Muhammad Shayboniyxon (1451-1510)

Shayboniylar sulolasining asoschisi Muhammad Shayboniyxon hukmdor Abdulxayrxonning nabirasi Shoh Budoqxonning o‘g‘li bo‘lib, u 1451 yil tug‘ilgandir. Bolaligidan uni Muhammad Shoh Baxt (“Shoh baxti”) deb atar edilar. Muhammad Shoh Baxtning otasi Shoh Budoq Sulton erta vafot etgan. Ko‘chmanchi oliy tabaqadagilarning o‘zaro nizolari qurboni bo‘lgan Abdulxayrxon vafotidan so‘ng (1469) uning hokimiyatiga birlashgan qabilalar tarqab ketdi. Dashti Qipchoqning sharqiy qismida g‘alayonli yillar boshlandi. Shayboniyxon hokimiyat uchun kurash olib bordi va bir madaniy markazdan ikkinchi bir madaniy markazga o‘tish chog‘ida ba’zi qal’alarga yurish qildi. Keyinchalik u Samarqandga, Temuriylar saroyiga taklif etildi.

Temuriylar saroyida Shayboniyxon “buyuk xon”ning nabirasi sifatida yaxshi kutib olindi. Temuriy hukmdorlar Shayboniyga umid bilan Dashti Qipchoqda o‘z siyosatlarini amalga oshiruvchi shaxs sifatida qarar edilar. Markaziy Osiyoning madaniy markazlarida ma’rifatli kishilar bilan yaqindan tanishuv Muhammad Shayboniyga ijobiy ta’sir ko‘rsatdi. Ayniqsa, Buxoroda yashagan yillari uning hayotida o‘chmas iz qoldirdi, bu yerda Kur’onni juda yaxshi o‘quvchi qorilardan biri Mavlono Muhammad Xitoyi unga dars bergan.

Shayboniyxon o‘z davrining ma’rifatli kishisi, jasur jangchi bo‘lishi bilan birga mohir sarkarda ham edi. O‘zining she’riy solnomasi — “Shayboniynoma”ni Shayboniyxonga bag‘ishlagan Muhammad Solih, uni harbiy mahoratga ega kishi sifatida ta’riflaydi.

Shayboniyxon Dashti Kipchoqda o‘z davlatini tiklashga muvaffaq bo‘ldi.

Shayboniyxon 1510 yil Marv yaqinidagi Mahmud qshplog‘ida Eron shohi Ismoil Safaviy bilan bo‘lgan jangda halok bo‘ldi. Jang tugaganidan so‘ng uning jasadi askarlar jasadlari orasidan topilgan. Shayboniyxonning vahshiylarcha tanib bo‘lmas holga keltirilgan boshsiz tanasi Samarqanddagi Baland Sufa degan yerga dafn etildi. Hozirda boshqa shayboniylar ham dafn etilgan Sufa Registon maydonida joylashgan bo‘lib, Tillakori va Sherdor madrasalari o‘rtasidagi burchakdadir.

Tarqoq qabilalarni to‘plash va shaharlardagi e’tiborli shaxslardan o‘ziga ittifoqdoshlar yig‘ishdan o‘z faoliyatini boshlagan Muhammad Shayboniyxon qo‘lga kiritilgan qal’alarni mustahkamlash va ularda o‘z hokimiyatini yanada kuchaytirishga katta e’tibor berdi. U harbiy yurishlar va davlat ishlari orasidagi qisqa tanaffuslarda turli fanlar va islomni o‘rganish, tarixiy va she’riy asarlar bitish bilan shug‘ullandi. Shayboniylar davlatiga asos solgan Muhammad Shayboniy o‘z saroyiga ko‘plab tarixchilar, shoirlar, olimlarni jalb etdi. Uning saroyida Kamoliddin Binoiy, Muhammad Solih, Mullo Shodi, Fazlulloh ibn Ruzbehxon kabilar panoh topib, o‘z asarlarini bitdilar. Muhammad Shayboniyxonning Hirotni qo‘lga kiritilgandan so‘ng Kamoliddin Behzod tomonidan chizilgan portreti bizning kunlargacha saqlanib qolgan. Rasmning diqqatga sazovor tomoni xon oldidagi yozuv qurollari bo‘lib, ular hukmdorning ilm-ma’rifatga qiziqqani va yozishni yaxshi ko‘rganligini ko‘rsatadi.

Shayboniyxon tarixni sevgan va tarixiy asarlar yaratilishida ishtirok etgan. So‘nggi yillarda olib borilgan tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, Shayboniyxon o‘zbek (“turk”) tilida bitilgan o‘ziga xos manba — “Tavorixi guzidayi nusratnoma” asarining yozilishida bevosita ishtirok etgan. Bu manbada keltirilgan aniq dalillar bilan tasdiqlanadi.

