Amriddin Berdimurodov. Asrlarni bo‘ylagan bunyodkorlik

Sohibqiron Amir Temur yashab o‘tgandan buyon sal kam yetti asrga yaqin vaqt o‘tgan bo‘lsa-da, bu ulug‘ zotning hayoti va faoliyatiga bo‘lgan qiziqish kundan-kunga kuchayib bormoqda. Amir Temurning dunyoqarashi, hayoti va faoliyatini, amalga oshirgan bunyodkorliklarini bor bo‘y-basti bilan anglash uchun Turon tarixining XIII asrdagi manzarasiga qayta-qayta nazar solishga to‘g‘ri keladi.

XIII asrning birinchi yarmi. Mo‘g‘ul hukmdori Temuchin — Chingizxon o‘z qo‘shinlari bilan obod Movarounnahrga bostirib kirdi, gullab-yashnagan shahar va qishloqlarning kulini ko‘kka sovurdi. Sug‘orish tarmoqlari, ekinzorlar, bog‘lar vayron qilindi. Bu yurtning ne-ne botirlari yov bilan bo‘lgan janglarda shahid bo‘ldilar. Ziyolilar, hunarmandlar, bilagida kuch-quvvati borlarni yov qul qilib Mo‘g‘ulistonga olib ketdi. Movarounnahrdagi davlatchilik, tartib-qoidalar yo‘q qilindi. Masjid, madrasalar yondirilib, muqaddas kitob­lar mo‘g‘ul otlarining tuyoqlari ostiga tashlandi…

Islom dinining yetuk namoyandalari xo‘rlandilar, tahqirlandilar. Iymon-e’tiqodga putur yetdi… XIV asrning birinchi yarmida qirg‘inbarot janglarning yaralari biroz bitgan bo‘lsa-da, ma’naviyat, e’tiqod va iqtisoddagi inqirozlar yanada chuqurlashib ketgandi. Mo‘g‘ul xonlari o‘rtasidagi toju taxt uchun boshlangan nizolar, siyosiy tarqoqlik, og‘ir soliqlar xalqning tinka-madorini batamom quritgandi. Davlatchilik an’analari batamom parokanda bo‘lgan, eng og‘iri qullik, mu’telik xalqning yuragiga chuqur o‘rnashib olgandi.

Shunday mashaqqatli og‘ir davrda Amir Temur bobomizga jafokash Movarounnahrni qayta tiklash, bu yerda qudratli davlat barpo qilish baxti nasib etdi. Taqdir Sohibqironga bu ulug‘ yumush uchun bor yo‘g‘i 36 yil ajratgan edi. Bu yillar insoniyat tarixidagi eng yorqin mangu oltin 36 sahifa sifatida abadiy muhrlanib qoldi. Temurbek hazratlari o‘ttiz olti yillik hukmdorlik davrida nafaqat Movarounnahr xalqining yuragidan qullik asoratlarini yulib tashladi, balki uning qaddini, g‘ururini ko‘tarib, dunyo­ning eng ilg‘or, qudratli xalqiga aylantirdi. Bu insoniyat tarixida juda kam sodir bo‘ladigan chinakam mo‘jiza edi. Xo‘sh, bu mo‘jizaning siri nimada? Bu mo‘jizaning sodir bo‘lish jarayoni qaysi omillar bilan bog‘liq?

Bu savollarga javob topmoq uchun qariyb yetti asr beridan turib, Sohibqiron yashagan davrning tarixiy manzarasiga nazar solaylik. 1370 yilning 9 aprelida Balx shahrida bo‘lib o‘tgan qurultoyda Amir Temurga “Podshohlikka va davlat boshqarishga loyiq” zot sifatida yuksak ehtirom va ishonch bildirildi. Biroq bunday yuksak ishonchga sazovor bo‘lmoq uchun bobomiz yovqurligu bahodirlikda, yurt sha’nini qanday himoya qilish borasida ko‘rsatgan qahramonliklar, izchillik bilan olib borilgan kurashlarning o‘zi juda katta sinov bo‘ldi. Amir Temur Balxdan, ona shahri Keshga qaytib, bu yerda ikki oy turib, uzoq fikr-mulohazalardan so‘ng Samarqandni saltanat poytaxtiga aylantirishga qaror qildi. Sohibqiron Samarqand­ga kelganida, shaharning na mudofaa devorlari va na biror bir hashamatli saroyi bor edi. Mo‘g‘ullar Samar­qandning qadimgi o‘rni — Afrosiyobni shu darajada vayron qilgandilarki, uni tiklashning va bu joyda yashashning aslo imkoni qolmagan edi. Yaxshisi bu haqda Chingizxon bos­qinidan so‘ng ancha vaqt o‘tgach Samarqandga kelgan arab sayyohi Ibn Battutaning yozganlariga e’tibor beraylik. Sayyoh o‘z kundaliklariga: “Shahar aholisi sayr qilib ko‘ngil ochish uchun xufton namozidan so‘ng yig‘ilib daryo bo‘yiga keladilar. Bu yerda ular uchun taxtasupalar va do‘konlar hozirlangan bo‘lib, meva-cheva va boshqa taomlar bilan savdo qilinadi. Daryo qirg‘og‘ida shunday ulkan saroylar va binolar qad ko‘tarib turardi, ular Samarqand aholisining yuksak mahorat sohibi ekanligidan dalolat beradi. Ammo mazkur binolar, endilikda shaharning aksariyat qismlari kabi xarobaga aylangan. Ularning devorlari ham, darvozalari ham yo‘q” — deb yozgan edi. Amir Temur ­Samarqandga kelganida mana shunday ayanchli manzaraga duch kelgandi.

