Karlo Bonini. Guantanamo (kitobdan boblar)

MAHKUMLAR KO‘RFAZI

«Ana u. Yetib keldik….» Serjant illyuminator darchasiga ishora qiladi. Bizdan ikki yuz metr pastda, chiroqning aks etgan nurlari tutashgan joyda quyosh kuydirgan yerning jigarrang tasmasi paydo bo‘ladi. Kumushrang bahri muhitga ko‘milgan orol. Kuba. «Yo‘q. Guantanamo», — ishshayadi serjant. Stolchani yig‘ishtirib, u xavfsizlik kamarini taqadi va deydi: «Qiziq-a, shunday emasmi?» Nimasi qiziq? «Do‘zaxning ham shunaqa go‘zal bo‘lishi-da».

Boing bir necha doira yasaydi. Nihoyat, uning soyasi orolning eng janubiy chekkasi bo‘lmish Liverdning ensiz asfalt yo‘lkasida cho‘ziladi. Chang ustunlari ko‘tariladi. Dinamiklardan yengil qarsillagan ovoz taraladi-da, havo kemasi darg‘asining boshqa har qanday shaharning boshqa har qanday tayyoragohida bo‘lganidek, o‘z an’anaviy murojaati yangraydi: «AQShning harbiy dengiz bazasi Guantanamoga, Kuba oroliga xush kelibsiz. Hozir mahalliy vaqt bilan soat o‘n bir. Sayohatingiz yoqimli o‘tishini istab qolamiz va sizni yana kompaniyamiz laynerida ko‘rishimizga umid bildiramiz…»

Har chorshanbada barcha eng kerakli narsalarni ko‘rfazga olib keladigan naqliyotchi tayyora oldida mayda xizmatchilar saf tortadi. Tayyora oziq-ovqat, suv, mollar va xat-xabarlarni olib keladi. Haftasiga bir marta faqat tropik dovul ta’sir qilishi mumkin bo‘lgan aniq jadval bo‘yicha tayyora quyidagi yo‘llardan parvoz qiladi: Jeksonvil – Puerto-Riko, Puerto-Riko – Guantanamo, Guntanamo – Puerto-Riko, Puerto-Riko – Jeksonvil. Sumkalarimizni qo‘nish yo‘lkasi chetidagi yumshoq tartanga tushirishadi. Jazirama oftobda qovurg‘alari bo‘rtib chiqqan nemis iskovuchi sumkalar ichidagi narsalarni iskaydi. Trusiklar, fototasma, tish pastasi, futbolka, sarg‘ayib ketgan ro‘znoma va jarida qirqimlari. Terdan jiqqa ho‘l dengiz piyoda askari yo‘riqnomani keskin qichqirib ta’kidlaydi: «Avval yuklarni, so‘ngra yo‘lovchilarni…» Sigara cheksa bo‘ladimi? «Bu yerda emas. Hozir emas».

2002 yil 11 yanvardan erkin odamlar Guantanamoga kun yorug‘ida — ertalablari uchib keladilar. Zanjirband mahbuslarni esa — tun qorong‘usida. Bu yerda bir necha oy qamoqda yotib chiqqan Muhammad Naim Faruq uni bu yerga qaysi kuni olib kelishganini bugun eslay olmayapti, balki hech qachon bilmagandir ham. «Meni Afg‘onistonda qo‘lga olishdi, keyin bizga, sizlarni boshqa joyga ko‘chirmoqchi bo‘layapmiz, deb aytishdi, biroq qayoqqa ekanligini biz bilmasligimiz kerak ekan. Nazarimda, bu 2002 yilning o‘rtalarida bo‘lgan gap edi. Bizlarni tayyoraga o‘tqazishdi. Mening boshimga kapyushon tashlab qo‘yishdi va qo‘llarimni orqaga bog‘lashdi. Kishanlar shu qadar qattiq tortilgan ediki, bir necha soatdan keyin panjalarim bo‘g‘imi qonay boshladi. Parvoz vaqtida o‘rtoqlarimdan ko‘plarining xuddi telbalarday yig‘laganlari va qichqirganlari esimda»[1].

Alif Xonga o‘xshagan ayrimlarning yenglarini shimarganlar: «Ular menga qanaqadir doridan ukol qilishdi. Tomirlarimda nimadir oqayotgandek his etdim o‘zimni, qolgan yo‘lni hushsiz holatda bosib o‘tdim»[2].

Olib kelingan va ozod qilingan mahbuslar haqidagi hisobotlarning to‘g‘riligiga ishonib bo‘lmaydi. Amerika qo‘mondonligi vaqti-vaqti bilan ularni yangilab, e’lon qilib turadi. 2003 yil kuzida Guantanamoda o‘n to‘qqiz tilda gapiruvchi mahbus bor edi. Mahbuslar miqdori va shunga qarab «Delta» lageridagi qafaslar miqdori chekiga ortib borish yozilgan edi. Bular odamlarni shunday olib kelishardi. Ma’muriyatda barcha ma’lumotlar mufassal yoritib qo‘yilardi: reys raqami, kelgan kun, tayyoradagi mahbuslar miqdori.

Tayyoragoh bekatida hozirgina bo‘yoqdan chiqqan oppoq avtomobil turardi. Bu endilikda mavjud bo‘lmagan Amerikaning vakili — dumaloq shakldagi eski maktab avtobusi edi. Qaysidir chekka muzofot ma’muriyati terrorizm bilan urushga sadaqa qilgan yoki, ehtimol, harbiylarning o‘zlari uni o‘z ehtiyojlari uchun o‘zlashtirib olgan bo‘lsa kerak. Avtobus tanasini qoplab olgan bo‘rtiq pufaklar ko‘rfazni iztirobga soluvchi garmsel bilan besamar kurashdan guvohdir. Har doim. Yil o‘n ikki oy. Hatto g‘ir etgan shabada ham bu yerda do‘zaxi alimga o‘xshaydi. Yopishqoq havo shilliqlikni quritadi, muattar hidni o‘ldiradi va gullarning rangini o‘chirib, pesday qilib qo‘yadi.

Avtobusdan qirq yoshlardagi barvasta zobit tushadi. Rangpar qizg‘ish yuzini cho‘tir qoplagan. Uning na yurishi, na qo‘l harakatlari harbiyga o‘xshardi. Shimining sonlari chog‘roq. Undan quyoshqaytarg‘ich moyining hidi gupirib turadi. Sochi «nol» urfida olingan, biroq soch tagining rangiga qarab, uning haqiqiy savzi tusida ekanligini aniqlash mumkin edi. «Maykl Moss, sakkizinchi piyoda diviziya, juda soz. Amerika Qo‘shma Shtatlarining kommunistlar hududidagi so‘nggi avanpostiga va bizning uyimiz — UTG‘ 160 ga xush kelibsiz. Siz bu qisqartma so‘zlarni tez-tez eshitib turasiz. Joint Task Force — Birlashgan tezkor guruh Guantanamo 160 raqam. Sizning bu yerga kelishingizga sababchi bo‘lgan terrorchilar bilan, mana, biz shug‘ullanamiz. Endi esa, iltimos, ortimdan avtobusga yuring. Bu yerda turishimiz to‘g‘ri bo‘lmaydi». Aftidan, eshik yopg‘ichlar soz ishlar edi. Balki, u shamolparrakni ishlatib yuborgan bo‘lishi ham mumkin.

«Makdonalds va konditsionerlar» — Amerikadan biz o‘zimiz bilan olib kelgan ozgina qaqir-ququrlar shular, xolos», — hazillashadi Moss. Hattoki «Delta» lagerida-ya? «Nega darrov gapni savoldan boshlab qoldingiz? Hovliqmang, hammasini o‘z ko‘zingiz bilan ko‘rasiz. Agar mumkin bo‘lsa, men sizga bir qancha maslahatlar beraman. Muttasil ichib turing. Yaxshisi suv iching, agar shunday imkoniyat bo‘lsa. Hatto ko‘nglingiz ayniganida ham. Quyoshqaytarg‘ich moy surting, boshingizga narsa tashlab oling va qora ko‘zoynakni sira ko‘zingizdan olmang. Ayniqsa, «Delta» lagerida. U boshdan-oyoq po‘latdan ishlangan — u yerda yorug‘lik qattiq aks qaytaradi. Va so‘nggi maslahatim. Biz ikkovimiz hamma vaqt birga bo‘lishimiz kerak. Endi esa – ketdik». Qayoqqa? «Ko‘rfazning narigi tomoniga. Uinduordga. Qayerga kelib qolganingizni ko‘rasiz. Sharqda — Kastro kommunistlari, G‘arbda «Al-Qoida»ning bir necha yuz terrorchilari. O‘rtada esa — bizlar…»

Biz kesib o‘tayotgan ko‘rfazdagi sol bortida xomush ekipaji bo‘lgan harbiy bronenosets edi. Shturval oldida quyoshda kuygan filippinlik. Panjara bilan to‘silgan bo‘limda qopga o‘xshagan kiyimda, aftidan osiyoliklar bo‘lsa kerak, churq etmay o‘tirishardi. Bu odamlar — askarlar ham emas, askarlarning do‘stlari yoki qarindosh-urug‘lari ham emas. Ular armiyaga ishlashadi. «Delta» lagerini qurish pudratini olgan amerika kompaniyasi yollagan g‘isht teruvchilar, bo‘yoqchilar, qora ishchilar edilar. Ular orolda bir necha oy ishlashadi, keyin uylariga qaytishadi. Oftobda jizg‘anagi chiqqan yerni kavlashadi, hududni tikanli sim bilan o‘rashadi, kanalizatsiya, elektr, telefon o‘tkazishadi. Ularning va bo‘lajak mahbuslarning badanlari rangi bir xil — ular bitta yarimsharda tug‘ilishgan. Biroq ishchilar uchun Urush yuz dollarlik qog‘oz pulga o‘xshab, yashil rangga bo‘yalgan. Bu odamlar tug‘ilib o‘sgan o‘sha joylar uchun butun bir boylik.

Solni bog‘lab qo‘yish uchun qirg‘oqqa tortishar, dizel motorlar esa so‘nggi bor «kekirib» olgandan keyin ovozi o‘char ekan, endi ko‘rfazdagi suv yana shishaday tiniqlashadi va undan mayda, turli shakldagi benuqson toshlar to‘shalgan suv tubi yiltirab ko‘zga tashlanadi. Qirg‘oqda ikki metrlik iguana — echkiemar yuklarning tushirilishini harakatsiz kuzatardi. O‘z navbatida falshbortdan leytenant Moss jondorni kuzatardi. «Bu loqaydlik rostanam qiziq narsaga o‘xshaydi». Kimning loqaydligi? «Tabiatning. Suv, iguana, bizni qurshab olgan minglab kaktuslar — ular go‘yo atrofda nelar bo‘layotganini sezmayotgandek ko‘rinadilar. Ular har doim shunday bo‘lishgan va har doim shunday bo‘lib qolishadi. Mana bu urush tugaydi va ular yana jon saqlab qolishadi». Siz hamma vaqt harbiy bo‘lganmisiz? «Men zaxiradaman. 11 sentyabrgacha Virjiniyadagi boshlang‘ich maktabda ishlar edim. Xizmat muddatim tugagach, bir necha oydan keyin qaytib ketaman. Uyga. Men bolalar bilan ishlashni o‘lguday yaxshi ko‘raman. Dars berish menga yoqadi. Darvoqe, modomiki italyan ekansiz, qirg‘oqdagi hov anovi daraxt oldiga borib, unga sig‘inishingizga ijozat beraman. Aslida bu joyni amerikaliklar ochishmagan…»

Tosh yodgorlik — aksar hollarda Tarixning joy taqdirini belgilab berishidan bir nishona. Hov anovi daraxt oldida 1494 yil 30 aprelda bu sarzaminga Atlantika orqali o‘zining ikkinchi safari vaqtida Xristofor Kolumb oyoq qo‘ygan. Ko‘ngli bir yomon narsani oldindan sezgandek, Kolumb Guantanamodan juftagini rostlab qolgan, shekilli. Bu yerdan hech narsa topib bo‘lmasligiga to‘la amin bo‘lgan holda uning kemalari ertasigayoq langarlarini ko‘targanlar. Na oltin, na ozuqa, na suv bor edi bu yerda. U bu yerni Puerto Girande[3] deb atagandi — bu nom ko‘plab qaroqchilik janglari, shuningdek, 1848 yildagi ispan-amerika urushidan keyin vaqt qa’rida mahv bo‘lib ketdi.

Pirsni ortda qoldirib, maktab avtobusi Kitteri-roudga chiqdi — bu besh milga cho‘zilgan asfalt yo‘l bo‘lib, «Delta» lagerining oldingi chizig‘ini harbiy-dengiz bazasidan ajratgancha bo‘yinning janubiy qismini qoq ikkiga bo‘lib turadi. Ortimizdan bahri muhit ingichka moviy tasmaga o‘xshab ko‘rinar edi. Xir-xir qilgan va yo‘talgan ko‘yi g‘ildirakli noyob topildig‘imiz tikanli kaktuslar qoplagan tepaliklar tomon ketib borardi. Har gal eng tepaga ko‘tarilganimizda ufqdan shu manzara yaqqol ko‘zga tashlanardi.

Leytenant Moss ana shu tikonli devorni imlab ko‘rsatadi — go‘yo uning ortida har doim hujumga shay dushman yashirinib yotganday: «Kastro… uning sovg‘asi». Bu o‘lkalarda, aytishlaricha, (buni bir xudo biladi, rostmi- yolg‘onmi, balki bu «soldat radiosi» o‘ylab topgan navbatdagi afsonadir, xolos), qirq besh kvadrat mil amerika yerini qoplab olgan bu tikanli gilam Kastro qo‘li bilan «to‘qilganmish». Orolning bu qismini bosib olishga kuchi yetmagandan keyin u unga kaktuslar ekib tashlaganmish. Aftidan, Mossga bu fikr juda yoqib tushdi: «Shimoli-sharqdagi anovi tizmani ko‘rayapsizmi? Kuba chegarasi minoralari qo‘qqayib turgan xoli yerning narigi tarafiga bir qarang-a»[4]. Kastro u yerga ming tup kaktus ekdirgan, shamol uni changlantirib, tepalikning bu tomoniga uchirib o‘tgan. Natijasini ko‘rib turibsiz. Albatta, bu yer qancha turishini hisobga olmaganda…»

Yiliga to‘rt ming sakson besh dollar. Manxettendagi uch xonali xonadonning ijara haqidan o‘n besh marta kam. O‘zining to‘rt yuz minglik harbiy dengiz flotini Florida shtati sohillarida bevosita avvalo Ispaniya hududlari, qolaversa, kommunistlar hududlari yaqinida ushlab turgani uchun 1903 yil sentyabridan beri Qo‘shma Shtatlar hukumati Gavanaga shu pullarni to‘lab keladi. Bu shartnomani (sine die) hatto Kuba inqilobi ham buza olmadi (darvoqe, u ijara haqini olishdan bosh tortadi). Shartnoma 1962 yildagi Karib mojarosini, 1964 yildagi Suv urushini, 1991 yili Kubani Gaitidan qochoqlar oqib kelishi voqeasini boshidan kechirdi.

Aynan shu yerda ikkita devor qad ko‘tarib turibdi. Biri — tikonli simli va piyoda askarlarga qarshi eski minoralari bo‘lgan sovuq urush va Kuba kommunizmi davri. Ikkinchisi — terrorizm bilan urushning lager po‘lat qafaslarini yashirib turuvchi devori. 1903 yilgi bitimni bekor qilish yoki qayta ko‘rib chiqish uchun har ikkala tomon, Vashington va Gavana o‘zaro majburiyatlarini «ixtiyoriy ravishda» rad etishi kerak. Bu endi hech qachon bajarib bo‘lmaydigan narsadir.

Kitteri-roud bir tomonga qarab buriladi va kutilmaganda so‘nggi dovonda kaktuslar safi ikkiga bo‘linadi. O‘tish qismining o‘ng tomonidan dengiz tuzi qoplagan «Caribbean circle»[5] temir ko‘rsatkichi qo‘qqayib turibdi. O‘n besh-yigirmatacha zang bosgan yashil qurilish vagonchalari. Ehtimol, kimdir vagonchalar atrofidagi golfbop maydonni tozalashga harakat qilgan bo‘lsa kerak, biroq quruq shox-shabbalar va kaktuslar ko‘rinishidagi to‘siqlar va tuproqdagi o‘ydim-chuqurlardan koptokning dumalab o‘tishiga kishining ko‘zi yetmaydi. Bu ushalmas orzuning ro‘yobga chiqishiga o‘xshardi. Uindvord bazasini «Delta» lageridan ajratib turuvchi besh kvadrat millik sahro o‘rtasidagi yagona sun’iy ko‘ngilochar oroli. «U yoqdan chiqqandan keyin o‘z boshingni tartibga keltirib olish uchun a’lo joy…» — izoh beradi Moss.

Dengiz ko‘zdan yo‘qolgan. Ortimizdagi moviy tasma endi ko‘rinmasdi, ikki mil yurar-yurmas biz uning yaqinligini his etmay qo‘ygandik. Oldimizda o‘lik yer o‘z jismini ko‘rsatadi, ko‘z o‘ngimizda jazirama quyosh ostida odamlar va narsalar suzadi. Maktab avtobusi yo‘l o‘rtasida charaqlab turgan blok post oldida to‘xtadi. Zang bosgan qorovulxonadan qurollangan uch nafar harbiy mo‘raladi va avtobusni tekshirishga ruxsat berishimizni so‘radi.

Bu ozod odamlar yerini «Delta» lageridan ajratib turuvchi so‘nggi chegara. Kitteri-roud— sharqqa, Freedom Heights, Ozodlik tepaliklariga olib boradigan yagona yo‘l. Bu to‘siq Guantanamo 2002 yilining dastlabki to‘rt oyida «Delta» lageri faqat qog‘ozdagina bor bo‘lgan va «X-ray» — «X-nurlari» lageri bilan qanoatlanishga to‘g‘ri kelgan vaqtda qanday bo‘lgani borasidagi xotirani saqlab qolgan. Harbiycha lahjadan yuzaga kelgan yana bir lisoniy mavhumlik. Bu yerdagi hamma narsa kabi. Ch — Charli sifatida, D — Delta sifatida, Z — Zulu sifatida[6], X-X nurlari, sharm paymonasi sifatida. Amerika birinchi marta butun dunyoga qasosning chehrasi qanaqa bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatib qo‘ygandi. O‘shanda 2002 yil yanvarida ob’ektiv nigohi qizg‘ish jomakordagi po‘lat qafaslarga qamab qo‘yilgan aft-basharalari burishiqli tutqunlarning qiyofalarini tasmaga abadul-abad muhrlab qo‘ygandi[7].

Bugungi kunda mazkur hudud harbiy libosni kiymaydiganlar nigohidan yashirib qo‘yilgan. Bamisoli kirish yo‘lining berkitib qo‘yilishi xotiradan o‘chirib tashlashni anglatadigandek. Endi bu yana chang-to‘zonli tekislikka aylangan, tikonli simlar va zanglagan qurilish chiqindilariga to‘lib-toshgan. Leytenant Moss maroq bilan so‘zlashdan o‘zini tiyolmaydi, balki u o‘tmishni kavlashtirish shartmikan deb ichidan ikkilanayotgandir ham: «O‘shanda sizning bu yerda bo‘lganingizni men qaydlar daftarida ko‘rgandim. Lager endi-endi qurila boshlagandi. Tajriba qiziqarli bo‘lgandir, balki?» Lagerdagi mahbuslarni saqlash sharoiti xalqaro me’yorlarga mos kelishini butun dunyoga namoyish qilar ekan, Amerika hukumati vaqti-vaqti bilan xalqaro matbuot uchun uyushtirgan safarlaridan birida 2002 yil martida menga o‘xshab ishtirok etgan barcha kishilarga bu lager qiziq tuyulgandi.

Aynan shundoq safari.

Bizni oynasi qoraytirilgan «ford-tranzit»ga o‘tqazishdi. Bunday oynadan faqat bir tomondan turib ko‘rish mumkin – ichkaridan turib. «Ford» odam qadami tezligi bilan toshloq lagerni enlab va bo‘ylab naq uch marta aylanib chiqdi — osmonda vertolyotlar aylanib kuzatib yuribdi. Safarini Windschield tour — Shamol oyna xalqasini tambalab turadi. Men tikonli sim tortilgan va kuzatuv minoralari bo‘lgan mo‘jazgina qafaschalarni ko‘rdim, ularda jazirama quyosh va projektorlar nuri ostida odamzot yetti bukilib o‘tirardi. Suvsiz va kanalizatsiyasiz qafaslar yog‘och va temirdan yasalgan bo‘lib, bir tomonidan nova burmali temir tunukalar bilan yopib qo‘yilgan. Ko‘zim qafaslarning bir burchagidagi tungi tuvakka tushdi (uch yuz dona — har bir mahbusga bittadan) tuvaklar hojat vaqtida barcha mahbuslarga yaqqol ko‘rinib turadigan qilib qo‘yilgan. «Ford» yaqinlashib kelishi hamon shu paytgacha holsiz ko‘krakka tushirilgan boshlar birdan ko‘tarildi. Odatda hayvonlarga ovoz ana shunday ta’sir qiladi. To‘satdan mahbuslardan biri o‘zini qafasga ura boshladi va men undan ko‘zimni uzolmay qoldim. U bir qo‘lini og‘ziga tiqdi, ikkinchi qo‘lining kafti bilan «yo‘q»ni ifoda etishga harakat qilib, u yoqdan-bu yoqqa silkita boshladi. So‘ngra to‘xtovsiz harakatlar bilan, buni oldindan va mufassal o‘ylab olgani yaqqol ko‘rinib turardi, u qo‘llarini yelkasi barobar ko‘tardi. Yozilgan barmoqlari sonni bildirardi. O‘n to‘rt, o‘n to‘rt. O‘n to‘rtta mahbus ochlik e’lon qilgan. Biroq bunaqasi boshqa takrorlanmaydi. «Delta» lagerida nega bunday bo‘lishini anglab yetdim.

