Nosir Xisrav (1004-1088)

Markaziy Osiyo madaniyatining ulug‘ donishmandi va mutafakkiri Nosir Xisrav Qobadiyonda 1004 yilda tug‘ilgan. Uning ajdodlari o‘z davrining obro‘li, davlatmand kishilaridan hisoblangan. Amudaryo bilan karvon yo‘li kesishgan joydagi bu shahar XI asrlarda faqat qishloq xo‘jalik mahsulotlari bilangina mashhur bo‘lmay, balki savdo-sotiq hamda hunarmandchilik ham taraqqiy topgan joy edi. Qobadiyonning qoldiqlari hozir Tojikistonning Nosir Xisrav shahri chekkasidadir.

Uning nomi Abumuiniddin Nosir, otasining nomi esa Xisrav bo‘lib, she’rlarida “Hujjat” taxallusini qo‘llagan. Nosir Xisrav zamon an’anasiga ko‘ra, boshlang‘ich malumotni tug‘ilgan joyida oldi, keyinchalik Marv, Balx madrasalarida tahsilni davom ettirdi, diniy, dunyoviy bilimlarni egalladi. U Qobadiyon, Marv, Balxni o‘z shahri hisoblagan va “Safarnoma” asarida “Abumuiniddin Nosir Xisrav Marvoziy va Qobadiyoniy nomlari bilan taniqlidir”, — deb yozadi. Adabiyot va ilm olamida Nosir Xisrav unvoni bilan tanilgan adib yoshligidayoq qator tillar va fanlarni (al-jabr, muqobala, handasa, mantiq, nujum, hay’at, tibbiyot, tib, falsafa, fiqh, tarix, kalom, musiqa, aruz va boshqalar) pishiq o‘rgangan. Mutafakkirning asarlarida bu haqida qiziqarli ma’lumot va lavhalarni o‘qish mumkin.

Nosir Xisrav bu davrda ulug‘ vatandoshlari Abu Ali ibn Sino, Forobiy asarlarini chuqur o‘rganadi hamda butun umrga ularning sodiq shogirdi va davomchisi bo‘lib qoladi. Bundan tashkari, u kadim dunyo faylasuflari Sokrat, Platon, Aristotel ta’limotini o‘rganish bilan shug‘ullanadi.

Nosir Xisrav dunyoqarashining shakllanishi, o‘sha zamon ilmu madaniyati durdonalaridan bahramand bo‘lishidauning Misr, Shom, Iroq, Qohira, Iskandariya, Damashq, Basra, Hijoz, Halab, Makka, Madina, Ozarbayjon, Armaniston, Falastin, Eron, Turkiston va Hindiston shaharlari bo‘ylab qilgan safarlari muhim ahamiyat kasb etdi. Ulkan adib qaysi shaharda bo‘lmasin, uning diqqatini o‘sha yurtning ulug‘ shaxslari, olimu shoirlari o‘ziga jalb etgan va o‘sha donishmandlar bilan muloqotda bo‘lgan. Chunonchi, Nosir Xisrav 1045 yilda Qohira shahrida karmatlar, ya’ni ismoiliya diniy mazhabi bilan yaqindan tanishadi.

Manbalarning shahodatiga ko‘ra, Nosir Xisrav ma’lum muddat g‘aznaviy hukmdorlardan Sulton Mahmud G‘aznaviy va uning o‘g‘li Mas’ud saltanati davrida rasmiy lavozimlarda faoliyat ko‘rsatadi. Uning saljuqiylar darborida xizmatda bo‘lganligi xususida ham ayrim ishoralar saqlangan. Biroq saroy muhitining ayanchli manzaralari iste’dodli shoirga manzur tushmadi. Ayniqsa, amaldoru mulozimlar, ruhoniylaru manfaatparast shoirlarning nafs uchun past ketishlari, har qanday razilliklarga tayyor turishlari, avjiga chiqqan madhiyabozliklar Nosir Xisrav qo‘zini ochdi. Uning she’riyati va ilmiy qarashlarida tanqidning kuchayishiga zamin yaratdi. Ana shu omillar uning ma’naviy dunyosida burilish yasadi, u haqiqat izlash va xalq xizmati uchun ijodiy, fikriy izlanish bilan shug‘ullanishga kirishdi.

