Munis Xorazmiydan oldi, keyichalik Xiva madrasalarida tahsil ko‘rdi. 1829 yil Munis vafot qilgandan keyin Ollohqulixon uning o‘rniga Ogahiyni bosh miroblik vazifasiga tayinlaydi. Shoir xizmat yuzasidan Xorazm vohasining ko‘p joylarida bo‘lib, dehqonlarni, hunarmandlarni ayanchli hayotini o‘z ko‘zi bilan ko‘rdi. Bu Ogahiy ijodiga ta’sir etmay qolmadi.

Ogahiydan boy ijodiy meros qoldi. U madrasada o‘qib yurgan paytlaridayoq “Bayozi mutafarriqai forsiy” nomli bayoz tuzdi. Bu bayozga Jomiy, Navoiy, Hofiz, Sheroziy, Bedil, Fuzuliy g‘azallarini kiritish bilan bir qatorda ularga ergashib yozgan o‘zining o‘n besh g‘azali va ikki muxammasini qo‘shdi. Ogahiy ustozi Munis boshlab qo‘ygan, ammo, tamomlay olmagan tarixiy “Firdavs ul-iqbol” asarini yozib tugatdi. Bundan tashqari Xiva xonligi tarixiga oid “Riyoz ud-davla”, “Jome’ ul-voqeoti Sultoniy”, “Zubdat ut-tavorix”, “Gulshani davlat”, “Shohidi iqbol” nomli tarixiy asarlar yozdi. Ogahiy jahon madaniyatini nodir durdonalari hisoblangan Sa’diy Sheroziyning “Guliston”, Nizomiyning “Haft paykar”, Hiloliyning “Shoh va gado”, Kaykovusning “Qobusnoma”, Koshifiyning “Axloqi Muhsiniy”, Jomiyning “Yusuf va Zulayho” kabi badiiy, tarixiy, axloqiy, falsafiy, didaktik asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qildi.

Ogahiy 1872 yilda parokanda bo‘lgan badiiy merosini jamlab “Ta’viz ul-oshiqin” (“Oshiqlar tumori”) nomli devon tuzib qoldirdi. Madaniyatimizning durdonasi bo‘lgan bu devon o‘zbek mumtoz she’riyatining 22 janrini o‘z ichiga qamrab olgan.

Ogahiy ijodida XIX asr Xiva xonligidagi ijtimoiy hayot o‘z ifodasini topgan. Bu davrga kelib, Turkiston Rusiya tomonidan bosib olingandi, xalq ikki yoqdan zulm ostida qolgandi. Ogahiy bundan qattiq qayg‘urardi, xalq hur, ozod yashashini orzu qilardi.

Ogahiy dunyoga, insonga tuganmas muhabbat, hayotga cheksiz mehr bilan qaraydi, ijtimoiy jarayonlarga qattiq qiziqadi. Shoir insonni hayot go‘zalliklarini, muhabbat shavq-zavqini to‘lib-toshib tarannum etadi. Mutafakkir o‘z asarlariga ijtimoiy fikrlarni mahorat bilan singdirib yuboradi. Misol uchun mashhur “Feruz” ashulasidagi quyidagi satrlarni eslaylik:

Ey shoh, karam aylar chog‘i teng tut yomonu yaxshini,
Kim, mehr nuri teng tushar vayronu obod ustina.

Xoki taning barbod o‘lur, oxir jahonda necha yil,
Sayr et Sulaymondek agar taxting qurib bod ustina.

Ogahiyning yuksak insonparvarlik ruhi bilan sug‘orilgan g‘oyalari xon va shoir Feruzning siyosiy-ma’rifiy tarbiyasiga ta’sir qiladi. U tarixchi olim sifatida Xiva xonlariga, yirik tarixiy shaxslarga bag‘ishlab qasidalar yozgan. Shoirning “Qasidai nasihat” degan qasidasi bunga yaqqol misol bo‘ladi. Asar Feruzga bag‘ishlangan. Ogahiy o‘z nasihatlarida saltanatni boshqarishning yo‘l-yo‘riqlarini ko‘rsatadi, mamlakat va xalqni adolat bilan idora etish yo‘llarini belgilab beradi. Bu qasida masnaviy janrida yozilgan bo‘lib, shoirning siyosiy-ma’rifiy qarashlarini yorqin ifoda qiladi. Shoir fikricha, har qanday davlat boshlig‘i hokimiyatni mustahkamlash uchun barcha ijobiy fazilatlarga ega bo‘lishi lozim. Podshohi himmatli, shijoatli, adolatli, g‘ayratli, saxovatli, hayoli, sof niyatli, madaniyatli, hamiyatli kambag‘alparvar bo‘lishi zarur. Hukmdor shu fazilatlarga ega bo‘lsa hokimiyati kamol topadi, mamlakati farovon bo‘ladi, degan fikrni ilgari suradi.