Avtobusni tekshirish nihoyasiga yetadi, shlagbaum ko‘tariladi. Moss kaftining orqasi bilan peshonasidagi terni sidiradi. U mening nima haqdadir qattiq o‘yga tolganimni ko‘radi. «Xo‘sh, siz tayyormisiz?» Bizni lagerda kutishyapti…»

IChKARIDA

«Salli» yoki «Salli-8» — po‘lat do‘zaxga olib boradigan eshik shunday atalardi. Ichkariga kirib, biz qarshimizda shunday eshikli yana bir devorni ko‘ramiz. Oldingi eshik sharaqlab yopilmaguncha keyingi eshik ochilmaydi. Shu tariqa taxminan o‘n metrlar davomida xuddi qirchumoli uyasidek, kirish boru chiqish yo‘q. Kiraverishdagi devorga mixlangan lavhachaga: «Delta» lageri — ozodlikning himoya qilish sharafi deb yozib qo‘yilibdi, u «Salli-8» qulfi sharaq etganda g‘oliblar kabi mag‘lublarning ham ko‘z o‘ngidagi manzaraga ochiq-oydin zid kelib turardi. Bu kalimani har bir burchakda g‘urur bilan zamzama qilishadi, bu bilan bunday jazoning «zaruriyligini», demakki, «to‘g‘riligini» e’tirof etishga undovchi sabablarni oqlashga harakat qiladilar. Mahbuslarni saqlash shart-sharoitlari Uchinchi Jeneva konventsisi tasdiqlagandan uzoq, chunki lagerga tushgan odamlar harbiy asirlar emas. Balki enemy combatant — jang qiluvchi muxoliflardir. Ularda ayblov hukmisiz qamashning yangi amaliyotini alqab turish mumkin. Yagona maqsad — boshqa hamma uchun anglab bo‘lmas hisoblanuvchi qamoq nazoratchilarining irodasini mustahkamlash.

«Salli» oldida, ya’ni lahad oldida (uning chinakam o‘lchamlari va yassisimon yon ko‘rinishi hozir ko‘z o‘ngimizda namoyon bo‘lmoqda edi) qaddini g‘oz tutib, leytenant Moss, bordi-yu, biz ehromga kirib qolgudek bo‘lsak, qanday bo‘lishini nasihatomuz sharhlab beradi: «Biz uni the wire – sim deb ataymiz. Buning nima uchun bunday deyilishini tushunish qiyin emas. Taxminan o‘n metr balandlikdagi devorga mahkamlangan bir necha kilometrlik tikonli sim lahad aylanasi bo‘ylab cho‘zilgancha butun atrofni quyoshda charaqlagan so‘ngsiz buramalari bilan qurshab yotardi. Sim kuzatuv minoralariga razm solishga xalaqit berardi va lager hududida bemalol yurgani qo‘ymasdi. Minoraning tagi qurib qolgan g‘ovak o‘simlik tanalariga o‘xshab ko‘rinardi, tikonli temir o‘ram, the wire, ular ustida bamisoli ko‘k qontomirdek bo‘rtib turardi. Hamma joyga fotoelementlar suqib tashlangan. Minoralar uzra yulduzli yo‘l-yo‘l bayroqlar hilpiraydi, minoralardagi qo‘riqchilar arvohdan sira farq qilmasdi, ularning basharalarini ko‘rish amri mahol, tikkayib ko‘rinib turgan vintovka ularning borligidan darak berib turardi. Sayqallangan m-l bilan xiyol chayqagancha qo‘riqchilar vintovkalarini goh lagerning ichki hovlisiga, goh chegara oldi hududlarga to‘g‘rilar edilar. Mo‘ljalni bir maromda almashtirib turish qanchalik g‘ayriixtiyoriy bo‘lsa, shunchalik siyqasi chiqqan, zerikarli ham edi.

«Salli»ning ro‘parasida shiypon skameykaga o‘xshaydi. Atrofi devor bilan o‘ralgan lahad tomonga qaragan buni sahroning qoq o‘rtasiga keltirib qo‘yish fikri qaysi kallavaramdan chiqdi ekan? Bu bejiz emas ekan, har qalay «Delta» lagerini faqat shu skameykadan turibgina fotoga olish mumkin ekan. Bu «cheklovlar»ni bir amallab tushuntirib berishni Moss o‘zi uchun joiz deb biladi: «Siz, albatta, sizga muhim bo‘lib ko‘ringan hamma narsani payqashda erkinsiz. Biroq buni faqat ko‘zingiz bilan ko‘rganingiz boshqa-yu, fotoapparatda suvratga olganingiz boshqa. Skameyka nega bu yerda turganini bilasizmi? Maxfiylik yuzasidan».

Lagerni tashqaridan kuzatgan odamga ko‘rish masofasi cheklangan, biroq ayni vaqtda u ko‘p narsani ko‘ra olmaydi. To‘rdan qilingan o‘n metrlik devor yana zich yashil parda bilan to‘silgan, undan kuzatuv minoralari va tikonli simlar bo‘lmagan narigi yoqdan hech narsani ko‘rib bilishning sira imkoni yo‘q. Tashqarida bo‘lgan odamdan parda hamma narsani to‘sib turadi. Ichkari bo‘lmalardan ham.

«Salli» oldida tarjimai hollari turlicha va badanining ranglari xilma-xil bo‘lgan ikki harbiy turibdi — ular lagerning tartibi va xavfsizligi uchun javob berishadi. Polkovnik Adolf Makkuin — qora tanli, mayor Jon van Natta — oq tanli. Birinchisi ko‘rinishidan qirqqa borgan: qomati tarang, mo‘ylovi ingichka. Ikkinchisi — elliklarda: ko‘zlari chaqnoq, gavdasi to‘la, harakatlari vazmin. «Natta», deb o‘zini tanishtiradi u va xayolimizdan bu odam asli italyan bo‘lsa kerak degan fikr lip etib o‘tadi, biroq savolingizga inkor javobni olasiz: «Yo‘g‘-e, nimalar deyapsiz. Shunchaki «van» qo‘shimchasi meni bu yerga ko‘chirganlarida ismi sharifimdan tushib qolgan. Uni hech kim tilga olmaydi, binobarin men o‘zimning bilishimcha, qaysidir golland bobokalonimizdan meros bo‘lib qolgan ismi sharifimning bir bo‘lagiga ega bo‘lib turibman».

«Uning gapiga quloq solmang, — kuladi Makkuin, — bu yerda mayorning ismi sharifini hech kim bilmaydi, hamma uni Doktor deb chaqiradi, vassalom. Bu izoh menda qiziqish uyg‘otdi. Doktor deb chaqiradi? Nima uchun? «Mayor Van Natta qamoqxona nazariyasi bo‘yicha dissertatsiya qilgan. U o‘z hayotini tikonli simning narigi tomonida o‘tkazgan. Polkovnik Makkuinning ta’kidida, ehtimol, hazil alomatlari ham yo‘q emasdi, ammo juda ham yengil hazil. Nima bo‘lganda ham van Natta — dissertatsiya himoya qilgan. Uni, zaxiradagi zobitni, bu yerga, ko‘rfazga yuborishlaridan oldin tikonli simning narigi tomonida – ham u fuqarolik xizmatida bo‘lgan edi. U Miami Contry Correctional Facility — Indianapolning shimolidagi o‘ta maxfiy axloq tuzatish koloniyasida boshliq bo‘lgan edi.

Qulf shiqirlaydi va shu zahoti «Salli» ochiladi, poshnalar taq-tuq qiladi — qorovullar chest berishadi va ikki zobit hamda mehmonga salom berishadi. Van Natta birinchi bo‘lib o‘tadi va ehtiyot bo‘ling degandek tikonli simga ishora qiladi. Toki bormi? «Yo‘q, eng oddiy sim. Biroq baribir xavfli. Holbuki shaxsan men, to‘g‘risini aytsam, Amerikadagi uyimda ularni tokka ulab qo‘yardim». Biz ko‘zni qamashtirguvdek oppoq, g‘oyatda mayda va changli, oftobda obdon qizigan shag‘al to‘shalgan katta maydondan chiqamiz. Van Nattadan shov-shov ter oqadi va nimagadir o‘zi haqida gapirishda davom etadi. Lagerdagi xizmati haqida, u to‘g‘risida ko‘p narsalarni aytib beruvchi o‘z xobbisi haqida so‘zlaydi: «Men nodir parrandalarga qiziqaman. Ikkita katta-katta qafasda ellik juftcha qushim bor. Ishlamagan vaqtimda ularni kuzatib, o‘zimga dam beraman… Siz-chi, qushlarni sevasizmi?»

Biz «Salli»dan ellik qadamcha uzoqlashamiz. Undan ko‘p emas. Biroq shunday tuyuldiki, go‘yo biz vaqt oqimi to‘xtab qolgan qandaydir noma’lum sarzamin ichiga bir necha kilometr kirib ketgandaymiz. Lagerdan tashqarida yastanib yotgan hududlar ortimizda qolgan (bu hududlar aslida qo‘l uzatsa yetgulik joyda), biroq neylondan qilingan zalvorli yashil parda u yoqdan kelayotgan tovushlar va hidlarni o‘tkazmaydi. Parda ularning borligini aslo bildirmaydi. Pardadan hech narsa, hatto shamol ham yorib o‘tolmaydi, u tufayli bizning shundoq qarshimizda turgan dengiz ham mutlaqo mavhum narsaga aylangan.

Polkovnik Makkuin to‘satdan to‘xtaydi. U o‘zidan chap tomondagi uylarni qo‘lini cho‘zib ko‘rsatadi, so‘ngra o‘ng tomondagilarni ko‘rsatadi. Xuddi birgina qo‘l harakati bilan biz ko‘rib turgan hamma narsani quchoqlab olmoqchi bo‘lganday. O‘n sakkizta po‘lat qafas ko‘rish uchun to‘rttala tomoni ochiq, tosh o‘rnida qalin temir beton. Har bir blokda yo‘lakning har ikki tomonidan qirq sakkizta qafas joylashtirilgan. Har bir qafasda bittadan mahbus. Oltita blok qanot hosil qilgan. Birinchi, Ikkinchi, Uchinchi —raqamlar qanotlarga aytarli hech bir mulohazasiz berilgan — ularni tiklash vaqtiga qarab qo‘yilgan: 2002 yil 28 aprelda (Birinchi), 2002 yil 28 mayda (Ikkinchi), 2002 yil 22 oktyabrda (Uchinchi). Qanotlar bir-biridan butunlay ajratib qo‘yilgan: bitta qanotdan boshqasida nimalar bo‘layotganini ko‘rishning ham, eshitishning ham iloji yo‘q. Qoidalarga ko‘ra, ajratib qo‘yish «maksimal» darajada bo‘lishi kerak. Biz chapga birinchi qanotga qarab boramiz — u yerda bir qancha bo‘sh qafaslar bor, polkovnik Makkuinning navbatdagi gapining haqiqatligiga ko‘zimiz bilan ko‘rib ishonch hosil qilishimiz uchun van Natta bizni o‘sha yoqqa olib o‘tadi: «mahbuslarni saqlash shart-sharoitlari insonlarga munosabatda bo‘lish andozalariga to‘la mos keladi».

Po‘lat bloklar oralig‘ida yo‘lakka o‘xshab yotqizilgan shag‘al yo‘ldan yana birmuncha muddat yurib boramiz. Temirbetondan qilingan oynasiz to‘rt uy ortda qoladi. Ularning har biri ichiga faqatgina ko‘ndalang yo‘lak xarilar bilan mahkamlangan yagona ensiz temir eshikdan kiriladi. Omborlarmi? Harbiylar mening savolimni soddalik namunasi sifatida (va mutlaqo to‘g‘ri) qabul qiladilar. Holbuki, ayni holda u qandaydir qutquli eshitilishi ham mumkin-da. «Sizningcha, ular omborlarga o‘xshaydimi? Bular so‘roq qilinadigan xonalar». Chiroqsiz va dim holatda-ya? «Tomga sinchiklab qarang: xonalar konditsioner bilan jihozlangan. Chiroq ham bor, faqat elektr chirog‘i. Kechayu kunduz yonib turadi». Bunday sharoitlarda mahbus kunduzni tundan ajratolmaydi va so‘rovda bir soatmi, ikki soatmi, uch soatmi yoki goho bo‘lib turgandek, to‘qqiz soatmi o‘tirganini anglolmaydi. Ichkarida gaplaru qichqiriqlardan, so‘roq xonasidan kamerani ajratib turuvchi bo‘shliqda hatto zaif aks sado ham quloqqa chalinmaydi. Bu yerga kim kiradi-yu, kim chiqadi, buni hech kim ko‘rmasligi va eshitmasligi uchun ularni ataylab sal nariroqqa joylashtirishgan. Qachon kirib-chiqishadi, qanday holatda kirib-chiqishadi va necha marta kirib-chiqishadi — hech baloni bilib bo‘lmaydi.

Bu devorlar ortida sodir bo‘ladigan narsalar — sara odamlarning ishi. Ular «Yo‘lbarslar» jamoasi deb ataladi: bular MRB va maxfiy politsiya boshqarmasi, FBR va Adliya vazirligi, davlat departamentiyu Fuqarolik va muhojirlik ishlari bo‘yicha idora xodimlari. Xudoning bergan kuni ertalab bu odamlarning oynasi qoraytirilgan avtobusdan qo‘llarida ishga shoshayotgan boshqa barcha yo‘lovchilar foydalanadigan yo‘l chiptalari bilan tushib kelayotganlarini ko‘rishingiz mumkin. Ularning «Norasmiy so‘roqlar»ini haftasiga uch yuz marta — xuddi ular so‘roq vaqtida foydalanadigan uslublar singari sir pardasi chulg‘ab oladi. So‘roqlar haqidagi g‘aribona ma’lumotlarni bizga so‘roqqa tortilganlarning o‘zlari yetkazadilar. Muhammad Naim Faruq hikoya qiladi: «Meni Guantanamoga olib kelishgan kuni so‘roq qilishdi. So‘ng uch oy davomida — jimlik. So‘ng to‘satdan to‘rtinchi oyda, ular yana gaplarimni eshitgilari kelib qoldi. Ular meni so‘roq qilish xonalariga taxminan oyda bir marta olib kela boshlashdi. O‘z-o‘zidan ma’lumki, bizda taqvim yo‘q edi. So‘roqlar soatlab cho‘zilardi. Nechtaligini aniq bilmayman. Menga har doim bir xil savollar berishardi. Mening javoblarim ham bir xil bo‘lar edi. Har bir so‘roq oxirida menga bundan keyin bo‘lmaydi, deb va’da berishardi, meni o‘ziga kelib olsin deyishardi-da. Bu hol necha oylab davom etardi. Kameraga qaytib kelgach, oylab men ularni bergan so‘zlari ustida turmasliklarini anglardim… Ular asabimga tegish uchun jo‘rttaga shunday qilishadi…

Afg‘on Muhammad Tohir ham Faruq singari eslaydi: «Meni surunkasiga sakkiz, balki o‘n oy so‘roq qilishdi. Biroq uyga qaytganimdan buyon u yoqda o‘tgan kunlarim haqida hech narsani eslolmayman…»

Birinchi qanotgacha bir necha odim qoladi, mayor Van Nattaning birgina — u ta’kidlab gapiradi — talabi bor. Eng osoni yakkayu yagona va shart bo‘lgan bir qoidani esda tutmoq kerak. Shunga rioya qilmasak, meni o‘sha zahoti lagerdan chiqarib yuborishadi va barcha audio, video va fotos’yomkalarimni musodara etishadi.

«Siz hech qanday yo‘l orqali mahbuslar bilan muloqotda bo‘lmaysiz. Har qancha e’tiboringizni jalb qilishga harakat qilishmasin, mumkin emas. Bordi-yu, ular e’tiboringizni tortmoqchi bo‘lishsa, teskari o‘girilib oling. Bilasizmi, ular juda ayyor. Vaqti-vaqti bilan jurnalistlar kelib turishini bilib qolishgan va ularga gap tayinlashga intiladilar. Siz balki gapimga ishonmassiz, ammo ularning ko‘pchiligi ingliz tilida juda yaxshi gaplashishadi. Endi esa, marhamat. Xush kelibsiz…»

Birinchi qanotda tiriklayin ko‘milganlar mayorning so‘zlarini eshitgan bo‘lishlari kerak. Yoki juda bo‘lmaganda qo‘riqchining bir maromdagi odimlariga o‘xshamagan tovushni ilg‘ab, uning kelganini anglagan bo‘lishlari kerak. Qafasda shakl-shamoyili elas-elas ko‘zga tashlanib turgani sho‘rliklardan biri bir vaqtning o‘zida hazil va iltijo qorishib ketgan ohangda oh-voh qiladi: «Eeeeenglish[8]………. Eeeeenglish………. Eeeeenglish……….» Bir ohangdagi xirgoyiga boshqa ovozlar qo‘shiladi, qisqa-qisqa to‘xtab, «Eeeeenglish………. Eeeeenglish………. Eeeeenglish……….» so‘zlari quloqqa chalinadi. Qizg‘ish rasmiy libosli ikki davangiday odam kameralarning ular mudrab o‘tirgan burchaklaridan ko‘tarishadi. Ularning chehralari qorachadan kelgan va yuzlari kichik-kichik. Xira tabassumlari orasidan oppoq tishlari tirjayib ko‘rinadi. Ular yuzlarini po‘lat to‘rga tiraydilar va peshonalarida to‘r izlari qoladi. Ular jajji barmoqlarini ari uyasidek keladigan tor to‘r teshigiga suqadilar va ko‘rsatkich hamda o‘rta barmoqlarini bolalar «ku-ku» o‘yinidagiga o‘xshatib qimirlata boshlaydilar, bu salomlashuv yoki oddiy hayot harakati bo‘lsa, ehtimol. Mayor, van Natta qadamlarini jadallatadi va qo‘li bilan imlab tomosha ko‘rsatishlarini to‘xtatishga ishora qiladi. «Qani, iltimos oldinga o‘tinglar. Xudo xayringizni bersin, mahbuslar bilan muloqotga kirishmanglar…»

Havoda dezinfektsiya dorilari va ularning ko‘ngilni behuzur qiluvchi badbo‘yi dimoqni teshguday bo‘ladi. Lager shamollatish tizimi badbo‘y havo oqimini tepaga haydaydi, u yerda ulkan parraklarning katta-katta lappaklari uni dahma toshidagi ko‘plab teshiklar orqali ko‘chaga quvib chiqaradi. Van Natta mana shu teshiklar sharofati bilan qafaslarga salqin va top-toza ajoyib dengiz havosi kelib turishini maqtanib gapiradi. Agar mayor lappaklardan biri ostida tik turganida yuzidan ter shovillab libosiga oqib tushishiga amin bo‘lar edim. «Delta» lagerining qanotlari ko‘rfazdagi konditsionerlar bilan jihozlangan yagona xonalar ekanligini bilmaganimda ham boshqa gap edi.

Qulfning yana og‘ir sharaqlagan ovozi eshitiladi. Qizigan havoning yana bir to‘lqini kelib uriladi. Meni birinchi qanotning bo‘sh qafasiga kirishga taklif etishadi: tsement pol, ikki qadam u yoqqa, uch qadam bu yoqqa. Bir metr sakson santimetrga ikki yarim metr, bir santimetr ortiq yo kami bilan. Qafasda bitta ham yaxlit devor yo‘q — mahbusning maqsad yo niyatini bildiruvchi har bir harakati, har bir ishorasi qorovulga ko‘rinib turishi kerak. Qafas blokni ajratib turuvchi yo‘lakka ochiladi. Xuddi shundaylardan o‘n ikkitasi sirasida u birinchisi. Devorga payvandlangan karavot (matrasli temir to‘r) balandligi bilan xonaning chap devorini qoq ikkiga bo‘lib turadi. Karavotning uzunligi to‘r uzunligiga teng, eni esa yetmish santimetrni tashkil etadi, demak bo‘sh joy shu qadar oz qoladiki, kamera bo‘ylab harakat qilishning deyarli imkoni bo‘lmaydi. Mahbus barcha vaqtini o‘tirib yoki chalqancha tushib, yo yonboshlab yotgan ko‘yi o‘tkazishga majbur. Kechasi ham, kunduzi ham. Shiftga tikilgancha karavotning bosh tarafidagi ellik santimetrlik bo‘shliqdan bahramand bo‘ladi, xolos. Karavotdan tashqari kamerada hojatxona ham bor — bu poldagi po‘lat tirqish — yana tahorat uchun po‘lat chig‘anoq mavjud, jo‘mrakdan tinimsiz sho‘r suv ingichka bo‘lib jildirab turadi. Qoida har qanaqangi panalikni man etadi. Hatto hojatxona qarshisidagi latta-puttalarni to‘rga bog‘lab qo‘yish ham mumkin emas. Qizg‘ish libosdagi mahbuslar hammaning ko‘z o‘ngida cho‘nqayib o‘tirgancha hojat chiqarishga majbur. Bordi-yu, ular o‘zlarini tanho his etmoqchi bo‘lishsa, har doim boshlarini tizzalari orasiga suqib, ko‘zlarini yumib olishlari kerak bo‘lardi. Sizga hech kim qaramayotganini tasavvur qilishning birgina usuli bor edi — o‘zingizga qaramaslik, vassalom.

Temir to‘rga Qur’on bog‘lab qo‘yilgan. Yerda joynamoz yozig‘liq: qora bo‘yoq bilan chizilgan o‘q shakli bu yerdan 12793 kilometr masofadagi Makkani ko‘rsatib turibdi. Har kuni besh mahal mahbuslar lager muazzinining ovoz kuchaytirgichdan taraluvchi azoniga muvofiq yuzlarini o‘sha tomonga qaratgan holda tiz cho‘kib ibodat qiladilar.

Qafasning bo‘sh burchagida naridan-beri quyidagi narsalar bitib qo‘yilgan: bir juft rezina boshmoq, ikkita sochiq, ikkita adyol, yostiq, bir juft sarg‘ish short, ikkita oq futbolka, bosh kiyim, namozda surtiladigan moy, sovun, juda qattiq ma’dandan dumaloq sopli kalta tish cho‘tkasi (bironta mahbusda undan qurol yasash xohishi tug‘ilib qolmasin uchun maxsus shunday qilingan). Yana o‘yinlar ham bor. Ha, ikki sherik uchun o‘yinlar. Shashkalar va shaxmatlar. Qartada fol ochishdan boshqa kishi yolg‘iz o‘zi o‘ynaydigan boshqa qanday o‘yinlar bor? Bu savol bir lahza mayorning menga bo‘lgan xayrixohligiga shubha uyg‘otdi. «Ha, aytganday…. Shaxmatni bir kishi o‘ynasa ham bo‘ladi. Keyin esa, qafaslarda ularning qo‘shnilari ham bor». Deylik, to‘rning mayda ko‘zi orasidan shaxmat taxtasini ko‘rish mumkin. Ammo butun qo‘lni qo‘yavering-u, kaftni o‘tqazishning aslo imkoni yo‘q. Endi birgina ermak qoladi — mutolaa. Mahbuslarning kitob o‘qishi man etilmagan. Ikki rezina g‘ildirakli aravacha blok yo‘laklaridan o‘tib borayotganida, mahbuslar to‘kib qo‘yilgan bir uyum kitoblardan bittasini ko‘rsatib, mutolaaga o‘zi uchun tanlab oladi. «Biz oltmish besh ming yangi kitoblarga buyurtma berdik, — deydi van Natta. — Garchi arab tilidagi shuncha kitobni topish bizga oson bo‘lmasa-da, kitobga talab haddan tashqari katta». Nima bo‘lganida ham harbiy tsenzura ma’qullagan kitoblar. Ertaklar, mo‘jizaviy muhabbat haqidagi afsonalar, qahramonlik dostonlari.

