Alinazar Egamnazarov. Istiqlolchilar qatl etilgan joy (1994)

Ulug‘ ma’rifatparvar, millatparvar inson, pedagog va adib, 30-yillar boshidagi Stalin qatag‘oni qurboni Munavvar Qori Abdurashidovdan bittagina surat qolgan. Bu suratga u rafiqasi Lazizaxon, 3-4 yoshlardagi bola — Muhammadxon bilan birga tushgan. Er-xotin kursida o‘tirishibdi, ustiga chakmoncha, boshiga zardo‘zi do‘ppi kiygan bolakay ular oldida turibdi. Bu surat 1992 yilda birinchi bor «Sharq yulduzi» jurnalida e’lon qilingach, biz suratdagi bola hayot ekanligini, Toshkentning Novomoskovskaya mavzeidagi hovlisida yashashini bildik va u kishi bilan uchrashish maqsadida uyiga bordik. Bizni yoshi yetmishlardan oshgan, o‘rta bo‘yli, oqish yuzidan nur yog‘ilib turgan kishi — Muhammadxon aka kutib oldilar.

Suhbat asnosida ma’lum bo‘ldiki, Muhammadxon aka Munavvar Qorining o‘g‘li emas, jiyani (akasi Muslimxonning o‘g‘li) bo‘lib, go‘dakligidan Munavvar Qori tarbiyasida o‘sgan ekan.

Biz Muhammadxon akadan: «Munavvar Qorining farzandlari bo‘lmaganmi?» — deb so‘radik. U kishi: «Farzandlari bo‘lgan, lekin go‘dakliklarida turli kasalliklarga chalinib, o‘lib ketishgan, shu bois, meni o‘z tarbiyalariga olishgan», — dedilar.

Muhammadxon aka jurnaldagi surat qayerda oldirilganligini ham eslar ekanlar. «Hozirgi Abror Hidoyatov nomidagi teatr binosi ro‘parasida, ko‘chaning o‘ng tomonida ozarbayjon millatiga mansub bir kishining suratxonasi bo‘lardi, o‘sha yerda oldirilgan, bu surat», — deb eslagach, Munavvar Qori haqidagi xotiralarini hikoya qildilar.

…Bugungi kunda Muhammadxon aka ham dunyodan o‘tib ketdilar. Shu boisdan, u kishining xotiralarini yon daftarimizdagi bitiklar asosida bayon qilamiz.

 

Muhammadxon Abdurashidov hikoyasi:

— Munavvar Qori otadan uch aka-uka edilar: A’zamxon, Muslimxon, Munavvarxon. Bolalar otadan yosh ayrilishgan. Ularni onalari Xosiyatxon tarbiyalagan. Farzandlar boshlang‘ich ta’limni ham mahalla otini bo‘lgan onalari qo‘lida olishgan. Muslimxon bilan Munavvarxonning zehni o‘tkir bo‘lgan. Shu bois, ular o‘qishni davom ettirib, avval Toshkentdagi Ko‘kaldosh madrasasida, keyin o‘sha paytdagi Turkistondagi ilm markazi bo‘lgan Buxorodagi madrasaga borib o‘qishgan.

Buxorodagi madrasani bitirib Toshkentga qaytgach, Munavvar Qori Miroboddagi masjidda imomlik qilgan.

XIX asr oxirida Munavvar Qori Ismoil Gasprali va boshqa tatar ma’rifatparvarlarining g‘oyalari bilan tanishgach, jadidlik harakatini boshlaydi, Toshkentning Darxon mahallasidagi hovlisida yangi usul maktabini tashkil etadi. Uning bu ishi chor ma’murlariga yoqmaydi. Maxfiy politsiya bu «ko‘zi ochiq» inson ortidan xufiyalar qo‘yadi.

Ammo Munavvar Qori o‘z faoliyatini davom ettiraveradi. 1906 yil sentyabrda «Xurshid» («Quyosh») gazetasini nashr etib, o‘zi muharrirlik qiladi. Lekin ko‘p o‘tmayoq, oq podsho ma’murlari uni yopib qo‘yadilar. Keyinroq Munavvar Qori «Najot» (1917 yil), «Kengash» (1917 yil), «Hurriyat» (1917 yil), «Osiyo», «Surat», «Haqiqat», «Turon» oynomalari va ro‘znomalarida muharrirlik qiladi. «Sadoyi Turkiston» gazetasida bo‘lim muharriri bo‘lib ishlaydi.

Munavvar Qori o‘z faoliyatini ma’rifatparvarlikdan boshlagan edi. 1916 yildagi xalq qo‘zg‘olonining qonga botirilishi, 1917 yildagi Oktyabr davlat to‘ntarishidan so‘ng Qo‘qon muxtoriyatining tugatilishi va Qo‘qonda oddiy xalq qirg‘in-barot qilinganligi Munavvar Qorini ma’rifatchidan istiqlolchiga aylantirdi. Toshkentdagi ilg‘or fikrli o‘zbek ziyolilari va yoshlari Munavvar Qori atrofiga to‘planadilar. «Hurriyat berilmas, olinur. Hech narsa ila olib bo‘lmay, faqat qon va qurbon ilagina olib bo‘lur», — deb yozgan edi Munavvar Qori o‘zining «Maqbul qurbonlar» maqolasida.

1929 yil 6 noyabrda Munavvar Qorini hibsga olganlari ham kechagidek yodimda. Oqshom chog‘i uyga to‘rt kishi kirib keldi. Ulardan ikkitasi harbiy formada edi. Harbiylardan biri Munavvar Qorini qamash haqidagi orderni ko‘rsatdi. Keyin uyni tintuv qilishdi. Harbiylardan biri tom ustini tintuv qilayotganida faner yorilib ketib, harbiyning oyog‘i osilib qolgan. To‘rtovlon uydan anchagina kitob, qo‘lyozmalarni olib ketishgan.

Shu kuni Toshkentda jami qirq nafar sobiq ulamo va eshonzodalar hibsga olingan. Bular orasida Quduqboshi mahallasidan Olovuddin Maxsum, Xayriddinxon Eshon, Dukchi mahallasidan Abduvohid Qori, Eshonguzar mahallasidan Hasan Qori, Eshonxo‘ja domla, Oqmachit mahallasidan Muhiddin Qori, Xonxo‘ja Eshon va boshqa kishilar bor edi.

Toshkent qamoqxonasida birmuncha vaqt saqlangan Munavvar Qorini O‘zbekistondan olib ketishdi. Shundan beri uning o‘lik-tirikligini hech bilolmadik. Munavvar Qori hayot emish, Sibirning allaqaysi bir shahridagi lagerda qamoq muddatini o‘tayotgan emish, bir tatar ayolga uylanib olgan emish, degan gaplarni ham eshitganmiz, lekin bu gaplarning haqiqat ekanligiga ishonmaganmiz.

Otam Muslimxon domla ukasi bilan birga Buxorodagi madrasani bitirib kelgach, ancha yillar turli masjidlarda imomlik qilganlar, ammo siyosiy ishlarga aralashmaganlar. U ukasining siyosat bilan shug‘ullanayotganligidan tashvishlanib: «Uka, bu ishingni tashla, oxiri «voy» bo‘lishi mumkin», — deb ogohlantirgan. Shunda Munavvar Qori akasiga: «Siz mening bu ishimga aralashmang»,  — degan ekanlar.

1941 yil. Urush boshlanganida men, maktabda o‘qituvchilik qilardim. Bir kuni dars boshlanishidan avval o‘qituvchilar xonasida uch kishi o‘tirardik. Nemis-fashistlari Moskva ostonalariga yaqinlashib qolgan og‘ir paytlar edi. Suhbatdoshlarimdan biri frontdagi ahvol haqida gapirib: «Marshal Voroshilov Stalinga vaqtinchalik Moskvani dushmanga topshirmasak bo‘lmaydi. Juda ko‘p qo‘shin qirilib ketadi. Uralga chekinib, kuch to‘plab olishimiz kerak, debdi», — dedi. Men shunda: «Voroshilov ham tajribali sarkarda, taklifida asos bo‘lishi mumkin», — dedim. Aybim shu. Kechasi NKVD xodimlari uyimizga kelib, meni ham qamoqqa olib ketishdi. U yerda meni o‘z boshliqlari oldiga olib kirishib: «Mana, Munavvar Qorining o‘g‘lini ushlab keldik», — deyishdi. Meni Qizil Armiyaga qarshi mish-mishlar tarqatishda ayblab, o‘n yil qamoq jazosi berishdi. Aslida esa Munavvar Qorining tarbiyasida o‘sganligim uchun qamashdi. 1955 yilda oqlandim.

