«Hurriyat» gazetasi yurtimizda 1335 hijriy yilning 7 rajabidan, milodiy 1917 yilning 16 aprelidan siyosiy, adabiy, iqtisodiy, ilmiy gazeta sifati bilan Samarqandda haftasiga ikki martadan chiqa boshladi. Uning 1-sonida shunday qayd mavjud: «Hurriyat» g‘azetasiga ushbu muharrirlar muovanat (yordam.- B.D.) qilurlar: 1) mudarris Said Ahmad Vasliy, 2) Mahmudxo‘ja Behbudiy, 3) buxorolik mulla Abdurauf Fitrat, 4) Said Ahmadxo‘ja Siddiqiy».
Muallifdan:
O‘zbek tilida ilk gazeta chiqqanidan buyon, mana, bir asrdan ko‘proq vaqt o‘tdi. Shu davr mobaynida O‘zbekiston jurnalistikasi tarixidan mukammal darslik yaratilmadi. To‘g‘ri, 1927 yili Ziyo Said “O‘zbek matbuoti tarixiga materiallar” kitobini nashr ettirdi. 1976-1978 yillari professor T. Ernazarov va dotsent A. Akbarovlar rus tilida uch kitobdan iborat jurnalistikamiz tarixiga oid o‘quv qo‘llanmasi yaratishgandi. Hammaga tushunarli sabablarga ko‘ra bu kitob va qo‘llanma kommunistik mafkura tazyiqi ostida yuzaga kelgani uchun, ularda XX asr boshlarida barpo etilgan milliy matbuotimizga past baho berilgan, bolsheviklar matbuoti yuksaklarga ko‘tarilgandi. O‘zbekiston davlat mustaqilligiga erishgandan keyin professorlar B. Qosimov, N. Abduazizova, dotsentlar T. Pidayev, S. Ahmedov, H. Saidov va boshqa olimlar o‘zbek jurnalistikasi tarixi bo‘yicha qimmatli ishlarni amalga oshirishdi. Shunday bo‘lsa-da, soha xodimlari, talabalar to‘laqonli “O‘zbekiston jurnalistikasi tarixi”ga kuchli ehtiyoj sezib kelmoqdalar. Mana shu ehtiyojni hisobga olib, mazkur satrlar muallifi bu vazifani bajarishdek mas’uliyatli yumushni o‘z zimmasiga olishga jazm etdi. Pirovardida uch qismdan iborat jurnalistikamiz tarixi yozilishi mo‘ljallanmoqda. Birinchi qism 1870 yil – o‘zbek tilida ilk gazeta paydo bo‘lgandan bolsheviklar hokimiyat tepasiga kelgan payt – 1917 yil noyabrigacha bo‘lgan davrni, ikkinchi qismi esa 1917 yil noyabridan to O‘zbekiston davlat mustaqilligiga erishgunga qadar bo‘lgan yillarni, uchinchi qism esa mustaqillik davrini o‘z ichiga olishi rejalashtirilmoqda. Shukrki, birinchi qism nihoyasiga yetib qoldi. Shu bois mazkur darslikning bir qismini, ya’ni 1917-1918 yillari Samarqandda nashr etilgan “Hurriyat” gazetasiga bag‘ishlangan qismini Mustaqillik sharofati bilan dunyo yuzini ko‘rgan bugungi “Hurriyat”xonlar e’tiboriga havola etishdan baxtiyorman.
Bundan ko‘zlangan birinchi maqsad – amalga oshirilayotgan ishni mutaxassislar, gazetxonlar nazaridan o‘tkazish. Ikkinchi niyat – mazkur darslik yangi, ilmiy doiralarda jahon talablari asosida deb atash qabul qilingan usulda yaratilayotganini bildirishdir. Ilgari shunday ilmiy ishlarda odatda ma’lumotnoma xususiyati ustuvorlik qilardi. Yangi usul esa, asosiy e’tibor matnlarga qaratilishini taqozo etadi. Bu xususiyat darslikning birinchi qismida ko‘proq namoyon bo‘lgan. Sababi, avvalo, mazkur matnlarni talabalarning kutubxonalarimizdan topishlari mushkul, ikkinchidan, topganlari bilan, hammalari ham o‘qiy olish imkoniyatiga ega emas. Chunki ular arab Yozuvidadir. Buning ustiga, maxsus malakasi bo‘lmagan kishi bu matnlarni o‘qishda qiynaladi. Sharoit taqozosiga ko‘ra o‘sha yillar matbuoti tilida fors-arab istiloh va so‘zlari ko‘p ishlatilganidan tashqari, tatarcha, usmonli turkcha, ozarbayjoncha so‘zlar ham talaygina qo‘llanilgan. Ushbu so‘z va atamalarni tushunmagan o‘quvchi ularning ma’nosini anglayolmaydi, natijada xato o‘qiydi va xato tushunadi. Mana shu xususiyatlar ham e’tiborga olinmasligi mumkin emasdi.
Hurmatli gazetxonlar ushbu qism yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirishsa, muallif mamnuniyat bilan qabul qiladi.
«Hurriyat» gazetasi yurtimizda 1335 hijriy yilning 7 rajabidan, milodiy 1917 yilning 16 aprelidan siyosiy, adabiy, iqtisodiy, ilmiy gazeta sifati bilan Samarqandda haftasiga ikki martadan chiqa boshladi. Uning 1-sonida shunday qayd mavjud: «Hurriyat» g‘azetasiga ushbu muharrirlar muovanat (yordam.- B.D.) qilurlar: 1) mudarris Said Ahmad Vasliy, 2) Mahmudxo‘ja Behbudiy, 3) buxorolik mulla Abdurauf Fitrat, 4) Said Ahmadxo‘ja Siddiqiy». Darhaqiqat, mazkur zotlar publitsistik, adabiy-badiiy asarlari bilan «Hurriyat»ning muntazam suratda chiqishiga doimo yordamda bo‘lishdi. O‘z davrining taniqli publitsistlari bo‘lgan Said Rizo Alizoda, Hoji Muinlar ham unda faol ishtirok qildilar. Bulardan tashqari, Sadriddin Ayniy, G‘ozi Yunus, Mirmuhsin Shermuhamedov, Cho‘lpon, Mardonqul Shohmajidzoda kabilar ham yozib turishgan. Bular «Hurriyat»ning siyosiy-ijtimoiy qiyofasini belgilashgan. Atoqli siymo Mahmudxo‘ja Behbudiy va Said Rizo Alizodalarning 12 tadan, Hoji Muinning 21 ta asari «Hurriyat» sahifalarida e’lon qilingan. Abdurauf Fitratning esa, turli janrdagi 41 ta asari chop qilingan. Buning ustiga, u gazetaning 27-sonidan oxirgi 87- gacha, jami 52 ta soniga muharrir bo‘lgan. Aytish mumkinki, Fitratning publitsistik va muharrirlik faoliyatini yorqin aks ettiruvchi nashr ham «Hurriyat»dir. Gazetaning birinchi muharriri Akobir Shohmansur o‘g‘li bo‘lib, noshiri «Zarafshon» kutubxonasi shirkati edi. (Izoh: gazetaning 2- va 3-sonlaridagi sanalarda xato ketgan. 2-soni ko‘rsatilganidek 3 mayda emas, 20 aprelda, 3-soni 7 mayda emas, 24 aprelda chiqqan).