Sohibqiron o‘z oldiga qo‘ygan olamshumul rejalar va bunyodkorliklarni amalga oshirish uchun kuchli davlat boshqaruvi hamda mukammal qonun-qoidalar, soliq tizimlarini joriy qilish zarurligini yaxshi idrok etardi. Shu sababli bobomiz o‘zidan oldin yashab o‘tgan hukmdorlar joriy qilgan davlatni boshqaruv usullari, qonun-qoidalar, iqtisodiy tajribalarni qunt bilan o‘rgandi. Boshqacha aytadigan bo‘lsak, Amir ­Temur o‘zigacha bo‘lgan o‘zbek davlatchiligining ikki ming yillik tajribasini o‘rganib chiqib uni takomillashtirdi, yangi tartib-qoidalar bilan boyitdi, eskirgan jihatlarini bekor qildi.

Ayniqsa, Amir Temurning iqtisodiy sohalarda qilgan o‘zgarishlari diqqatga sazovordir.

Sohibqiron o‘z davlatida ilk marta daromad solig‘ini joriy etdi. Bu soliq turi bugungi kunda jahonning barcha davlatlarida qo‘llanilmoqda. Insoniyat hozirgacha ham bundan bosh­qa mukammal soliq turini ixtiro qila olgan emas. Amir Temur o‘z saltanati uchun davlatchilik qonun-qoidalarini yaratar ekan, albatta, X asrda yashab o‘tgan ulug‘ mutafakkir Abu Nasr Forobiyning “Fozil odamlar shahri” va XI asrda yashab o‘tgan tadbirkor vazir Nizomulmulkning “Siyosatnoma yoki Siyar ul-muluk” asarlari bilan yaqindan tanishib chiqqan.Sohibqiron o‘z “Tuzuklari”da Nizomulmulkni bir necha marta tilga olib o‘tganligi ham fikrlarimizni isbotlab turibdi.

1370 yilning kuzida Amir Temur Samarqandda katta qurultoy chaqiradi va unga barcha amirlar, beklar, lashkarboshilar, olimu ulamolar va islom dinining peshvolarini chorlaydi. Qurultoyda mo‘g‘ullar tomonidan tanazzulga uchratilgan davlatchilikni tiklash, poytaxt va mamlakatni obod qilish, mamlakatdagi tar­qoqlikka barham berish, iqtisodiy islohotlar o‘tkazib xalqning ahvolini yaxshilash, mamlakatning mudofaa qudratini oshirish kabi muhim masalalar muhokama qilinadi.

Amir Temur bobomiz tomonidan amalga oshirilgan dastlabki tadbirlardan yana biri bu — xalqning ma’naviyatini tiklash, uning toptalgan g‘ururini ko‘tarish edi. Chunki bobomiz ma’naviyati past, g‘ururi toptalgan xalq ulkan bunyodkorlik ishlarini amalga oshirishga qodir emasligini yaxshi anglardi. Shu sababli dastlab Movarounnahrda yashab o‘tgan olimu ulamolarning xotiralarini tikladi, ularning qabr­lari ustiga maqbaralar barpo qildi, ulardan qolgan asarlarni ko‘p nusxada qayta ko‘chirtirdi.