Bundoq olib qaraganda qafas dengizga qaragan. Karavotdan to‘rt yuz metrlar narida to‘lqinlarning «Radio Renj» sohilidagi oppoq qumlarga kelib urilayotgani ko‘rinib turishi kerak edi. Kerak edi. Chunki dengizning borligi bu yerda sira sezilmasdi. Yashil neylon parda hammasini to‘sib qoladi. Dengizni ham, sohilni ham, osmonni ham. Bu ikkiyoqlama jazo boshqa joyning bor bo‘lishi mumkinligi haqidagi orzuni ham yo‘qqa chiqaradi. Van Natta go‘yo chet ellik jurnalist bilan suhbat uyushtirish uchun birdaniga shaxsan katta ahamiyat kasb etib qolgandek kutilmaganda dangal-dangal izoh bera boshlaydi: «Bu aslida jazo ham emas. Gapimga ishonavering. Bu bor-yo‘g‘i mahbuslarni to‘sib qo‘yishning bir usuli, xolos». Nimadan? «Qiziquvchan ko‘zlardan. Chunki dengizdan ko‘rfaz suvlarida turish huquqiga ega bo‘lmagan kemalar suzib kelib qolishi mumkin. Kimdir teleob’ektiv yordamida mahbuslarni suvratga olishga harakat qiladi. O‘zingiz yaxshi bilasiz-ku, harbiy asirlarni odamlar ko‘radigan joyga qo‘yib qo‘yishmaydi».

Mahbuslar qafasdan haftasiga to‘qson daqiqagina chiqadilar. Kunora o‘ttiz daqiqadan uch marta. Bu eng kichik jismoniy mashqlar bo‘lib, busiz mahbuslarda qo‘l va oyoqlarda aniloz va mushaklarda atrofiya boshlanadi. Qizg‘ish libosdagi mahbuslar bu daqiqalarni, har holda, boshqa barcha vaqtlari kabi yolg‘izlikda o‘tkazadilar. Biroq sayrga chiqishdan oldin ular «uch narsa»ni kiyishlari kerak — bu o‘ziga xos no‘xta bo‘lib, biroq odam uchun qilingan no‘xtadir. Charm kamardagi baquvvat halqalarga ilmoqlar bilan panjalarni to‘piqlar bilan tutashtirib turuvchi ikki metrli zanjir mahkamlanadi. Bu usul chopishga xalaqit beribgina qolmay, balki tez yurgani ham, shuningdek, har qanaqangi keskin harakat qilgani va gavdani burgani ham qo‘ymaydi. «Uch narsa»ni rag‘bat olganlarga kiydiriladi — «havoda» o‘ttiz daqiqa bo‘ladi yoki lazaretga yotqiziladi. Shuningdek, so‘roqqa olib borilganlarga yoki qoidabuzarlik qilgani uchun kichikroq qafasga ko‘chirilganlarga kiydiriladi.

«Havo» — bu oyoqlar uchun mukofot, bosh uchun emas. chunki mahbusni bir qafasdan boshqasiga — xuddi shunaqayu faqat bundan olti marta kattasiga olib o‘tadilar. Sement yer, to‘rttala tomoni po‘lat to‘r. Dam urilgan futbol koptogini hisobga olmaganda, qafas ichi bo‘m-bo‘sh: uni har qancha tepib dumalatsa bo‘ladi, biroq u bamisoli qo‘rg‘oshindan qilinganday yerdan ko‘tarishning aslo iloji yo‘q (ular futbolni a’lo darajada o‘ynashadi — izoh beradi van Natta). Demak, bu yerda faqat yurishga yoki yugurishgagina izn berishar ekan. Boshqa hamma vaqtda bo‘lganidek, qafas ichida va tanholikda. Yagona quvonch: bu yerdan osmon ko‘rinib turadi va «havo»dan keyin «suv» bo‘ladi.

Aynan shunday: o‘ttiz daqiqalik «havo» o‘n daqiqalik «suv»ni ham anglatadi. Dush suvi. Bu yerda har yigirma to‘rt qafasga ikkitadan dush to‘g‘ri keladi. Ular qanotning oxirida, sayr qafaslariga kiraverishda joylashgan. Dushlar ham har tomondan ko‘rinib turadigan qilib qurilgan. Ularning yonida devorga ikkita umivalnik qoqilgan, ularning ustida o‘z basharasini taniy olishi uchun haftasiga uch marta qarashni istovchilarga deb maxsus kaftdekkina oyna o‘rnatilgan. Yoki aylana shaklli va ustalik bilan yasalgan tig‘li plastik ustarada soqolini qirtishlab olishga jazm qilganlar (undaylar yakkam-dukkam uchraydi) foydalanadilar. Tig‘ni ustaradan chiqarib olishning iloji yo‘q.

Havo va suv — tiriklikning negizi. «Delta» lagerida bu yaxshi xulq-atvor uchun mukofot. Atrofida mukofot yoki jazo tizimi aylanib turadigan o‘q —mahbuslarni saqlash sohasidagi ilmiy tadqiqotlar samarasi. Yoki yana ham jo‘nroq qilib aytadigan bo‘lsak, bizning avtosug‘urta tizimimiz sohasida hukmronlik qiluvchi «bonus malus»ning[9] bir turi. «Tizim» haqida van Natta faxr bilan hikoya qiladi va uning amal qilish dasturini shunday ohangda tushuntiradiki, go‘yo biz qizg‘ish libosda yangi kelgan arvohlarmiz. «Qamoqning to‘rt darajasi mavjud. Birinchisi — qulayliklarning eng ko‘p miqdorda bo‘ladigani: haftasiga o‘ttiz daqiqadan uch marta sayr, dush va soqol olish uchun — qirq daqiqadan. Ikkinchisi — sayr o‘n daqiqagacha qisqartiriladi. Uchinchisida — besh daqiqagacha. To‘rtinchi darajada mahbus uch sayrdan bittasini yo‘qotadi, demakki dush muddatidan ham. Qolgan shunday ikkitasining muddati xuddi uchinchi darajadagidek».

Yaxshi, hammasi tushunarli. Ammo mana bu «bonus malus»: «barcha yangi kelgan mahbuslar uchinchi darajaga tushadilar. Bordi-yu, dastlabki o‘ttiz kunda ular qoidani buzmasalar, unda navbatdagi — ikkinchi darajaga ko‘tariladilar. Yaxshi xulq-atvor bilan yana bir oydan so‘ng birinchiga ko‘tariladilar. Biroq bordi-yu, mahbus ikkinchi darajada bir oy ichida loaqal birgina qoidani buzsa ham to‘g‘ri to‘rtinchiga tushib ketadi. Ammo to‘rtinchi daraja «Hindiston bloki»dagi qoidabuzarlar uchun yakka kameraga o‘tkazishni anglatmaydi. «Hindiston bloki»da ham hamma joydagiga o‘xshash qafaslar bor, faqat ularning devorlari to‘rdan emas, balki kunduzgi yorug‘ni ham, tungi qorong‘ulikni ham o‘tkazmaydigan yaxlit po‘lat tunukalardan yasalgan. Fikrlash faoliyatiga bo‘lgan qobiliyatini so‘ndirish va qolgan-qutgan qarshilikni sindirish uchun ular maxsus shunday yasalgan. O‘likxona singari silliq va muzdek quti surunkasiga yigirma to‘rt soat yonib turadigan elektr chiroq bilan jihozlangan. «Qamoqqa tushganning birinchi darajasidagi barcha qulayliklardan bahramand bo‘lish va izolyatorga tushmaslik uchun qoidalarga rioya qilinsa bo‘lgani. Qoidalar ularga rioya qiluvchilar uchun juda oson. Ovqat yeyishdan bosh tortmaslik lozim. Qichqirmaslik kerak. Qorovulni haqorat qilmaslik kerak. Nazoratchilarga hamla qilishga urinmaslik va shunday qilish xohishi borligini namoyish etmasligi kerak. Suv va badan chiqindilari: najas va peshobni ularga qarab sepmaslik kerak. Tupurmaslik kerak».

Agar qafasdagi arvohlar va libosdagi qorovullarning ismlari bo‘lganida, ehtimol, qoidalarga rioya qilish osonroq bo‘larmidi. Ular o‘zaro muomalada bo‘lishardi. Ertalablari salomlashishardi, qamoqdagi dilxushlikni birmuncha yengillashtirishardi. Ammo bu yerda buning iloji yo‘q. Chunki siz, ya’ni inson tabiatning tabiiy ifodasi bo‘lib, pul maydalash degan narsa emas, balki sal bo‘lmasa qaynab turgan buloq, nazoratchilar faqat buyruq berish uchungina unga murojaat qilishga, mahbuslar esa bo‘ysunishlarini namoyish etish huquqiga ega.

Mahbuslarning ismlari yo‘q. Faqat qafas raqamiga to‘g‘ri keladigan raqamlari bor, xolos. Nazoratchilarning ham ismlari yo‘q. Lagerda amal qiladigan xavfsizlik qoidalari ismlar yozilgan tasmachalarini skotch bilan kitelga yo beretga yopishtirib qo‘yish talab etiladi. Jahonning boshqa armiyalarida aynan mana shu tasmachalar libosdagi shaxssiz bandaga nom beradi. Lagerning qanoti bu Bobil minorasi bo‘lib, u yerda qirq ikki til va o‘n yetti lahjada uzuq-yuluq va qo‘pol nutqlar jaranglab turadi, notanish mahbuslar ana shunday bir-ikki og‘iz so‘z bilan o‘zaro muloqotda bo‘ladilar, ularning qismatiga tanishish bitilmagan va ular vaqt va qo‘rquvni ana shunday baham ko‘rishga majburdirlar. «To‘rtinchi! Nima qilyapsan?», «O‘n yettinchi! Nega qichqirasan?», «O‘ttiz birinchi! Nahotki nima bersa, shuni yeyish kerakligini bilmasang?»

Ko‘rfazdan uzoqda paydo bo‘lib qolgach, tug‘ilgan mamlakatlarda yoki birmuncha vaqt muqaddas tup qo‘yib, palak yozgan joylarda mahbuslar yana ismlarga ega bo‘lishadi. Bu mamlakatlarning hukumatlari ularning qo‘lga olinganliklari haqida xabar topishadi. Italiyadan sakkiz mahbus…

«Delta» lagerida hech qachon qorong‘i tushmaydi. Kun botish chog‘ida quyosh nuri elektr nuri bilan almashadi. Qafaslarda mahbuslar hech qachon o‘z soyalaridan mahrum bo‘lmaydilar: soyalari olovli shar oralig‘idagi yo‘laklarning shag‘allarini cho‘g‘day qizdirgancha dahma tomi uzra lovullaganda kalta va chaplashgan; qorovullar zangori, asabbuzar nur bilan kameralar va ularga qamalgan mahbuslarni yoritganda esa uzun va qora tusga kirgan bo‘ladi. «Delta» lagerida bir yil o‘tirib chiqqan Said Abassim hikoya qiladi: «Guntanamoda ko‘zim xiralashib qoldi. Kunduzi quyoshning va tunda elektr chiroqlarning ko‘zni oluvchi yorug‘i tufayli. Uxlash uchun boshimizni burkab olgani nazoratchilar zinhor ruxsat bermasdi. Men hamma narsa taqiqlangan hayvonot bog‘ida yashardim. Biz hatto o‘z qafasimizda badantarbiya bilan shug‘ullanish huquqiga ega emasdik. Bir kuni men shunday qilishga uringan edim, meni besh kun teshik-tuynuksiz izolyatorga o‘tqazib qo‘yishdi…»

Mayor va Natta Uchinchi Jeneva Konventsiyasi qanaqayu uning qoidalari qanaqaligini juda yaxshi bilardi. Zero, qoidani buzish uchun uni yaxshi bilish kerak-da. Agar harbiy asirning sog‘lig‘i va xavfsizligini qo‘riqlash uchun zarur bo‘lib qolgandagina uni izolyatsiya (yakkalab qo‘yish) qilishga ruxsat berilardi; mahbusga o‘z shaxsiy buyumlarini saqlash, chekish va, agar imkoni bo‘lsa, ovqatini o‘zi pishirishiga ruxsat berilishi lozim bo‘ladi; uning sport va bilim olish bilan shug‘ullanishiga bo‘lgan xohishi, shuningdek, munosabat o‘rnatishga intilishi jiddiy rag‘batlantirilishi darkor, zinhor-bazinhor bularga barham berish mumkin emas. «Ha, men Uchinchi Jeneva Konventsiyasi bilan tanishman, — tushuntiradi van Natta, — ammo bu mening ishim emas. Men siyosat bilan shug‘ullanmayman, mening vazifam shundan iboratki, bu muassasa qanday o‘ylangan bo‘lsa, shunday ishlasin. Bordi-yu, buyruq o‘zgartirilsa, qoidalar o‘zgaradi. Har qanday holda ham o‘zingiz ko‘rib turibsiz: biz xalqaro huquq andozalariga rioya qilish uchun qo‘limizdan kelgan hamma ishni qilayapmiz. Men bizda muammolar yo‘q emasligini e’tirof etishdan qo‘rqmayman. Bizning muammomiz — mahbuslar o‘z taqdirlaridan bexabar bo‘lishlari shartligi. Ular bu yerdan qachon chiqishadi yoki umuman chiqadilarmi — buni bilmasliklari kerak».

Muammo chakki emas. Ehtimol, hattoki g‘oyat jiddiy hamdir. Ted Konover Nyu-Yorkning «Sing-Sing» qamoqxonasida bir yil ishlagan. 2003 yil iyunida «Nyu York tayms» uni «Delta» lageriga yuborgan. Sababi, amerikaliklarni saqlash sharoitlari bilan tanish bo‘lgan amerikalik qasos olish xohishi qonli seshanba voqealaridan dahshatga tushgan mamlakatni nechog‘li boshi berk ko‘chaga olib kirib qo‘yganini hikoya qilib bera olsin. U bunday deb yozgandi: «Sing-Sing qamoqxonasida ishlar ekanman, mahbuslar ko‘p vaqtlarini qancha muddat o‘tirganlariyu shartli ozodlikkacha qancha qolganini hisoblash bilan o‘tkazadilar, shuningdek, muddatni qisqartirish uchun nima qilish keragu nima qilmaslik kerak — shunga oid qoidalarni qayta-qayta mutolaa qilardilar. Har bir kun — bugunning eng mayda, ammo qimmatli qismi, maqsad sari qo‘yilgan bir qadam. Agar tutqunlikning uzunligini bilsang, qorong‘ulikka, masofaga va badbo‘ylikka bir amallab chidaysan. Guantanamoga buning daxli yo‘q. Mahbuslar ularni qachon ozod qiladilar va umuman ozod qiladilarmi yo yo‘qmi — bilmaydilar, ular hech narsaga umid bog‘lamaydilar — u yerda tergovlar va sud jarayonlari olib borishmaydi. Rasman ular so‘roqlar uchun «Delta» lagerida turishadi, biroq ularning saqlanish sharoitlariga qarab fikr yuritadigan bo‘lsak, ular jazoni shu yerning o‘zida o‘tayotgan bo‘lishadi».

ISTE’MOLGA TAYYoR

Qafaslarda mahbuslarning vazni ortadi. Bu dalilning isboti tariqasida lager kitoblarida muttasil yangilanib turadigan statistik ma’lumotlar bor. O‘rtacha mahbus o‘n uch funtga yoki taxminan olti yarim kilogrammga to‘lishadilar. Xalqaro Qizil Xoch vakillari oldida mana shu bilan nah urib maqtanishadi: mahbuslar kasallik keltirib chiqaruvchi ozg‘inlikdan xalos topadilarki, bu «sog‘liq simptomi» hisoblanadi. Guantanamoda karavotda mixlanib, harakatsiz yotishga mahkum etilgan mahbuslar majburiy ravishda bir kunda uch mahal paqqos tushiradigan ovqat asabiy holatga va inson vujudida buzilishlar sodir bo‘lishiga olib kelishi mumkinligini keskin rad etadilar.

Boz ustiga, bu mahbuslar narigi yarimshardagi odamlar uchun odatdagi hisoblangan bunaqangi yuqori kaloriyali va anvoyu aqsom taomlarga o‘rganmagan bo‘lishsa.

Ovqat muvozanati uchun javob beruvchi zobit — zaxiradagi kapitan Jip Klak. Ellikni urib qo‘ygan g‘ayratchan odam, yuzi dum-dumaloq, tepakal. «Kau Van» firmasining «Aviator» ko‘zoynagi ko‘zlari ostidagi xaltachalarini yashirib turadi. Guantanamodagi xizmatiga qadar u boshqa kosalarni to‘ldirardi. Michigan universitetidagi bir ming uch yuz talaba kosachalari. Yigitlar go‘sht qovurdog‘ini, ketchup mo‘l qilib surilgan xot-doglarni va ikki qatlamli chizburgerlarni jonlaridan yaxshi ko‘rar edilar.

Klak hayhotday oshxonada oshpazlar qalpog‘i, baliqchilar jomakori va etigi kiygan statistlar qurshovida o‘n ikki pechka orasida mehnat qilardi: bular fillipinliklar, kubaliklar, yamaykaliklar edilar. Lagerga kiraverishda qurilish ashyolarini tashuvchi ishchilardagi o‘sha-o‘sha aft-angorlar. Ish haqi ham o‘sha-o‘sha, faqat ish beruvchi boshqa «Pentad Corp» terrorizm bilan urush sharofati ila shartnomalar olishga musharraf bo‘lgan yana bir mijoz. Oshxonaga «Salli»dan sharq tarafiga kiraverishda joy ajratilgan bo‘lib, bu kameralardan uncha olis ham, uncha yaqin ham emas, issiqqa chidamli kulrang ashyodan yasalgan bostirma tagida joylashgan. Tevarak-atrofi qandaydir tsirk maydonini esga solardi. Doimiy badbo‘y va ifloslikdan saqlanish uchun yerga qalin qilib qipiq to‘shalgan. Bu yerdagi bak va kastryullarning jangir-jungiridan quloq bitadi, xonaning qoq o‘rtasiga sirtini dag‘al moy qoplagan idishlarda ovqat qo‘yib qo‘yilgan. Ularning atrofida muzlatilgan oziq-ovqatlar va yarimtayyor mahsulotlar solingan plastik qutichalar g‘arami, yorliqlarida iste’molga yaroqlilik muddatlari ko‘rsatilgan — ikki hafta, shuningdek, ishlab chiqaruvchining nomi va uning manzili yozilgan. «Jeksonvil, Florida, Sysci Food Servise» — Amerika Qo‘shma Shtatlari harbiy-dengiz kuchlarining to‘rt yil ichida o‘n bir million yetti yuz ming dollar ishlagan pudratchisi. Mevalarni esa bu yerga yangi holatida keltirishadi. Har seshanbada. Norfolkdan. «Bu yerda biz faqat non pishiramiz, — mamnun jilmayadi Klak, — bu ham osonga tushmaydi biz uchun». Oq non, frantsuz bageti va shoxsimon bulochkalar.

Bugun tushlikka (11.30da) mahbuslarga jez kosachalarda lo‘viya va guruchli, sous solingan tuxum karrisi tortiladi. Qoidaga ko‘ra, ular bor ulushlarini spork — plastikdan qilingan, qoshiq va sanchqining duragayi bo‘lgan g‘alati buyum yordamida yigirma besh daqiqa ichida yeb bo‘lishlari kerak. Mahbus va atrofdagilar uchun spork — kameradan foydalanish mumkin bo‘lgan yagona bezarar oshxona asbobi. Kechlik (20.00 da) tushlikdan farq qiladi, xuddi ertangi tushlik berish kunidagi kechlikdan farq qilgani kabi. Faqat nonushtaga (06.30da) har doim bir xil ovqat beriladi. Lager taomnomasida ko‘ngil tusash degan gapni-ku qo‘yavering, hatto xayolga kelgan taomni aytishga ham yo‘l qo‘yilmaydi. Oshxona burchagidagi tokchada yag‘iri chiqqan kitob turibdi, unga mahbuslarni nima bilan va qancha boqish kerakligi aniq yozib qo‘yiladi. Idishlarning bir martadagi almashinuvi boshqa imkoniyatlar yo‘qligida vaqtni hisoblashga yordam beradi. Og‘zida tovuq go‘shti ta’mini qayta sezguncha rosa bir hafta o‘tadi. «Kitobni varaqlab ko‘ring, o‘tinaman sizdan. Mahbuslarning taom xillari rang-barangligiga amin bo‘lasiz…» Baliq filesi, baliq dimlamasi, baliq sho‘rva, qo‘y go‘shti, tuxum, guruch, kartoshka, lo‘viya, dukkaklilar, no‘xat, mol go‘shti. Aynan shunaqa mol go‘shti. «Qizil go‘shtmi? Bu haqda o‘ylab ko‘rgandik. O‘ylaganda qandoq. Jeksonfildan bizga musulmon an’analari bo‘yicha so‘yilgan jonivorlar go‘shti keltirishadi. Tag‘in suyaksiz».