Akobir Shohmansur o‘g‘li gazetaning 8-sonigacha muharrirlik qilgan. Daf’atan, gazeta o‘quvchilariga u «bir pora (qism. – B.D.)» sabablarga ko‘ra, 9- sondan boshlab muharrirlikdan ketganini bildiradi. Noshirlik vazifasigina «Zarafshon» shirkati tomonidan o‘z mas’uliyatida qolganini ham qayd qilib o‘tgan. Gazetaning 9-sonidan 26- sonigacha Mardonqul Shohmuhammadzoda muharrir bo‘lgan. «Hurriyat»ning bundan keyingi rahbarligi, asosan, Fitrat zimmasiga tushgan. U zarurat yuzasidan biron yoqqa ketganida Hoji Muin muvaqqat muharrir bo‘lib turgan. Jami 9 songa uning muvaqqat muharrir sifatida tahririyatga boshchilik qilgani ma’lum. (27- va 34-sonlarida gazeta muharririning ismi sharifi yozilmagan).
O‘sha payt odatiga ko‘ra, gazetaning 1-sonida uning maslak va maqsadi muharrir yoxud tahrir hay’ati tomonidan bayon qilingan. Lekin «Hurriyat»da bu uchramaydi. Uning birinchi sonida «M. Sh.» imzosi bilan «Ta’mini istiqbol» sarlavhali maqola bosilgan bo‘lib, unda millatimizning kelajagini ta’minlash yuzasidan istiqbolda turgan muhim vazifalar haqida fikr yuritilgan. Jumladan, muallif maktab va maorifni isloh etishni jadallashtirish, jaholatdan qutulish, madaniyatni rivojlantirish va yuksak axloqiy sifatlarga erishish kabi dolzarb masalalarni tarixning o‘zi o‘rtaga tashlaganini bayon qilgan. Shu asnoda u yozadi: «Ang avval tavoturi afkor (fikrning tadrijiy o‘sishi.- B.D.) uchun xizmati lison hukmina gechan (til, so‘z vositasi bilan bo‘lgan. – B.D.) matbuot ila istifoda etmaq ichun bir matbaa vujuda ketirmaliyiz va u amala intinodan asosi qo‘yulmish «Zarafshon» kutubxonasig‘a ahamiyat verub aning shirkati vositasi ila shahar ichinda bir matbaa bo‘ldurmaq zarur vazifamizdur. Va mavsuf (tavsif etilgan.- B.D.) shirkat vositasi ila mustaqim (to‘g‘ri. – B.D.) maslakli bir axbori yavmiya (kundalik xabarlar. – B.D.) nashr etmalidur. Bu niyati ojizona ila bado‘ (boshlangan. – B.D.) «Hurriyat» g‘azetasi birinchi numerasini tavzeh ediyur (oshkor, ayon qilar. – B.D.)».
Shuni ham ta’kidlash lozimki, mazkur maqola muallifi so‘z orasida qandaydir bir ixtilof, o‘zaro kurashish to‘g‘risida eslatib o‘tadi. «Bukun husni tasodif ila, — deb yozadi u, — bir harakati hurriyaya molik o‘ldiq esa-da, yana durlu mone’lara va kuchliklara ma’riz qolmaqimiz bir amri badehiydur (o‘z-o‘zidan ayondir. – B.D.). Oramizda qisqa fikrli va ma’lumotlari mahdud qolmish, mustaqil bir maslak va maroma sabot va davomsiz zotlar-da o‘ksik o‘lmaz (kam emas.- B.D.). Bo‘yla mone’lar iylada (bilan. – B.D.) jiddan muborizaya girishmak (kurash harakatiga kirishmak. – B.D.) tabiiydur». Mana shu o‘zaro muboriza (kurashish. – B.D.) Samarqandda o‘sha paytda bir muncha kuchaygan bo‘lishi ehtimol. Negaki, Behbudiy hazratlari «Hurriyat»ning 19 may sonida «Muhtaram samarqandiylarg‘a xolisona arz», 16 iyun sonida esa, «Ittifoq kerak» sarlavhali murojaat ko‘rinishidagi maqolalarini behuda yozmagan. Fitratning ham «Hurriyat»dagi ilk maqolasi «Ittifoq etayluk» deya bejiz atalmagan (25 iyul soni).
Mahmudxo‘ja Behbudiy «Ittifoq kerak» sarlavhali maqolasida Samarqanddagi vaziyat haqida yozadi: «… oldimizda baladiya (shahar dumasi nazarda tutilgan. – B.D.) saylovi, majlisi muassison (uchradetelniy sobraniya) saylovi turubdur. Ammo butun Turkiston jaridalaridan bizning bir-birimiz ila ixtilofimiz sobitdur. Samarqandda shu balog‘a giriftor yoshlar ila qarilar, ya’ni katta ila kichiklar bir-birlari ila muxolif, yana yoshlarning o‘zi doxilan (ichdan. – B.D.) bir-birig‘a muxolif va hatto bir-birining ustidan ariza bermoq va donus (chaquv, chug‘allav. – B.D.) qilmoq ila mashg‘uldur. Maning o‘zumni ham ismsiz maktubda o‘lum ila qo‘rqutadurlar. Ammo man yigirma sanalardan beri yamon so‘zlarni xaloyiqdan ko‘b eshitdim va munday adabsiz maktublardan ko‘b ko‘rdum. Niyatimning xolisligi uchun munday so‘z va maktublar manga ta’sir qilmaydur». Kimning menga e’tirozi, fikri bo‘lsa, kelsin, gaplashaylik, deya Mahmudxo‘ja Behbudiy uchrashish manzillarini ko‘rsatib o‘tadi. Shundan so‘ng alohida ta’kidlaydi: «Takror aytamankim, mani qo‘rqutarman deb behuda zahmat chekilmasun, o‘shal ismsiz maktubni taklifig‘a muvofiq javobimizni, mana, g‘azetada yozduk va endi maktub egasining bizg‘a yuboraturgon o‘lumig‘a muntazirmiz. Har holda, o‘lim birdur, ikki emas».
Mazkur maqoladan ikki narsani anglash mumkin. Biri, Mahmudxo‘ja Behbudiyni qo‘rqitish, unga tazyiq ko‘rsatish orqali ijtimoiy-siyosiy, publitsistik faoliyatdan to‘xtatib qo‘ymoqchi bo‘lgan kimsalar mavjudligini, ikkinchisi, Samarqanddagi o‘sha paytda hukm surgan muayyan ijtimoiy-siyosiy vaziyat qay darajadaligini. Birinchi masala yuzasidan Behbudiy hazratlarining yozganlari kishini hayratga soladi. U ko‘z o‘ngimizda haqli suratda dadil, qo‘rqmas, eng muhimi, maslagidan qaytmas inson bo‘lib gavdalanadi.
«Sin. Ayn.» (Saidrizo Alizoda. – B.D.)ning «Vo shariato!!» sarlavhali maqolasida buni oydinlashtiruvchi satrlar mavjud (20 aprel soni). Uning yozishicha, shariat asosiga qurilgan davlatlarda qandaydir bir hovuch manfaatparast va riyosattalab, ya’ni amalparast shaxslar o‘z manfaatlariga mos kelmagan biron ish, qonun joriy bo‘lganda «Vo shariato!!» deb maydonga otilib o‘z atrofiga xaloyiqni yig‘adi.
