Orifona, oshiqona ohanglar ijodkori (Mustafo Bafoyev)

Maqolamiz qahramoni bilan birinchi suhbatimiz 1992 yilda oson kechmagan edi. Doni Zokirov nomidagi milliy cholg‘u orkestrining badiiy rahbari va bosh dirijyori bo‘lib ishlayotgan chog‘larida hamisha ijod ummoniga g‘arq bo‘lgani uchunmi, biz kutgan musohaba juda qisqa bo‘ldi.

Yana bir kuni ijodxonasiga kirmoqchi bo‘lganimda “Bugun u kishi Hazrat Navoiy mutolaasi bilan band…” deb ruxsat berishmadi. Mavlono Rumiyning “Devoni kabir”idagi orifona, tasavvufiy g‘azallarini katta tavajjuh bilan qayta-qayta qiroat qilganini ham ko‘p guvohi bo‘lganmiz. Bu satrlarni keltirishdan maqsad shuki, necha yillardan buyon Mustafo akani kuzatgan bo‘lsak, u eng avvalo, vaqtni qadrlovchi, kitob mutolaasini sevuvchi, ijod, ijod va yana ijod bilan band, bema’ni suhbatlardan o‘zini parhez qiluvchi inson sifatida gavdalanadi. Mana shu mehnatsevarlik, Sharq adabiyotining zabardast shoir-u mutafakkirlarining asarlarini mutolaa qilish, Shashmaqom, xalq kuy va qo‘shiqlari bilan bir paytda dunyo musiqasining nodir namunalarini o‘rganish, eng asosiysi musiqa san’atiga bo‘lgan zavq-shavq u kishini katta salohiyatli ijodkor, zabardast bastakor darajasiga olib keldi…

Buyuk mutafakkir Muhammad Hijoziy “Hayot tabiat (Yaratguvchi) tomonidan bizga berilgan musiqiy sozdir. Ushbu musiqiy sozni yaxshi chalish bizning iste’dod va intilishimizga bog‘liqdir”, degan edi. Atoqli bastakor Mustafo Bafoyev o‘z ustozlaridek, iste’dodi va intilishi bilan inson hayoti va umri musiqiy garmoniyaga yoki o‘ziga xos simfoniyaga monand ekanligini isbotladi.

Gohida o‘z hayotida hech bir ishni qoyil qilmagan insonlardan “agar menda ham istalgan sharoit bo‘lganida, men ham falon-falon ishlarni boplardim”, deganlarini eshitib qolamiz. Agar hayot, umrning mukofoti faqat sharoit, muhayyolik bilan vobasta bo‘lib qolganida edi…

Mustafo Bafoyev uchun orzu-maqsadini ro‘yobga chiqarish yo‘li oson bo‘lmagan. U 1946 yil 10 noyabr kuni Buxoro viloyati Kogon tumani Ganjkash qishlog‘ida oddiy oilada dunyoga keldi. U yillarda endigina ko‘zini olamga ochgan ganjkashlik bola keyinchalik musiqa san’ati ummonidan dur-u ganj terib olishini albatta hech kim tasavvur qilolmas edi. Chunki Ikkinchi jahon urushi keyingi yillarga ham o‘z ta’sirini, asoratini qoldirgandi. Musiqachi yoki bastakor bo‘lish xomxayol bo‘lib tuyulardi. Xalq yo‘lidagi musiqa va taronalarni zamzama (xirgoyi) qilib yurgan yosh Mustafoni kuzatgan amakisi naychi Ahad Qodirov unga Buxoro musiqa bilim yurtida mahoratini sinovdan o‘tkazishni maslahat berdi. Zakovati, quvvai hofizasi zo‘r o‘spirin ota-onasi uchun kutilmagan holatda san’at yo‘lini tanladi va mazkur bilim yurtida g‘ijjak bo‘yicha tahsil oldi. Bu dargohda Samijon Vohidov, Ahmad Ixtiyorov kabi ustozlardan sozandalik sir-asrorini o‘rgandi.

Ha, ustozlarning bilim va iste’dodi shogirdlarga hamisha qanot bag‘ishlagan. Mustafo Bafoyev Toshkent davlat konservatoriyasida o‘qishni davom ettirdi. Mutavakkil Burhonov, Doni Zokirov, Mardon Nasimov, Vladimir Belinskiy, Boris Giyenko kabi ustozlarning maktabi, saboqlaridan zavq-shavq olib, mustaqil ijod yo‘liga o‘tdi va kasbu kor, maslak tanlashda xato qilmadi.

Mavlono Jaloliddin Rumiy aytganlaridek,

Har ki avval bingarad poyoni kor.

Andar oxir o‘ nagardad sharmsor.

