Boris Kostomarov. Odessalik Xammer: Kazzoblikda kechgan umr

“NASIONAL”DAGI JANJAL

Aqlli, eng asosiysi, oliy darajada ayyor Xammer Kremldagi hokimlar bilan o‘zini xuddi o‘tgan asrlardagi oq tanli mustamlakachilar yovvoyi afrikalik yoki polineziyalik qabilalarning sardorlari bilan muomala qilgandek tutar edi. Faqat ularning xotinlari uchun ko‘zgu yoki shisha marjon o‘rniga sovg‘a qilib Leninning xatlarini keltirar edi. Ularni allaqanday G‘arb kimoshdi savdosida katta pullarga sotib olganman deb KPSS rahnomalarini ishontirar edi. Kremldagi arboblar lol qolar va Xammer bilan u taklif etgan navbatdagi iqtisodiy bitimni bajonidil tuzar edilar.

Goho u SSSR dagi Leninning hujjatlarini suvtekinga sotib olardi-da, ularni xufiya yo‘llar bilan Amerikaga olib chiqib ketar edi, so‘ng ularni boyagidek kimoshdi savdosida chayqovga solardi-da, KPSS rahbarlariga navbatdagi o‘ta qimmatbaho sovg‘a sifatida qayta olib kelar edi.

Kunlardan bir kun Andropovning ayg‘oqchilari uni shunday chayqovchilik ustida tutib olishdi. O‘zining “Natsional” lyuks mehmonxonasidagi xonasida Xammer undagi Ilichning olib chiqib ketishga tayyorlab qo‘ygan xatlarini topib olgan ikki nafar “shtatdagi san’atkor” oldida tiz cho‘kib turar edi.

O‘shanda bu ishni bosti-bosti qilib yuborishgandi. Boz ustiga, Lenin xatlarining uddasidan chiqolmagan Xammer hayal o‘tmay Moskvaga yangi “bebaho” sovg‘a — Goyyaning, uning o‘zi aytishicha, narxi bir million dollardan ortiq turadigan suratini olib keldi.

To‘g‘ri, birdaniga G‘arb matbuotida bu polotno Goyyaning mashhur suratining o‘rtamiyona nusxasidan boshqa narsa emasligi haqidagi xabar paydo bo‘ldi. Xammer esa uni bir million emas, bor-yo‘g‘i oltmish ming dollarga sotib olgan ekan.

So‘ngra, go‘yo “Natsional”da hech gap bo‘lmagandek, u Brejnevga Leninning yangi xatlarini keltirdi va sovg‘a qildi. Bunga minnatdorlik o‘rnida navbatdagi iqtisodiy bitimlardan tashqari Bosh kotib Xammerga javob sovg‘asi qilishni amr etdi. Vasiliy Kandinskiyning suratini sovg‘a qilishdi, bu surat, keyinchalik bilishsa, rostdan ham bir million dollar turar ekan.

Xammerning Nyu-Yorkdagi osmono‘par binolardan birida joylashgan “Oksidental petrolium” shtab-kvartirasiga qadam ranjida qilar ekan, Moskvadan kelgan oliy martabali mehmonlar va jurnalistlar har doim mamnuniyat bilan hashamdor ofisning ko‘zga ko‘rinarli joyida mudom Leninning “Ilichdan Armand Xammerga” degan lutfkor yozuvli fotosurati turishini e’tirof etar edilar.

O‘zini milliarder deb atagan Armand Xammer zo‘r ruhshunos va g‘oyat iste’dodli kazzob edi. Uning o‘limidan keyin u hech qachon milliarder bo‘lmaganligi aniqlangan. Bu uning nayrangi, navbatdagi kazzoblik o‘yini bo‘lgan ediki, bunaqasi Xammerning hayotida to‘lib-toshib yotardi.

Uning kiyimini almashtirishi bilan bog‘liq voqea ayollar qismi bo‘yicha Xammer sarguzashtlari ichida eng maroqlilaridan biri hisoblanadi.

 

KIYIM ALMAShTIRISh BILAN BOG‘LIQ VOQEA

Yoshi bir joyga yetib qolganda, aniqrog‘i, yetmish to‘rt yoshida u navbatdagi yosh sohibjamol qiz, Marta Kaufman ismli jurnalistkaga “ko‘z tikib” qoldi. Qiz uning suratlar galereyasi bahonasida intervyu olgani uning huzuriga keldi. Oshiq “yigit” tezda suhbatni to‘shak mavzuiga burib yubordi. Avvaliga mehmon qizga bir qancha xushomadlar qildi, xususan, kiyimsiz holatida uning moziydagi buyuk san’atkorlarga rangtasvir durdonalari yaratishda ilhom baxsh etgan ayollarga o‘xshashini aytdi. Keyin juvonning eri bilan munosabatlari qandayligini uzoq surishtirdi. Munosabatlari yomonligini aniqlagach, u, men o‘zim ham “keksa san’atkorlar va yosh ma’shuqalar”ni to‘plash bilan mashg‘ulman, deb hazillashdi. Xayrlasha turib juvondan telefonini qoldirishini iltimos qildi.

Bir haftadan so‘ng Xammer telefon qildi va norasmiy tarzda intervyuni davom ettirishni taklif etib, Martani mehmonxonaga olib keldi. U yerda ishbilarmonlarcha qat’iyat bilan qizga ikkita taklifni aytdi. Birinchidan, uning suratlari galereyasini tashkil etish bo‘yicha maslahatchi va menejer sifatida unga ishga kirsin. Ikkinchidan, eri bilan uzil-kesil orani ochiq qilib, unga ma’shuqa tutinsin. “Xo‘p desangiz, — dedi kazzob, — siz hech qachon puldan g‘am yemaysiz”.

Juvon bunga ko‘ndi va o‘n yil davomida muttasil Xammer qoshida bo‘ldi, san’at masalalari bo‘yicha maslahatchi sifatida barcha safarlarida hamrohlik qildi.

Xotini bundan xabar topganda, uning g‘azabidan, hammadan ham uning pullaridan ayrilib qolishdan har doim qo‘rqib kelgan Xammer ma’shuqasiga ismini, sochining rangini o‘zgartirishni, kasalxonaga yotishini va u yerda yuzi va ovozini o‘zgartirish bo‘yicha plastik jarrohligidan o‘tishini buyurdi. Shu tariqa go‘yo ishdan haydalgan mallasoch Marta Kaufman o‘rniga “Oksidental petroleum korporeyshn” shtatida yangi xodima — qorachadan kelgan Xilari Gib­son paydo bo‘ldi. Xammer o‘z ma’shuqalarini har doim kompaniya hisobiga saqlar edi.

