Ismoil Jurjoniy (1042-1136)

Zayniddin Abul Fazoyil Ismoil ibn Husayn al-Jurjoniy al-Xorazmiy ulug‘ olim va zamonasining eng mashhur tabiblaridan biri hisoblanar edi.

XII asrning mashhur tarixchisi Zahiriddin Abul Hasan Bayhaqiy o‘zining “Tatima sifon al-hikma” (“Donolik xazinasiga qo‘shimcha”) asarida Ismoil Jurjoniy haqida shunday yozadi: “Men u kishini 531 hijriy (1136 milodiy) yilda Saraxsda keksalik chog‘larida ko‘rgan edim. Yer yuzining adolatpesha hukmdori Xorazmshoh Otsiz ibn Muhammad uni bir necha muddatga Xorazmga taklif etgan edi. Xorazmda bo‘lgan vaqtida u “Al-Xuffayi al-a’loiy” (“Poyalarning yuqori qismi”), “At-Tibb al-mulukiy”, “Kitob az-zahiraye Xorazmshohiy”, “Kitob al-ahrod” (“Hasad tufayli kelib chiqadigan kasalliklar”), “Kitob yodgor” (“Esdalik kitobi”), “Kitob fi rad alal falosafa” (“Faylasuflarga qarshi raddiya kitobi”), qozi Abu Said Shori’iyga bag‘ishlab “Kitob tadbir yaum va laylat” (“Kecha bilan kunduzning almashinishi haqida kitob”), “Kitob vasiyatnoma” va boshqa tabobat hamda falsafaga doir asarlar yozdi. Uning yozgan asarlari sevib o‘qilganidan tez orada jahonga mashhur bo‘ldi. Muhtaram kishilardan eshitishimcha, u kishi ochiq chehrali, xushmuomala, tabiatan saxovatli shaxs ekanlar” (172-bet).

Ismoil Jurjoniy 1042 yilda Jurjon shahrida tug‘ilgan bo‘lsa ham, umrining ko‘p qismini Xorazmda o‘tkazganligidan Zayniddin Abul Fazoyil Ismoil ibn Husayn al-Jurjoniy al-Xorazmiy deb ulug‘lanar edi.

Jurjoniy Xorazmshoh Qutbiddin Muhammad ibn Anushtagin (1097—1127) va uning o‘g‘li Alouddavla Otsiz (1127—1156) saroyida xizmat qildi. Jurjoniy o‘z davrida qadimgi yunon tabobati vakillari Galen, Gippokrat, shuningdek, o‘zidan oldin o‘tgan Abu Bakr Roziy va ayniqsa, ibn Sino asarlarini chuqur o‘rgandi.

Tabobat ilmidan tashqari boshqa ilm sohalarida ham mashhur bo‘lganligidan unga oyiga ming dinordan maosh tayin qilingan edi. Ismoil Jurjoniy o‘zining tabobatga bag‘ishlangan eng yirik asari “Zahiraye Xorazmshohiy”ni 1110 yilda yozib tugatdi va uni Xorazmshoh Kutbiddinga bag‘ishladi. Otsizning buyrug‘iga ko‘ra, bu asarning qisqartirilgan nusxasini 1113 yilda “Al-Xuffayi al-A’loiy” nomi bilan yozib tugatdi. Asar hammaga tushunarli fors tilida yozilgan bo‘lib, harbiy yurishlar va sayohatlarda ham har kim etigi qo‘njiga solib yurishiga (etigxuff) qulaylik yaratish maqsadida shunday qilindi.

“Zahiraye Xorazmshohiy” o‘n kitobdan iborat bo‘lib, keyinchalik unga “Dorisozlikka oid kitob” (“Qorabodin”) qo‘shildi.

Ismoil ibn Hasan Jurjoniyning “Zubdatut tib” asari qo‘lyozmasi

Birinchi kitob umumiy nazariy masalalarga bag‘ishlangan bo‘lib, unda tabiat va koinot haqidagi qarashlar bayon etiladi. Inson organizmining birlamchi a’zolarini tashkil etgan unsurlar, mijoz, to‘rt suyuqlik, badanning har bir qismining nimalarga qodirligi haqidagi ta’limot va shu munosabat bilan tabobatning fan sifatidagi vazifalari haqida gapiriladi.

Ikkinchi kitobda sog‘liq va kasalliklar haqidagi ta’limot, ularning turlari, namoyon bo‘lish belgilari, tomir urishiga qarab kasallikni aniqlash to‘g‘risida so‘z yuritiladi.