Nosir Xisrav saroy ahli, reaktsion kuchlar quvg‘inidan qochib umrining so‘ngti 20 yilini Yumg‘onda o‘tkazdi va ko‘p asarlarini Yumg‘onda (Badaxshondagi qishloqlardan biri) ijod etdi. Uning salkam chorak asrlik umri shu yerda o‘tdi va o‘sha yerda 1088 yilda vafot etdi. Nosir Xisravning qabri ham shu joydadir. Keyinchalik bu tabarruk maskan shoir ijodi ixlosmandlarining ziyoratgohiga aylandi.

Nosir Xisravning oilaviy hayotiga doir aniq ma’lumotlarga ega emasmiz. Manbalarda bu hakda hech qanday dalillar uchramaydi. Uning sarson-sargardonlikda o‘tgan umri, tazyiqu ta’qib etishlar, quvg‘indagi yillar allomaning uylanishi, bola-chaqa ko‘rishiga imkon bermagan ko‘rinadi.

Nosir Xisrav adabiy, ilmiy, falsafiy, hikmatiy asar va risolalarini o‘sha davr an’anasiga ko‘ra, dariy va arab tillarida yaratdi. Bizgacha mutafakkirning ikkita she’rlar devoni (biri forsiy, ikkinchisi arab tilida), “Rushnoinoma”, “Saodatnoma” masnaviylari, “Zodul-musofirin”, “Xon-ul-ixvon”, “Din vajhi”, “Bo‘ston ul-uqul”, “Jome’ ul-hikmatayn” kabi ma’naviy-diniy asarlari, to‘qson ikki falsafiy, mantiqiy savollarga javob usulida yozilgan nasriy risola va mashhur “Safarnoma”si yetib kelgan.

Nosir Xisravning fors tilidagi she’rlar devoni diniy-mazhabiy, falsafiy, ijtimoiy-axloqiy va ishqu oshiqlik bahsiga bag‘ishlangan qasida, g‘azal, ruboiy, farz, qita singari janr namunalaridan iboratdir. Devondagi she’rlar 11000 baytni tashkil etadi.

“Rushnoinoma” — ixcham masnaviy bo‘lib, 592 baytdan iborat. Asarda donishmandning diniy, falsafiy, ma’rifiy, ijtimoiy-axloqiy qarashlari rangin misralarda yuksak shoirona nazokat ila kuylanadi.

“Saodatnoma” uch yuz baytdan iborat bo‘lib, unda “Rushnoinoma”dagi ayrim masalalar takrorlangan. Shuningdek, bir qator falsafiy-axloqiy muammolar o‘z rivojini topgan.

Nosir Xisrav o‘zining ma’naviy hayoti, diniy-falsafiy dunyoqarashi jahatidan botiniya va ismoiliya mazhabining izdoshi va hakim-ustozlaridandir. Ismoiliya firqalari yagona-botiniya atamasi bilan yuritiladi. Mazkur diniy-falsafiy mazhab Qur’onning (ichki) ma’nosiga tarafdor. Botiniylar qarashiga ko‘ra, “Qur’on”ni hazrati Ali ibn Abutolib va uning do‘stu suhbatdoshlari haqiqiy ma’nosini biladilar. Mazkur mazhab ahli ta’limotiga ko‘ra, Xudo olamning mabda’i, asl vujudidir va inson aqli-la Xudoni bilib olishga qodir emas. Inson o‘z aqli bilan Mutlaq vujudning tashqi zohiriy tomoni — kull aqlni bilib olishi mumkin. Kull aql Xudodan ajralgan, tajalliy etgan ruhiy mohiyatdir. Kull aqldan esa jahoniy jon yoki nafsi kull, uning oqibati sifatida jismoniy olam, undagi mavjudotlar vujudga kelgan. Inson noqis jonu aqlga ega, komillashish uchun u poklanishi lozim. Mutlaq vujudga yetishish uchun yo‘llovchi shariat, tariqat, ma’rifat va haqiqat bosqichlarini bosib o‘tib, haqiqiy — abadiy olam — Xudoyi taolo vasliga yeta oladi.

