Hasan Qudratillayev. “Muning zarari turkka va mo‘g‘ulga musoviydur”

(Boburning temuriylar saltanati inqiroziga munosabati )

Temuriylar davri tarixi va madaniyatini o‘rgangan har bir kishida, albatta, buyuk Amir Temur saltanati uning vafotidan keyin tanazzulga yuz tutganligi sabablarini bilishga qiziqish hissi paydo bo‘ladi. Ko‘pincha shu savolga haqqoniy javob qidiramiz, ayrim javoblardan qoniqamiz, ayrimlari bizni bu davrning murakkab siyosiy ko‘chalariga, hisobsiz jumboqlariga olib kirib, yangidan-yangi savollarning vujudga kelishiga sabab bo‘ladi. Ana shunday holatda ko‘pincha jiddiy saboqlar chiqarishimizga Zahiriddin Muhammad Boburning “Boburnoma” asari qo‘l keladi. Ayniqsa, asarda XV asrning oxiri va XVI asrning boshidagi Movarounnahr, Xuroson va Hindiston tarixi, madaniyati, adabiyoti, san’atiga oid boy ilmiy ma’lumotlar, dalillarning borligi bu muammolarni yechishda qo‘l keladi.

“Boburnoma”ning so‘zboshisida quyidagilarni o‘qiymiz: “ Bu asarda temuriy hukmdorlarning o‘zaro urush-talashlar oqibatida birin-ketin mag‘lubiyatga uchrashi, jumladan, Abusaid mirzo vafotidan keyin uning o‘g‘illari (Umarshayx, Sulton Ahmad, Sulton Mahmud va boshqalar) o‘rtasida chiqqan janjallar, Bobur va uning amakivachchalari, beklar o‘rtasidagi kurashlar, Husayn Boyqaro bilan o‘g‘illari orasidagi nizolar, temuriylar bilan Shayboniyxon o‘rtasida Movarounnahr uchun olib borilgan qonli kurashlar, ayrim noqobil hukmdorlar saroyidagi aysh-ishrat, fitnalar… o‘sha zamonga xos jimjimador va balandparvoz tasvir uslubidan farqli o‘laroq, g‘oyat go‘zal, jonli va maroqli yo‘sinda hikoya qilinadi” (Zahiriddin Muhammad Bobur, “Boburnoma”, Toshkent “Sharq” nashriyot-matbaa aktsiyadorlik kompaniyasi Bosh tahririyati, 2002 yil, 21-bet).

Zahiriddin Muhammad Bobur hali taxtga o‘tirganiga 2-3 yil bo‘lmasdan bobosi Amir Temur saltanatini avvalgi tarzidek tiklash va saqlash bobida jiddiy o‘ylay boshlagan. Uning ko‘z o‘ngidan temuriyzodalarning faqat o‘zlariga mansub bo‘lgan hududlarni himoya etish, saltanat birligi haqida umuman qayg‘urmaslik, uzoqni ko‘rolmaslik kabi illatlar o‘tar ekan, chuqur ichki iztirobga tushadi. Uch marta Samarqand taxtiga erishgan, uch marta yana uni qo‘ldan boy bergan yosh shahzoda toj-taxt uchun kurashlardan charchagan, o‘zining tug‘ishganlari, xon buvalari va tag‘oyilari Mir G‘iyos, katta enasi Shohbegimlarning unga qarshi qilgan xiyonatlaridan keyin tushkun ahvolga tushib qolgan edi. Buni o‘zi shunday ta’kidlaydi: “ … xeyli qalloshliq va xorliq tortildi, viloyat yo‘q, viloyat umidvorlig‘i yo‘q, navkar aksar tarqadi: ma’dudikim, qolib edi, qalloshliqtin mening bila yuriy olmas edilar”.

