Ustoz rejissyor (Toshxo‘ja Xo‘jayev)

Teatr… Sahna… Rejissura… Bir-birini taqozo etuvchi bu tushunchalar kimlar uchun oddiy so‘zlar, yana kimlarga ma’lum soha, ya’ni san’atga daxldor atamalar shodasi, xolos. Biroq yana bir qatlam kishilar borki, ular uchun teatr, sahna, rejissura hayot mazmuni, baxtu armoni, maskani, taqdiri azal bitigidir. Bunday insonlarni rejissyorlar, deymiz biz. Rejissura – katta va mashaqqatli bir yo‘lki, undan kimdir ot choptirib o‘tadi, kimdir poyi-piyoda. O‘zbek teatr san’ati bu yo‘llardan “ot choptirib” o‘tgan, nomi abadiyatga arzirli, mehnati dunyolarga tatiguvchi zabardast rejissyorlarni ko‘p ko‘rgan va ko‘rib kelmoqda. Mannon Uyg‘urdan boshlab to bugungi kunda teatrlarda ijod g‘ildiragini yurgizib kelayotgan rejissyorlargacha bo‘lgan uzoq muddatda Yetim Bobojonov, Aleksandr Ginzburg, Javod Obidov, Toshxo‘ja Xo‘jayev, Ergash Masafoyev, Bahodir Yo‘ldoshev, Rustam Hamidov kabi rejissyorlar faoliyati teatr san’atimizning asrlik tadrijida g‘oyat muhim bosqichlar hisoblanadi. Odatda, muayyan davrning ijodiy muhitini belgilashda o‘sha davrning ilg‘orlari nomi, ular qilgan ishlar asosiy mezon hisoblanadi. Xuddi shu ma’noda rejissura va teatr san’atimiz tarixida Kamol I, Mannon Uyg‘ur ijodining o‘zi bir bosqichni, Ginzburgu Yetim Bobojonovlarning har biri alohida davrni belgilaganidek teatr san’atimizning 1950-70 yillardagi umumiy qiyofasi, shubhasiz, O‘zbekiston xalq artisti Toshxo‘ja Xo‘jayev nomi bilan bog‘liqlikda tarix sahifalariga muhrlangan.San’atkor shaxsiyati va ijod yo‘li chindan ham havas qilgulik, shu bilan birga muttasil tadqiq qilishga munosib. Yillar o‘tgan bo‘lishiga qaramay, T.Xo‘jayev sahnalashtirgan aksariyat spektakllar tomoshabinlar xotirasi va qalbidan o‘chgan emas. Qanday mavzuda bo‘lmasin, spektakllari mohiyatida va sahnaviy talqinida doim o‘ziga xoslik hamda aktyorlar uchun ijodiy imkoniyatlar maydonini paydo qila bilgan Toshxo‘ja Xo‘jayevning teran, individual rejissyorlik pozitsiyasi yangi avlod uchun mazkur sohaning ob’ektiv tamoyillarini topish va o‘rnak olishda munosib manba bo‘lib qolmoqda. Rejissyor ijodining bunday qadr topishidagi asosiy omil, hech shubhasiz, uning san’at kishisi bo‘lib tug‘ilganida va yashaganidadir.

Rejissyor, aktyor, pedagog Toshxo‘ja Xo‘jayev 1922 yilning 1 sentyabrida Toshkent shahrida dunyoga keldi. San’atkor Ostrovskiy nomidagi Toshkent teatr va rassomchilik institutida tahsil olayotgan kezlaridayoq soha bilan jiddiy shug‘ullana boshladi. Undagi rejissyorlarga xos tafakkur, tasavvur, tug‘ma iqtidor va tashkilotchilik o‘z sohibini o‘zgalardan ko‘proq harakat qilishga, izlanishga, yaxshiroq natijalar ko‘rsatishga chorlaydi. U o‘qish asnosida teatrda mehnat qilar, shu sababdan sohani boshqalarga nisbatan ertaroq va chuqurroq anglagan edi. Mutaxassislik diplomini olib ulgurmasdanoq, 1950 yil (28 yosh)dan Hamza nomidagi Akademik teatrda rejissyor sifatida mustaqil ish boshlaydi. Ilk bor Jan Molerning “Skapenning nayranglari” komediyasini sahnalashtirib, o‘zini rejissyor sifatida namoyon qiladi. Shundan so‘ng “Oila”, “Hikmat”, “Shohi so‘zana”, “Yurak sirlari”, “Chin muhabbat” kabi spektakllari ketma-ket sahna yuzini ko‘radi. Ayniqsa, Oybekning “Qutlug‘ qon” romanini o‘zi intsenirovka qilib, sahnaviy talqinini yaratgani teatr hayotida muhim hodisaga aylanadi. Yetti yil davomida shunday spektakllar qo‘yib, xalq va teatr jamoasi ishonchini qozongach, 1957 yilda teatrga bosh rejissyor etib tayinlanadi. O‘ttiz besh yoshida shunday mas’uliyatli lavozimning sharafu zalvorini zimmasiga olish har kimning ham peshonasiga bitilavermaydigan baxt edi. Toshxo‘ja Xo‘jayev mazkur lavozimda 1966 yilga qadar sidqidildan xizmat qildi. Ijodi bilan san’atimizni yangilashga imkon qidirdi, intildi, erishdi. U rahbarlik qilgan davrda o‘zi sahnalashtirgan “Yo‘lchi yulduz”(1958), “Hurriyat”(1958), “Furqat” (1959), “Makr va muhabbat”(1959), “Sarviqomat dilbarim”(1964), “O‘g‘irlangan umr” (1965), “Monserra”(1967), “Boy ila xizmatchi” (1968) kabi spektakllaridan tashqari, Aleksandr Ginzburgning “Hamza” (1960), “Mirzo Ulug‘bek” (1961), Sharif Qayumovning “Xatarli yo‘l”(1964), “Parvona”(1966) va Ladiginning “Hamlet” (1964), “Qirol Lir”(1966) kabi qator spektakllari dunyoga keladi va teatr repertuarining sifat darajasi va tarkibi boyidi.

