Burobiya Rajabova. Mumtoz muarrix

Alisher Navoiy temuriylar Uyg‘onish davrining nafaqat buyuk shoiri, davlat arbobi, balki tarix fanining rivojiga ulkan hissa qo‘shgan mumtoz muarrixi hamdir. Uning tarixnavislik faoliyatini quyidagi yo‘nalishlarda tasnif qilib o‘rganish mumkin.

Birinchidan, Navoiy mumtoz muarrix sifatida “Tarixi muluki Ajam”, “Tarixi anbiyo va hukamo” kabi tarixiy asarlarini yozgan. Bu ikki asar uning tarix fani sohasida ham yetuk mutaxassis ekanini ko‘rsatadi. Shu jihatdan qaraganda, “Tarixi anbiyo va hukamo” va “Tarixi muluki Ajam” turkiy xalqlar tarixnavisligining nodir namunalari hisoblanadi. Bu asarlar XV asrning ikkinchi yarmida temuriylar davlat bosh­qaruvida bo‘lgan Movarounnahr va Xurosondagi ijtimoiy-siyosiy munosabatlar tarixini o‘rganishda ham muhim hujjatlardir.

Ikkinchidan, Navoiy o‘z davrida ko‘p­lab tarixiy asarlarning yaratilishiga homiylik qilgan. Masalan, Mirxondga yetti kitobdan iborat “Ravzat us-safo” asarini yozishi uchun uy sovg‘a qilgan, moddiy ta’minotini yo‘lga qo‘ygan. Bu haqda Mirxondning nabirasi Xondamir “Xulosat ul-axbor”da shunday ma’lumotni bitgan: “…Amir Alisher “Xalosiya” xonaqosida o‘zining huzur-halovati uchun ajratilgan xonani ul janobga berib, “Ravzat us-safo”ni yozishni buyurdi. Janob bobom izzat va barokat egasining qo‘llab-quvvatlashi hamda hidoyat xislatli Amir Alisherning xayrixohligiga tayanib, o‘sha qimmatli kitobni yozishga tirishib harakat qildi va qisqa vaqt ichida bu yetti iqlimda tengi yo‘q kitobning VII daftar(jildi)ini yozib tamomladi”.

Uchinchidan, Navoiy asarlarida Sharqning mashhur tarixchilari nomi va e’tirofini uchratamiz. U “Tarixi anbiyo va hukamo” va “Tarixi muluki Ajam”da Tabariy, Ja’fariy, Banokatiy, Juvayniy, Ali Yazdiylarni tilga olgan, “Majolis un-nafois” tazkirasida Ali Yazdiy, Abdurazzoq Samarqandiy, Mirxond, Xondamirlarga atab alohida fiqralar yozgan, “Nasoyim ul-muhabbat”da yana Ali Yazdiyga fiqra bitgan.

To‘rtinchidan, Navoiy qadimgi Eronning peshdodiylar, kayoniylar, ashkoniylar, sosoniylar sulolalari hukmdorlari tarixiga va Amir Temur, Mironshoh, Shohrux, Ulug‘bek Mirzo, Abulqosim Bobur, Abusaid Mirzo, Sulton Husayn Boyqaro, Badiuzzamon Mirzo, Shohg‘arib Mirzo, Kichik Mirzo kabi temuriy hukmdorlarga o‘zining badiiy asarlarida ham alohida poetik lavhalar, nasriy bayonlar bag‘ishlagan. Masalan, “Majolis un-nafois”ning 7-faslini asosan Amir Temur va 21 nafar temuriy shahzodalarga bag‘ishlab, ularning o‘z davri adabiyoti va san’ati rivojiga qo‘shgan hissalari, o‘zlarining ham ta’bi nazm sohiblari bo‘lib, ba’zilarining hatto ijod namunalaridan devonlar tuzganlari haqida ma’lumot beradi va g‘azal, bayt, misralaridan misollar keltiradi. Turkiy va forsiy tillar qiyosiga bag‘ishlangan “Muhokamat ul-lug‘atayn” asarida Sulton Husayn Boyqaroni tilga olar ekan, uni faxr tuyg‘usi bilan “Rustami dos­ton” deb, afsonaviy qahramon Rustamga qiyoslagan.