Hayotning bir maromda kechishini aks ettiruvchi idish-tovoqlarning bir xildagi almashinuvi tamoyili — jahonning har qanday oshxonasiga oid zararli falsafasi samarasi bo‘libgina qolmagan, u xoh fabrikaniki bo‘lsin, xoh universitetniki, xoh qamoqxonaniki. Bunda boshqacha ma’no ham bor. Belgilangan tartibdan qochish orzuga, ezgu istakka aylanishi mumkin. Qafasda olti, sakkiz yoki o‘n ikki oy davomida lazzatini totganing taom ta’mini his qilish imkoniyati — bu yaxshi mukofot. Har qanday mukofotga esa xizmat qilish kerak. Klakning fikricha, bu lager boshlig‘i qo‘lidagi ancha ta’sirli psixologik qurol. U so‘roq olib boriladigan begona inshootga ishora qilib, miyig‘ida kuladi: «U yoqdan nazoratchilar yurib chiqqanlarini va mahbus oldiga Liverdagi «Makdonalds»ning Happy meal paketi bilan qaytib kelganlarini bir necha marta ko‘rganman men. Siz uni ko‘rdingizmi? To‘siqqa yaqin joyda. Kommunistik hududda yagona «Makdonalds». Qo‘shaloq chizburgerlar, kartoshka, sut kokteyli — hammasi risoladagiday… Ko‘plar qursog‘ini qandaydir g‘ayrioddiy narsa bilan to‘ldirish mazasi oldida o‘zlarini tutib tura olmaydilar va shunda ular tavakkal qiladilar. Boshqalar ularni ko‘rayotganliklarini bilgan holda ataylab shunday qilishadi». Klak hammasini biladi, chunki goho «mukofot ziyofat»larini uning o‘zi tayyorlashiga to‘g‘ri kelardi. Masalan, asal, dolchin va bodomdan yumshoq va nam shirinlik — holvani. Klak hammasini biladi, chunki «to‘rt» lagerga qanaqa oziq-ovqat mahsulotlari olib kelishayotganini ko‘rib turadi. «To‘rt» susaytirilgan maxfiylik bloki bo‘lib, u yerda oq libosli yoki «tilga kirgan» mahbuslar saqlanardi. Ularning imtiyozlari boshqalarga man etilgan ta’sirga ega. Ularga sariq pishloqning kallachalarini keltiradilar — agar haqiqiysi bo‘lmasa ham, loaqal qorishmasi shunga o‘xshab ketadiganidan. Shuningdek, xurmolar, anjir, meva pishiriqlari, asal — choyni shirin qiladigan qo‘shimcha yoki yumshoq qaymoqli pishloqqa qo‘shimcha, buterbrod uchun yeryong‘oq moyi, ko‘katlar.

Oshpaz Klakning anvo va aqsom taomlarida biz mukofot ziyofatlarining chegaraoldi hududlari bilan va qizg‘ish korjomadagi odatdagi mahbuslarning ovqatlanish tartibi bilan tanishdik, biroq oshxona taomlar ro‘yxatini to‘la o‘rganish uchun yana bitta sohani tadqiq etish zarur. Uni xayrlashishdan oldin bizga ko‘rsatishga uning o‘zi jazm etadi. Buning uchun zanjirlar bilan mahkamlangan temir omborga tushish kerak. Chunki sir shu yerda, qorong‘ulikda yashirib qo‘yilgandi. «Bu favqulodda holatlar va Ramazon uchun bizning — Em Ar I (MRE)miz. Hatto mahbuslar ovqat yeyishdan bo‘yin tovlashlariga haqli emaslar… Biz hech narsa pishirmaymiz va ular mana shuni tanovul qilishadi: MRE». Em-Ar-I…MRE… bu qanaqa dahmazagarchilik? Harbiylar mahbuslarni ardoqlab qolishibdi va bu quyidagidek sharhlanadi: M-meal, R-rendy, E-to eat[10]. Ana Em-Ar-I nima degani. Quritilgan taom. Yopiq idishda suvi qochirilgan ovqat, iste’mol qilishga tayyor. Oshpaz Klak tomonidan qutilardan ichiga g‘alati kaloriyali aralashma to‘ldirilgan jigarrang plastik paketchalarni olish bilan andarmon bo‘ladi. Em-Ar-Ining faqat uch xili bo‘ladi, taomnomada xuddi shuncha modda bor: «Burrito», «Pishloqli tortellini», «Alfredo sousli pasta». Har bir paketda olti untsiya, yoki 227 gramm ovqat mavjud. Qandaydir g‘alatilik yoki Italiya taomlariga muhabbat ishlab chiqaruvchilarni bu g‘alati mahsulotga nom qo‘yishga majbur etadi, hozir Klak uni qarab chiqishga va kerak bo‘lsa tatib ko‘rishga obdon da’vat etardi. «Siz, italiyalik, albatta, «Alfredo sousli pasta» ni bilasiz…»

Italiyaliklarning ko‘pchiliigi qandaydir (oshpazmi, restoran xo‘jayinimi?) Alfredo deganlari o‘z sousi bilan Italiya taomlarida nishona qoldirgani to‘g‘risida tushunchaga ega emas. Biroq goho Rimdagi allaqaysi puchmoqda haqiqatan ham amerika internet saytlari Alfredo sousli fetuchchini beriladigan tratoriyaga duch kelasan, kishi. U o‘zi kim bo‘ldi? An’anadan o‘g‘irlangan, Em-Ar-I paketiga parchinlangan nom. Bu paketlarning ichida nima bor? Masalliqlar ro‘yxatini tuzuvchilar o‘ramning orqa tomoniga batafsil yozib qo‘yishdan og‘rinmaganlar: «Suv, boyitilgan makaron, yarimtayyor mahsulot, manniy yormasi, oqsil, temir sulfati, sabzi, no‘xot, makkajo‘xori, qaymoq, soyali proteinlar, suyuq margarin, urug‘larning suyultirilgan moyi, soya moyi, soya letsitini, natriy, kaltsiy, sun’iy xushbo‘ylatgichlar, beta-karotin, yog‘i olingan sut, fermentlar, natriy fosfati, natriy tsitrati, akatsiya, xushbo‘ylatgichlar — xantal, ziravorlar…» Sintsinnati, Ogayoning «Wornick Company» kompaniyasi ishlab chiqargan bu paketdagi quruq aralashmaning yaroqliligi muddati olti yoki o‘n yildan keyin tugaydi. O‘ttiz olti oydan so‘ng ombordagi issiqlik bu ovqatning yaroqliligiga ta’sir qilgan-qilmaganligini tekshirib ko‘rish zarur. Kaloriyasi-chi? «Naq uch ming ka-lo-ri-ya, — Klakning gaplarini shu paytgacha jimgina kuzatib turgan serjant bizga yaqinlasharkan, chertib-chertib gapiradi. Ma’lumoti bo‘yicha dorishunos bu nyu-yorklik qora tanli kunlarni tun cho‘kkuncha, binobarin, ko‘rfaz bilan hamishalikka xayrlashadigan pallagacha hisoblab chiqadi. U soldatlarni tag‘in shu Em-Ar-I bilan boqadigan Bosniyada xizmat qilgan: «U paytdagi xotiralarim ushbu aralashmalarning badbo‘y hidi bilan qattiq bog‘langan. Biz uni pachkalab yer edik. Uyga qaytgach, tortellini esladim deguncha ko‘nglim aynir edi. Haligacha burritoga buyurtma berishdan o‘zimni olib qochaman. Xuddi rezinaga o‘xshab, MRE dan og‘izda kuchli kekirik qoladi va qorinni damlatadi».

Ehtimol, «Alfredo sousli pasta» Guantanamoda o‘z umrini tugatar va yana o‘n yildan keyin yana qandaydir urushning oldingi chizig‘i tomonga yo‘l olar. O‘shanda agar serjant to‘g‘ri gapirayotgan bo‘lsa, albatta, va bu ovqatning ta’mi og‘izda uzoq vaqtgacha saqlanib qolsa, soldatlar binoyi umr bir savolni berishlari tayin: bu Alfredo degani kim o‘zi? Klak jilmayadi va ko‘z qisib qo‘yadi: «Uyga qaytgach, ulardan birontasi mening holvamni ham eslab qolsa, ajab emas. Ya’ni happy meal imni…».

«AMERIKA»

Ushbu loyiha yaratuvchilari e’tiboridan nimadir chetda qolgandi. Yoki to‘g‘ri baho berisholmagandi. Mahbuslar va qorovullar oralig‘idagi chegara har doim noaniq va beqaror. Biroq u bahri muhitdagi hech kim o‘zini uydagidek his etmaydigan orolda ko‘zga ko‘rinmay ketganida ayniqsa beqaror bo‘lib qoladi. Ular ham va bular ham bu yerda surgunda: ham erkin, ham tutqindirlar. Afg‘onistonlik Xost kabi minnesotalik Fargoning taqdiri ham «Radio renj» sohilida xuddi shunday. «Amerika» lageri — nazoratchilar qamoqxonasi yashovchilarining yuzlariga razm solar va so‘zlarini tinglar ekansan, buni tushunib olaverasan, kishi. U bilan qafaslar oralig‘idagi masofa ellik qadam. Bu yerda «Amerika dushmanlari»ni provintsiyadan kelgan yigit va qizlar qo‘riqlayotganini anglaysan. Bir tusdagi fotosuvratlari oltmishinchi yillar otkritkalarini bezab turgan shaharchalardan kelishgan. Ular senga unniqib ketgan poloroid suvratlarini jon-jon deb ko‘rsatishadi, ularni katmonlarida va liboslarining cho‘ntaklarida saqlaydilar. Butun oila a’zolari ov miltig‘ining eng ko‘rinadigan joyiga osib qo‘yilgan yuzada bir qator bo‘lib mag‘rur va tantanavor saf tortganlar: ularning birinchi o‘g‘lonlari 11 sentyabr voqealaridan keyin o‘z fuqarolik burchlarini bajara turib ko‘ngillilar safiga qo‘shilgan. Bunday suvratlarda har doim ob’ektivga kulib qarab turgan bolakay bo‘ladi, u bir varaq qog‘ozga rangli qalamda «Hy Dad» — «Salom, dada» deb naridan-beri yozib qo‘yishga jur’at qilgan.

«Amerika» lagerida xafaqonlik va faxr hukm suradi. Shuningdek, chuqur iztirob ham — odatda hech narsani tushunmagan yoki haddan tashqari ko‘p narsani tushungan odamda shunaqa bo‘ladi. Minglab soldatlar o‘zlarining bo‘sh vaqtlarini konditsionerlari kechayu kunduz ishlab turadigan, yog‘och va ma’dandan ishlangan sakson uch katta yig‘ma qurilmalarda o‘tkazadilar. Temir oyoqlarda qad ko‘tarib turgan inshootlar hasharotlar yoki haddan tashqari qiziquvchan iguanlar — echkiemarlar ichkariga o‘rmalab kirib qolmasliklari uchun yerdan xiyol baland qilib tiklangan. Bu inshootlar sea huts — dengiz baraklari deb ataladi. Ular to‘rt uzun-uzun perpendikulyarni tashkil etadi va hududni ko‘zdan va «delta» lageri shovqinidan ancha naridagi baza qismida handasaviy to‘g‘ri shakllarga bo‘lib turadi. Bu bazadagi tinch hayot kechadigan yagona joy. Internet-qahvaxona, televizorli dam olish xonasi, «Sea side Galley» — «dengiz eshkakli kemasi» degan mag‘rur jaranglovchi nom bilan atalgan oshxona. Bahri muhitning shundoq sohilida joylashgan to‘rt illyuminatorli bostirma.

Lager nimasi bilandir halokatga uchragan kema parchalari chiqarib tashlangan sohilni eslatardi. Ehtimol, o‘zining sekin harakat qiluvchi mavjudotlar hayotiy maromlari yoki bu yerda hukm surgan jimjitlik bilandir. Yodgorliklar qo‘qqayib turgan xarsangzor — bu ko‘rfazni tark etayotganlar yoki sohilga endi qadam qo‘yayotganlar uchun shonli joy. Shakli qandaydir harbiy anjom: o‘q, shtik, M-lni eslatuvchi pastak-pastak tosh piramidalar sochilgan, ishlov berilgan maydon. Kolorado shtati Fort Karkon harbiy politsiyasining 984-bo‘limi yigitlari toshlardan o‘zlarining timsollarini — chehrasi tund soldatni yasaganlar. U qo‘riqchi ko‘ppakning g‘azab bilan irillab turgan holatini eslatadi: o‘ng qo‘lida otryad bayrog‘ini tutgan, chap qo‘li bilan esa: «Hold the Gate — Tenez la port» — «Eshikni ushlang» so‘zlarini ko‘rsatib turibdi. Lager boshlig‘i mayor Stiv Shot o‘z shogirdlarining jo‘shqin xayolotidan jilmayib qo‘yadi. «Bu haykallar, — izohlaydi u, — faqat daxldorlik g‘ururi va tuyg‘usi ifodasigina emas, balki olti oylik xizmat mobaynida siz intilib kelgan va har bir otryad ko‘rfazdan ketish oldidan ado etishi kerak bo‘lgan narsadir. Aks holda olti oy o‘n ikkitaga aylanishi mumkin. Xoh ishoning, xoh ishonmang, bu bejiz emas. Mutlaqo bejiz emas… Hech kimga, ayniqsa, qizlarga».

Qizlar lagerning o‘ng qismida yashashadi. Ular baraklarining tashqi qoplamasi durday oppoq rangga bo‘yalgan, uylar oralig‘idagi shag‘al yo‘lkalar uncha to‘g‘ri bo‘lmasa-da, keskin aks etadi. A — 001 baragidan qattiq qichqiriq eshitiladi. Eshik ochiladi va mehmon marvaridgul hidi anqib turgan xonaga kiradi. Barak — alyumin quti. Tor yo‘lakning har ikki tomonidagi devorlar yoqalab ikki qavatli karavotlar saf tortgan. Karavotlar oralig‘iga bolalari, aka-ukalari, erlarining fotosuvratlari va bolalar chizgan rasmlar yopishtirib tashlangan kiyim javonchalari suqib qo‘yilgan. Har bir javonchada harbiy o‘lja kabi dazmol, fen va pardoz buyumlari saqlanadi. To‘shaklardan biri ustida oqshom ertaklari — «Kanikum» firmasining stolda o‘tirib o‘ynaladigan «The game for your whole brain» — «Butun miyangizni chiniqtiradigan o‘yin» yotibdi. O‘yinning maqsadi — rangli taxta o‘rtasiga chizilgan miya — uslublashtirilgan siyohrangni tasvirni qo‘lga kiritish. To‘rt dasta qarta, to‘rt o‘yinchi uchun to‘rtta soqqa. O‘zini tuta oladigan, bir qarorga keladigan, mantiqli fikrlaydigan va artistlik qobiliyatiga ega odamgina yutadi. Sakkiz soatlik navbatchilikdan keyin tahqirlanishning so‘ngsiz manzaralari butun borliqini zaharlaganda miyasini egovlashdan xalos qilib ololgan odamgina yutadi. Chunki ayollarga juda qiyin bo‘ladi. Ko‘plab mahbuslar ularning paydo bo‘lishiga bardosh berolmaydilar. Bu ikki yoqlama: ham diniy, ham madaniy tahqirlanishning siyqasi chiqqan shakli. Sonlarida kaltak osilib turgan moviyko‘z, mallasoch qizlar kishanga solgan erkaklik g‘ururidan asar ham qolmaydi. Boshqalar uchun, aksincha, harbiy libosdagi qizlar — bu hayot manbai. Insoniylikdan butunlay mahrum olamda gavhari shamchiroq. Ular o‘z ojizliklarini va xuddi ana shu ayollarga o‘xshab olislarda qolib ketgan oilalarini sog‘inganlarini namoyish qilishdan uyalmay yolboradilar. «Qaysi biri yomonligini ham bilmayman, — deydi serjant Janel Marshall, — haqoratdan faryod solishmi yoki shafqat tilab ayanchli tovushda yolborishlarmi».

Janel o‘ttiz beshga kirgan juvon, ko‘zlari yam-yashil, tishlari sadafday oppoq, bo‘g‘ot-bo‘g‘ot qilib olingan kulrang sochlarida kimyoviy gajak alomatlari saqlanib qolgan. Illinoys tekisliklaridagi uyida uni oilasi va «Illinois State dental Sosiery»da kotibachilik o‘rni kutmoqda. Uning ishi — «Delta» lageri bo‘ylab Klakning kuydirib-pishirgan ovqatlari ortilgan zil-zambil aravachalarni sudrash. Bundan battar ham bo‘lishi mumkin edi. «Men matematika falsafasi — logistika bo‘limida xizmat qilaman, bizni Iroqqa jo‘natishlari kerak edi. Oylab bundan keyingi taqdirimni ko‘z oldimga keltirib yurdim. Keyin esa kutilmaganda o‘zimni Gunatanamoga uchadigan samolyotda ko‘rdim. Mana, shu yerdaman. O‘shanday sahro. Ammo oldingi chiziqda emas». Hammasini to‘g‘ri qilganiga Janelning ishonchi komil. O‘zi uchun, o‘z oilasi va «Amerika» uchun. «Bo‘lmasam-chi, — davom etadi u, — goho miyamga har xil fikrlar keladi va bu shunaqamanmikan deb o‘zimga-o‘zim savol beraman…» Shunaqamikan — nima u?.. Bo‘pti, keragi yo‘q, bu yog‘i juda murakkab. Keyin, bizning yurakdagi gaplarimizni aytadigan odamimiz bor». Ruhiy va hissiy yordam bo‘linmasi — «Stress Unit».

«Amerika» lagerida bunday bo‘linma borligi haqida hamma biladi. Dam olish xonasida, Internet-qahvaxona stollarida, oshxonada kasallik alomatlari ro‘yxati yoritilgan lavhachalar osib qo‘yilgan. Bunday alomatlar paydo bo‘lganida qorovulxona yonginasida barak eshigini taqillatish tavsiya etiladi.

«Stress Unit» kechayu kunduz ishlaydi. Har bir soldat kun va tunning har qanday vaqtida mutaxassis huzuriga borishi va tinmay uyqu bosishi, tunlari alahsirab chiqishi, o‘zini yomon sezishi, ishtahasi yo‘qligi yoki, aksincha, o‘zini tinmay och sezishi va to‘satdan g‘azabga minishi haqida so‘zlashi mumkin. Bu salbiy holat alomatlari. Bu yerda uni Gitmo alomatlari, yoki Guntanamo sindromi deb atashadi. Kim o‘zini eplolmasa, uyga qaytadi. «Bundaylar kamdan-kam, — deydi mayor Shot. — Keyin, yigitlar tishini tishiga qo‘yib yuradilar. Boriga baraka, shunday joyda omon qolganimizga shukr deb, taqdirga tan beradilar».

Ehtimol, ular Internet-qahvaxonada xudoga shukr qilsalar kerak: bu yerda oltita kompyuter bir-biriga orqama-orqa qilib qo‘yilgan. Bu yerda o‘tirib xat yozish yoki didiga yoqqan musiqaga sakrab, oyoqning chigilini yozish mumkin — baraklar doim odamlar bilan to‘la.

Yigitlar kutubxonaga kirishga ham muvaffaq bo‘lishlari ehtimoldan uzoq emas. Uydagi bor-yo‘q jihoz ikki juft o‘rindiq, bir juft almisoqdan qolgan ko‘hna divan va tokchalari namlikdan shishib ketgan bitta yog‘och shkafdan iborat: bir ozgina kitobu bir nechta kulgili rasmli albom. Kimdir, ehtimol, «Tirik qolganlar klubi»da bir qadah otib olar, ammo bar har kun ishlamaydi (lavhada jadval ko‘rsatilgan).

Televizor dam olish xonasida turibdi — xuddi oshxonaga o‘xshab, lager hududida uni ko‘rsatib turuvchi belgilar har qadamda uchraydi. Ekran judayam mahobatli ko‘rinadi va tomosha tanobiysining shalog‘i chiqqan yog‘och kursilari va o‘tirg‘ichlari bilan butunlay teskari ko‘rinishga ega. Ruhshunos xonasi singari dam olish xonasi ham kechayu kunduz ochiq. Faqat bu yerda hech kimga hech narsa hikoya qilish mumkin emas. Basketbol yoki futbol o‘yinlarini tomosha qilayotib bu yerda hamma narsani unutish mumkin. Omad kelib qolsa, jilla qurmaganda, mana shunaqa xonaki ovozlar ostida mudrab olish mumkin. Rojerning («faqat Virjiniyadan kelgan Rojerning, iltimos») ko‘zlari uyqusiz tunlardan shishgan va «yozilish uchun» televizor ekrani oldida soatlab o‘tirganidan qizarib ketgan. U Milliy Gvardiyada xizmat qiladi va 2001 yil 11 sentyabridan harbiy libosda yuradi. Uning tug‘ilgan kunigacha qirq sakkiz soat qolgan kundan buyon dunyo o‘zgarib ketdi. Bazadagi uning hayoti uch qismga bo‘linadi: lager hududini qo‘riqlash, ovqatni yeb olish va dam olish xonasida hordiq chiqarish. «Gapni cho‘zib o‘tirmayman, ortiqcha savol bermayman va fikr-mushohada qilmasdan menga nimani aytishsa, shuni qilaman, xolos. Jomadoningni yig‘ishtir deyishsa, narsalarimni apil-tapil taxlayman, juftakni rostlayman. Bu ish boshqalaridan yomon emas. Zavodda o‘lib-qutulib ishlagan bilan baravar. Qafasga kirganda nimani o‘ylaymanmi? Uyni. Yana qancha xizmat muddatim qolganini. Bilasanmi, shlem va bronjilet kiyish galim kelganida men bamisoli suv ostida suzish kostyumiga chirmalib olayotganday his qilaman o‘zimni. Men o‘zimning olamimga tushib kelaman. Ammo churq etmayman. Darvoqe, yana, bu yerda xizmat qilib, bundan keyin nima ish qilishimni xal etib qo‘ydim: yana tubsiz dengiz qa’rini o‘rgana boshlayman…»

«Dengiz eshkakli kemasi» dengizga qaragan oshxona — bu suyri shaklidagi inshoot, bir juft sutdek oppoq zo‘ldir va taajjubki, shaklan u arab me’morchiligini eslatadi. U yerda qovurilgan go‘sht, bozillagan pechkalar, cho‘chqa go‘shti va mashed potatoes[11] hidlari anqiydi. Dinner[12] hidi keladi, demak — bu uy hidi. Bu yerda ham Klak xo‘jayinchilik qiladi. Food alleyga[13] kiraverishda barkashlar g‘arami turibdi. «Bu chinakamiga ko‘ngil tusagan narsani tanlaydigan yagona joy», — hazillashadi soldat. Dastyor yamaykaliklar likobchalarga ovqat suzib chiqishadi va jilmayib so‘rashadi: «How are you today?» — «Bugun ishlaringiz qalay?» Stollardagi lavhachalar esa har kuni, hech bo‘lmaganda shu yerda kurashish zarur bo‘ladigan asosiy g‘anim — xolesterin haqida eslatib turadi. Yana low fot[14] — pishlog‘ini, low fot qovurilgan kartoshkani, low fot chizkeyini reklama qiladilar.