Ogahiy davlatni boshqarishning yo‘llarini ham ko‘rsatib o‘tgan. Shoirning fikricha, shoh shariat ahkomlariga qattiq amal qilmog‘i darkor. Aysh-ishratdan, fitna va g‘iybatdan, g‘aflatdan, yalq-ovlikdan, zulm-razolatdan, chaqimchilikdan, molparastlikdan uzoq bo‘lishi kerak. Xiva xoni Feruz Ogaxiyning davlatni boshqarish to‘g‘risidagi maslahatlariga quloq tutgan, uning hikmatai baytlarini marmar toshlarga yozdirib arzxonalariga qo‘ydirgan, ko‘p ezgu ishlarni amalga oshirgan.

Bu davrda Xorazm xalqi mahalliy boylar va rus bosqinchilari zulmi ostida qolgandi. Lekin shunga qaramay xonlikda madaniy-ma’rifiy ishlar rivoj topdi. Bunda Ogahiyning ma’rifiy his-sasi katta bo‘ldi. Ogahiyning Feruzga bergan siyosiy saboqlari bugun ham o‘z qiymatini yo‘qotgan emas.

Mutafakkir shoir jamiyatning insonparvarlik imkoniyatlarini oshirishning barcha yo‘llaridan foydalanishga harakat qildi, hukmdorlarni adolatga, rahm-shafqatga da’vat etdi. Ogahiy Sayid Muhammadxon iltimosiga binoan 1857 yilda qasida yozdi.

Bas, endi raiyatga qil imdod,
Topay desang ikki jahonda murod.

Ilohe, bu qasr ichra qilgin makon,
Bu manzilni fahm etmagil jovidon.

Vafosiz durur dahr iqboli bil,
Baqosiz durur mulk ila moli bil.

Ko‘ngil qo‘ymagil mulk bunyodig‘a,
Et, albatta, mazlumlar dodig‘a!

Qasida ko‘hna Arkda xonning arzxonasidagi marmar ustunga o‘yib yozildi. Shoir o‘z qasidasida insonparvarlik g‘oyalarini olg‘a surdi, adolatparvar, ma’rifatparvar davlat rahbarlarini orzu qildi va xonni shunga da’vat etdi.

Ogahiy Xiva xonligining 1813 yildan 1873 yilgacha bo‘lgan tarixini izchillik bilan boy manbalar asosida yozib qoldirgan. Ogahiyning tarixiy asarlariga akademik V. V. Bartold yuqori baho bergan: “Munis va Ogahiy tomonidan yaratilgan adabiy va tarixiy asarlar… voqealarni bayon etish va ularda keltirilgan daliliy manbalarning ko‘pligi jihatidan bizgacha yetib kelgan Qo‘qon va Buxoro xonliklari tarixi bo‘yicha bo‘lgan hamma asarlarni o‘zidan ancha orqada qoldiradi”[1].

Ogaxiyning tarixiy asarlari daliliy manbalarning boyligi va ishonchli bo‘lishi bilan ajralib turadi. Ogahiyning tarixiy asarlari qo‘shni qardosh xalqlarning tarixini o‘rganishda birinchi manba hisoblanadi. Uning tarjima asarlari Xorazm ijodkorlarini arab, fors-tojik adabiyotining noyob durdonalari bilan tanishtirdi, xalqning ma’naviy saviyasini bir pog‘ona balandga ko‘tardi, o‘zbek adabiyoti xazinasini yangi asarlar bilan boyitdi, xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik va madaniy aloqalarni mustahkamladi.

fals. f.n. M. Safarboyev

_________________

[1] V. V. Bartold. Istoriya kulturnoy jizni Turkistana. L. — 1927. 113 bet.

Maqolalar

Muhammadrizo Ogahiy she’riyatidan
O‘zbek ziyolilari: Muhammadrizo Ogahiy (1809-1874)
Komil Avaz. Muhammadrizo Ogahiy
Matnazar Abdulhakim: “Ogahiy o‘z taxallusini Navoiy ijodidan kelib chiqib tanlagan” (2009)

Kitoblar

Muhammadrizo Ogahiy. Asarlar. 1-jild. Devon
Muhammadrizo Ogahiy. Asarlar. 2-jild. Devon
Muhammadrizo Ogahiy. Asarlar. 3-jild. Ijodiy tarjimalar
Muhammadrizo Ogahiy. Asarlar. 4-jild. Badiiy tarjimalar
Muhammadrizo Ogahiy. Asarlar. 5-jild. Tarixiy asarlar
Muhammadrizo Ogahiy. Asarlar. 6-jild
Muhammadrizo Ogahiy, Munis. Firdavs ul-iqbol
Komil Avaz. Ogahiy (drama)