Muhammad Rahimxon II – Feruz (1845-1910)

Feruz XIX asrning ikkinchi yarmi XX asr boshlaridagi o‘zbek adabiyotida o‘ziga munosib o‘ringa ega bo‘lgan adiblardan biridir. U shoir, musiqashunos, davlat arbobi va feodal hukmdor edi. Feruz, ya’ni Muhammad Rahim 1845 yilda Xivada Said Muhammad oilasida tavallud topdi. U boshlang‘ich ma’lumotini xususiy muallimdan oladi, biroz muddat madrasada tahsil ko‘radi, davlat, huquq ilmini esa unga zamonasining buyuk huquqshunos olimlari o‘rgatadilar.

Ogahiy Muhammad Rahimga ustodlik qildi, unga she’riyat sirlarini o‘rgatdi, tarihdan, tarjima ilmidan saboq berdi. U Al-Xorazmiy, Beruniy, Mahmud Zamaxshariy, Najmiddin Kubro, Pahlavon Mahmud kabi buyuk allomalar haqida dastlab Ogahiydan dars eshitdi. Keyinchalik esa ularning ijodiy meroslarini to‘plashga kirishadi va Pahlavon Mahmud ruboiylaridan bir kitob tartib etadi.

Muhammad Rahim 1863 yilda otasi Said Muhammadxon vafot etgandan keyin uning o‘rniga Xiva xonligi taxtiga o‘tiradi. Bu voqeaga bag‘ishlab shuaro va fuzalolar tarix va qasidalar bitdilar, masnaviylar yaratdilar. Ogahiy tomonidan bitilgan tarix va yozilgan qasida alohida ahamiyat kasb etadi.

Ogahiyning Feruzga bag‘ishlagan qasidasida unga otaning o‘z o‘g‘liga, ustodning shogirdiga bergan nasihatlari, tilak va istaklari, adolatparvarlik va xalqparvarlik niyatlari ifodalangan. Ogahiyning ushbu qasidasi yirik pand-nasihat haqidagi asar bo‘lib, mamlakatni boshqarishda Feruz faoliyatida unga berilgan yo‘l-yo‘riq ham edi. Feruz bu vaqtda endigina o‘n to‘qqiz bahorni ko‘rgan yigit bo‘lib, o‘n yilcha mustaqil ravishda xonlik qildi. Ammo Rusiya imperiyasining Xiva xonligini bosib olishi natijasida, qolgan davrda uning vassali sifatida davlatni boshqardi.

Muhammad Rahim yoshligidan adabiyotga havas qo‘yadi. Alisher Navoiy, Munis, Ogahiy, Komil singari shoirlarning asarlarini qunt bilan o‘rganib, ularga ergashib she’rlar yozdi, yozgan she’rlariga “Feruz” (g‘olib, baxtli, saodatli) deb taxallus qo‘yadi. Ayniqsa, o‘ziga qadar o‘tgan Sharq adabiyoti vakillarini ustod deb bildi.

Ogahiy bilan Feruz o‘rtasida shogird va ustodlik munosabatlari mustahkam edi. Hatto Ogahiy o‘z shogirdi Feruzga ota-o‘g‘ildek munosabatda bo‘ladiki, bu albatta Feruz faoliyatiga ta’sir etmay qolmadi. Feruz bilan bir davrda yashab ijod qilgan olimu shoirlar, uning fuqaroparvar, adolatli va raxmdil shohlardan biri sifatida talqin etadilar.

Feruz saroyiga shoir, tarixnavis, olimu fuzalo, tarjimonu xattot, tabibu sozanda va shunga o‘xshash zamonasining madaniyat arboblarini atrofiga to‘pladi. Feruz fan-madaniyat rivojiga katta ahamiyat berdi. U o‘z atrofiga shoiru sozandalarni to‘plab har haftada g‘azalxonlik, she’rxonlik kechalari tashkil qilgan. Bu haqda Bayoniy bunday yozgan: “Xon hazratlari haftada ikki kun: juma va dushanba oqshomlarida ulamo bila suhbat tuzib, kitobxonlik etdurur erdilar”. Feruzning o‘zi ham she’r yozgan, ashula aytgan va musiqa bastalagan. Buni uning O‘zR FA Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik, H. Sulaymonov nomidagi Ko‘lyozmalar institutlari, Maskov, Sankt-Peterburg shaharlari hamda Britaniya, Frantsiya, Turkiya kabi mamlakatlarning kutubxonalarida saqlanayottan “G‘azaliyoti Feruz”, “Bayozi Feruz”, “Devoni Feruz” asarlari ham tasdiqlaydi.

