Georgiy Zotov. «Dada Sasha»ning afg‘on qizalog‘i

Harbiylarimiz o‘zlaridan keyin Afg‘onistonda slavyancha yuz-andomli yuzlab bolalarni qoldirdilar. Ammo bu mavzu hozir ham maxfiyligicha qolmoqda. “Sha’nimizga shunday ko‘rinmas tamg‘a bosilganki, uni ming yuvgan bilan ketkazib bo‘lmaydi, bu tamg‘a onalarimizning “kofirlar” bilan oshiq-ma’shuq o‘yinini o‘ynaganlaridan jonli dalildir”, — bu so‘zlarni Jamila aytdi. U Kobul radiosida so‘nggi yil ishlayapti. Uning uyi narigi ko‘chada joylashgan — butun yo‘lni tevarak-atrofga olazarak boqqancha yayov yurib o‘tadi. “Meni hech kim ta’qib qilmayotganini bilaman, ammo qo‘rquv tuyg‘usi yuragimga mahkam o‘rnashib qolgan”, — deb tushuntiradi juvon. Radiodagi dugonalari “Tolibon” mutaassiblari hokimiyati ag‘darib tashlangandan ke­yin ishga taqiqlangan jinsi shimida kelsa bo‘laveradi, deb qah-qah urib gapiradilar, biroq Jamila ofis eshigida odamlarning zimdan istehzoli kulgisiga qolib, yergacha osilib tushgan zangori paranjida paydo bo‘lar edi. Ichkarigi xonaga kirardi-da, u yevropacha kiyimlarini kiyib olar va boshiga musulmoncha durra — dupatta tashlagancha yo‘lakka chiqib kelardi. Jamilaning paranji yopinganiga o‘n yil bo‘ldi, tangu tor Kobul ko‘chalaridan o‘tib borar ekan, jussasini miyasidan tovonigacha chirmab olgan shu qalin libosda o‘zini bexavotir his qilar edi. “Bu vaqt ichida oilamning boshidan o‘tganlarini bir Alloh biladi, — asabiy tarzda titraydi qiz, — buni eslamagan ming marta a’lo. Paranji men uchun qalqon bo‘lib qolgan”. Kanop tolasiday osilib tushgan sochlari orasidan uning sepkilli zahil chehrasi, go‘shtdorgina burni, do‘rdoq lablari va jovdiragan moviy ko‘zlari ko‘rinib turardi. Onasining gapiga qaraganda, u yigirma yil muqaddam “baynalmilal burchi”ni o‘tagani Krasnodar atrofidan kelgan otasi — 30 yashar zobitga ikki tomchi suvdek o‘xshaydi…

OTASINING RASMINI YoQIB YuBORIShGA MAJBUR BO‘LDI

— Hatto haddan tashqari oshkora qayta qurish matbuotida askar va zobitlarimiz xayolida afg‘on ayollari bilan ishqiy aloqalar qila olishlari mumkinligi hech qachon muhokama qilinmagan, — yelka uchirib deydi 1981 yilda Mozori Sharifda xizmat qilgan taniqli Rossiya siyosatdoni. — Ammo Jamila bunday chaqaloqlardan yakkayu yagonasi emas, mening bilishimcha ular yuzlab edilar. Siz bunday bo‘lishi mumkin emas demoqdasiz: Afg‘oniston — musulmon mamlakati, mahalliy xotinning “kofir”dan farzand ko‘rishi o‘z joniga suiqasd qilish bilan baravar deysiz. Bordi-yu, agar ajnabiy harbiyning o‘zi afg‘on qiziga uylanishni istaganida ham u avval islomga kirishi kerak bo‘ladi, nikohsiz bola tug‘ish Qur’oni Karimda qat’iy taqiqlangan. Faqat bir narsadan boshqa hammasi to‘g‘ri — bu mamlakatdan 10 yil mobaynida ayol nozu karashmasini sog‘ingan harbiy libosdagi 1 million nafar yosh, sog‘lom er yigitlar o‘tgan. Garchand bizda ham, Afg‘onis­tonda ham shu paytgacha e’tirof etmasalar-da, shu narsa albatta ro‘y bergan bo‘lishi aniq.