Abdurauf Fitratning «Ittifoq etayluk» sarlavhali maqolasi esa, birmuncha umumlashma xarakterga, falsafiy xususiyatga ega. Unda ixtilof, o‘zaro nizo hukm surgan el-uluslar boshqalarga qaram bo‘lib, ezilib kelganiga tarix guvoh, «Ittihodsizliq va oyriliq balosig‘a uchrag‘on millatlar badbaxtliq va mazlumliqdan qutula olmamishlar, hatto o‘z qo‘llaridagi saodat va tinjliqni ham saqlayolmamishlar», degan mulohaza ilgari suriladi. Bu fikrlarda Turkistonning mustabidlik zanjiriga bog‘lanib qolishida o‘lkada hukm surgan ixtiloflar, o‘zaro nizo va urushlar, umuman ittihodsizlik (birlashmaslik) sabab bo‘ldi, degan alamli xulosa ham mavjud. «Biz turkistonlilardagi bu ittihodsizliqdan ko‘prak foyda ko‘rgan, kattaroq osig‘lang‘on (foydalangan.- B.D.) eski Rusiya hukumati edi», deya ta’kidlaydi u. Shu o‘rinda o‘quvchining hamiyatini, hissini qo‘zg‘atadigan gaplarni yozadi: «Ey Turkiston musulmonlari! Eski hukumatning jafolarini unutdingizmi? Eski hukumatning yo‘lsiz taaddilari (zulmlari. – B.D.) esingizdan chiqdimi? Eski hukumatning pristuflarindan, pulislarindan, guruduviylarindan so‘kish eshitmagan, yumruq (musht. – B.D.) yemagan necha kishi toparsiz? Eski hukumatning mahkama eshiklarinda ko‘z yoshlari to‘kub qaytmag‘onlaringiz kimlardir? Eski hukumat odamlari tarafindan qo‘zg‘olgan tunokundagi balvalarni (isyonlarni. – B.D.), qirg‘iz qirg‘inlarini (1917 yilning avgustida Yettisuv qozoqlarining o‘z yerlarini rus mujiklari va kazaklardan qaytarib olish uchun qilgan harakati tufayli o‘ldirilishi. – B.D.), Dizzax yong‘inlarini (1916 yili mardikorlikka olishga qarshi ko‘tarilgan Jizzax aholisining qo‘zg‘oloni uchun chor ma’murlari tarafidan berilgan jazo nazarda tutiladi. – B.D.) Alloh uchun ko‘z oldingizga ketursangiz bo‘lmasmi?!» Publitsist mana shunday ehtirosli gaplardan so‘ng millat farzandlarini birlashishga, ittihodga chaqiradi.
Bu maqolasi e’lon qilinganidan uch oylar o‘tib, Fitrat yana shu mavzuga qaytadi. Endi uning maqolasida «Naqadar tahqirlar va takfirlarga uchrasak, qancha so‘gushlar eshitib, tayoqlansak, yana «ittifoq etayluk» deb bag‘irmoqdan ulug‘roq bir vazifani tanimaymiz. «Ittifoq etayluk» degan muqaddas kalimadan boshqa bir so‘zga tilimiz bormaydir», degan iboralar uchraydi. Bular Mahmudxo‘ja Behbudiy maqolasidagi iboralarga o‘xshashdir. Anglash mumkinki, Fitrat ham Samarqandda Behbudiy va uning maslakdoshlari boshiga tushgan kulfatlarga duchor bo‘la boshlagan. Shunday bo‘lsa-da, johillarga achchiq qilib ona Vatanni, millatni ozod qilishdek buyuk maqsaddan chekinishni u noinsoniylik deb biladi. «Biz millatning xizmatchisi erurmiz, — deb yozadi. — O‘lkamizdagi butun musulmonlar: ulamosi, boyi, qashshog‘i, kosibi, eri, xotuni — hammasi bizning millatimizdir; borchasining saodati, e’tibori, tinjlig‘i va rohati uchun tirishamiz, hatto bu yo‘lda jonimizni ham fido etarga hozir turamiz».
Fitrat ushbu maqolasida ta’kidlaydi: Samarqand ahli orasida ittifoqsizlik davom etaversa, ta’sis majlisiga ushbu shahardan ikki partiyaviy ro‘yxat bo‘yicha saylanishi mo‘ljallanayotgan besh vakil o‘rniga bir nafari borishi mumkin. Xo‘jand, O‘ratepa, Jizzax, Kattaqo‘rg‘on shaharlari aholisi Samarqanddan saylanadigan vakillarga berishi mumkin bo‘lgan kvotalarini qaytib olib, o‘zlaridan vakillar saylashlari aniq. Mana, ixtilofning, ittifoqsiz-likning oqibati!
Abdurauf Fitrat o‘sha paytning eng muhim siyosiy voqeasi – umum Rusiya musulmonlarining 1917 yil may, iyul oyida bo‘lgan qurultoylari qarorlarini kuzatib borgan va ularga munosabat bildirgan. Jumladan, uning «Uch siyezdning bir qarori munosabati ila» sarlavhali maqolasi (gavzetaning 4 avgust soni) shunday xususiyatga ega.
Ma’lumki, Umum Rusiya musulmonlarining 1- siyezdi (qurul-toyi) 1917 yilning 1-10 may kunlari Moskvada bo‘lib o‘tgandi. Unda Turkistondan ham vakillar qatnashgandi. «Hurriyat» mazkur siyezd qanday o‘tganini yoritishga harakat qildi. Jumladan, gazetaning 1917 yil 26 va 30 may sonlarida Orenburgda chiqadigan «Vaqt» gazetasidan olib, «Umum Rusiya musulmonlarining siyezdi» sarlavhasi ostida qisqacha bir hisobotni berdi. Gazetaning 9 iyunda chiqqan sonida “Samarqand, 9 iyun” sarlavhali bosh maqola berilib, unda siyezd qabul qilgan qarorlar muxtasar tarzda keltirildi.
Abdurauf Fitrat maqolasida “e’timodi nafs” degan narsa bor, bu insonlarning o‘z kuchiga ishonmog‘ini anglatadi. Inson bir narsani qilish uchun harakat boshlasa va bu harakatining biron natija bilan tugashiga qattiq ishonsa, demak, unda e’timodi nafs bor, deydi. “Yo‘qliqlar orasinda qolg‘on biz musulmonlarg‘a shul e’timodi nafs sifati daxi yo‘qdir”, — deb yozadi kuyingan holda muallif. Ammo Qozonda bo‘lgan uch siyezdning bir qarorini bu jihatdan yuksak baholaydi: “Qulliqlar tangrimizgakim, Qozondagi uch musulmon siyezdining mushtarak majlisi shul yo‘ldan chiqdi, milliy zafarlarning ochiq yo‘li bo‘lg‘on “o‘z kuchiga ishonib yurmoq” yo‘linda kirdi va o‘tgan numerimizda yozilg‘on muhim qarorlarni berdi, mushtarak majlisning bu ishi olqishlarg‘a yarar bir boturliqdir. Biz o‘z tarafimizdan bu muhtaram majlisni qutlulaymiz va bu harakatining milliy ishlarimiz uchun o‘g‘urli (foydali.- B.D.) bir boshlang‘ich bo‘lishini tilaymiz”.
Publitsistning “tangriga qulluqlar bo‘lsin” deb shukronalik bilan yozishiga asosiy sabab – u va maslakdoshlarining intiqlik bilan kutishgani Turkiston muxtoriyatining ham tez orada qo‘lga kiritilishidan umidvorlik hissi bo‘lgan.
yilda aholini oziq-ovqat bilan ta’minlash eng muhim ijtimoiy masalalardan hisoblangan, chunki butun mamlakatda g‘alla taqchilligi sezilmoqda edi. Deyarli ko‘pchilik publitsistlar bu muammoni ijobiy hal qilish bo‘yicha maqolalar yozganlar. Jumladan, Fitratning ham maqolalaridan biri “Oziq mas’alasi” deb ataladi (gazetaning 15-soni). Unda yozilishicha, Samarqand shahar aholisiga oziq-ovqat obshestvolar (tashkilotlar) tomonidan taqsimlanib kelingan. Ayrim obshestvolar bu ishda xiyonatga yo‘l qo‘yayotgani uchun ba’zilar oziq-ovqatni mahallalarda tarqatish kerak, degan taklif bilan chiqishgan. Bu masalaga munosabat bildirarkan, Fitrat gap obshestvo yoki mahalla taqsimlashida emas, balki xiyonatga barham berishda, buning uchun kuchli nazorat o‘rnatish lozim, degan fikrni ilgari suradi. Mazkur maqolasida publitsist jamoatchilik e’tiborini masalaning mohiyatiga qarata olish iste’dodini ko‘rsatgan. Shunisi xarakterliki, u ijtimoiy burchga xiyonat qilishning ildizini aniqlamoqchi bo‘ladi: «Bizga qolsa, — deb yozadi u, — xiyonat qilmaq va ishni egriroq yuritmaq oldig‘imiz yomon tarbiyaning natijasi, elli(k)-oltmish yil o‘lkamizda yashag‘on istibdod yag‘ochining achchig‘ bir mevasidir».
