Temur va temuriylar davrida yashab ijod etgan allomalardan biri Fasih Ahmad Jaloliddin Muhammad Xavofiy 1375 yilning 28 sentyabrida Hirotda tug‘ilib, shu yerda ta’lim-tarbiya olgandan so‘ng, 1405 yili davlat ishlari bilan Samarqandga jo‘natilgach, 1415 yilgacha nufuzli amirlardan Alouddin Ali Tarxon, keyin Shohrux Mirzo saroyida xizmat qilgan. Hayotining so‘nggi yillarida Shohruxning o‘g‘li Boysunqur Bahodirxon saroyida devonlik mansabiga tayinlangan. Biroq ko‘p vaqt o‘tmay Temuriylar saroyidagi xizmatdan butunlay chetlashtirilgan va bizga ma’lum bo‘lgan birdan-bir asari “Mujma ut-tavorix” (“Tarixiy sanalar yig‘indisi”)ni yozishga kirishgan. (Bu asar “Mujmai Fasihiy” ham deb yuritilgan).
Garchi Xavofiy ushbu to‘plamni saroy ishlaridan chetlatilgandan keyin, ya’ni 1433—1442 yillarda tuzgan bo‘lsa-da, biroq kitob debochasidagi yozuvda asardagi ma’lumotlarni muallif ilgariroq, tarixiy kitoblarni o‘qib yurgan kezlarida qisqa-qisqa tarzda qalamga olib yurgan. “Bu nusxani, — deydi muallif debochada, — uzoq yillar davomida ulug‘larning tarixlaridan va salaflarning kitoblaridan jamladim”.
“Mujma ut-tavorix” bizning davrgacha kam nusxada yetib kelgan. Shunday asar mavjudligi haqida faqat XIX asr oxirlaridagina ilmiy adabiyotda qisqacha ma’lumotlar keltirilgan. Bu asar V. V. Bartold, E. Braun, V. Rozen, Dorn, X. Raverti singari olimlar e’tiborini tortgan edi. Kitob muqaddima, ikqi maqola va xotimadan iborat bo‘lib, muqaddima Odam Atodan tortib Muhammad payg‘ambarning tavalludigacha (570—580) bo‘lgan tarixni o‘z ichiga oladi.
Birinchi maqola “Muqaddima”ning bevosita davomi bo‘lib, “Payg‘ambarning 53 yoshigacha, ya’ni uning Makkadan Madinaga qilgan hijratiga (622 yil) qadar bo‘lgan tarixdan hikoya qiladi. Asarning asosiy va katta qismi ikkinchi maqola bo‘lib, 622 yildan 1442 yilgacha bo‘lgan voqealar sharhidan iborat.
Bizga ma’lum boshqa qo‘lyozma nusxalarda xotima uchramaydi. Bu qism muallif vatani bo‘lmish Hirot shahri haqidagi ba’zi ma’lumotlarni o‘z ichiga olishi ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, “Mujma ut-tavorix”da Amir Temur avlodiga bag‘ishlangan “Foyda” deb ataluvchi bo‘lim bor. Asarda tarixiy faktlar o‘ziga xos bir yo‘sinda sharhlanganki, voqealar jarayoni bir-biriga uzviy bog‘langan, turli-tuman tafsilotlar juda qisqa tarzda bayon qilinib, sodir bo‘lgan yillari tartibi bilan joylashtirilgan. Biz uchun “Mujma ut-tavorix”ning Havofiy yashagan davrga va bunga bevosita yaqin bo‘lgan yillarga oid ma’lumotlari, ya’ni asar ikkinchi maqolasining oxirgi qismi qimmatliroqtsir. Shuning uchun bo‘lsa kerak, asarni nashrga tayyorlagan Mahmud Farrux, asardagi 1301—1442 yillar voqealarinigina o‘z nashriga kiritgan. Shu yillarda sodir bo‘lgan siyosiy voqealarga kelsak, asarda Markaziy Osiyo va O‘rta Sharq mamlakatlarida mo‘g‘ullar hukmronligining inqirozga uchrab, asta-sekin yemirilib borishi, ajnabiy hukmdorlar zulmiga qarshi yerli xalqlar orasida norozlik harakatlari aks ettirilgan. 1365 yili Samarqandda tarqalgan sarbadorlar harakati tobora kuchayib, mo‘g‘ullar hukmronligi inqirozini tezlashtirganligi, mo‘g‘ullar davlati o‘rnida Temur davlatining tashkil topishi va yuksalishi kabi muhim voqealarning xulosasi qisqa-qisqa bayon etilib, oy va yillari bilan ko‘rsatilgan.