Ishga “yangi” maslahatchini qabul qilish o‘yini shu qadar muvaffaqiyatli o‘tdiki, na faqat Xammerning rashkchi rafiqasi Ferensis, balki kompaniyaning xodimlari ham ammalarining buzog‘iday qarab qolaverishdi.

Biroq bir yil o‘tar-o‘tmay ma’lum bo‘ldiki, qayta tajassum topish bo‘yicha qilingan barcha ishlar birdaniga suvga urdi-ketdi. Sakson olti yoshida Xammer o‘ziga yangi ma’shuqa — meksikalik jononcha Rozamariya Duratsoni topib oldi. Juvonni u tag‘in o‘sha “Oksidental petroleum”ga ishga oldi. Bu gal u o‘zining shaxsiy shifokori sifatida unga hech qachon puldan g‘am yemasligi haqidagi eski va’dani berdi.

Erining yangi sho‘xliklaridan xabar topib Frensis, nihoyat, undan qo‘lini yuvib, qo‘ltig‘iga surtishga ahd qildi va notariusni chaqirib, vasiyatini o‘zgartirdi, barcha pul va mulkini, shu jumladan u Xammer bilan yashagan dang‘illama uyni jiyani Joan Vaysga xatlab berdi. Ko‘p o‘tmay, yana Joan va advokatni chaqirib, Frensis Xammer bilan ajrashish haqida ish boshlashga qaror qilganini aytdi. Shu bilan barobariga u jiyaniga barcha qimmatbaho taqinchoqlari va eng muhim moliyaviy hujjatlar saqlanadigan maxfiy joyni ham ko‘rsatdi. Ammo bu gal ham tegirmondan butun chiqmasa Xammer nima qilib Xammer bo‘lib yuribdi! Bunisi ham mayli-ya, u Frensisning hayotligidayoq pullari va mulkining bir qismini unga xatlab berishiga erishdi. Shundan bir necha kun keyin Frensis yiqilib tushdi, sonini sindirib oldi va kasalxonaga yotdi. Xammer esa uning tuzalib chiqishini ham kutib o‘tirmay, odatdagidek yosh ma’shuqasini oldi-da, navbatdagi xorijiy sayohatga jo‘nab ketdi. Sayohat Moskvada Gorbachyov bilan uchrashuvdan boshlanib, Marokkoda dam olish bilan tugagandi.

Ular qaytib kelgandan bir necha kun o‘tib Frensis dunyodan ko‘z yumdi va Duratsio Xammerga qolgan uyga ko‘chib o‘tdi. O‘zining to‘qson ikki va Duratsioning o‘ttiz sakkiz yosharligini dabdabayu as’asa bilan nishonlagan Xammer to‘satdan saraton bilan og‘riganini bilib qolib, juvonga unga turmushga chiqishini taklif etdi.

Ayni vaqtda o‘lgan xolasi vasiyatini bajara turib Joan Vays unga ishonib topshirilgan maxfiy joydan Frensisning barcha qog‘ozlarini oldi va uning advokatlari Xammerga qarshi sud ishlarini boshlab yubordilar. Ular uni sobiq xotinining 400 million dollar miqdordagi pulini noqonuniy o‘zlashtirishda aybladilar.

Moliyaviy nayranglarda ustasi farang Xammer kunlari sanalib qolganini bilgan holda kompaniyaning allaqachondan beri unga qarashli bo‘lmay qolgan pullardan foydalanib, maxsus jamg‘arma tuzdi. Xammerning o‘limidan keyin uning hisobidan pullar “shahvoniy xizmatlari” uchun umrlarining oxirigacha Xammer pul bilan ta’minlashga va’da bergan ayollarga o‘tishi kerak edi. Bu majburiyatlar va uning barcha nopok aloqalari siri u bilan birga o‘lishi kerak edi, zero jamg‘armaning moliyaviy siriga uning sohibidan boshqa hech kim daxl qila olmas edi. Suddan tashqari.

To‘satdan Frensisning qonuniy merosxo‘riga aylangan Joan mana bunday da’vo bilan chiqib qoldi-ku. Na faqat sobiq xotinining mulkini talon-toroj qilgani, balki jamg‘armadagi barcha nayranglariyu boshqa iflos ishlari ana-mana elga oshkor bo‘lishini Xammer tushunib turardi. Shunda u joni ramaqda bir holda kasalxonaga “mersedes”ini chaqirtiradi va “Oksidental petroleum” ofisiga boradi. U yerda haydovchi o‘z xo‘jayiniga kaliti faqat unda turadigan maxfiy seyfdagi barcha qog‘ozlarni yig‘ib, o‘zi yashaydigan Dayton Drayvga olib ketishga yordamlashib yuboradi. Uyda Xammer o‘sha zahoti advokatni chaqirtiradi va unga jamg‘arma ishlaridagi bir vaqtlar u bilan aloqa qilgan ayollarga nisbatan uning barcha majburiyatlarini yo‘q qilib yuborishni buyuradi.

 

HAMMANI LAQILLATDI

So‘ng Xammer “Oksidental petroleum” ishlarini boshqarish bo‘yicha o‘zining ehtimol tutilgan vorisiga qo‘ng‘iroq qiladi va ular bilan so‘nggi ikki ma’shuqasi Marta Kaufman (Xilari Gibson) va Rozamariya Duratso kompaniyadan umrbodlik shartnoma olishi xususida kelishib olishga harakat qiladi.

Shunda Xammer o‘zining birinchi va yagona o‘g‘li Yulianni huzuriga chorlaydi. O‘g‘li bilan munosabatlari azaldan unchalik yaxshi emasdi. Bunga sabab, avvalo, u tug‘ilgan kundan boshlab va keyin ham qariyb ellik yil davomida Xammer uni deyarli tan olmay kelardi, Olga uni boshqa birovdan tuqqan deb yurardi. Hattoki eng yangi tadqiqot usullari yordamida uning otaligi so‘zsiz isbotlangandan keyin ham elektronika bo‘yicha ajabtovur mutaxassis bo‘lib yetishgan o‘g‘liga nisbatan avvalgi munosabatini Xammer baribir o‘zgartirmadi.

Mana, endi o‘limi oldidan Xammer o‘g‘liga merosdan unga belgilangan ulushni otasining o‘limidan keyin jamg‘armadan emas, balki u bilan “Oksidental petroleum” tuzgan umrbodlik shartnoma bo‘yicha olajagini aytib qo‘yish uchun Yulianni huzuriga chorladi. O‘g‘li unga bunday shartnoma tuzishga avval ham bir urinish bo‘lganini, biroq kompaniyaning huquqshunoslik bo‘limi bunga qattiq qarshilik qilganini eslatdi. “Bu galgi urinishdan ham hech qanday foyda yo‘q, — dedi otasiga Yulian, — men ikki qo‘limni burnimga tiqib qolaveraman”. “Unda qorangni ko‘rmay,” — dedi ota. Shu bilan, Yulian qorasini o‘chirdi ham. Yulianning bolalari, o‘zining nabiralari Mixael va uning singilchasi Keysi bilan Xammer o‘limi oldidan quvnoq gaplashdi. Ularga bir milliondan qoldirishga va’da berdi.

