Hayot turfa jumboqlarga boy. Odamzodning tafakkuri yuksalib, madaniy saviyasi oshib borgan sari ixtiloflar, ziddiyatlar, to‘qnashuvlar kamayishi kerak edi. Ammo paradoksni ko‘ringki, kolonializm yuzyilligi sanalgan XX asrdan – intellektual bilimlar yuzyilligi sanalgan XXI asrga o‘nlab qurolli to‘qnashuv va ixtiloflar meros bo‘lib o‘tdi.
“Bo‘lib tashla, hukmronlik qil!”
Dunyodagi geosiyosiy vaziyat chindan-da murakkab, qaltis. Ayrim mamlakatlar ulkan dengizdagi ojiz qayiqchadek qalqib, chayqalib turibdi. Xalqlar o‘rtasida nifoq urug‘ini tarqatayotgan korchalonlar qancha! Muayyan mintaqada urush gulxanini yoqib uning taftida isinishga ishqiboz ishbuzuqilar sonmingta! Fitna-fasod yoyib, mamlakatlarni parchalab tashlashga ko‘z tikkan gardkamchilar sanoqsiz!
Xatarli jihati, ona sayyoramizning turli mintaqalarida milliy ixtiloflar hamon saqlanib qolayotir. Obrazli qilib aytganda, Yer yuzi minalashtirilgan harbiy maydonni eslatadi. Bilib-bilmay qadam tashlash oqibatida tuproq ostida ko‘milgan biror minani lop etib bosib olish hech gap emas!
Bir vaqtlar ulkan hududni idora qilgan imperiyalar boshqaruvni osonlashtirish uchun xalqlar va millatlar orasiga nizo urug‘ini sepgandi (Mashhur “Bo‘lib tashla, hukmronlik qil!” qoidasi yodingizga tushgandir!). Bugun esa imperiyalar merosxo‘ri bo‘lgan “supersaltanatlar” – geosiyosatning katta o‘yinchilari milliy va etnik ixtiloflarni kuchaytirishga zo‘r bermoqda. Maqsad esa o‘sha-o‘sha: dunyoga egalik hirsi, gegemonlik kayfiyati! 1950-1953 yillarda Koreya yarim orolida kechgan va bir millatni yetti yot begonalarga aylantirib qo‘ygan urushni eslang! Vetnamda salkam yigirma yil (1957-1975) davom etgan qirg‘inbarotni yodga oling! “Covuq urush” degan sovuq nom bilan tarixga kirgan mudhish poyga tufayli qancha millatlar boshiga kulfat yog‘ildi, qancha odam katta saltanatlar qo‘lida qurolga aylandi.
Sanoqsiz urushlarni ko‘raverib sochi oqargan mo‘ysafid dunyo bugun ham osoyishta nafas olish baxtidan mosuvo. Hali u-hali bu mintaqada avj olayotgan milliy-etnik ziddiyatlar ko‘zda yoshdek qalqib turgan jahondagi vaziyatni battar izdan chiqarayotir.
Harbiy aralashuv ortidan beqarorlik o‘chog‘i aylangan Iroqda sunniy va shia ixtilofi avj olgan. Yevropa va Osiyo kesishgan strategik nuqtada joylashgan Turkiyada kurdlar muammosi kun tartibida turibdi. Iqtisodiy yetakchilik borasida AQSh bilan dadil raqobatlashayotgan Xitoyda Tibet va Shinjon-Uyg‘ur masalasi vaqti-vaqti bilan bo‘y ko‘rsatmoqda. Bir paytlar yaxlit mamlakat sanalgan Sudan aynan milliy-etnik ziddiyatlar sababli 2011 yilda ikkiga ajralib ketdi. Salkam uch yildan buyon urush maydoniga aylanib qolgan Suriyada kelishmovchilik va ziddiyatlar oxir-oqibat fuqarolar urushiga ulanib ketdi; o‘zaro qirg‘inda minglab odamlarning yostig‘i quridi, aka ukaga, ota o‘g‘ilga g‘anim bo‘lib qoldi. Falastin-Isroil ziddiyati haqida aytmasak ham bo‘ladi. Zamonaviy taraqqiyot o‘chog‘i deb baholanadigan Yevropaning o‘zida grek-turk (Kipr), serb-alban (Kosovo) etnik ziddiyatlari, shuningdek, qator hududiy mojarolar (masalan, Vengriya-Slovakiya) hamon saqlanib qolmoqda.
