Parijlik daho (Klod Debyussi)

Jahon musiqasi tarixida yorqin iz qoldirgan frantsuz kompozitori Klod Debyussi ijodiy an’anani yangi bosqichga olib chiqqan mashhur musiqa namoyandalaridan biridir. Uning ijodi  XIX-XX asrlar oralig‘ida dunyo musiqasida yangi davrning boshlanishiga sabab bo‘lib, so‘nggi romantizmdan impressionizm oqimiga o‘tuvchi ko‘prik vazifasini bajargan.

K. Debyussi 1862 yilning 22 avgustida Parij yaqinidagi Sen-Jermen-an-Le shaharchasida dunyoga keldi. Bo‘lajak bastakor musiqa bilan juda erta shug‘ullana boshladi. Bolalik chog‘ida fortepiano chalishni o‘rganib, 1872 yilda Parij konservatoriyasida musiqiy ta’limini davom ettirdi. 1880 yilda professor Ernest Giro rahbarligida ijod bilan jiddiy shug‘ullana boshladi.

O‘qish yillarida Debyussi jahon musiqa tarixini o‘rganar ekan, klassik va romantik kompozitorlar ijodi hamda rus kompozitorlik maktabi an’analari bilan yaqindan tanishdi. Dastlabki asarlarini shu an’analarga tayanib yaratdi. Qolaversa, ustozlari undan akademik musiqaning qonuniyatlariga to‘liq amal qilishni talab etishardi. Ammo u mustaqil holda  boshqa asarlar yozishni istar, o‘zi yozgan asarlaridan ko‘ngli sira to‘lmasdi. Ustozlariga qarshilik bildirishga botina olmagan Debyussi o‘zining original uslubi va musiqiy tilini izlashda davom etadi. Shu bois, Debyussi hamda konservatoriya professorlari orasida tez-tez ijodiy masalalarda turli kelishmovchiliklar yuzaga kelib turardi.

Yosh kompozitor konservatoriyani bitirgach, Italiyaga ijodiy safar qiladi. U yerda Haynrih Hayne asari asosida “Zuleyma” simfonik qasidasini, Botichelli asari asosida “Bahor” syuitasini yozdi va ularni Parijga jo‘natdi. Debyussining ijodini kuzatib, qalbida hadik paydo bo‘lgan akademiklar uning ohanglarida impressionizm oqimi borligini bashorat qilishdi va uni jiddiy ravishda ogohlantirishdi.

Uning mazkur asarlari haqida o‘sha davr tanqidchilari tomonidan taqriz yozilib, shunday fikr bildiriladi: “Shubhasizki, Debyussi o‘z musiqalarida juda g‘alati va noodatiy chizgilarni izlashga intilmoqda. Shu bilan birga, u musiqiy bo‘yoqni haddan tashqari chuqur his etadi. Bu esa uning tasvir hamda shakl aniqligi va muhimligini unutishiga olib kelyapti. U impressionizmdan ehtiyot bo‘lib, undan saqlanishi joiz”.

Ushbu taqriz 1886 yilda yozilgan bo‘lib, undagi “impressionizm” so‘zi aynan musiqa san’atiga qarata aytilgan. Aytish joizki, bu davrga kelib, impressionizm badiiy oqim sifatida tasviriy san’at sohasida shakllanib bo‘lgan edi. Musiqa san’atida esa impressionizm hali mavjud emasdi. Debyussi esa o‘z izlanishlari bilan bu yangi uslub yuzaga kelishining eng boshida turgan edi.  Debyussining ke­yinchalik ijodiy hamfikriga aylangan kompozitor Erik Satining u haqida yozgan “Klod Debyussi” maqolasida “Biz allaqachonlar Klod Mone, Sezann, Tuluz-Lotrek singari rassomlar ijodida kuzatgan tasviriy vositalarni nima uchun musiqada qo‘llamaganmiz? Axir ularda chinakam ifodaviylik bor, nima uchun bunday vositani musiqaga olib kirib bo‘lmasligi kerak?”, deya uning ijodiy qarashlarini qo‘llab-quvvatlagan edi.

