Qatag‘on yillari haqida gap ketganda, mustabid tuzum, noodil saltanat, adolatsiz zamon, minglab odamlar umrining bevaqt xazon bo‘lgani haqida eshitamiz. Yaqin-yaqingacha esa stalinchilar va o‘sha zamon ruhi bilan yashovchilar “staxanovchilar” — NKVD jallodlari haqida sukut saqlab, hech nima deyishmagan. Vaholanki, bu kasb egalari orasida o‘ziga xos rekord qo‘yganlar ham bor. Shaxsan Vasiliy Bloxin 10 — 15 ming, Pyotr Maggo esa 10 ming mahkumni otib o‘ldirishgan. Aksariyat jallodlar o‘z ajali bilan o‘lim topishgan va hurmat-ehtirom bilan dafn qilingan…
Qo‘rqinchli raqamlar
GULAG arzipelagi! Biz u haqida tilga olmoqchi emasmiz. GULAG jazo mashinasining bir qismi edi, xolos. U yerdagi yuz minglab odamlar azob-uqubat chekkani yetmagandek, otuv xonalari va poligonlarda hayot yo‘llariga nuqta qo‘yildi. NKVD (keyinroq MGB) xuddi mashina kabi ishlaydigan otuv tizimini ishlab chiqqan edi.
Bu tizimning miqyosi hayrat va dahshatga soladi. Qatag‘on davrining cho‘qqisi, 1937 yili 353.074 kishi otilgan, bu esa — kuniga 1000 mahbus o‘ldirilgan degani! 1938 yili — 328.618 mahkum qatl etilgan. Keyinroq otilganlar soni qisqardi (1939 yili — 2.552, 1940 yili — 1.649, 1950 yili esa — 1.609, Stalinning o‘limiga qadar har yili taxminan shuncha kishi oliy jazoga hukm qilingan). Shunga qaramay, bu yillarda mahbuslarni otish bilan mashg‘ul xodimlarning ishlari yetarli edi — goh o‘n minglab polyak ofitserlarini (Katin, Kalinin), goh ikkinchi jahon urushi qochoqlarini qatl etishardi.
Otuvlarning katta qismi (60 foizgacha) Lubyankadagi uzoqqa cho‘zilmagan so‘roqlar va hibsda o‘tirish hamda “troyka”ning sudsiz hukmidan keyin Moskvada amalga oshirilar edi. Shu bois NKVD “staxanovchilari”, asosan, poytaxtda ishlashgan. Ularning doirasi chegaralangan — butun Moskva bo‘ylab 10 — 15 ming kishi edi. Jallodlarning kam sonli bo‘lgani sababini bu ishni amalga oshiradiganlarni topish qiyinligi bilan izohlash mumkin. Haqiqiy jallod o‘z kasbining ustasi bo‘lishi: ruhiy jihatdan chidamli (vaholanki, gohida eng tajribali staxanovchilarning psixikasi ham dosh bermagan), professional ko‘nikmaga ega, sir tuta biladigan (hatto jallodlarning yaqin insonlari ham ularning NKVD idorasida nima ish bilan shug‘ullanishlarini bilmagan) va o‘z ishiga sadoqatli bo‘lmog‘i shart edi.
Shunday jallodlardan biri rekordchi — Vasiliy Mixaylovchi Bloxin bo‘lgan. U uzoq davom etgan mehnat faoliyati davomida 15.000 odamning hayotiga nuqta qo‘ygan (ayrim manbalarda 20.000). Boshqa ikki sovrindor — Pyotr Ivanovich Maggo va S.N.Nadaraya esa taxminan 10.000 nafardan mahkumni qatl etishgan.
Vasiliy Ivanovich Bloxin 1895 yili Vladimir viloyatida kambag‘al dehqon oilasida tug‘ilgan. 15 yoshida Moskvada tosh yo‘nuvchi bo‘lib ishlay boshlagan. Keyin o‘zini harbiy sohaga bag‘ishladi. Birinchi jahon urushigacha unter-ofitser unvoniga ega bo‘ldi. 1921 yildan ChK idorasida faoliyat ko‘rsatdi. 1926 yildan esa OGPU-NKVD-MGB komendanti kursisiga o‘tirdi. 1953 yilgacha — pensiga chiqquniga qadar shu lavozimda ishlab, mahkumlarni otishga rahbarlik qildi. U komendantlik amali bo‘lganida, ya’ni ishidan ajralmagan holda Moskva me’morchilik-qurilish institutini tugatdi. Ziyoli odamga aylandi.
