Ashraf Ahmedov. Volter va Ulug‘bek

Buyuk frantsuz ma’rifatparvari va insonparvar mutafakkiri Volter (Mari Fransua Arue, 1694—1778 yillar) fikr doirasi nihoyatda keng, fanning turli sohalari bo‘yicha bilimdon odam edi. Mushohada ko‘lami fan tarixi, jumladan Sharq fani tarixi masalalarini ham qamrab olgandi. Uning qadimgi davr va o‘rta asr ilm-fani tarixidan xabardorligi hayratlanarli darajada chuqur bo‘lgan. Shuni ham aytish kerakki, umuman, XVII—XVIII asrlardagi frantsuz ma’rifatparvarligida Sharq mavzui juda sezilarli bo‘lib, o‘sha davrda ko‘plab odamlar, madaniyat arboblari, yozuvchilar va kompozitorlar unga katta e’tibor berishardi. Ular yaratgan asarlarda albatta biror «turk», «arab» yoki «fors» ishtirok etar va bu xalqlar yashaydigan tabiat manzaralari yoki ularga xos musiqiy oqimlar aks ettirilar edi.

Frantsuz ma’rifatparvarligining buyuk namoyandalaridan biri bo‘lmish Volter ham o‘zining qator asarlarida Sharq mavzuiga ahamiyat bergan. Bu jihatdan uning «Zadig yoki Taqdir» nomli falsafiy asaridagi «Sa’diyning sulton-beka Sheraaga atalgan risolasi» diqqatga sazovordir. Volterning bu «risola»si hijriy 837 yilning 18 shavvoli, ya’ni milodiy 1434 yilning 28 mayi bilan sanalangan. «Risola»da Ulug‘bek nomi to‘rt marta eslatiladi: ularda «Sa’diy» Ulug‘bekni «mashhur sulton Ulug‘bek», «Ulug‘bekka ko‘proq «Zadig» yoqardi», «dono Ulug‘» va «haqiqiy Ulug‘» deydi. «Risola»ning sanasiga kelsak, albatta, buni haqiqiy Ulug‘bekning hayotidagi biror aniq hodisa bilan bog‘lab bo‘lmaydi. 1434 yilning may oyida Ulug‘bek ukasi Boysunqur mirzoning vafoti munosabati bilan Hirotda bo‘ladi va 30 mayda Samarqandga qaytib keladi. O‘sha yili esda qolarlik boshqa hodisa ro‘y bermagan edi. «Sulton-beka Sheraa»ni ham Ulug‘bek haramiga aloqador biror ayol bilan bog‘lab bo‘lmaydi. Biroq «Sa’diy»ga kelsak, Volter yaratgan bu obraz uchun Sharqning buyuk shoiri Sa’diy Sheroziy (1203—1292) prototip bo‘lgani ehtimol.

Volter qissasining o‘zi esa bizni Qadimgi Bobil va Eronga olib ketadi va hayotiy Ulug‘bekka to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqador emas. Ammo qissaning deyarli boshdan-oyog‘i astronomik motivlar bilan yo‘g‘rilgan. Chunonchi, asarning boshida uning asosiy qahramoni Zadig «yil uch yuz oltmish besh-u chorak kundan iborat va quyosh — olam markazida» ekanligidan xabardor deb ta’riflanadi, ya’ni Zadig geliotsentrik dunyoqarash tarafdori ekanligi ta’kidlanadi. Yana bir yerda Zadig o‘z yo‘lini yulduzlarga qarab tanlaydi va Orion yulduz (Sharqda Jabbor — red.) turkumi bilan «yarqirab turgan Sirius (Shu’ra) yoritqichi» uni to‘g‘ridan-to‘g‘ri Kanopus (Suhayl) yulduziga yo‘naltiradi; boshqa joyda yulduzlarning bosh kohini «Katta Ayiqning katta o‘g‘li Savrning akasi, Katta Itning xolavachchasi» deb ta’riflanadi va hokazo. Ana shu tarzda Volter asarning syujetiga o‘ziga xos yumor va mahorat bilan astronomik motivlarni kiritadi.

Albatta, Volter astronomik mavzularni Qadimgi Bobil fani tarixini o‘rganishda XVIII asrda erishilgan yutuqlardan ruhlanib olgan bo‘lishi mumkin. Biroq, shunday bo‘lsa ham, bu qissadagi «Zadig tarixi»ni qadimgi xolidiy tilidan «mashhur sulton Ulug‘bekning xursandchiligi uchun arab tiliga» tarjima etilishi tasodifiy bo‘lmasa kerak. «Mashhur sulton Ulug‘bek»ning astronomiyaga intilishlari nima sababdan Volterning diqqatini o‘ziga jalb qilganligini aniqlash uchun esa «Zadig» qissasini tarixiy va ilmiy faktlar asosida tahlil etish maqsadga muvofiq deb bilamiz.

