1873 yil 13 fevralda buyuk opera xonandasi Fyodor Ivanovich Shalyapin dunyoga keldi.
Buyuk rus tanqidchisi V.Stasov Fyodor Shalyapin iste’dodiga tahsinlar o‘qib: “Samodan boshimizga ulug‘ baxt yog‘ildi. Yangi buyuk talant bunyodga keldi!” deb xitob qilgandi. Darhaqiqat, Shalyapin san’at osmonida yorqin yulduz bo‘lib porladi. U rus san’atining shuhrat va dovrug‘ini butun olamga ko‘z-ko‘z qildi.
Shalyapin yetuk san’atkor bo‘lib yetishguncha juda og‘ir, mashaqqatli yo‘lni bosib o‘tgan. Hayot to‘siqlari, muhtojlik yosh Fyodorni niyatidan qaytarolmaydi, chunki u san’atni butun qalbi bilan sevar, usiz hayotini tasavvur etolmas edi. U o‘z yoshlik yillarini “Hayotim sahifalari” kitobida shunday xotirlaydi: “Men birinchi bor teatrga tushganimda o‘n ikki yoshda edim. Bir kuni bir do‘stim mendan, teatrga borasanmi, deb so‘rab qoldi. Ortiqcha bileti borligini aytdi… Men ko‘zimni sahnadan uzmasdim. Sahnada oy shu’la sochardi. Bolalari bilan qochayotgan Medeya iztirob chekardi, go‘zal Yazon o‘zini u yoq-bu yoqqa urardi. Og‘zim ochilib angrayib qoldim. Og‘zimdan so‘laklarim oqayotganini payqadim. Juda xijolat bo‘ldim… Parda ko‘tarilishi bilan lablarim beixtiyor ochilib ketdi. Teatr meni sehrlab, butun es-hushimni o‘g‘irladi”.
Shalyapinni san’at sehri butunlay o‘ziga maftun etgandi. Otasidan u teatrga borsam maylimi, deb so‘rasa: “Teatrga balo bormi, qorovul bo‘lib ishlagin, Laylak! Usta bo‘lishni istamadingmi, qorovul bo‘lib ishlab, noningni topib yeysan”, degan dag‘dag‘ali javobni oladi. O‘sha paytlari ular yashaydigan joyga opera teatri jamoasi kelgan edi. Bu teatr Shalyapinni hayratga soladi. Chunki u to‘qqiz yoshidanoq cherkov xorida kuylay boshlagan edi-da! “Opera meni hayratga soldi, yoshlikdan ashula aytanim uchun meni ajablantirgan narsa odamlarning ashulasi bo‘ldi”, − deydi Fyodor. Shundan so‘ng u ko‘cha-ko‘ydami, uydami gapirishsa, oddiy kundalik turmushdagi gaplarni ham operaga aylantirib javob qaytarardi. Endi uni teatrda tomoshabin bo‘lib o‘tirish qanoatlantirmay qo‘ygandi. Sahna ortiga o‘tib, oyni qanday yoritishlarini, odamlari qayoqqa g‘oyib bo‘lishlari-yu, shaharni qanday qilib tez qurishlarini, kiyim-kechaklaru, tomoshadan so‘ng bu yorqin, go‘zal hayotning qayoqqa g‘oyib bo‘lishini juda-juda bilgisi kelardi. Nihoyat, oradan ko‘p o‘tmay, spektaklda statist (sahnada gapirmaydigan rol ijro etish) bo‘lib ishtirok etdim, − deydi quvonchi ichiga sig‘may.