Bloxinning ishi og‘ir edi. Taxminan 15 kishidan iborat otuv komandasidan faqat yolg‘iz ugina sog‘lom holda pensiyaga yetib bordi. Bu, aftidan, ishlab chiqarishdagi texnika xavfsizligiga hamisha rioya qilgani va ish joyida ichkilikka ruju qo‘ymagani tufayli bo‘lsa kerak.
Qatl oldidan ma’ruza
Jallodlardan biri Yemelyanov shunday xotirlaydi: “Turgan gapki, biz hushimizni yo‘qotguncha aroq ichardik. Nachora, ishimiz yengil emas edi. Shu qadar toliqardikki, zo‘rg‘a oyoqda turardik. Atirda yuvinganmiz. Belimizgacha. Aks holda qon va porox hididan xalos bo‘lolmasdik. Bizdan, hatto itlar o‘zini olib qochar, uvlaganda ham uzoqdan hurishardi”.
O‘lim ijrochilari hayotda erta vafot etishgan yoki aqldan ozishgan. Axir, bu ishdan qanday qilib kasal bo‘lmaslik mumkin? O‘z ajali bilan o‘lganlar — Yusis (1931 yili), Maggo (1941), Vasiliy Shigalyov (1942) va uning ukasi Ivan Shigalyov (1944). Ko‘pchilik Yemelyanov kabi ruhiy xastalik tufayli nogiron bo‘lib yoki Machga o‘xshab asabiy-ruhiy kasallikka duchor bo‘lib, pensiyaga chiqishdi. Yemelyanovni ishdan bo‘shatish haqida buyruqda shunday deyilgan: “O‘rt. Yemelyanov kasalligi (shizofreniya) sababli pensiyaga kuzatiladi, bu uning tezkor idoralarda haddan tashqari uzoq ishlagani bilan bog‘liq”.
Pyotr Ivanovich Maggo esa, bir kuni 20 nafar mahkumni otib bo‘lgach, shunchalik qahr-g‘azabga to‘ldiki, yonida turgan alohida ishlar bo‘yicha bo‘lim boshlig‘i Popovni qurbon bilan adashtirib baqirib yubordi: “Sen nega turibsan? Ust-boshingni yech! Tez bo‘l! Aks holda turgan joyingda otib tashlayman!” Qo‘rqib ketgan Popov o‘z ishiga berilgan mutaassibdan zo‘rg‘a qutuldi.
Nimadir bo‘lib, Maggo uning boshlig‘i I.D.Bergning qo‘liga tushib qoldi. Berg Maggo aytgan so‘zlarga tayanib, yozma hisobotida “ko‘pchilik mahkumlar “Yashasin, Stalin!” deb o‘lishi”ni qayd etdi. Rahbariyatning mazkur hisobot hoshiyasiga yozgan ko‘rsatmasi shunday bo‘ldi: “otishga mahkum etilganlar eng noqulay vaziyatda ham dohiy nomini badnom qilmasliklari uchun ular o‘rtasida tarbiyaviy ishlar olib borilsin”. Pyotr Ivanovichning otish oldidan ma’ruza o‘qishiga to‘g‘ri keldi.
Mago Novodeviche mozoriga ko‘milgan. Vaqti-vaqti bilan kimdir uning qabriga “jallod” degan yozuvni tashlab ketadi.
Vasiliy Ivanovich Bloxin esa otish oldidan kerakli charm kiyimlari — tizzasidan past etakni taqar, qo‘nji tirsakkacha yetadigan qo‘lqop kiyar va boshiga shlyapasini bostirardi. Otishdan avval va keyin shoshilmay choy ichishni xush ko‘rardi. U bolaligidan otlarni yoqtirgan (10 yoshida cho‘ponlik qilgan) va ish oralig‘idagi tanaffusda bu jonivorlar rasmi aks etgan kitoblarni varaqlagan. O‘limidan keyin Bloxinning yilqichilik haqidagi taxminan 700 ta kitobdan ibrat kutubxona qoldi. Bu odam bo‘shashishni uddalardi.