Fitrat gazetaning bosh muharriri sifatida kundalik siyosiy voqealarga katta e’tibor berib borgan va zarur hollarda o‘zi bu mavzuda maqolalar yozgan. Jumladan, uning “Sulh uchun” (gazetaning 10 okyatbr coni), “Siyosiy hollar” (7 noyabr soni) sarlavhali maqolalari shu tariqa yuzaga kelgan. “Sulh uchun” maqolasida dunyo kishilarining oxiri ko‘rinmayotgan urush sulh bilan yakunlanarmikan, deya umid ko‘zi bilan davlatlar rahbarlariga tikilayotganini tasvirlaydi. Uning “Siyosiy hollar” sarlavhali maqolasi esa 1917 yil oktyabr oxiri, noyabr boshlaridagi Rossiyada hukm surgan siyosiy vaziyatni yoritishga bag‘ishlangan. Maqolani o‘qiganda paydo bo‘ladigan bir tuyg‘u — “ulug‘ saltanat”da ustma-ust sodir bo‘layotgan muvaffa-qiyatsizliklar shoyad mazkur saltanatning “temir panja”laridan qutulishimizga olib kelsa, degan umidning kuchayishiga sabab bo‘lgandek tuyuladi. Fitrat Rossiyaning urush jabhalaridagi muvaffaqiyatsizliklarini sanab keltiradi: “Musibat ustinda musibat! Rusiyaning hozirgi holini ochiq tasvir etmak uchun mundan yarasharoq so‘z yo‘qdir. O‘zgarishdan so‘ng Rusiyaning har tarafindan ochliqlar, yong‘inlar, talonlar, o‘limlar, o‘ldirmalar bo‘lub turgan chog‘da birdan chiqib qolg‘on /olichiya (Galitsiya.- B.D.) mag‘lubiyati bilan buning ustig‘a tortilmas bir yuk bo‘lub cho‘kgan Rig‘o (Riga.- B.D.) ketishini ko‘zda olsak va bunlar orqasindan bosib kelgan Boltiq mag‘lublig‘ini o‘ylasak, Rusiyani musibat ustinda musibat bosayotibdir. Rusiya umrida yemadigi tayoqlarni yeyayotibdir, deyarg‘a bizni majbur qilur. Voqean, Rig‘o kabi chidamli bir qo‘rg‘onning uch kunda ketmasi, Boltiqdagi kemalarning chobiqg‘ina (osonlikcha.- B.D.) yenilmasi, yolg‘uz bashqalarni emas, o‘z istiqbollarindan ruslarning o‘zlarini daxi ma’yus qilur, rus kuchindagi e’timod va e’tiborlarni tubindan churutur hodisalardan edi. Ortiq ruslarning umidlari qolg‘on bo‘lsa, butun-butun muttafiq (ittifoqchi.- B.D.)larig‘a qolg‘on edi. Ruslar, ehtimolki, muttafiqlarimiz o‘z maydonlarida orqasi kesilmas yurushlar qilib, bizni ozgina tindururlar” deb o‘ylay edilar”. Buning ustiga, Rossiyaning ittifoqchisi bo‘lgan Italiyo qo‘shinlarining nemislardan mag‘lubi-yatga uchrashi vaziyatni badtar mushkullashtirdi. “Italiyoning bu qo‘rqunch mag‘lublig‘i yolg‘iz italyonlar uchun emas, ruslar uchun daxi buyuk bir musibat bo‘ldi. Chunki yong‘inalarinda badbaxtlik loyqalarinda botib qolg‘an Italiyoning qo‘lindan ololmag‘on muttafiqlar qo‘shunindan Rusiya uchun ko‘mak ko‘zlamoqning ma’nosiz bir edugini yang‘idan isbot qilib berdi. Buning natijasinda Rusiyada yang‘i bir balo bosh ko‘tardi — bolshavik balosi!”
Publitsist bolsheviklarning hokimiyat tepasiga kelishi vaq-tinchalik hodisa, Rossiyaning urush jabhalaridagi muvaffaqiyatsizliklari tufayli rus sotsial-demokratlari tomonidan chiqarilgan navbatdagi norozilik isyoni deb tushungan ko‘rinadi. Shu bois u yozadi: «Bolshaviklar ikkinchi yo‘la qo‘zg‘aldilar. Bu qo‘zg‘alishlari birinchisi kabi bo‘lmadi. Bu daf’a buyuk ish ko‘rdilar: Petrog‘radni olib, Kerenskiyni Rusiyaning sodiq bolalarini oxtarib topib, to‘plab keturmak uchun urush maydonlarig‘acha ketarg‘a majbur etdilar. So‘ng xabarlarga ko‘ra, Kerenskiy tevarakdan to‘plab keturdigi qo‘shun bilan bolshaviklarni yengmish va Petrog‘radni unlarning qo‘lindan yang‘idan olmish… Bolshaviklarning ikkinchi chiqishlari bilan birinchi chiqishlari orasindagi oyiridni ko‘rgan kimsalar uchinchi bir chiqishning qanday bo‘lurini onglab olsalar kerak». Har holda, muallif bolsheviklarning uchinchi chiqishi sodir bo‘lsa, ulardan hokimiyatni himoya qilish oson bo‘lmasligini ta’kidlayapti. Lekin ob’ektiv reallik Fitrat tasavvur qilganidan boshqacha edi: Kerenskiy Petrogradni qaytadan olishga muvaffaq bo‘lmagandi.
Abdurauf Fitrat Toshkentda ham bolsheviklar hokimiyatni o‘z qo‘llariga olishganini yozadi. Kerenskiy Petrogradni qaytadan qo‘lga kiritgan bo‘lsa, uning tarafdorlari ham Toshkentni qayta qo‘lga kiritar, deya umid bildiradi. Bu taxminlaridan qat’i nazar, u Rossiyadagi mavjud siyosiy holatga turkistonlik mahalliy aholining qanday munosabatda bo‘lishi lozimligi to‘g‘risida mulohazalarini bayon etadi. Uningcha, bolsheviklar ham, muvaqqat hukumat ham «hurriyatchilar». Bizga ularning shu jihati ma’qul. «Bunlarning ikkisiga ham bizning so‘zimiz shu bo‘lg‘ulidirki: biz musulmonlar sizning hech biringizdan nafrat qilmaymiz, hech biringizni yoqlamaymiz. Bizning milliy, vataniy haqlarimizni g‘asb etmak (tortib olmoq. – B.D.) fikriga tushmaguncha biz hech biringizga dushman bo‘lmaymiz. Mana, hozirda turkistoniylar uchun xatarsiz yo‘l shu yo‘ldir!»
