Berdaq (1827-1900)

Berdaq qoraqalpoq xalqining mashhur demokrat shoiridir. U XIX asrda yashab ijod etgan. Shoirning asl ismi Berdimurod Qarg‘aboy o‘g‘li bo‘lib, Berdaq uning taxallusidir. Mutafakkir to‘g‘risida ma’lumotlar kam saqlanib qolgan. Uning tarjimai holi va ijodiga oid ma’lumotlarni, asosan, o‘zining asarlarida uchratish mumkin. U Orol dengizining janubida joylashgan Mo‘ynoq tumanining Oqqal’a degan joyida dunyoga kelgan. Berdaq o‘n yoshligidayoq otasi Qarg‘aboy Bo‘ronboy o‘g‘li va onasidan ayrilgach, amakisi Qo‘chqorboyning qo‘lida tarbiya ko‘ra boshlaydi.

Berdaq o‘n yoshidan ovul maktabiga, maktabni bitirgandan so‘ng o‘z bilimini yanada chuqurlashtirish maqsadida o‘sha davrda yirik ilm maskani hisoblangan Qoraqum eshon madrasasida tahsil oldi.

U yoshligidan boshlab she’r yozishni mashq qila boshladi. Xalq qo‘shiqlari, turli afsonalar, ertaklar, maqol va matallar, dostonlar bilan tanishish, mashhur shoirlarning she’rlaridan bahramand bo‘lish mutafakkir badiiy ijodini kamolga yetib shakllanishida muhim ahamiyat kasb etdi. Shunday qilib, Berdaq asta-sekin mashhur shoir va xalqqa tanilgan baxshiga aylana bordi. Eng muhimi, she’rlariga o‘zi kuy bastalab kuylay boshladi.

Berdaq ko‘p shaharlarga sayohat qildi. Markaziy Osiyoning yirik shaharlarida bo‘ldi. Urganch va Buxoroni ziyorat qilib, qadimiy yodgorliklar bilan tanishdi. Berdaq Alisher Navoiy, Fuzuliy va Maxtumquli ijodlarini chuqur o‘rganib, she’rlarini mutolaa qildi. Zamondosh shoirlar bilan musohib bo‘ldi. Berdaq she’rlarining aksariyati kambag‘al, beva-bechoralarning ayanchli hayoti, ularning og‘ir mehnati, boy-zodagonlarning ularga nisbatan qilgan shafqatsizligi, zo‘rovonligi va adolatsizligiga bag‘ishlangan. Uning she’rlarida insonparvarlik, tenglik, saxiylik, adolat, vatanparvarlik, mehr-shafqat, qahramonlik va mardlik, mustaqillik, milliy ozodlik va haqiqat uchun kurash, mehr-muhabbat kabi umuminsoniy va milliy qadriyatlar o‘z aksini topgan.

Berdaqning she’r va dostonlari xalq ommasining turmushini xolisona va haqqoniy tasvirlab berish bilan ajralib turadi. ayniqsa, Xiva xonligi va Chor Rusiyasi hukmronligi davrida oddiy xalqqa nisbatan o‘tkazilgan zulm-zo‘rliklar shoirning bir qator she’rlarida ochiq tasvirlab berilgan. Shuning uchun u o‘z zamonasidagi adolatsizlikdan, xon gumashtalaridan, soliq yig‘uvchilardan, miroblarning o‘zboshimchaligidan, zolimligidan noliydi, inson qancha mexnat qilmasin, muhtojlikdan chiqaolmasligidan zorlanadi:

Chaqqon odim tashlab, mehnat qilmasang,
Kun ko‘rmoqlik qiyin bo‘ldi bu zamon.
Maqsadingga o‘ylab-o‘ylab yetmasang,
Qiyin bo‘ldi kun ko‘rmoqlik bu zamon.

Berdaq o‘zining “Soliq”, “Bo‘lgan emas”, “Bu yil” kabi she’rlarida xon va beklarning olib borayotgan siyosatini qoralaydi, ularning mehnatkash xalqqa o‘tkazayotgan zulmini, shafqatsizligini tasvirlaydi. Berdaq insonni yuksaklikka ko‘taradi, xalqni katta kuch ekanligini ta’kidlab, hukmron sinf vakillarini mehnatkash xalqni hurmat qilishga, ularga yordam berishga chaqiradi. Shoir o‘zini xalqning ajralmas bir qismi, deb tasavvur qiladi.