Ma’lumki, Navoiyning “Xamsa”dan keyin yaratgan birinchi yirik nasriy asari “Tarixi muluki Ajam”dir. Unda Ajam shohlarining to‘rtta sulolasiga mansub hukmdorlar nomi, faoliyati, aql va qo‘l ixtirolari hamda davlat ishlariga qo‘shgan yangiliklari, adolatga munosabati, davlat rivoji yoki tanazzuli bilan bog‘liq tuzuklari, qoi­dalari, jangu jadallari, fathlari, asarlariga oid ma’lumotlarni fiqra shaklida bergan. Jumladan, No‘shiravoni odilning hukmdor sifatida adolatga baland e’tiborini sharaflab, uning bashariyat uchun yozib qoldirgan uch vasiyatini “Tarixi muluki Ajam” asarida keltiradi: “Va aning soyir salotin uchun vasiyatnomasi borkim, ne dastur bila saltanat qilg‘aylarkim, bu muxtasarda ul gunjo­yish yo‘qturkim, borchasin bitilgay, iki-uch kalima bila ixtisor qilildi. Va ul bulardurkim, adl bir qo‘rg‘ondurkim, suv solib yiqilmas va o‘t bila kuymas, manjaniq bila buzulmas. Va adl ganjedurkim, ko‘prak olg‘on sayin, ko‘prak bo‘lur va ozroq xarj qilsang, ozroq bo‘lur. Va xiradmand uldurkim, maxfiy andoq ish qilmag‘aykim, oshkoro ani qila olmag‘an va birov anbida andoq so‘z demagaykim, yuziga dey olmag‘ay. Urushda dushman oz deb g‘ofil bo‘lmamoq kerakkim, ko‘p o‘tunni oz o‘t kuydurur”.

“Tarixi anbiyo va hukamo”da payg‘ambarlar va hakimlar tarixi muxtasar tarzda yoritilgan. Navoiy payg‘ambarlar tarixiga bashariyat tarixining bir qismi sifatida qaragan. Ularning o‘z davri, xalqni hidoyatga boshlashi, aqidalari haqida ma’lumot berib, samoviy kitoblarning sohiblari bo‘lgan payg‘ambarlar va ham xalifa, ham rasul, ham hukmdor sifatida faoliyat yuritgan payg‘ambarlarning o‘ziga xos hayot yo‘li, adolati, ehsoni, shafqati, davlatchilik tarixidagi o‘rnini ham muayyan darajada aks ettirgan.

“Tarixi anbiyo va hukamo”ning ikkinchi qismida hakimlar tarixi keladi. Navoiy “Hukamo zikri”da Luqmon, Fisog‘urs, Jomosb, Buqrot, Buqrotis, Suqrot, Aflotun, Aritotolis, Balinos, Jolinus, Batlimus, Sodiq, Buzurjmehr kabi hakimlarni zikr qilgan va ular tilidan aytilgan hikmatlardan namunalar keltirgan.

Navoiy asarlarida, birinchidan, peshdodiy, kayoniy, ashkoniy, sosoniy kabi sulolalar tarixi, ikkinchidan, turkiy xon va sultonlar tarixi, uchinchidan, Sohibqiron Amir Temur va temuriylar tarixi ham tarixiy, ham poetik lavhalarda yoritilgan.

Umuman, Navoiy payg‘ambarlar, hakimlar, hukmdorlar tarixini yoritar ekan, o‘z davri hukmdorlari va zamondoshlariga, kelajak avlodga o‘zining hayotiy saboqlarini, ilmu tajriba mahsuli bo‘lgan xulosalarini, pandu o‘git­larini ham havola qilganini ko‘ramiz. Masalan, “Farhod va Shirin”ning Shohg‘arib Mirzoga bag‘ishlangan bobida Navoiy temuriy shahzoda bahona o‘z davri hukmdorlariga va kelajak avlodga ma’rifatparvar shoh Mirzo Ulug‘bekni ibrat qilib ko‘rsatgan.

Navoiy tarixiy asarlarida saj’dan mahorat bilan foydalangan bo‘lsa, fiqra va zikrlar so‘ngida tamsil qilib keltirgan she’rlarida lafziy va ma’naviy she’riy san’atlarni mahorat bilan qo‘llagan.