Mamlakatning katta-kichik shaharlarida maktab va madrasalar, masjidlar, xonaqohlar, kutubxonalar bun­yod qildi. Oqsaroy, Ko‘ksaroy va Bo‘stonsaroy kabi mahobatli saroylar qurdirdi. Natijada, Movarounnahrning barcha shaharlarida, ulkan bunyodkorlik ishlari boshlanib ketdi. Amir Temurdan ibrat olgan shahzodalar, malikalar, amirlar va hokimlar ham o‘z mablag‘lari hisobidan turli inshootlar, ko‘priklar, bog‘ va saroylar barpo qilishga kirishdilar.

Ayrim olimlar Amir Temur dunyoning turli tomonlaridan me’morlar va ustalarni poytaxti Samarqandga olib kelgan, ularning mehnati tufayli Samarqand va Movaroun­nahrda ulkan inshootlar barpo qilingan, deb yozishni yaxshi ko‘radilar. To‘g‘ri Sohibqiron istilo qilingan mamlakatlardan Samarqandga me’morlar va ustalarni olib kelgani bu tarixiy fakt. Biz buni inkor qilmaymiz. Biroq chetdan kelgan me’mor va ustalarning o‘z yurtimizdan yetishib chiqqan me’morlar va ustalar rahbarligida, ularning qo‘l ostida mehnat qilganliklari ham tarixiy haqiqatdir. Qolaversa, XIV asrda dunyoning biron bir mamlakatida Samarqanddagidan mahobatli inshootlar hali barpo qilingan emasdi. Eronu Xuroson yoki Hindis­tonda Samarqanddagi ulug‘vor inshootlarga andoza bo‘ladigan inshootlar hali yo‘q edi. Ulug‘vor inshootlarni moviy gumbazlar va moviy koshinlar bilan bezatish usuli, eng avvalo, XIV asrda aynan poytaxt ­Samarqandda kashf qilinganligi ham ayon haqiqatdir.

Xo‘sh, Amir Temur davridagi ulkan bunyodkorlikning ildizlari qayerda? Sohibqiron bobomiz nimalardan andoza olib, nimalarga tayanib bunday olamshumul ishlarni amalga oshirdi?

Ma’lumki, Sohibqiron to umrining oxirigacha “Kuch — adolatdadir”, degan aqidaga amal qilib yashadi. Bu haqiqatni o‘ziga dasturulamal qilib oldi va boshqalardan ham shuni talab qildi. Sharqda qadim-qadimdan “Adolat” tushunchasiga alohida e’tibor berilgan va hukmdorlarga beriladigan bahoda bu mezon yetakchilik qilgan. Xitoy tarixiy yilnomalarida yozilishicha, VII — VIII asrda Samar­qandda “Adolat uyi” nomli ulkan ibodatxona mavjud bo‘lgan. Unda turkiy tilda yozilgan qonunlar to‘plami saqlangan. Amir Temur hamisha amal qilgan “Kuch — adolatdadir” degan mezon ham uzoq o‘tmishning buyuk qadriyati sifatida uning yuragiga o‘rnashmaganmikan?

Amir Temur va Temuriylar davrida Movarounnahr, Xuroson hamda Hindistonda ulug‘vor, osmono‘par inshootlar bunyod qilinganining tarixiy ildizlari ham olis moziyga borib tutashadi.

Yunon tarixchilari yozishicha, Iskandar Maqduniy eramizdan oldingi 329 yili Samarqandga kelganida bu shaharning obodligi va ko‘rkamligidan hayratga tushgan. Hashamatli saroylarda bazmlar uyushtirgan. Arxeologlarimiz Samarqandning qadimgi o‘rni — Afrosiyobda qazishma ishlarini olib borganlarida VII — VIII, X — XII asrlarga oid hashamatli saroylarning qoldiqlarini topganlari ham bejiz emas.

Bunday ulug‘vor saroylar va qasrlar Qadimgi Xorazm, Janubiy Baqtriya, So‘g‘d va Shosh kabi tarixiy o‘lkalardan ham juda ko‘plab topilib o‘rganilgan. Amir Temur davrida barpo qilingan mahobatli saroylar, qasrlar, masjidlar yuqorida tilga olingan inshootlarning XIV asrda yanada boyitilgan va rivojlantirilgan yangi qiyofalaridir, desak xato bo‘lmaydi.

Ma’lumki, Amir Temur bobomiz davlatning taraqqiy etishida ichki va tashqi savdoning ahamiyati juda katta ekanligini teran anglagan. Shu sababli Sharq va G‘arb mamlakatlarini o‘zaro bog‘laydigan savdo — karvon yo‘li — Buyuk Ipak yo‘lining rivojiga katta e’tibor bergan. Avvalambor, Buyuk Ipak yo‘li yoqasida in qurgan qaroqchilarni butunlay yo‘q qilib, bu yo‘lning xavfsizligini ta’minlagan. Savdo yo‘li ustiga karvonsaroylar, yomxonalar barpo qildirgan, karvon yo‘lining cho‘l va dasht­lardan o‘tadigan qismlarida yetarli darajada suv bo‘lishi uchun maxsus sardobalar qurdirgan.