Ma’lumki, VIII asr boshlarida arablar Yevropaga o‘tgan, Pireney yarim orolining deyarli hammasini bosib olib, tasarruflaridagi yerlarni Andalusiya deb atay boshlashgan. Keyinchalik Qurtuba (hozirgi Ispaniyaning Kordova shahri)ni markaz qilib olgan mustaqil xalifalik ham vujudga keldi. Lekin XI asrning oxirgi choragida Kastiliya va Leon qirollari birlashib, Ispaniyaning musulmon hokimiyatiga qarshi kurash boshlashdi. Ana shu tariqa rekonkista (ispancha so‘z bo‘lib, «aksilistilo» ma’nosini anglatadi) harakati tug‘ildi. (Musulmonlarning Andalusiyadagi 800 yillik hukmronligi XV asr oxirida G‘arnat (hozirgi Grenada shahri) amirligi yemirilishi bilan barham topdi.)

1085 yili arablardan dastlabki shahar Tulaytila (Toledo) tortib olindi. Shundan keyin Pireney yarim orolidagi musulmon mulklari birin-ketin Kastiliya va Leon qirollari qo‘liga o‘taverdi. Lekin bu davrga kelib Kastiliya va Leon qirollarini Sharqda paydo bo‘lgan xavfli raqib — Usmonli turk saltanati tashvishga sola boshlagan. O‘sha paytga kelib tanazzulga yuz tutgan Vizantiya imperiyasi va Bolqon yarim orolidagi mamlakatlarning usmonlilar tomonidan bosib olinishidek dahshatli bir xavf yuzaga keldi. Usmonlilar saltanati ayniqsa sulton Boyazid Yildirim (1389—1402) davrida nihoyatda tajovuzkor davlatga aylanib, Bolqon yarim orolidagi ko‘pgina yerlarni o‘z mulkiga qo‘shib olgan edi.

Boyazidning G‘arbga intilishi ochiqdan ochiq edi. Undan qo‘rqqan Vengriya qiroli Sigizmund usmonlilarga qarshi salib yurishini uyushtirish maqsadida Yevropa poytaxtlarini behuda kezib yurardi. Sharq masalasi Kastiliya va Leon qiroli Genrix III (Enriko) ni (1390—1407) qattiq tashvishga solardi. Boyazidning kelajakdagi rejalari, yurishini Yevropada davom ettirishi yoki Afrikaga ko‘chirishi masalalari uni nihoyatda qiziqtirardi. Chunki bularning hammasi qirol Genrix III ning shaxsiy rejalariga bevosita bog‘liq edi. Unda Pireney yarim orolida rekonkistani tezda tugatib, Afrikaga o‘tishga intilish bo‘lganini hozirgi Yevropa tarixchilarining ko‘pchiligi tan olishadi. Rim papasi ham rekonkista davom ettirilishining qat’iy tarafdori edi. Shuni aytish kerakki, ispan qirollarining yurishlarida Frantsiya, Italiya va Germaniyadan ko‘plab ko‘ngilli ritsarlar ishtirok etishardi. Undan tashqari, genuyalik va venetsiyalik qaroqchilar O‘rta dengizning sharqida bosqinchilik bilan shug‘ullanishar, ispan qiroli esa ularning bu harakati yirik g‘alabaga aylanishidan hamda uning rejalarini buzib yuborishidan xavfsirardi.

Mana shuning uchun ham Sharqda amir Temurdek yanada xavfliroq jahongir paydo bo‘lib, Boyazidga qarshi chiqqanida Genrix III bu ikki sharqlik hokimning o‘zaro kurashini katta diqqat bilan kuzatib bordi. 1402 yili Anqara jangini kuzatish va g‘olib bilan diplomatik munosabat o‘rnatish uchun Genrix ikki elchini yuboradi. Boyazid ustidan g‘alaba qozonganidan so‘ng Temur elchilarni qabul qiladi va Rui Gonzales de Klavixoning aytishicha, «buyuk hokim Kastiliya qiroliga hurmati tufayli ularga katta iltifot bildiradi» va ular bilan Ispaniyaga o‘z elchisi Muhammad al-Qozini yuboradi. Qirol Genrixga Temurning bu iltifoti juda qo‘l keladi, chunki unga Boyazidning g‘olibi o‘z do‘stligini bildirayotgan edi. Endi Genrix Sharq masalasi bobida bir oz xotirjam bo‘lsa ham butunlay taskin topa olmaydi. Shuning uchun u fursatdan foydalanib, xavfli jahongir bilan diplomatik munosabat o‘rnatish maqsadida Temurning poytaxti Samarqandga o‘z elchisi Rui Gonzales de Klavixoni yuboradi. Ma’lum bo‘lishicha, Klavixo Samarqandga faqat elchi sifatidagina emas, balki «Temurbek haqida biror ma’lumot to‘plash va uning istagi qanday ekanligini tekshirib ko‘rmoq maqsadida», ya’ni josus sifatida ham keladi.