Janubiy Karolinaning Kolumbiya shahridan kelgan 24 yashar Devid Romleski boshini chayqaydi. «Foydasi yo‘q. Men kun bo‘yi navbatchilikda tik oyoqda turib semirib ketyapman». Devid — milliy diviziyaning harbiy politsiyachisi. Uyda xotini va ikki farzandi uning yo‘liga ko‘z tikib o‘tirishibdi. Bolalari ikki va to‘rt yashar. Odatdagi hayotda u elektr qismlari ishlab chiqaradigan zavodda ishlaydi. Uni blok boshlig‘i qilib tayinlashgan.

Yigirma to‘rt qafasli yo‘lakning boshida sakkiz soat tik oyoqda turadi. «Ertalab bir martalik qo‘lqopni kiyaman, libosimga skotch bilan ismi-sharifimni yopishtiraman, ularni sayrga olib chiqish vaqti kelganda esa, ularga uch narsani kiydiraman…» Ularga? «Ha, ularga. Men ularning ismi va tarjimai hollarini bilmayman. Agar kerak bo‘lsa, men ularni qafaslarining raqami bilan chaqiraman, ular esa menga: «Qorovul» — deb qichqirishadi. Ular nizomni bilishadi. Nimani so‘rash mumkin-u, nimani mumkin emasligini ular juda yaxshi bilishadi. Favqulodda hollarda ozgina gapirish mumkinligini ham bilishadi. Chunki bizlarning o‘rtamizda insoniy munosabat yuzaga kelmasligi kerak…

Michiganlik oddiy soldat Lonni Moren suhbatimizning bir chetini eshitib qoldi-yu, bir og‘izgina gap qotish uchun betoqat bo‘la boshladi. Bular hammasi unga juda boshqacha bo‘lib ko‘rinsa kerak-da. Bo‘lsa bordir, chunki yigirma bir yoshida surbetlik hali uning qalbini butunlay band etib qo‘yganicha yo‘q edi. Yoki boshqa sababdan, ya’ni odatdagi hayotda u ishlab turgan bog‘ mebeliga ixtisoslashtirilgan ustaxonadan «Al-Qoida» tahdidchilari va terrorchi-jabrdiydalar bo‘lakcha bo‘lib ko‘rinsa, ehtimol. «Mahbuslar bizga ko‘p narsalarni so‘zlab berar edilar. Meni bu yoqqa yuborishayotganidan darak topgach: «Zo‘r! Men Amerika dushmanlarini ko‘raman», — deb o‘yladim. Ularni tajovuzkor, har doim hujumga shaylanib turishadi, deb o‘ylardim, biroq ma’lum bo‘lishicha, ularning ko‘pchiligi savodxon odamlar ekan. Bilasizmi, ular ingliz tilida gaplashishadi va biz haqimizda hamma narsani bilishadi. Masalan, bizning musiqamizni. Bir kuni mahbus mendan Elvis Preslini qo‘yib berishimizni iltimos qildi».

Endi mayor Shot bilan birgalikda lager hududini teskari yo‘nalishda kesib o‘tamiz. Go‘yo biz uning «Amerika»sida hamma narsani ko‘rib bo‘ldikmi yoki yo‘qmi, u menga birorta odamni ko‘rsatishni esidan chiqarmadimi, shuni eslamoqchi bo‘lgandek, zobit sukut saqlaydi. «Tabiiyki, mashhur bir odam bilan tanishmasdan ketmaysiz. Bu bizning kapitan Yi bo‘ladi. Jeyms J.Yi — olti yuz ellik mahbusning murabbiyi… U sizga muntazir. Mana ko‘rasiz, uning sizga aytadigan gaplari bor».

Yi — qad-qomati kelishgan, samimiy jilmayib turadigan, dunyoviy rasmiyatchilikdan xoli bir zobit. U o‘zining kattaligi boshqa baraklardan qolishmaydigan, eshigiga qora yarim oy tasviri tushirilgan xonasida oyoqlarini chalishtirib o‘tirardi. U o‘ttiz besh yoshda, armiyadagi xizmatidan va o‘z mansabidan faxrlanishi shundoqqina ko‘rinib turibdi. Hamma uchun u Yusuf. «Ha, jo‘ngina Yusuf», — xotini mehribonlik bilan shunday ataydi va mahbuslar uchun ham shunisi qulay. «Arabchada Jeymsga qaraganda Yusuf deb atash osonroq». U mahbuslar o‘z fikrlarini ochiq-oydin aytadigan lagerdagi yagona soldat. Aynan uning azoni bilan kunda besh marta ular itoatkorlik bilan tiz cho‘kadilar. Nozik qirrada muvozanatni saqlash kerakligini Yusuf biladi. U — qo‘mondonning ko‘zi va qulog‘i, mahbuslarning og‘zi. Mahbuslarning qorovul bilan, nasroniyni musulmon bilan bog‘lab turuvchi mo‘rt zanjirning bir halqasi. Ammo Yusuf haddan tashqari bezovta bo‘lmaydi. Hatto aksincha, tazyiq va javobgarlik uni ko‘proq ruhlantiradigandek ko‘rinadi.

«Men islom va Sharqni anglab bo‘lmaydigan bir narsaga aylantirib qo‘ygan qoliplar bilan kurashaman. Bunaqa joyda har qancha qiyin bo‘lmasin, muloqot uchun, sulh uchun zamin tayyorlashga tirishaman… O‘z og‘a-inilarimga begunoh odamlarni o‘ldirish har qanday din uchun jinoyat ekanligini tushuntirishga harakat qilaman. Qur’on — bu nafrat kitobi emasligini anglataman». Kapitan boshqalar to‘g‘risida gapiradi. O‘zining dindor to‘dasi, kechirgan azob-uqubatlari to‘g‘risida. Uni harbiy libos kiyishga va lagerga kelishga majbur etgan sabablar to‘g‘risida so‘zlaydi. Ammo uning so‘zlari zamirida ko‘p millatli Amerikadagi hayotga xayrixoh bo‘lishga loyiq o‘z tarjimai holi borasida mushohadalar yashirinib yotardi. Kelib chiqishi xitoylik bo‘lgan nyu-jersilik bolakay taqdiriga xayrixohlik. U protestantlik ma’lumoti olgan, so‘ng xizmat qilgani Uest-Poyntga[15] ketgan, harbiy hayotga bardosh qilolmasligini shu yerda anglab yetgan. «Akademiyada men Qur’on bilan tanishdim va harbiy libosni yechib tashlashga qadar qoldim. Men Suriyaga, Damashqqa ketdim, faqat u yerda madrasada dinning haqiqiy ma’nosi va ahamiyatini tushuna olishimga ishonch hosil qildim. So‘ng Amerikaga qaytdim va Qurolli kuchlar yana meni o‘z safiga oldi. Men AQSh armiyasida o‘n yettinchi uy ruhoniysi bo‘ldim».

Agar Yusufdan qizg‘ish korjoma tagida qanaqa iztiroblar, xohishlar va nafrat yashirinib yotganini so‘rsangiz, u jilmayadi va inkor ma’nosida boshini chayqaydi. «Bu haqda so‘zlash — demakki, og‘a-inilarim ishonchini sotish bo‘ladi, shuningdek hamma: o‘ldirganlar ham, o‘zining begunohligiga iymoni komil bo‘lganlar ham baravar haqi bo‘lgan xayrixohlik va afvni sotish bo‘ladi. Ular qafas ichida menga aytib solgan hamma narsani men o‘zim bilan go‘rimga olib ketaman. Bu mening va bizning umumiy sirimiz. Endi esa meni ma’zur tutgaysiz, borishim kerak — namoz vaqti yaqinlashib qoldi».

Yusuf o‘zining kattakon doirali va ola-bula tsiferbatli «Swotch» soatiga qarab qo‘yadi — shu soat uni harbiylarga hecham o‘xshatmasdi, shuningdek shimidagi harbiy ko‘ylagining chiqib turgani ham. U yana jilmayadi. Keyin o‘zi ham shubha qilmagan holda payg‘ambarona lutf qiladi: «O‘ylaymanki, biz yana, albatta, suhbatlashamiz. Istasangiz, mening hayotim haqida ham. Mening da’vatim xususida ham. Men doim xizmatingizga tayyorman. Meni qayerdan topishni bilasiz…» Ha, kapitan Yusufni topish qiyin emas. Bu vaqt muammosi. Tezkorlik muammosi.

Oyog‘i osmondan bo‘lgan hayotlar va dardli qarama-qarshiliklar muammosi.

Biz kapitanni yana tez orada ko‘ramiz.

JINNILAR

Qafaslarda ba’zilar hayotlari bilan xayr-ma’zur qilib qo‘ya qoladilar. Hamishalikka. Yagona ehtimol tutilgan usul — o‘zini osish. To‘g‘rirog‘i, o‘zini osishga urinish. Yigirma yetti mahbus o‘ttiz besh marta o‘zini osishga uringan[16]. Bir xillar bir necha bor urinib ko‘rgan. Natija bo‘lmagan. Bu ma’lumotlar tugal emas, vaqt o‘tishi va tushkunlik ortishi bilan ular o‘zgaradilar. Ammo o‘zini osish yo‘li har doim bir xil bo‘lib qolavergan.

Mahbus lattani qafas devorlaridan bittasidagi tirqishga tortadi, bu yerda to‘r shiftning xilvat tsementiga o‘tgan bo‘ladi. So‘ng sirtmoqni bog‘laydi-da, unga boshini suqadi. Gavda va dumba vazni uni pastga tortadi. Biroq gavda tik holicha qolaveradi: to‘g‘ri burchak ostida, tizzalari ko‘tarilgan holda, buni «dahshatli talvasaga tushib qolish» ham deydilar. Bunaqa shifti past, tor qafasda durustroq osilishning iloji yo‘q. Odam birdaniga o‘lolmaydi, uning qo‘l va oyoqlari tug‘ma reflekslar ta’sirida tartibsiz silkina boshlaydi. Joniga suiqasd qilganning tanasi va yuragida o‘chmas izlar qoladi.

Men o‘zini o‘ldirishga harakat qilganlardan birining hujjatlarini o‘rganaman, u «Detential Hospital» lazareti lagerining sharqiy tomonidagi eng chekka binosida parda ortidagi karavotda yotibdi. Konditsionerlari bo‘lgan va lizoform hidi anqib turgan barak poli yaltirab artilgan linoleum bilan qoplangan, devorlar esa tussiz och yashil rangga bo‘yalgan. Xona har biri yigirma koykali qatorlarga bo‘lingan, to‘qson uch tibbiyotchi tish davolaydi, qo‘l-oyoqlarni kesadi, suyaklarni to‘g‘rilaydi va aksariyat eski (o‘z vaqtida davolanmay, o‘tkazib yuborganlar) kasalliklarni, masalan, silni davolaydi[17]. Mengacha lazaretni borib ko‘rganlar bir odam haqida gapirib berishgandi, o‘sha odamning hayotini reanimatsiyada faqat hayot bilan ta’minlovchi uskunalar bilan saqlab turganlar. U jarrohlik yo‘li bilan oshqozoniga ulangan naychalar orqali ovqatlangan. Bu odam chuqur koma holatida bo‘lgan. Uning hushiga kelishiga hech qanday umid yo‘qday tuyulgan. «Hozir u yaxshi. Biz bundan g‘oyat mamnunmiz», — ta’kidlaydi kapitan Kellexer. «U gapira boshladi va oz-oz qimirlayapti. Ha, hozircha piyola ushlab turolmasligi o‘z-o‘zidan ayon…»

Qafasda bo‘lgani kabi lazaretda ham shifokor bemorlarga ismi bilan murojaat qilmaydilar — faqat raqami bilan. U o‘zini osib qo‘ygan qafas raqami bilan. Tunda uni tanasi (boshqa har qanday bemor kabi) karavotga zanjir bilan chandib qo‘yiladi. Har bir to‘shakning o‘z zanjiri bor. Har bir zanjirning o‘z qorovuli bor, u so‘zlarni va unga taqlid qilish hech kimning miyasiga kelmaslik uchun jismoniy og‘riqqa ta’sirni eslatuvchi qo‘l harakatlariga ko‘z uzmay qarab turadi. Tunda ham, kunduzi ham. Hech bir qatorda bunga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Hatto va ayniqsa, miyasi hamishalikka zararlanganlarga. Bular: «O‘tkirlar» (to‘qqiz koyka), «barqarorlar» (yigirma koyka), «tuzala boshlaganlar» (to‘rt koyka), «ajratib qo‘yilganlar» (ikkita koyka), «tuzalib bo‘layotganlar» (ikkita koyka).

Ismi bilan murojaat qilish imkoni bo‘lmagan kishi jismini davolash shifokor yoki tibbiy og‘aga juda-juda qiyin bo‘lsa kerak. Zanjirband bemorni davolash. Bemor hatto jismoniy og‘riqdan azob chekib yotganida tasalli o‘rniga o‘z qafasi raqamini eshitsa. «Siz buni to‘g‘ri deb bilasizmi? — so‘radi Kellexer. Menga esa bunday tuyulmaydi.

Mening odamlarim, ehtimol, bunaqa kasalxona yuzini ko‘rmagan kimsalarning dardini yengillashtirish uchun ishlaydilar. Atigi shuning uchunki, ular siyosiy tartib va qashshoqlik tibbiy xizmatga umid bog‘lashga imkon bermaydigan mamlakatlarda voyaga yetganlar, u yerda odamlar bekorga o‘lib ketadilar. Bizning ismi bilan aytmay chaqirishimiz esa… Bilasizlarmi… Men, to‘g‘risi, ular uchun bu muammo ekaniga ishongim kelmaydi… Insof bilan aytganda, o‘zim bu to‘g‘rida hech qachon o‘ylab ko‘rgan emasman, biroq keyin esimga tushib qoladi va ular bu yerga nega kelib qolishdi, deb o‘ylayman». Hatto badanni emas, boshni davolash kerak bo‘lgan hollarda ham.

Asabiy zo‘riqish — bu faqat o‘lish xohishi emas. Shuningdek, mahbuslar tanasini bildirmasdan yeb tashlayotgan saraton shishi ham emas. Asabiy zo‘riqish yashash qobiliyatini susaytiradi. O‘z dardiga quloq solgan holda o‘z holatiga to‘g‘ri baho berishga yo‘l qo‘ymaydi. Bir necha oy ichida lager ruhiy kasallik vrachlari ish o‘rni uchdan o‘ttizga ko‘paydi. Kuzatuv ostida bo‘lishi lozim bo‘lgan mahbuslar miqdori esa to‘qsontaga yetgan. Ularning holatidagi davolash sir saqlanadi. «Trankvilizatorlar. Eng oddiy trankvilizatorlar — mujmal qilib javob berishadi lazaretdagilar. Biroq aynan qanaqasi va qanday dozalarda — noma’lum. Kasallik tarixi to‘g‘risida bizda hech qanday ma’lumot yo‘q: ma’lum til qiyinchiliklaridagi vrach va bemor o‘rtasidagi munosabatda mahbus bilan nazoratchi o‘rtasida bo‘lgani kabi noaniq to‘siq o‘rnatilgan. Psixiatriya bo‘limi boshlig‘i Brain Greyt deydi: yomon hayotiy sharoitlar alomatlari — «bular barini meros kabi mahbuslarning o‘zlari olib keladilar»; dabdalasi chiqqan shaxslar miqdori Guantanamoda tobora ortib bormoqda. «Bemorlarimizdagi ruhiy kasallanish sabablarini lager hayoti tartibidan qidirish kerak deb aytishga jur’at etmayman. Ular taqdirining bundan keyingi noaniqligi sabab. Deylik: mazkur holat albatta, oxiri o‘lim bilan tugovchi kasallikka chalintiradi deb o‘ylayman».

Yigirma yasharlik pokistonlik Shoh Muhammad «Delta» lagerida bir yildan ortiqroq bo‘ldi va to‘rt marta joniga suiqasd qildi. «Lagerda o‘tkazgan hayotimni eslasam, nafratim qo‘zib ketadi. Bilaman, o‘z joniga qasd qilish Qur’on hukmlariga zid, ammo men bunday sharoitda yashashga aslo chiday olmayman. O‘zlarining gunohsizligiga iymoni komil bo‘lgan ko‘plab sheriklarim ham shunday». Muhammadni arablar bo‘lgan blokka o‘tkazilgan. «Men ular bilan bir og‘iz ham gaplasholmasdim. Qo‘limdan hech narsa kelmasdi. Biz bir-birimizni tushunmasdik, vassalom. Men ularning tilida gapirolmasdim, ular esa mening tilimda. Shunda adoyi tamom bo‘la boshladim». Telbalik chohiga yiqilish. Yiqilish o‘n bir oy davom etdi. Uch yuz o‘ttiz kun ikki yonlama yakkalanishda. «To bir kuni adyol olib, uni qafasga bog‘lab qo‘ymagunicha davom etdi bu narsa. Keyin nima bo‘lganini eslolmayman. Ko‘zimni ochsam, lazaretdaman, ukol qilishayotgan ekan. Bu qanaqa dori ekanini ham bilmadim. Oxiri ko‘p haftalardan keyin zo‘rg‘a harakatga keldim, gapirolmas va o‘zim ovqatlana olmas edi». Muhammad sog‘ayganidan keyin uni pokistonliklar bo‘lgan blokka ko‘chirishlarini yolborib so‘raganiga qaramay, yana uni arablar bo‘lgan qafasga tiqib qo‘yishgan. Bu yerda u uch marta joniga qasd qilgan. Uch marta uni qutqarib qolishgan va lazaretga olib kelishgan. «U yerda ular to ozod etilgunimcha zo‘rlab hapdori ichirib turishdi».

Biron-bir odamning yashashga ishonch hosil qilishi inson aql-zakovatini ruhiy tanazzuldan saqlab qolishga qodir, ammo «Delta» lagerida bunday ishonchga ega bo‘lish dushvor — maxfiylik tartibi tufaylidan. Oila bilan aloqa qilish (hatto xat orqali) sonsiz rasmiyatchilik amallari bilan mushkullashtirib tashlangan. Ingliz tilida gapirmaydiganlar yoki uyida hech kim bu tilni tushunmasligini bilganlar yuz foiz ishonaversinlar: Qizil Xoch muhri bosilgan ularning ochiq xatlari (otkritkalari)ni yuborilgan joyga jo‘natishdan oldin tsenzura uzoq vaqt qunt bilan hijjalab o‘qiydi. Senzura tarjimonlari o‘qishadi. Xalqaro afv umumiy ta’rifidan foydalangan holda «qo‘shimcha zarar» shundan iboratki, tirik odamlar murdaga aylanadilar. Chunki oila haqidagi xotira faqat qafasda emas, balki mahbusdan ikki enlik xatni kutishayotgan va kutishga ortiq toqatlari qolmagan uyda o‘ladi, u vaqti kelib murdaga aylanadi.

YaXShI XULQ

Pushtirang va oq. Yomon va yaxshi. Jomakorining rangi qamoq qat’iyligi darajasini aks ettiradi. Chunki rangiga qarab behavior — xulq to‘g‘risida hukm chiqarish mumkin. Pushtirang libosni aloqaga kirishmaydiganlar kiyishadi. Yoki kiyishadilar-u, biroq u qadar yoqtirmasdan kiyishadilar. Oppoq libosni esa o‘z o‘tmishidagi dog‘larni yuvishga va gapirishga jazm etganlar kiyishadi. Rasman hisoblanishicha, oqlar yuz yigirmata[18], ular pushtiranglardan ikki yuz metr narida yashashadi va ularning qafaslaridan turib qichqirishlarini eshitishadi (qachonlardir bu qafaslarda ularning o‘zlari yotishgan). Ular pushtiranglarni ko‘rishmaydi, ammo «Delta» lageri va «to‘rt» lagerini ajratib turgan tikonli sim va neylon pardaning narigi tomonida ularning borligini sezishadi. Do‘zaxga ikki qadam, ammo ular undan qutulib chiqishga ulgurishgan… Yoki qariyb ulgurishgan. Ular u yerga qaytishadimi yoki yo‘qmi, bu faqat ularning o‘zlariga bog‘liq. Chunki libos rangi, u bilan bog‘liq imtiyoz singari, beqaror narsalardir.

Mayor van Natta xuddi saroyga taklif qilgandek, Rag‘batlar saltanatiga taklif etadi. Lager me’morchiligi ancha yumshoq, bu yerda tikonli sim va qafaslar yo‘q. Po‘lat bloklar o‘rnida baland to‘siqlar bilan ajratilgan dortuar[19]larning charm shaklida qo‘yib chiqilgan uzun safi. Tartibni kuzatish uchun lager hududining qoq markazida yakkayu yagona kuzatuv minorasi qad ko‘targan. Uning nazorati ostida, xuddi sehr qilingandek, «pushtiranglar» dahshatli iskanjaga olib turuvchi barcha qattiq cheklovlar g‘oyib bo‘ladi.

«To‘rt» lagerida yakkalab qo‘yish bekor qilingan, mahbuslar hudud bo‘ylab bemalol joydan-joyga borib-kelib yuraveradilar. Bordi-yu, «Delta» lagerida erkinlarning «nosog‘lom qiziquvchanligi» hukm surgudek bo‘lsa, bu «pushtiranglar»ni dengizni ko‘rishdan mahrum etish uchun bahona, xolos. Bu yerda esa mana shu qiziquvchanlik yaxshigina rag‘batlantirildi. «Hamma narsani shoshmasdan ko‘rib chiqishingiz mumkin», — taklif qiladi van Natta. Bo‘ysundirilgan va qo‘lga o‘rgatilgan hayvonlari bo‘lgan hayvonot bog‘idagi kabi «oqilona qamoqqa olish» va positive behiviour — yaxshi xulq fazilatlarini yaxshilab ko‘rib olish uchun. Bir mahbus kitob mutolaasiga muk tushgan, ikkinchi mahbus quyoshdan tutuvchi bostirma tagidagi yog‘och o‘rindiq uzra engashgancha uyiga xat yozayapti. Bir guruh odam lager markazidagi to‘rttala tomondan bilan o‘ralgan maydonchada bemalol jismoniy mashqlar bajarmoqda. Qum bilan qoplangan bir parcha haqiqiy yer — voleybol o‘yini maydonchasi. Bir nechta mahbus soyada oyoqlarini chalishtirib o‘tirgancha tushlik qilyapti. Ovqatdan bahra olish — yana bir «imtiyoz» (esingizdadir?), bu yerga ovqatni rang-barang likoplarda olib kelishadi.