Qamoqda sud bo‘lganimga qadar Akmal Ikromovning pochchasi (ismi yodimdan ko‘tarildi) bilan bir kamerada yotganman. U kishi juda odamoxun inson ekan. Biz yotgan kamerada mahbuslar ko‘p edi. Bir kuni temir eshik ochilib, xonaga otam kirib keldilar. U kishini dastlab ko‘rib tanimadim: soch-soqollari qirtishlab olib tashlangan, rang-ro‘ylari bir holatda, ko‘zlari ham xiralashib qolgan edi. Otam eshikdan kirib, ostona yaqinidagi bo‘sh bir joyga o‘tirdilar. Men u kishiga sinchiklab-tikilib, otam ekanligini bildim. Akmal Ikromovning pochchasiga: «Bu kishi mening otam-ku» — dedim. Beixtiyor ko‘zlarimga yosh keldi.

Biz kameraning to‘rida edik. Yonimizda bir turkman yigit yotardi. Akmal Ikromovning pochchasi uyidan keltirilgan nondan turkman yigitga to‘rtta berdi-da: «Huv, anavi mo‘ysafid poygakda qoldi. O‘sha odam bilan o‘rin almashinglar, sen yoshsan, jon uka», — dedi. Turkman yigit rozi bo‘ldi. Otamning oldiga borib ko‘rishib, yonimizga boshlab keldim.

Otamning qamalishi tafsiloti shunday bo‘lgan: urush boshlanib ketgach, Sovet hukumati gitlerchilarga qarshi koalitsiyaga kirgan G‘arb davlatlari hukumatlarining talabi bilan mamlakatda din-e’tiqodga ozgina erk beradi. Shu bahonada O‘rta Osiyo diniy boshqarmasi tuziladi, yirik shaharlarda uchta-to‘rttadan masjidlar ochiladi. Shundan keyin mening otam Toshkentdagi masjidlardan biriga imom qilib tayinlanadilar. Lekin NKVD xufiyalari ularning bu yerda emin-erkin ishlashiga imkon bermaydilar.

Bir kuni otamni ma’muriy idoraga chorlashib: «Masjidda Sovet hukumatiga qarshi gapiradiganlarni bizga ma’lum qilib turasiz», — deyishadi. Otam tabiatan yuvvosh odam bo‘lganliklari uchun bu taklifga «yo‘q» demaydilar. Lekin birovni sotmaydilar ham. Kunlardan bir kuni uni yana ma’muriy idoraga chaqirishib: «Bizning topshirig‘imizni nega bajarmayapsiz?» — deb siquvga olishadi. Otam esa ularga: «Bajaryapman. Odamlarga to‘g‘ri yuringlar, hukumatga til tekkizmanglar, bu hukumat bilan o‘ynashib bo‘lmaydi, deyapman», — deydilar. Ma’muriy idora xodimi esa: «Biz sizga bunday topshiriq bermaganmiz, Sovet hukumatining dushmanlarini ushlab bering deganmiz. Siz topshirig‘imizni bajarmadingiz, endi o‘zingizni qamaymiz», — deb otamni hibsga olishadi, urib, qiynashadi. Lekin keksaligini, ko‘zi xiralashib qolganligini, buning ustiga hech bir aybi yo‘qligini o‘ylab, ozgina insofga kelishdimi, har holda bir yildan keyin qamoqdan chiqarib yuborishdi.

Otam 1955 yilda 86 yoshida vafot etganlar.

Men bir kuni otamga: «Omadsiz ekanman, o‘n yil umrim qamoqda o‘tdi. O‘qib, o‘sib-unish imkoniyatidan mahrum bo‘ldim. Men bilan birga o‘sganlarning ko‘pchiligi kimsan — falonchi bo‘lib yurishibdi», — deganimda, u kishi: «O‘g‘lim, noshukur bo‘lmang. Buni qismat deydilar, undan hech kim qochib qutulolmaydi. O‘zingizga ma’lum, millionlab odamlar urushda qirilib, bolalari yetim-esir bo‘lib qoldi, ming-minglab begunoh kishilar qamalib, otilib ketdi. Siz esa qamalgan bo‘lsangiz ham omon qoldingiz, oqlandingiz, soppa-sog‘ yashab yuribsiz, oilangiz, farzandlaringiz bor. Beajal o‘lib ketganlar oldida siz omadlisiz», — degan edilar. Nafsilamrini aytganda, otam haq edilar.

 

Zulayho Qayumova hikoyasi (91 yoshda):

— Munavvar Qori bilan mening otam do‘stona munosabatda bo‘lishgan. U kishining uyimizga mehmon bo‘lib kelganlarini hamon yaxshi eslayman.

Munavvar Qori yigirmanchi yillardagi ziyolilarning sardori edi. Shu bois, otam bu kishi bilan do‘st bo‘lganliklaridan behad faxrlanardilar.

Otam ham o‘qigan odam edilar. U kishi avval rus-tuzem maktabida, keyin gimnaziyada, undan so‘ng esa Sankt-Peterburgda o‘qib, irrigator-muhandis kasbini egallagan edilar, yigirmanchi yillarda Turkistondagi sug‘orish tashkilotlarida mas’ul vazifalarda ishlaganlar. Jumladan, Toshkent viloyatining ariq oqsoqoli (bosh irrigatori) lavozimida ishlagan paytlarida viloyatda sug‘orish ishlarini yaxshilash bilan bog‘liq ko‘pgina ishlarga bosh-qosh bo‘lganlar.

Ammo odam dushmansiz bo‘lmas ekan. 1929 yilning oxirida otamni tuhmatchilar qamatishdi. Unga sud hukmi bilan o‘n yil qamoq jazosi berildi.

Otamni Toshkent qamoqxonasidan olib ketishadigan kunda Oloy bozori yaqinidagi qamoqxona darvozasi oldiga borib turdim. Shunda to‘ng‘ich farzandim Mahmudjon qo‘limda edi.

Bir mahal qamoqxona darvozasi ochilib, mahbuslarni saf-saf qilib olib chiqishdi. Ular orasida otam ham, Munavvar Qori ham bor edi. Mahbuslarni Toshkent temir yo‘li yuk-tovar stantsiyasi tomon haydab ketishdi. Hozirgi Amir Temur xiyoboni yaqinida otam borayotgan saf Munavvar Qori ketayotgan saf bilan tenglashdi. Shunda do‘stlar bir-birlarini ko‘rishgach, unsiz-sadosiz bosh qimirlatib, salomlashishdi. Bir mahal Munavvar Qori otamga qarab:

— Abduqayumxon, Sizning gunohingiz nima ekan? — dedilar.

— Tuhmat balosiga uchradim, Qori aka, tuhmat balosiga, — dedilar otam mahbuslarni qo‘riqlab borayotgan NKVD xodimlariga olazarak qarab.

Toshkent yuk-tovar stantsiyasida bir uzun yuk poyezdi turardi. Uning qizil vagonlari qari-qartang mahbuslar bilan to‘la edi. Surishtirsak, bu mahbuslar shoir Hamza o‘limi bahonasida O‘zbekistonning janubiy viloyatlarida, Tojikiston va Turkmanistonda hibsga olingan ulamo va ruhoniylar ekan. Toshkentlik mahbuslarni ham shu poyezdga joylashtirishdi. Bir ozdan keyin poyezd o‘rnidan qo‘zg‘alib, kunchiqar tomonga yo‘l oldi.

Otam Sibirdagi qamoq lagerlarida to‘rt yil bo‘lgach, ishlarining sudda qayta ko‘rilishiga erishib, oqlanib, qaytib keldilar. Ammo Munavvar Qorini ortiq ko‘rmadim.

1929 yildagi qatag‘onga shoir Hamza o‘limi bahona bo‘lgan. Hamza asli pichoqlab o‘ldirilgan. Lekin hukumat odamlari uni dindorlar toshbo‘ron qilib o‘ldirishdi, deb e’lon qilishib, shu bahonada butun O‘rta Osiyodagi ko‘zga ko‘ringan dindorlarni qamoqqa olishgan.

 

«Vechernyaya Moskva» gazetasidagi xabar (1992 yil 25 may):

«1930-1940 yillarda Vagankovo qabristoniga maxfiy dafn etilgan Stalin qatag‘oni qurbonlarining ro‘yxatini e’lon qilishni davom ettiramiz. Ularni aksil-inqilobiy faoliyatda, zararkunandalikda, terrorchilik harakatlari qilishda urinishda ayblaganlar. Endilikda ularning barchasi oqlandilar. «Vechernyaya Moskva»da e’lon qilingan ro‘yxatni bizga SSSR Davlat xavfsizligi qo‘mitasi va Davlat xavfsizligi qo‘mitasi Moskva shahar va Moskva viloyati boshqarmalari hujjatxonalari xodimlari tayyorlab berishdi.

Otilganlar ro‘yxatini gazeta 1990 yil 6 dekabrdan e’lon qilishni boshlagan edi. Shundan beri «Vechernyaya Moskva» sahifalarida Vagankovo qabristoniga maxfiy ko‘milgan 600 nafardan ortiq va jasadi kuydirilib, Donskoy qabristonidagi 1-qabrga ko‘milgan 250 nafardan ortiq qatag‘on qurbonlarining ism-shariflari e’lon qilindi.