Nosir Xisrav mazkur botiniya — ismoiliya mazhabining asoschilaridan hisoblanadi. U “Rushnoinoma” asarining “Tavhid” bobida o‘z aqidasini bayon etib yozadiki, Xudoi taolo yakkayu yagonadir, unga sherik yo‘q, uning avvali va oxiri yo‘q. Inson Xudoni fikru andisha ila jismoniy ko‘z hissiyotlari orqali bila olmaydi. Faqat ruhiy ko‘z, qalb ko‘zi bilangina mushohada etishi — ko‘rishi mumkin.

Mutafakkir o‘ziga maslakdosh shayxlar nuqtai nazarini ma’qullab qolmasdan, uni rivojlantiradi. Nosir Xisrav talqiniga binoan inson Xudoni va Koinotni bilib olishni o‘zligini bilib olishdan boshlamog‘i lozim. Zero vujudlikning bir necha jihatlari mavjud. Inson dastlab o‘zligining haqiqiy va o‘zgaruvchan jismiy-moddiy jihatlarini aqli bilan farqlab olishi darkor.

Nosir Xisrav zamonasining yetuk ma’naviy-ruhiy arbobi sifatida insonda asliy-ilohiy jihat borligi va u o‘z haqiqatini bilib olishga qodir ekanligini ta’kidlaydi. Buning uchun inson hayotini behuda o‘tkazmasligi, asliga yetish uchun sa’y-harakat qilishi, ilm egallashi va moddiy ehtiyoj girdobiga tushmaslikka da’vat etadi. Nosir Xisrav asosiy diqqatni insonning poklanish jarayoniga qaratadi. Uningcha, inson o‘z asli-ilohiy ruhga qayta qo‘shilishi uchun o‘zining haqikati, adabiyatini anglab yetishi, o‘z-o‘zini takmil eta bilishi, axloqini sof tutishi, poklashi lozim. Buning uchun g‘ayri insoniy harakatlardan saqlanish, g‘aribu g‘urabolar qalbiga ozor yetkazmaslikning o‘zi kifoyadir.

O‘tmishdoshlari an’anasini davom ettirgan shoir, odamlarni fazilatli, xush fe’l-atvorli qilib shakllantirishda tarbiya hissasining beqiyos ekanligiga urg‘u beradi. Shundan bo‘lsa kerak, alloma asarlarida axloqiy pandu nasihatlar, hikoyat va qissalarga keng o‘rin beriladi. Uning shunday urinishlarini “Axloqi hamida va zamima” sarlavhali she’ri misolida ham yaqqol ko‘rish mumkin.

Insonni ikkiga ajratgan faylasuf shoir uning axloqiga ham xuddi shunday munosabatda bo‘ladi. Aslida odamning yomoni bo‘lmaydi. Yomon tarbiya ko‘rgan, fe’lu atvori yaxshi yoxud noloyiq insonlar bo‘lishi mumkin. Bas shunday ekan, asosiy diqqat axloqiy tarbiya muammolariga qaratilmog‘i lozim.

Nosir Xisravning ma’naviy merosi pandu hikmat bobida ulkan xazinani eslatadi. Uning katta-yu kichik asarlarida axloqiy qarashlar markaziy o‘rin tutadi. Uningcha, yomon bilan yaxshi, xayru saxovat va baxillik orasidagi farqni ajrata bilish uchun inson, birinchi galda, o‘zligini yaxshi anglab olishi lozim.

Hakimning bir qator axloqiy qarashlari umuminsoniy, umumbashariy ahamiyatga egadir. Jumladan, buyuk mutafakkirning g‘arazlik bilan behad molu mulkka berilmaslik, o‘tar dunyoning yuzaki xursandchiliklariga hirsu havas qo‘ymaslikka da’vati barcha davrlar, elu elatlar uchun birday manfaat kasb etadi.

Mo‘tabar donishmand ijodidagi umumbashariy ma’naviy kadriyatlardan yana biri o‘zgalarga nisbatan adolatli, insofli bo‘lish, qashshoqu notavon, jismoniy jihatdan zaiflashganlarga rahmu shafqat ko‘rsatish, boshqalarning gunohini kechirish kabi yuksak g‘oya va nasihatlardir. Ulug‘ shoir xuddi shunday chaqiriq ruhi bilan mansabdorlarga murojaat qiladi, ularni o‘z qo‘l ostidagi mehnat ahliga nisbatan rahmu shafqatli, mehribon bo‘lishga da’vat etuvchi misralarni yozadi.