Feruz she’riyati qo‘lyozma devon va toshbosma bayozlarda bizga to‘liq yetib kelgan deyish mumkin. Beruniy nomli Sharqshunoslik institutida shoirning o‘nga yaqin g‘azal majmualari mavjud. Bundan tashqari uning she’rlari o‘sha vaqtda Xorazmda tuzilgan turli xil bayoz, majmualardan ham o‘rin olgan.

Feruz ijodiga nazar tashlar ekanmiz, unda shoir g‘azaliyotining juda ko‘p qismi ishq-muhabbat mavzuiga bag‘ishlanganligining guvohi bo‘lamiz.

Ishq elin shohiman, vale oshiqining qatorida,
Ushbu xazining ul pari ko‘ziga ilmadi netay.

Shoir insonning insonga bo‘lgan muhabbatini ulug‘ladi va unga har bir insonning eng muhim fazilatlaridan biri deb qaradi. Inson va hayotni, sevgi va sadoqatni o‘z ijodining asosi qilib olgan Feruz sevgini sadoqatsiz, mehrni oqibatsiz tasavvur qila olmaydi. Bular shoir lirikasining yetakchi g‘oyaviy asosini tashkil qiladi. Uning ko‘pchilik g‘azallari o‘z zamonasida sozandalar va go‘yandalar tomonidan kuyga solib kuylanib kelindi. Ular bugungi kunda ham musiqashunoslarimizning diqqatini o‘ziga tortmoqda.

Feruz ijod ahliga g‘amxo‘rlik qildi, ularga maosh tayinladi. Ularning kitoblarini bosib chiqarish uchun qo‘lidan kelgan barcha ishlarni amalga oshirdi. Feruz shoirlarning asarlaridan iborat har xil tazkiralar, bayozlar tuzdirdi. “Haft shuaro”, “Bayozi g‘azaliyot”, “Bayozi muxammasat”, “Bayozi musaddasat” kabi to‘plamlar shular jumlasidandir. Feruzning tashabbusi bilan iste’dodli shoir Ahmadjon Tabibiy “Majmuat ush-shuaroyi Feruzshohiy”, “Muxammasat ush-shuaroyi Feruzshohiy” tazkiralarini tuzdi. Bu majmualar Feruz xonlik qilgan davrda yaratilgan bo‘lib, o‘sha davr adabiy harakatini o‘rganishda qimmatli manba bo‘lib xizmat qiladi.

Feruz xonlik qilgan davrda Xiva davlatining biroz markazlashuvi natijasida ilm-fan, madaniyat va adabiyot rivojlandi. Feruz tashabbusi bilan Xiva shahrida toshbosma tashkil etildi. Unda Feruz farmoni bilan Alisher Navoiyning “Chor devon”, “Xamsa” singari asarlari ilk bor chop etildi. Munis, Ogahiy, Komil, Bayoniy, Mirzo, Avaz O‘tar, Devoniy, Niyoziy, Chokar singari shoirlarning asarlari ko‘plab nusxada bosilib chiqdi. Xorazm shoirlarining asarlaridan tashkil topgan bayoz, tazkira va boshqa xalqlar adabiyotidan qilingan tarjima asarlar ham shu matbaada nashr qilindi. Feruz tarjima qilinishi kerak bo‘lgan asarlarning ro‘yxatini tuzdirib, turli tarjimonlarni bu ishga jalb etgan. Natijada Feruz davrida “Xorazm tarjima” maktabi vujudga keldi. Bu davr tarjimonlari tomonidan o‘zbek tiliga o‘girilgan qator tarixiy, badiiy, ilmiy-falsafiy asarlar madaniyatimizning nodir durdonalari bo‘lib qoldi.

Feruz tarjimonlik, xattotlik, kitobot ishlari, tazkira, majmua va bayozlar yaratish bo‘yicha ham bir muncha ishlarni amalga oshirdi. Tarix, tibbiyot, badiiy adabiyot va muzikaga doir ko‘plab qo‘lyozma manbalar qayta tiklandi hamda yangidan-yangi asarlar vujudga keldi.

Bu ulkan merosni xalqqa yetkazish va uni kitobot qilishda Xorazm kalligraflarining xizmatlari nihoyatda kattadir. Ular o‘zlariga xos uslubda sodda va aniq qilib, nasx, sulx, rayhoniy singari arab xati shaklidan foydalanib yuzlab qo‘lyozma asarlarga sayqal berdilar. Xorazmda bu davrda ko‘chirilgan qo‘lyozmalarning ko‘pchilik qismi adabiyotga oid bo‘lib, ular o‘tmish va zamondosh shoirlarning devon, bayozlari hamda turli xil majmua, tazkiralaridan iborat edi. Bularning barchasi Feruz farmoni asosida amalga oshirildi. Muhammad Rahim soniy — Feruz xonlik qilgan davrda shu tariqa me’morchilik, musiqa, xattotlik, naqqoshlik kabi bir qator san’at turlari rivojlandi. Bu davrda fotografiya va kino san’ati vujudga keddi. Turmushga garmon, grammafon, elektr singari yangiliklar kirib keldi.

