Ma’lumki, O‘rta asrda Bag‘dodda vujudga kelgan ilmiy maktab — «Hikmatlar uyi» («Bayt ul-hikma») Sharq xalqlari fani tarixida alohida ahamiyat kasb etdi. Bu markazda faoliyat ko‘rsatgan allomalar o‘sha davr ilmlari, xususan, aniq fanlarning rivojiga salmoqli hissa qo‘shib, qadimgi yunon, hind va boshqa xalqlar ilmiy merosini o‘qib o‘rgandilar, ularni tahlil qilib, yangi g‘oyalar bilan boyitdilar. Natijada, ularning qalamiga mansub bo‘lgan qator asarlar paydo bo‘ldiki, bu asarlar O‘rta acp ilmining noyob durdonalariga aylandi.
IX-XI asrlarda bugun musulmon Sharqi fani va madaniyati taraqqiyotida Markaziy Osiyo donishmaңdlari yetakchi mavqeni egallagan bo‘lsa-da, musulmon madaniyatining «oltin davri» deb e’tirof etilgan ushbu davrda yashagan bu allomalarning hayoti va faoliyati hozirga qadar to‘liq aniqlanmagan. Markaziy osiyolik olimlarning ma’lum qismi xalifa al-Ma’mun tarafidan tanlab olinib, poytaxt Bag‘dodga olib ketilgan. Ular orasida xorazmlik buyuk alloma Muhammad al-Xorazmiy, farg‘onalik mashhur astronom Ahmad al-Farg‘oniy, o‘sha davrdagi Forob (hozirgi Gavhartepa) mintaqasidan chiqqan yirik astronom va matematik al-Abbos al-Javhariy, Bag‘dod va Damashq shaharlaridagi astronomik tadqiqot va kuzatishlarning tashkilotchisi marvlik Yahyo ibn Abu Mansur va boshqalar bo‘lgan.
Bag‘dod ilmiy maktabida faoliyat ko‘rsatgan yirik astronom va matematiklardan yana biri Ahmad ibn Abdulloh al-Marvaziy bo‘lib, u «Habash al-Hosib» («Habash hisobchi») laqabi bilan tanilgan. Uning ismidagi al-Marvaziy rutbasi esa muallifni hozirgi Turkmanistonning Bayram Ali shahri yaqinidagi Marvdan ekanligini ko‘rsatadi. Olimning ismi va ba’zi asarlari o‘rta acp mualliflaridan Ibn an-Nadim (X acp), Ibn al-Qiftiy (1173—1248) va Hoji Xalifalar (1609—1657) tomonidan zikr etiladi. Jumladan, Ibn an-Nadim uni yuz yildan ortiq yashagan, deb ma’lumot berib, Marvaziyning yetgita kitobining nomini sanab o‘tadi[1]. Ibn al-Qiftiy esa uning asli marvlik bo‘lib, xalifa al-Ma’mun va al-Mu’tasim zamonida Bag‘dodda faoliyat ko‘rsatganligini aytadi[2]. Olimning yashagan umrini Ibn al-Qiftiy yuz yillar atrofida, deb xabar beradi.
Keltirilgan ma’lumotlardan ko‘rinib turibdiki, Ahmad al-Marvaziy uzoq umr ko‘rgan. Fan tarixiga oid bibliografik kitoblardan bu olimni 770—870 yillar mobaynida yashab o‘tgan deb taxmin qilinadi[3]. Ahmad al-Marvaziy «Zij» («Astronomik jadvallari») deb ataladigan «Damashq ziji» («az-Zij al-ma’ruf bi-d-Dimashqiy»), «Zij»[4] (bu zij Bag‘dod shahri uchun tuzilgan) va «al-Ma’munning tekshirilgan ziji» («az-Zij al-Ma’muniy al-mumtahan») asarlarining muallifidir. Ibn al-Qiftiy al-Marvaziy «Shoh uchun zij» («az-Zij al-Shahiy») nomli yana bir kichik hajmdagi risolaning ham muallifi, deb ko‘rsatadi[5]. Lekin bu risola yuqoridagi zikr etilgan «zij»larning birortasi bo‘lishi mumkin. «Damashq ziji» hozirda Istambulda saqlanmoqda. Al-Marvaziy o‘zining bu asarini o‘sha davrda «Sindhind» nomi bilan mashhur bo‘lgan hind astronomik jadvallarini qayta ishlash asosida yozgan. Undagi ba’zi masalalar Ibrohim al-Fazariy, Muhammad al-Xorazmiyning «zij»laridan farqlanadi[6].