Ertasiga u o‘ldi. Uning vasiyatini o‘qib eshittirilganida ma’lum bo‘ldiki, Xammer hech kimga hech narsa qoldirmabdi. Hayotligida besh qo‘lini baravar og‘ziga tiqib sarfu xarajat qilgan narsalarning deyarli hammasi kompaniya mulki bo‘lib chiqdi. Garchi oz bo‘lmasa-da, uning o‘z pullari — qirq million dollar qarzlarni uzish hisob-kitoblariga ham bazo‘r yetar edi. Xammerning o‘g‘li Yulian otasini dafn etishga kelmadi. Hech kim tanimaydigan qora libosdagi o‘ttiz yashar juvon motam marosimi chog‘ida hammadan alohida bir burchakda turardi. Bu Xammer yuz o‘girgan qizi Viktoriya edi, qizgina haqiqiy otasini uning o‘limidan sal oldin bilishga muvaffaq bo‘lgandi.

Dafn kuni ertalabdan Xammerning uyiga “Oksidental petroleum”ning yangi rahbariyati topshirig‘i bo‘yicha Xammer ofisdan olib chiqib ketgan moliyaviy hujjatlarni olgani qo‘riqchilar guruhi yetib kelgandi. Biroq u yerda ularni Xammerning sobiq xotini merosxo‘ri (qiz-jiyani) manfaatini himoya qiluvchi advokatlar kutib oldi. Ular, hujjatlarni bermaymiz, deyishdi. Yuzaga kelgan mojaroni yetib kelgan politsiyachi xodimlari bazo‘r bir yoqlik qilishdi. Hujjatlarni xonalardan biriga joylab qo‘yishdi. Uyni muhrlashdi. Sud qarorigacha.

Bu orada vrachlar Xammerning o‘limoldi ko‘rsatmasi bo‘yicha uning o‘limi sababi haqidagi rasmiy xulosani qayta yozish bilan ovora edilar. Undan bemorning saraton bilan og‘riganligi haqidagi barcha gaplar o‘chirib tashlanmoqda edi. Saratonga qarshi kurashuvchi maxsus prezidentlik hay’ati va qator boshqa tashkilotlar raisi o‘laroq Xammer odamlarning u aynan shu kasallikdan o‘lganini bilishini istamasdi.

Qalbakilik va kazzoblik hatto uning o‘limidan keyin ham davom etgan edi.

 

UChChIGA ChIQQAN IShRATPARAST

1953 yilda ishlari yurishib ketgan biznesmen sifatida Xammer dam olgani o‘z yaxtasida (allaqachon sovib bo‘lgan xotinisiz) Florida qirg‘oqlariga yo‘l oldi. U yerdagi bir qahvaxonada u qizi tengi keladigan Betti Jin Merfi degan qizni uchratib qoladi. O‘zining boyligi va zarurat tug‘ilganda Xammer to‘kis namoyish etadigan bemisl jozibadorlik ila qizni o‘ziga mahliyo qilib, u bilan Kubaga to‘y sayohatiga o‘xshagan bir nima uyushtirdi. Qonuniy xotini Nyu-Yorkda zudlik bilan kasalxonaga yotqizilgan bir vaqtda Anjela bilan o‘n yil burun asal oyini o‘tkazgan Gavananing o‘sha hashamdor xonasida o‘zining yangi ma’shuqasi bilan joylashib oldi.

Eng yirik “Tropikani” kazinosida Xammer xushtori Betti Jinni dunyoga dong‘i ketgan mafioz Meir Lanskiy bilan tanishtirdi. Stadionda ular Kuba diktatori Battista bilan lojada yonma-yon o‘tirishdi. Ular kirgan har qanday restoran va barlarda amerikalik millionerni yangi yosh hamroh qizi bilan kutib olgani, albatta, xo‘jayinlarning o‘zlari peshvoz chiqar edilar. Yurib ketayotib do‘kon peshtaxtalaridagi biron-bir narsa Betti Jinning e’tiborini o‘ziga tortdi demaguncha Xammer hech o‘ylab-netib o‘tirmay unga shartta olib berar edi. Yosh juvon he yo‘q-be yo‘q boshidan yomg‘irdek yog‘a boshlagan boyliklaru e’tiborlardan butunlay hangu mang bo‘lib qoldi. Biroq Xammer uni o‘zi bilan Nyu-Yorkka olib ketmoqchi ekanini aytganda juvon qat’iy rad etdi. Buning uchun avval xotini bilan ajrashishi va unga rasmiy tarzda uylanishi lozim edi.

Tadbirkor Xammer dedi: “Jonim bilan. Ajrashishga kelsak, bunga bir oz kutish kerak bo‘ladi, chunki buning uchun haligacha Nyu-York kasalxonasida to‘shakka mixlanib yotgan Anjelaning roziligini olmasa bo‘lmasdi. Nikoh to‘yiga esa — marhabo!” U yaxtasi kapitanini chaqirdi-da, nikoh marosimini o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rishini buyurdi. (Qonun bo‘yicha kema kapitani bortda fuqarolik holatining barcha hujjatlarini qayd etish huquqiga ega edi.) Itoatkor dengizchi yangi jazman qizni xo‘jayiniga ko‘z ochib-yumguncha nikohlab berdi-qo‘ydi. Nyu-Yorkda bir qator rasmiyatchiliklar tufayli Anjela bilan qo‘ydi-chiqdi jarayoni cho‘zilib ketganini bahona qilib, Xammer Bettiga kvartira olib berdi, musiqa, stenografiya va mashinka o‘qituvchilari yolladi. Ko‘p o‘tmay u qizni o‘ziga rasman kotiba qilib rasmiylashtirdi-da, o‘zining barcha tadbirkorlik safarlarida yonida olib yuradigan bo‘ldi.

“Yaxshi jamiyat”dagi uchrashuvlardan birida ko‘zbo‘yamachilik qilish lozim bo‘lib qoldi-yu, Xammer Betti Jinni taniqli senatorning qizi deb tanishtirib yubordi. Shu yerda u “qovun tushirib” qo‘ydi, chunki ertasiga barcha gazetalar o‘sha senatorning haqiqiy qizi o‘zini o‘ldirib qo‘ygani haqidagi xabarni e’lon qildi.