Zahiriddin Bobur temuriyzodalarning xatti-harakatlari, davlat yuritish siyosati, o‘zaro taxt talashishlari va o‘sha davrdagi diplomatik marosimlarda o‘zlarini tutishlarini “Boburnoma”da keltirar ekan, beixtiyor mayda-mayda bo‘lakchalarga bo‘linib ketgan davlatchalardagi ayrim hukmdorlarning mavqei, yutuq va kamchiliklari, mahorati yoki uquvsizligini tahlil qilishga katta e’tibor beradi. Boburga ma’qul bo‘lmagan eng yomon jihat – temuriy shahzodalarning saltanatni birgalashib himoya etishga rag‘batsizligi, tashqi dushman bilan kurashishdan ko‘ra o‘zaro tortishuv va muhorabalar bilan ovora bo‘lib qolishlari bo‘lgan. Masalan, u Movarounnahrni tark etib, Hisor tomon borish oldidan barcha shahzodalar, sultonlarni ancha quvvat olib kelayotgan Shayboniyxonga qarshi birlashib kurashish lozimligini aytadi, ammo ularning hech biri bu taklifni qo‘llab-quvvatlamaydi. Bobur yozadi: “Xoja Abulmakorimning tavassuti bila bu so‘zni orag‘a soldimkim, Shayboqxondek g‘anim paydo bo‘libtur, muning zarari turkka va mo‘g‘ulga musovidur. Muning fikrini hololiqtakim, ulusni hanuz yaxshi bosmaydur va ko‘p ulg‘aymaydur, qilmoqlik vojibdur”.

Zahiriddin Boburning bu valiyona fikri hayal o‘tmasdan o‘z isbotini topdi. Shayboniyxonning temuriylarning Movarounnahrdagi yerlarini, keyinroq Hirot sultonligini bosib olib, ko‘z ko‘rmagan, quloq eshitmagan dahshatlarni solganligini hurmatli o‘quvchilarimiz biladilar, albatta. “Boburnoma”da bunga o‘xshash misollar, dalillar juda ko‘p. Biz ana shulardan biriga e’tiborni qaratib, Boburning yuksak tarixnavisgina emas, tarixiy voqealarning mohir tadqiqotchisi sifatida ham namoyon bo‘lganligini qisqa ko‘rib chiqamiz.

“Boburnoma”da keltirilgan dalillarning biri – Xuroson hukmdori Husayn Boyqaro saltanatidagi inqirozning asl sababi va Boburning bunga munosabati, siyosiy bahosi diqqatni tortadi. Bu ma’lumotlar ko‘z o‘ngimizda tarixchi, siyosatdon, shoh va saltanat sohibi Boburning dunyoqarashi, o‘sha davrning chigal siyosiy ahvolini ob’ektiv, aniq dalillar bilan tahlil eta olgan mohir diplomat adibning nigohidir.

Mazkur voqealar “Boburnoma”ning dastlabki sahifalaridan joy olgan bo‘lib, 1495-1496 yillar voqealari bilan bog‘liq. Bu Sulton Husayn mirzoning eng yashnagan, Xuroson saltanatida mustahkam o‘rnashib olgan davriga to‘g‘ri keladi. Bu yillarda u birin-ketin ichki raqiblari — jangari temuriy shahzodalarni hamda tashqi dushmanlarini yengib, katta shuhrat topgan va o‘ziga nisbatan ishonchi nihoyatda ortib ketgan edi. Bobur bu haqda shunday yozadi: “Sulton Husayn mirzo kordon va sohib tajriba podshoh edi. Qunduz sari suv yuqqori boqa ko‘chti”. Boburning bu fikri Sulton Husaynning “Xurosondan Hisor ustiga cherik tortib” kelayotgani boisida aytilgan.

Xullas, Sulton Husayn mirzo Xuroson davlati hududlarini kengaytirish uchun Hisorga qarab qo‘shin tortadi. Uning yonida to‘ng‘ich o‘g‘li Badiuzzamon mirzo, Ibrohim Husayn mirzo, Muhammad Valibek, Zunnun Arg‘unlar bor edi. Ular o‘sha davrda siyosiy doiralarda lashkarboshi sifatida tanilib kelayotgan, Sulton Mahmud mirzoning taniqli beki Xisravshohga qarshi kurashga otlangan edilar. Xullas, Sulton Husayn Hisor qo‘rg‘onini muhosara etib, o‘zining askarlari va harbiy vositalari bilan qo‘rg‘onni zabt etish, Hisor ichkarisiga kirishga intiladi. Ana shu holat Bobur tomonidan qanday tasvirlanganligiga e’tibor beraylik. Bobur bu o‘rinda yuksak harbiy mahorat egasi sifatida ko‘rinadi. U har bir muhorabani ipidan-ignasigacha tahlil etib, xulosa chiqarish, jang jarayonida eng avvalo himoya emas, hujumni tashkil etish asosiy vazifa ekanligiga urg‘u beradi. Dushmanning hiyla va nayranglari, muhoraba “o‘yinlari”ni oldindan anglash, lashkar boshlig‘i kezi kelganda zobit va askarlarning fikri bilan ham hisoblashishi lozimligi ta’kidlanadi.