Millatparvarlik boshqa, millatchilik boshqa!
Tarixdan ma’lum, muayyan elat vakillarining haq-huquqi poymol etilgan holatlarda milliy-etnik ziddiyatlar yuzaga keladi. Ya’ni noteng munosabat, millatchilik kayfiyati ixtiloflar eshigini lang ochib yuboradi. Ba’zida esa milliy nizo diniy-e’tiqodiy to‘qnashuvlar bilan uyqash bo‘lib ketadi. Bunga Falastin, Panjob va Kashmir misol. Oz sonli millatlarga “ikkinchi nav” kishilaridek munosabatda bo‘lish, ularning ijtimoiy-iqtisodiy qiyinchiliklar ostida qolishi ziddiyatni chuqurlashtiradi. XX asr oxirida insoniyat tarixiga sharmandali voqelik sifatida bitilgan Bolqon mojarosining tug‘ilishiga ham shu kabi omillar doyalik qilgandi. Sirasini aytganda, nobop siyosat, davlat hokimiyatining zaifligi va no‘noqligi tutab turgan olovga moy sepgandek ta’sir ko‘rsatadi. Myanmadagi xunrezliklar, qator rivojlangan davlatlarda mehnat muhojirlariga bepisand munosabat sabablarini ham shu omildan qidirish to‘g‘riroq bo‘ladi.
Milliy-etnik nizolarni faqat iqtisodiy-ijtimoiy diskriminatsiya bilan izohlash ham to‘g‘ri emas. Kataloniya, Kvebek yoki Shimoliy Irlandiyani oling. Harqalay, basklar yo irlandlar qorni och qolganidan kurashga chiqmagani aniq.
Bugungi kunda ayrim mamlakatlarda ksenofobiya kayfiyati kuchaymoqda, xorijliklarga, xususan, mehnat muhojirlariga toqatsizlik avj olmoqda (Tahlilchilar yangi davr voqeligini “migrantofobiya” deb atamoqdalar). Bu holat qon to‘kilishlariga olib kelayotgani chatoq! Ommaviy axborot vositalari orqali kuzatib turibmiz, qator davlatlarda (ular orasida rivojlangan mamlakatlar ham bor!) millatchilik kayfiyatidagi yosh-yalang ko‘cha-ko‘yda yo‘q yerdan janjal uyushtirib, mehnat muhojirlarini kaltaklashi, tahqirlashi ko‘paygandan-ko‘paydi. Ba’zida mezbon mamlakat huquq idoralari millatchi guruhlarning “tarallabedod”larini ko‘rib ko‘rmaslikka olayotganiga nima deysiz! “Falon mamlakat – falon millatniki!” qabilidagi buzg‘unchi shiorlarni bayroq qilib, milliy, irqiy nizo qo‘zg‘ayotgan jinoiy to‘dalarning urchib ketgani, chindan ham, xavotirli.