“Men o‘n yettiga qadam qo‘ygandim, Panayev bog‘ida operetta qo‘yilardi. Har kuni o‘sha yerda o‘ralashib yurardim. Bir kuni qandaydir xorda kuylovchi artist menga Semyonov-Samarskiy Ufa uchun xorga odam yig‘ayapti, iltimos qilib ko‘r, deb qoldi… Semyonov-Samarskiyning oldiga bordim. U meni iliq kutib oldi-da, repertuardagi xor ijro etuvchilar oladigan ish haqini to‘lay olmayman, deganda, men moyanasiz ham ishlayman, dedim. Bu gapimga hamma xayron qoldi. Nihoyat, mavsum “Palermolik ashulachi” operettasi bilan boshlandi. Shalyapinning hayajon va qo‘rquvdan butun vujudi titrar, u xuddi tush ko‘rayotganday his etardi o‘zini. Tomoshabin tinmay uni olqishlar, u endi sahnada o‘zini erkin tuta boshlagan edi. Shundan so‘ng, unga kichik-kichik rollar bera boshlashdi. So‘ng unga “Galka” operasidagi dasturxonchi partiyasini ijro etishini taklif etadilar. Shalyapin bu partiyaning katta va mas’uliyatli ekanligini his etib, uni ijro etishga yuragi dov bermaydi, nihoyat, rozi bo‘ladi. Spektakl boshlangunga qadar sevinchdan o‘zini qayerga qo‘yishini bilmasdi. Parda ko‘tarilib, lampa nurlari pirpirab o‘ynay boshlagach, o‘zini bir oz yo‘qotib qo‘yadi. Sahnada bir oz chayqalib, gandiraklab rolni ijro eta boshlaydi. Ovozining sehri tomoshabinlarni o‘ziga rom etgach, guldiros qarsaklar bilan olqishlaydilar. U ijro etadigan obrazida kreslodan turib opera aytishi, so‘ng yana joyiga − kresloga borib o‘tirishi lozim edi. Shalyapin obrazga shu qadar berilib ketganidan kreslo joyidami-yo‘qligiga qaramay, shartta o‘tiradi-yu, bor bo‘yicha yiqilib tushadi.
Ashula professori D.A.Usatovdan ta’lim olishimni menga maslahat berdilar, deydi u. Shalyapin: “Ashula aytishni o‘rgansam bo‘ladimi”, deb unga savol berganda, Usatov: “O‘rganishingiz shart!”, deydi. Ustozi Usatov Shalyapinni har tomonlama, hatto yurish-turishda, kiyinishda, ovqatlanish madaniyati bilan ham uni tarbiyalaydi.
Bir kuni bosh rejissyor undan Ruslan ariyasini bilasanmi, deb so‘rab qoladi. O‘sha paytlari yosh artistlarga xos bo‘lgan o‘zbilarmonlik kasaliga mubtalo bo‘lgan Shalyapin o‘ziga ishonib, bu rolni uch haftada, kerak bo‘lsa, bir emas, ikkita Ruslan rolini o‘rganishim mumkin, deydi. Naridan-beri ijro etiladigan partiyani o‘rganib, Rus bahodirining kiyimlarini kiyib, yasanib oladi, ichidan paxtali sirma kiyib, sariq soqol yopishtirib sahnaga chiqadi. Birinchi notadanoq yomon kuylayotganini his etadi. Buni sezadi-yu, dovdirab qoladi. Ertasi kuni gazetalar, Shalyapin degan yosh bir artist Ruslan partiyasini rasvo qildi, deb yozishdi. Bu unga katta maktab bo‘ladi, ko‘zi ochilib, san’at haqida jiddiy o‘ylay boshladi. Undagi o‘zbilarmonlikdan asar ham qolmaydi. O‘zi ustida tinmay ishlay boshlaydi.
So‘ngra Shalyapinga A.S. Dargomijskiyning “Suv parisi”dagi tegirmonchi rolini topshiradilar. Rejissyor Kondratev u dastlab o‘ynagan rolini Tiflis tomoshabinlari sovuq qarshi olishganini aytib, tegirmonchi xarakteri ochib berila olmayotganini ta’kidlaydi. U shunchaki yengiltak, epchil bir dehqon emas, balki basavlat, jiddiy-vazmin bir erkak ekanligini uqtiradi. Shundan so‘ng Fyodor obraz ruhiyatiga kirib, tegirmonchi partiyasini qoyilmaqom qilib ijro etadi. Tomoshabinlar uni uzoq olqishlaydilar. Biroq na spektakl rejissyori, na hamkasblari uni bu muvaffaqiyati bilan qutlaydilar.
Mavsum boshida “Rogneda” operasidagi knyaz Vladimir roli Shalyapinga topshiriladi. Uning ko‘proq musiqaviy tomoniga – ritm bilan ijro etishga Shalyapin katta e’tibor beradi.