Toshxo‘ja Xo‘jayev sahnalashtirgan asarlar orasidagi “Alisher Navoiy”(1968) , “Oltin devor”(1970) spektakllari o‘z davrida ham, bugun ham shoh asarlar sifatida e’tirof etiladi. Erkin Vohidov, Izzat Sulton hamda Uyg‘un asarlari asosida sahnalashtirilgan mazkur spektakllar Toshxo‘ja Xo‘jayevning rejissyorlik dastxati sabab aktyorlar uchun ilhombaxsh ishga, tomoshabin uchun zavqli, iftixor uyg‘otuvchi spektakllarga aylandi. Bu spektakllarda rejissyorning detallar va obrazlarni mohirona ishlagani, aktyorlarga “qanotlarini baralla yozib” ijro qilishga imkoniyat paydo qilgani sezilib turadi. Shuni ham alohida ta’kidlash kerakki, Toshxo‘ja Xo‘jayev chinakam dramaturglar bilan hamkorlikda ishlagan. Abdulla Qahhor, Odil Yoqubov asarlarini teatrning bebaho mulkiga aylantirgan. U rejissyor sifatida faqat zamon talabiga mos, mahalliy dramaturglar ijodigagina emas, jahon dramaturgiyasi klassikasidagi rang-barang asarlarga ham ko‘p bor murojaat qilgan. Tragediya, drama va komediya janrlaridagi spektakllarni qiyomiga yetkazib sahnalashtira olganligining o‘zi rejissyorning qolip bilmas tafakkur va tasavvur egasi ekanligidan dalolat beradi.

Rejissyor Toshxo‘ja Xo‘jayev yillar davomida to‘plagan tajribalari, ijodiy salohiyatini 1970 yildan e’tiboran Teatr va rassomchilik institutida, teatrda shogirdlar yetishtirishga sarflaydi. Uning qo‘l ostida yuzlab aktyor, rejissyorlar tarbiyalanadi: To‘lqin Tojiyev, Turg‘un Azizov, Tolib Karimov, Bahodir Yo‘ldoshev, Mansur Ravshanov, Turg‘un Xonto‘rayev, Rimma Ahmedova, To‘ti Yusupova… Bu safni yana qancha-qancha el sevgan san’atkorlar nomi bilan davom ettirish mumkin. Darvoqe, pedagog rejissyor sifatida Javod Obidov K.S. Stanislavskiyning “San’atdagi hayotim” asarini, Toshxo‘ja Xo‘jayev esa “Aktyorning o‘z ustida ishlashi” kitobini tarjima qilib, chop ettirdilar. Mazkur kitoblar san’atkorlar uchun suv va havo o‘rnida. Vaholanki, buyuk rus teatr islohchisi yaratgan sakkiz jildlik asarlarning boshqa kitoblarini haligacha biron san’atkor, pedagog yoki tarjimon o‘zbek tiliga o‘girish mas’uliyatini zimmasiga ololgan emas. Demak, Toshxo‘ja Xo‘jayevni bu borada ham o‘rnak sifatida yod etish mumkin.

Aktyor Toshxo‘ja Xo‘jayevning kinofilmlardagi oz va soz rollari ham ijodkorning aktyorlik faoliyati haqida so‘z yuritishga asos bera oladi. Toshxo‘ja Xo‘jayev “Abu Rayhon Beruniy”, “Oygul”, “Odamlar orasida yolg‘iz” va boshqa filmlarda yaratgan obrazlari bilan o‘zining kinoaktyor sifatida imkoniyatlarini namoyish etib ulgurgan. 1970 yildan to umrining so‘nggi yillariga qadar “O‘zbekfilm” aktyorlar studiyasida rahbarlik vazifasida ishlab, kino san’atimiz rivoji yo‘lida jonbozlik ko‘rsatdi. San’at uchun tug‘ilgan bu inson yarim asrdan ortiq umrini asosan sevgan kasbiga bag‘ishlab, 1975 yilning 22 mayida olamdan ko‘z yumdi.

Buyuk san’atkorning ijodi, mehnati va noyob iste’dodi o‘z qadrini topmay qolmadi. U 1959 yilda “O‘zbekiston xalq artisti” faxriy unvoni, 1970 yilda esa Respublika Davlat mukofoti bilan taqdirlandi va eng muhimi, xalqning, kelgusi avlodning cheksiz hurmati, e’tirofiga sazovor bo‘ldi. Aytish mumkinki, bugun Toshxo‘ja Xo‘jayev singari yonib ijod qilish, u erishgan cho‘qqilarga yetishish, u kabi xalq yuragida, tarix zarvaraqlarida qolish “Rejissyorman”,–deya mehnat qilayotgan har bitta ijodkor xayolining bir chetini doim band qiluvchi ezgu orzularidandir.

Maftuna Maxmatnazar qizi  tayyorladi

“Jahon adabiyoti”, 2013 yil, 9-son