Olimning Bag‘dod shahri uchun yozilgan ikkinchi «Zij»i Berlinda saqlanmoqda. Beruniyning «Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar» va «Geodeziya» acaplapidagi ma’lumotlarga qaraganda, bu kitob keyingi davr astronomlari tarafidan hurmat bilan tilga olingan. Uchinchi «al-Ma’munning tekshirilgan «ziji» ham o‘z vaqgida katta shuhrat qozongan bo‘lib, xalifa al-Ma’mun bir guruh olimlarga qadimgi yunon astronomlarining kitoblarida keltirilgan ma’lumotlarni tajribalar asosida qaytadan tekshirib chiqish vazifasini yuklagan va tajriba natijalari o‘laroq, ushbu acap dunyoga kelgan. Bu asarda o‘sha davr astronomiyasining barcha yutuqlari mujassam etilgan va O‘rta acp manbalarida, ba’zan Yahyo ibn Mansur va Ahmad al-Marvaziy, ba’zan esa o‘sha davrning boshqa astronomlari tarafidan bitilgan, deb keltiriladi. Bunday asarning yaratilishida ko‘pchilik ishtirok etgan bo‘lishi kerak, degan xulosa kelib chiqadi. Shunga qaramasdan, mutaxassislar al-Ma’mun «ziji»ni Yahyo ibn Mansur boshlab, Ahmad al-Marvaziy yakunlagan bo‘lishi kerak, degan taxminni qiladilar[7]. Umuman esa, al-Marvaziy al-Ma’mun davrida olib borilgan tajriba va ilmiy tadqiqotlarda eng faol ishtirok etgan olimlardan bo‘lib, 832—833 yillarda Sinjar sahrosida yer meridianining bir darajasini o‘lchash ishlarida ham qatnashgan.
Al-Marvaziyning yigirmaga yaqin nomdagi asarlari ro‘yxatida biz astronomik jihozlar — astrolyabiyalar, quyosh soati va zat al-halaqlarga bag‘ishlangan risolalarni uchratishimiz mumkin. Afsuski, ularning katta qismi bizgacha yetib kelmagan.
Olimning astronomiyadagi yutuqlariga qaramasdan, uning asosiy xizmatlari trigonometriyada deb topilgan. Bu fikrimizning mag‘zini al-Marvaziyning fanga birinchi bo‘lib olib kirgan tangens va kotangens tushunchalari va ularning funktsiyaviy jadvallari tashkil etadi. Olimning asarlarida bayon qilingan tangens, kotangens va kosekans tushunchalari trigonometriya rivojiga qo‘shilgan ulkan hissa bo‘ldi[8].
Ibn an-Nadim o‘zining «al-Fixrist» kitobida al-Marvaziyga oid yana ikki muhim ma’lumotni keltiradi. Ulardan biri al-Marvaziyning Abu Ja’far ibn Ahmad ibn Abdulloh ibn Habash ismli o‘g‘li bo‘lib, u ham astronomiya bilan shug‘ullangan va “Yassi astrolyabiya” (“Kitab al-usturlab al-musattah”) nomli kitobning muallifi ekanligidir. Ikkinchisi esa, IX asrdagi mashhur astrolog va astronomlardan biri Muhammad ibn Bazyar biz hikoya qilayotgan al-Marvaziyning o‘quvchilaridan deb e’tirof qilinishidir. Bu esa Ahmad al-Marvaziyni nafaqat mashhur olim, balki yetuk shogirdlar tayyorlagan mohir ustoz bo‘lganidan ham dalolat beradi.
t.f.n. B. Abduhalimov
[1] Ibn an-Nadim. Kitab al-Fixrist. Tadqiqotchi Rada al-Xayriy al-Mozandaroniy, Bayrut, 1988, 334-bet
[2] Ibn al-Qiftiy. Ixbar al-ulama bi axbar al-hukama. Qohira, 1908, 117-bet.
[3] Matviyevskaya G.P., Rozenfeld B.A. Matematiki i astronomы musulmanskogo srednevekovya i ix trudы (VIII-XVIII vv.). M., 1983, Kn. 2, S. 47
[4] Bulgakov P.G. O‘rta Osiyo olimlarining Bag‘doddagi faoliyati. T., 1990, № 1, 24-bet.
[5] Ibn al-Qiftiy. O‘sha acap.
[6] O‘sha joyda.
[7] Matviyevskaya G. P., Rozenfeld B. A. O‘sha acap, 48-bet.
[8] Bulgakov P. G. O‘sha maqola, 24-bet.