“Mujma ut-tavorix”da madaniy turmushga, shoirlar, olimlar kabi o‘z davrining ko‘zga ko‘ringan ziyolilari hayotiga oid ma’lumotlar ham juda ko‘p uchraydi. Xavofiy ayrim shaxslar to‘g‘risida gapirar ekan, ularning yozib qoldirgan asarlari, vafot qilgan yili, ba’zan tug‘ilgan yillarini ham albatta eslatib o‘tadi. Masalan, “Nuzhat al-arvoh” (“Ruhlar huzurida”) asarining muallifi Amir Sayyid Olim al-Husayniy vafot qilgan yilini (1318 yil, 11 dekabr) keltirib, shu bilan birga Hirotda o‘lganligini aytadi uning tasavvufda shuhrat topganligini, Bahovuddin Zakariyo Multoniyning muridi bo‘lganligini va bir qancha asar yozganligini eslatadi.
Temur va Temuriylar davrida olib borilgan obodonchilik ishlari haqidagi ma’lumotlar ham diqqatga sazovordir. Bu davrda bunyod etilgan yirik madrasalar, qazilgan ariqlar va boshqa ishlarning bajarilgan yillarini ham Xavofiy muntazam ravishda qayd qilib boradi. Uning ma’lumot berishicha, Amir Temur Chingizxon davrida xarobaga uchragan Banokat mavzeidagi shaharni 1382 yilda qaytadan tiklab, unga Shohruxiya deb nom bergan. Shuningdek, 1403 yili Temur Baylakon shahrini (Araks daryosining Kuraga qo‘shiladigan yerida joylashgan) ham qaytadan tiklagan va u shaharga suv keladigan Barlos kanalini qazdirgan. 1404 yili esa Shohrux farmoni bilan Hirot shahri, uning darvozalari va burjlari qayta tiklangan.
Bulardan tashqari, har xil tabiiy ofatlar, xalq boshiga tushgan qiyinchiliklar ham allomaning diqqatidan chetda qolmagan. “Mujma ut-tavorix”da 1337 yili Hirot viloyatlaridan biri bo‘lmish Havofda, 1363 yili Hirotda, 1405 yili Nishopurda sodir bo‘lgan zilzilalar, 1350 yili Yazdda, 1388 yili Tabrizda, 1406 yili Hirotda voqe bo‘lgan ocharchilik va qahatchilik, 1345 yili Xorazmning Jurjoniyasida (Ko‘hna Urganchga yaqin), 1346 yili Tabrizda, 1459 yili Ozarbayjonda tarqalgan vabo kasalligi haqidagi ma’lumotlar ham keltirilgan.
Shunisi e’tiborga sazovorki, “Mujma ut-tavorix” muallifi o‘zi yashagan davrga oid ma’lumotlarni ko‘p hollarda ko‘rib-bilganlari asosida yozgan, chunki u umrining anchagina qismini Temuriy hukmdorlar xizmatida o‘tkazganligi uchun, o‘z davri hayoti bilan yaqindan tanish bo‘lgan, Temuriylar qo‘li ostidagi viloyatlarning aksariyatini ish jarayonida borib ko‘rgan.
Havofiy voqealarni betaraf turib yoritishga harakat qilganligini tadqiqotchilar bir necha bor qayd etib o‘tganlar. V. V. Bartold bu haqda shunday yozgan edi: “Shohrux davrida Ahmad ibn Muhammad Fasih al-Xavofiy o‘zining saroy kirdikorlaridan xoli bo‘lgan “Mujmai Fasihiy” nomli asarini yaratdi. Bu asar… katta bir tarixiy jarayonni o‘z ichiga olgan bo‘lib, unda voqealar yilma-yil, birin-ketin bayon etilgan. Asar muxtasar bo‘lishiga qaramay, juda foydalidir, u bizga O‘rta Osiyo va Eron shayxlari hamda adiblari haqida yangi ma’lumotlar beradi”.
Shunday qilib, Xavofiyning “Mujma ut-tavorix” asari XIV— XV asrdagi Markaziy Osiyo mamlakatlarining siyosiy va madaniy hayotiga oid qimmatli manbadir. Unda keltirilgan tarixiy voqealar, sanalar va boshqa ma’lumotlar Temur va Temuriylar davrini yanada oydinlashtirishga, bu davr tarixini yanada yaxshiroq bilishga katta yordam beradi.
t.f.n. D. Yusupova