Bu orada Anjela bilan qo‘ydi-chiqdi ishlari davom etardi. Ishlar Xammer uchun, darhaqiqat, oson kechmayotgandi. U tahqir va xonavayron qilgan ayol Xammerdan u sovurgan millionlarni qaytarishini talab qilmoqda edi. O‘ziga ma’lum bo‘lgan qora ishlaringni fosh qilaman — chindan-da fosh qildi ham — deb do‘q urmoqda edi. Ayol uni ochiqdan-ochiq vijdonsiz, ablah, ko‘zbo‘yamachi, kazzob va o‘g‘ri deb haqorat qilmoqda edi. Xammer ham adi desa badi deb turaverdi. Qo‘riqchilariga ayolni ofisga qo‘ymanglar deb amr etdi, ayolning pul hisoblarini to‘xtatib qo‘ydi, haydovchisi va xizmatkorlarini maoshsiz qoldirdi. Sobiq erining qobiliyatiga qoyil qolgan Anjela uni “ruhiy urush olib borish ustasi” deb atadi. Ayolga qarshi qaratilgan, uni katta biznesga olib chiqqan bu urushga Xammer yangi ma’shuqasini ham olib kirdi. Betti Jin bilan birgalikda ular Anjelaning Nyu-Jersidagi fermasiga tungi hujum uyushtirdilar, u yerdan suratlar va qimmatbaho javohirlarni olib chiqib ketdilar. Betti Jinning endigina ortdirgan stenografchilik malakasidan Xammer sobiq xotinining uyiga o‘rnatishga o‘zi buyruq bergan zimdan tinglovchi uskuna tasmasidagi gaplarning ma’nosini chaqishda foydalandi. Xammer sobiq xotinining ish yuritish uslubi va soliq idorasini aldashdagi nayranglarini fosh qilishidan o‘lguday qo‘rqar edi.

Qo‘ydi-chiqdi urushi uch yil davom etdi. Uning tugashini kutaverib charchagan Betti Jin Xammerni tark etdi. Biroq u juvonni topib oldi, uni sevaman deb ishontirdi, sendan bola ko‘rmoqchiman, xotinim bilan ajrashishim hamon albatta senga uylanib olaman, dedi. Oxiri juvon qaytdi, ammo ayni vaqtda xuddi shunday va’dali so‘zlarni Xammer boshqa bir ayolga aytib turganidan tamom bexabar edi. Bitta farqi shunda ediki, uni tug‘ishga undamayotgandi, chunki haligi yangi xonimning yoshi ellikdan o‘tib qolgandi. Buning ustiga xushro‘y ham emasdi, biroq Betti Jindan farqli o‘laroq, Frensis Bargett Tolmanning millionlari va Los-Anjeles kinoyulduzlari mahallasida dang‘illama hovlisi bor edi.

Betti Jinning qornida to‘rt oylik homilasi bor edi, holbuki u Xammerning yagona va abadiy muhabbati bo‘lsa-da, unga bog‘liq bo‘lmagan holatlar taqozosi bilan, afsuski, boshqa ayolga uylanishga majbur bo‘lib turganini juvonga bildirib qo‘ydi. Shu bois uning undovi bilan Betti Jin tez orada tug‘ishi kerak bo‘lgan bola Xammer ismi sharifini ololmaydi.

Hang-mang bo‘lib qolgan ayol gapirishga og‘iz ochib ulgurmayoq Xammer uning nimalarni his qilayotganini juda yaxshi tushunib turgani va shu bois bu haqda oldindan hammasini o‘ylab va tashkil etib qo‘yganini aytdi. U ayolni unga deb sotib olib qo‘ygan uyga — Mexikoga olib ketadi. U yerda farzand ko‘radi, ismini o‘zgartirib, u unga bir umr to‘lab turadigan pullarga yegani oldida, yemagani orqasida dorilomon umrguzaronlik qiladi. Bitta shart bilan — bolaning otasi kim ekani haqida va ularning aloqalari haqida hech qachon va hech kimga churq etib og‘iz ochmaydi. Aks holda pul mablag‘i o‘sha zahoti bekor qilinadi. Bolaning rasmiy otasi bo‘lishi kerakligiga kelganda buni ham Xammer oldindan o‘ylab-jo‘ylab qo‘ygan — Betti Jin soxta nikohdan o‘tib oladi.

O‘sha kuniyoq Betti Jinning barcha yuklari mashinaga ortilib, Mexikodagi yangi uyga jo‘natib yuborildi. Yosh juvonning o‘zi esa Xammerning advokati bilan birga millionerning shaxsiy samolyotida El Pasoga uchib ketdi. U yerda uni pulga yollangan soxta er va bo‘lajak farzandning “otasi” allaqachon kutib turardi. Bu odam qandaydir ahmoqlikka yo‘l qo‘yib qo‘ymasligi uchun u bilan avval Betti Jin ikkalasining ajrashishi haqidagi shartnoma imzolanib oldi va shundan keyingina nikohdan o‘tildi. Ertasiga Xammernikida to‘y bo‘lib o‘tdi, shundan so‘ng u parti ketib, sharti qolgan kelinposhsha bilan Venetsiya-Parij-London chizig‘i bo‘ylab nikoh sayohatiga yo‘l oldi. 1956 yil 15 mayda Betti Jin do‘mboqqina qizaloq tug‘ib berdi, unga Xammerning pul qistovi ostida buvisining sharafiga Viktoriya deb ism qo‘yishdi.

Nikoh sayohatidan qaytgach, ellik sakkiz yashar Xammer yangi xotinining puliga o‘zining moliyaviy ishlarini o‘nglab oldi, chunki Anjela bilan janjalli qo‘ydi-chiqdidan keyin bu ishlari mutlaqo boshi berk ko‘chaga kirib qolgandi. Boz ustiga, u yana inqiroz yoqasida turgan ixchamgina “Oksidental petroleum korporeyshn” neft kompaniyasini sotib olishga muvaffaq bo‘lgandi. Oradan besh yil ham o‘tmay Xammerning sa’y-harakatlari bilan shu kompaniya aktsiyalari keskin ko‘tarilib ketdi. Oxiri u “OKSI”ni AQShning eng yirik monopo­liyalari silsilasida naq o‘n to‘rtinchi o‘ringa olib chiqib qo‘ydi.

Dollarga limmo-lim chemodanini ko‘tarib jahongashtalik qilib yurar ekan, Xammer kerakli odamlarga poralar berar edi, u bilan bo‘lgan va unga ishlagan odamlarga ham haqni yaxshigina to‘lar edi. Ammo asosiysi, u shunday haq to‘lashga arziydigan aqlli, iste’dodli va g‘ayratchan odamlarni topa olar edi. Natijada undan hatto AQShning sobiq vitse-prezidentining otasi senator Albert Gor ham pul olgan. Liviyada katta neft konlari ochilgani haqida xabar topib, Xammerning mashhur “Etti opa-singil” konsortsiumidek qudratli raqib bilan raqobatli kurashga bel bog‘laydi. Raqobatda u yutib ham chiqadi. Bunga ham yaxshigina haq evaziga kerakli odamni topgani uchun erishadi. Bu o‘sha vaqtda Liviyadagi eng boobro‘ odam, qirolning yaqin do‘sti Omar Shelxiy edi.