Uchinchi kitob sog‘liqni saqlash, bunda atrof-muhitning ta’siriga, ya’ni havo, maskan, suv, oziq-ovqat, ichimlik, uyqu, bedorlik, harakat va osoyishtalikka bag‘ishlangan. Bu kitobda bolalar, qariyalar, safardagilar uchun alohida-alohida qoidalar bayon etilgan.

To‘rtinchi kitobda kasallikni kanday kechishi mumkinligini belgilash, qaysi paytlarda eng og‘ir holatlarga tushib qolish, ulardan qutulish muammolari haqida gap boradi.

Beshinchi kitobda bezgak kasalining paydo bo‘lish sabablari, uning belgilari, davolash tarzi bayon etilgan.

Oltinchi kitobda inson a’zoyi badanining har xil joylarida paydo bo‘ladigan kasalliklar, ularni davolash usullari tahlil etilgan.

Ettinchi kitob rak kasalliklariga, yaralar, shishlar, suyak chiqishlari va sinishlariga bag‘ishlangan.

Sakkizinchi kitobda pardoz-andozlar, o‘ziga oro berishlar haqida gap boradi.

To‘qqizinchi kitobda zaharlar va unga qarshi davolash usullari haqida hikoya qilinadi.

O‘ninchi kitob davosizlikka bag‘ishlangan. “Zahiraye Xorazmshohiy” o‘z vaqtida omma orasida keng tarqalgan tabobat sohasidagi eng mashhur asar bo‘lganligidan jahon kutubxonalarining ko‘pchiligida uning qo‘lyozmalari hamon saqlanib kelinmoqda. XII asr muallifi vatandoshimiz Aruziy Samarqandiy bu asarni buyuk olimlar Jolinus, Roziy, ibn Sino va boshqalarning shu sohadagi kitoblari qatoriga qo‘ygan. Bu asar hatto yahudiy tiliga tarjima qilingan edi. XVI asrda esa Abul Fadl Muhammad ibn Idris Daftariy uni turk tiliga tarjima qilgan.

Ma’lumki, Sharq olimlarigina emas, balki XVIII asr oxirigacha yashagan Ovro‘po olimlari ham barcha borliqning asosida to‘rt unsur, ya’ni tuproq, suv, havo va olov yotadi deb bilishgan. Ismoil Jurjoniy ham inson tanasi mazkur to‘rt unsurdan tashkil topganini, u sababsiz kasallikka chalinmasligini qayd etadi. Kasallik sababi esa, yuqorida zikr etilgan bir-biriga qarama-qarshi bo‘lgan to‘rt unsur muvozanatining buzilishindan kelib chiqadi. Shuning uchun ham Jurjoniy tabobatni malaka hosil qilish yo‘li bilan qo‘lga kiritiladigan fan deb hisoblaydi.

Ismoil Jurjoniy fikricha, isbot va tafakkur vositasida hosil qilingan narsa ilm deb ataladi. Ilm ham o‘z navbatida ikki xil bo‘ladi: nazariy va amaliy. Nazariy ilmlarga adabiyot, mantiq, riyoziyot kirsa, amaliy ilmlar o‘z ichiga mexanika, tikuvchilik va boshqa qo‘l ishlari, hunarmandchilikni qamrab oladi. “Tabobat ilmi esa, ayni holda ham nazariy va ham amaliy ilmlardan tashkil topadi”. Tabobat ilmidan kuzatilgan maqsad tanani butunliqda — sog‘lomliqda ushlab turishga tibbiy tadbirlar qo‘llash yo‘li bilan erishmoqdir. Bunday holat bemor kishilarning va ularni davolovchi tabiblarning vujudga kelishiga sabab bo‘ladi. Tabiblar esa, tabiatning barcha siru asroridan boxabar bo‘lishlari lozim.

Ma’lumki, tabiatning eng buyuk mo‘jizasi — bu insondir. Shuning uchun ham bu mo‘jizaning nimadan tarkib topganini bilish — uni davolashning kalitidir.

Ismoil Jurjoniy fiqricha, hayvonot olamining ham o‘z mizoji bor, ammo insondagi mizojgina mo‘tadildir. Bunday natijaga Ovro‘po olimlari XIX asrning oxirlari va XX asrning boshlaridagina erishdilar. Ular butun inson badanida bo‘ladigan kimyoviy jarayonlar, uning ona qornida paydo bo‘lishidan boshlangan o‘zgarishlar, tug‘ilgandan keyingi hayotiy yo‘li: chaqaloqligi, o‘spirinligi, yoshligi, keksaligi, qarilik va o‘lim bilan yakunlanadigan hayotiy bosqichlaridagi har bir hujayralarning paydo bo‘lishi, zavolga yuz tutishi, bir tomondan asab tizimining daholati sababli yuz bersa, ikkinchi tomondan, badan a’zolariga ma’lum mijoz (temperament)ga ega bo‘lgan harmonlarning aralashishi oqibatida yuz berishini aniqladilar. Harmonlarning kishi jismiga, ruhiyatiga tasiri oshkora bilinib turadi.