Uzoqqa borib nima qildik, joriy yil oktyabr oyida Rossiyada ro‘y bergan “Biryulevo voqeasi”ni esga olaylik. 2013 yilning 10 oktyabrida Moskva oblasti Biryulevo tumanida Yegor Щerbakov ismli yigit chavaqlab ketildi. Ommaviy axborot vositalaridagi noxolis targ‘ibot va arboblarning g‘irrom bayonotlari tufayli birgina qotillik ortidan o‘nlab, yuzlab jinoyatlar sodir etildi. Rus millatiga mansub yigitning “kelgindi” tomonidan o‘ldirilishi keskin noroziliklarga sabab bo‘ldi (Aslida, jinoyatchi kim ekani hali qonunan isbotlanmagandi, ammo ommaviy axborot vositalari aybsizlik prezumptsiyasiga zid ravishda suddan ham avval o‘zi jinoyatchini topib, uning ustidan hukm chiqarib qo‘ya qoldi!). O‘rmonga o‘t ketsa, ho‘lu quruq baravar yonadi. Millatchilik kayfiyatidagi aholi guruhi Markaziy Osiyo va Kavkazdan kelgan odamlarning “ta’zirini berib qo‘yish uchun” ularni kaltaklash, do‘pposlashga tushdi.
Boya aytganimizdek, milliy-etnik nizolar ildizini birinchi navbatda siyosiy boshqaruv va mamlakatdagi ijtimoiy-iqtisodiy holatdan qidirgan ma’qul. Rossiya Fanlar akademiyasi Sotsiologiya institutining ksenofobiyani o‘rganish sektori mudiri, sotsiologiya fanlari doktori Vladimir Mukomelning fikricha, “Biryulevo voqeasi” mehnat muhojirlariga norozilikdan emas, balki qalashib yotgan va ma’muriyat hal qilib bermagan ijtimoiy muammolar tufayli yuzaga kelgan.
Rossiyadagi “Sova” axborot-tahlil markazi rahbari Aleksandr Verxovskiyning xavotir bilan qayd etishicha, oxirgi 13 yilda o‘tkazilgan ijtimoiy so‘rovlar Rossiyaning yarim aholisi diskriminatsiya xarakteridagi shiorlarni qo‘llab-quvvatlashini ko‘rsatdi. Ayniqsa, Moskvadagi ahvol xavotirli: ksenofobiya kayfiyati mamlakatning boshqa hududlariga qaraganda poytaxtda kuchayib ketgan.
Millatparvarlik va millatchilik boshqa-boshqa tushunchalar. Inson o‘z millatini ulug‘lash uchun boshqa millatni oyoqosti qilishi shart emas. Qolaversa, dunyodagi barcha millat va elatlar bir otaning pushtikamaridan bo‘lgan qondoshlar ekanini unutmaslik kerak.
De Klavixoning e’tirofi
O‘zbek xalqi zehniyatida, mentalitetida boshqa millatlarga toqatsizlik yo‘q. Shuning uchun ham ikki daryo oralig‘ida qadimdan turli xalq va din vakillari yagona oiladek ahil-inoq yashab kelgan, bir mayizni teng bo‘lishib yegan, bir buloqdan suv ichgan, bir havodan nafas olgan. Madaniyatlar va tamaddunlar chorrahasi sanalgan O‘zbekiston hududida islom, nasroniylik, yahudiylik va buddaviylik tsivilizatsiyalari yonma-yon taraqqiy etgan. Asrlar mobaynida mamlakat hududidagi yirik shaharlarda masjid, cherkov va sinagogalarning mavjud bo‘lgani, turli millat va dinga mansub qavmlarning o‘z diniy amallarni erkin ado etib kelgani buning tasdig‘i.