Ko‘p o‘tmay, publitsist Fitrat Rossiyada yuz berayotgan voqelar-ning mohiyatiga yetgan ko‘rinadi. Uning «Yang‘i hukumat» sarlavhali maqolasida bolsheviklar tuzgan hukumat tarkibi haqida ma’lumot beriladi. Shunisi e’tiborga sazovorki, u mazkur ma’lumotlarni hech qanday hissiyotsiz, shunchaki qayd etgandek ifoda qiladi.
Fitratning «Inqilob» sarlavhali maqolasi bolsheviklar mamlakatda siyosiy to‘ntarish qilganlaridan ko‘p o‘tmay, «Hurriyat»ning 24 noyabr sonida e’lon qilingan. Unda muallif uch xil: siyosiy, ijtimoiy va fikriy inqilob haqida mulohaza yuritadi. Gap shunchaki inqiloblar ustida borayotgandek tuyulsa-da, muallifning maqsadi butunlay aniq. U Rossiyada yuz bergan inqilobdan foydalanib, mustaqilligimizni qo‘lga kiritaylik, deya da’vat qiladi. «…Finlandiyalilar, — yozadi publitsist, — Rusiya inqilobindan ruslardan burun osig‘landilar». Bu «osig‘» finlarning mustaqillikni qo‘lga kiritganlari edi. Turkistonda shu tariqa «osig‘lanish» uchun harakat ko‘rinmaydi, deydi. Bizning turli guruhlarimiz o‘z-o‘zicha kuyib-pishishadi: ulamomiz mansab uchun, boylarimiz oqcha va e’tibor uchun, yoshlarimiz ish yo‘llari uchun harakat qiladilar. Bu holda finlarning yo‘lidan borolmaymiz. «Biz yoniq bag‘rimizdan chiqg‘on o‘tli bir tovush bilan bag‘iramizkim, ulamo uchun mansab, boylar uchun oqcha va e’tibor, yoshlar uchun ish yo‘llari millatning Rusiya inqilobindan osig‘landig‘i kundan so‘ng ochilur». Darvoqe, bu kun ko‘p o‘tmay yetib keldi: Qo‘qonda Turkiston muxtoriyati e’lon qilindi… Fitratning qalamidan ham sururli satrlar yuzaga kela boshladi. Uning «Muxtoriyat» deb atalgan maqolasi o‘tkir pafos bilan yo‘g‘rilgan (gazetaning 8 dekabr soni). «Turkiston muxtoriyati… Temur xoqonning chin bolalari yoninda, turkistonli tubchak turklari orasinda, mundan o‘g‘urli, mundan muqaddas, mundan sevinchli bir so‘zning borlig‘ig‘a ishonmayman», deya xitob qiladi u. Orziqib kutilgan muxtoriyat o‘zbek xalqi uchun naqadar aziz va mo‘tabar ekanini qayta-qayta ta’kidlaydi: «Turkistonli turkning qonin qaynatg‘uvchi, imonin yuksaltguvchi, ruhin ko‘targuvchi bir quvvat bor esa, yolg‘uz shu so‘zda bordir: Turkiston muxtoriyati!»
Fitrat Qo‘qon shahrida umum Turkiston musulmonlarining favqulodda IV qurultoyi 1917 yilning 27 noyabri kechasi soat 12 da e’lon qilgan Turkiston muxtoriyatini shu tariqa ma’lum qiladi. Publitsist turkistonlilarning mustabidlik davrida kechirgan azob-uqubat va xo‘rliklarini bayon etib, intiq bo‘lib kutilgan muxtoriyatni mustahkamlash yuzasidan o‘zining mulohazalarini bildiradi. «Lekin shunisi borkim, — deb yozadi u, — bir millatning muxtoriyati yolg‘uz bir siyezdning e’loni bilan tamom bo‘lmas. Muxtoriyatni olmoq va saqlamoq kerakdir. Siyezd o‘z ishini qildi; qolg‘onlari butun millatning vazifasidir. Muxtoriyatni saqlamoq uchun kuch lozim; muxtoriyatni bajarmoq uchun oqcha kerakdir; bularni millat hozir qilsun».
«Hurriyat» gazetasining 1918 yil 2 va 5 yanvar sonlarida Fitratning «Turkistonda ruslar» sarlavhali maqolasi bosiladi. Unda rus mustabidlari qayta-qayta takrorlashni xush ko‘radigan mavzu — qoloq Turkiston xalqiga ruslar madaniyat olib kelgan qabilidagi da’vo yuzasidan muallif mulohaza yuritadi. Voqean, Turkiston Rossiya tarkibiga kiritilgach, biz madaniy ruslar bilan qotishib, ular orqali Yevropa madaniyatiga oshno bo‘lmog‘imiz lozim edi. Aslida, shunday bo‘ldimi? Muallif shu savolga faktlar vosi-tasida javob beradi. «Shuni ham aytib o‘taylukkim, munday ta’sirni rus millatining avom tabaqasindan olmog‘imiz mumkin emas edi, chunki bizning avomimiz unlardan yuz martaba madaniyroq edilar (hozir ham shunday). Ruslarning o‘qigan, tarbiyali qismlarindan sotsializm va qardoshliq maslaginda yurg‘anlar ham imperatorliq hukumati tarafindan quvilib, qisilib turg‘onlari uchun bizga biror ta’sir qo‘yolmas edilar. Qoldi: rus millatchilari, rus boylari va rus po‘plari bilan shunlarning qorovuli bo‘lg‘an imperator hukumati. Biz turkistonlilar yolg‘iz shunlarning qo‘linda qoldiq. Ne ko‘rgan bo‘lsak shunlardan ko‘rdik». Ruslarning ana shu qismi turkistonlilarga madaniyat jihatidan ta’sir ko‘rsatganmi, degan savolga Fitrat «yo‘q» deb javob beradi. Negaki, xalqimiz mustabidlarning harbiy-byurokratik idorasi ostida bo‘lgani uchun Ovruponing madaniy millatlari bilan aralasholmagan, ularning «ijtimoiy va iqtisodiy fikrlarindan» istifoda qilolmagan. Fikri ochiq tatarlar o‘lkamizda maktab ochmoqchi bo‘lishsa, mustabidlar man’ qilishgan. Biz uchun gazeta Ostroumov singari «pop»larning rahbarligida chiqarildi. O‘z millatimiz va diyonatimizni yoshlarimizga onglatmoq uchun ochilgan gazeta va maktablar yopildi. «Mahkamalarda, uylarda, yo‘llarda, tijoriy ishlarda, hatto vog‘un uylarinda Turkiston yerlisining huquqi Turkiston musofiri bo‘lg‘an rus va armanidan tubanda tutuldi». Buxoro va Xiva hukumatlari ham amalda mustaqil emasdi. Xullas, xalqimiz ellik yil milliy zulm ostida ezilib keldi. O‘zlarini adolatparvar atayotgan bolsheviklarning milliy ishlarimizga munosabati qanday? «Elli yildan beri shuncha zulm orasinda qolg‘an Turkiston, —deb yozadi Fitrat, — bukun o‘z muxtoriyatini shuncha adolat va sadoqat bilan e’lon qilibdir. Bilmadik, nechundirkim, hozirda ish boshinda turg‘on bolsheviklar muni qabul qilmay turublar..!»
Bizningcha, Fitrat bolsheviklarning Turkiston muxtoriyatini tan olishlariga ishonmagan. Shu bois maqolasining oxirini ko‘p nuqta va xitob alomati bilan tugatgan bo‘lsa kerak.