… “Dada Sasha”ni Jamila elas-elas eslaydi: ajnabiy kishi ularning uyi­ga har zamon-har zamonda, asosan kechqurunlari kelar edi. Taomildagi bolalar xotirasi: dada uni qo‘liga oladi, osmonga otadi va ruschalab erkalaydi. Bu til ham uning miyasiga o‘rnashib qoladi, ammo judayam uzuq-yuluq: qizaloq besh yashar go‘dakka xos tarzda qiynala-qiynala “mamochka” va “papochka” so‘zlarini talaffuz qiladi. Esida qolgani shuki, otasi uni Lyonka deb chaqirardi, biroq u g‘oyib bo‘lganidan keyin qizcha afg‘oncha ism­ga ko‘nishga majbur bo‘ldi. “Oyim uning qayoqqa gumdon bo‘lgani haqida uzoq vaqtgacha lom-mim demay yurdi. Ma’lum bo‘lishicha, qo‘shinlarini olib chiqib ketishdan uch oy oldin Xost atrofida Sasha yaralangan va jarrohlik stoliga yotqizgani Toshkentga olib ketishgan ekan. Agar oyisi aldamayotgan bo‘lsa, otasi uni SSSRga olib ketib, o‘sha yerda unga uylanib olgani bu yerga albatta qaytib kelaman, degan emish. Ammo u qaytib kelmadi. Oyisi sal bo‘lmasa aqldan ozayozdi — Kobuldagi sovetlar qarorgohi eshigining turumini yedirib yubordi, yigitning suvratini ko‘rsatdi va topib berasizlar deb yolvorib turib oldi: juvonga u bilan aloqa o‘rnatishga sira yo‘l bermas edilar. Saldan keyin yolvoradigan odam ham qolmadi — ruslar ketib bo‘lgandi. U haligacha otaga nima bo‘lganini bilmaydi — yaradan o‘lib ketdimi yo shunchaki bizni tashlab ketganmi? Axir unisi ham, bunisi ham bo‘lishi mumkin emas-da. Avvaliga oyim uning suvratlarini asrab yurdi, biroq mujohidlar Kobulga kirib kelgan kuni tunda ularni yoqib yubordi: otam harbiy libosda suvratga tushgan edi-da”.

Afg‘on ayollarining sovet harbiylari bilan aloqalari u qadar keng tus olmagandi, ammo ayrim holatlar hech kimni taajjubga solmas edi, — deydi Afg‘oniston Axborot va madaniyat vazirligi xodimi Rafiulla Rofiy. — Albatta, qishloq joylarida bunday bo‘lishi zinhor mumkin emas edi, biroq Kobulga o‘xshash yirik shaharlarda bu hol uchrab turardi. Bu zamonaviylik alomati hisoblanardi — rus odami bilan “don olishish”, odatda, qizning o‘rta asrchilik bid’atlaridan qutulganini bildirardi. Agar siz o‘sha davrdagi kinoyilnomalarni ko‘rgudek bo‘lsangiz, Kobul ko‘chalarida qizlarning hozir mutlaqo tasavvuringizga keltirolmaydigan liboslarda yurganiga ko‘zimiz tushadi. Bunday oshiq-ma’shuqlikdan dunyoga kelgan bolalar, odatda, afg‘on millati bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazilardi. Hozir Afg‘onistonda sovet zobitlari zuryodi deyarli qolmagan — ularning ko‘pchiligi hayotining xavf ostida qolganidan qo‘rqib, to‘qsoninchi yillarda mamlakatdan chiqib ketgandi.

RUS QIZIGA UYLANGANI UChUN QO‘LLARI ChOPIB TAShLANDI

… Jamila bilan onasining boradigan joylari yo‘q edi. Ular hammasini boshlaridan kechirishdi — vayron bo‘lgan Kobulga mujohidlar g‘olibona kirib keldilar, jangari guruhlar o‘rtasida shaharda tungi janglar avjga chiqdi, “Tolibonlar” davrida ko‘chalarda murtadlar (dindan qaytganlar) ochiqchasiga qatl etildilar. Tolibonlar turgan vaqtda oyisi (u universitetda rus tilidan dars berardi) ko‘chada qolgandi: yangi hukumat xotin-qizlarning mehnat qilishini taqiqlardi. Ular polizda yetishtiriladigan sabzavotlarni yeb tirikchilik qilar edilar. Ko‘chadan o‘tib ketayotganida Jamila hatto qalin narsaning ichida ham baribir qalt-qalt titrar edi — kimdir uning “kofir”dan dunyoga kelgan qiz ekanini hokimiyatdagilarga yetkazgan bo‘lsa-chi? Misol uchun uzoqqa borishning hojati yo‘q edi — uning qo‘shnisi besh yil sovet ayoli bilan umrguzaronlik qilgan va keyin u bilan ajrashib, Afg‘onistonga qaytib kelgandi. “Islom diniga xiyonat qilgani uchun” toliblar uning har ikkala qo‘lini chopib tashlab, ko‘zlarini o‘yib olishgandi. Bechora qiz dahshatli tushlar ko‘rardi: quturgan olomon uni toshbo‘ron qilayotgan bo‘lardi va bunday tushlarni necha marta ko‘rganining ham hisobini bilmasdi. Bir kuni to‘g‘ri yuziga boqib: “Bilasanmi, sen unchayam afg‘onga o‘xshamaysan”, — deyishgandi, jonim naq hiqildog‘imga keldi, biroq boshqa hech nima bo‘lmadi. Badaxshon viloyatida yashovchi afg‘onlar orasida ham malla sochli va oq badanli odamlar ko‘p uchraydi va men otam o‘sha yoqdan deb aytar edim. Bizdaqalar u yerda ko‘p edimi? Yo‘q. Men faqat bitta “rus” qizini bilaman, toliblar davrida biz bir-birimiznikiga mehmonga yashiriqcha borib-kelib turardik — uning otasi Leningraddan bo‘lsa ham rangi qorachagina edi va unga oson edi. Ilgari Kobulda boshqa “rus” bolalari ham bo‘lardi, biroq ular ketib qolishgandi — birlari Rossiyaga, birlari hatto Germaniyaga. Sha’nimizga shunday ko‘rinmas tamg‘a bosilganki, uni ming yuvgan bilan ketkazib bo‘lmaydi, bu tam­g‘a onalarimizning “kofirlar” bilan oshiq-ma’shuq o‘yin o‘ynaganlaridan jonli dalildir. Hozir toliblar yo‘q… ammo ular endi qaytmaydi deb kim kafolat beradi? Bilaman, ertami-kechmi men ham ketaman?