Unga yaqinlashuv uchun Xammer to‘rt yil sarfladi. Buning uchun avval Dyusseldorfdagi rus restorani xo‘jayini ozarbayjonlik Kemal Zaynalzodani sotib oldi. U o‘z vaqtida London iqtisodiyot maktabida o‘qigan, keyin esa Bi-bi-sida tarjimon bo‘lib ishlagan, bu yerda Shelxiyning akasi bilan tanishib qolgan edi. Ikra va shampanli kechki ovqatlar vaqtidagi bir yildan ko‘proq davom etgan muzokaralardan so‘ng uka asta-sekin amerikalikni akasiga olib chiqdi. Unga Xammer shu zahoti birvarakayiga naqd pul bilan sakkiz million dollarni tutqazdi. Ustiga-ustak, Liviya neftini qayta ishlashga kontsessiya olgan taqdirda qirolning erkatoyiga bundan olinadigan foydadan uch foizni muntazam “haydab turish”ga qattiq va’da berdi. Shundan keyin neftning noyob koniga ega bo‘lish uchun kurashgan o‘n to‘rt eng yirik kompaniyalardan Liviya hukumati “Oksidental petroleum”ni tanladi.

 

OLTIN QOIDA

Barchasi Arnold Xammer hayoti bosh tamoyiliga muvofiq sodir bo‘ldi. Bu haqda u har kuni o‘ziga eslatib turar edi. Los-Anjelesdagi uyida har kuni tongda uyqudan ko‘z ochar ekan, eng avvalo nigohi devordagi “Oltin qoida: tillasi bor odam qoida joriy etadi” degan yozuvi bo‘lgan lavhachaga tushar edi. AQSh Federal qidiruvlar byurosi uning Rossiyaga qilgan dastlabki sayohati vaqtidan buyon boshlangan ta’qibi qog‘ozlarida Markaziy Qidiruv Boshqarmasi direktor o‘rinbosari Uilyam Sallivenning: “Agar bu unga foyda keltiradigan bo‘lsa, u hatto iblis bilan ham bitim tuzishga tayyor,” — degan so‘zlari paydo bo‘ldi. Liviya nefti uchun kurashda “Etti opa-singil” va barcha boshqa raqobatchilar ustidan qozongan g‘alaba nash’asi bir po‘pisachining Xammerga yozgan xati tufayli tatimay ham ketdi. Konvert ichida uning Betti Jin va qizlari bilan tushgan fotosurat bo‘lib, ular munosabatlarining shak-shubhasizligini yuz foiz tasdiqlab turardi. Ertasiga xat yuboruvchi Xammerga telefon qildi. U yigirma besh ming dollar berishni talab qilardi. Aks holda suratlarni uning xotini Frensisga havola etishini va unga Xammer haqida xotinining muhabbatiyu pullaridan muqarrar mahrum etishga sabab bo‘luvchi bor sirni fosh qilishini aytib, do‘q qildi.

Obro‘sini bir pul qiluvchi fotosuratni po‘pisachi faqat Betti Jindan olishi mumkinligini darhol fahmlagan Xammer o‘sha zahoti xotini huzuriga uchdi. Juvon ko‘z yoshi qildi va bu do‘q-po‘pisa, shubhasiz, Reymond Xauerton ishi bo‘lishi kerakligini aytdi. U bir muncha muddat Xammer tashlab ketgan dilgir xotinning ko‘nglini ko‘tarib yurdi, keyin esa qimmatbaho taqinchoqlariyu fotosuratini olib, ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi. “Yig‘lama, qarog‘im, — xotinini tinchlantirdi Xammer, — bu ishni biryoqlik qilishga Dadavoyning bemalol dasti yetadi…” U po‘pisachining ismini qo‘riqchilariga aytib qo‘ydi va bir necha kundan keyin Betti Jinga samolyot yubordi va uni Xyustonga olib borib qo‘ydi. U yerda Betti Xauertonni tanib olishi va uni qora ko‘zoynak taqqan ikki barzangi yigitga ko‘rsatib qo‘yishi kerak edi.

Shundan bir necha kun o‘tgach, Betti Jin kutilmaganda Xammerning elchisidan sobiq xushtori o‘g‘irlab ketgan qimmatbaho taqinchoqlarini oldi. Haligi qora ko‘zoynakli odamlar Raymondni nima qilishdi, degan savolga Xammer mafiachilar ichida yuradigan latifalarga xos tarzda javob berdi: “Uch oshna baliq oviga jo‘nabdi. U yoqdan esa ikkitasi qaytib kelibdi…” Betti Jinning jon-poni chiqib ketdi. Biroq keyin bilsaki, omadsiz po‘pisachining joni omon qolibdi. Biroq Xammerning haligi qora ko‘zoynakli odamlari po‘pisachi bilan shunaqangi jiddiy muomala qilishibdiki, sho‘rlik allaqanday borsa-kelmas yoqlarga gumdon bo‘libdi va umrining oxirigacha bu yoqlarda qorasini ko‘rsatmabdi. Shunday bo‘lishi ham kerak edi, deb ta’kidlab qo‘ydi Xammer.

Bisotida “Oksidental petroleum”ning arzimagan qismi bo‘lgani holda Xammer ishni shunday o‘rinlatib qo‘ygan ediki, go‘yo u kompaniyaning barcha mablag‘larini o‘z ixtiyoricha tasarruf etayotganday. Xalqaro biznes axloqlari bilimdonlarining bir ovozdan aytishlariga qaraganda, o‘zining “ko‘k”larga to‘la mashhur qora diplomatini ko‘tarib, dunyo bo‘ylab kezar ekan, jahonda hech bir kishi Xammerchalik kerakli odamlarga naqd pul bilan ko‘p pora bermagan ekan.

Etmishinchi-saksoninchi yillarda u Sovet Ittifoqiga ham tez-tez kelib turgan. U yerda uni har doim sovet xalqining “katta” do‘sti va tinchlik uchun tolmas kurashchi sifatida kutib olar edilar. Gazetalar muttasil uning samimiyligi va beg‘arazligi haqida yozar edilar. Armanistondagi zilziladan va Chernobildagi falokatdan zarar ko‘rgan odamlarga hadya etilgan medikamentlar bo‘lsin yoki qishloq xo‘jaligi uchun ammiak va o‘g‘it ishlab chiqaruvchi zavod qurilishlari bo‘lsin — bular barchasi ahli olamga ayon gaplar edi. AQShga olib ketiladigan ammiakni ishlab chiqaruvchi zavodlarning SSSRda qurilishiga sabab — zararligi tufayli ularni Amerikada qurish taqiqlangan ekanini juda kam odam bilar edi. SSSRda amerikaliklar bilan birgalikda sun’iy o‘g‘itlar zavodlari qurish Amerika tomonga ko‘proq foydali ekanini ham barcha bilavermas edi.