Feruz musiqashunos sifatida shoir va bastakor Pahlavon Niyoz Mirzoboshi Komilni Xorazm shashmaqomini tanburga moslab nota yozishga undadi. Komil “Xorazm tanbur notasi” deb yuritiladigan “Tanbur chizig‘i”ni yaratdi. Komildan keyin esa bu ishni uning o‘g‘li Mirzo Feruz talabi asosida Xorazm shashmaqomini yetti maqomda tanburga moslab nota yozdi. Feruzning o‘zi ham bir qancha she’rlarga musiqa bastalagan. Shoir Komilning tashviqi bilan butun shashmaqom kuylarini mukammal o‘rgangan, “Navo”, Segoh” va “Dugoh” maqomlariga bog‘lab kuylar yaratgan edi. Bu kuylar Xorazm musiqachilari orasida mashhurdir.

Muhammad Rahim soniy davrida xonliqda juda ko‘p qurilishlar amalga oshirildi, madrasa, masjid, bog‘lar barpo etildi.

U 1871 yilda Ko‘hna Ark qarshisida o‘z nomiga madrasa qurdirib bitkazadi. Bu madrasa XIX asr me’morchiligidagi eng nodir yodgorliklardan biri bo‘lib, ikki qavatli qilib qurilgandir. Unda mullavachchalarning o‘qishi uchun yozgi va qishki masjid, darsxona va kutubxonalar hamda ularning yashashlari uchun 76 hujra qurilgan. Feruzning bevosita rahbarligi va tashabbusi bilan yigirmadan ortiq madrasa, masjid, minora, xonaqolar quriladi.

Feruz yerlarni suv bilan ta’minlash, bog‘-rog‘lar barpo qilish ishiga ham alohida ahamiyat berdi. Uning buyrug‘iga muvofiq Qo‘ng‘irot tumani sarhadida katta ariq bunyod etildi. Xalq ushbu ariqning qurilishiga Muhammad Rahim soniy rahbarlik qilganligi uchun ariqni uning nomi bilan Xon arig‘i deb atadi. Kalta minor, Amirobod, Saribiy kabi ariqlarning qazilishi va qayta tiklanishi ham Feruz nomi bilan bog‘liqdir. Feruz Angarik, Tozabog‘, Bog‘ishamol va boshqa kanal hamda bog‘larning qurilishiga ham rahbarlik qildi.

Shu bilan birga 47 yilu sakkiz oy-yu, 20 kun Xorazmda hukmronlik qilganligining o‘zi ham uning adolatparvar hukmdor, xalqparvar shoir, ma’rifatparvar buyuk shaxs bo‘lganligidan dalolat beradi.

Davlat arbobi, iste’dodli shoir, zukko musiqashunos va sozanda, ilm-fan homiysi bo‘lgan Muhammad Rahim soniy — Feruz umrining oxirida chap tomoni butunlay shol bo‘lib, falaj kasaliga uchraydi.

Bayoniy Muhammad Rahim soniy janozasida qatnashadi va o‘z ko‘zi bilan ko‘rganlarini, Feruzning tobuti o‘zi qurdirgan madrasaga qo‘yilib, o‘sha yerda janoza o‘qilganligini, Isfandiyor boshliq barcha ulamo, fuzalo va arkoni davlatning hozir bo‘lganligini hikoya qiladi.

Umuman, Feruz xalqimiz tilida, dilida o‘zining qilgan yaxshi va ezgu ishlari, yozgan she’rlari va bastalagan kuylari, qurdirgan imoratlari bilan abadiy qoldi.

prof. N. Qobulov

Maqolalar

Muhammad Rahimxon Feruz she’rlaridan
Ulug‘bek Dolimov. Muhammad Rahimxon Feruz (1845-1910)
O‘zbek ziyolilari: Muhammad Rahimxon Feruz (1845-1910)
Anbara Otamurodova. Otaniyozovning otasi — shoir, xattot va mudarris (2009)
Muxammad Raxim-xan Feruz (na russkom yazыke)
Feruz (Muhammad Rahimhon II) (in English)

Feruz haqida kitoblar

Davlatyor Rahim, Shixnazar Matrasul, Nusratulla Jumaxo‘ja. Feruz

Feruz kitoblari

Muhammad Rahimxon Feruz. Elga shohu ishqqa qul
Muhammad Rahimxon Feruz. Ne bo‘ldi yorim kelmadi