Afsuski, shu paytgacha 30-50-yillardagi qatag‘on qurbonlari bo‘lgan barcha otilganlarning ro‘yxatini to‘la e’lon qilish masalasi hamon hal etilgani yo‘q.

«Vecherka»ning shunday taklif bilan bir qator chiqishlariga qaramay, Rossiya xavfsizlik vazirligi, xuddi ilgarigi yillardagi SSSR Davlat Xavfsizlik qo‘mitasi singari, taklifimizni javobsiz qoldiryapti».

 

* * *

«Vechernyaya Moskva» gazetasi ushbu xabar bilan birga, 30-yillar boshidagi qatag‘on qurbonlari bo‘lgan kishilardan to‘qqiz nafarining suratini va ular haqidagi qisqacha ma’lumotlarni e’lon qildi. Bu kishilardan 5 nafari o‘zbekistonliklardir. Mana o‘sha ma’lumotlar:

AHRORIY Said Abdurashidovich (Said Abdurashidovich Ahroriy). 1895 yilda Turkiyada tug‘ilgan, o‘zbek, VKP(b) a’zosi, o‘rta ma’lumotli. Samarqand moliya-iqtisod texnikumi o‘qituvchisi, Samarqand shahrida yashagan. 1930 yil noyabrda qamalgan. 1931 yil 23 mayda otilgan. (Said Ahroriy VKP(b)ning emas, Buxoro Kompartiyasining a’zosi bo‘lgan — muallif.)

ABDURAShIDOV Munavvar Qori (Munavvar Qori Abdurashidov). 1878 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan, partiyasiz, oliy ma’lumotli, adabiyotshunos. Toshkent shahrining Shayxontohur dahasi, Darxon mahallasidagi 17-uyda yashagan. 1929 yil 6 noyabrda qamalgan. 1931 yil 23 mayda otilgan.

TILLAXONOV Salimxon (Salimxon Tillaxonov). 1897 yilda Toshkentda tug‘ilgan, o‘zbek, partiyasiz, to‘liqsiz oliy ma’lumotga ega, «Plodovinsoyuz» yo‘riqchisi. Toshkent shahar Devonboshi mahallasidagi 169-uyda yashagan. 1929 yil 6 noyabrda qamalgan. 1931 yil 23 mayda otilgan.

MAQSUDOV Tangriqulhoji. 1900 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan, o‘zbek, partiyasiz, o‘rta ma’lumotli, rabfakka kiruvchilarni tayyorlaydigan kurs mudiri. Toshkent shahrida yashagan. 1929 yil 6 noyabrda qamalgan. 1931 yil 23 mayda otilgak.

ShERMUHAMEDOV Najmiddin (Najmiddin Shermuhamedov). 1900 yilda Toshkentda tug‘ilgan, o‘zbek, partiyasiz, boshlang‘ich ma’lumotga ega, ma’lum bir joyda ishlamagan. Toshkent shahar, Beshyog‘och dahasining Mashrab mahallasida yashagan. 1929 yil 6 noyabrda qamalgan, 1931 yil 23 mayda otilgan.

 

* * *

«Vechernyaya Moskva» gazetasining ushbu xabar bosilgan soni qseronusxasini «Sharq yulduzi» tahririyatiga moskvalik o‘zbek professori Rajabbek Islombekov yubordilar. U kishi gazeta kseronusxasiga qo‘shib yuborgan maktublarida shunday yozadilar: «Vechernyaya Moskva» gazetasida Stalin qatag‘oni qurboni bo‘lgan hamyurtlarimning suratlarini ko‘rganimda juda hayajonlandim. Gazeta tahririyatiga qo‘ng‘iroq qilib, xabarni tayyorlagan xodimdan bu kishilar Moskvaning qaysi qamoqxonasida yotganliklari va qayerda otilganliklari haqida qo‘shimcha ma’lumot olishga harakat qildim. Gazeta xodimi Melkumovning ma’lum qilishicha, marhum hamyurtlarimiz Moskvaning mashhur Butirka qamoqxonasida yotgan va shu yerda qatl etilib, maxfiy ravishda Vagankovo qabristoniga dafn etilgan ekanlar. Ushbu ro‘yxat «Sharq yulduzi» jurnalida yoki respublikadagi boshqa bir nashrda e’lon qilinsa foydali bo‘lar, deb o‘ylayman.

«Vechernyaya Moskva» gazetasida surati e’lon qilingan besh nafar hamyurtimiz orasida faqat bir kishi — Munavvar Qori Abdurashidov menga tanish. Men u kishini hayotliklarida ko‘rmaganman, lekin Toshkentning Shayxontohur dahasidagi Darxon mahallasida o‘z hovlilarida tashkil etgan yangi usuldagi maktabda o‘qiganman.

Bolaligimda mahallamizdagi katta yoshli kishilardan bu insonning o‘z hayotini millatiga xizmat qilish uchun tikkan ulug‘ ma’rifatparvar va istiqlolchi bo‘lganliklarini eshitganman. Shu bois, bu insonga nisbatan qalbimda hurmat bir umrga muhrlanib qolgan.

Munavvar Qori 20-yillar oxirida qatag‘on qilinganligini eshitganman. Lekin u kishi qayerda vafot etgan va dafn etilganliklari to‘g‘risida hech qanday ma’lumotga ega emas edim. Gazeta xabari bu masalaga ravshanlik kiritdi».

 

* * *

Moskvadan gazeta kseronusxasini olgach, undagi besh kishidan bittasi keksa jurnalist, mehnat faxriysi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, «Saodat» jurnali bosh muharririning sobiq o‘rinbosari Xolida Ahrorovaning otasi emasmikan, u kishining otalari ham 30-yillarning boshida qatag‘on qilingan deyishadi, deb taxmin qildik va «Saodat» jurnali tahririyatidagi hamkasblardan Xolida opaning uy telefon raqamlarini olib, qo‘ng‘iroq qildik.

Ertasi kuni Xolida opa tahririyatimizga kirib keldilar va gazeta kseronuyexasiga tikilib: «Bu kishi mening otam bo‘ladilar. Men u kishining izlarini 60 yildan beri izlayman. Otamning nima uchun qamalganliklari va o‘limga mahkum qilinganliklarini so‘nggi yillardagina aniqlash imkoniga ega bo‘lsam-da, qayerda qatl etilganlari va qayerga dafn etilganlari menga noma’lum edi. Endilikda hammasi ravshan bo‘ldi. Buning uchun sizlarga rahmat! Eidilikda otam xoki yotgan joyni bir ziyorat qilsam, armonim qolmasdi» — dedilar. Keyin Xolida opa Salimxon Tillaxonovning ham avlodlarini bilishlarini, ularni topishda yordam berajaklarini aytdilar va otalari haqidagi hikoyani boshladilar.

 

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, keksa jurnalist Xolida Ahrorova xikoyasi:

— Dunyoda armonsiz inson kam bo‘ladi. Otamdan juda yosh ayrilganligim, uning mehriga to‘ymay, o‘ksinib o‘sganligim mening bir umrlik armonimdir. Otamdan judo bo‘lganimizda men to‘rt yoshli qizaloq bo‘lganman. Shu bois, uni elas-elas eslayman. U o‘rta bo‘yli, xushbichim, ovro‘pacha kiyinib, mayin, qo‘ng‘ir sochlarini bir tomonga silliq tarab yuradigan ziyoli odam edi.

Otam 1929 yilning 12 noyabrida ertalab uydan chiqib ketganlar-u, qaytib kelmaganlar. U tirikmi, o‘likmi, qamalganmi yoki ozodlikdami — hech aniqlashning iloji bo‘lmagan. Onamning bormagan idorasi, murojaat qilmagan rahbari qolmagan.

Otam yigirmanchi yillarda Buxoro Xalq Respublikasi hukumati idoralarida mas’ul vazifalarda ishlaganlar, ma’lum muddat Buxoro Xalq Sho‘rolar Respublikasining Ozarbayjondagi elchisi ham bo‘lganlar. Uni Fayzulla Xo‘jayev, Akmal Ikromovlar yaxshi bilishgan. Otam bedarak yo‘qolgach, onam Toshkentda (1930 yili poytaxt Toshkentga ko‘chgan edi) Fayzulla Xo‘jayevga ham murojaat qilganlar. U kishi: «Saidni qidiryapmiz, topilib qolsa kerak», — degan. Endi anglashimcha, Fayzulla Xo‘jayev otamning qamoqdaligini bilgan, lekin bor haqiqatni onamga aytib, uni ranjitishnn istamagan.