Kreml saroyi bo‘sag‘asida Armand Xammerning xotini Frensis qoqilib tushdi va oyog‘i chiqib, og‘riqdan voy-voylagancha yerga yiqildi. Eri hatto to‘xtamadi ham. U xotinini yerda yotgan holicha tashlab, zinadan yuqoriga ko‘tarilib ketaverdi. U yerda taklif etilganlarni KPSS MQ ning Bosh kotibi Mixail Sergeevich Gorbachev qarshi olmoqda edi. Buni ko‘rganlarning barchasi dong qotib qoldi. Mehribonlar mehriboni mister Xammer — uni rasmiy sovet matbuotida aynan shunday ta’rif etar edilar — “tinchlik uchun tolmas kurashchi” nahotki shunday shafqatsizlarcha munosabatda bo‘lsa? Hayotligi chog‘ida Xammerni butun umri davomida atrofdagilar bilan shunday yoki bundan ham badtarroq munosabatda bo‘lib kelganini juda kam odam bilar edi. Shunday bo‘lsa-da, ochig‘ini aytish kerak, shu qadar aqlli, g‘ayratli va ustomon-tadbirkor ediki, uni Ko‘hna va Yangi Dunyoning eng a’lo koshonalarida qabul qilar, kutib olar edilar.

Xammer ertalabki, tushki va kechki ovqatlarini qirollar va prezident­lar, BMT va KPSS MQ ning Bosh kotiblari, arab shayxlari, bankirlar va Gollivud yulduzlari bilan birga o‘tirib baham ko‘rar edi. U boshchilik qilgan “Oksidental petroleum” neft kompaniyasi AQShning eng yirik yigirma firmasi sirasidan o‘rin olgandi. Xammerning o‘zi gullab-yashnayotgan milliarder va bemisl valine’mat hisoblanardi. U har doim siyosiy ziddiyat­larning “qaynoq qozonlari”da, musibatda qolgan va tabiiy ofat ro‘y bergan joylarda paydo bo‘lardi. Tinchlikni barqarorlashtirish uchun siyosatchilar orasida vositachilik qilish va musibatzada oddiy odamlarga yordam ko‘rsatish ishlarini taklif etar edi. Xammer sovet kishilarining katta do‘sti sanalardi. Hali-zamon unga Sovet Ittifoqi Qahramoni unvoniyu tinchlik uchun Nobel mukofoti topshiriladi degan so‘zlar odamlar og‘zidan deyarli tushmay qolgandi.

Qahramonning Oltin Yulduziga kelganda, bu haqdagi gaplar, nafsilamrini aytganda, hazildan boshqa narsa emasdi. Biroq Nobel mukofoti sovrindorligi toji ketidan quvishni yoshi bir joyga yetib qolganida Xammer rosmanasiga uyushtirgandi. Bu sovrindorlikka uning nomzodini qo‘yish uchun u bir necha yil AQSh prezidenti Karter va Britaniya taxtining merosxo‘ri Charlz va xotini Diana atrofida ozmuncha girdikapalak bo‘lmadi. Ular rahbarlik qilayotgan mehr-muruvvat jamg‘armalariga pullarni ayamay sovurar edi va bu jonkuyarliklari bilan ularga shu qadar yoqib qolgan ediki, shahzoda Uelskiy o‘g‘il ko‘rganda Xammer sal bo‘lmasa chaqaloqning cho‘qingan otasi bo‘layozdi. Biroq Nobel mukofoti bilan bog‘liq ish yarmida qolib ketdi. Karter ham, shahzoda Charlz ham Xammerning nomzodini ilgari surishdan bosh tortdi. Jur’at qilisholmadi. O‘z obro‘lariga putur yetkazishdan xavotirlanishdi. Chunki Xammer o‘lib-tirilib o‘zining favqulodda iste’dodli biznesmen va beg‘araz valine’mat ekanligini amalda isbotlagandek qilib ko‘rsatganiga qaramay, orqavorotdan har doim uning aslida butunlay boshqacha odam ekanligi haqida mish-mishlar yurar edi.

O‘lganlar haqida faqat yaxshi narsalarni gapirish yoki hech narsa demaslik kerak degan gap bor. Xammer haqida so‘zlamasa bo‘lmaydi — u haddan tashqari taniqli shaxs edi. U haqda faqat yaxshi gapirish noinsoflik bo‘lar edi. Xammerning o‘limidan keyin, uning o‘z shaxsiyatini yaratish va saqlab turish bo‘yicha qilgan ulkan sa’y-harakatlari to‘xtashi hamon shaxsiyati nurab tushdi va barcha tirqishlardan yomon xulq-atvorlari sizib chiqa boshladi. Ayniqsa Amerikada yaqinda “Dose. Armand Xammerning sirli tarixi” kitobi chop etilgandan keyin. Uning muallifi Edvard Epstayn Xammerning “Mening XX asrim” kitobida o‘zi hikoya qilgan huzurbaxsh sarguzashtni qattiq tanqid ostiga olgan.

Xammer bilan birga ishlagan, Xammer unga o‘z kitobini yozishda yordam berishini so‘ragan ingliz Neyl Lindon “ Sandi Tayms” gazetasida bunday deb hikoya qilgan: “Xammerni yaqindan bilgan bizlar hammamiz o‘zining shahvoniy shilqimliklari bilan yosh juvonlarni nechog‘li jonlaridan to‘ydirib yuborganini ko‘rganmiz, bunday xushomadgo‘yliklar muvaffaqiyatli yakunlangan hollarda ularning xizmatlari unga tegishli bo‘lmagan firma pullari bilan taqdirlanardi. Biz uning nikohsiz tug‘ilgan bolalarini, ko‘plab million pullarini qoqishtirib olgan xotinini qanday aldaganlarini bilar edik. Eng asosiysi, biz uning u xayoliga kelgan har qanday narsani qila olishiga qattiq ishonishini va har doim suvdan quruq chiqishini ko‘rganmiz… Hayot uning bu ishonchini oqlaganini ko‘rganmiz. Biz uning qo‘lidan har qanday yomonlik, hatto qotillik qilish kelishini bilardik… Uning odam o‘ldirishiga ko‘pda shubha qilmasdik…”

Xammerning bilib turib qotillik sodir etganini tasdiqlovchi hujjatlar yo‘q. Edvard Epstaynning odessalik yahudiy muhojiri Yulius Xammer va o‘g‘li Armandning dorilamon yashashi Amerika va G‘arbiy Yevropadagi sovet josuslari tarmog‘ini boqish uchun ajratilgan bolsheviklar pulini o‘marish hisobiga ekanligini isbotlaydigan jo‘yali isbot ham yo‘q.