So‘zim o‘lmas, doim tirik qolaman,
Xalqim borku, yovdan o‘chim olaman…

Berdaq o‘zi yashayotgan tuzumni, uning tartiblarini tanqid ostiga oladi. Shoirning fikricha, mavjud siyosiy tuzum mehnatkash xalqni haq-huquqlarini va manfaatlarini himoya qila olmaydi. Bunday tuzumda faqat adolatsizlik, haqsizlik, ta’magirlik, o‘zboshimchalik va boshqa insonga xilof illatlar hukm suradi. Shoir zolimlardan zorlanib bunday deydi:

Zolimlar tinglamas faqirning zorin,
Ular o‘ylar o‘z foydasin, o‘z qornin,
Hech qachon zolimlar qo‘ldagi borin,
Ep qo‘rmaslar, bor bo‘lsa-da, xalq uchun.

Berdaq o‘zining ijtimoiy-siyosiy masalalarga bag‘ishlangan asarlarida, Sharqning boshqa mutafakkirlari kabi jamiyatni odil va ma’rifatli podshoh boshqarishi lozim, degan fikrga keladi. U o‘z davridagi adolatsiz va zolim xon davlatni boshqarishga yaroqsiz, deb hisoblaydi.

Shoirning “Omongeldi”, “Xalq uchun”, “Aydosbiy”, “Yaxshiroq”, “Bo‘lgan emas”, “Ernazarbiy” asarlarida qoraqalpoq xalqining xonlar zulmiga qarshi qahramonona kurashi, milliy-ozodlik harakati aks ettirilgan.

Berdaq inson o‘z faoliyatida, xatti-harakatida, maqsadiga erishishida erkin ekanligini yozadi. Masalan; u “Axmoq podsho” dostonida ayrim boylar va amaldorlarning jabr-zulmi oxirgi nuqtasiga borib taqalgandan so‘ng sabr-toqati tugagan xalq o‘z ixtiyori bilan ularga qarshi bosh ko‘taradi, deydi.

Berdaq ijodiy merosida axloq, xulq-odob, nafosat va go‘zallik masalalari muhim o‘rinni egallaydi. Uning she’rlarida milliy va umuminsoniy qadriyatlar, vatanparvarlik, xalqlar do‘stligi, oddiy axloq qoidalari to‘g‘risida qimmatli fikrlar uchraydi. Shoirning aytishiga qaraganda, ba’zi mulla va eshonlar xalq oldida o‘zlarini halol va pok, adolatparvar etib ko‘rsatadilar. Amalda esa buning aksini ko‘ramiz. Shoir ularning munofiqligini fosh etib tashlaydi.

Berdaq o‘zining axloqiy qarashlarida Sharqning eng yaxshi an’analarini davom ettirdi. U “Izladim”, “Xalq uchun”, “Yaxshiroq”, “Menga kerak” kabi she’rlarida kishilarning halol mehnatini ulug‘laydi. Uningcha, har bir odamning asosiy burchi xalqqa va uning farovonligi yo‘lida xizmat qilishdir. Berdaq axloqiy qarashlarining yana bir muhim tomoni — kishilarni hurmat qilish, ayniqsa, qarilar, zaif va nogironlar, kambag‘al va beva-bechoralarni izzat nafsiga tegmaslik, ularga iloji boricha yordam ko‘rsatishdir. Berdaq xuddi Navoiy kabi odamlarni axloq-odobiga qarab, ularni ikkiga: yaxshi va yomonga bo‘ladi. Yaxshi odam deganda, u butun insoniy fazilatlarni o‘zida to‘plagan dono, aqlli, bilimdon, o‘zgalarga yordam beruvchi, fe’l-atvori go‘zal kishilarni ko‘z oldiga keltiradi. Yomon odam esa Berdaqning nazarida, xalqning ofatidir, u xalqni ham, og‘a-inini ham qadriga yetmaydi. Umuman olganda, shoir axloqiy qarashlarining markazida insoniylik turadi.

Berdaq qo‘p she’rlarida bolalarni tarbiyalash, kattalarni hurmat qilish, yosh avlodga vatanparvarlik, o‘z xalqiga muhabbat, xalqlar o‘rtasida do‘stlik va birodarlik g‘oyalarini singdirishga intildi.

Berdaq qoraqalpoq xalqining mashhur shoiri, asl farzandidir. Qoraqalpog‘istondagi ko‘pgina maktablar, ko‘chalar, kinoteatrlar, kutubxonalar shoirning nomiga qo‘yilgan. Shuningdek, Berdaq nomidagi Qoraqalpog‘iston davlat mukofoti ta’sis etilgan. Bu mukofot badiiy adabiyot, san’at va me’morchilik sohasidagi eng yaxshi ishlarga beriladi.

fals. f.d. X. Aliqulov, fals. f.n. U. Xudoybergenova

Maqolalar

Berdaq she’riyatidan
O‘rozboy Abdurahmonov. Berdaq dunyosi (2007)

Berdaq kitoblari

Berdaq she’riyatidan
Berdaq. Saylandi. Shigarmalari (1997)
Berdaq. Shejire (1993)
Berdaq. Tanlamali shigarmalarinin jiynagi (1977)