Sulton Husayn Amir Temurning evarasi bo‘lib, 1438 yil iyul (hijriy 842 yil, muharram) oyida Hirotning sharqi-shimolidagi Davlatxona saroyida dunyoga kelgan. Uning otasi G‘iyosiddin Mansur Boyqaro Mirzoning uchinchi o‘g‘li edi. Boyqaro Mirzoning otasi esa Amir Temurning ikkinchi o‘g‘li Umar Shayx (1356—1394), onasi Feruza begim esa ota tomonidan Amir Temurning katta qizi O‘gi Begi xonimning o‘g‘li Sulton Husayn Mirzoning qizi bo‘lib, Feruza begimning onasi Qutlug‘ Sulton begim esa Amir Temurning uchinchi o‘g‘li Mironshoh Mirzoning (1366—1408) qizi edi. Darhaqiqat, Husayn Boyqaro Zahiriddin Muhammad Bobur ta’riflaganidek, “Karim ut-tarafayn”, ya’ni har ikki tomondan ham nasabi Amir Temur Ko‘ragonga borib tutashadi.
Husaynning otasi G‘iyosiddin Mansur 1445 yilda vafot etgach, Husayn 14 yoshigacha maktabda ta’lim oladi va shu maktabda yosh Alisher bilan do‘stlashadi.
1452 yilda yosh Husayn Hirot hukmdori Abulqosim Bobur saroyiga xizmatga kiradi. 1457 yili Abulqosim Bobur vafotidan so‘ng, Husayn Mirzo saroyni tark etib, Marv hukmdori Sanjar Mirzo Marviy saroyiga xizmatga o‘tgach, hukmdor o‘z qizi — 15 yoshli Beka Sultonni unga nikohlab beradi. Biroq, qaynata bilan kuyov o‘rta-siga sovuqchilik tushib, saroydan ketishga majbur bo‘ladi. Shundan so‘ng Husayn Mirzo o‘n yildan ko‘proq vaqt davomida Xorazm, Xuroson, Astrobod, Mozandaron va Jurjon oralig‘ida sargardonliqda umr kechirdi. Bu davr mobaynida Temuriy shahzodalarning toju-taxt uchun olib borgan o‘zaro urushlarida Husayn Mirzo ham faol qatnashib, Hirot hukmdori Sulton Abusayyid Mirzo (1424—1469) halokatidan so‘ng, 1469 yil 24 mart, juma kuni Husayn Mirzo tantana bilan Hirotga kirib keldi va o‘sha kuni Jome’ masjidida uning nomiga xutba o‘qildi.
Tarixiy manbalardan shu narsa mu’lumki, Sulton Husayn Boyqaro Temuriy shahzodalar orasida jasoratli, mard, odil va tadbirkor saltanat sohibi bo‘lgan. U hukmronlik qilgan davrda Xuroson fuqarolari birmuncha osoyishta va farovon hayot kechirgan. Ayniqsa, uning vaziri Alisher Navoiyning sa’y-harakatlari natijasi o‘laroq, mamlakatda yirik suv inshootlari, ma’muriy va madaniy qurilishlar, madrasa, masjid, karvonsaroy, rabotlar, ko‘priklar va shu kabi qurilish ishlari keng ko‘lamda olib borilgan. Shu bois Sulton Husayn Boyqaroning hukmronlik davrida Hirot fan va madaniyat markaziga aylangan edi. Bu davrda ilmu fanning barcha jabhalarida qalam tebratgan bilimdon olimlar, so‘z ustalari, adiblar, shoirlar, musiqashunoslar, hunarmand naqqoshlar va musavvirlar Hirotning dovrug‘ini jahonga mashhur qilganlar.
Sulton Husayn Boyqaro Xuroson muzofotida, ayniqsa, Hirotda diniy va madaniy-maishiy binolarni ko‘plab qurdirdi. Bu qurilishlarning asosiy mutasaddisi sifatida Alisher Navoiyni ko‘rsatish joizdir. Shuningdek, shahanshohning yaqin kishilari hamda bek va amirlari o‘z nomlarini abadiylashtirish maqsadida masjid, madrasa, rabot, ko‘prik, hammom va shunga o‘xshash qurilishlar bilan shahar ko‘rkini yanada jilolantirganlar. Chunonchi, Sulton Husayn Boyqaro Gozurgoh yaqinida o‘z nomiga madrasa, Hirot tashqarisida “Bog‘i bayt ul-imon” va “Bog‘i xamsa oroyi” bog‘larini barpo etgan. Sulton Badiuzzamon Mirzo nomi bilan ataluvchi “Madrasayi Badi’a” ham Sulton Husayn Boyqaro davrining ulkan obidalaridan biridir. Bu davrda ta’mirlangan Jome’ masjidi ulkan binolardan bo‘lib, 403 gumbazi, 130 ravoqi va 44 ustuni bo‘lgan.