Shunday qilib, Ispaniyadagi rekonkista ko‘p tarafdan Old Osiyodagi harbiy-siyosiy vaziyatga bog‘liq bo‘lib, o‘sha davrda bu vaziyatni Temurning faoliyati belgilardi. Lekin, har holda, shunisi shubhasizki, Temurning Anqara ostonasidagi g‘alabasi turklar Bolqon yarim oroli xalqlarini qullikka solishini bir necha o‘n yillarga kechiktirdi va Yevropada rekonkistani tezlashtirdi. Bu muddat mobaynida esa G‘arb mamlakatlari turk yurishiga qarshi tura oladigan darajada kuchaydiki, keyinchalik turklar Bolqon yarim orolidan g‘arbga o‘tisholmadi.

Klavixoning Pireney yarim oroli janubidagi Kadis shahridan Samarqandgacha sayohati uch yil davom etdi. U ko‘rgan va eshitganlarini kundalik daftarida yozib qoldirdi.

Anqara jangi va unda Temurning Boyazid Yildirim ustidan qozongan g‘alabasi haqidagi xabar tezda Yevropa bo‘ylab tarqalib ketdi. Klavixoning kundalik daftari tufayli esa «Buyuk Temurbekaning nomi Yevropa mamlakatlarida dong taratdi. Natijada kundalikka qiziqish nihoyatda kuchayadi va u 1582 yili Ishbiliya (Sevilya) da Molina Gonzalo de Argote tomonidan nashr etiladi. O‘z navbatida bu nashr tarixiy va adabiy izlanishlarga katta turtki berdi, mazkur yo‘nalishlardagi asarlarning mualliflari Temurning o‘zigagina emas, balki uning atrofidagi kishilarga, oila a’zolariga, xususan, Ulug‘bekka ham ahamiyat bera boshlashdi.

1607 yili Parijda nashr etilgan «Buyuk Temurlangning tarixi» mana shunday asarlardan biri bo‘lib, unda Temur va uning avlodlari haqida o‘sha davr uchun to‘liq ma’lumot beriladi. Xuddi shunday nom bilan 1678 yili Amsterdamda De Sanktsionning kitobi nashr etiladi. Sakkiz bobdan iborat bu asarda Movarounnahr va Eronning XIV asr o‘rtasidan to XV asr o‘rtasigacha bo‘lgan tarixi mufassal bayon etiladi. Unda Ulug‘bekka davlat arbobi va olim sifatida katta ahamiyat beriladi.

Mustafo ibn Husayn al-Janobiyning 1680 yili Venada lotin tilida nashr etilgan «Temurlang g‘alabalari» nomli asarida ham Temur janglari haqida hikoya qilinadi. Muallif aslida turk bo‘lib, arab, fors tillaridagi tarixiy asarlardan yaxshi xabardor edi. U Ulug‘bek to‘g‘risida, uning ilmiy va siyosiy faoliyati hamda fojiali halokati haqida mufassal bayon qiladi.

Va nihoyat, 1739 yili Parijda «Temurlangning tarixi» nomli ikki jildlik kitob nashr etildi. Bu asarda Ulug‘bek haqida shunday jumla bor: «Mirzo Ulug‘bek Temurning Xitoyga yurishidan oldinoq Toshkent, Sayram shaharlarining va butun o‘zbeklar yerining hokimi bo‘ldi».

Yuqorida eslatilgan barcha asarlarning mualliflari sharqshunoslikka aloqador bo‘lib, Sharafiddin Ali Yazdiyning «Zafarnoma»sidan ham foydalanishgan. «Zafarnoma» esa 1722 yili Parijda Peti de la Krua tomonidan to‘rt jildda nashr etilgan edi. Binobarin, G‘arbiy Yevropada yaratilgan tarixiy asarlar tufayli Ulug‘bekning nomi olim va davlat arbobi sifatida Volterdan ancha ilgariroq ko‘pchilikka ma’lum bo‘lgan.