Amir Temur nafaqat Sharq mamlakatlari, balki G‘arb mamlakatlari bilan ham savdo aloqalarini yo‘lga qo‘yishga harakat qilgan. Frantsiya qiroli Karl VI va Angliya qiroli Genrix IV bilan olib borgan diplomatik yozishmalarida bu mamlakatlar bilan savdo aloqalarini o‘rnatish taklifini bildirgan. Amir Temurning sa’y-harakatlari bilan Movarounnahrlik savdogarlar Eron, Xuroson, Xitoy, Arab mamlakatlari bilan yaqin savdo-sotiq munosabatlarini o‘rnatganlar.

Antik davrdayoq so‘g‘d savdogarlari Buyuk Ipak yo‘liinig asosiy harakatlantiruvchilaridan biri bo‘lganlar. Samarqandda kushonlar, eftalitlar, Turk xoqonlari, Qoraxoniylar davrida ichki va tashqi savdo yaxshi rivojlangan edi. Samarqand savdogarlari o‘z vatanlaridan uzoqlarda, ya’ni Yettisuv, Sharqiy Turkiston, Xitoy va Uzoq Sharqda o‘z savdo tarmoqlarini barpo qilib, bu shaharlarda savdo-sotiqni rivojlantirgan edilar. Amir Temurning bu boradagi ulkan xizmati shundaki, bobomiz mo‘g‘ullar istibdodi tufayli to‘xtab qolgan Buyuk Ipak yo‘lini qayta jonlantirib, uni yangicha va ulkan ko‘lamda rivojlantirdi. Sohibqiron Amir Temur o‘zi barpo qilgan qudratli va markazlashgan davlat dunyodagi boshqa rivojlangan davlatlar bilan siyosiy, iqtisodiy, madaniy aloqalarsiz yashay olmasligini yaxshi idrok etardi. Shu sababli u dunyoning ko‘pgina hukmdorlari bilan diplomatik aloqalarni yo‘lga qo‘ydi. Amir Temur bilan Misr sultoni Barquq o‘rtasidagi rasmiy aloqalar 1385 yili yo‘lga qo‘yilgan edi. O‘sha yilning noyabr oyida Amir Temurning elchisi Qohirada Sulton Barquq tomonidan katta izzat-ikrom bilan kutib olingan. Amir Temur va Temuriylar Mo‘g‘uliston, Tibet, Xitoy, Hindiston, Arab mamlakatlari, Kichik Osiyo, Kavkaz, Volgabo‘yi, Frantsiya, Angliya va Ispaniya davlatlari bilan diplomatik aloqalar o‘rnatgani ma’lum.

Bu borada ham hazrat Amir Temur Qadimgi Turon davlatchiligi tajribalarini tamomila yangi bosqichga ko‘chirishga muvaffaq bo‘ldi.

Amir Temur va Temuriylar davrida devoriy monumental rangtasvir hamda miniatyura san’ati o‘zining yuksak cho‘qqilariga ko‘tarilgandi. Tarixiy manbalarda yozilishicha, Amir Temur davrida Samarqandda barpo qilingan 12 ta bog‘ning o‘rtasida barpo qilingan saroylarning devorlariga musavvirlar Sohibqironning talabi bilan rang-barang suratlar ishlaganlar. Bu suratlarning mavzulari turli-tuman bo‘lib ularda ov, tabiat, to‘y marosimlari tasviri va jang manazaralari yetakchilik qilgan.

XIV — XV asrlarda Samarqandda va Temuriylar boshqargan boshqa shaharlarda o‘z davrining mohir musavvirlari tomonidan yaratilgan miniatyura san’ati namunalari bugungi kunda ham o‘z jilosini yo‘qotmay barchani lol qoldirib kelmoqda.