G‘ariza (instinkt) va hayajon, fe’lu atvor va mizojlar harmonlar ta’siri vositasida namoyon bo‘ladi. Hozirgi paytda issiq, sovuq, nam va quruq mizojli insonlarning bo‘lishligi ishonchli dalillarga asoslangan ilmiy haqiqat sifatida tan olingan. Chunki ularning manbai asab tizimi, ichki harmonlar amaliyotida ekanligi isbotlangan.

Ismoil Jurjoniy kishilar mizoji ularning umrlari davomida o‘zgarib turishligini va o‘limining tabiiyligini ilmiy jihatdan sodda va ravon tilda tushuntirdi. Insonlar umrini u to‘rt davrga bo‘ladi:

Birinchi davr — tug‘ilish, o‘sish va parvarishlash bosqichi bo‘lib, 15—16 yoshgacha bo‘lgan vaqtni o‘z ichiga oladi.

Ikkinchi davr — yoshlik va yetuklik boskichi bo‘lib, 30 yoshgacha bo‘lgan vaqtni o‘z ichiga oladi. Bundan keyin jismonan o‘sish va ulg‘ayish davri boshlanadi. Ba’zilarda o‘sish va ulg‘ayish yoshi 35 yoki 40 yoshgacha ham davom etishi, shu yoshgacha bo‘lgan umrni yoshlik davri deb hisoblash mumkin.

Uchinchi davr — mo‘ysafidlik bosqichi, bu davrda inson to 60 yoshga yetguncha yoshlik quvvatidan bahra olib yashashi mumkin bo‘ladi.

To‘rtinchi davr — kishi umrining qarilik davri bo‘lib, bunda quvvatning susayish holati kuzatiladi va bu jarayon umrning oxi-rigacha davom etadi. Qarilikning fazilati shundaki, ba’zilar 60 yosh yashaydi, ba’zilar esa yana o‘spirinlik, yoshlik va mo‘ysafidlik yillari qancha davom etgan bo‘lsa, o‘shanga teng keladigan vaqtgacha yashab, 120 yoshga kirishi mumkin.

Kishilar bolalik davrlaridan to yetuklik yoshiga yetgunlariga qadar issiq va nam mizojga, yetuklik yoshidan so‘ng esa issiq va quruq mizojga ega bo‘ladilar; 35 yoshdan keyin bunday holat kamayadi.

Ismoil Jurjoniyning koinot va inson haqidagi ilmiy mulohazalari voqelikdan olingan manbalar asosida shakllangan bo‘lib, u insonning tabiiy ehtiyojlari cheksizligidan kelib chiqadi va ularni qondirishni aqliy yo‘l bilan chegaralashni yagona chora sifatida targ‘ib etadi.

Uning fikricha, haqiqiy lazzat jismoniy huzur-halovatda, to‘kin-sochin hayot kechirishda emas, balki akdiy va ma’naviy kamolotga erishishdadir. Narigi dunyodagi behisht, jannat huzur-halovatlarini ruhiy, aqliy orom olishlikda deb tushunadi. “Zahiraye Xorazmshohiy” asarini tugatgandan so‘ng Jurjoniy Marv shahriga keladi. Bu paytda Marv shahri Sulton Sanjarning poytaxti hisoblanar edi. Sulton Sanjar unga katta iltifot va izzat-ikrom qo‘rsatganligi sababli Jurjoniy umrining oxirigacha shu yerda yashadi. Bu yerda hadis ilmida Abul Qosim Qushayriy bilan muloqatda bo‘ldi, tabobat sohasida esa mashhur tabib ibn Abi Sodiq bilan hamkorlik qildi. Bundan tashkari Iroq, Fors va Xuziston tabiblari bilan, ibn Sinoning ba’zi shogirdlari bilan hamsuhbat bo‘ldi. Umrining oxirigacha Marv madrasalarida bir necha fanlardan dars berdi. Yoqut Hamaviyning “Mujam ul-buldon” asarida keltirilishicha, Ismoil Jurjoniy Marvda hijriy 531 (1136) yilda vafot etdi.

Ismoil Jurjoniyning ilmiy merosidan foydalanish keyingi asrlarda ham samarali davom etdi.

fals. f.n. M. Qodirov