Jahon moliyaviy inqirozi tarixidan

Bugungi kunda ommaviy axborot vositalarida «jahon moliyaviy inqirozi» degan ibora tez-tez tilga olinmoqda. Xo‘sh, bu o‘zi nima? Inqiroz qayerdan kelib chiqadi? Sabablari nima? Uning yechimi qayda? Bugungi inqiroz haqida so‘z yuritishdan oldin tarixda yuz bergan moliyaviy inqirozlarga nazar tashlasak.

Gollandiyadagi 1634-1637 yilgi inqiroz

Uni «lola» inqirozi deb atasa to‘g‘riroq bo‘ladi. Mamlakatdagi moliyaviy inqirozning boshlanishiga lola piyoziga bo‘lgan o‘ta ortiqcha e’tibor sababchi. Lolani asosan zodagonlar sotib olishlari uning qimmatlashishiga sabab bo‘lgan. Ayrimlar «Lola piyozi borgan sari qimmatlashadi hamda uni sotib katta daromad topaman», degan fikrda hattoki mol-mulklarini ham garovga qo‘yib, lola piyozi sotib olishgan. Oxir-oqibat, hamma lola yetishtirish bilan shug‘ullana boshlagach, bozorda sotib oluvchi qolmagan. Natijada lola piyozining narxi oddiy piyozniki bilan bir xil bo‘lib tushib qolgach, butun e’tiborini lola yetishtirishga qaratgan mamlakat uchun og‘ir kunlar boshlangan. Iqtisodiyotning boshqa sohalariga e’tibor qaratmagan Gollandiyaning tashqi bozorini uch yil ichida Angliya egallab olgan.

Frantsiyadagi 1720 yilgi inqiroz

Bu inqirozga Frantsiya moliya nazoratchisi Jon Loning qarori sabab bo‘lgan. Frantsiyaning ulkan qarzdorligini bartaraf qilish maqsadida u qimmatli qog‘ozlarni bekor qilib, inflyatsiyani yo‘q qilgan. Ammo Loning bu urinishida kamchiliklar ham bo‘lganligi bois mamlakat moliyaviy tanazzulga uchragan.

1825 yilgi xalqaro inqiroz

Buyuk britaniyalik investorlar Lotin Amerikasida oltin qazish ishlariga kattagina mablag‘ kiritishgan va qazib olingan qimmatbaho metallarni London fond birjasida sotishgan. Katta foyda olish uchun ayrim qing‘irliklar yuz berib, Buyuk Britaniya bank tizimida moliyaviy inqiroz boshlangan va bu Lotin Amerikasiga ham ta’sir ko‘rsatgan.

Evropadagi 1847 yilgi inqiroz

O‘sha davrdagi texnologik taraqqiyot temir yo‘l kompaniyalarining shiddat bilan rivojlanishiga olib kelgan. Investitsiyaga bo‘lgan talab va olinadigan daromadning kattaligi turli qing‘irliklarni keltirib chiqargan. Oqibatda Angliya, Gollandiya va Germaniyada moliyaviy inqiroz boshlangan.

1914 yilgi xalqaro inqiroz

Birinchi jahon urushi, siyosiy va iqtisodiy vaziyat oqibatida urushayotgan mamlakatlar iqtisodiyoti harbiy yo‘nalishga qaratilganligi jahon moliyaviy inqiroziga olib kelgan.

Germaniyadagi 1920-1922 yilgi inqiroz

Birinchi jahon urushidan keyingi og‘ir vaziyat Germaniya aholisining yoppasiga qashshoqlashishiga va giperinflyatsiyaga olib kelgan. O‘sha paytlarda ish haqini kuniga ikki marta berishgan, chunki kechga borib pul qadrsizlanishi odatiy holga aylanib qolgandi. Inqiroz ta’siri Buyuk Britaniya, Gollandiya, AQSh, Norvegiya, Italiya, Daniyaga ham yetib borgan.

AQShdagi 1929-1933 yilgi buyuk inqiroz

Fond bozorining sinishi va Amerika kompaniyalari aktsiyalari narxining jadal ravishda tushib borishi AQShni inqiroz yoqasiga olib kelgan. Ishlab chiqarishning qisqarishi oqibatida amerikaliklar nafaqat ish joylaridan, balki kun kechirish imkoniyatidan ham mahrum bo‘lishgan.