Hozirda “Tavorixi guzidayi nusratnoma” hamda Shayboniyxon faoliyatiga oid bo‘lgan boshqa tarixiy asarlarning bir manba asosida vujudga kelganligi haqidagi faraz isbotlangan deb aytish mumkin (V. P. Yudin, R. G. Mukminova). Bu hol muallifi noma’lum “Tavorixi guzidayi nusratnoma”, Muhammad Solihning “Shayboniynoma”, Kamoliddin Binoiyning “Shayboniynoma”, Mulla Shodining “Fathnoma” asarlarida bayon etilgan voqealarning o‘xshashligi va ularda keltirilgan bir xil she’rlar, shu jumladan Muhammad Shayboniyga nisbat beriladigan she’rlarning mavjudligi bilan ham tasdiqlanadi. “Tavorixi guzidayi nusratnoma” muallifi noma’lum asardir. Asarning saqlanib qolgan hech bir qo‘lyozmasida (Sankt-Peterburg va Londondagi asosiy qo‘lyozmalardan tashqari, yana qisqartirilgan qo‘lyozma nusxalari ham mavjud) muallifning nomi ko‘rsatilmagan. Sankt-Peterburg qo‘lyozmasi matnida muallifning nomi ko‘rsatilishi lozim bo‘lgan joy bo‘sh qoldirilgan. Shu narsa aniqqi, “Tavorixi guzidayi nusratnoma”ni yozishda Shayboniyxonning o‘zi ishtirok etgan.

Davr talabiga binoan Shayboniyxon turkiy tilidan tashqari fors tilini yaxshi egallagan, she’riyatga qiziqib, o‘zi she’rlar yozgan. Xonning baytlari uning atrofidagi mualliflarning asarlarida keltirgan. Hasanxoja Nisoriy o‘zining “Muzakkir al-ahbob” asarida Shayboniyxonning bayt va g‘azallaridan namunalar keltiradi. Xon haqida yozar ekan u: “yaxshi she’rlari bor edi” deb ta’kidlab shunday deb qayd qiladi: “…Hazrati shayx Najmiddin Kubroning… vafoti tarixini yaxshi aytgan. Tarix:

“Oning ta’rixidur shahi shuhado,

Yana bir alif birla bo‘lur ado”.

Muhammad Solih Muhammad Shayboniyxonning she’riy asarlarini yuqori baholab, uni yuksak ma’lumotli kishi deb ta’riflaydi. Temuriylar jamiyatiga yaqin shoir sifatida tan olinishini istagan Shayboniyxon o‘z she’rlari bitilgan qog‘ozlarni odamlar gavjum bo‘lgan yerlar, bozorlarda osib qo‘yishni buyurgan.

Shayboniyxon Kur’onni yaxshi bilgan va diniy ulamolar bilan suhbat qurishni xush ko‘rgan. Hukmdorning siyosiy raqibi bo‘lgan Zahiriddin Muhammad Bobur ham uning musulmon dini borasida yaxshi bilimga ega ekanligini ko‘rsatib o‘tadi. Muhammad Shayboniyga hamroh va maslakdosh bo‘lgan shaxslar ichida shayxlar, sayyidlar va xojalardan chiqqan bilimdon kishilar eslatib o‘tiladi. Ularning ba’zilari xonga nisbatan “buyuk muhabbat va sadoqat”larini ko‘rsatgan bo‘lib (Xondamir) keyinchalik ham hukmdorning yaqinlaridan bo‘lib qolgandir. Ularning ichida Muhammad Solih tomonidan “olim kishi” deb atalgan Abdurahim sadr alohida imtiyozli o‘rin egallagan edi.

Shayboniyxon islomdagi sunniy yo‘nalishga rioya qilar edi. Xon o‘zini “imom az-zamon va xalif al-rahmon” deb, sunnizmni esa, Eron shohi Ismoil Safaviy tomonidan davlat dini etib tayinlangan shiizmga qarama-qarshi, Shayboniylar davlatining dini deb e’lon qildi.

Muhammad Shayboniy kun tartibiga turli masalalar qo‘yilgan munozaralar o‘tkazar edi. Ularda Movarounnahrning yirik olimlari ishtirok etib, fikrlarini bildirar edilar. Samarqand yaqinidagi Konigilda o‘tkazilgan shunday majlislarning birida urushlar va o‘zaro tortishuvlar natijasida qarovsiz yerlarga aylanib qolgan mulk yerlaridan foydalanish haqida qaror qabul etilgan edi.

Shayboniyxon hukmronligi davrida tarixiy va badiiy adabiyotda o‘zbek tilining mavqei kuchaydi.

Xonning buyrug‘i bilan fors tilidagi va mo‘g‘ul yozuvi bilan bitilgan asarlar turk tiliga tarjima qilingan.

t.f.d. R. G. Mukminova