Bo‘lajak millioner o‘z xizmat pog‘onalarining eng boshida bilmay turib qotillik qilgan edi. Kasbi korlari medik va farmatsevt bo‘lgan ota-bola Xammer yigirmanchi yillar boshida xufiya bola oldirish ishi bilan shug‘ullangan. Ularga qarashli bir xotin o‘lib qolgan edi. Shunda o‘g‘lining endigina boshlangan hayotini sindirmaslik uchun ota aybni o‘z bo‘yniga olib, o‘tirib chiqqandi. Armandga esa Lenin va Trotskiyni bilgan va butun dunyoda kommunizm g‘alabasiga ishongan Yulius Xammer pul ishlagani Sovet Rossiyasiga borishni maslahat berdi. U yerda o‘zining Odessada kechgan bolaligi vaqtidan buyon ajabtovur rus tilida gapirishni saqlab qolgan yosh Armand foydali tanish-bilish ortdirish borasida ajoyib uquvga ega bo‘ldi, keyinchalik birga o‘n qilib olish uchun kerak odamga durustgina qarz-qavolalar berishda hotamtoylikni do‘ndira boshladi.

 

LENINDAN O‘RTOQ XAMMERGA

Xammer revolyutsiyadan keyin Rossiyaga dori-darmonlar olib keldi va Uraldagi och qolgan odamlarga amerika oziq-ovqatlari yetkazib berishni tashkil etdi. So‘ng bolsheviklarga G‘arbning iqtisodiy qamalini yorib chiqishda ko‘maklashdi. U amerika mablag‘ining bolsheviklar Rossiyasiga kelishi uchun hamkorlik ko‘rsatdi. Eng avvalo Moskvada Ford avtomobil zavodi barpo etdi. Nemislar eng yirik metallurgiya korxonalarini qurishni boshlab yubordilar. Bular barchasi keng jamoatchilikka ma’lum edi. Eng avvalo Xammerning o‘z hikoyalaridan ma’lum edi. Uning Lenin bilan uchrashuvi tarixi ham ma’lum bo‘lgani kabi — Lenin amerikalikka o‘zining do‘stona yozuvi bo‘lgan fotosuratini taqdim etgan edi. Bu ham mayli-ya, Sovet Rossiyasining barcha mansabdor shaxslariga “Xammerga har qanday yordam va hamkorlik ko‘rsatish” buyurilgan rasmiy qog‘oz ham bergandi. Ammo buning uchun Xammer qanchalik ko‘p narsa olganini juda kam odam biladi.

Rossiyaning yangi xo‘jayinlarida o‘sha vaqtlarda pul yo‘q edi. Shu bois Xammer narsa bilan — mo‘yna, ikra, qimmatbaho javohirot bilan olar edi. Eng asosiysi, bolsheviklar “burjuylar ashqol-dashqoli” deb hisoblagan antikvariat va san’at asarlari bo‘lar edi ular.

Yigirmanchi yillardagi qashshoq, och, yalang‘och Moskvada Xammer o‘zi xon, ko‘lankasi maydon qabilida yashardi. Leninning ko‘rsatmasi bilan unga Sadovo-Samotechnaya ko‘chasida o‘ttiz xonali turar-joy binosi ajratib berildi. Armand ukasi Viktor bilan uni o‘ziga xos amerika savdosi va san’ati uyiga aylantirib olgandi. U paytda Moskvada AQShning rasmiy elchixonasi yo‘q edi va aytuvli mehmonlar chaqirilgan ziyofatlarda Xammernikida Moskvaning boobro‘ odamlari va taniqli chet ellik mehmonlar bo‘lar edilar. Qochib ketgan zodagonlarning qaznoqlaridan keltirilgan pivolarni ichib, uvuldiriqlarni qoshiqlab yer edilar. Yaltadan Arman o‘ziga sohibjamol xotinni, o‘zini oq general fon Rutning qizi deb atagan qo‘shiqchi Olga Vadinani olib kelib olgandi. Juvon lo‘lilar qo‘shiqlari bilan mehmonlarning dilini xushlar edi.

Vaqti bilan Xammer o‘ttiz sakkiz amerika firmasining Moskvadagi vakili bo‘lib qoldi. Uning Sadovo-Samotechnaya ko‘chasidagi uyi rosmanasiga san’at muzeyiga aylandi, unda Rossiya, Frantsiya, Italiya, Germaniyaning yetuk musavvirlari asarlari, hashamdor kuznetsov chinnisi, shoh mebeli va idish-tovoqlar, Faberje ishlagan noyob pasxa tuxumlari bor edi.

Petrograddagi Qishki saroydan “eskirgan” buyumlarni yuk mashinasida olib chiqib ketar ekan, Xammer gilam poyandozlarni ham olib olgandi. Ulardan u keyin kafshchalar tikib, ajabtovurgina pul ishlagandi. G‘arbda, ayniqsa, AQShda rus shohlari saroyidan yumshoq poyafzal olishni xohlovchilar ko‘plab topila qolgandi.

Lenin o‘limidan keyin Armand Xammer asta-sekin Sovet Rossiyasining asosiy tashqi savdochisiga aylangan Anastas Mikoyan bilan doimiy munosabatda bo‘ldi. Bolsheviklar rahbariyatining boshqa oliy amaldorlari bilan birga u (Anastas Mikoyan) Sadovoye halqa yo‘lidagi tuz-namak uyga jon-jon deb borar va yangi Rossiyaning G‘arb bilan iqtisodiy aloqalarini rivojlantirishda Xammerning g‘arazdan xoli bo‘lmagan hamkorligidan foydalanar edi.

Moskvada pul ishlashda yosh Xammerga qamoq muddatini o‘tab chiqqan ota Yulius ham kelib qo‘shildi, bu hamkorlik 1930 yilgacha davom etdi. O‘shanda Xammer u yerda faqat vositachilik bilan shug‘ullanmas edi, balki asbest ishlab chiqarish va ulkan qalam fabrikasi barpo etishni tashkillashtirdi, fabrika moli butun dunyo bo‘ylab sotilardi. Biroq bu orada Rossiyada YaIS (Yangi Iqtisodiy Siyosat — NEP) nihoyasiga yetdi, butunlay boshqacha siyosat yurgizadigan yangi rahbariyat hukmronlik qila boshladi. Endi Kremlga taklif qilishlar qolib ketdi. Mikoyan mehmondorchilikka kelmay qo‘ydi. Xammer ham issig‘ida asta Moskvadan juftakni rostlab qolgani ma’qulligini his etdi. Hozir ayni vaqti. Hozircha unga hech kim tikilganicha yo‘q. Har bir lahzada xalq dushmani, zararkunanda va amerika josusi deb e’lon qilib qolishlari mumkin.