Darvoqe, Katinini otish ishiga aynan Bloxin rahbarlik qildi va shaxsan o‘zi 700 nafar mahkumga qarata o‘q uzdi.
1991 yili SSSR harbiy bosh prokuraturasida so‘roq qilgan ushbu otuv guruhi a’zolaridan biri, Kalinin viloyati UNKVD sobiq boshlig‘i Tokaryov quyidagilarni gapirib bergan:
“Yablokov (tergovchi): — Agar men to‘g‘ri tushungan bo‘lsam, polyak harbiy mahbuslarini “Valter”dan otishgan. To‘g‘rimi?
Tokaryov: — Ha, “Valter”dan. Yaxshi eslab qolganimning boisi, bu qurolni jomadonga to‘ldirib olib kelishardi. Bloxinning o‘zi rahbarlik qilardi. U to‘pponchalarni berar, ish yakunlangach esa to‘pponchalar yig‘ib olinardi. Bloxinning o‘zi yig‘ardi”.
Vasiliy Ivanovich Bloxin 1955 yili Novodeviche qabristonida dafn etildi. Bu sharafli joyda boshqa stalinchi jallodlar ham ko‘milgan. Darvoqe, Beriya hisbga olinganidan so‘ng Bloxinni general-mayor unvoni va 8 ta ordeni, shuningdek, 3150 rubllik pensiyasidan (o‘shanda mamlakat miqyosida o‘rtacha maosh 700 rubl edi) mahrum qilishdi. Bloxin bunday “qatag‘on”larga chiday olmadi va infarkt tufayli hayotdan ko‘z yumdi. 1960 yilning oxirida, o‘limidan so‘ng unvoni va ordenlarini qaytarishdi, obro‘-e’tibori va avvalgi huquqlari amaliy jihatdan tiklandi.
Ichkilikbozlik va mukofotlar
Otuv haqiqatda o‘ziga xos san’atga aylangan edi. Pyotr Maggo tajribasiz jallodlarga shunday deb o‘rgatgan:
“Otishga eltayotgan odamning qo‘llari albatta orqasiga bog‘langan bo‘lishi shart. Unga oldinga yurishni buyurasan, o‘zing esa qo‘lingda nagan (to‘pponcha) bilan orqasidan ergashasan. Kerakli joyda “o‘ngga”, “chapga” deb amr qilasan. Qipiq yoki tuproq tayyorlab qo‘yilgan joygacha shu tariqa olib borasan. U yerda stvol ensasiga qo‘yiladi va trrrax! Bir vaqtning o‘zida yumshoq joyiga qattiq tepasan. Gimnastyorkaga qon sachramasligi va xotining yana qaytadan yuvmasligi uchun”.
Quyida esa yuqorida tilga olingan Tokaryovning 1940 yil 5 aprelda polyak ofitserlari qanday otilgani haqidagi tasviri keltiriladi:
“Bloxin “Qani, ketdik, yuringlar, boshlaymiz” deb imo qildi. Keyin egniga maxsus kiyimlari: malla charm shlyapa, uzun charm plashch, qo‘nji tirsagini ishg‘ol qiladigan malla charm qo‘lqoplarini kiydi. Bu menda katta taassurot qoldirdi — men jallodni ko‘rdim.
Bloxin va Rubanov yo‘lak bo‘ylab odamlarni bittadan olib kelishar, keyin qizil xona joylashgan o‘ng tomonga o‘girishardi. Bu yerda turli targ‘ibot-tashviqot plakatlari ilingan, Leninning gips haykalchasi bor edi. Qizil xona yoki Lenin xonasi 5x5 metr o‘lchamdan iborat edi. Bu yerda mahbusdan ismi va tug‘ilgan sanasini so‘rab, so‘nggi bor shaxsini tekshirishardi. Keyin hech qanday xato bo‘lmasligi uchun ro‘yxatga belgilab qo‘yishardi.