Har bir mahbus — oqilonalik namunasi. Har bir mahbus — Pentagon mutaxassislari tomonidan muhrlangan va Mudofaa vazirligi saytiga joylashtirilgan fotosuvratli dalil[20]. 14-raqamli suvrat: «uch narsa»siz mahbusni qo‘riqchilar qo‘riqlab borishyapti. 15-raqamli suvrat: «oq» mahbus jomadonga («oq»larga jomadon beriladi) mahbusga ruxsat etilgan ashyolarni joylamoqda: ikkita kitob, yangi ich kiyim, mutlaqo yaroqli neseser — igna-ipdan tortib tish tozalagichgacha. 10-raqamli suvrat: oq jomakordagi mahbuslar lager devori to‘ri orasidan kun botishini tomosha qilmoqda. 12-raqamli suvrat: «To‘rt» lagerining dortuari. O‘nta bir kishilik karavot har biri beshtadan safga terilgan, qatorlar oralig‘i — eng muhimi, eshik bilan tugallanadigan yo‘lak. Aynan shu eshikni mayor van Natta hozir meni hayratga solganidan nasha qilganicha lang ochib yubordi.

Karavot, o‘z vazifasiga ko‘ra, bu yerda dam olish joyi hisoblanadi, devor o‘rtasiga mahkamlangan po‘lat tokcha emas. Dortuarlardagi devorlar haqiqiy. Tom — qiyalama: quyuq soya jaziramadan himoya qilib, binoni to‘sib turadi.

Tun yana tunligini qiladi, shaxsiy gigiyena va zarurat uchun borish — har bir odamning o‘z ishi, uni unitaz va chig‘anoqni xonaning qolgan qismidan ajratib turuvchi xira parda bilan atrofdagilarning ko‘zidan pana qilib turadi. Qo‘riqchining ziyrak ko‘zi qubbadan kuzatuv uskunasi bilan almashtirilgan.

Bu lagerda jon achishi yaxshilab jazolanadi. «To‘rt» lageri qamoqqa tushish va ozod etilish o‘rtasida qo‘nalg‘a, rafa bo‘lib hisoblangan («To‘rt» lageriga o‘tkazish — bu ozodlik sari qo‘yilgan qadamligini hamma biladi). Bu «rag‘batlantirish» siyosatining natijasigina bo‘lib qolmay, balki inson huquqlarini himoya qiluvchi Yevropa jamoatchiligi fikri va xalqaro tashkilotlar tazyiqiga majburan yon berish hamdir. Bu yagona yon berish emasligini bundan keyin ham ko‘ramiz.

2003 yil aprelida maktab avtobusi «Delta» lageri dahmasidan pushtirang jomakordagi to‘rtta arvohni olib keldi. Hali o‘n oltiga ham to‘lmagan to‘rt nafar o‘smir. Endi pokistonliklar va saudiyaliklar bloklaridan, ter va peshoblar badbo‘yidan, telbalarning qichqiriqlaridan ularni Kitteri-klifening bir yarim kilometrlik oppoq qoyador sohili ajratib turardi. Ularning yangi uyini «Iguana» lageri deb nomlashgan. Ikkita bir xildagi beton uy jarlikdan uncha uzoq bo‘lmagan tekislangan toshloq maydonda qad ko‘tarib turibdi. Pastda qoyalarga urilgan to‘lqinlarning shovqini lagergacha yetib keladi, toshga urilganda to‘lqinlar ko‘piklanadi, moviy, yashil va kumushrang tuslarda tovlanadi. Bu yerda o‘smirlar dengiz «imtiyoz»laridan to‘la lazzat olishlari mumkin. Lager atrofidagi devorga tortilgan neylon parda, xuddi jalyuziga o‘xshab, bir tomonidan ko‘tarib qo‘yilgan. Ochiq «oyna»dan jarlikning cheti, shuningdek, shimolda Karib dengizi, sharqda esa Freedom Heights — Ozodlik tepaliklari ko‘zga tashlanadi. Uy oldida maysasi qirtishlangan uncha katta bo‘lmagan o‘tloqzor yastangan, unda futbol to‘pi, bir juft krossovka va basketbol qo‘lqoplari yotardi. Qariyb har bir Amerika shaharchasidagi har qanday amerika xonadonining backyardu — hovli orqasi kabi.

O‘tloqzorda iguanlar paydo bo‘ladi. Ular bu yerning tez-tez kelib turadigan mehmonlari, ular ovqat qidirib, shundoq qo‘shni maydonda joylashgan qo‘riqxonadan tashrif buyurishadi, yemaklari: masalan, yigitlar har kuni tushlikka muzqaymoq bilan yeydigan biskvit uvoqlari. O‘tloqzorga kirib, ushbu mahbus yigitchalarning harbiy tarbiyachisi leytenant Deyv Vodushek jilmayadi. U yigitchalarni uylardan biriga qamab qo‘ygan, chunki voyaga yetmaganlar qamalgan joylarga qilingan «tashrif» mahbuslar mavjudligida amalga oshirilmasligi kerak. Ulardan hech kim gaplasha olmasligi yoki boshidan o‘tganlarni qichqirib aytib yubormasligi uchun. Hozir menga, o‘zgalar hayotining kamgap o‘g‘risiga, shu uylardan birini ko‘rsatishadi. Baquvvat konditsionerlar bilan jihozlangan taxminan yigirma kvadrat metrli ikki xonali xonadon. Birinchi xona — pastak mebelli mehmonxona, to‘rtta oromkursi va stol. Stolda kulgili suvratli jurnalning bir necha soni, narxi to‘qqiz dollar oltmish besh tsent turadign «besh va undan katta yoshdagi» bolalar uchun stolda o‘ynaladigan o‘yin, disney videotasmalari, shaxmat, ingliz tili va matematika darsliklari yotardi. Katta muzlatgich yonidagi burchakda oshxona. Devorlari yalang yotoq xonasida uchta karavot bor, eshik yo‘q. Hojatxona — mo‘jazgina xonada, dush ham o‘sha yerda, parda bilan to‘sib qo‘yilgan. Poldagi lineolum qandaydir g‘alati ko‘rinadi. Mana shu uyda har bir xonaning butun uzunasi bo‘ylab sariq skotch bilan, garchi oraliqda devorlar bo‘lmasa-da, xonalarni bir-biridan ajratib turuvchi chegarada belgilab qo‘yilgan.

Bamisoli ko‘rinmas devorlardek, poldagi chiziqlar mehmonxona va oshxonani ajratib turardi. Mehmonxona va yotoqxonani. Yotoqxona va vannani. Nima uchun? «Qoidaga rioya qilish uchun», — izoh beradi Vodushek. Mashg‘ulotlar chog‘ida oshxonaga kirish mumkin emas. Dam olish vaqtida — televizor ko‘rish yoki ovqat yeyish. Kimdir hojatxonaga bormoqchi bo‘lsa, boshqalar mehmonxonada kutib turadi. «Iguana» lageri — haddan tashqari kichkina va mahbuslar qoidalarni unutmasliklari uchun xuddi o‘yinga o‘rgatilgan kuchukcha va mushukchalarga o‘xshab, ajratuvchi chiziqlar o‘ylab chiqarilgan.

Vodushekning aytishicha, yigitchalar qoidalarni tez esda saqlab qolishgan. Ular uy ostonasida harbiy odam paydo bo‘lganda sapchib o‘rinlaridan turadilar va safga tizilib, g‘oz turadilar. Yana uning aytishicha, lazaretdagi psixiatr guruhli muolaja o‘tkazish uchun bu yerga kelganda, bolalar «juda quvnab» ketishadi. Bu uzoq muolaja yakunlari mahbuslarning shaxsiy ishlarida qayd etiladi. Mazkur qoidalar nega kerakligini tushunish qiyin: qo‘llarida qurol va yuraklarida nafrat bilan o‘sgan mitti mahbuslarning bolalar jarohatini aniqlash va davolash uchunmi yoki boshqa yo‘llar bilan, masalan, so‘roq uchun bolalarni ham olib kirishadigan kameralarda olish qiyin bo‘lgan ma’lumot va xotiralarni ulardan bilib olish uchun.

Yosh mahbuslar haqida «g‘amxo‘rlik»da, ularni o‘qish va sportga jalb qilishda nokerak shafqatsizlik seziladi» — ularning bu yerda noqonuniy saqlab turilganini esdan chiqarish kerak emas. Bola huquqi to‘g‘risidagi to‘qson ikki mamlakatda ratifikatsiya qilingan, ammo Qo‘shma Shtatlarda faqat ratifikatsiyaga tavsiya etilgan xalqaro konventsiya qamoqqa olishga favqulodda chora belgilaydi va uni «huquqiy va boshqa tegishli yordam olishga zudlik bilan ega bo‘lish huquqi bilan, shuningdek, sud yoki boshqa vakolatli, mustaqil va xolis organ oldida ozodlikdan mahrum bo‘lishning qonuniyligi borasida bahslashish huquqi bilan imkoni boricha qisqa vaqt» sifatida cheklaydi. Iguanlar o‘tlab yurgan o‘tloqzorda yosh leytenant Vodushek bilan bunday masalalarni muhokama qilish mutlaqo foydasiz. «Men bunday narsalar haqida mushohada yuritish vakolatiga ega emasman», — keskin ohangda qaytarib tashlaydi u. Qaysidir ma’noda u haq ham: uning uchun buni boshqalar qilib bo‘lishgan. Pentagon amaldorlari «Iguan» lagerining paydo bo‘lishi sabablari haqida oshkora gapiradilar. Harbiy qarorgoh boshlig‘i general Richard Mayera 2003 yil 25 aprelda sportga o‘xshatishdan foydalangan holda o‘ta samimiyat bilan bu masala bo‘yicha davlat hukumati fikrini e’lon qildi. «Yosh bo‘lishlariga qaramay bu odamlar haddan tashqari xavflidir. Ular hali o‘smirlar, biroq maktab klubida o‘ynamaydilar… Balki birinchi liganing haqiqiy ustamonlari orasida, terrorchilar jamoasida o‘ynaydilar».

Umar Xadr bunday jamoada haqiqatan ham o‘ynagan. Hozir u o‘z o‘rtoqlari bilan qo‘shni xonada o‘tiribdi. Uni mening tashrifim vaqtiga leytenant Vodushek shu yerga qamab qo‘ygan. U haqdagi mening savolim uning qulog‘iga chalingan bo‘lsa, ajab emas. Leytenant lo‘nda qilib javob beradi: «Biz alohida mahbuslar haqida ma’lumot yozish huquqiga ega emasmiz». Umar o‘n olti yoshda. Mahbus bolalar ichida ismi, shaxsi va kelib chiqishidan mahrum etilmagan u yagonasi. Uning uchun tug‘ilishiga ko‘ra fuqarosi hisoblangan Kanada jonini jabborga berib kurashmoqda. Umar uchun qilingan fuqarolik harakati Kanada va Qo‘shma Shtatlar o‘rtasida siyosiy ixtiloflar boisi bo‘lib qolgan.

Barcha boshqalar kabi Umar uzoq vaqtgacha pushtirang arvoh bo‘lib qoldi. Qo‘shma Shtatlar hukumati Kanada hukumatining oddiygina so‘rovini e’tiborsiz qoldirdi: bolaning shaxsini tasdiqlash. Uni endi yashirishning hech qanday iloji qolmaguncha va uning tarixi yuzaga qalqib chiqmaguncha. Hammasi 2002 yil yozida, Afg‘onistondagi Xost shahri yaqinida bo‘lgan qonli jang vaqtidan boshlandi. O‘shanda Umar endi o‘n beshga qadam qo‘ygandi. Uning otasi muhandis Said (Misrda tug‘ilgan, oltmishinchi yillarda esa Kanadada muhojir bo‘lgan) bolalarini, Umar va akasi (21 yosh) Abdurahmonni Afg‘onistonga olib keldi. Bu yerda ota va bolalar toliblar jihodi safiga qo‘shildilar. Ular qo‘ngan mahallaga amerika qo‘shinlari yerdan va havodan hujumlar qila boshladi. Umar vayron bo‘lgan binoga yashirinishga urindi, biroq uni patrullar guruhi topib oldi va shunda himoyalangan holda u amerika soldatlariga o‘zida qolgan so‘nggi qurol — qo‘l granatasini irg‘itdi. Granata parchalari 28 yashar birinchi toifa serjanti Jeyms Staga tegdi va u til tortmay o‘ldi. Umarni portlash to‘lqini uchirib yubordi, u sonidan yaralandi. Uni tutib olishdi va Bagramdagi harbiy bazaga olib borishdi, u yerda bir necha oy bo‘ldi. So‘roqlarda Umardan otasi Said haqida ma’lumotlar olishga urinib ko‘rishdi. Bazadagilarning taxmin qilishlaricha, 1996 yilda Misr elchixonasiga terrorchilik hujumi uyushtirishga daxldorlikda ayblovi bilan Pokiston politsiyasi tomonidan hibsga olingan va o‘shandayoq ozodlikka chiqarib yuborilgan Said Afg‘onistondagi «Al-Qoida» armiyasining qoldiqlarini ortidan ergashtirishga qodir odam edi.

Otasi haqida Umar hech narsa bilmaydi. U uni Xostdagi jang vaqtida ko‘zdan yo‘qotgan edi. Ammo bu javob hech kimni qoniqtirmasdi va Umar Guantanamo bazasiga bir yoqlama chipta oldi, bu yerga 2002 yilning oxirida yetib keldi. Uni akasi Abdul bilan bitta blokka qo‘yishdi, akasi ham Xostda qo‘lga olingan edi. Biroq bu haqda Umarga hech narsa ma’lum emasdi. Biroq Abdul avvaliga ukasining qayerda turgani haqida ma’lumot olishga, keyin esa bu haqda Kanadada qolgan buvisiga xatda xabar qilishga muvaffaq bo‘ladi. U xatda Umarning ahvoli yomonligini, qafasda yaralaridan qon sizib, iriyotganini yozadi. O‘zi ham tushkunlikdan aqldan ozay derdi: ukasi qo‘l uzatsa yetgulik joyda, atigi bir necha odim narida bo‘lsa-yu, uni bag‘riga bosib, taskin-tasalli berolmasa. U o‘zini kasalga solib, lazaret yo‘lida ukasining diydorini birrov ko‘rishga harakat qilishga va’da beradi. Ular qachon bo‘lsa ham yana bir-birlarini bag‘irlariga bosa olishadimi, yo‘qmi, hech kim bilmasdi. Tabiiyki, Abdul yana qarindosh-urug‘lariga o‘n oltinchi yoshini qafasda kutib olgan ukasi Umarni birrov ko‘rolmasligini va oniloz tufayli yelkasini qimirlata olmasligini ham xabar qilgandi.

2003 yil yozida Umar balog‘at yoshiga yetadi, lager qoidalariga ko‘ra, bu o‘n sakkiz emas, balki o‘n yetti yoshda sodir bo‘ladi. Ehtimol, garchi bizda bunga hech qanday isbot bo‘lmasa-da, mahbuslarning yoshi lablaridagi murtiga qarab emas, balki rad etib bo‘lmaydigan anketa ma’lumotlariga qarab belgilanadi. Bordi-yu, Kanada hukumati uni ozod eta olmasa, kelasi yil Umar dahmaga, «pushtirang»lar huzuriga qaytadi, holbuki uni himoyachilari katta qiyinchilik bilan u yerdan chiqarib olishgandi. Yoki, agar gapirishni xohlab qolsa, a’rofdagi «oq»lar huzuriga yo‘l oladi. Nima bo‘lganda ham u endi bolaga aylanmaydi. Balki yana enemy batant — ashaddiy dushmanga aylanadi.

AShADDIY DUShMANLAR

2002 yil dekabrida harbiy manbalar va asir-arvohlarning ko‘rsatmalariga tayanib, «Vashington post» yozgan ediki, Bagram bazasida MRB so‘roq olib borishning g‘ayriodatiy usullaridan foydalanilmoqda. Jismoniy va ruhiy qiynoqlar qurollari xilma-xil: mahbuslarni bir necha soatlab tiz cho‘kib turishga majbur qilishadi, boshlariga qora bo‘yoq surtilgan payvandchi qalpog‘ini kiydirib qo‘yadilar, ularni elektr chirog‘i bilan qiynab, asab tizimlarini ishdan chiqarishga harakat qiladilar. Pentagon va Oq uy ro‘znomaning barcha ayblovlarini qat’iyan rad etadi, ammo aynan 2002 yil dekabrida Bagramda noma’lum holatlarda ikki nafar mahbus o‘ladi. Afg‘onlar Dilovar (22 yosh) va Mullo Habibullo (30 yosh)ning badanlarida zo‘ravonlik natijasida olingan og‘ir jarohat izlari ko‘rinib turgan. Ekspertizaning harbiylar tomonidan 2003 yil martida taqdim etilgan ashyolarida yozib qo‘yilgan: ular zo‘ravonlik tufaylidan o‘lganlar: bu Vermont shtabidan senator — demokrat Patrik J.Lixini harbiylardan mahbuslarning o‘limi holatlari haqida hisobot talab qilishga majbur etdi. O‘sha vaqtning o‘zida «Nyu-York tayms» shu tergovga bag‘ishlangan maqolasida ta’kidlaydiki, Bagramda mahbuslarni kuch ishlatib tahqirlash oddiy holga aylanib qolgan. Ro‘znoma yozadiki, mahbuslarni muzli xonalarga qip-yalang‘och qilib qamab qo‘yadilar, zanjir bilan qo‘llaridan shiftga osadilar va bo‘yinlariga po‘lat halqalar kiydiradilar. 2003 yil 25 iyunda Mudofaa vaziri oqlovchisi general Uilyam J.Xayns bunday deydi: «Tergov hali to‘xtagani yo‘q».

General Millerning[21] qaddi tarang tortadi: «Bagramda sodir bo‘layotgan ishlarga mening aloqam yo‘q. Biroq men qat’iy qilib aytamanki, mahbuslardan ko‘rsatmalar undirish uchun Guantanamoda kuch ishlatilmaydi. U yerda nima bo‘lishidan qat’i nazar, har doim nimagadir begunohlarni ozodlikka chiqarib yuborayotganimizni unutishadi». Bundayi haqiqatan ham bo‘lgan edi: 2002 yilning 5 apreli va 27 oktyabrida, 2003 yilning 21 marti va 14 mayi va noyabrida 88 mahbus qo‘yib yuborilgan[22]. Boshqalarni ham ozod qilishadi. Kam deganda yana 140 mahbus — 2004 yil yanvarigacha, bashartiki Pentagon 2003 yil dekabrida zimmasiga olgan majburiyatni bajarsa. Ammo qanday asosda ozodlikka chiqarib yuborishadi?

Agarki qo‘lga olinganning «axborot jihatidan foydasizligi» aniqlangan bo‘lsa. Yoki bordi-yu, Vashingtonga shundayi manfaatli bo‘lsa: ancha uzoq muddatli qamoq boshqa davlatlarga, kerak bo‘lsa ittifoqdoshlarga ham nisbatan keskinlikka aylanib ketishi mumkin — goho shunday bo‘ladiki, mahbuslarning cho‘ntagida aynan ularning pasportlari yotgan bo‘ladi. Agar dalillarga sinchkovlik bilan nazar solinsa yoki general Millerning so‘zlariga quloq tutilsa, bular hammasi kunday ravshan bo‘ladi: «Mening tafsilotlarga berilib ketishga haqim yo‘q, ammo ayta olamanki, ozod bo‘lish uchun uchta shartni bajarish zarur. Mahbus shaxs sifatida endi boshqa tahdid qilmasligi kerak. U terrorchilik tashkilotlari bilan barcha aloqa va munosabatlarni uzish majburiyatini oladi. U bizning axborot manbaimiz bo‘lib qoladi». Mana, nihoyat, asosiy so‘z — manba. Hibsdan so‘ng ko‘p oylar yoki yillar so‘ngida axborot manbai bo‘lib qolish mumkinligini tasavvur etish qiyin kishiga. Yer yuzining narigi chekkasida qafasda hayot kechiruvchi odam qanday ma’lumotlarga ega bo‘lishi mumkin? Ko‘pincha vaqt o‘tganini sezmagan bo‘lsa. Agar u ortda qoldirgan hamma narsa bor yoki yo‘qligini bilmasa, ularning kelajakdagi rejalari haqida hikoya qilishga, ular yashiringan joyni ko‘rsatishga, terrorchilar rahbarlarining ismlarini aytib berishga kishi nahotki qodir bo‘lsa? Ma’lumotlar, barchaga ma’lumki, tez eskiradigan narsa. Ular dolzarbligini tez yo‘qotadi, chunki yangiliklarning umri qisqa bo‘ladi. General Miller ko‘pda o‘zi bunga iqror. Bu band shubhali ekanini u tushunadi va shu bois dangal javob berishdan bo‘yin tovlaydi: «Savolingiz bejiz emasligiga iqrorman. Biroq ma’lumotlarning xillari ko‘p: taktik ma’lumotlar, tezkor ma’lumotlar va strategik ma’lumotlar. Taktik ma’lumotlar bir lahzadayoq eskiradi, qolganlari o‘z axborotlik qiymatini to‘la saqlab qoladi. Shu bois «Delta» mahbuslari eng muhim manba bo‘lib qolaveradi». General ham, Pentagon ham teskari narsani isbotlash ancha murakkabligini juda yaxshi tushunishadi. So‘roqlar vaqtida mahbuslardan olingan ma’lumotlar sud ajrimlari mavzusi hisoblanmaydi. Bunda ertami, kechmi ularni discovery[23], demakki, tekshirish ham kutadi. Ular kablogrammalar[24] sharhlab berilgan qog‘oz varaqlaridan iboratdir. Manba har doim maxfiy holda qoldirilgani bois ko‘rsatmalar tagida imzolar yo‘q. Kablogrammalar bir axborot agentligidan boshqasiga ko‘chib yuradi, uning foydasiz parchalarini esa alyans mamlakatlari o‘zaro baham ko‘radilar. Mazkur ma’lumotlarning ahamiyatini baholash uchun bu haddan tashqari kamlik qiladi. Ularning foydaliligini tekshirishning esa hecham imkoni yo‘q.

General Miller menga ajratgan vaqti tugaydi. Mehmonni eshikkacha kuzatib qo‘yish uchun u stoldan turadi. Yo‘l-yo‘lakay oxirgi ikki savolga shosha-pisha javob qiladi: «Mahbuslarni Guantanamoda sud qilishadimi?» — «Atrofdagilardan so‘rab ko‘raylik-chi… Menda rasmiy axborot yo‘q».

Unda nima uchun aynan shu yerda, orolda, o‘limga mahkumlar kamerasi qurishga kirishilayotgani haqida mish-mishlar keng tarqalmoqda? Kimni sirtmoqqa tortish lozimligini hal etishga vakolatli sud bo‘lmasa, dor nimaga kerak? «O‘lim jazosi uchun xona tayyorlash haqida buyruq olganim yo‘q men. Bordi-yu, shunday buyruq kelsa, biz tayyor turamiz. Nima bo‘lganda ham, sizdan iltimos qilaman, sud haqida menga savollar berishni bas qilsangiz. Men sudya ham emasman, oqlovchi ham emas. Men bor-yo‘g‘i soldatman».