Shuningdek, Alisher Navoiy ham o‘z hisobidan bir necha madaniy-maishiy binolar, chunonchi “Safoiya” nomli hammom va “Shifoiya” nomli kasalxona qurdirgan.
Tarixchi Xondamirning yozishicha, Xurosonda qirqqa yaqin yirik inshootlar Sulton Husayn Boyqaro davrida vujudga kelgan va Hirotga atrof-tevarakdan olimlar, shoirlar, adiblar, rassomlar, xattotlar, musiqachilar va boshqa har xil hunar ahllari kirib kela boshlagan. Jumladan, o‘sha davrda tabib Husayn Jarroh ichakni kesib davolashda chumolidan foydalanish usulini ixtiro qilgan. Ustod Sayyid Ahmad g‘ijjak, Ustod Shohquli g‘ijjak, Ustod Qul Muhammad udiy, Ustod Husayn udiy, Ustod Shayx Foniy noilar Xurosonda nom chiqargan yetuk musiqashunos allomalardan bo‘lgan. Naqqoshlik va xattotlik sohasida Xoja Mirak naqqosh, Mavlono Xoja Muhammad naqqosh va buyuk iste’dod sohibi Ustod Kamoliddin Behzodlar o‘z mahoratlari bilan Xuroson faxri hisoblangan.
Zahiriddin Muhammad Bobur Husayn Boyqaro zamonidagi olimlar, fozil va shoirlar haqida gapirib, ularning hammasini saromadi Mavlono Abdurahmon Jomiy, shuningdek, Shayxim Suhayliy, Husayn Ali Tufayliy, Osafiy, Binoiy, Sayfi Buxoriy, Mir Husayn Muammoiy, Mullo Muhammad Badaxshiy, Yusuf Badiiy, Ohiy, Shoh Husayn Koshiy, Hiloliy Ahliy, Muhammad Solih va boshqalar haqida qisqacha to‘xtalib o‘tadi. Alisher Navoiyning ta’kidlashicha esa Husayn Boyqaro qadimgi turk tilining taqdiriga befarq bo‘lmay, uning rivoji uchun qator chora-tadbirlarni amalga oshirgan. O‘sha davr adabiy muhitining ba’zi bir “mo‘tabar” namoyandalari nazarida turk tili tahqirlanib, mazkur tilda ijod etish, ijodkorning iste’dodsizligini bildiruvchi nuqsonlardan biri deb hisoblangan. Binobarin, arab va fors tillariga e’tibor berilib, turk tili kamsitilgan. Ana shunday sharoitda Husayn Boyqaro yozuvda turk tilini iste’molga kiritish borasida maxsus farmon bergan. Bu dadil qadam mamlakatning siyosiy, ijtimoiy va madaniy hayotida katta voqea bo‘lgani shubhasiz.
Husayn Boyqaro fors va turkiy tillarida g‘azal bitish iktidoriga ega bo‘lsa-da, asosan turk tilida “Husayniy” taxallusi bilan ijod etgan. Uning ta’bi nazmi haqida Alisher Navoiy “Majolis un-nafois” asarida shunday yozadi: “Ul xazratning xo‘b ash’ori va marg‘ub abyoti bag‘oyat ko‘pdur va devon ham murattab bo‘lubtur”.
Sulton Husayn Boyqaro Xuroson hududini ichki va tashqi dushmandan tozalagach, beg‘amlikka, ayshu-ishratga beriladi. Hukmdorning so‘ngti yillari mamlakat ichida vujudga kelgan isyonlarni bostirish bilan o‘tadi. Bu isyonlar o‘z o‘g‘illari tarafidan mulk talashib, ko‘tarilgan nizo va mojarolardan iborat edi. Ammo shunga karamay, u qo‘lidan kelganicha mamlakatda adolat va osoyishtalikni, ilm-ma’rifat va madaniyatni ravnaq toptirishga harakat qilgan. 1506 yil bahorida Sulton Husayn Boyqaro xastaligiga qaramay Xuroson qo‘shinini yig‘ib, Muhammad Shayboniyxonga qarshi Movarounnahr hududiga qarab yo‘l oladi. Shahanshoh Bobo Ilohiy mavzeiga yetganda, ahvoli og‘irlashib, qo‘shinni to‘xtatishga qaror qiladi. 1506 yil 5 may, dushanba kuni kechqurun saltanat sohibi Abulg‘oziy Sulton Husayn Mirzo Boyqaro saktayi qalb (apopleksiya) kasali bilan 69 yoshida olamdan o‘tadi.
t.f.n. T. Fayziyev