Fitratning «Angliz o‘yunlari», «Angliz va Turkiston» maqolalari ham siyosiy vaziyat taqozosi bilan yozilgan (gazetaning 5 yanvar, 29 mart sonlari). Uningcha, bordi-yu, Rossiyaga milliy qaramlikdan qutulsak ham, Angliya degan undan ham ko‘ra makkor va yovuz mustabid yuho turibdi, u bizni «yutib» yuborishga tayyor. Uning hozir Xitoy va Afg‘oniston bilan ittifoq tuzish harakatlari shu maqsadni ko‘zlashidan dalolat beradi, deb yozadi publitsist.
Abdurauf Fitrat «Hurriyat» gazetasida e’lon qilingan publitsistik maqolalarida bo‘lganidek, badiiy asarlarida ham o‘zini qiynagan ijtimoiy-siyosiy masalalarni ko‘taradi. Uning «Yurt qayg‘usi» sarlavhali sochmasi gazetaning 28 iyul sonida e’lon qilingan. U mazkur asarida vatandoshlarini, turk o‘g‘lonlarini ularning o‘tmishdagi ajdodlari ko‘rsatgan qahramonliklarni eslatgan holda jasoratga, qahramonlikka undadi. U yozadi: «Ey Ulug‘ Turon, arslonlar o‘lkasi! Sanga ne bo‘ldi? Holing qalaydir? Nechuk kunlarda qolding?.. Yer yuzining birinchi polvonlari bo‘lg‘on botur turklaring qani? Nechun chekildilar? Nechun ketdilar? Kurash maydonlarini o‘zgalarga nechun qo‘ydilar? Nechun.. nechun.. nechun? Gapur manga, ey Ulug‘ Turon, arslonlar o‘lkasi! Sanga ne bo‘ldi?.. Ey xoqonlar o‘chog‘i! Ey qahramonlar tug‘oyi! Qani u chaqmoq chopishli botir xoqonlaring? Qani o‘q yurushli, otli beklaring? Nechun «urho»lari eshitilmaydir?»
Shuni ta’kidlash joyizki, Fitratning «Hurriyat» gazetasidagi badiiy va publitsistik asarlari mazmuni va maqsadiga ko‘ra bir-birini to‘ldirib keladi, biridagi fikr ikkinchisida davom ettiriladi. Bu hol o‘sha davr taqozosi bilan bog‘liqdir. Ulug‘ Turon yigitlarining hamiyatini qo‘zg‘ab qo‘ygan muallif ularning kuch-qudratiga, jasoratiga ishonadi: «Ey Ulug‘ Turon, arslonlar o‘lkasi! Qayg‘urma! Eski davlating, eski saltanating, eski yigitlaring, eski arslonlaring hammasi bor, hech biri yo‘qolmamishdir. Yolg‘iz… oh.. yolg‘iz tarqalmishdir». Publitsist-shoir ushbu misralarini tariximizning eng mas’uliyatli davrlarida yozgandi. Mustabid chor hukumati ag‘darilib, hokimiyat muvaqqat hukumat qo‘liga o‘tgan, mustabidlik asoratiga tushib qolgan o‘lkalarda, jumladan Turkistonda ham erk, mustaqillik uchun kurash kuchayib borayotgan bir paytda bunday satrlarning yuzaga kelganini izohlab o‘tirishga hojat yo‘q.
Fitrat «Yurt qayg‘usi» sarlavhali she’r va sochmalarini yana davom ettirib, gazetaning 1917 yilning 18 avgust, 31 oktyabr va 29 dekabr sonlarida ham e’lon qildi. Ularning har biri tarixning muayyan onlaridagi vaziyat bilan chambarchas bog‘langan. Jumladan, «Bir o‘zbek yigitining tilidan» deb izoh qo‘yilgan «Yurt qayg‘usi»da u ona-Vatanni bir munglig‘, mushtipar ayol (ona) sifatida tasvirlaydi. Uning ko‘z oldida hamisha mana shu mungli, g‘amli ona turaveradi. Muallif xitob qiladi: «Ey g‘amli ona, nechun mandan ayrilmaysan? Yonimda, ko‘zimda, miyamda, yuragimda nima axtarasan, nechun ketmaysan?! Qayg‘u tutunlari ichra yog‘dusiz (nursiz) qolg‘on ko‘zlaring, u yosh yomg‘urlarin nechun to‘kadir? Mazlumliq havosinda oqarg‘on sochlaring nechun to‘kiladir? Zulm zanjirlari bilan bog‘lang‘on qo‘llaring nechun har yong‘a uzatiladir, nima tilaysan?..» Ana shunday ta’sirli manzaradan so‘ng Fitrat ona-Vatan, mushtipar Turonni g‘amdan, zulmdan, mungdan ozod qilish har bir turonlikning muqaddas burchi ekanini, ona-Vatanni mahv etmoqchi bo‘lganlarning o‘zini mahv qilishni, unga yordamga kelmaganlar nafratga sazovor ekanligini bor ovoz bilan aytadi. «Yurtim, Turonim, jonim! Sandan ayrilmak – manim o‘limim. Saning uchun o‘lmak – menim tirikligimdir… Ey turkligimning muqaddas o‘chog‘i! O‘lum saning o‘lumingni istaganlarga, nafrat sani ko‘magingga kelmaganlarga!….»
Uning «Temur oldinda» deb izoh qo‘yilgan «Yurt qayg‘usi» sochmasi turk yigitining bevosita buyuk sohibqironga murojaatidir. Bu sochma Rossiyada bolsheviklar hokimiyat tepasiga kelgandan 5 kun o‘tgach (31 oktyabrda), e’lon qilingan. Asar yigitning Temurga iltijolari bilan boshlanadi: «Bag‘rim yoniq, yuzim qora, ko‘nglim siniq, bo‘yum buguk. Saning ziyoratingga keldim, sultonim! Ezilgan boshim, qisilg‘on vijdonim, kuygan qonim, o‘rtang‘on jonim uchun bo‘sag‘angdan davo izlab keldim, xoqonim!.. Qorong‘uliklar ichra yog‘dusiz qolg‘on o‘zbak ko‘zlari uchun tuprog‘ingdan surma olg‘ali keldim. Nomusini yot kishilarning ayog‘lari ostinda ko‘rub turklik qoni qaynag‘on, musulmonliq hamiyati toshg‘on, tamug‘ (do‘zax.- B.D.) olovlari kabi sachrag‘on; lekin o‘z kuchsizlig‘in anglab qaytib o‘tirg‘on va qon yig‘lag‘on turkning holini arz etarg‘a keldim, xonim..!» Aslida, turklar yurtining, Amir Temur qurol kuchi bilan qayta tiklagan turk saltanatining bora-bora zavol topishida men aybdor, deydi she’rdagi «men». Bu «men» – barcha turkiyman degan qavmlarning umumlashgan nomi. Endi ular o‘z gunohlarini yuvishlari, ezilgan, talangan, mustaqilligini yo‘qotgan Turonning qadimiy sha’nini tiklashlari lozim. «Ey arslonlar arsloni, — xitob qiladi u, — manim yoziq (gunoh.- B.D.)larimdan o‘t, manim qo‘limdan tut, belimni bog‘la, muqaddas fotihangni ber! Sening dunyoda sig‘mag‘on g‘ayratingga ont ichamanki, Turonning eski sharaf va ulug‘lig‘ini qaytarmasdan burun ayog‘dan o‘turmasman».