1973 yilgi moliyaviy inqiroz

«Energetik inqiroz» neft narxining oshib ketishiga olib kelgan. Bir yil davomida bir barrel neftning bahosi 3 dollardan 12 dollarga ko‘tarilgan.

1997-1998 yilgi moliyaviy inqiroz

Xorij investorlarining ketishlari oqibatida Janubi-Sharqiy Osiyoda inqiroz boshlangan. Inqiroz asosan Janubiy Koreya va Rossiyaga salbiy ta’sir ko‘rsatgan. Rossiyaning asosiy valyuta manbai – neft narxining tushishi oqibatida mamlakat valyutasining qadri tushib ketgan.

2001 yilgi moliyaviy inqiroz

Yangi asr boshida texnologik yangiliklarga bo‘lgan qiziqish internet kompaniyalar aktsiyalari bozorida turli tovlamachiliklarni keltirib chiqardi. Katta daromad topish ilinjida bo‘lgan investorlar internetga ozgina aloqasi bo‘lgan kompaniyalarga ham mablag‘ kirita boshlashgan. Ammo kutilgan daromad kelmagach, aksariyat kompaniyalar katta zarar ko‘rishgan.

Bugungi inqiroz

AQShda 2007 yilda boshlangan inqiroz pulni qaytarishga layoqati bo‘lmaganlarga ham kredit berilaverishi oqibatida paydo bo‘ldi. Ipoteka inqirozi 2006 yilning oxirida, uy-joy uchun olingan kredit mablag‘larining ommaviy ravishda qaytarilmaganligi sababli boshlandi va tez orada avvaliga Amerika moliyaviy sektoriga, keyin esa boshqa mamlakatlarga yoyildi. Aksariyat kompaniyalar bankrot bo‘ldi yoki jiddiy zarar ko‘rdi, bu esa kreditlash hajmining keskin qisqarishiga va Amerika iqtisodiyotining inqirozga uchrashiga zamin tayyorladi. Moliyaviy inqiroz ta’sirida AQShda ko‘chmas mulk narxi ko‘tarilmadi, yangi uy qurish sur’ati esa keskin pasayib ketdi. Moliyaviy va qurilish sektorlari bilan bog‘liq Amerika fond bozori 2007 yilning ikkinchi yarmi davomida pastga «sho‘ng‘ib» bordi.

XXI asrning dastlabki yillarida ipoteka kompaniyalari foiz stavkalarini tushirish va yana boshqa yo‘llar bilan mijozlarni jalb etish uchun harakat qila boshladilar. Hattoki kam daromadli oilalarga ham uy-joy kreditlarini berish boshlandi. Asr boshida bunday kreditlar ipoteka bozorining 12 foizini qamrab olgan bo‘lsa, 2007 yilda 23 foizga yetdi. Ammo kredit oluvchilar orasida olingan pulni qaytarmaydiganlar ham ko‘p edi. 2007 yilgacha AQShda ko‘chmas mulk narxi doimiy ravishda oshib bordi va bu ipoteka kreditlari bozorini mustahkam ushlab turdi. Amerikaliklar orasida shunday investitsion uslub tarqalgandi – ipoteka krediti evaziga uy sotib olish va vaqt o‘tgach, uni qimmatroq narxda sotish. Bunday savdodan yaxshigina foyda olayotgan kredit-ipoteka tashkilotlari bor imkoniyatlarini ishga solib, kredit oluvchilar sonini oshirishga kirishdilar. Ular hattoki kredit oluvchining qarzni to‘lay olish layoqatiga ham e’tibor bermay qo‘ydilar. Ayrim hollarda kredit miqdori sotib olinayotgan uy narxidan ham ko‘proqni tashkil qilardi. 2004 yil boshida Amerika ipoteka kreditlari foizi bilan bog‘liq Londondagi banklararo kreditlash foizi ko‘tarilib ketdi. Katta foiz to‘lash oqibatida bunday uslubdan voz kechishga kirishildi. Amerika ko‘chmas mulk bozoridagi ko‘tarilish to‘xtay boshladi va uy-joy narxi tushib ketdi. Qarzdorlar qarzlarini qaytarish uchun uylarini sotishga majbur bo‘ldilar. Ommaviy ravishda uy-joylarning sotilishi esa ko‘chmas mulk narxini tushirib yubordi va ko‘chmas mulk bozoridagi aktsiyalar narxi keskin tusha boshladi.