Bu mulohazalarni nima uchun aytilyapti? Gap shundaki, Bobur bu o‘rinda katta muhorabalarda mahorat ko‘rsatgan Xuroson sultoni Sulton Mahmudning bir bekiga qarshi kurashda uquvsizlik ko‘rsatganligi, harbiy taktikasi o‘zini oqlamaganligidan afsuslanmoqda. Bu tasvir Boburning yuksak badiiy mahorati, bayon uslubidagi go‘zal jilolar, voqea-hodisani jonli, realistik ifodalashi bilan ham muhim: “Sulton Husayn mirzo kelib Hisor qo‘rg‘onini qabab tushti. Naqb solmoq va qo‘rg‘on olmoq va tosh urmoq va qozon qurmoqning ish-kuchida kecha va kunduz orom va qarori yo‘q edi. To‘rt-besh yerda naqb soldi. Shahr sari darvozada solg‘on naqb xeyli ilgari kelib edi. Qo‘rg‘on eli dag‘i naqb solib, bu naqbini topdilar. Qo‘rg‘on eli yuqqoridin bularg‘a dud qildilar. Alar to‘shukni berkitgan bila tutun yuqqori qo‘rg‘on eliga o‘q yonib, qo‘rg‘on eli o‘lum ichi bo‘lub, qochib chiqtilar. Oxir ko‘za-ko‘za suv keltirib quyib, tashqi elni naqbdin qochirdilar. Yana mirzo tushgan shimol tarafidin qozon qurub, qalin tosh urub, bir burjni kovok qilib edilar. Namozi xuftan burj uchti. Ba’zi yigitlar tezlik qilib urushg‘a ruxsat tiladilar. “Kechdur” deb mirzo ruxsat bermadi. Tong otkuncha xud qo‘rg‘on eli burjni tamom qo‘parib edilar. Tonglasi urush ham solmadilar. Bu ikki-ikki yarim oyda qayr va siyosat va naqb solmoq, sarko‘b qo‘parmoq va tosh otmoqdin o‘zga yaxshi urush solmadi.”

Oxirgi jumlada Bobur “O‘zga yaxshi urush solmadi” deb ochiq aytib, Husayn Boyqaro qo‘llagan jang uslubini qattiq tanqid qiladi. Ana shu muhoraba jarayonini izchil tahlil qilib, Xuroson saltanati tanazzuliga shu muhoraba sabab bo‘lgan deb xulosa chiqaradi?

Sulton Husaynning harbiy taktikasi Boburga tubdan ma’qul kelmaydi. U “yaxshi urush” deganda g‘animga qarab qo‘qqisdan hujum qilishni, shiddat bilan urushga kirishib, askarlar ruhini ko‘tarish va ularni olg‘a borishga undashni nazarda tutadi. Husayn Boyqaro agarchi “ish kuchida kecha va kunduz orom va qarori” bo‘lmay harakatda bo‘lgan bo‘lsa ham, xandaqlar kavlash, otashotar to‘plarni joylashtirish, muhofaza choralarini ko‘rish kabi harakatlar bilan ovora bo‘lib, fursatni boy beradi. Bu raqib qo‘rg‘oniga hujumga kelgan sarkardaning kurashi emas, go‘yo shu qo‘rg‘onni himoya etayotgan muhoraba sardorining ish tutishiga o‘xshaydi deb kuyunib yozadi Bobur. Bu fikrlarni parcha oxirida bildirilgan yakuniy xulosaga debocha sifatida qabul qilish mumkin. U sekin-astalik bilan voqea rivojiga ko‘chadi, muhoraba maydonidagi harakat jarayoni jonlanib boradi. Hisor qo‘rg‘onidagi hujum natijasiz qolgandan so‘ng Husayn Boyqaro tarafdorlari, jumladan, Badiuzzamon mirzo lashkarlari ustiga Xisravshoh hujum uyushtiradi. Dastlab mag‘lubiyatdan sarosimaga tushgan Husayn lashkarlari o‘zlarini yo‘qotadilar, lashkar orasida parishonlik sodir bo‘ladi. Bobur fikricha, yuqorida urush taktikasi to‘g‘ri tashkil etilmaganligi bois, askarlar orasida qo‘rquv va hadiksirash vujudga keladi.