Fitrat «Hurriyat» gazetasidagi bir qator publitsistik asar-larini Buxorodagi ijtimoiy-siyosiy va ma’naviy-madaniy vaziyat munosabati bilan yozgan. Bu tabiiy hol edi. Negaki, u tug‘ilgan yurti Buxorodagi voqealarga befarq qarolmasdi. Publitsistning «Buxoro ulamosi», «Buxoroning askari», «Buxoro xonligida ochliq», «Yoshirun mushohadalar», «Buxoroning holi» kabi maqolalarida bu o‘lkadagi og‘ir, ayanchli ahvol to‘g‘risida faol fuqaro sifatida kuyunib yozdi (gazetaning 1917 yil 3 noyabr – 1918 yil 1 mart oralig‘idagi sonlari). «Buxoro ulamosi» sarlavhali maqolasida muallif o‘qigan, oq-qorani tanigan ulamolar Buxoroning obodligi, taraqqiy etishi uchun xizmat qilish o‘rniga ikki firqaga – buxorolik va ko‘loblik guruhlarga bo‘linishib, o‘zaro yovlashganlar, keyingi guruh yog‘lik mansablarni egallashga va shu yo‘l bilan behisob mol-mulk orttirishga uringan, deb yozadi. Ayniqsa, ko‘loblik mulla Sadriddin mulla To‘qmaq o‘g‘li Buxoroda qozikalon bo‘lgach, bunday talon-toroj kuchayadi. Uning avlodlari bu ishni yanada kuchaytirishgan. Amir esa bu ishlarga panja orasidan qaragan. O‘ziga ko‘proq ulush tegishini o‘ylagan, xolos.
«Buxoroning holi» maqolasida esa Fitrat fevral to‘ntarishi tufayli Rossiya podshosi taxtdan tushgach, amir xohlagan ishini qilishga, siyosiy muxoliflari bo‘lgan Buxoro yoshlarini turli bahonalar bilan jazolash, qatl ettirishga kirishdi, deb yozadi. Publitsistning fikricha, Buxorodagi mazkur siyosiy vaziyat yoshlarni boshqacha harakat qilishga da’vat etadi. «Endi Buxoro yoshlari uchun lozimdirkim, «Bayonnomai humoyunga ko‘mak etmak» shiorini miyalarindan chiqarg‘aylar. Buxoro inqilobini istar esalar, inqilobchilarg‘a yarashur harakat qilg‘aylar. Yaxshi so‘zlar bilan, tavozelar bilan, yolborishlar bilan Buxoro hukumatini yo‘lga keturmak bo‘lmas. Zolimning «…» tabiatiga o‘xshash tabiati bordir: qochg‘onda quvar, quvg‘onda qochar. Zolimlarning shu tabiatlarini, shu «ahvoli ruhiya»larini ko‘zda tutmayin harakat qilaturg‘anlar xato yo‘ldadirlar, zarar ko‘rarlar. Qo‘rqmayin, tortinmayin keskinroq harakat qilmoq kerak».
Fitrat Buxorodagi amirlik tuzumining tezroq o‘zgarishini, el-ulusning bag‘riga shamol tegishini istagan. Ayni paytda, Buxorodagi inqilobiy harakatlarni sinchiklab kuzatib, tahlil etib borgan. Natijada, bu harakat haqida risola yozish niyatiga kirishgan. Uning «Buxoroda inqilob» asari shunday xususiyatga ega. Undan parcha «Hurriyat»ning uch sonida e’lon qilingan. Aytish mumkinki, Fitratning «Hurriyat» gazetasida bosilgan asarlari uning siyosiy-ijtimoiy voqealarni mahorat bilan yorituvchi publitsist bo‘lganidan dalolat beradi.
Mahmudxo‘ja Behbudiyning qator publitsistik asarlari ham o‘sha yillarning eng muhim siyosiy-ijtimoiy voqealariga bag‘ishlangan. Ayniqsa, uning «Muhtaram Samarqandiylarg‘a xolisona arz» (1917 yil 19 may), «Qozoq qarindoshlarimg‘a ochiq xat» (1918 yil 26 yanvar) sarlavhali maqolalarida turkistonliklarning ittifoqligi, hamjihatligi to‘g‘risidagi fikr o‘rtaga tashlangan. «Haq olinur, berilmas» (13 iyul) maqolasida esa mahalliy aholini haqhuquqlarini olishga da’vat bor. «Turkiston muxtoriyati» sarlavhali maqola (19, 22 dekabr) 1917 yil 27 noyabrda Qo‘qon shahrida e’lon qilingan Turkiston muxtoriyatini saqlab qolishga bag‘ishlangan. Uning «Markaziy sho‘romizda» (3 iyul), «Samarqandda milliy ishlar haqinda» (28 iyul) materiallarida o‘z davrining kun tartibida turgan ijtimoiy masalalari to‘g‘risida so‘z boradi.
Publitsist Said Rizo Alizodaning «Petrog‘radda hodisa» (gazetaning 13 iyul soni), «Toshkand hodisasi» (19 sentyabr). «Rusiya jon uzmoqda» (1918 yil 19 yanvar, urush maydonlarida Rossiyaning birin-ketin mag‘lubiyatga uchrayotgani to‘g‘risidagi) maqolalarida mamlakatda bo‘layotgan yirik ijtimoiy-siyosiy hodisalar haqida yozarkan, ularning Turkistonga aloqadorlik jihatiga e’tibor qaratgan. Uning «Shapaloq» sarlavhali materiali (1918 yil 19, 26 yanvar, 22, 26 fevral, 5, 15 mart, 5 aprel) hajviy xususiyatga ega.
Hoji Muin maqolalari ham mavzu nuqtai nazaridan turli-tumandir. Uning «Oila (yoxud) vazifai xonadory» (22 sentyabr), «Yongi asar» (10 aprel) maqolalari yangi nashr qilingan kitoblar bilan bog‘langan bo‘lsa, «Germaniya va Rusiya» (26 fevral), «Rusiya tahlikada» (5 mart), «Sulh oldinda» (15 mart), «Islom dunyosining najoti» (10 aprel) materiallari xalqaro voqealarga bag‘ishlangan. «Samarqand viloyatining ispiskasi», «Shohizinda» jamoat do‘koni» (28 noyabr), «Yana ikki jamiyat» (30 yanvar), «Og‘ir hollar» (22 fevral) kabi maqolalari o‘sha davrning kundalik ijtimoiy va maishiy turmushi haqida. «Kattaqo‘rg‘on xotiralari»da (21 noyabr va 1 dekabr) ushbu shaharga sayohat taassuroti asnosida maktab va maorif ahvoli tahlil etilgan. «Bolsheviklar va biz» sarlavhali maqolasida (1918 yil 9 yanvar) endigina hokimiyat tepasiga kelgan bolsheviklarga munosabat aks etgan. Chunonchi u bolsheviklar hokimiyat tepasiga kelayotgan kunlarda bergan bironta va’dasini bajarmayotganini, mamlakat hamon jahon urushi girdobida bo‘lganining ustiga, ular mamlakat ichkarisida ham urush chiqarishganini, ta’kidlaydi. Muallif fikrini davom ettirib yozadi: sulh masalasida «hanuz qat’iy bir qaror chiqorg‘onlari ma’lum emasdur. Bolsheviklar ish boshig‘a o‘tub olg‘on kunlarda «Biz kichik millatlarg‘a tamom hurriyat va istiqlol beramiz!», — deb xitobnomalar vositasi-la va’da qilg‘on bo‘lsalar ham, bu quruq so‘zlari qog‘oz ustidagina qoldi. Bular hozirgacha hech bir millatning muxtoriyat va istiqlolini tasdiq etmadilar, balki, bil’aks, shunday muxtoriyat va istiqloliyat e’lon etgan millatlarg‘a to‘p va pulemut bilan