Otamning 1929 yil 12 noyabrda qamalganligini bir tasodif tufayli aniqlash imkoniga ega bo‘ldim. Moskvada nashr etiladigan «Rodina» jurnalining 1989 yil o‘n birinchi sonida e’lon qilingan tarix fanlari doktori Farhod Qosimov bilan falsafa fanlari nomzodi Bahodir Ergashevning maqolasiga ko‘zim tushdi. Men bu maqolani o‘qimasligim ham mumkin edi. Maqola Buxoro inqilobiga doir bo‘lganligi uchun ham mutolaaga kirisharkanman, qalbim to‘rida dadam haqida bir darak toparmikanman, degan umid yo‘q emas edi. Negaki, dadamning hayoti tarixi shu inqilob bilan tutash… Shunda birdan dadam haqidagi parchaga duch keldim.

«O‘zbekiston Jumhuriyatining birinchi raisi bo‘lgan Xo‘jayevdan tashqari, 1920 yil inqilobiga aloqador bo‘lgan ko‘plab kishilar Stalin davri qatli omiga giriftor bo‘ldi. Ular orasida Buxoro Kompartiyasining birinchi raisi Najib Husainov, 1923 yilda xuddi shu lavozimda ishlagan Abdulla Rahimboyev, O‘zbekistonning birinchi Xalq Moliya Komissari Qori Yo‘ldosh Po‘latov, birinchi o‘zbek va tojik professorlari Abdurauf Fitrat, Muso Saidjonov va Abbos Aliyev, o‘sha davrning taniqli adabiyot namoyandalari Said Ahroriy va Ahmadjon Abdusaidov (Hamdiy), O‘zbekistonning taniqli partiya va sovet xodimlaridan Abdurahim Yusufzoda, Rahmatulla Muzaffarov, Otaxo‘ja Po‘latxo‘jayev va ko‘plab boshqa o‘rtoqlar bor edi».

Tonggacha mijja qoqmadim. Otamning qamalish tafsilotlarini kimdan, qayerdan aniqlasam bo‘ladi? Biron-bir xabar topishga ishonchim yo‘q edi. Sababi, elliginchi yillardan OGPUga ariza bilan murojaat etgan va u yerdan: «Bizda hech qanday ma’lumot yo‘q», mazmunida javob olgan edim. Bari bir o‘sha mahkamaga yana murojaat qildim. Axiri oradan ikki oy o‘tib, javob xati oldim. «O‘zbekiston SSR Oliy Sudining 1957 yil 5 sentyabrdagi 216/11 ajrimi bilan SSSR Birlashgan Bosh Siyosiy Boshqarmasi Kollegiyasining 1931 yil 25 aprelidagi Said Abdurashidovich Ahroriyga doir ishi to‘xtatilib, uning pok nomi o‘limidan so‘ng tiklandi…»

Oltmish yil bedaraklikdan so‘ng otam haqida topgan ilk aniq ma’lumotim edi, bu.

Dadam haqida nimalarni bilaman? U kishi haqidagi xotiralarim, asosan, onam hikoyalari bo‘yicha shakllangan. Ammo ma’muriy idora hujjatxonasidagi «Munavvar Qori Abdurashidov, Salimxon Tillaxonov va boshqalar», deb nomlangan jinoiy ishning o‘n ikkinchi jildida OGPUning anketasi bor. 1930 yil 14 fevral kuni operativ vakil Juravlyov to‘ldirgan ana shu anketada, to‘g‘rirog‘i, tergov bayonnomasida dadamning manzilgohi Samarqand shahri, Qalandarxona dahasi, Mahdum Xorazmiy mahallasi, 4-hovli deb ko‘rsatilgan.

Hujjatlardan bilishimcha, bobom Abdurashidxo‘ja xo‘jandlik bo‘lib, haj safaridan qaytayotib, Turkiyada yashab qolgan ekanlar. Otam Muhammad Said Turkiyada tug‘ilgan. Turkiyadan Birinchi jahon urushiga jo‘nagan otam turklar bilan o‘rislar o‘rtasida bo‘lgan jangda jarohatlanib, o‘rislarga asir tushib qoladi va Krasnoyarsk shahridagi tutqunxonaga jo‘natiladi. Hujjatlardan yana shuni bildimki, 1918 yil fevralida Krasnoyarsk tutqungohidan qochib, Toshkentga kelgan Said Ahroriy O‘qchi mahallasida «Vatan» degan maktab ochadi va shu maktabda «Izchilar to‘dasi» deb nomlangan yoshlar guruhini tashkil etadi.

Otam avlodlari Istanbulda 1897 yildan boshlab yashagan ekan. Dadam Istanbulda avval gimnaziyani tamomlagan, so‘ng ikki yil mobaynida harbiy bilim yurtida tahsil olib, zobit bo‘lgan ekan. 1918 yilda Turkistonga kelganidan bu yonga «Turk o‘chog‘i» milliy uyushmasini tashkil etgan. «Turk so‘zi» ro‘znomasini chop etgan. «Vatan» maktabi huzurida «Izchilar to‘dasi» uyushmasini tashkil qilgan. Bu kashshoflar uyushmasi — o‘lkamizdagi eng birinchi yoshlar uyushmasi, yosh avlodni bilimdon, jismonan baquvvat qilib tarbiyalashni ko‘zda tutgan tashkilot.

Yana hujjatlardan shuni bildimki, dadam tashkil, etgan «Izchilar to‘dasi» o‘z oldiga talay ma’rifiy vazifalarni qo‘ygan. Lekin bunga tergov organlarining qarashi boshqacha bo‘lgan. Shu o‘rinda dadam ketidan tushgan xufiyalardan biri «Yurchi»ning yozuvlaridan keltiraman: «To‘daning oldiga qo‘ygan maqsadi: o‘n olti yoshdan o‘ttiz yoshgacha bo‘lgan yoshlarga milliy bayroq ostida ilm berish, ulardan mutaxassislar tayyorlash, ularni jismoniy yetuk qilib tarbiyalashdan iborat bo‘lib, ilm olish uchun xorijga jo‘natish, san’atni rivojlantirish, adabiyot va matbuotni milliy ruhda barpo etish, harbiy o‘quvni yo‘lga qo‘yish va oxir-oqibatda Turkiston xalqini milliy mustaqillik uchun kurashchi qilib tarbiyalashdan iboratdir».

Xufiyaning chaquvlariga bu kungi ko‘z bilan qaralsa, «Izchilar to‘dasi» qanchalar xayrli ishlarni maqsad qilib qo‘yganligi namoyon bo‘ladi.

«Izchilar to‘dasi» yoshlar uchun mo‘ljallangan uyushma bo‘lsa, boshqalar uchun ham uyushmalar tashkil etila boshlangan. Buning o‘ziga yarasha sabablari bor edi, albatta. Sovet voqeligida bo‘lib turgan yerlilarga nisbatan shovinistik munosabat — kamsitishlar, xalq, turmush darajasining kun sayni pasayib borishi, alifbomizning o‘zgartirilishi, markazning milliy jumhuriyatlar ustidan yuritayotgan hokimi mutlaqligi… shunga o‘xshash qator bedodliklarga chek qo‘yish maqsadida ziyolilar «Ittihodi taraqqiy», «Ittihodi taraqqiyparvar» kabi jamiyatlar tashkil etdilar va milliy mustaqillik uchun kurash yo‘lida faollik ko‘rsata boshladilar. Mening otam keyinchalik «Milliy istiqlol» nomi ostida ish yuritgan, rahbari Munavvar Qori bo‘lgan shu jamiyatning faol a’zolaridan bo‘lgan. «Milliy istiqlol»chilarning niyati hurriyat uchun kurashmoq edi. Lekin OGPU ularni ta’qibga oldi va 1929 yilda deyarli hammasini qamab, bir qismini (o‘n besh nafar) otishga hukm qildi, qolganlariga 10-15 yildan qamoq jazosi berdi.

Bir yildan ortiq hujjatgohda o‘tirib, otam Muhammad Said Ahroriyning qisqagina umri davomidagi o‘n yillik mehnat faoliyatiga doir dalillarni aniqladim. (To shu kungacha men bulardan tamomila bexabar edim).

  1. «Turk o‘chog‘i» uyushmasi tashkilotchisi va rahbari.
  2. «Turk so‘zi» ro‘znomasining adabiy muharriri.
  3. «Vatan» maktabi tashkilotchisi va rahbari.
  4. «Yosh buxoroliklar» qo‘mitasi sarkotibi.
  5. Buxoro Xalq Sho‘rolar Jumhuriyati nashriyoti direktori.
  6. «Buxoro axbori» ro‘znomasi muharriri.
  7. Buxoro Xalq Sho‘rolar Jumhuriyati Nozirlar Kengashi apparati xodimi.
  8. «Ozod Buxoro» ro‘znomasi muharriri o‘rinbosari.
  9. Moliya Xalq Komissarligi hodimi.
  10. «Zarafshon» gazetasi muharriri.
  11. Samarqand moliya-iqtisod texnikumi o‘qituvchisi.