“Boburnoma”ni sinchiklab mutolaa qilganimiz sari muallifning muhoraba, jang-jadallarda ko‘rsatgan mardligi, o‘limga tikka qaraganligi va lashkarlarini ham shu ruhda tarbiyalaganligiga guvoh bo‘lamiz. Husayn Boyqaroning yuqoridagi besamar muhorabada mag‘lubiyatga uchrashiga birinchi galda askarlarning vahimaga tushishlari, raqiblaridan ko‘ra ikki hissa ko‘p bo‘lishiga qaramay, shijoat bilan urushga kirishish o‘rniga xandaqlar ichida pisib yotishlari sabab bo‘lgan, deb hisoblaydi Bobur.

Ushbu muhorabada Husayn Boyqaro yengilgan bo‘lsa ham, Zahiriddin Bobur xuddi o‘zi mag‘lubiyatga uchragandek iztirob chekadi. Tajribali kuchli yov — Shayboniyxon bosib kelayotgan bir paytda unga qarshi birlashib kurashish tadbirlarini ko‘rish o‘rniga o‘zaro qirg‘inlar bilan ovora bo‘lib yotgan hukmdorlar o‘rtasidagi nizo-adovatlar Boburni ko‘p qiynaganga o‘xshaydi. U nima qilsinki, temuriylarning eng nomdor hukmdori hatto kichik bir bekni tiyib qo‘yishdan ojiz. Bu ham yetmagandek, arzimagan muhorabada mag‘lubiyatga uchrab o‘tiribdi. Mahmud Sultonga o‘xshagan temuriy shahzodalarning o‘zaro nizolari buyuk Amir Temur saltanati dushmanning quvvatiga quvvat qo‘shmoqda. Boburning ana shu alamli satrlarini shunchaki ma’lumot sifatida o‘qish mumkin emas. Aksincha, uning buyuk saltanatni avvalgidek asrashga intilishi, kuyunishi deb qabul qilish lozim: “Bular buncha mirzolar va muncha sardor beklar, bovujudkim, kishilari ikki Xisravshohning kishisicha bo‘lmasa, bir yarim onchada xud ne so‘z, jazm rioyat qilib, xandaqdin chiqmadilar. Xisravshohning yaxshi-yomon, ulug‘-kichik navkari to‘rt-besh ming bo‘lar edi.”

Ana shu parchadan keyin Bobur Xisravshoh faoliyatiga jiddiy baho beradi. “Xisravshoh bu o‘tar dunyoi bebaqo uchun va bu ketar navkari bevafo uchun muncha yomonliq va badnomliqni ixtiyor qilib va muncha zulm va bedod qilmoqni o‘ziga shior qilib, muncha ulug‘ viloyatlar olib, muncha qalin navkar va savdar saxlamoq tarhin solib, balki so‘ngralar navkar va chokari yigirma-o‘ttiz mingga tortib, viloyot va parganotni o‘z podshohi va mirzolaridin ortib, umrida qilg‘on ishi ushbu bo‘ldi. Ushmuncha bila Xisravshoh va tavobiining oti sardorliqqa chiqib, mardona bo‘ldilar”.

Zahiriddin Boburning Xisravshohning ushbu muhoraba va keyin yana bir marta Sulton Husayn Boyqaro ustidan g‘olib kelganligiga baho berar ekan, bugungi til bilan aytsak, harbiy ekspert maqomida fikr yuritadi. Husayn Boyqaro hukmronligining oxirgi yillarida atrofidagi ayrim beklari, farzandlari, ayniqsa, to‘ng‘ich o‘g‘li Badiuzzamon bilan kelishmovchiliklar, maishatga berilib ketish kabi illatlar tufayli saltanat tanazzulga uchragan edi. Temuriylar davlatiga anchadan beri ko‘z tikib, zimdan payt poylab yurgan Shayboniyxon ham aynan Xuroson hukmdorining ana shu xato va kamchiliklari, chigal siyosiy holatga tushib qolganligidan yaxshi xabardor edi. U keyinroq jiddiy harbiy yurishlarni amalga oshirib temuriylarni mag‘lub etgani ma’lum.