Tolerantlik nima? O‘zligini, o‘z tarixiy ildizini anglagan millatning boshqa millat vakillarini kamsitishga yo‘l qo‘ymasligi, ular bilan tinch-totuv hayot kechirishi! Tolerantlik – o‘zbek xalqiga xos, uning fitratida mavjud bo‘lgan fazilat. Ulug‘ davlat arbobi Amir Temur o‘z “Tuzuklar”ida qo‘l ostidagi barcha elatlarni teng ko‘rgani, barlosni tatardan, tatarni naymandan, naymanni yuzdan ustun qo‘ymaganini yozadi. Sohibqiron huzuriga Kastiliya qiroli Don Enriko IIIdan elchi bo‘lib kelgan Rui Gonsales de Klavixo o‘z xotiralarini keyinchalik “Samarqandga – Amir Temur saroyiga sayohat kundaligi” (1403-1406 yillar) degan nom bilan e’lon qilgan. Mazkur kundalik o‘z davrida Sohibqiron hukmronligiga oid qimmatli manba sifatida Yevropada qayta-qayta chop etilgan. De Klavixoning guvohlik berishicha, Amir Temur Samarqandda turli din vakillarini yig‘ib, ularga iltifot va marhamat ko‘rsatgan. Masalan, nasroniylikka e’tiqod qiluvchi mehmonlarning turli ehtiyojlarini ado etish uchun alohida mas’ul shaxs tayinlagan, ular bilan do‘stona aloqalarni mustahkamlashni uqtirgan.
Buyuk mutafakkir Alisher Navoiy ham o‘lmas asarlari orqali millatlararo totuvlikni tarannum etgan. Bu o‘rinda birgina dalil – hazrat Navoiyning shoh asari sanalgan “Xamsa” dostoni qahramonlari turli millat vakillari ekani (fors, xitoy, arman, yunon, arab, turk)ni eslash kifoya.
O‘zbekiston hududida asrlar mobaynida turfa millat vakillari totuv hayot kechirib kelgan. Tarixiy ma’lumotlarga qaraganda, 1897 yilda bugungi O‘zbekiston hududida 70 ga yaqin millat vakili istiqomat qilgan. Ikki daryo oralig‘idagi saxovatli zamin boshiga kulfat yog‘ilgan turfa millatlarga boshpana bergan. Toshkent 1921 yilda Volgabo‘yida ochlikdan halok bo‘layotganlarning joniga ora kirgan. XX asrning 30-40 yillarida ommaviy qatag‘on payti Stalin 3 milliondan oshiq turli millat vakillarini (ular safida ingushlar, chechenlar, nemislar, qalmiqlar, bolqorlar… bor edi) boshqa o‘lkalarga majburiy ko‘chirgan. O‘sha paytda qrim tatarlari, koreyslar va boshqa millat vakillari O‘zbekistonga kelgan.
Ikkinchi jahon urushida ham O‘zbekiston turli millat vakillarini quchoq ochib kutib olgan. Urushda yarador bo‘lgan askarlar, sobiq ittifoqning turli o‘lkalarida yashagan ziyolilar, shuningdek, evakuatsiya qilingan zavodlar shu yerga keltirilgan. “Mehmon otangdek ulug‘” naqlini dasturilamal deb bilgan mahalliy aholi so‘nggi burda nonini o‘zi yemay, mehmoniga yedirgan. “Toshkent – non shahri”, “Toshkent – do‘stlik shahri” degan ta’rif-tavsiflar o‘sha davrdan qolgan. “Doningni yegan chumchuq qaytib kelar Makkadan, Toshkent!” degan maqtovlar o‘sha davrdan qolgan.
Millatlararo totuvlik xususida so‘z borar ekan, tillarda doston Shomahmudovlar xonadonini eslamaslikning iloji yo‘q. Oddiy temirchi va uning mehribon rafiqasi Ikkinchi jahon urushi davrida turli millatga mansub o‘n besh nafar yetim bolani o‘z farzandidek oq yuvib-oq taraydi. Shomahmudovlarning yuksak insoniyligi yozuvchi Rahmat Fayziyning “Hazrati inson” romanida, taniqli rejissyor Shuhrat Abbosovning “Sen yetim emassan” filmida mahorat bilan tasvirlangan.
Fitnachilar chapak chalib qoldi!