Otam durustgina badiiy talant egasi bo‘lgan. U o‘nlab publitsistik maqolalar, she’rlar yozgan. Lekin bu maqola va she’rlar o‘z davrida alohida kitob holida nashr etilmagan. Shu boisdan men ularni kutubxona va hujjatxonalarda o‘tirib, 20-yillardagi ro‘znoma va oynoma taxlamlarini titkilab, qidirib topyapman. Otam asarlarida o‘z xalqi erki va baxt-saodatini, chinakam insoniy tuyg‘ularni kuylagan. Zotan uning o‘zi xalq erki va baxt-saodati uchun kurashni hayotining asosiy maqsadi qilib olgan olijanob inson edi.

Mana, otamning yozgan she’rlaridan ayrim namunalar:

ISTAYMANKI

Istaymanki, ko‘nglum o‘zin boshqa o‘tka qo‘ymasun,
Sevgingdagi nihoyasiz tiniqlikka to‘ymasun.
Sandan go‘zal ko‘ringusi dilbarlarga uymasun,
Sevgingdagi nihoyatsiz tiniqlikka to‘ymasun.

Ey, ko‘nglumga ega bo‘lgan qora ko‘zli jayronim,
Qo‘y, yiqilsun ishq ko‘yinda totli umrim, jahonim,
Tilaymanki, yosh chog‘imda tuyg‘um, jonim, vijdonim,
Sevgingdagi nihoyatsiz tiniqlikka to‘ymasun.

Boku. «Ma’rifat va madaniyat», 1923 yil №1

SEN YaShA!

Sevikli rafiqamga

Yo‘qsulliklar, ayriliqlar meni butun ezganda,
Elg‘izlikning nashtarlari yuragimni teshganda.
Hayotimning bahorini sen keltirding birlikda,
Sen kelgan kun ruhim teran sevinchlar-la bezandi.

Mehribonim! Bu qorong‘u, bu qorong‘u ochunimda birgina.
Sen erursan oppoq, yorug‘ yuzli yulduzim.
Sen men bilan bo‘lgan sayin qayg‘u kirmas ko‘ngulga,
Fido senga yozuvlarim, ham har so‘zim.

Vaziram, kul, xandalar soch mening nursiz umrimga,
Vujud berib, jon bag‘ishla go‘zal tilaklarimga!
Tilagancha ochil, yayra, o‘ynab, yashna, qanotlan,
Bulbul kabi sayrab uchgil, yashna mani bag‘rimda.

Boku.1922 yil, 3 sentyabr.

ARMON YO‘LINDA

Er oldiga boray deb ko‘p urindim,
Qonga botib tikanlarda surundim.
Esim ketdi, elga yomon ko‘rindim,
Yo‘l ochilsin sevganimga qovushay!

Armon izlab, o‘zdin uzun borliqdan,
Ko‘p toliqdim va zerikdim torliqdan.
Jondan to‘ydim, boshdan kechdim aniqdan,
Tog‘lar cho‘ksin armonimga erishay!

«Erni tepma sochilasan», deydilar,
Yuksalishdan meni qattiq tiydilar.
Ular xalqqa yovuz dushman edilar,
Qanot, tirnoq bering uchay, tirmashay —
Er oldiga ergashay.

Samarqand. 1926 yil, yanvar.

 

Zilola Sulaymonova hikoyasi (Salimxon Tillaxonovning nabirasi):

— Bobomni 1929 yil 6 noyabr saharda Devonbegi mahallasidagi hovlimizga NKVD xodimlari bostirib kirib, qo‘liga kishan solib olib chiqib ketishgan. Buvim Karomatxon Shodmon Qori qizi go‘dak farzandlarini bag‘riga bosib, ikki qo‘li bir tepa bo‘lib, dodlab qolaverganlar. Shunda buvim 28 yoshda, farzandlari Go‘zal (mening onam) yetti yoshda, Shirin xolam 4 yoshda ekanlar.

Devonbegi mahallasidagi uyimizdan ikki uy narida bobomning ammavachchasi Yahyoxon Saidov yashagan. Kasbi muallimlik bo‘lgan bu qarindoshimiz ham Munavvar Qori rahbarligidagi «Milliy istiqlol» jamiyatining faol a’zolaridan bo‘lgan. U bobomni olib ketgani uyimizga NKVD xodimlari kelishganini sezib, hovlisidagi uch paxsa devordan oshib qochgan. Qirg‘izistonga borib, u yerdan Xitoyga o‘tib ketgan. O‘sha paytda Qirg‘iziston bilan Xitoy chegarasida, baland tog‘ ustidan Xitoyga o‘tish mumkin bo‘lgan, xavfli joyiga sim tortib-qo‘yilgan so‘qmoq yo‘l bo‘lar ekan. Shu yo‘lni ayrim mahalliy kishilargina bilishar ekan. Yahyoxon amaki yaxshi kishilar ko‘magida shu so‘qmoqdan Xitoyga o‘tib ketadi va o‘sha yerda yashab, bola-chaqali bo‘ladi. U Stalin vafot etgach, 1955 yilda Toshkentga oilasi bilan qaytib kelgan.

Bobom Salimxon Tillaxonov o‘z davrining o‘qimishli kishilaridan bo‘lganlar. Dastlab birinchi bosqich eski maktabni tamomlagach, rus-tuzem maktabida o‘qiganlar, keyin Buxorodagi madrasada tahsil ko‘rganlar. 1917-1918 yillarda Bokuda iqtisod va jug‘rofiyani o‘rgatuvchi to‘liqsiz oliy o‘quv yurtida o‘qiganlar. Ayni paytda Boku moliya bilim yurtida muallimlik ham qilganlar.

O‘qishni bitirgach, Toshkentga qaytib, turli kurslarda iqtisodiyot va siyosiy ahvoldan lektsiyalar o‘qiganlar. O‘rta Osiyo Davlat dorilfununining iqtisod va tarix kulliyotiga kirib o‘qishni davom ettirganlar.

1921 yildan boshlab ikki yil pedagogika bilim yurtiga direktorlik qilganlar. Shu davrda u kishining «Sadoyi Turkiston», «Madaniyat va revolyutsiya» kabi gazeta va jurnallarda iqtisodiy mavzuda qator maqolalari chop etilgan.

Bobomning ota-bobolari ham o‘qimishli, ilmning qadriga yetadigan kishilar bo‘lishgan. Katta bobomiz Rustamxon Nurmuhammad o‘g‘li domla bo‘lgan, Tillaxon bobomiz madrasada mudarrislik qilgan. U farzandlarining ham ilmli bo‘lishi uchun intilgan. Bobomning singlisi, 30-yillarda hozirgi «Saodat» jurnaliga muharrirlik qilgan Xosiyat Tillaxonova 1917 yildan so‘ng Toshkentdagi Valixo‘jaboyning hovlisida ochilgan birinchi o‘zbek qizlar bilim yurtida Oydin Sobirova, Saida Sherahmedova, Robiya Nosirova kabi keyinchalik O‘zbekistonning taniqli ziyolilari bo‘lib yetishgan o‘zbek qizlari bilan o‘qigan. Ularga shu davrda Munavvar Qori Abdurashidov, Shokirjon Rahimboyevlar bilan birga, Peterburgdagi Smolniy xotin-qizlar maorif institutini bitirgan, polkovnik Yenikeevning xotini Saodat Yenikeeva, Qrimdan kelgan Murshidaxonim Ismoilova, qozonlik Gavhar Aliyeva kabi mashhur murabbiylar dars berishgan. Biroq Xosiyat Tillaxonovaning ham taqdiri fojiali bo‘lgan — uni 1937 yilda «xalq dushmani» sifatida qamashgan.

Bobom Munavvar Qori Abdurashidovning eng yaqin do‘sti va maslakdoshi, «Milliy istiqlol» jamiyatidagi birinchi muovini bo‘lganlar. Asosan, jadidlardan tashkil topgan bu jamiyat a’zolari yurtning mustaqilligiga erishish uchun xalq farzandlarini o‘qitish, ular saviyasini oshirish kerak, degan fikrda bo‘lganlar. Shu boisdan ham 20-yillarda qobiliyatli yoshlarni chet ellarga, birinchi navbatda, o‘sha davrdagi taraqqiy etgan kapitalistik davlat sanalgan Germaniyaga yuborib o‘qitish harakati boshlangan. Bu xususda «Buxoro axbori» tazetasining 1923 yil 17 mart sonida. quyidagilar yozilgan: «1922-23 yillarda Buxoro Xalq Sho‘rolar Jumhuriyatidan Berlinga talabalar olib borish, ularni oliy, maxsus o‘rta va o‘rta ta’lim bilim yurtlariga joylashtirish mashhur tatar ziyolisi Olimxon Idrisov, Buxoro Markaziy Ijroqo‘mi a’zosi Burhonov va Rossiya vakolatxonasining sobiq xodimi. Keministskiylardan iborat komissiyaga topshirilgan. Buxoro talabalari Germaniyaga borib yetganda til o‘rgana boshlagan, tez zamonda nemis tilini yaxshi bilib, imtihon topshiruvchilar bo‘lgan Shamsilbanot Ashirmat qizi bilan Saydali Usmon maktab mudiri, doktor Rasma huzurida imtihon berib, Shamsilbanot dorilfununning tibbiyot sho‘basiga qabul etilganlar.