Nihoyat polyak ofitseri yoki politsiyachisiga kishan urib, “jismoniy jazo kamerasi”ga olib borishardi. U yerda mahbusning boshiga orqasidan o‘q uzib, hayotiga nuqta qo‘yilardi…” Tajribali jallodlar qanday ish tutganini yozishga qalam ojiz. Eting junjikib ketadi, kishi. Ular qay tariqa o‘q uzishsa, qon kam chiqishini bilishardi. Bir kunda kamida 250 kishining umriga zomin bo‘lishardi.
Murdalarni qotillik qilingan kameradan zaxira eshik orqali kutib turgan yuk mashinasiga uloqtirishgan. Bu avtoulov har kuni miya va qondan tozalab yuvilgan. Jasadlar ustini (har bir avtomobilda 25 — 30 ta) brezent bilan yopishardi. “Operatsiya”dan so‘ng Bloxin ularni yoqib yuborishga buyruq berardi. Avtomobilga uloqtirilgan jasadlarni Mednoyedan uncha olis bo‘lmagan o‘rmondagi umumiy o‘raga olib borishardi. Bu ulkan xandaqni NKVDchi, ekskavator boshqaruvchisi o‘zining yordamchisi bilan qazib qo‘ygan bo‘lardi.
Ostashkovodagi barcha mahkumlar yo‘q qilingach, Bloxin 6300 dan ziyod odamni o‘ldirganlar uchun maxsus ichkilikbozlik ziyofatini uyushtirdi. Uning o‘zi bir oylik maoshi miqdorida mukofot puli oldi. Rag‘bat sifatida kimgadir nagan, velosiped, patefon berildi. Ko‘pincha esa bunday taqdirlanishlar otuvdan avval bo‘lib o‘tardi.
Otganlar ham… otilsin!
Yuqorida qayd etilganidek, Stalinning o‘limidan so‘ng jallodlar deyarli jazolanmagan. Bu borada Narayan eng ko‘p “jabr ko‘rgan” hisoblanadi. U L.P.Beriyaning shaxsiy qo‘riqchiligi boshlig‘i vazifasida xizmat qilgan edi. Universal mutaxassis — tergovni shaxsan o‘zi olib borgan va shaxsan o‘zi otgan. Mehnat unumdorligiga erishgan — bir kechada 50 tagacha “ijro”! 1955 yili Narayan 10 yilga lagerga hukm qilindi. 1965 yili ozod etildi va pensioner sifatida Gruziyada xotirjam yashadi.
Martabasi pastroq jallodlar (yuz nafar mahkumni qatl qilganlar) orasida o‘zlari otilganlar ham bor. Bu borada 1937 yil oktyabrda Kareliyaning Sandarmoxa shahri “Solovetskiy bosqichi”dagi ommaviy otishda ishtirok etgan NKVDchilar taqdirini ko‘rsatish mumkin (o‘shanda salkam ikki ming murda bo‘lgan).
Otishlar 27 oktyabrda boshlandi, keyin esa to‘rt kunlik tanaffus bo‘ldi. Sababi, mahbuslardan biri qochgani bois dili siyoh bo‘lgan bosh jallod Matveev surunkasiga ichib olgan edi (ko‘p o‘tmay o‘sha mahbusni tutib olishdi va qatl qilindi). 1 noyabrda otish tadbiri tiklanib, 4 noyabrgacha davom ettirildi. Operatsiyadan so‘ng ba’zi jallodlar mukofotlandi, ayrimlari esa (dekabr oyida, ya’ni bir oy o‘tgach) hibsga olindi.
Masalan, UNKVD idorasining 1937 yil 20 dekabrdagi buyrug‘iga ko‘ra, “kontrrevolyutsiyaga qarshi kurashda fidokorlik ko‘rsatgan” “Solovetskiy bosqichi” bosh jallodi Matveev qimmatbaho mukofot — plastinkasi bo‘lgan radiola, tezkor brigadaning boshqa a’zolari esa Korovin rusumli to‘pponchalar va soatlar bilan taqdirlanishdi.