(ya’ni: ish avvalida uning so‘nggi, poyonini ko‘ra bilgan insongina qilgan ishi, amalidan sharmisor bo‘lmagay).

U 1963 yili o‘zining birinchi asarini yaratdi. Bastakor negadir birinchi ohanglari haqida batafsil gapirishni xohlamaydi, kamtarlik qiladi. Hazrat Navoiy ta’kidlaganidek, kamtarlik olg‘a intilayotgan insoniyat kemasining yelkanidir. Ijodkor shunday insonki, u o‘zi yaratgan asaridan mardonavor voz kechib, undan-da go‘zalroq asarlar yaratishiga kirishadi. 1977 yili u ilk mukammal asari, “Buxoronoma” nomli oratoriyasini ustoz bastakorlar, musiqa munaqqidlariga taqdim etdi. Yaxshi niyatlar bilan yaratilgan mazkur asar O‘zbekistonda yana bir kelajagi porloq bastakor musiqa san’ati maydoniga shahdam qadam qo‘yib kelganidan ko‘pchilikka darak berdi. Ushbu asar bilan u Moskvada yosh kompozitorlar tanlovida g‘olib chiqdi.

Bu asardan so‘ng, bebaho musiqiy xazinamiz Shashmaqomdan ilhom olgan Mustafo Bafoyev Navoiy, Mashrab, Furqat g‘azallaridan iborat ”G‘azal” simfoniyasini yaratdi. Shu tariqa, iste’dodli bastakor buyuk zotlarning orzu-armonlari, dardini musiqaning sehrli tili bilan bayon etuvchi bir qator asarlar: “Ibn Sino”, “Movarounnahr”, “Holati Alisher Navoiy, “Hamza” (shoir hayotidan lavhalar) kabi simfoniyalar, teatr uchun musiqiy dramalar (“Ettinchi jin”, “Uzilgan torlar”, “Zo‘ldir”, “Toshkentda tuman”, “Roja”, “Prometey”, “Pariqishloq afsonasi”, “To‘maris”), 6 ta opera ( “Umar Xayyom”, 1994 yil), “Sevgi samosi”, “Ibn Sino”, “Borbad”, shoir X.Davron bilan ijodiy hamkorlikda “Buxoroi sharif”, (Navoiyning “Lison-ut-tayr” dostoni asosida – opera-feeriya), ya’ni bir-biridan janr jihatdan ham, mazmun nigohidan ham rang-barang, bir-biridan go‘zal, ammo ruhiyati milliy, asl xalqona musiqiy asarlarni yaratdi. U 200dan ortiq qo‘shiqlar ohangining muallifi hamdir. 15 yilga yaqin Doni Zokirov nomidagi milliy cholg‘u orkestrining badiiy rahbari va bosh dirijyori sifatida o‘z iqtidori va rahbarlik, ustozlik mahoratini namoyon etdi.

1997 yil Samarqandda bo‘lib o‘tgan Birinchi “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivalida qatnashgan nemis musiqashunosi va sozandasi Tomas Ogger aynan Mustafo Bafoyevdek bastakorlarimizning asarlarini eshitib: “Bu musiqalar ilohiy musiqa, ularda jon, ruh bor. Bugungi kunda agar Yevropada musiqa xuddi bir texnika hodisasidek o‘zini “namoyon” etayotgan bo‘lsa, O‘zbekistonda dono xalq ruhiyatini mujassam etgan, some’lar qalbini darhol zabt eta oladigan musiqani ko‘rayapman”, deya e’tirof etgan edi (Darvoqe, aynan mana shu festivalda M.Bafoyevning “Buyuk ipak yo‘li” asari yangragan edi). To‘g‘ri, opera, balet, sonata, opera-feeriya kabi musiqa janrlarining vatani G‘arbdir. Lekin mazkur janrlarga milliy ruhni bag‘ishlab, xalqning tiynatini singdirish orqali jahon madaniyati bilan uyg‘unlikda milliy musiqani rivojlantirish, dunyo sahnasidan munosib joy olish bastakorning vazifasi, burchi ekanligini anglagan MusG‘tafo Bafoyev mazkur yo‘nalishlarda eng sermahsul va muvaffaqiyatli ijod qilayotgan bastakorlarimizdan hisoblanadi. Birgina “Zikr-ul-haq” kontsert-voqea misolida ham shuni anglash qiyin emas. Asarda maqom sho‘balaridan foydalangan holda, G‘arb va Sharq musiqasi bir-birini to‘ldirganini ko‘ramiz. Ushbu asar barcha insonlarni millati, dinidan qat’i nazar ezgulik, poklikka da’vat etadi. Atoqli shoirimiz Abdulla Oripovning “Haj daftari” asosida yozilgan “Hajnoma” oratoriyasida ham aynan shu holatni kuzatish mumkin.