Xorijdagi talabalarimizga davlat nafaqalaridan tashqari har ikki jumhuriyatning turli xil madaniy va sport o‘yinlari, tomoshalaridan tushadigan daromadlarning ham ma’lum qismlari ajratilib turilgan… Shuningdek, mahalliy ilg‘or ma’rifatparvarlardan Munavvar Qori Abdurashidxonov, Abdulhamid Sulaymonov (Cho‘lpon), Shokirjon Rahimiy, Saidnosir Mirjalolov, Salimxon Tillaxoniy va boshqalar moddiy yordam ko‘rsata bordilar»;

Salimxon Tillaxoniy shu mavzuda «Turkiston» gazetasida 1928 yil 11 martda e’lon qilingan «Chetga ko‘proq o‘quvchilar yuborish kerak» maqolasida shunday deb yozgan edi:

«1922 yil o‘qish mavsumida Toshkentda tashkil etilgan «Ko‘mak» uyushmasining tashabbusi, Turkiston hukumatining ko‘magi, Buxoro jumhuriyatining g‘ayrati va Sho‘rolar Rossiyasi soyasida Turkiston va Buxorodan 70 ga yaqin o‘quvchi Germaniyaga ketgan edi. Mana bu hisobga qaraganda 12 million nufuzga molik Turkistonimizdan 70 tagina talaba bo‘lishi hech bir vaqtda bizni qanoatlantirmaydi. Harakat qilib, kelgusi yillarda Ovro‘paning har bir burchagiga minglab talabalar yuborishimiz kerakdir! Bizning do‘xtirimiz, adibimiz, muharririmiz, texnigimiz, faylasuflarimiz va hokazo ulug‘ kishilarimiz, yo‘l boshlovchilarimizni o‘z ichimizdan chiqarishimiz lozimdur. Mamlakatimizning hayoti bo‘lgan suv ishlarimiz ham bizning jaholatimizga qurbondir. Ovro‘pa suvsiz yerlarni ishga kiritgan bir zamonda biz katta-katta daryolarimizdan bahra ololmasdan, tashna holda yashaymiz. Ovro‘pa minglab kishilarni hovoda yuritgan holda, biz hamon Imom A’zam arobasi bilan nash’unamo qilmoqdamiz. Har bir maslahat, o‘ylashning natijasi bolalarimizni chetga yuborib o‘qitish bo‘lib chiqmoqda».

Bu so‘zlar yigirmanchi yillarda — elimiz chorizm kishanidan qutulgan, lekin hali bo‘yniga «qizil imperiya» kishani rostmana ilinmagan bir paytda xalqimizda, ayniqsa, uning ilg‘or vakillari bo‘lmish ziyolilar orasida uyg‘onish bo‘lganligi, ular o‘z el-yurtlarini chinakam erkka, baxt-saodatga erishtirish uchun nimalar qilish kerakligi haqida qattiq qayg‘urganliklari, xalqni ma’rifatli qilishni buning asosiy omillaridan biri deb bilganliklarining yaqqol dalilidir.

Bobom juda bilimdon, fors, arab, rus va ozarbayjon tillarida yaxshi so‘zlasha oladigan, Alisher Navoiy, Bedilning ko‘p g‘azallarini yod biladigan qobiliyatli inson bo‘lganlar. Tergovchilar hibsga olingan bobomga: «Sen millatchisan», — deyishadi U kishi: «Men millatchi emasman, millatparvarman», — deb javob qilgan ekanlar.

Buvimdan: «Bobomdan juda yosh beva qolgan ekansiz, nega ikkinchi marta turmush qurmagansiz?» — deb so‘raganman. Shunda buvim: «Bobong shu qadar go‘zal, shu qadar aqlli inson ediki, men unday odamni topa olmasdim. Ikkinchidan, men uni shu qadar sevar edimki, vafotidan so‘ng uning o‘zinigina emas, hatto ruhini ham norizo qilishni istamaganman», — deb javob bergan edilar.

Bobom suratkashlikka ham havasmand bo‘lib, o‘z fotoapparatlari bo‘lgan ekan. Shu boisdan, u kishidan talay suratlar qolgan. Lekin 1937-38 yillarda qama-qama yana avjiga chiqqanida, buvim bu suratlarni saqlashga qo‘rqib, yo‘q qilgan ekanlar. Faqat bittasini tandirning ostiga lattaga o‘rab yashirib asraganlar.

Hozir shu surat biz uchun noyob yodgorlik sanaladi. Unga qarab bobomning chinakam go‘zal, ziyoli inson bo‘lganligini bilish mumkin.

Bobom «Milliy istiqlol» jamiyatining rahbarlaridan biri bo‘lganliklari uchun u kishini qamoqda juda qattiq tergov qilishgan. Buvimni, qarindosh-urug‘larimizni, hatto shahardagi Tillaxonov familiyali begona kishilarni ham ma’muriy idoraga chaqiraverib, tinkalarini quritishgan. Oxiri buvim familiyalarini o‘zgartirib, o‘z otalari nomiga o‘tkazib, Shodmonova qilib olganlar. Shundan so‘nggina u kishini ma’muriy idoraga chaqirish to‘xtagan.

O‘sha davrda «Milliy istiqlol» jamiyatining a’zosi sifatida hibsga olingan Aziz Lazizzoda bobomni oxirgi marta Butirka qamoqxonasining yo‘lagida ko‘rgan ekanlar. «Uning rangi bir holatda, oqsoqlanib qadam qo‘yardi. Aftidan, tergovchilar Salimxonning oyog‘ini tepib, shikastlagan edilar», — deb eslagandi Lazizzoda.

Munavvar Qori ham bir kishilik xonadan ko‘pchilik saqlanadigan xonaga o‘tkazishlarini iltimos qilib, qamoqxona ma’muriyatiga yozgan arizasida o‘zining salomatligi yaxshi emasligi, oyoqlari shishib ketganligini yozgan ekan.

Salimxon Tillaxonovning rafiqasi, ikki qizi olamdan o‘tib ketishdi, hozir sakkiz nabirasi hayot. Biz nabiralar tez-tez uchrashib, bobomizni eslab turamiz, unga munosib bo‘lishga, ruhi-pokini shod etishga harakat qilamiz.

Salimxon Tillaxonov, Munavvar Qori Abdurashidov, Said Ahroriy va ularga maslakdosh bo‘lgan, ular bilan birga qatl etilgan millatparvar kishilarning achinarli qismati bugungi ozodligimiz, mustaqilligimiz o‘z-o‘zidan qo‘lga kiritilmaganligi, bu yo‘lda xalqimizning ko‘plab ajoyib farzandlari qurbon bo‘lganliklari dalilidir. Biz, bugungi avlod kishilari yurtimiz mustaqilligini ko‘z qorachig‘idek asrasak, vaqtinchalik iqtisodiy qiyinchiliklarga bardoshli bo‘lib, Vatanimiz ravnaqi yo‘lida qo‘lni-qo‘lga berib halol mehnat qilsak, bugungi kunlarni orzu qilgan, lekin unga yetisholmay olamdan o‘tgan ota-bobolarimiz ruhi-pokini shod etgan bo‘lamiz.

 

* * *

Birinchi jahon urushi arafasida Turkiston katta siyosiy kurashlar maydoniga aylanib ketdi. Turkistonga ko‘chirilgan va surgun qilingan rus, ukrain va boshqa xalqlarning vakillari orqali o‘lkaga marksistik g‘oyalar kirib kela boshladi. Ovro‘paliklar ko‘p yashaydigan, sanoat markazi bo‘lgan shaharlarda bolshevistik guruhlar tashkil etila boshladi. Lekin mahalliy aholi bu g‘oyaga qiziqmadi. Shu bois, Oktyabr davlat to‘ntarishigacha o‘lkada sotsial-demokratik harakatda ishtirok etgan deyarli bironta ham mahalliy xalq vakili bo‘lmadi. Aksincha, mahalliy xalq ziyolilari, ayniqsa, ularning ilg‘or vakillari bo‘lmish jadidlar kommunistik g‘oyalar musulmon xalqlarining imon-e’tiqodiga zid, istiqboli bo‘lmagan aqida ekanligini o‘sha paytdayoq aytgan edilar.