Inqirozning dastlabki qurboni Amerikadagi yirik ipoteka kompaniyalaridan biri hisoblangan New Century Financial Corp. bo‘ldi. 2006 yilning martida uning qarzlari shu darajaga yetdiki, kompaniya kredit berishni to‘xtatdi va aktsiyalarini fond birjasidan olishga majbur bo‘ldi. Ipoteka obligatsiyalariga ega bo‘lgan boshqa kompaniyalar ham shu tarzda inqirozga uchray boshladi.

Ipoteka inqirozining asosiy ishtirokchilari sifatida Federal milliy ipoteka assotsiatsiyasi (Fanniye Mae) va Federal uy-joy ipoteka krediti koroporatsiyalarini (Federal Home Loan Mortgage Corporation) aytib o‘tish mumkin. Bundan yetmish yil ilgari AQSh Kongressi tomonidan tashkil etilgan bu kompaniyalar aktsiyadorlik kompaniyalari bo‘lib, hukumat tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi. Ularning vazifasi kreditorlardan ipoteka kreditlarini sotib olish va shu yo‘l bilan yangi kreditlar berishga imkoniyat yaratishdir. Ammo bu kompaniyalar kafolatsiz kreditlarni sotib olmadilar va kreditorlar aktsiyalarini boshqa investorlarga (asosan G‘arbiy Yevropa va Sharqiy Osiyo) sotishga majbur bo‘ldilar. Bu esa inqirozning dunyoviy miqyosda avj olishiga olib keldi.

2008 yilning bahoriga kelib AQShdagi moliyaviy kompaniyalar katta zarar ko‘rganliklarini e’tirof etishdi. Ikki yil ilgari boshlangan ipoteka inqirozi Amerikaning «Katta beshlik» deb ataluvchi banklar guruhiga kiruvchi Bear Stearns bankini birinchi bo‘lib «sindirdi». Goldman Sachs, Lehman Brothers, Merrill Lynch va Morgan Stanley banklari esa uchlikka aylandi – Lehman Brothers bankrot deb e’lon qilindi, Merrill Lynchni esa Bank of America banki ikki baravar arzonga – 50 milliard dollarga sotib oldi. Bundan tashqari, American International Group sug‘urta kompaniyasi esa moliyaviy qiyinchiliklardan qutulish uchun 85 milliard dollar yordam puli olishga majbur bo‘ldi.

O‘tgan haftada Xalqaro Valyuta Fondi (XVF) jahon moliyaviy inqiroziga qarshi tura olish uchun qashshoq mamlakatlarga yordam bergani qo‘shimcha 150 milliard dollar kerakligi haqida bildirdi. Bu haqda XVF rahbari Dominik Stross-Kan ma’lum qildi.

Uning aytishicha, moliyaviy inqiroz mamlakatlar iqtisodiyotiga kutilganidan ko‘ra ko‘proq ta’sir o‘tkazgan. 2008 yil oxirida XVF bir qator mamlakatlarga 50 milliard dollar kredit ajratgandi. Hozirda Yevropa va Osiyoning yana bir nechta mamlakatlariga kredit ajratish masalasi ko‘rib chiqilmoqda.

XVF inqiroz oqibatida jahon iqtisodiyoti 1,4 trillion dollar zarar ko‘rishini taxmin qilgandi. Endilikda esa bu raqamning yanada oshishi mumkinligi taxmin qilinmoqda. Goldman Sachs investitsion bankining hisob-kitobiga qaraganda esa, ipoteka inqirozi oqibatida jahon iqtisodiyoti 1,2 trillion dollar zarar ko‘radi, buning 460 milliard dollari Amerika moliyaviy kompaniyalari hisobiga to‘g‘ri keladi. Shuningdek, ekspertlar moliyaviy inqiroz uzog‘i bilan uch yil davom etishini taxmin qilmoqdalar.

Taxminlarning qanchalik to‘g‘ri-noto‘g‘ri ekanligini esa vaqt ko‘rsatadi…

Dilshodbek Asqarov tayyorladi