1880 yilning oxirida Debyussi Ernest Shosson ismli musiqa ixlosmandi bo‘lgan badavlat inson bilan tanishadi. Ernest Shossonning ijodiy muhitida mashhur kompozitorlar Gabriel Fore, Isaak Albenis, skripkachi Ejen Izai, xonanda Polina Viardo, yozuvchi Ivan Turgenev, musavvir Klod Mone singari san’atkorlar mehmon bo‘lardi. Debyussi mana shunday taniqli san’atkorlar bilan ijodiy muloqotda bo‘ladi. Aynan shu yerda shoir Stefan Mallarme hamda yozuvchi Edgar Po bilan tanishib, ularning ijodi bilan yaqindan tanishadi.

1891 yilda Debyussi ijodiy kamolotiga, musiqada o‘z yo‘lini  topishiga turtki bergan insonni uchratadi. Bu pianinochi va kompozitor Erik Sati edi. Bu ijodkorning musiqiy bilim, yangicha va original mushohadalarga egaligi, odatdan tashqari improvizatsiyaga moyilligi Debyussi e’tiborini o‘ziga jalb etadi. U yaratgan fortepiano hamda vokal asarlardagi  novatorlik sifatlari Debyussini qiziqtirib qo‘yadi.

Bu ikki kompozitor orasidagi o‘ziga xos ijodiy munosabat XX asr boshida yuzaga kelgan Frantsiya musiqa madaniyatining yangi qiyofasini belgilab berdi. Negaki, Erik Sati singari mustaqil va erkin, hech qanday akademik oqimlarga bo‘ysunmagan ijodkor bilan tanishuv unga katta ta’sir ko‘rsatib, durdona ijodiy fikrlariga qanot bag‘ishladi. Bunga qadar Debyussi atoqli nemis kompozitori Vagner ijodiga kuchli e’tiqod  bilan qaragan bo‘lsa, endi uni rad eta boshlaydi.

Bunday o‘zgarishning natijasi o‘laroq, shu davrgacha yozgan barcha asarlarini bir chetga surib, 1893 yilda yangicha uslubga asoslangan “Pelleas va Melisanda” nomli operasini yozdi.

Oradan bir yil o‘tib, Debyussi o‘zining mashhur “Favnning tushdan keyingi hordig‘i” nomli simfonik asarini yozadi. Shoir Stefan Mallarmening asari asosida  yaratilgan simfoniya uning ijodidagi haqiqiy shedevr­ga aylandi. Favn – bu afsonaviy-ilohiy jonzot. U nihoyatda rahmdil va odamzotga ezgulik olib keladigan mavjudot bo‘lib, go‘zal afsonaviy farishtalar suhbatiga intiladi. Debyussining ushbu syujet asosida yozgan asari musiqa san’atida impressionizm oqimining qaror topganidan darak berdi.

“Favnning tushdan keyingi hordig‘i” asari balet san’atida ham impressionizm tamoyillarining rivojlanishiga asos bo‘ldi. Debyussining bu asarini sahnaga olib chiqishda mashhur musavvir Lev Bakst afsonaviy qahramon Favn uchun original sahnaviy kiyim yasaydi. Balet raqqoslari ham klassik printsiplardan chekinib, impressionizm ruhini ifodalaydigan ijodiy izlanishlar olib bordilar. Kompozitor “Kamma”, “O‘yinchoqlar qutisi”,  “O‘yinlar” baletlarini yozib, bu yo‘nalishda ham o‘zligini namoyon qila oldi.

Hozirgi davrga kelib, impressionizm musiqa san’atining ajralmas yo‘nalishlaridan biriga aylanib ulgurdi. Klod Debyussi, Erik Sati, Moris Ravel singari kompozitorlar musiqiy impressionizmning asoschilari va ilk namoyandalari sifatida e’tirof etiladi. Albatta, har qanday yangi yo‘lni boshlash va unga tamal toshi qo‘yish hayotda ham, ijod dunyosida ham oson bo‘lmagan. Debyussi esa o‘zining yuksak iqtidori bois bunday murakkab ishni muvaffaqiyat bilan uddaladi va san’at sohasidagi taraqqiyotning yangi bosqichini ochib berdi.

Oydin Abdullayeva,

O‘zbekiston davlat konservatoriyasi “Bastakorlik va cholg‘ulashtirish” kafedrasi mudiri

«Jahon adabiyoti» jurnali, 2018 yil, 5-son