muqobala etdilar va etmakdadirlar… Bular istaydirlarkim, Rusiyada hurriyat va istiqloliyat tilaginda bo‘lg‘on millatlar «sotsializm» prug‘romi bilan raftor etsunlar, ya’ni har millatda va har mamlakatda «ishchi, dehqon vakillarining sho‘rosi» degan bir hukumat tashkil qilinib, mamlakatning idorasi shularg‘a topshirilsun. Millat afrodining butun yer, mol va sarvatlari umumiy mulk etib e’lon qilinib, shul «sho‘ro» ixtiyorig‘a qo‘yulsun. Shunday bo‘lmag‘onda bular hech bir millatg‘a hurriyat va istiqlol bermas emishlar, hech bir millatning hurriyat va istiqlolini ham tasdiq etmas emishlar. Bolsheviklarning bu g‘ayritabiiy tilaklari, buzuq g‘arazlari hozirgacha Rusiyada bo‘lg‘on hech bir millat tarafindan qabul qilinmadi… O‘zimizg‘a kelganda, 95 prosenti musulmon bo‘lg‘on ulug‘ Turkiston o‘lkasinda ham bolsheviklar o‘z so‘zlarini o‘tkazmak va buzuq maslaklarini tatbiq etmak uchun qo‘llarindan kelgan chora va tadbirlarg‘a kirishmoqdadirlar… Musulmonlar orasig‘a muxolifat solmoq uchun musulmon soldatlarini va musulmon ishchi-dehqonlarini ig‘vo etdilar. Ammo bu tadbirlar bilan ularni o‘z taraflarig‘a tortmoqg‘a muvaffaq bo‘lmadilar. Chunki musulmonlar bolsheviklarning buzuq muddaolarini anglab olib, o‘zlarini tortdilar, aldanmadilar. Yana muning ustinda, o‘z maqsadlarini bolsheviklarga ochiqroq anglatmak uchun Turkistondagi butun musulmon soldat, ishchi va dehqonlar 25 dekabrda Xo‘qandda favqulodda bir siyezd yasab, siyezdda hozir bo‘lg‘on 200 nafarcha namoyandalar o‘tgan to‘rtinchi musulmonlar qurultoyi (1917 yil noyabrda Qo‘qonda bo‘lib o‘tgan s’ezd.- B.D.) tarafindan chiqarulg‘on qarorlarni haqli topib, Turkiston idora va hokimiyatining darhol Muxtoriyat hukumatig‘a topshurilmog‘iga qaror chiqardilar. Qani, endi ko‘rayluk, bu siyezdg‘a bolsheviklar qaysi ko‘z bilan qaraylar!.. Har holda bolsheviklar tek turmaslar. Biror bahona topib, bizning tinchligimizni buzarlar… har ehtimolg‘a qarshi hozirliq ko‘rayluk. Tamom birlik bilan kuch yig‘ayluk. O‘z hurriyat va muxtoriyatimizni saqlamoq uchun mol va jonimizni fido etmakka hozir bo‘lib turayluk». Muallifning bu fikrlari bolsheviklarga xos bo‘lgan aldamchilik, firibgarlik va o‘z muddaolariga erishguncha puch va’dalar beraverishdek xususiyatlarini to‘g‘ri anglab yetganini ko‘rsatadi.
Hoji Muinning «Namoyish to‘g‘risinda» (12 dekabr) sarlavhali maqolasida Turkiston muxtoriyatini qo‘llab namoyish o‘tkazishi kerak bo‘lgan Samarqand sho‘roi islomiyasi sustkashlik ko‘rsatgani uchun tanqid qilingan.
«Hurriyat» gazetasi oziq-ovqat tanqisligi mavjud bo‘lib turgan qaltis bir paytda bu muammoni hal etishga, hech bo‘lmasa, mehnatkash xalqning bu boradagi og‘ir ahvolini yengillatishga urindi.
Gazetada ichki va tashqi xabarlar, Turkiston yangiliklari, Buxoro amirligidagi ahvol, Samarqand axbori kabi materiallar doimiy berilib bordi, she’rlar, manzumalar bosilib turdi.
Yuqorida ta’kidlanganidek, Fitrat gazetaning 52 soniga mu-harrirlik qilgan. Mazkur sonlar tahlili shuni ko‘rsatadiki, u iste’dodli, tashkilotchi muharrir ham bo‘lgan. Buni quyidagi faktlar yorqin tasdiqlaydi.
«Hurriyat» chiqib turgan vaqtlar gazeta nashr etish mushkul ishlardan bo‘lgan. Matbaa, qog‘oz uchun xarajatlar katta bo‘lib, uncha-muncha gazetalar chiqishdan to‘xtab qolgan. «Hurriyat»ning boshiga ham shunday savdo tushishi aniq bo‘lgan payt kelganda, gazetaning tahrir hay’ati, albatta, birinchi galda uning bosh muharriri nima qilib bo‘lsa ham, gazetani saqlab qolishga intilgan. «Turkistonimizda hozirgi zamonda qiyinroq ishlarning birinchisi, shubha yo‘qkim, «g‘azeta chiqarmoqdir», – deb yozadi «Hurriyat» 1918 yilning 2 yanvaridagi sonida. – Ishimizda matbaa chiqimlari, qog‘oz bahosi haddan oshib ketgan, g‘azeta o‘qumoqchilarimiz butun oz..!» Shu tufayli gazetamiz vaqtincha chiqishdan to‘xtashi kutilgandi. «Zarafshon» shirkati gazetaning to‘qqiz oy davomida chiqib turishiga ko‘mak berdi. Unga tashakkur aytamiz. «So‘ng zamonlarda qiyinliqlar ko‘payib ketdi. O‘ylang‘on, ko‘rulgan choralar kekchin (keskin.- B.D.) bir foyda bermadi. «Zarafshon» shirkati «Zarafshon» oqchasini istiqbol umidiga saqlamoq fikri bilan «Hurriyat»ni vaqtincha yotqizmoqchi bo‘ldi. Biz daxi sevigli o‘quvchilarimizg‘a vaqtlig‘ina «xayr-xush» deb chekilurg‘a tog‘lar kabi qayg‘u va hasrat orasinda qaror berdik…!» Daf’atan, bizga madad keldi. Himmatli boylarimizdan Muhammadqul O‘rinboyev gazetaning sarfi-xarajatini o‘z bo‘yniga oldi. Iqtisodiy jihatdan mushkulimiz oson bo‘lgach, biz ham, o‘z navbatida, gazetaning «ma’naviy boylig‘i», ya’ni mazmun jihatidan rang-barang bo‘lishiga harakat qilamiz, deb o‘quvchilarga murojaatini tugatadi gazetaning tahrir hay’ati. Darvoqe, gazeta sho‘rolar hukumati tomonidan to‘xtatilguncha M. O‘rinboyev unga noshirlik qilgan.
Garchi «Hurriyat» Turkistonning bir viloyati – Samarqandda chiqsa ham, o‘sha paytda o‘lkaning markaziy gazetasi mavqeiga erishgan edi. Gazetaga yozib turganlar doirasi geografik jihatdan juda kengdir. Unda Turkistonning turli shahar va kentlaridan, Buxorodan, Ufadan Cho‘lpon, Mirmuhsin Shermuhamedov, No‘shi-ravon Yovushev, Xayrunnos Aysin, Najib kabi ijodkorlar o‘z maqolalari bilan qatnashib turgan.
«Hurriyat»ning oxirgi – 87-soni 1918 yilning 30 aprelida chiqqan. Gazeta bolsheviklar hukumati tomonidan to‘xtatiladi. Umuman, «Hurriyat» o‘z davrining eng nufuzli, dadil va sermazmun gazetalaridan bo‘la olgan.
Boybo‘ta Do‘stqorayev,
O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti “Jahon jurnalistikasi nazariyasi, amaliyoti va tarixi” kafedrasi mudiri, dotsent
“Hurriyat” gazetasidan olindi (2008).