ShUBHALAR

Kech soat yettida «Jerk-xaus» skameykalarida bir qadar jonlanish sezilardi. Bu ko‘rfaz sohilidagi Vinvard tomonga ketaverishdagi yamayka fast-fudi. Uning soyasi va aks-sadosi mijozlarni bosib ketmasligi uchun po‘lat dahmadan ancha uzoqda joylashgan. Soldatlar va zobitlar olomoni bu yerda boshpana qidirib topishlari uchun ancha yaqin. Ochiq havoda uchta katta-katta oq plastikdan qilingan dumaloq stol turibdi, uning ustida pivo bankalari, ochofatlik bilan g‘ajib-mujib tashlangan makkajo‘xori so‘talarining iflos qoldiqlari, take-awayning[25] bog‘lamlari yotardi: tovuq go‘shtli guruch, cho‘chqa go‘shtli guruch, sabzavotli guruch. Aytishlaricha, bular juda ham mazali emish. Faqat bir navini boshqasidan ajratish qiyinga o‘xshaydi. Qalampir va ziravorlar mo‘l qilib solingan yemak og‘izni kuydirarmish. Shunda ichish osonroq bo‘larmish.

Polkovnik Jonson Barri ko‘pchigan oshxona darchasidan bugun kechga oz-ozdan «kombo» bo‘lishini aytib qichqiradi. «Chakki emas, bu matoh bilan men yana biron narsa tortarman. Yana bir necha oydan keyin yangilar bilan almashaman, shunda Nyu-Yorkka o‘qishga ketaman…» — «Bu matoh «kombo»mi yoki Guantanamomi?» Jonson jilmayadi, uning ko‘zlari qattiq qisiladi. Savodli zobit, yaxshi tarbiya ko‘rgan va shamalarni tushunishda, noqulay savollarni oson bartaraf etishda yoki ularga kerakli tarzda javob qaytarishda ustasi farang. Polkovnik Jonson — mahalliy qo‘mondonning jarchisi. Armiya yolg‘iz piyoda askarlar bilan urushda yutib bo‘lmasligini, urush haqida hikoya qilishni uddalaydigan va qotirib hikoya qiladigan odam kerakligini anglaganda, u okopni tark etgan. Jonson Bolqonda bo‘lgan, Italiyani yaxshi biladi, mutolaani sevadi. Ko‘p mutolaa qiladi ham. Mana, necha oydirki, uning tongi Internetdagi matbuotni ko‘rib chiqishdan boshlanadi. «Ma’lumki, u yerda qattiq va murakkab amaliy o‘yin o‘ynamoqdalar. Ko‘ramiz, bular bari nima bilan tugarkin. Ayni vaqtda, ilgari «X-ray»da bo‘lganidek chet ellik jurnalistlar oldida «Delta» lageri eshiklarini lang ochib qo‘yib, to‘g‘ri qildik, deb hisoblayman. Bekinmachoq o‘ynash xosiyatli bo‘lmaydi. Siz bemalol hamma narsani kuzatishingiz mumkin. Maqolalaringizni yozavering va muhokamaga qo‘yavering. Bu demokratiya yo‘q deydiganlarga bopta javob bo‘lishiga aminman…»

To‘g‘ri, matbuot erkinligi bu yerda chikora. Buni Jonson ham biladi. Ravshanki, aynan shuning uchun u sovib qolgan somvosi bilan ko‘pda ish tutmayotir. «Mana bu Uchinchi Jeneva konventsiyasi hangomasini olaylik… Mahbuslarimiz qandaydir millatni himoya qilishyaptimi? Ular harbiy libos kiyishayaptimi? Ularning dushmanlari kim? Faqat amerika qo‘shinlari yoki barcha-barcha amerikaliklarmi, bizning oilalarimiz va bolalarimizmi? Yo‘q, bu odatdagi urush emas. Bu boshqa urush. Dushmanlarimiz ham odatdagi dushmanlar emas. Biz bu yerda ularga yomon muomalada bo‘layapmizmi? Ular-chi, qo‘llariga tushgan amerikaliklarga qanaqa muomala qilishadi? Siz hech ularga shunday savollar berib ko‘rganmisiz? Asir tushgan vatandoshlarimizga ovqat berishadimi, yo‘qmi, ibodat uchun Bibliya berishadimi, yo‘qmi, ruhoniyning ularni ruhan qo‘llab-quvvatlashlarini so‘raganmisiz? Qayoqda! Ular bizni yomon ko‘radilar».

Leytenant Moss stolning narigi chekkasida o‘tirar va nafasini ichiga yutib tinglar edi. Har gal gap qaytarmoqchi bo‘lib chog‘langanida guruch to‘la qoshiqni og‘ziga olib borar edi. Oxiri u so‘z qotadi: «To‘ppa-to‘g‘ri, natsizmni eslang! Natsistlar ham kontsentratsion lagerda saqlar edilar, ular ustidan sud jarayonlari olib bordilar, xo‘sh, bordi-yu, Guantanamo — bu zamonaviy Nyurnberg bo‘lsa-chi? Hech kim Nyurenberg sudiga qarshilik qilmagandi. U bo‘lib o‘tgandi ham. Biz Yovuzlikdan xalos bo‘lgandik. Bu bizning hammamizga saboq bo‘lgan edi, shunday emasmi?» Jonson endi butunlay sovib qolgan somvosiga tikilgancha Mossning gaplariga quloq solib o‘tirardi va ovqatni yoqtirmaganday tamshanib qo‘yardi. U ovqatni nari surdi. «Men huquqshunos emas, balki soldatman. Siyosat va huquq bilan mening ishim yo‘q. Ammo ishonchim komilki, ozodlik va ozodlikni himoya qilish o‘rtasida muvozanat shu joyda qaror topgan». Buni to‘g‘ri deb faraz qilaylik, ammo bunday muvozanat qancha vaqtgacha barqaror bo‘ladi? «Mutlaq muvozanat» yana qancha vaqt zamonamiz alomati bo‘lib qoladi? Hech o‘ylab o‘tirmasdan Moss javob beradi: «Toki bu urush davom etguncha. Har doim degan so‘z nimani anglatishi mumkin?..»

Natsizm. Yovuzlik. Urush. Nafrat. Terror. Bular barchasi — bosh uni anglashga qodir bo‘lgunga qadar inson qursog‘ida yuzaga keladigan qo‘rquv illatlaridir. Bugun kechqurun «Jerk-xaus»dagi dasturxon ustida men suhbatdoshlarimda shubha soyalarini ilg‘ashga ham muvaffaq bo‘ldim. Ehtimol, bu shubhaning yo‘qligi sababidandir. Yoki uni ifoda etishning iloji yo‘qligi sababidandir. Juda bo‘lmaganda shu yerda va hozir «Delta» lageridan uncha uzoq bo‘lmagan joyda.

Baribir shubha mavjud va u qo‘rquv qobig‘i ostida o‘ziga yo‘l solmoqda. Va kutilmaganda siyosiy mubohasalardan olis, ammo libos kiyganlar ongi qisman shakllanayotgan joyda o‘zining mavjudligini bildirib qo‘yayapti. Masalan, Virjiniya shtatidagi Sharlotsvil shaharchasida AQSh harbiy advokaturasining odatda harbiy sudlarda kimlar, qanday oqlovchilaru sudyalar majlis qurayotganlarini juda yaxshi bilishadigan kabinetlarda bildirib qo‘yayapti. Sharlotsvil AQSh harbiy advokaturasi bunday ishni ado etayotganlari uchun oylik «The Army Lowyer» jurnalini chiqaradi. Maqolalar dadil pamflet usulida yozilgan, fikrlar yaxshi asoslangan, biroq hatto hech qachon javobgarlikka tortilmagan va sud binosiga qadam izi qilmagan fuqarolarning ham miyasiga yetib borishi uchun xiyla sodda bayon etilgan. Maqolalarning mualliflari Oq uy va Mudofaa vazirligi aynan Guantanamoda ishga tushirib yuborgan mashinadan juda tashvishdalar. Sohil muhofazasining iste’fodagi zobiti kapitan Kevin J.Barri (u harbiy sudlarda uzoq yillar ishlagan) terrorizm bilan Urush sharoitlarida amerika harbiy sudining yangi joriy etilgan amaliyotidan salobat niqobini sidirib tashlab, muammo ildizini topdi: «Hozirgi vaqtda harbiy sudlarda ustuvorlik qilayotgan tamoyil va qoidalarni qoyilmaqom tarzda aks ettirib turgan jiddiy o‘zgarishlardan tashqari bu sud ishlari amerika sud tizimini namoyon etib turuvchi adolatli ish ko‘rish andozasiga mos kelmaydi. Tez orada Qo‘shma Shtatlar jinoiy sudda yengilmas adolatning kafolatlari sifatida jahon miqyosida uzoq vaqt davomida egalik qilib kelgan axloqiy ustunlikni boy berajak».

Kapitan Barrining mulohazalarida odob me’yorlari va kasb masalalari sirtmoqqa solib qo‘yilgan, bu esa yangi qoidalarni o‘ylab topgan va qaror topdirganlarning zaif bahonalarini bir pulga chiqargan. Harbiy hay’atlar, deydi u, harbiy sud madaniyatida ellik yil orqaga qo‘yilgan qadam, ular isbotlarni olish va baholashni boshqarib turuvchi huquqiy me’yorlarni behayolarcha o‘zlariga moslaydilar, huquqiy davlatning odob tamoyillaridan chetlanadilar, himoyani bosh ayblovchilarga tobe va qulay, oxir-oqibatda esa ularni, ayblovchilarni tayinlagan va huzurida hisobot berishga majbur bo‘ladigan ijrochi hokimiyat roliga keltirib qo‘yadi.

Gap birgina nutq haqida emas, balki qaysidir ma’noda keng tarqalgan urf haqida ketayotir va Barrining polkovnik Borchdan olgan javobi bunga yaqqol dalildir. O‘z muxolifiga o‘xshab, polkovnik Borch uning ommaviy chiqishlariga daxldor hamma narsani juda nozikta’blik bilan his etadi va har bir so‘ziga o‘ttiz ikki narx qo‘yib gapirishga o‘rgangan. Jurnal savollariga javob qaytarar ekan, Guantanamo mahbuslari ishlari bo‘yicha bosh davlat ayblovchisi, polkovnik o‘zining o‘sha jurnal sahifalarida ham javob qaytarish huquqidan o‘ta rasmiyatlarcha foydalanish huquqini boy bermadi, uning bevosita ishtirokida va o‘zi uni himoya qilishi kerak bo‘lgan sud ishlarining falsafasi va asosiy tamoyillarini bayon qilib berdi. «Guantanamodagi sud ishlari full and fair[26] hisoblanadi, — deb yozadi Borch, — himoyaga qo‘yilgan cheklovlar adolatli sudning samarali ijro etilishini qiyinlashtiradi, jiddiy asoslar bilan mustahkamlanmagan. Aksincha, bu cheklovlar qanchalik oqilona bo‘lsa, shunchalik zaruriy hamdir (hay’atlar ishi urush vaqtida o‘tayotganini hisobga olganda) va hech qanaqasiga sinchkovlik bilan sud ishlarini olib borishga xalaqit bera olmaydi. Bundan tashqqari, kapitan Barri sud ishtirokchilarining axloqiy sifatlarini hisobga olmaydi. Ular kimlar, nima bilan shug‘ullanadilar, ular zimmasiga yuklatilgan majburiyatni nechog‘li mas’uliyat bilan ado etadilar. Na amerika, na xorijiy, na harbiy, na fuqaro — hech bir sud bu sud jarayonlariga jalb etilgan odamlarga e’tibor qilmasligi mumkin emas. Harbiy ha’yatlarda zobitlar, tajribali sudyalar va advokatlar majlis qiladilar, o‘zlarining ishtiroklari bilan sud ishlarining full and fairini kafolatlaydilar. Boshqasida esa ko‘proq fair bo‘lar edi, bashartiki ha’yatlarning tanqidchilari — kapitan Barri va maslakdoshlari — sud jarayonlari natijalaridan o‘z noroziliklarini ifoda etishda tahammul qilsalar.

Ishonchim komilki, bu jarayonlar full and fair bo‘ladi va ular bilan amerikaliklar faxrlana oladilar».

Agar kapitan Barri va uning nuqtai nazariga hamdardlik bildiruvchi armiyaning bir qismi so‘nggi so‘zni aytish ularning zimmasida qolishi kerakligini bir yoqlik qilmasa, hamma narsa mana shu joyda nihoyasiga yetishi mumkin edi. Yana jurnal sahifalarida aytiladi: «Muammo sud jarayoniga jalb etilgan zobitlarning sud ishlarini full and fair qilishga bo‘lgan qahramonona intilishlaridan iborat emas. Muammo, astoydil aytaman, amallarning o‘zida, polkovnik Borchning bu amallarni himoya etishi tasodifiy emas, u asosli fikrlar sifatida bu amallarni qo‘llab-quvvatlash uchun Ma’muriyat tarqatgan bayonotlardangina foydalanadi. Endi o‘z go‘dagini himoya qilish uchun Ma’muriyat xiyla ko‘proq narsalar qilishi kerak bo‘ladi. U jiddiy o‘zgarishlar kiritishi kerak. Bordi-yu, bunday bo‘lmasa, unda ishtirokchilarning sa’y-harakatlariyu yaxshi niyatlariga qaramay, hay’atlar na bizda va na xorijda fair sifatida e’tirof etilmaydi. Biz — huquqiy davlatmiz va Terrorizm bilan urush maqsadlaridan biri — nafaqat ittifoqdoshlarning, balki g‘animlarning ham qalbi va ongini zabt etishdir. Agar hech narsa o‘zgarmasa, biz hatto do‘stlarni yo‘qotamiz… Bundan tashqari esa — qo‘shimcha qilib aytish joiz — o‘zlariga churq etmaydigan statistlar vazifasi ajratilgan tomoshada ishtirok etishda bosh tortishga qaror qilgan harbiy oqlovchilarning bir qismini ham yo‘qotamiz»[27].

INTIQOM

Hammasi juda tez ro‘y beradi, 2003 yil 10 sentyabr, chorshanba. Guantanamodan kelayotgan amaliyot tayyorasi Florida shtatidagi Jeksonfil tayyoragohining qo‘nish maydoniga enib tushadi. Tayyora ichida ta’til olgan erkaklar va ayollar bor. G‘ildirakli zinapoyadan uchuvchi bo‘lmasiga harbiy politsiya va razvedka zobitlari tez ko‘tarilishadi. «Delta» lageri musulmon mullasi, yo‘lovchi Yi, kapitan Jeyms J.Yini tayyoraning burun qismiga chaqirishadi. Bu rasmiyatchilik emas. AQSh armiyasi uchun bu hibs. U o‘z vatanini sotgan va qasamini buzgan. Kapitan Yi — josus. «Al-Qoida»ning po‘lat dahmadagi ko‘zi va qulog‘i.

Kapitanning qo‘lga olinishi va qayerdaligi o‘n kun sir saqlanadi. 20 va 21 sentyabrda «Vashington tayms» ikkita maqola bilan sir pardasini ko‘tarmaguncha. Pentagonga yaqin va konservativ ruhdagi bu ro‘znomada muallif Yiga harbiy razvedka butunlay fosh etishga va’da bergan fitnaning markaziy rolini ajratgan mufassal maqola paydo bo‘ladi. «Tayms»ning so‘zlariga qaraganda, kapitan Janubiy Karolina shtati, Charlstondagi harbiy-dengiz bazasida qo‘riqlanmoqda. Uning ayblovi to‘g‘risida «muayyan» dalillar guvohlik beradi. Masalan, mana bunday: hibsga olish vaqtidagi tintuv chog‘ida Yida «turli-tuman» hujjatlar topilgan.

Sharikli ruchka bilan chizilgan «Delta» lageri chizmalariga o‘xshash suvratlar bor, ularda bloklar va omborxonalar joylashgan joylar qayd etilgan. «O‘xshash». Yana, deb xabar beradi manba, aftidan kapitan ayrim mahbuslar bilan joiz bo‘lmagan munosabatlar o‘rnatgan. Bu yerda shubhaning tergov olib borishda Terrorizm bilan urush sharoitlarida amal qilingan va allaqachon mahbuslarda sinab ko‘rilgan, endi esa qamoqxona nazoratchilariga nisbatan qo‘llanilayotgan nozik uslubi bilan yo‘g‘rilgan mantig‘i ishlamoqda edi. Bu aybsizlik taxminidan bevosita kelib chiquvchi xulosalar uslubidir.

Birinchi xulosa. Yi – uning qafasdagi birodarlari kabi musulmon kishisi. Binobarin, u erishgan va ular tufayli shogirdlari uni shunchaki Yusuf deb atagan mahbuslarning o‘ta ishonchliligi va joylashuvi tasodifiy emas.

Ikkinchi xulosa. Uest-Poyntdagi o‘qishdan keyin kapitan qoldirgan armiya saflariga qaytishdan avval Yi diniy ta’lim olgan Suriyada yashagan. Yi Guantanamodan «yashirilgan hujjatlarni» olib chiqqan. Binobarin, Yini Suriya josusi deb taxmin qilish «oqilona»dir.

Uchinchi xulosa. AQSh armiyasida musulmon sotqinlar oldin ham bo‘lgan. Serjant Asan Akbar Iroq bilan urush arafasida Quvayt hududiga keltirilgan havo-desant brigadasining qarorgoh chodirlariga qo‘l granatasini irg‘itgan, o‘n besh nafar xizmatdoshini yaralagan va ikki nafarini o‘ldirgan. Bir necha yil ilgari, 1998 yilda serjant Ali A.Muhammad Afrikadagi AQSh elchixonasiga joylashtirilgan terrorchilik hujumlarida ishtirok etgan. Binobarin, kapitan Yi ham sotqin bo‘lib qolganiga aslo taajjublanmaslik kerak, boz ustiga Fort-Lyuisdagi harbiy baza ro‘znomasi uchun yozilgan uning maqolasi – ziyrak tergovchilar ish orasida ta’kidlaganlaridek – «aynan 2001 yilda» odamlarni islom bilan qo‘rqitishni to‘xtatishga chaqirgan.

Bundoq olib qaraganda, hammasi jo‘nday. Kapitan Yi – dushmanlar orasida namunali do‘st va do‘stlar orasida, dushman. Josuslikda ayblash uchun a’lo nomzod.

Nahotki men rostadanam josus bilan tanishib qolgan bo‘lsam? Terrorizm bilan urushning birinchi josusi bilan-a? Qur’on va amerika konstitutsiyasi ning uyg‘un holda yashash g‘oyasiga soddadillik bilan ishona qoldimmi? Musulmonlar do‘zax azobi tortib turganida Payg‘ambarga iymon keltirish va harbiy libosni kiyish bilan chiqisha oladi deb nahotki men bir qarorga kelgan bo‘lsam?

2003 yil sentyabri oxirida og‘ir kunlar boshlandi. Yana shuning uchunki, Yi ishi tevaragida ko‘tarilgan shovqin tobora dahshatli tus olmoqda edi. 2003 yil sentyabrida kapitan Yusuf hibsga olingandan keyin kamida yigirma to‘rt soat o‘tgach, Pentagon stolga yangi qartani tashlaydi. Harbiy libosdagi yana bir odam. Guantanamo lagerida xizmat qilgan yana bir musulmon. Uning ismi – Ahmad I. Al-Halabiy. AQSh HHK oddiy soldati to‘qqiz oy mobaynida qamalganlar ko‘rfazida tarjimonlik vazifasini bajardi. Jeksonvil tayyoragohidagi tayyora ichida Yini hibsga olganlaridek, uni 23 iyulda hisbga olishdi. Uni ham Kaliforniya shtatidagi maxfiy Vaynberg aviabazasiga qamab qo‘yishdi.

Etti hafta Pentagon sukut saqladi. Keyin esa, biz barchamiz guvoh bo‘lganimizdek, 23 sentyabr discovery kuni bo‘lishiga qaror qiladi. Shu kunning tanlanishi tasodifiy emas, u uslubni biladi. Al-Qoidaga ko‘rsatilgan ayblov mulla Yi qiyofasini yaqinda chulg‘ab tashlagan gumonlar uchun mustahkam tayanch. O‘ttiz ayblovdan to‘rttasi – josuslik, uchtasi – dushman bilan hamfikr bo‘lish, o‘n bittasi – qo‘mondonlik buyrug‘iga bo‘ysunmaslik, to‘qqiztasi – yolg‘on guvohlik berish. HHKdagi rasmiy manbalar tafsilotlarga berilishdan kuchlarini ayamaydilar. Al- Halabiy «Delta» lagerini suvratga oladi, bu esa nizomda taqiqlangan. U maxfiy hujjatlarni davlat kompyuteridan o‘zining shaxsiy kompyuteriga o‘tkazib olgan. U mahbuslarga holvani «noqonuniy» va «zimdan» ulashgan. Ha, aynan holvani – esingizdadir? – oshpaz Klakning mukofot shirinligi, qafasdagi mahbuslar tilini sayratish uchun foydalaniladigan noan’anaviy qurol. Boz ustiga, al-Halabiy elektron pochtadan Suriya razvedkasiga maxfiy bo‘lgan ma’lumotni uzatishga harakat qilgan: shaxsan mahbuslar qo‘li bilan yozilgan shaxsiy tusdagi ikkita yozuv va elektron fayllarda ularning o‘zlari tergan bir yuz ellik dona o‘shanday yozuvlar; baza ichkarisidagi harakatlar to‘g‘risida yangiliklar, mahbuslarni eltish sharoitlari va usullari.

Bu axborot Damashqqacha yetib borganmikan – davlat ayblovchisi buni aniqlashni ma’qul ko‘rmaydi. Al- Halabiyning oqlovchisi mayor Kim I London ta’kidlaydiki, ayblov hujjatlarining bandlarida «ayblash uchun zarur dalillar» mavjud emas, biroq o‘sha zahoti keskin zarbaga uchraydi: «Al-Halabiy muayyan axborotni olish huquqiga ega bo‘lmagan odam bilan munosabatda bo‘lgan. O‘sha odam, Al-Halabiy buni bilardi, dushmandir». Ehtimol, suriyalik bilan munosabatda bo‘lgandir. Yoki suriyaliklarga ishlaydigan boshqa bittasi bilan.