Ulardan tashqari, XVII asrning oxirgi choragida Frantsiyada ikkita dramatik asar paydo bo‘ldi: birinchisi — Jan Rasinning (1639—1699) 1674 yili yozilgan «Boyazid» nomli besh aktli fojiasi, ikkinchisi — Nikola Pradonning (1632—1698) 1679 yili yaratilgan «Temurlang yoki Boyazidning halokati» nomli fojiasi edi. Volter davrida bu asarlar Parij sahnalarida qo‘yilardi. Temurga bag‘ishlangan tarixiy asarlarda ham, sahna asarlarida ham Ulug‘bek ularning qahramoni sifatida ishtirok etar edi. Ana shu bois Volter tasavvurida Ulug‘bek Movarounnahrning hokimi sifatida gavdalanar edi.

Endi Volterning Ulug‘bekni astronom sifatida bilishiga kelsak, bu asosan Ulug‘bek «Ziji»ning Yevropadagi tarixi bilan bog‘liq. 1648 yili ingliz astronomi Jon Grivs Ulug‘bek «Zij»ining yulduzlar katalogini o‘z ichiga olgan «Kanikulyariya» nomli asarini nashr etadi. Bu kitobning nomida «bir necha mashhur yulduzlarning uzunlama va kenglamalari buyuk Temurlangning nabirasi Ulug‘bekning astronomik kuzatishlaridan olinganligi» ta’kidlangan. O‘sha yili Grivs «Ikki geografik jadval, biri Nasriddin forsniki, ikkinchisi Ulug‘bek tatarniki» nomli yana bir asarni nashr etadi. U G‘arbiy Yevropada o‘sha davrda hukm surgan, barcha turkiy xalqlarni tatar degan an’anaga ko‘ra Ulug‘bekni tatar deb bilardi.

1650 yili Grivs Ulug‘bekning «Zij»i asosida «Xitoy, suryon-yunon, arab, xorazmlik astronomlar va solnomachilar tomonidan umumiy tarzda qabul qilingan eng muhim sanalar. Gangning bu tarafidagi yerlarning hokimi Ulug‘bekning an’anasiga ko‘ra, Jon Grivs tomonidan birinchi marta nashr etilgan, tahrir qilingan va izohlar bilan bayon etilgan» nomli uchinchi asarini nashr etadi. Bu uch asardan keyingi ikkitasi ikki yildan so‘ng qayta chop qilinadi.

Boshqa bir ingliz olimi Tomas Hayd 1665 yili Ulug‘bek «Zij»idagi yulduzlar katalogini nashr etdi. Bu nashrning nomida «Jayhunning u yoq va bu yog‘ining qudratli hokimi, buyuk Temurlangning nabirasi Ulug‘bekning kuzatishlari asosida» deyilgan.

Bundan ko‘rinadiki, hatto XVII asrda nashr etilgan astronomik asarlarning nomida ham Ulug‘bek astronom va Temurning nabirasi bo‘lib, Movarounnahrning hokimi ekanligi tasdiqlangan.

Xullas, Ulug‘bek Volterni «Zadig» qissasini yozishga ruhlantirib, XVIII asrning genial mutafakkiri ijodida muhim rol o‘ynagan.

Shuningdek, Peterburg olimlarining ilmiy ishlari ham Volter uchun Ulug‘bek va uning «Zij»i haqidagi manba bo‘lib xizmat etgan. Volter XVIII asrning birinchi yarmidagi taniqli astronom J. N. Delil (1688—1768) bilan shaxsan tanish edi. Bu olim Peterburgga ishga taklif etiladi va 1726 yili Parijdan Rossiyaga keladi. U «Zij» bilan jiddiy qiziqadi va 1711 yildan boshlab Ulug‘bek «Ziji»ning Peterburgda gruzin tiliga tarjima etilishiga rahbarlik qiladi. Keyinchalik u «Zij»ni chuqurroq tahlil qilishga kirishar ekan, ayni vaqtda Parij bilan, xususan Volter bilan uzviy aloqada bo‘ladi va ikkovlari o‘zaro fikr almashib turishadi.

Yuqorida aytilganlardan ko‘rinadiki, Ulug‘bek o‘zining mashhur astronomik asari «Zij» tufayli faqat Sharqda emas, G‘arbda ham katta shuhrat qozongan va Yevropaning Volter kabi yirik mutafakkirlari ijodida chuqur iz qoldirgan.

“Fan va turmush” jurnali, 1989 yil 6-son