1911-1912 yillarda Turkistonda Rafiq El A’zamning (tarjimon Zokir El Qodiriy) broshyurasi turk tilidan o‘zbek tiliga tarjima qilib tarqatildi. Bu kitobchaning kirish qismida musulmon dinining sotsializm, anarxizm va G‘arbda paydo bo‘lgan boshqa g‘oyalarga, shuningdek, umuman, hayotga munosabati bayon qilingan edi. Muallif bu kitobida G‘arbda paydo bo‘layotgan hech bir yangi ta’limot, shu jumladan, sotsializm ham insonni baxtli qilolmasligini, ijtimoiy munosabatlarni yaxshilashning yagona yo‘li — islom aqidalariga amal qilishdan iboratligini isbotlashga harakat qilgan. Muallif sotsialistlarning tushunarsiz va asossiz g‘oyalari odamlarni baxtli qilishi mumkinligini hech tushunolmasligiii, moddiy va ma’naviy baxtga ilohiy qonunlarga amal qilgan sharoitdagina erishish mumkinligini yozadi.

Turkistonda va Buxoroda barcha turkiy xalqlarni birlashtirishga, Turkiston mustaqilligi uchun da’vat etuvchi varaqalar, kitoblar, proklamatsiyalar tarqatila boshlandi. Ayniqsa, Buxoroning Rossiyadan qisman mustaqilligi, bu yerda chor tsenzurasining yo‘qligi uni buyuk Turkistonning birligi va mustaqilligi uchun kurash g‘oyalari tarqatiladigan markazga aylantirdi. Bunday g‘oyalar, ayniqsa, Birinchi jahon urushi davrida avj olib, Rossiya qo‘shinlari katta talafot ko‘ra boshlaganidan keyin kuchaydi. Hatto Toshkentdan Afg‘onistonga maxfiy vakillar borib, Afg‘oniston hukumatini Rossiya imperiyasiga qarshi urush boshlab, mazlum Turkiston xalqlarining ozodlik kurashiga yordam berishga da’vat etdilar. Lekin Afg‘oniston hukumati rahbarlari bu taklifga rozi bo‘lmadilar.

1913 yilda Verniy (hozirgi Almati shahri) qal’asida «Musulmonlar to‘garagi» tashkil etildi. Bu to‘garak yetakchilari musulmonlarni jipslashishga va e’tiqodni himoya qilishga da’vat etdilar.

Dastlab Turqiyada XIX asr oxirida tashkil etilgan, 1909 yilning 27 aprelida Sulton Abdulhamid II taxtdan ag‘darilgandan keyin hokimiyat tepasiga kelgan, erk va e’tiqod, taraqqiyot uchun kurashni o‘zining bosh: maqsadi qilib olgan «Ittihod va Taraqqiy» partiyasi g‘oyalarining Turkistonga yoyilishi ham Birinchi jahon urushi davriga to‘g‘ri keladi.

Chor hukumati davrida xalqning ma’naviy zimistonda qolganidan o‘rtangan Turkiston jadidlari elni avval yorug‘likqa olib chiqishga — ongini o‘stirishga urindilar. Shu maqsadda Turkiyadagi «Ittihod va Taraqqiy» partiyasidan andoza olib, o‘lkamizda «Ittihodi taraqqiyparvar» (Taraqqiyparvar uyushmasi) tuzildi. Xuddi shu hodisa ularning keyinroq bolsheviklar tomonidan panturkizm va panislomizmda ayblanishlari uchun yaxshi dastak bo‘ldi. Vaholanki, bu harakat dasturida turkiy bo‘lmagan boshqa bir millatga dushmanlik, uning mustaqilligiga xavf solish ko‘zda tutilmagan edi. Keyinchalik tashkilot nomidagi «parvar» so‘zi olib tashlanib, jamiyat «Ittihodi taraqqiy», undan so‘ng «Milliy ittihod» deb atalgan, ya’ni taraqqiyog yo‘lida birlashish ko‘zda tutilgan. Hujjatlarning dalolat berdshicha, bu tashkilotning tashkilotchisi va ma’naviy rahbari Munavvar Qori Abdurashidov bo‘lgan.

Yigirmanchi yillarning ikkinchi yarmida tashkilot «Milliy istiqlol» nomini oladi. Munavvar Qorining izohicha, jamiyatning ayni paytdagi maqsadi hamda uning oldida turgan vazifalaridan kelib chiqilganda, «Milliy istiqlol» nomi ko‘proq mos kelar edi. Zero, milliy ittihod (milliy birlashuv) haqida, ya’ni barcha turkiy millatlarni (o‘zbek, qozoq, turkman, qoraqalpoq, qirg‘izlarni) birlashtirish haqida, avvalo, asosiy maqsadga — mustaqillikka erishgandan keyingina gap bo‘lishi mumkin, deb hisoblangan. «Milliy istiqlol»ning o‘z oldiga qo‘ygan vazifasi quyidagilardan iborat bo‘lgan:

  1. Mustaqil Turkiston uchun kurash.
  2. Maktab-maorif ishida isloh o‘tkazish.
  3. Bid’atga berilgan ruhoniylarga qarshi kurash.
  4. Turk harbiy asirlariga yordam ko‘rsatish (Birinchi jahon urushida o‘rislar asir odib, tutqungohlarga solingan turk harbiy asirlari Oktyabr to‘ntarishi tufayli ozod bo‘lishgach, qora tortib, Toshkentga kelgan edilar).
  5. Jamiyatga a’zolar jalb etish.

Munavvar Qorining dalolat berishicha, jamiyat biron-bir kimsada milliy ozodlik harakatiga intilish borligini sezsa, ishonchli a’zolardan birini u bilan muloqot olib borishga undagan va bu shaxs loyiq topgan taqdirdagina xayrixoh kimsani jamiyatga a’zo bo‘lishlikka taklif etgan. Taklifni qabul qilgan kishi o‘sha tashviqot qilgan jamiyat a’zosi yetagida (aksariyat tunda) biron-bir maktab yoki idoraga borgan.

Bu odam kuzatib borilgan xonada stol turgan. Uning ustida «Smit-Vitobson» to‘pponchasi va Qur’oni karim bo‘lgan. Orqada qizil alvon—uning ortida esa Rayosat a’zolaridan biri kelganlarga ko‘rinmay turgan. Boshlashib kelganikki odam alvon ro‘parasiga kelib to‘xtashgan va alvon ortida turgan Rayosat a’zosi xitob qilgan: «Falonchi! Turkiston Milliy Istiqlol jamiyati Sizni o‘zining haqiqiy va sadoqatli a’zosi bo‘lishingizga ishonch bildiradi. Shunga e’tirozingiz yo‘qmi, sodiq a’zo bo‘lishni istaysizmi?» A’zolikka kirayotgan kishi roziligini izhor etgach, bayroq ortida turgan odam unga deydi: «Falonchi! Sizning o‘z ixtiyoringiz bilan a’zolikka kirishingizga jamiyat nomidan rozilik bildiraman. Menga bergan so‘zingiz chin bo‘lsa, o‘ng qo‘lingizni Kalomullohga, so‘l qo‘lingizni to‘pponcha ustiga qo‘ying! — So‘ng boshlab kelgan odamga murojaat etadi, — Siz, Falonchi, mana shu kishining shu daqiqadan boshlab Turkiston Milliy Istiqlol Jamiyati a’zoligiga qabul etilganiga guvoh bo‘ling». Boshlab kelgan kishi rozilik bildirganidan keyin qasamyodga o‘tadilar. Alvon ortidagi odam: «Falonchi! Endi Siz jamiyatga qasamyod qilasiz. Men nima desam, shuni takrorlang!» — deydi-da, so‘zlarni lo‘nda-lo‘nda qilib aytib turadi va a’zolikka kirayotgan kimsa uni takrorlaydi. «Menkim falonchi, jamiyatning ikki obro‘li a’zosi oldida, o‘ng qo‘limni Kalomullohga, so‘l qo‘limni o‘lim quroli ustiga qo‘yib turib va yuzimni buyuk Turonning milliy bayrog‘iga qaratgan holda Turkiston «Milliy istiqlol» jamiyatiga a’zo bo‘lganligimga qasamyod qilaman.. Jamiyat maqsadlari va farmonlariga hech qachon qarshilik ko‘rsatmayman, har qanday qurbonlardan, bajarish juda qiyin bo‘lgan farmonlarni ijro etishdan sira qaytmayman. Jamiyatning barcha topshiriq va buyruqlarini so‘zsiz bajaraman, uning maqsadlari ro‘yobga chiqishi yo‘lida bor mol-mulkimni sarflashga, jonimni fido qilishga tayyorman. Jamiyatning biron-bir sirini oshkor etgudek bo‘lsam yoki unga xiyonat qilsam, 24 soat ichida meni o‘limga mahkum etishlariga roziman. Jamiyat sirini oshkor etmaslikka Parvardigori olam oldida dinim-imonim bilan qasamyod qilaman». Shu daqiqadan boshlab, bu kimsa «Milliy istiqlol» jamiyati a’zosi sanalardi.