“Ma’naviy jihatdan ulg‘aymoqchi bo‘lsang, martabangni yuqori ko‘tarishni istasang, jahonning ulug‘lariga yaqinlashishni xohlasang ilm o‘rgan, aqlu idrokingni takomillashtir”, — deydi dono shoir. Chunki ayni o‘sha fazilatlar insonni ulug‘lik pog‘onasiga ko‘taradi, ular ma’naviy jihatdan uch turga — Payg‘ambar, avliyolar va hakimu donolarga bo‘linadi. Ilmu aql odamni haqiqiy inson rutbasiga erishtirsa, nodonlik esa uni odamiylik darajasidan chetlashtiradi.

Ilg‘or mutafakkir ilm o‘rganishgagina emas, uni targ‘ib, tashviq qilishga, ilm toliblariga, uni qidiruvchilarga yetkazish ke-rakligiga alohida e’tibor beradi:

O‘zingni ilm birla bezatgil,
Faqat kimxob kiygan emasdir go‘zal.

U ilmni jon ichidagi gavhar deb ataydi:

Aql bilgan hama gavharlar aro,
Ilmdan yaxshi kimyo yo‘qdir aslo.

Nosir Xisravning fikricha, kishi diliga taskin berguvchi, uni bu dunyoda shodu xurram qilguvchi ham ilm:

Agar xurramlik istarsen, so‘roqla ilm ila hikmat,
O‘shanda ilmu donishdin olursan mevayi hojat.

Uning “ilm” tushunchasi faqat diniy ilmlar bilan chegaralanib qolmay, balki butun dunyoviy bilimlarni o‘z ichiga oladi. Uning fikricha: “Kishilar orasida aqllilari aqliy lazzatga intiladi. Shundagina u umumiy lazzatga erishadi. Bu lazzat manbai tog‘liq olamdir… Faqat odam ilm o‘rganishdan lazzat topadi, bu his hayvonlarda yo‘q, ilmning har bir pog‘onasi yana yuqoriroq pog‘onaga olib keladi, demak, bilimning chegarasi yo‘q”, — deb yozadi Nosir Xisrav “Zod ul-musofirin” (“Safar qiluvchilar yo‘l anjomi”) degan kitobida[1].

Nosir Xisrav ma’naviy bisotida ijtimoiy hayot, davlat tuzilishi, amaldoru hokimlar faoliyati, ularning fuqarolarga munosabati haqida ham qimmatli fikru mulohazalar ko‘zga tashlanadi. O‘tmishda faoliyat ko‘rsatgan talay faylasuf va mutafakkirlar singari u ham ma’rifatli, adolatparvar shohu hokimlar tarafdori edi. Tabiatan adolat va insof tarafdori bo‘lgan donishmand shoir “Saodatnoma” masnaviysida mehnat ahlini, xususan dehqonlarni samimiy muhabbat bilan sharaflaydi. Ular madhida otashin misralar yaratadi.

Mutafakkir shoir dehqon kasbiga, uning bunyodkorona mehnatiga yuksak baho beradi. Zeroki, ular tufayli olam obod. Ularning mashaqqatli mehnati sharofati ila xalq rizqu ro‘zi hamisha muhayyodur. Nosir Xisrav nigohida ular jannatdan joy olishga sazovordirlar. Chunki ular hayotning saqlovchilari va yaratuvchilari hisoblanadi:

Jahonning shodligin boisi dehqon,
Uning birla ekinzor, bog‘u bo‘ston.
Bu ishdin yaxshi, olamda ne bordur,
Odam nasliga bu ish yodgordur…
Jafokash, pahlavon mehnat chekodur,
To‘kib ter, barchaning rizqin ekodur.

Dehqonlardan keyingi o‘rinda kasb-hunar egalari turadi. Ulug‘ shoir bu toifa ahlini xushbaxt odamlar hisoblaydi. Hunar, kasb egasi ham xuddi dehqon singari yaratuvchi-soni’lar sirasiga mansubdir. Xalq ehtiyoji ular san’ati, ijodiy mehnati-la ta’minlanadi:

Kosibdan shodu hurram yo‘q jahonda,
Hunardin yaxshi dur ham yo‘q jahonda…
Arzir uning bo‘lsa boshi osmonda,
Ulsiz yashay olmas shoh ham jahonda[2].