Yuqoridagi fikrlarimizga dalil sifatida quyida Navoiy “Tarixi muluki Ajam”da keltirgan Luqmoni hakim, Fisog‘urs hakim haqidagi ma’lumotlar, shuningdek, “Nasoyim ul-muhabbat”dagi Yassi tarixiy geografik atamasi va bosh­qa asarlari matnida qo‘llagan ayrim etnonimlar va ularning tarixi xususida to‘xtalib o‘tsak.

Luqmoni hakim ‒ “Tarixi anbiyo va hukamo” asarining “Anbiyo” qismida alohida fiqra bilan zikr qilingan. Navoiy u bilan bog‘liq ko‘plab tarixiy ma’lumotlarni ko‘rganiga ishora qilib: “Tarix ahlidin ba’zi ani hukamo silkida mazkur qilibdurlar. Va ko‘prak el ani payg‘ambar debdurlar”, deb yozadi va o‘zi uni ham payg‘ambarlar, ham hakimlar zikrida tilga oladi. Navoiy keltirgan Luqmoni hakim haqidagi xabar va hikoyatlar ma’lum ma’noda an’anaviy xarakterdadir. Masalan, Luqmoni hakim qul bo‘lib, o‘z aql-zakosi bilan qullikdan ozod bo‘lgani xususida shunday an’anaviy hikoyatni keltiradi: “Yana biri bukim, xoja anga buyurdikim, kunjid ek! Ul arpa ekti. Xoja so‘rdikim, arpa ekib, kunjid nechuk toparsen? Dedikim, chun sen noshoyist ish qilib, nechuk Tengri taolodin rahmat va jannat tama’ qilursen, men ham dedim: arpa eksak, kunjid shoyad bar topqaymen. Xoja mutanabbih bo‘lub, ani ozod qildi. …aning so‘zlaridindurkim, to‘rt ming so‘z bitibdurlar va to‘rt so‘z bila ixtisor qilibdurlar. Ikisini doyim yod qilmoq kerak va ikisini unutmoq kerak. Burung‘i ikidin biri o‘zi qilg‘on yaxshilikdur va biri g‘ayri qilg‘on yomonlig‘”.

Navoiy lirik asarlarida ham talmeh san’ati vositasida Luqmoni hakimning hakimligi, donoligi, zakosiga ishora qilgan.

Navoiy asarlari matnida ma’lum bir kent, shahar, mamlakat, manzil, maskan tarixini ifodalagan juda ko‘plab tarixiy geografik atamalar uchraydi. Shulardan biri – Yassidir. Yassi (asli Saksi) Turkiston shahrining qadimiy nomi. Yassi haqida tarixiy-geografik toponim sifatida tarixiy va adabiy manbalarda ma’lumotlar uchraydi. Ahmad Yassaviyning ulug‘ nomi, “Devoni hikmat” asari va Sohibqiron Amir Temurning uning sharafiga Yassida qurdirgan mahobatli maqbarasi ma’lum ma’noda Yassini dunyo­ga mashhur qilgan.

“Nasoyim ul-muhabbat” tazkirasida ham Yassi tarixiy-geografik toponim sifatida tilga olingan. U, asosan, Ahmad Yassaviy va uning ayrim izdoshlariga bag‘ishlab bitilgan fiqralarda uchraydi va ba’zi o‘rinlarda Yassi “Turkistonda, Yassi degan yerdaki” tarzida bitiladiki, bundan Yassi va Turkiston bir tarixiy-geografik toponim ekanini anglash mumkin. Masalan, “Xoja Ahmad Yassaviy” nomli fiqrasida: “Turkiston mulkining shayx ul-mashoyixidur. Maqomoti oliy va mashhur, karomoti mutavoli va nomahsur ermish”, deb yozar ekan, yana muallif ushbu fiqrada: “…Aning mozori Turkistonda, Yassi degan yerdaki, aning mavlid va mansha’dur, voqe’ bo‘lubdur va Turkiston ahlining qiblai duosidur”, deb Yassi shaklida tilga olgan.