O‘sha davrning yirik teatr tanqidchisi S. Kruglikov spektakl haqida shunday yozgan edi: “Solodovnikov teatrida ajoyib bir artist paydo bo‘ldi. M. I. Glinkaning “Ivan Susanin”idagi Susanin rolini yangicha, o‘ziga xos uslubda ijro etdi, lekin afsuski, tomoshabinlar kam edi”.
Shalyapin teatrda ijro etadigan rollarda kiyadigan liboslar qanday bo‘lishi kerakligini o‘rganish uchun rassomlardan ko‘proq tanish orttira borardi. U Moskvaga – Mamontov rahbarligidagi teatrga kelgach, san’atkorga erkin ijod qilish imkoni beriladi. Ayrim rejissyorlarning lirik lahzani bo‘rttirib ko‘rsatishga urinishlari operani jonsiz qilib, zaiflashtirib qo‘yar, buni Shalyapin yaxshi anglardi. Darhaqiqat, u opera san’atining islohotchisi bo‘lgan, desak yanglishmaymiz. Shalyapin erkin ijod qilish imkoniga ega bo‘lgach, repertuaridagi Susanin, Mefistofel va boshqa rollarini yanayam mukammallashtirishga kirishadi. “Operani chuqurroq o‘rgana boshlaganimda operada mening an’ana talab qiladigan na ariyam, na duetim, na triom bor edi. O‘sha vaqtlarda V. I. Klyuchevskiy kabi ajoyib ustozim, o‘qituvchim yo‘q edi. Uning yordamida Boris Godunov rolini o‘rgandim. Rassomlarning ko‘rgazmalaridan, yo‘l-yo‘riqlaridan Grozniy xarakterini va o‘sha davrni sinchiklab o‘rgandim”, deydi. Shalyapin endi alohida ko‘rinish, alohida figura va qiyofalar yaratibgina qolmay, turli holat-sharoitlardagi butun boshli rollar, yaxlit shaxslar obrazini yarata boshladi. Uning betakror ovozi xilma-xil qalb tug‘yonlarini izhor etish uchun turli ohangda, zo‘r mahorat bilan jaranglardi. Rol ijro etayotgandagi xatti-harakatlarida, yurishlarida qandaydir bir nafosat, joziba namoyon edi. Bularning barchasi uning ijrosida juda tabiiy, hayotiy hamda nihoyatda ta’sirli chiqardi. Uning ijrosida hech bir soxtalik, yasamalik, siyqasi chiqqan eski sahna yondashuvlari ko‘zga tashlanmasdi. Peterburgdan Moskvadagi xususiy teatrga kelgach Shalyapin yanayam o‘sib, kamol topib, san’at cho‘qqilari sari dadil ko‘tarilib bormoqda, degan ovozlar bot-bot quloqqa chalina boshladi. Unda ikki Shalyapin mujassam edi, birinchi Shalyapin rol o‘ynasa, ikkinchi Shalyapin o‘zini nazorat qilib turardi.
Darhaqiqat, Shalyapin chiroyli, diopazoni keng, nihoyatda o‘zgaruvchan va bo‘yoqlarga boy ovoz sohibi edi. Yuqori bas ovozda kuylovchi rus xonandasi bo‘lish bilan birga, vokal san’atining yirik namoyandasi hisoblanadi. Shalyapin faqat musiqa va aktyorlik faoliyati bilan shug‘ullanibgina qolmay, opera rejissyori ham bo‘lgan. U rassomlik va haykaltaroshlikdan ham yaxshigina xabardor, adabiyot sohasida ham qalam tebratib, tabiat in’om etgan aql-zakovati ila kuchli yumorga boy shaxsdir. U hayoti davomida vokal-sahna ijodi qonuniyatini o‘rganishga harakat qilgan. Har qanday ijtimoiy va mafkuraviy muhitda yashab-ijod etgan davrda ham buyuk insoniy g‘oyalarga sodiq qolgan. San’atni bor vujudi bilan sevib, hayotini usiz tasavvur eta olmagan.
Nazira Jo‘rayeva tayyorladi.
“Jahon adabiyoti”, 2013 yil, 2-son