Ushbu murakkab siyosiy-harbiy vaziyatni Bobur yosh bo‘lishiga qaramay, tajribali davlat arbobi darajasida tahlil qilib beradi. Uning hayot mantig‘i va tarixiy dalillarga asoslangan bashoratlari qariyb to‘la o‘z tasdig‘ini topadi. Temuriylar saltanatini saqlab qolishga jiddiy uringan Bobur o‘z maqsadi yo‘lida uchragan barcha g‘oyalarni, qiyinchiliklarni qattiq kurashlar va muhorabalar, diplomatik muzokaralar va aql-zakovati bois hal qiladi. Boburning yuqoridagi umumlashma, tarixiy bahosida yuqoridagi masalalardan tashqari Husayn Boyqaro xonadonidagi mojarolar, fojiaviy holatlarga ham xolis baho berilgani, nihoyatda diqqatga sazovor: “Xisravshohning muncha ulg‘aymog‘ig‘a va muncha haddi yetmas ishlarni qilmog‘ig‘a Sulton Husayn mirzoning ikki qatla kelib ola olmay yonmog‘i sabab bo‘ldi. Sulton Husayn mirzo Balxg‘a yetganda Movarounnahr viloyati maslahati uchun Balxni Badiuzzamon mirzog‘a berib, aning viloyatinikim, Astrobod bo‘lg‘ay, Muzaffar Husayn mirzog‘a berdi. Har ikkalasini Balxg‘a va Astrobodqa bir majlista yukundirdi. Bu jihatdin Badiuzzamon mirzo tar bo‘ldi. Muncha yil yog‘iyliqlar va fitnalarning sababi bu bo‘ldi”.

Xisravshohning mulkgirligi, dag‘dag‘alari uzoqqa bormaydi. Bobur uning lashkarlari orasida obro‘-e’tibori unchalik emasligi, “muncha zulm va bedod qilmoqni o‘ziga shior qilib” umrguzaronlik qilganligini ham alohida ta’kidlaydi. Tarix g‘ildiragi bir aylangach, u Bobur oyog‘i ostiga tiz cho‘kib keladi. “Boburnoma”da Xuroson saltanati taxtini qulashiga hissa qo‘shgan, Amir Temur saltanati birligiga xiyonat qilib, uni zaiflashtirgan Xisravshohga nisbatan shiddatkor alamli so‘zlar ko‘p bora aytiladi. Ayni shu o‘rinlarda to‘g‘rilik va adolat shiorini tutgani uchun g‘oliblik nashidasini totgan sarkardaning ruhiy kayfiyati ham yaxshi ochilganiga qoyil qolamiz: “Xisravshoh hashamat va tajammuli bila keldi. Qoida va dastur bila yiroqtin tushub keldi. Ko‘rushurda uch qatla yukunub, yong‘onda ham uch qatla, so‘rg‘onda va tortuq tortqonda birar yukundi… Xisravshohni bir yarim kunda urush yo‘q, talosh yo‘q, bizningdek qallosh va mafluk ikki yuz-ikki yuz ellik kishining qoshida andoq xoru zor va zabun va ojiz qildikim, ne navkarig‘a ixtiyori qoldi, ne molig‘a, ne jonig‘a”.

Diqqatingizga havola qilingan parchalarda ham temuriylar saltanatining birgina muxolifini mag‘lub etgan Boburning so‘zlarida o‘z valine’matlariga xiyonat qilgan Xisravshohning harakatlaridan qasos olish nashidasi ham, yomonning taqdirini Ollohning o‘zi belgilaydi, degan ulug‘ aqida ham mavjud.

Shunday qilib, XV asrning oxirida temuriylar saltanatida bo‘lgan birgina muhoraba tahlili zaminida Amir Temur imperiyasi tanazzuliga ma’lum darajada asos bo‘lgan tarixiy haqiqat bilan yuzma-yuz keldik. Zahiriddin Boburning bu tarixiy, ilmiy, yuksak harbiy tahlilga asoslangan xulosalari keyinroq, ming afsuslar bo‘lsinki, tarixda o‘z isbotini topdi. Shayboniyxon davlati mustahkamlanib, Movarounnahr va Xurosondagi barcha yerlarni ko‘chmanchi o‘zbeklar egallab oldilar. Ular poytaxt Hirotni ham qo‘lga kiritib, temuriylar xonadoniga nisbatan ko‘z ko‘rib quloq eshitmagan vahshiy ishlarni amalga oshirdilar. Qanchalik achchiq bo‘lmasin, bu ham tarix haqiqatidir. Umumiy dushman, g‘animlarga nisbatan bir yoqadan bosh ko‘tarib ahillik bilan ish ko‘rish, Vatanni himoya etishda yakdillik bo‘lishida katta hikmat bor. Tarixning bu darsidan hamisha ibratli saboq olmog‘imiz lozim. Bobur mirzoning Vatanga sodiqlik, ichki, tashqi dushmanlarga erk bermaslik kabi jiddiy o‘gitlari bugungi kunda ham o‘z mazmunini yo‘qotgani yo‘q.

«Jahon adabiyoti» jurnali, 2006 yil, 2-son