Chig‘atoy – turkiy qabila, urug‘ nomi, etnonim. Tarixiy-adabiy manba va hujjatlarda chig‘atoy haqida ko‘plab ma’lumotlar berilgan. Navoiy asarlarida ham turkiy xalq va qabila-urug‘ nomi sifatida xabarlar bor. Shoir ulardan turli maqsadlarda foydalangan. Navoiy chig‘atoyni so‘z va chig‘atoy lafzi, chig‘atoy ulusi, chig‘atoy mirzalari kabi birikma shaklida qo‘llagan. Mazkur etnonim uning “Navodir un-nihoya” devoni, “Majolis un-nafois”, “Xamsat ul-mutahayyirin”, “Holoti Sayyid Hasan Ardasher”, “Nasoyim ul-muhabbat” kabi nasriy asarlari matnida uchraydi. “Navodir un-nihoya” devonidan o‘rin olgan yetti baytli “Muhandise topayu egnima qanot yasatay, Uchub havosida qushlar aro o‘zumni qotay” matlasi bilan bosh­lanuvchi g‘azalning maqtasida chig‘atoy so‘z shaklida uchraydi. “Mezon ul-avzon”da esa, chig‘atoy xalqi tarzida berilgan: “Yana turk ulusi, bataxsis chig‘atoy xalqi aro shoyi’ avzondurkim, alar surudlarin ul vazn bila yasab, majolisda ayturlar”.

“Holoti Sayyid Hasan Ardasher”da Navoiy ustozi “suhbati va so‘zi xush” Sayyid Hasan Ardasherning suhbatdosh­lari haqida gapirganda, o‘z davrining ulamoyu fozillari va ashrofu imomlari qatorida chig‘atoy ulusining beklarini ham tilga olgan: “Asrning ulamo va ashrof va aimmasi bila doim musohib erdilar va chig‘atoy ulusining oliy miqdor beklari ulcha yoshg‘a va yo‘lg‘a alardin ulug‘ erdilar va ulcha teng erdilar, alarni sharafi nafs jihatidin o‘zdin ulug‘ tutub, anga ko‘ra ta’zim qilurlar erdi”.

Qo‘ng‘irot – turkiy qabila-urug‘ nomi, etnonim. Bu qabila-urug‘ nomi haqida tarixiy-adabiy manbalarda eslatma, xabarlar bitilgan. Alisher Navoiy o‘zining ham adabiy, ham tarixiy yo‘nalishda yozgan, ma’lum ma’noda hujjat hisoblangan “Vaqfiya” asarida qo‘ng‘irot atamasini barlos, qiyot, arlotiy, tarxoniy, uyg‘ur kabi turkiy qabila-urug‘ nomlari qatorida sanab o‘tgan. Bu atama ifodasida nasab bilan emas, balki hasab bilan yuqori mavqega erishgan “qo‘ng‘irot” “hasablik mutamakkinlar”ni tilga olgan.

Qiyot ‒ turkiy qabila – urug‘ nomi, etnonim. Tarixiy-adabiy manba va hujjatlarda qiyot haqida ko‘plab ma’lumotlar bitilgan. Navoiy asarlarida ham shu ma’noda qo‘llanilgan. Qiyot shoir asarlarida boshqa urug‘-qabila nomlari qatorida uchraydi. “Navodir ush-shabob” devonidagi g‘azallarining baytida qiyot atamasini qo‘llagan:

Men tilab husn vale shoh tilab aslu nasab,
Menga lo‘li bila hindu, anga qo‘ng‘irotu qiyot.

Alisher Navoiy uslubiga xos xususiyatlardan biri shuki, ulug‘ shoir urug‘, qabila nomlarini deyarli yonma-yon qo‘llaydi, mazkur baytda ham qiyotni qo‘ng‘irot bilan birga qo‘llagan.

Xulosa shuki, Navoiy mumtoz muarrix sifatida nafaqat tarixiy kitoblar yozdi, mashhur muarrixlar siymosini yoritdi, balki asarlari matnida ma’lum bir kent, shahar, mamlakat, manzil, maskan tarixini o‘zida ifodalagan tarixiy-geografik atamalar, turkiy qabila va urug‘ nomlari, etnonimlar tarixi bilan bog‘liq xabar, eslatma, lavhalar bitdi. Yana daho shoir asarlarini varaqlasak, musiqa, shatranj (shaxmat), kitoblar tarixi bilan bog‘liq ma’lumotlarni o‘qiymiz.

Burobiya Rajabova,
O‘z FA O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti yetakchi ilmiy xodimi,
filologiya fanlari nomzodi

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi, 2023 yil 44-son