Qolganlari Pentagon uchun – hech narsaga arzimaydigan mayda-chuydalar. Bir narsa muhim – 2003 yil sentyabri oxirida mantiqiy rishta Damashqda o‘qigan mulla Yini Damashqda elektron xatlarni yuborgan yoki yuborishga harakat qilgan oddiy soldat al-Halabiy bilan bog‘laydi. Bularni ikkala do‘st bilishadimi, yo‘qmi, keyin ma’lum bo‘ladi.

Ammo bu hali oxiri emas.

29 sentyabr dushanbada bu tomoshaning so‘nggi ko‘rinishi boshlanadi. Juda bo‘lmaganda tomosh ko‘rsatilgan edi. Bostonning Lolan tayyoragohida bungacha ikki yil ichida qora seshanba kamikadzelari o‘tgan o‘sha yo‘laklarda davlat xavfsizligi departamenti xodimlari qamalganlar ko‘rfazida pishib yetilgan fitnaning uchinchi ishtirokchisiga kishan kiydiradilar. U oddiy fuqaro vakili, uning ismi Ahmad Fati Mehalba. U o‘ttiz bir yoshda, u Misrda tug‘ilgan, biroq AQSh fuqarosi hisoblanadi. U Qohiradan qaytayotgan bo‘ladi va uni «oralatib ko‘rikdan o‘tkazish» uchun to‘xtatadilar. U Guantanamo harbiy bazasiga Kaliforniya kompaniyasiga qarashli San-Diyegoning «Kaliforniya Titan» muhri bo‘lgan ruxsatnomani ko‘rsatadi – bu autsorsingdagi yana bir o‘yinchi, «Titan milliy xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha yoppasiga xizmat»ni taqdim etadi. Guantanamoda ular o‘z tarjimonlarini ishga joylashtiradilar. Mehalba shulardan bittasi edi.

Beg‘am tarjimondan jomadonini ochishni iltimos qiladilar, unda bir yuz o‘ttiz ikkita kompakt-disk topadilar. «Musiqa va filmlar….» – deydi u. «Guantanamo mahbuslariga aloqador bo‘lgan maxfiy hujjatlar yozilgan 368 fayl, – aniqlik kiritadi davlat xavfsizligi departamenti, – oddiy qistirmalar bilan no‘noqlarcha niqoblantirilgan hujjatlar qutiga joylashtirilgan». Masalan, «Back up 3 for M.O?s profile»[28] nomi ostidagi disk. Mehalbaga pushtirang libos va «uch narsa»ni kiydiradilar. Hibsga olish ruxsat berilgan sudya Charlz Svartvudga u o‘ziga oqlovchi yollashni lozim topmasligini tushuntirdi.

Mehalbaning hayoti oson kechmagan. Har doim qiyin bo‘lib kelgan. 2000 yilda u armiyaga ko‘ngilli bo‘lib yozildi va Arizon shtatidagi Fort Xuachuk bazasida aksiljosuslik markazi qoshida so‘roq qilish bo‘yicha mutaxassislar tayyorlash o‘qishiga tayinlab qo‘yilgandi. Biroq imtihonlarda yiqilgandi. Haddan tashqari to‘la bahonasi bilan uni harbiy xizmatdan ozod qildilar. U aksiljosuslik markazining talaba qizi Debora Jefart bilan don olishib qoladi. Qizni ham haydadilar, ammo haddan tashqari to‘laligi vajidan emas, balki maxfiy axborotlari bo‘lgan mashina va noutbukni o‘g‘irlagani uchun.

Ammo Mehalba tegirmondan butun chiqadigan odam, u «Titan»da ishga joylashishga va oxir-oqibatda Terrorizm bilan urushning amerika razvedkasi hammadan yaxshi qo‘riqlanadigan chegarasida paydo bo‘lishiga erishadi. Armiyadan bo‘shatib yuborilgan baqaloq shunday qildi. Qo‘lga tushirish ish bayonida Mehalbani Federal Qidiruv Byurosi agenti Jon F. van Klif «soxta» misrlik deb ataydi: Mehalba kimdir unga aytmasdan uning kompyuteridan ellik olti sahifalik maxfiy hujjatni so‘rib olganini isbotlashga tayyor. Lager razvedkasiga ishlaydigan qandaydir odam unga amaki bo‘lishini keskin rad etadi. Ehtimol, agent van Klif haqdir. Balki Mehalba bor-yo‘g‘i bayov mazaxo‘rak emas, so‘tak, «tomi ketgan»dir. Uning sodda-bayovligi shunchalikki, yopiq axborotni xususiy shaxsga sotishdan oldin uni o‘z noutbukidan o‘chirib tashlashni unutganini FQB (FBR) ga avval xabar berib, keyin isbotlashga harakat qiladi. Natijada Guantanamo mahbuslariga daxldor ashyolari bo‘lgan kompyuter uchinchi qo‘lga borib tushadi. «Bu yerda hech qanaqangi shubha bo‘lishi mumkin emas», – deydi ushbu noutbukni topgan federal qidiruv agentlari. Kompyuterning qattiq diskida maxfiy ma’lumotlar bo‘lgan besh fayl va Mehalbaning rezyumesi bor.

Uch musulmon odami – bundan chiqdi, fitna ekan-da? Kapitan Yi, oddiy soldat al-Halabiy va tarjimon Mehalba bir-birlarini taniydilarmi o‘zi? Haqiqatan ham ular Terrorchilar bilan urushning eng himoyalangan va eng uzoqdagi frontiga yorib kirishga muvaffaq bo‘lgan qaltis «dushman razvedkasi» agentlari hisoblanishadimi? Yoki bu tafsilot ma’nosi butunlay boshqachami? Guantanamoda gumon qo‘riqchilarning o‘zlarini yo‘q qila boshlaganidami yo? Qamalganlar ko‘rfazida vaziyat izdan chiqa boshlayotganidami?..

O‘zimning ko‘plab savollarimga loaqal bir og‘izgina javob topishga harakat qilib, Vashingtondagi El-strit ko‘chasi 2001 raqamli oynavand va po‘latdan qurilgan osmono‘par binoga yaqinlashaman va «Feldsman, Taker, Leyfer va Fidell» huquqshunoslik idorasi ofisiga ko‘tarilaman. Men sheriklardan biri – Yujin R.Fidell bilan gaplashishim kerak. Yujin Fidell sud ishlari sohasida mo‘tabar inson sifatida obro‘ qozongan odam, Harbiy-adliya milliy instituti prezidenti. Uning didi nozikligiga gap yo‘q va o‘z ishining ustasi sifatida u g‘oya va fikrlarini aniq andozaga solishni qotiradi. Guantanamo harbiy sudlari va harbiy ha’yatlariga taalluqli masalalarda ko‘proq aynan uning fikrlariga quloq soladilar.

Fidell kapitan Yini himoya qiluvchi oqlovchilar guruhiga boshchilik qiladi. U og‘ir yo‘lni ixtiyor etgan. «Men sizni juda yaxshi tushunib turibman. Bu ishni menga taklif qilishganda, men darrov rozi bo‘la qolganim yo‘q, – deydi u. – Bu ishni qo‘lga olishga arziydimi, yo‘qmi, shuning ustida o‘ylab-o‘ylab, men masalaga chuqur nazar solib qaradim. Aslida ro‘znomalar axborotning maxfiylashtirilgan manbalarga tayangan holda Jeyms Yi josusmi, umuman, bu yigit o‘zi kim ekani haqida jar solganlari haqiqatmi?» Fidell o‘zining ikkinchi himoyachisi bilan oktyabrda mulla bu vaqtgacha yakka kamerada bir oy o‘tirib ulgurgan Charlston harbiy-dengiz bazasida uchrashdi. «Bu o‘rta asrlar uslubidagi manzara edi. Men so‘roq qilinadigan xonada kutib o‘tirardim va mahbus kelayotganidan darak beruvchi zanjir sharaqlashiga qarab uning yaqinlashayotganini fahmladim. Kapitan o‘zining «uch narsa»sida shunaqangi viqor bilan yurib kelardiki, buni hech qachon xotiramdan o‘chirolmasam kerak. U qo‘g‘irchoqdek siltanib-siltanib harakat qilardi, qo‘llari, bo‘yinlari va belidan zanjirband qilib tashlangandi…. Men qayerdaligimni tushunolmasdim: buyuk demokratik mamlakatning harbiy bazasidami yoki Guantanamodami. Biroq, sirasini aytganda, ayblovchilar uchun unisi bilan bunisining o‘rtasida katta farq yo‘q».

Yi kunlarini o‘tkazayotgan Charlstonning beton qutisida uning uchun har qanaqangi aqliy hordiq man etilgan. U faqat Qur’onni o‘qishi mumkin edi. Hatto ko‘rfazdagi mahbuslarga mumkin bo‘lgan ozgina narsa ham bunga mumkin emasdi. Xat yozish va ro‘za tutish ham. Kapitanning aybsizligiga ishonmagan uning sobiq boshlig‘iga qo‘lga olingan bilan ko‘rishishga ruxsat berishmadi. Xotini va uning o‘ziga o‘xshab, harbiy xizmatchi bo‘lgan ikki akasiga ham ko‘rishuv va xat yozishuv rad etildi.

Davlat ayblovi shu narsaga aminki, ertami, kechmi mullaning mudofaasi yemirilishi kerak. U josuslikda ayblanishi aossizligini oshkor etishi mumkin bo‘lgan qartalarni ochishdan ehtiyot bo‘ladi. Aslida ayblovchilar taym-aut olishgandi. Pentagon komandadan chertib-chertib tanlangan uch nafar qoralovchini qo‘ydi (odatda ularga murakkab, siyosiy jihatdan nozik ishlarni ishonib topshirishadi). Barcha uchalovi – Maykl Malligan, Timoti Makdonnell va Pol Le Blan Yini silsilaning o‘rtasiga qo‘yishi va shu tariqa al-Halabiy va Mehalba bilan bog‘lashi mumkin bo‘lgan kemtikni qidirgancha tergov hujjatlari solingan jildni kavlashda davom etmoqda. Ammo bu qog‘ozlar g‘aramida hech vaqo yo‘q. Yoki bunday deyish durustroqdir: ularda baribir nimadir bor. Boobro‘ guvoh – Guantanamo Birlashgan tezkor guruh bosh qo‘mondoni, general Jefferi D.Millerning ko‘rsatmalari muhim. Texaslik generalga o‘zini o‘zi Yusuf deb atagan bu musulmon kapitan Jeyms Yiga hech qachon yoqmagan. Uning surbetlarcha jilmayishi va qafaslarda kutilmaganda paydo bo‘lib qolishi yoqmagan. Mahbuslarning ruhoniy yukini yengillatishda jonini jabborga berib intilishda general har doim hamdardlikni emas, balki shubhali hamkorlikni ko‘zda tutardi. Yining tuyqusli tashabbusida – jonli ovoz bilan ohanrabo yozuvlarini almashtirishni, mahbuslarni kunda besh mahal namozga chorlashini texaslik shunchaki muruvvatdan ko‘ra qandaydir kattaroq narsa deb qarardi. Mullaning Qur’onni saqlovchi jarrohlik niqobini har bir qafasning shiftiga osishni astoydil iltimos qilishini u surbetlarcha do‘q deb bilardi. Qur’onni chang bosmasligi va peshob tegib, ifloslanmasligi kerak.

Fidell jiddiy masalalarni ko‘ndalang qo‘yardi: «Qanday asosda uni josuslikda ayblashayapti? Nima uchun uni bu qadar qattiq xo‘rlashyapti? Olib chiqishga ruxsat olinmagan, o‘z qo‘li bilan yozilgan va o‘zi bilan olib kelgan to‘rtta maqola uchunmi? Kapitan ruhiy ustozi bo‘lgan mahbuslar bilan suhbatlarni yozib olgani uchunmi? Yoki yana boshqa nimalardir uchunmi? Balki uning harbiy tarjimon bo‘lgani uchundir?»

Charlstondagi so‘roq qilinadigan xonada Yi Fidellga boshidan o‘tganlarni hikoya qiladi. Bir necha oy muqaddam, 2003 yil iyulida uni menga eshigida qora yarimoy nishoni bo‘lgan barakda uchrashuvimiz vaqtida so‘zlab bergandi. Jo‘shib hikoya qiladi. Ammo bu gal kishanband etilgan odamni himoya qilishi kerak bo‘lgan armiya va mamlakatga qonuniy va mag‘rurlik tuyg‘usidan xoli tarzda hikoya qilardi. Kapitanning so‘zlariga ko‘ra, Guantanamo asoratlari uni haqiqatan ham jon talvasasiga tushgandek azob berar edi. Bular uchun o‘zini javobgar deb his etardi. Shu bois Muhammad Juban bilan suhbatlarda ruhini tetiklashtirib olishga harakat qilardi. Suriyaga josus bilan emas, balki Sietl atrofidagi olimpiyalik imom bilan. Mulla bilan bu uchrashuvlarni Muhammad unutmagan. «Yi, – deb hikoya qiladi Juban «Nyu -York tayms» muxbiriga, – Guantanamodagi yarim yillik xizmatidan keyin 2003 yil martida uyiga qaytdi. U yoqqa yana bir muddatga qaytishi kerakligini bilardi. Qaytib borgach, u muazzin bo‘lmoqchi va birodarlarini namozga chaqirmoqchi… Shubhalar uning ich-etini yerdi, ammo u ko‘rfazda mahbuslarni saqlash sharoitlari haqida eslashdan o‘zini qattiq olib qochar edi. Aksincha, kapitan, uning yagona tash­vishi – o‘z shogirdlarining ma’naviy ehtiyojini qondirish ekanini takrorlardi. Uning vatanga xizmati ana shundan iborat edi. U mendan tasalli va maslahat umidvor edi…»

Bir vaqtlar uni Saudiya sahrosida qidirishgandi. 1991 yilning avgusti edi. Yi AQShning Xobardagi harbiy bazasida yashardi. Uni u yerga ko‘rfazda birinchi urush to‘xtaganidan keyin qo‘mondon yuborgan edi. «Patriot» batareyasining zobiti bo‘sh vaqtini islomning muqaddas matnlarini ingliz tiliga tarjima qilishga bag‘ishlardi. Hali 1993 yilda Saudiya Arabistonining harbiy havo kuchlari va qurolli kuchlari oilasi Makkaga qilgan birinchi ziyorat safari xarjlarini to‘lamagan bo‘lsa-da, Yi 1995 yilda ikkinchi marta qaytib keladi. Shundan keyin harbiy libosini yechadi-da, Damashqqa, oliy mufti Ahmad Kuftaro maktabiga ko‘chib o‘tadi, u yerda to‘rt yil o‘qiydi va o‘zining bo‘lajak xotini, go‘zal Uoda ismli suriyalik qiz bilan tanishib qoladi. 1999 yilda Jeyms Yi AQShga qaytadi va yana harbiy libos kiyadi. Bu gal u musulmon mullasi bo‘ladi. 11 sentyabr voqealaridan keyin u xususiy yozishmalarida ham, Fort-Lyuis harbiy bazasi ro‘znomasida ham va kurash bo‘yicha o‘zining sobiq treneri elektron xatlarida ham, interaktiv munosabat forumida ham: «Sodir bo‘lgan voqealar vajidan musulmonlarni ayblaganlar»,- deb yozishga o‘zida jur’at topadi.

Kapitan Jeyms Yi josus emas, 2003 yil 26 noyabrida qamalganlar ko‘rfazidan to‘rtinchi harbiy xizmatchi «lavozim vazifasini bajarish chog‘ida, xususan yopiq hujjatlarni qo‘riqlash chog‘ida yolg‘on guvohlik berganlikda va sovuqqonlik qilganlikda ayblanganda AQSh armiyasi kapitan Yidan josuslikdagi barcha ayblovlarni olib tashladi, aynan shuning uchun u hibs etilgan va yakka kamerada bir necha oy o‘tirib chiqqan edi. Uni Jorjiya shtatidagi Fort-Benning shahrida kapellan (mullalik) lavozimiga tikladilar, biroq ayni vaqtda uning obro‘yi tushgandan-tushib ketdi. Unga mayda ayblovlar qo‘yishda davom etdilar: «yopiq axborotlar bilan ehtiyotlarcha muomalada bo‘lish» (u bunday hujjatlarni eltish uchun osma qulfli temir qutidan foydalanish kerakligi unutgandi). Undan vatanga xoinlik qilganlikdagi ayblov olib tashlanadi, ammo xotiniga xiyonat qilishdagi ayblov qolaverdi: «Ha, Yi hali bunga ham javob berishi kerak. Adyulterlik uchun. Bundan tashqari «Amerika» lagerida Internet-kafening iflos saytlarining birida shahvoniy suvratlarni qidirgani uchun.

Dastlabki tergov yakunlari bo‘yicha Jeyms Yi harbiy sud oldida qachon javob beradi va javob beradimi, yo‘qmi, harbiy sud hal qilishi kerak. Ayni vaqtda harbiy sud va Massachusets okrug sudi oddiy soldat al-Halabiy va fuqaro Mehalbani josuslikda ayblashlar bo‘yicha ishni ko‘rib chiqadilar. Tergov ishlarini bir umumiy tugunga bog‘lashga urinishiga qaramay, ishni ko‘rib chiqishlar alohida olib boriladi.

Yujin Fidell xayrlashadi: «Kapitan Yi boshidan kechirganlar va Guantanamoda bo‘layotgan ishlar telbalikdan boshqa narsa emas. Ular o‘z xatolaridan saboq chiqarishni bilmadilar, o‘zi saboq chiqarishni istashmaydi. Aksincha, ularni qayta va qayta zo‘r berib takrorlayveradilar. Xatolar tuzatib bo‘lmas darajaga yetadi. Ertami, kechmi bu nihoyasiga ham yetib qolar. Bugun emas. ehtimolki, ertaga hammas. Hozircha bizlar nimaga guvoh bo‘lganimizni hikoya qilish va eslashgagina yaraymiz, xolos». Balki, u haqdir.

“Inostrannaya literatura” jurnalining 2006 yil 12-sonidan olindi.

Ruschadan G‘olib Fayzulla tarjimasi

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2008 yil, 5-son

————————————–

[1] Ma’lumot 2003 yil 5 avgustda Zurmat shahrida “Xalqaro afv umumiy” tomonidan olingan va 2003 yil 19 avgustdagi 51/114/2003 hisobotiga ilova qilingan. (Bu yerda, bundan keyin ayrim istisnolardan tashqari, izohlar muallifniki).

[2] Ma’lumot 2003 yil iyulida Kobulda “Xalqaro afv umumiy” tomonidan olingan.

[3] Guantanamo bilan Kuba o‘rtasidagi chegara chizig‘i ko‘rfazdan sharq tomonga 17,4 mil cho‘zilgan. Chegarani harbiylar har ikki tomondan qo‘riqlab turishadi, Kuba tomonida esa “xoli yer” minalashtirib ham qo‘yilgan.

[4] Kuba va AQSh urushidagi siyosiy munosabatlar 1961 yilda uzilgan edi. 1962 yil oktyabrida Karib mojarosi vaqtida Amerika prezidenti Jon Kennedi bazadan barcha fuqarolarni olib chiqib ketishni buyurgandi. 1964 yil 4 fevralida Kastro orol ichkarisidan ichimlik suv olib kelishni to‘xtatib qo‘ygandi. Shundan buyon Amerika tomoni 14 mln. litr suvni o‘zi olib keladi, chuchitadi va ulashadi va kuniga 800 vt elektr quvvati sarf qiladi. 1991 yili Guantanamoga AQShga o‘tib olishni maqsad qilgan qochoqlar Gaiti va Kubadan yashirinib keladi, 1994 yil sentyabrida bu raqam 45000 ga yetdi. Keyingi ikki yil ichida qochoqlar soni mutassil o‘sib bordi, ularning eng so‘nggisi bu yerni 1996 yil 31 yanvarida tark etdi.

[5] Karib halqasi (ing.).

[6] Inglizcha fonetik alifbo nazarda tutilmoqda: Alpha, Brave, Charlie, Delta, Eiho, Foxtrat, Golf, Hotel, Indigo, Juliet, Kilo, Mike, November, Oscar, Quebec, Romeo, Sierra, Tongo, Uniform, Victor, Papa, Whiskey, Xray, Yankee, Zulu. (Muallif izohi.)

[7] Kubalik qochoqlarga vaqtinchalik qo‘nalg‘asi uchun 90-yillar boshida qurilgan «X-ray» lageri terrorchilar qamalgan dastlabki joy bo‘lgan va 2002 yilning 6 yanvaridan 29 apreligacha foydalanilgan. O‘shanda so‘nggi tutqin «Delta» lageriga olib o‘tilgandi. Bu vaqt ichida lagerda 40 mahbus bo‘lib, faqat bittasi ozod etilgandi.

[8] English – “ingliz” degani.

[9] Sug‘urtada qo‘llaniladigan asosli tarif stavkasiga chegirma qo‘yish tizimi. (Muallif izohi).

[10] Iste’mol qilishga yarimtayyor ovqat (Muallif.)

[11] Kartoshka pyuresi (ingl.).

[12] Tushlik (ingl.).

[13] Ovqat xiyoboni (ingl.).

[14] Yog‘siz (ingl.)

[15] Uest-Poyntda joylashgan Quruqlikdagi qo‘shinlar harbiy akademiyasining og‘zaki nomi.

[16] 2003 yil kuzigacha bo‘lgan ma’lumot.

[17] Birinchi hol 2002 8-fevralda uchragan.

[18] 2003 yil oktyabrigacha bo‘lgan ma’lumot.

[19] Umumiy yotoqxona.

[20] www.Defenslink.mil

[21] General Jeffri Miller — Guantanamoda Tezkor guruhning bosh qo‘mondoni.

[22] 2003 yil kuzigacha bo‘lgan ma’lumot.

[23] Bu yerda: oshkor etilgan (ingl.).

[24] Suvosti kemasidan berilgan ma’lumot.

[25] Olib ketiladigan yemish (ingl.).

[26] To‘laqonli va haqqoniy (ingl.)

[27] 2003 yil bahorida avvaliga harbiy hay’atning yuz-ko‘zicha Guantanamo mahbuslari himoyasida ishtirok etish uchun xodimlar tanlash haqidagi qo‘mondon da’vatiga labbay deb javob bergan ba’zi harbiy oqlovchilar ular maqomi va majburiyatlarini belgilaydigan huquqiy me’yorlar borasida shubhalar bildirib, tayinlanishdan voz kechadilar. The Guardian, 3.12.2003.

[28] M.O. Dosesi. Zaxira nusxa 3 (ing.).