Ahmad as-Sag‘oniy (? – 990)

Ahmad as-Sag‘oniyning to‘liq nomi Abu Hamid Ahmad ibn Myhammad as-Sag‘oniy al-Asturlobiy bo‘lib, O‘rta acp manbalarida «Sag‘aniyan», Fors manbalarida esa «Chag‘oniyon» deb yuritilgan joyda tug‘ilgan. O‘sha davrdagi Sag‘oniyon bugungi Surxondaryo viloyatining Denov shahri atroflarini o‘z ichiga olgan. Olimning tug‘ilgan yili noma’lum. U yoshligida o‘z davrining eng yirik ilm markazi Bag‘dodga borib qolgan va yirik astronomlaridan biri bo‘lib yetishgan. Ahmad as-Sag‘oniyning ismiga qo‘shib aytiladigan «Asturlobiy» rutbasi uni asturloblar, umuman, astronomik jihozlar yasashda va ularni qo‘llashda mohir mutaxassis bo‘lganidan dalolat beradi. Alloma astronomiyadan tashqari geometriyaga oid bir necha asarlarning muallifi hamdir.

Ibn al-Qiftiyning Ahmad as-Sag‘oniy haqidagi quyidagi fikrlari diqqatga sazovordir: «Abu Hamid Ahmad ibn Muhammad as-Sag‘oniy al-Asturlobiy o‘z vaqtida geometriya va astronomiya sohalaridagi aksariyat muvaffaqiyatlarning sohibi bo‘lgan fozil olimlardan edi. Bag‘dodda astrolyabiyalar va boshqa astronomik jihozlar yasashda katta yutuqlarga erishgan. U yaratgan jihozlar o‘sha vaqtdagi astronomlarga yaxshi ma’lum bo‘lgan. Uning bir qancha shogirdlari katta shuhrat qozonganlar va o‘z ustozlari bilan faxrlanganlar.

Ahmad as-Sag‘oniy qadimgi jihozlarni takomillashtirishda hech kim amalga oshira olmagan natijalarga erishgan»[1]. Ibn al-Qiftiy yana shularni ma’lum qiladiki, Bag‘dod hukmdori Adud ad-Davlaning o‘g‘li Sharaf ad-Davla (951 989) Bag‘dodni boshqargan yillarida u yerda rasadxona sifatida foydalanish uchun bir uy qurdiradi va unda quyosh va sayyoralar harakatini o‘rganish bo‘yicha kuzatishlar o‘tkaziladi. Kuzatishlar natijasi yakunlaganda, Ahmad as-Sag‘oniy Quyoshning ikki burj bo‘yicha botishini o‘z qo‘li bilan yozgan va ba’zi tuzatishlar kiritgan.

Ahmad as-Sag‘oniyning ilmiy merosi Beruniy, Ibn Iroq, ac-Sijjiziy kabi olimlar tomonidan hurmat bilan eslanishi, uning asarlari naqadar shuhrat qozonganligidan dalolat beradi. Jumladan, Beruniy o‘zining «Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar» asarining yahudiy yillari va davrlarini aniqlash qismida as-Sag‘oniy hisoblaridan foydalanganini aytadi[2]. Beruniy xuddi shu asarida doiralar va nuqtalardan iborat kurralarni sathga aylantirish mumkinligi haqida gapirar ekan, shunday deydi: «Abu Hamid as-Sag‘oniy konuslar boshini ikkala qutbdan ko‘ch irib, uni o‘qlar bo‘yicha qarab, kurraning ichiga yo tashiga qo‘ygan. Shunda kurra to‘g‘ri chiziqlar, doiralar as-Sag‘oniy istagan kayfiyatda, yetarli va ortiqcha parchalar tashkil etgan. Bu ajoyib sathni undan oldin hech kim ishlamagan».

Beruniy o‘zining «Geodeziya» asarida Ahmad as-Sag‘oniy qalamiga «Astronomiya ilmining qonunlari» («Kavaniyi ilm al-haya») kitobi mansubligini ko‘rsatadi va unda as-Sag‘oniy 965 yili Bag‘dodning g‘arbiy tarafidan «Birkatu Zalazal» degan joyda diametri olti qarich va aylanasi besh minutlik bo‘limlarga taqsimlangan halqa yordamida o‘lchash olib borib, to‘liq og‘ishni 23 daraja 35 minut va Bag‘dodning kenglamasini 33 daraja 21 minut topganini ta’kidlaydi[3].

As-Sag‘oniyning «Osmon sferasini tekislikda tasvirlash» («Kayfiyyat tastiyh al-kura») risolasi Patna va Istambuldagi kutubxonalarda saqlanadi. Ba’zi manbalarda bu acap «Kitab at-tastiyh at-tamm» nomi bilan tilga olinadi. Risola o‘n ikki bobdan iborat bo‘lib, unda osmon sferasining astrolyabiya sathida tasvirlanish masalalari ustida mulohazalar yuritiladi[4]. Alloma yuqoridagilardan tashqari «Doira ichiga joylashtirilgan to‘g‘ri tarafli yetti burchakning tomonini yasash» («Risola fi ’amal dil’ al-musabba’ al-mutasaviy fi ad-daira») va «Masofalar va hajmlar haqida» («Maqala fi-l-ajram») nomli (Parij va Damashqda saqlanmoqda) asarlarning muallifi hamdir. Oksforddagi Bodlean kutubxonasida olimning «Astrolyabiya plastinkalarida yasalgan coatlar haqida» («Fi as-sa’at al-ma’mula ala safaih al-asturlab») va «Meridian chizig‘ini topish» («Istixraj xatt nisf an-nahar») risolalari mavjud. Fikrimizcha, «meridian chizig‘ini topish» (Bodlean kutubxonasidagi inven. raqami MS. Thurston 3(f. 94)) risolasi olim asarlari ro‘yxatiga hozirga qadar kiritilmay kelinmokda. Ac-Sijizziy nomini keltirgan «Burchakning uchga bo‘linishi» («Tasliys az-zaviyya») risolasi as-Sag‘oniyning bizgacha yetib kelmagan asarlaridan hisoblanadi.

As-Sag‘oniy 990 yili Bag‘dodda vafot etgan.

t.f.n. B. Abduhalimov

[1] Ibn al-Qiftiy. Ixbar al-ulama bi axbar al-hukama. Qohira, 1908, 56-bet.

[2] Abu Rayhon Beruniy. Tanlangan asarlar. 1- jild. (Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar). T., 1968, 415-bet.

[3] Abu Rayhon Beruniy. Tanlangan asarlar. 3-jild. (Geodeziya). T., 1982, 101-bet.

[4] Risolaning to‘liq mazmuni uchun qarang: Matviyevskaya G.P., Rozenfeld B.A. Matematiki i astronomы musulmanskogo srednevekovya i ix trudы (VIII-XVIII vv.). M., 1983, Kn. 2, S. 162.