“Solovetskiy bosqichi” otuvida ishtirok etgan yoxud bevosita bu ishga aloqador ko‘plab xodimlar hibsga olindi va Moskvaga yuborildi. Ular — SSSR GUGB NKVDning 10-qamoqxonasi boshlig‘i moskvalik Nikolay (Luka) Antonov-Grisyuk, yana bir moskvalik — davlat xavfsizligi katta mayori, suv transporti xalq komissari o‘rinbosari Veynshtok Yakov Markovich edi.
Operatsiya o‘tkazilishi uchun Karlagdan maxsus chaqirtirilgan, Qarag‘anda ITL 2-bo‘limi boshlig‘i Vsevolod Mixaylovich Krukovskiy ham hibsga olindi. Shuningdek, Leningrad viloyati prokurori, uchlik a’zosi B.P.Pozern qamoqqa olinib, Moskvaga yuborildi.
Ularning barchasi josuslik va qo‘poruvchilikda ayblanib, Moskvada sud qilindi va otib tashlandi, murdalari yoqib yuborish uchun Don krematoriysiga jo‘natildi. Ajablanarlisi, bu mahkumlarni vaqtida ular bilan yonma-yon ishlagan hamkasbi Vasiliy Mixaylovich Bloxin qatl qildi.
Avval boshliq, so‘ng mahbus, keyin yana… boshliq
Jallodlik qilib, keyin otilgan barcha NKVDchilarning obro‘-e’tiborlari keyinchalik turli yillarda oqlanib, ilgari huquqlari tiklandi.
Oradan bir yil o‘tib, 1939 yil mart oyida L.P.Beriya sanktsiyasiga ko‘ra, Sandormoxdagi “Solovetskiy bosqichi”ning bosh ijrochisi Matveev ham hibsga olindi (“safni beriyacha tozalash” tufayli).
Biroq “Solovetskiy bosqichi”dagi boshqa jallodlardan farqli o‘laroq, Matveevning taqdiri omadli kechdi. U NKVD LVO harbiy qo‘shinlari tribunali tomonidan RSFSR jinoyat kodeksining 103-17 “a” moddasiga muvofiq, 10 yilga ozodlikdan mahrum etildi. Ish SSSR oliy sudi harbiy kollegiyasi tomonidan qayta ko‘rib chiqilgach esa, jazo muddati 3 yilgacha qisqartirildi. Mukofotlari saqlab qolindi. Matveev jazoni Volgolagda o‘tadi, birozdan so‘ng esa, muddatidan oldin ozod qilishdi.
Urush vaqtida Matveev allaqachon UNKGB ichki hibsxonasi boshlig‘i lavozimini egallagan edi. Avvalgi mukofotlari qatoriga Lenin ordeni qo‘shildi. Matveev ba’zida oldingi hunariga takrorlab turar — mahkumlarga qarata o‘q uzardi. U risoladagidek umr kechirib, Brejnev zamonida o‘z ajali bilan vafot etdi.
“Solovetskiy bosqichi”dagi yana bir jallod Garin (400 nafarga yaqin odamni qatl qilgan) 1938 yilning bahorida Kareliya lageri boshlig‘i vazifasiga o‘tkazildi. U oradan ikki yil o‘tib, 1940 yili yurak xuruji tufayli vafot etdi va hurmat-ehtirom bilan Novodeviche qabristoniga dafn qilindi.
Jallod Rayevskiy (300 mahkumni otgan) Beriyaning sanktsiyasiga muvofiq, “Solovka oroli lageridagi mahbuslar o‘rtasida mavjud bo‘lgan kontrrevolyutsion isyonchilar tashkiloti rahnamolaridan biri” sifatida hibsga olindi. Ujlagdagi jarima punkti izolyatorida jazoni o‘tadi. Xrushchyov davrida oqlanganidan so‘ng uning podpolkovnik unvoni tiklandi.
Mazkur ish bo‘yicha sudlangan jallod Kollegov esa hukmga ko‘ra otib tashlanib, keyinchalik vafotidan so‘ng shon-sharafi tiklandi.
Bu jallodlarning barchasi bugun ayrimlar nazarida “stalincha qatag‘on qurbonlari” hisoblanadi. Ulardan ba’zilarining ism-sharifi, hatto FSB (federal xizmatlar byurosi) sharaflar zaliga ham kiritilgan.