«Milliy istiqlol»chilar safi vazifalar mohiyatini ongli suratda tushunib yetgan a’zolar hisobiga kengayib borgan. Sho‘ro hokimiyati o‘rnatilgach, ular yangi hokimiyatni chinakam ishchi-dehqon hokimiyati deb ishonib, birgalikda ish olib borishni ko‘zlagan davrlar ham bo‘lgan. Hatto Munavvar Qori ma’lum muddat kommunistik partiya a’zosi ham bo‘lgan. Buning sababini so‘rashganda, u: «Men xalqqa manfaati tegishi mumkin bo‘lgan, uni yorug‘likka olib chiqadigan har qanday tashkilotga a’zo bo‘lishga tayyorman», — deb javob bergan. Ammo bu zukko ziyolilar yangi hokimiyatning so‘zi bilan ishi boshqa-boshqaligini tezda anglab yetdilar. Xalq orasida ham norozilik kundan-kunga ortib bordi. Bu bedodliklarni o‘z ko‘zi bilan ko‘rib, o‘z boshidan kechirib turgan ziyolilar mushohada yuritishar, qiyoslashar va tegishli xulosa chiqarardilar. Bu xulosa Sho‘ro hukumati foydasiga bo‘lmas edi. «O‘zbekistonda buyuk davlat shovinizmi rivojlanib boryapti», «O‘rusiyaning markaziy tumanlaridan o‘rislarning ommaviy ravishda ko‘chirib keltirilishi, buning oqibatida mahalliy aholi orasida ishsizlikning ko‘payib borishi, mahalliy sanoatning rivojlanishiga ahamiyat berilmaganligi, ustiga-ustak, to‘qimachilik fabrikalarining O‘rusiya hududida qurilishi va bor paxtaning o‘sha yoqqa tashib ketilishi xonavayron bo‘lgan o‘zbek hunarmandlarining holini battar xarob qiladi», — «Milliy istiqlol»chilarning xulosasi shunday edi.

Bu orada Turkiston jumhuriyatlarga bo‘lib yuboriladigan bo‘ldi. Turkistonni hur, mustaqil ko‘rish orzusida yongan «milliy istiqlol»chilar angladilarki, Sho‘ro hokimiyatining so‘zi boshqa-yu, ishi boshqa. «Go‘shtni ham avval nimtalab bo‘laklarga bo‘linadi, so‘ng yeb yuborish oson bo‘ladi», — dedilar istiqlolchilar. Ammo ularning nolayu talablarini tinglaguvchi quloq, anglaguvchi dil topilmadi. Aksincha, ularning har bir qadami OGPU ta’qibida bo‘ldi.

Zulayho Qayumova o‘z xotiralarida «milliy istiqlol»chilarning hibsga olinishini Hamza o‘limi bilan bog‘laydi. Haqiqatda ularning hibsga olinishiga shu voqea bahona bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Lekin masalaning asl sabablari boshqa yerda.

«Vechernyaya Moskva» gazetasida nomi va surati e’lon qilingan kishilardan to‘rt nafari qozog‘istonlik. Bu kishilar ham 1929 yilning turli oylarida qamoqqa olinib, Moskvaning Butirka qamoqxonasida otib tashlanganlar. Shu dalilning o‘zi ham Sho‘ro hokimiyatiga nisbatan muxolifiyatda bo‘lgan kishilarni qamab yo‘q qilish Butunittifoq miqyosida amalga oshirilganligini ko‘rsatadi.

«Milliy istiqlol» jamiyati rahbarlarini avval mas’ul lavozimlardan chetlashtirib, ijtimoiy-siyosiy hayotda faol ishtirok etish imkoniyatidan mahrum qildilar. Masalan, Munavvar Qori Abdurashidov Oktyabr to‘ntarishidan keyingi dastlabki yillarda Turkiston Respublikasi Maorif komissarining o‘rinbosari bo‘lgan. Shundan keyin sekin-asta lavozimlari pasaytirilib, oxirida mahallasida o‘zi tashkil etgan maktabda o‘qituvchi bo‘lib qolgan, ro‘zg‘orini zo‘r-bazo‘r tebratgan. Buxoro Xalq Respublikasining Ozarbayjondagi elchisi, Buxoro Xalq Respublikasi nashriyotining direktori, bir qator gazetalarning muharriri bo‘lib ishlagan talantli shoir va publitsist Said Ahroriy esa so‘nggi paytda moliya-iqtisod texnikumining oddiy o‘qituvchisi edi. Yaxshi iqtisodiy bilimga ega bo‘lgan, bir nechta tilni bilgan, pedagogika bilim yurtida direktor bo‘lib ishlagan Salimxon Tillaxonov esa 1929 yilda «Plodovoshchvinsoyuz»da yo‘riqchi bo‘lib ishlab yurgan edi.

1929 yilning kech kuzida «Milliy istiqlol»chilarni bitta-bittalab hibsga oldilar. Jamiyatning jami sakson yetti a’zosi qamaldi.

Ularni nega aynan shu davrda qamab, yo‘q qilishdi? Sababi, bu davrda Sho‘ro hukumati qishloqda quloqlarni sinf sifatida tugatishga kirishayotgan payt edi. «Milliy istiqlol»chilar esa, bolsheviklarning fikricha, quloqlarning g‘oyaviy rahbarlari edilar. Shu boisdan ham Sho‘ro hukumati Turkistonda quloqlashtirishni «Milliy istiqlol»chilarni yo‘q qilishdan boshladi.

«Milliy istiqlol»chilar nimani istashardi? degan savol tug‘iladi. Bu savolga ularning o‘zlari shunday javob berishgan: Respublika davlat idoralaridagi rahbarlik lavozimlarida hech bo‘lmasa ellik foiz mahalliy millat farzandlari ishlasin. O‘0zbekiston qizil mustamlaka bo‘lib qolmasin. Istiqlolchilar yana paxta yakkahokimligiga yo‘l qo‘ymaslik kerakligini, yer-suv islohoti noto‘g‘ri o‘tayotgani, alifboni o‘zgartirish mamlakatni savodsiz bir o‘lkaga aylantirajagini, xalq o‘z tarixidan uzilib, manqurtga aylanib qolajagini ta’kidladilarki, ularning bu talablariga bugungi kun nazari bilan qaralganda naqadar to‘g‘ri, odilona va o‘z vaqtida qo‘yilgan talablar ekanligiga qanoat hosil qilish mumkin. «Milliy istiqlol»chilar sotsializm yaxshi narsa, ammo u xomxayollikdan boshqa narsa emas, degan fikrda edilar, diniy e’tiqodning oyoq osti qilinishiga qarshi edilar.

1929 yilning noyabr oyida hibsga olingan «Milliy istiqlol» jamiyatining a’zolari orasida yuqorida nomlari tilga olingan kishilardan tashqari, Aziz Lazizzoda, Shorasul Zunnun, xotin-qizlar pedagogika texnikumining direktori Usmonxo‘ja To‘xtaxo‘jayev, «Qizil O‘zbekiston» ro‘znomasining adabiy xodimi Usmon Akramiy, ro‘znoma tarqatish idorasi xodimi Tolibjon Musaboyev, Hasanqori Xoniy, Mirxalil Karimov, Zaynutdin Nasriddinov, Abdullaxo‘ja G‘afurov, Nasimjon Mahmudov va boshqa kishilar bor edi.

Hibsga olinganlar avval Toshkent qamoqxonasida, keyin Moskvadagi Butirka qamoqxonasida azob chekdilar. Ularga RSFSR Jinoyat majmuasi 58-moddasining turli bandlari bilan jazo berilib, 15 nafari otuvga hukm qilindi, qolganlariga turli muddatli qamoq jazosi berildi. Otuvga hukm qilinganlar quyidagilar edi:

  1. Munavvar Qori Abdurashidov.
  2. Salimxon Tillaxonov.
  3. G‘ulom Ikromov.
  4. Mirxalil Karimov.
  5. Najmiddin Shorahmedov.
  6. Tolibjon Musaboyev.
  7. Asadulla Xo‘jaxonov.
  8. Usmonxo‘ja To‘xtaxo‘jayev.
  9. Ismoiljon Ibrohimov.
  10. Tangriqulhoji Maqsudov.
  11. Hasan Qori Xoniy.
  12. Zaynitdin Qori Xoniy.
  13. Mullag‘aybullo Dadamuhamedov.
  14. Abdullabek Musabekov.
  15. Said Ahroriy.

«Milliy istiqlol»chilardan faqat ayrim kishilar, jumladan, Aziz Lazizzoda va Shorasul Zunnungina yigirma yildan ortiq qamoq va surgun azobini tortib, Stalin vafot etib, mamlakatdagi siyosiy muhit bir oz yumshaganidan keyingina o‘z oilalari bag‘riga qaytish imkoniga ega bo‘ldilar. Uzoq yillik qamoq va surgun azobi ularning qaddini bukib, sog‘liqlarini ishdan chiqarganiga qaramay, bu kishilar madaniyatimizning turli sohalarida halol mehnat qilishni davom ettirib, o‘zlaridan yaxshi nom qoldirdilar.

1994 yil.