Joriy yilning boshida O‘zbekiston davlat konservatoriyasining Katta zalida Buxoroning “Mavrigi” ansamblining kontserti bo‘lib o‘tdi. Kontsert so‘nggida M.Bafoyev sahnaga chiqib, muxlislarga qarata: “Mana sizlarga Buxoroning simfoniyasi. “Mavrigi” G‘arbning qaysi simfoniyasidan kam?! Bu ming yillik san’at namunasi oldida dunyo ta’zim qilsa, arziydi”, deya irod etdi.

Yaqinda aynan mana shu zalda M.Bafoyev asarlari asosida tashkil etilgan kontsertda ham mashhur san’atshunoslarimiz atoqli bastakorimiz ijodiga baho berib, ayni yuqorida zikr etilgan so‘zlarni ta’kidladilar: “M.Bafoyevning asarlari qaysi mashhur xorijiy bastakorlar asaridan kam?!”

Shu boisdan bo‘lsa kerak, Mustafo Bafoyevning asarlari, ayniqsa, Mustaqillik yillarida nafaqat O‘zbekiston yoki mintaqamizda, balki dunyoning turli go‘shalarida yangramoqda. Jumladan, 2004 yilda Yaponiyaning Nafis san’at universiteti taklifi bilan ushbu mamlakatga borib, simpoziumda qatnashgan M.Bafoyevning tanbur va simfonik orkestr uchun yaratilgan kontserti turli mamlakatlardan taqdim etilgan asarlar ichida eng yaxshisi, deb e’tirof etildi. Yoki 2000 yil mashhur violonchelist Yo Yo Ma tomonidan AQShning Massachusets shtatida tashkil etilgan xalqaro musiqa anjumanida ishtirok etgan M.Bafoyev violonchel va o‘zimizning oltita milliy cholg‘u – surnay, nay, qo‘shnay, chanqovuz, doira, nog‘ora uchun “Buxorocha” kontsert dasturini eng talabchan mutaxassislar hukmiga havola etdi va ularning olqishiga sazovor bo‘ldi (Ta’kidlash joizki, sozanda N.Ro‘ziyev mana shu kontsertda 6 ta milliy cholg‘uni bir o‘zi chalgan). Kontsertdan so‘ng uni ASCAP (Amerika bastakorlari, mualliflari va noshirlari jamiyati) nufuzli xalqaro tashkilotiga a’zolikka qabul qilishdi. 2006 yildagi Turkiyaga qilgan safari ham yangi asarlar yaratilishiga sabab bo‘ldi. Rossiya, Frantsiya, Germaniya, Ispaniya, Hindiston, Qozog‘iston, Ozarboyjon, Estoniyada ham uning asarlari hamisha olqishlar bilan kutib olinmoqda.

Mustafo Bafoyev O‘zbekistonda bastakorlardan birinchi bo‘lib teleopera, xor simfoniyasi, telebalet janriga qo‘l urgan ijodkor hisoblanadi. “Nodira”, “Ulug‘bek burji”, “Temuriy malikalar”, “Moziydan nur” kabi telebaletlari uchun u O‘zbekiston Respublikasi Davlat mukofotiga loyiq deb topildi. Agar asarlarining ro‘yxatiga e’tibor bersak, ularning qahramonlari xalqimizning buyuk farzandlari Ibn Sino, Al-Xorazmiy, Navoiy, Bahouddin Naqshband, Ahmad al-Farg‘oniy, Nodira, Ulug‘bek, Furqat, Borbad va boshqalar. Buning uchun kompozitor har tomonlama ilmli bo‘lishi lozim.

Davlatimiz madhiyasi musiqasining muallifi Mutavakkil Burhonov bilan uning 80 yilligi arafalarida suhbat qilganimizda “Agar men san’atga qaytadan kirib kelganimda, albatta, Mustafo Bafoyevdan saboq olgan bo‘lardim…”, degandi. Bundan yuksak baho bormi ijodkor uchun! Qolaversa, u O‘zbekiston Davlat konservatoriyasining bastakorlik va cholg‘ulashtirish kafedrasining professori sifatida o‘nlab shogirdlarni tarbiyaladi va tarbiyalamoqda.

O‘z kasbi va maslagining bilimdoni, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi, Davlat mukofoti laureati, “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni sohibi, professor Mustafo Bafoyev milliy musiqamizni yanada boyitib, madaniyatimizni jahon uzra targ‘ib qilishdek ezgu maqsadlarini ro‘yobga chiqarish yo‘lida bardavomdir.

Shoqahhor Salimov

“Jahon adabiyoti”, 2013 yil, 11-son