Komil Xorazmiy (1825-1899)

Komil Xorazmiy XIX asrda yashab ijod etgan ma’rifatpavrar shoir, san’atkor, xattot, davlat arbobi, o‘z davri ilg‘or madaniyatining mashhur vakillaridan biridir. Komil — shoirning adabiy taxallusi bo‘lib, uning asl nomi Pahlavon Niyoz Muhammaddir. Pahlavon Niyoz Muhammad 1825 yilda Xivada mudarris Abdulla Oxun oilasida tug‘ildi. U dastlabki saboqlarni mahalla masjidi qoshidagi maktabdan, so‘ng o‘z otasidan oldi. Abdulla Oxun o‘g‘liga arab, fors tillarini o‘rgatdi va adabiyotga havas uyg‘otdi. Komil mahalla maktabini tamomlagach, Xiva shahridagi madrasalardan birida tahsil ko‘radi. U mumtoz adabiyot vakillarining ijodini zo‘r havas bilan o‘rganadi. Navoiyni o‘ziga ustoz bilib, unga taqlidan she’rlar yoza boshlaydi va tez orada mashhur shoir bo‘lib yetishdi. U musiqa va xattotlik san’atini ham madrasada o‘qib yurgan davrida o‘rgangan edi.

Komildagi iste’dodni ko‘rgan Xiva hukmdori Said Muhammad (1856—1865) uni saroyga tortadi va u xon saroyida xattot, Muhammad Rahim II — Feruz (1865—1910) davrida esa mirzaboshi va devonbegilik lavozimlarida xizmat qiladi.

Komil o‘z asarlarida an’anaviy ishq-muhabbat, may-muhbub, ma’rifatparvarlik, tinch-totuv yashash g‘oyalarini targ‘ib qiladi. Ammo shoir ijodida ma’rifatparvarlik g‘oyalari yetakchi o‘rinni egalladi. Bunga shoirning “Kamol”, “Dar bayoni ta’rifi va tavsifi Toshkand”, “Tillo soat” kabi asarlari yaqqol misol bo‘ladi. Komil 1891 yil sentyabr oyida Peterburgga borayotib Toshkentda to‘xtab “Turkiston viloyatining gazeti” tahririyatining iltimosi bilan “Toshkent” deb nomlangan qasida yozadi. Uning bu qasidasi o‘zbek adabiyotida yangi ijtimoiy taraqqiyotni aks ettirgan yirik she’riy asardir.

Peterburg, Maskov, Toshkent kabi shaharlarni tomosha qilish, xalq ahvoli bilan tanishish shoir qalbidagi vatanparvarlik hissini yanada kuchaytirdi. Vatan taqdiri va uning kelajagi shoirga tinchlik bermadi. Shuning uchun ham shoir o‘z she’rlaridan birida:

Ne sud ochilsa gul, o‘lsa bahor g‘urbat aro,
Mengaki bo‘lmasa yoru diyor g‘urbat aro,
Ochilmadi chamaniston havomidin ko‘nglum,
Ko‘zimga gul erur andoqki, xor g‘urbat aro.
Chiqay Vatan sadafidin dema guhar yanglig‘,
Garchi bo‘lsa senga e’tibor, g‘urbat aro, —

deb o‘z elida, diyorida turib o‘zini g‘urbatda his qiladi.

Komil birinchi bo‘lib o‘zbek nota yozuvini ixtiro qildi. Feruzning farmoni bilan “Tanbur chiziqlari” deb ataluvchi Xorazm notasini yaratdi va “Rost” maqomining bosh qismini notaga tushirdi. Komilning “Rost” maqomiga bog‘langan “Murabbai Komil”, “Peshravi Feruz” singari kuylari notaga yozilgani holda hozirgacha saqlanmoqda va xonanda, sozandalar tomonidan kuylanmoqda.

Shoirning bu ishini o‘g‘li Muhammadrasul Mirzo davom ettirib, Xorazm maqom kuylari uchun nota asosida musiqa yaratdi. Taniqli kompozitor Matniyoz Yusupov esa besh tomlik Xorazm maqomlari kitobini nashrdan chiqardi va keng o‘quvchilar ommasiga taqdim qildi.

Komilning madaniy-adabiy merosi xilma-xil va boydir. Ularning ko‘pchiligini an’anaviy sevgi-muhabbat mavzusi tashkil qiladi. Bu mavzuda ko‘p asarlar yozilgan bo‘lsa ham, shoir unga o‘zining yangi she’ru dostonlari bilan munosib ulush qo‘shdi. Xususan shoirning:

Yig‘latur oshuqlaring la’li labing xandasi,
Tubiyu shamshod erur sarv qadding bandasi,
Husnu jamol avjining mehri duraxshandasi,
Ko‘rsa mehr orazing, bo‘lg‘usi sharmandasi,
So‘yla mango ey sanam, kimni sevar yorisan?