 

KNYaZ QATNAShGAN SIRK

Shunday qilib, Xammer ketdi. Vaqtida ketdi. Unga Moskvada topgan-tutganlarini bemalol olib chiqib ketishlariga ruxsat berishdi. Hammasi bir nechta vagon bo‘ldi. Buyumlar u Nyu-Yorkda ochgan badiiy galereyasi tokchalaridan va devorlaridan o‘rin oldi. U bu galereyasini jo‘ngina “Ermitaj” deb atab qo‘ya qoldi.

Nyu-York “Ermitaj”i rasman ochilgan edi. Xammer endi muqim Amerikada istiqomat qilardi. Endilikda Sovet Ittifoqiga aylangan Rossiyadan keltirilgan antikvariat va san’at asarlari bo‘lgan konteynerlar esa Xammer nomiga hamon kelib turardi. Hujjatlar bo‘yicha bular barchasi uning shaxsiy to‘plamasidan Rossiyada qolgan qismi sifatida o‘tar edi. Aslida esa kitob muallifi Epstayn endilikda aniqlanganidek, Xammer orqali AQShga sovet hukumati norasmiy tarzda sotgan o‘sha “burjuylar ashqol-dashqoli” edi. Bolsheviklarga valyuta suv bilan havodek zarur edi. Bu valyutani Xammer jon-jon deb “ishlab berayotgandi”. Nyu-York to‘plamachilarining “qorni to‘ygach”, Xammer o‘z “tsirk”ini — gazetalarda uning karvonini shunday atar edilar — AQShning o‘ttiz olti shahri bo‘ylab ko‘chirib olib yurdi. Sotiladigan badiiy asarlar, antikvariat va “saroy” mebellarini targ‘ib qilish va narxini oshirish uchun u o‘z “tsirk”iga haqiqiy rus knyazi — muhojirni yollab olgandi.

Amerika viloyatlarida asl nusxadagi asarlar bilan bir qatorda qalbaki asarlar ham jadal sotilmoqda edi. Ularni vaqti bilan endi Amerikaning o‘zida tayyorlay boshlagan edilar. Ularning sertifikatsiyasi uchun Xammer Moskvadan maxsus muhrlarni olgan edi. Jumladan, o‘zining noyob buyumlarini rusumlashtirish uchun mashhur Faberje foydalangan muhrga o‘xshab.

Savdo avjida edi, ammo ishlov berilmagan rus olmoslarini ham o‘z ichiga olgan pullarni Xammer sovet hukumatiga berishga majbur edi. Amerikada jiddiy bir ishni boshlash uchun uning o‘z “jonli” pullari yo‘q edi. U jonini jabborga berib shunday pullarni qidirardi. Topdi ham — navbatdagi uylanish yo‘li bilan topdi. Unga o‘g‘il tug‘ib bergan va hayotining Moskvadagi bosqichida g‘oyat muhim rol o‘ynagan rus qizi Olga Amerikaga qaytgandan keyin unga kerak bo‘lmay qolgandi. Juvonning qo‘shiqchilikdagi mahorati, lo‘li qo‘shiqlarini kuylash va raqs tushishdagi uquvlari, mehmonlar bilan araq ichishdagi odob-axloqi Moskvadagi Xammer uyida kerakli odamlarni o‘ziga tortishga xizmat qilgan bo‘lsa, Nyu-Yorkda millionerning g‘ashiga tegar edi. U intilgan katta biznesdagi odamlar jamiyatida unga endi boshqa hamroh ayol kerak edi. 1943 yilda shunday ayolni topdi ham. Aloqalari, eng asosiysi, pullari ko‘p ayol Anjela Zeveli AQSh prezidenti Ruzveltga yaqin taniqli oiladan edi. Ayolning aloqalari va pullari yordamida uning uchun ezgu hisoblangan katta biznes doirasiga kirib olib, Xammer o‘zining Moskvada orttirgan tajribasidan muvaffaqiyali ravishda istifoda eta boshladi. U mulk va hokimiyat egalari bilan aloqalar o‘rnatish, tanishish va ularni sotib olish yo‘li bilan o‘z raqobatchilaridan ilgarilab ketar edi. Ular millioner uchun bozorda boshqa ishbilarmonlar yetishmog‘i uchun haddan tashqari qulay sharoitlar tug‘dirib berar edilar.

Yangi tanishlar, jumladan, Ruzveltning o‘zi bilan tanishish, xotinining pullaridan hukmron partiya saylov jamg‘armasiga kiritgan bo‘naklar Xammerga chindan ham sulaymon xazinasi eshigini ochib berdi. Qariyb barcha amerika alkogol ishlab chiqaruvchilar armiya va harbiy sanoat ehtiyoji uchun texnik spirt ishlab chiqarishi shart bo‘lgan bir vaqtda Xammerga qaynatma ichimliklar, dastavval viski ishlab chiqarish va sotishga litsenziya berildi.

Foyda — 500 foiz.

Urush oxiriga kelib Xammerning yillik daromadi endi o‘n yetti million dollarni tashkil etdi. Uning o‘shanda mamlakatdagi eng yirik sobiq xususiy vinochilik kompaniyasining aylanmasi qirq millionga yetdi. Raqobatchilar sochini yular, norozilik bildirar, shikoyat qilar, sudga berar edilar. Xammer mutlaqo favqulodda sharoitlarga nohaq tarzda — sanoat bo‘yicha maxsus hukumat hay’atining sobiq a’zosi, prezidentning amakisi Frederiko Delano va uning savdo va imtiyozlar berish masalalarini boshqaruvchi kotibi Garri Gopkins orqali pora berganlikda ayblab, isbotlashga urinar edilar.

Pora berish dalili topilmagan sud bo‘ldi (o‘shandan buyon Xammerning suddan boshi chiqmay qolgandi). Xammer yutib chiqdi, bundan keyingi qariyb barcha sud jarayonlarida ham yutib chiqaverdi. Bunga shuning uchun muvaffaq bo‘lar ediki, u eng yaxshi advokatlarni yollar va yaxshi haq to‘lar edi. Anjelaga uylanishigacha va davlat litsenziyasi bo‘yicha viskini muvaffaqiyatli ishlab chiqargunigacha u allaqachon o‘shanda mafiya bilan bog‘lanib, alkogol biznesiga noqonuniy tarzda suqilib kirishga urinib ko‘rgandi. O‘shanda qonun unga yaxshigina pand bergan edi, ammo sudda chap berib, yana suvdan quruq chiqishga muvaffaq bo‘lgandi.

Ruschadan Amir Fayzulla va G‘olib Fayzulla tarjimasi.

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2005 yil, 12-son