Sohibqiron bobomiz Temuriylar davrida eng rivojlangan soha — bu ilm-fandir. Temuriylar davrida yuksak cho‘qqiga chiqqan ilm-fanimiz yutuqlaridan insoniyat to bugungi kungacha bahramand bo‘lib kelmoqda. XIV — XVI asrlarda Markaziy Osiyo, Eron, Xuroson, Hindiston va boshqa mamlakatlarda ilm-fanning gurkirab rivojlanishi ham, shubhasiz, Amir Temur faoliyati bilan bog‘liq. Sohibqiron Movarounnahrda ilm-fan kishilari uchun qulay shart-sharoitlar hamda ilmiy muhit yaratganligi tufayli ilm-fan gurkirab rivojlandi. Shu sababli dunyoning turli tomonlaridan ilm-fan izlaganlar poytaxt Samarqandga kela boshlaganlar. Bu davrda, ayniqsa, tarixshunoslik, astronomiya, matematika, geodeziya, kimyo, geografiya, mantiq, ilohiyot, tibbiyot, dinshunoslik, hadisshunoslik kabi ilmlar nihoyatda rivojlandi.

Ma’lumki, ajdodlarimiz bundan uch ming yillar ilgari hozirgi zamonaviy ilm-fanning poydevorini qo‘yishgan. Arxeologik tadqiqotlarning ko‘rsatishicha, ilm-fan dastlab ibodatxonalarda va hukmdorlarning saroylarida shakllangan. Ibodatxonalarning xizmatchilari va kohinlar diniy marosimlarni mukammal, o‘z vaqtida o‘tkazish uchun astronomiya, ilohiyot, falsafa va musiqani yaxshi bilganlar. Otashparastlarning muqaddas kitobi “Avesto” bundan 2700 yillar ilgari ajdodlarimiz tomonidan yaratilgani ham bu fikrni tasdiqlaydi. “Avesto” diniy-falsafiy asargina bo‘lmay, unda astronomiya, tibbiyot, biologiya, ekologiyaga oid muhim ma’lumotlar ham jamlangan. Movarounnahrda VIII asrda yuz bergan arablar istilosi tufayli ilm-fan birmuncha susaygan bo‘lsa-da ajdodlarimiz qisqa vaqtda o‘zlarini o‘nglab oldilar va IX asrlardan boshlab islom dini diniy ta’limot sifatida shakllanishiga ulkan hissa qo‘shdi.

Amir Temur Movarounnahr hukmdori bo‘lgan davrda ilm-fan ahllari uchun barcha imkoniyatlarni yaratib, Movarounnahrning bir necha asrlik ilm-fanini qayta tiklashga va yana bir necha asr uning gurkirab rivojlanishi uchun rahnomalik qildi.

150 yil davomida mo‘g‘ullar istibdodidan ezilgan Turon xalqlari qonida yashab kelayotgan, bosqinchilar istibdodi oqibatida uxlab, mudrab qolgan yaratuvchilik, bunyodkorlik irsiyatini uyg‘otdi. Nafaqat uyg‘otdi, unga yangicha nafas va jon bag‘ishlab, yuksak cho‘qqilarga olib chiqdi.

Buning natijasida, dunyodagi eng nodir hodisa — Temuriylar Renessansi sodir bo‘ldi. Albatta, bu Renessansga Amir Temur saltanati poytaxti Samarqand beshik bo‘ldi. Bu davrda Samarqand ulkan ijodiy va ilmiy laboratoriyaga o‘xshardi. Il­g‘or g‘oyalar, fikrlar, kashfiyotlar bu shaharda paydo bo‘lar, so‘ngra amaliyotga aylanib, pishib yetilib, xuddi quyoshning zarrin nurlari kabi olamning turli tomonlariga tarqalib ketardi.

O‘tgan 2014 yili Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan Samarqandda o‘tkazilgan “O‘rta asrlar Sharq allomalari va mutafakkirlarining tarixiy merosi, uning zamonaviy tsivilizatsiya rivojidagi roli va ahamiyati” mavzusidagi xal­qaro ilmiy konferentsiyada bu haqiqat yana bir bor jahon hamjamiyati tomonidan yuksak darajada e’tirof etildi. Xalqimizning faxri va g‘ururi bo‘lgan qadimiy shaharlarimiz tarixi chuqur, xolisona va har tomonlama o‘rganilayotgani, shu asosda Samarqand shahrining 2750, Qarshi va Shahrisabz shaharlarining 2700, Xiva, Buxoro va Termiz shaharlarlarining 2500, Toshkent shahrining 2200, Marg‘ilonning 2000 yillik yubileylari YuNESKO hamkorligida, xalqaro miqyosida o‘tkazilgani Markaziy Osiyodagi eng qadimiy shaharlarining barchasi aynan O‘zbekiston zaminida ekanligi ham Sohibqiron Amir ­Temur va Temuriylar davri Renessansi istiqlol yillarida butun dunyo ko‘z o‘ngida o‘zining haqiqiy bahosini olayotganidan dalolatdir.

Amriddin Berdimurodov, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Arxeologiya instituti direktori

“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi, 2015 yil 14-son