kabi otashin satrlari kishini beixtiyor maftun etadi, uni o‘ylashga, fikrlashga undaydi. Misol uchun: “Yig‘latur oshuqlaring la’li labing xandasi”. Ajab, nima uchun oshiqni ma’shuqaning labini xandasi yig‘latadi? Chunki oshiq sevgilisining vasliga yetolmaydi. U hijron azobida o‘rtanadi. Ma’shuqa esa uning bu ahvolini labda xanda bilan tomosha qilib turadi. Ma’shuqa jafo qilsa ham oshiq undan nari ketaolmaydi. Negaki ma’shuqa benihoya go‘zal. Uning qomatiga tubiyu shamshod banda, gulgun yuzidan quyosh sharmanda. Qarang, shoir bir necha misraga qancha ma’noni jo qilgan. Navoiy, Munis, Ogahiy kabi shoirlarning ijodi Komil uchun adabiy maktab bo‘ldi. U o‘z salaflari ijodini chuqur o‘rgandi. Ularning asarlarida kuylangan insonparvarlik, adolatparvarlik g‘oyalaridan ijodiy foydalandi. Shuning uchun shoir ijodida xalqchillik g‘oyasi alohida o‘rin egalladi. Bu g‘oya Komil asarlarining mag‘z-mag‘ziga singib ketgan.

Komil yashagan davrda Xiva xonligi Rus chorizmining vassali bo‘lib, xalq turmushi nihoyatda ayanchli ahvolda edi. Zulm va zo‘rliklarni o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan shoir mehnatkash xalq hayotiga achindi, uni yengillashtirish choralarini izladi. Ammo topolmadi. Shuning uchun u xon va uning amaddorlarini insof va adolatga, mehr-shafqatga da’vat etdi:

…Gar oltnn qasr esa johing, ulus holiga rahm etgil,
Sendek necha shahanshohni o‘tkardi bu ayvon…

Komil o‘zbek mumtoz adabiyotining eng yaxshi an’analarini davom ettirdi, ijodiy rivojlantirdi. Shuning uchun uning ko‘pgina asarlarida hukmron tabaqalarning johilligi, munofiqligi, shafqatsizligi fosh etilgan. Bunga shoirning “Tama’”, “Ro‘za”, “Mullo-imom” kabi she’rlari yorqin misol bo‘ladi.

Komil fors tilini ham yaxshi bilardi. Xiva xonligidagi adolatsizlik, jabr-zulmni turmush illatlarini fosh qilishda fors tilvdan ham unumli foydlandi. Shoirning “Alg‘iyos”, “Zi bedodi gardun”, “Dod az dasti charxi dun” matla’i bilan boshlanadigan g‘azallari isyonkorlik ruhi bilan yo‘g‘rilgan. Komil odamlarni ezgulikka da’vat etadi. Yomonlik qilishdan, qabohatdan nari yurishga chaqiradi. “Kim kimga choh qazisa o‘zi shu chohga yiqiladi” degan fikrni ilgari suradi:

Birovni yoqsa kishi yongay o‘zi ham ul o‘tda,
Ki sham’ o‘rtadi parvonalarni topdi gudoz.

Komil mohir xattot edi. U ko‘pgina badiiy asarlarni va devonlarni chiroyli qilib ko‘chirdi. Ko‘plab xattotlar yetishtirib chiqardi. Ustod Muhammad Panoh, Xudoybergan Muhrikon, Sharif Tarro devon, Matyoqub Xarrot devonlar shular jumlasidandir. Komil Xorazmiy va uning shogirdlari tomonidan ko‘chirilgan devonlar jahonning bir qancha mamlakatlari kutubxonalari fondlarida ko‘z qorachig‘idek saqlanmoqda.

Komil Xorazmiy xattot bo‘lish bilan birga mohir tarjimon ham edi. U XVIII asrda yashab o‘tgan Barxo‘rdor bin Mahmud turkman Mumtozning “Mahbub ul-qulub” asarini tarjima qilgan. Asar nasriy yo‘lda yozilgan bo‘lib, kichik-kichik hikoya va latifalarni o‘z ichiga olgan.

Faxriddin Ali Safiyning “Latoif at-tavoyib” (“Turli toifalarning latifalari”) asarini tarjimasi ham Komil Xorazmiy qalamiga mansubdir. Kitobdan Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiy va boshqa mashhur kishilar haqidagi hikoya va latifalar o‘rin olgan.

Komil Xorazmiy bu asarlarni tarjima qilish bilan birga ularga ayrim o‘zgarishlar ham kiritgan, ba’zi hikoyalarni qayta ishlagan, kitobning uslubini o‘z davridagi kitobxonlarning did va saviyasiga moslashtirgan.

Bir so‘z bilan aytganda Komil Xorazmiy o‘zbek mumtoz adabiyotining eng yaxshi an’analarini davom ettirdi va ilg‘or adabiyot rivojiga katta hissa qo‘shdi.

F. Qobulov

Maqolalar

Komil Xorazmiy she’riyatidan
Begali Qosimov, Sharif Yusupov. Komil Xorazmiy (1825-1897)
O‘zbek ziyolilari: Komil Xorazmiy (1825-1899)
Anbara Otamurodova, Ollonazar Abdurahimov. Komil Xorazmiy Matniyoz devonbegi emas (2011)
Otanazar Matyoqubov. Yana “Xorazm tanbur chizg‘ilari” haqida

Kitoblar

Komil Xorazmiy. Devon
Komil Xorazmiy. Tanlangan asarlar