Shoir orzusicha, fozil hukmdor fuqaro-raiyatni doimo o‘z muhofazasiga oladi. Mamlakatni adlu insofla boshqaradi. Har qanday tadbirni vazirlar muhokamasiga, “kenkosh” — mashvarat majlisida ko‘rib, ma’qullangandan keyingina farmon sifatida e’lon qiladi. Hukmdorlarning bunday adolatli boshqaruvi tufayli mamlakat obod, uning xalqi esa farovon yashaydi, bir-biriga mehribonlik bilan munosabatda bo‘ladi. Yurtda hashar uyushtirish vositasida bog‘-rog‘lar yaratadi. Jamoa ahli sharob iste’mol qilmaydi. Bunday davlatda vijdon erkinligi barqaror hukm suradi. Diniy farzlar ixtiyoriy bajariladi. Yurt fuqarolari islom diniga e’tiqodli va Muhammad Mustafoning payg‘ambarligiga iqrordurlar. Aytilganlar bilan bir qatorda, donishmand shoir “Muluk va umaro mazammati to‘g‘risida”, “Yomon nafs va riyokorlar haqida” sarlavhali she’rlarida noinsof, adolatsiz, mag‘rurlangan, raiyat, ilm-fan, mehnat ahliga yomon muomala-munosabat qiluvchi, poraxo‘r, bema’rifat, johil, zulmu jabrdan huzur qiluvchi hokim va amaldorlar faoliyatini qattiq qoralaydi. Shoir ta’biricha, bunday insonlardan it sharafliroqdir. O‘sha johillar o‘z jismoniy kayfu rohatlari uchun qashshoq kambag‘allarni xonavayron qilishdan uyalmaydilar. Bunday muftxo‘r va xasis mulozimlar qarg‘ishga uchragani uchun ham ularning mol-boyliklari barakasiz, harom.

Ulug‘ shoirning talai pandu nasihatlarida odamlarni ranjitmaslik, ularga ozor bermaslik ibratli mulohazalar o‘rtaga tashlanadi. Biroq hukm ahli raftorining quyushqondan chiqishi shoirni behad g‘azablantiradi. Shundan bo‘lsa kerak, uning o‘zi ham oshkora tanqidga o‘tadi va zulmu sitamkorlarning amaliy faoliyatini bo‘rining tajovuzkorligiga o‘xshatadi.

Alloma shoirning ko‘pchilik asarlarida odamlar yuksak odamiylik sifat va fazilatlariga da’vat etiladi. U insonlararo o‘zaro hurmat, samimiyat qaror topishi tarafdori edi.

Darvoqe, ahillik, adlu amniyat, mehru oqibat, o‘zaro itgifoq ustuvor bo‘lgan yurtda zulmat chekinadi, inson sharafi yuksak ulug‘lanadi, o‘zaro nizolar yo‘qoladi, inson insonning joniga qasd qilmaydi. Ana shunday ulug‘ insonsevarlik g‘oyalari tufayli Nosir Xisrav bizga zamondoshdir.

Ey, mardum zodai, bo mardumi bosh,
Chi boshad dev budan, odamy bosh!

Ya’ni:

Ey, inson avlodi sen, insoniylik bilan bo‘l,
Nimadur dev bo‘lish, odamiy bo‘l!

Nosir Xisravning ilm-fanni, insonni, mehnatni, kasb-hunarni ulug‘lovchi, adolatsizlikning har qanday ko‘rinishini qoralovchi merosi so‘nggi avlodlar ma’naviy yuksalishi uchun muhim ozuqa bo‘ldi, u xalqning sevimli shoir va mutafakkiriga aylanib ketdi.

Nosir Xisrav ijodi Markaziy Osiyodan chiqqan donishmand, mutafakkirlar ijodining nihoyatda rang-barang, umuminsoniy bo‘yoqlarga boy ekanligini yana bir bor isbotlaydi.

fals. f.d. M. Boltayev

[1] Shoislom Shomuhamedovning “Fors-tojik adabiyoti klassiklari” kitobidan olindi. T., 1963, 71—72-betlar.

[2] O‘sha kitobdan 80—81-betlar.