— Afg‘on erkaklar bilan sovet ayollari ancha ko‘p nikohdan o‘tishgan, — saksoninchi yillarda Kobul zagslarida xizmat qilgan Lutfullo Xolid hikoya qiladi. — SSSRda o‘qigan afg‘on mutaxassislari u yoqdan xotinlar olib kelishgan. Turgan gapki, qo‘shinlar olib chiqib ketilgandan keyin ularning hammasi Sovet Ittifoqiga qaytib ketishdi. Hozir Kobulda eri afg‘on bo‘lgan faqat bittagina rus ayoli yashayapti. Sovet zobitlaridan qonuniy bola tuqqan qizlar, odatda, ziyoli oilalardan bo‘lganlar, ko‘plari chet elda ta’lim olgan, rus tilini yaxshi bilishgan. Hozir bunday baynalminal bolalar Afg‘onistonda barmoq bilan sanarli. Ular hammasi bo‘lib qancha miqdorni tashkil etishganini biz hech qachon bilmaymiz.

… Jamila yana xona ichiga kirib ketdi va o‘n daqiqadan keyin odatdagi zangori paranjida chiqib keldi — ish kuni tugadi. Biz shu yerda xayr-xo‘sh qilamiz — ko‘chada uni ajnabiy bilan yonma-yon hech kim ko‘rmasligi kerak: Kobulda har kuni “kofirlar” bilan hamkorlik qiluvchi afg‘onlarni o‘ldirib turishadi. “Jamila, balki otangiz tirikdir? — so‘rayman men. — Birdan gazetamizni o‘qib qolsa-chi? Unga aytadigan hech qanday gapingiz yo‘qmi?” U yuzidan chimmatni ko‘tarib orqaga tashlaydi, lablarini tishlagancha o‘yga cho‘madi… “Nima ham derdim? Bordi-yu, u o‘lib ketgan bo‘lsa, qachonlardir jannatda ko‘risharmiz. Bordi-yu, ajali yetmagan bo‘lsa… unda, menimcha, “dada Sasha”ga mening keragim yo‘q”. U barcha afg‘on ayollariga xos mayda qadamlar bilan yo‘rg‘alagancha uzoqlashdi. Shu on unga yana bitta savol berishni unutganim yodimga tushdi. “Elena Aleksandrovna!” — tilimning uchida aylanadi so‘zlar. Biroq Jamila orqasiga o‘girilib qaramasligini anglab turardim…

Eslatma: Vetnamda 1963-1972 yilda harbiy xizmatchilari bilan aloqa qilishdan mahalliy xotinlar tuqqan bolalar soni 15000 nafarni tashkil etadi. Ular o‘z mamlakatlarida orqavarotdan ikkinchi nav fuqarolar sanaladi.

Norvegiyada 1940-1945 yilda maxsus SS “Lebeneborn”         dasturi natijasida 12000 bola tug‘ilgan. Ushbu dastur nemis soldatlari va norveg ayollarining ishqiy aloqalarini rag‘batlantirar edi. Urushdan keyin bu bolalar rasmiy ravishda aqli zaif deb e’lon qilingan va shifoxonalarga yotqizilgan edi.

Angolada 40 minglik kuba askarlari ichidan ishqparastlari 1975-1990 yillardagi uzoq muddatli tashrifdan so‘ng ko‘plab dili vayron bo‘lgan ayollarni va besh mingga yaqin qonuniy tug‘ilgan bolalarni qoldirganlar.

Kobul — Moskva.

«AiF»ning 2006 yil 41-sonidan olindi.

Amir Fayzulla tarjimasi

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2006 yil, 12-son