Sobiq sho‘rolar davlati 1924 yilda Markaziy Osiyo davlatlarida chegaralash siyosati olib borgan. Mohiyat e’tiboriga ko‘ra mustamlakachi davlat sanalgan sho‘ro imperiyasi Markaziy Osiyo hududidagi o‘zbek, qozoq, qirg‘iz, turkman va tojik millatlarini milliy-etnik asosda respublikalarga bo‘lar ekan, ixtilof va ziddiyatlar chiqarishni ham mo‘ljallagan edi. Zotan, milliy-etnik nizolar chiqarish barcha mustamlakachi davlatlarga xos bo‘lgan “kasallik” – siyosiy usuldir. Lekin Markaziy Osiyo xalqlari, xususan, o‘zbek xalqining og‘ir-vazminligi, bag‘rikengligi tufayli milliy nizolar chiqarish yo‘lidagi bir qancha urinishlar chippakka chiqdi. Xususan, 1989 yilda ham O‘zbekiston hududida milliy ziddiyatlar uyushtirishga harakatlar kuzatildi. Ammo mamlakat rahbariyati yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan ulkan ziddiyatning oldini olib qoldi. Ayrim siyosiy kuchlar 2010 yilning iyunida O‘zbekistonni yana bir milliy-etnik ziddiyatga tortmoqchi bo‘lishdi. O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov yana bosiqlik, vazminlik bilan qirg‘inni bartaraf etdi. Islom Karimovning Qirg‘izistonda boshlangan va tashkilotchilar rejasiga ko‘ra, O‘zbekistonga ham yoyilishi kerak bo‘lgan fitnani bartaraf etishdagi xizmatini dunyo hamjamiyati e’tirof etdi. Fitnachilar yana chapak chalib qolaverdi!
Dunyo davlatlari aholisi milliy tarkibiga ko‘ra ikki guruhga bo‘linadi: monoetnik (birmillatli) va polietnik (ko‘pmillatli). O‘zbekiston milliy tarkibiga ko‘ra ikkinchi guruhga – ko‘pmillatli davlatlar qatoriga kiradi. Hozir O‘zbekistonda bir yuz o‘ttizdan ortiq millat va elat vakillari yagona oila farzandlaridek ahil yashab, mehnat qilmoqda. Ularning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini ta’minlash, ta’lim olishi, o‘z qiziqishi va layoqati bo‘yicha kasb-hunar egallashi, mehnat qilishi uchun barcha sharoitlar yaratilgan. 15 diniy konfessiyaga mansub yuzlab diniy tashkilot erkin faoliyat yuritmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 8-moddasida “O‘zbekiston xalqini millatidan qat’i nazar O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari tashkil etadi”, deb aniq belgilab qo‘yilgan. Asosiy Qonunning 4-moddasida esa “O‘zbekiston Respublikasi o‘z hududida istiqomat qiluvchi barcha millat va elatlarning tillari, urf-odatlari va an’analari hurmat qilinishini taminlaydi, ularning rivojlanishi uchun sharoit yaratadi”, deyilgan. Ayni paytda turli millat va elatlarning milliy an’ana va qadriyatlarini asrab-avaylash, ularni yanada rivojlantirish, boyitish masalasi davlatning doimiy e’tiborida. Umumiy o‘rta ta’lim maktablarida yetti tilda (o‘zbek, qoraqalpoq, rus, qirg‘iz, turkman, qozoq va tojik tillari) bilim berilayotgani, ommaviy axborot vositalari O‘zbekistonda istiqomat qilayotgan millatlarning o‘nta tilida faoliyat olib borayotgani buning amaldagi yorqin ifodasi.
Barcha millat vakillari davlat boshqaruvi, ijtimoiy-iqtisodiy hamda madaniy jarayonlarda erkin ishtirok etmoqda. Senat a’zolari, Oliy Majlis qonunchilik palatasi hamda mahalliy kengashlar deputatlari, ijroiya hokimiyati, yirik korxona va tashkilotlar rahbarlari orasida turli millat vakillari bor.
Evropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (EXHT)ning oz sonli millatlar bo‘yicha oliy komissari Knut Vollebek O‘zbekistonda bir necha marta mehmon bo‘ldi, turli milliy madaniy markazlar faoliyati bilan tanishdi. Xususan, 2012 yilgi tashrif chog‘ida YeXHT komissari O‘zbekistonda oz sonli millat vakillarining ta’lim olishi, o‘z qadriyat va an’analarini rivojlantirishi uchun kerakli sharoitlar yaratilganini ijobiy baholadi.
“…ish emas dushmanlig‘”
O‘zbekistondagi turli millat vakillari o‘z qadriyatlarini ko‘z qorachig‘idek asrash imkoniga ega. Butun mamlakat Navro‘zni qanchalik ko‘tarinkilik bilan bayram qilsa, slavyanlar Maslenitsasini, tatarlar Sabanto‘yini emin-erkin nishonlamoqda. Musulmonlar Hayitni qanchalik uyushqoqlik bilan bayram qilsa, nasroniylar Pasxa va Rojdestvoni, yahudiylar Peysax va Purimni emin-erkin nishonlamoqda.
Birgina Toshkentda qoraqalpoq xalqining Berdaqi, gurji xalqining Rustavelisi, rus xalqining Pushkini, ozar xalqining Ganjaviysi, qozoq xalqining Abayi, hind xalqining Shastriysiga qo‘yilgan muazzam haykallarni ko‘rish mumkin. Azim poytaxtning eng gavjum va go‘zal maskanlarida qad rostlagan ushbu san’at obidalari ham millatlararo do‘stlik va ahillikni tarannum etayotgandek. Darhaqiqat, etni tirnoqdan ajratib bo‘lmaganidek, O‘zbekistondagi bir-biriga do‘stu qardosh millatlarni ham parchalab bo‘lmaydi!
Jahonda milliy-etnik munosabatlar murakkablashib, eng ilg‘or davlatlarda ham oz sonli millat vakillarini kamsitish, xo‘rlash va siqib chiqarish holatlari kuzatilayotgan bir paytda, shukurki, O‘zbekistonda turli millat va elat vakillari ahil yashamoqda. Ko‘zga to‘tiyo qilsa arziydigan bunday do‘stona muhitni asrab-avaylashga har birimiz mas’ulmiz. Albatta, xalq anoyi emas, hamma narsaga laqqa ishonavermaydi, mash’al tutgan har qanday odamning ortidan charog‘bon deb ergashib ketavermaydi. Ammo ayrim ommaviy axborot vositalari qildek aybni fildek qilib ko‘rsatishga urinayotgani, zo‘r berib milliy ixtiloflar chiqarishga harakat qilayotganiga xotirjam qarab turmaslik kerak.
Bugun odamzodning tafakkuri to‘lishib, hatto koinotni tadqiq etmoqda. Insonlarni irqi, millati va e’tiqodiga ko‘ra toifaga ajratish ilg‘or fikrli XXI asr kishisiga yarashmaydi. Dunyoni qonga botirgan Gitler, Mussolini kabi millatchi mustabidlar tarixda qoldi. XXI asr – sog‘lom fikrlar, ilg‘or g‘oyalar va ezgu amallar asri! Bir paytlar ulug‘ yozuvchi Fyodor Dostoyevskiy “Dunyoni go‘zallik qutqaradi” degan edi. Bugun zabardast romannavisning fikrini andak rivojlantirib, “Dunyoni sog‘lom fikr va bag‘rikenglik qutqaradi” deyish mumkin.
Buyuk mutafakkir Alisher Navoiy o‘lmas shohbaytlaridan birida shunday degandi:
Olam ahli bilingizkim, ish emas dushmanlig‘,
Yor o‘lung bir-biringizgaki, erur yorlig‘ ish.
Hazrat Navoiy yuz karra haq! Dunyoning turli mintaqalarida jazavaga tushib millatchilik shiorlarini ko‘tarib chiqayotgan, barcha insonlar Odam Ato naslidan ekanini unutib, qo‘lini qonga botirayotgan “zamona qahramonlari” ham buni bilsa edi!..
Kamol Salimov