Noyob rollar egasi (Lutfulla Nazrullayev)

O‘zbek professional teatrining tashkil topishi va uning dastlabki san’atkorlari haqida gap ketganida, eng avval yodimizga Mannon Uyg‘ur, Yetim Bobojonov, Abror Hidoyatov, Obid Jalilov, Olim Xo‘jayev, Shukur Burhonov, Nabi Rahimov, Mirshohid Miroqilov kabi yuksak iste’dod egalari keladi. Ular ha­qida gap ketganda esa, tabiiyki, san’atkorlarning shoh rollari tilga olinadi, o‘ziga xosliklari e’tirof etiladi. Bular orasida o‘ziga xos iqtidori, yuksak salohiyati bilan tanilgan atoqli san’atkor Lutfulla Nazrullayev ham bo‘lib, taassufki, bugungi kunda aktyor nomi bir qadar yoddan ko‘tarilganday. Aslida esa, o‘zbek teatri rivojlanishining ilk bosqichini bu san’atkor faoliyatisiz, uning ajoyib ijrolarisiz tasavvur qilib bo‘lmaydi…

Lutfulla Nazrullayev 1903 yilning 15 iyulida Buxoroda tug‘ilgan. San’atga bo‘lgan ishtiyoqi tufayli o‘n sakkiz yoshida Buxoro teatri truppasiga aktyor bo‘lib ishga kiradi. U o‘zidagi kuchli ishtiyoq, qobiliyati bilan teatrning taniqli san’atkorlari, xususan, o‘zi tashkil etayotgan dramatik truppa uchun iqtidorli yoshlarni to‘playotgan Mannon Uyg‘urning e’tiboriga tushadi. Ulug‘ teatr arbobi Mannon Uyg‘ur yosh aktyorning mehnatsevarligi, rol ustida tinimsiz izlanishi, qahramoni haqiqatini topishga bo‘lgan intilishiga alohida ahamiyat qaratadi va uning ijodiy o‘sishiga ko‘maklasha boshlaydi.

1924-27 yillarda Qozon teatr texnikumi hamda Moskvadagi teatr studiyasida tahsil olib, aktyorlik mahoratini chuqur o‘zlashtirgan Lutfulla Nazrullayev 1927 yilda Mannon Uyg‘ur tashabbusi bilan Olim Xo‘jayev, Hikmat Latipov, Sharif Qayumov kabi san’atkorlar qatorida Toshkentda – Karl Marks nomidagi dramatik truppada o‘z faoliyatini davom ettiradi. Shuni ta’kidlash kerakki, bu davr aktyor hayotida yangi bosqichni boshlab berdi. Aynan 1927 yilda teatrning bosh rejissyori etib tayinlangan Mannon Uyg‘ur Lutfulla Nazrullayev imkoniyatlarini yaxshi bilgani uchun ham undan samarali foydalanishga harakat qiladi. Natijada aktyor turli spektakllarda ziddiyatli xarakterga ega bo‘lgan, taqdiri murakkab, kurashlardan qaytmaydigan obrazlarni yaratadi. Lutfulla Nazrullayevning ham milliy, ham jahon dramaturgiyasiga oid asarlarda, turli janrdagi spektakllarda bir xil mahorat bilan rol ijro etishida ikki asosiy omilni tilga olish mumkin. Birinchisi, aktyorning tashqi ko‘rinishi. Uning kelishgan qad-qomati, chaqnoq ko‘zlari, qirra burni va chimirilgan qoshlari turli qiyofadagi obrazlarni yaratishida unga juda qo‘l kelgan. Ikkinchi omil esa, tabiiyki, uning ijro mahoratidir. Aktyorda improvizatsiya nihoyatda kuchli edi va u tabiatan quvnoq, hozirjavob bo‘lgani uchun spektakllarda rol ijro etish jarayonida o‘zidagi bu xususiyatdan unumli foydalangan. U har ikki omilni bir-biriga shu qadar uyg‘unlashtira bilganki, tomoshabin sahnada aktyorni tamomila qahramoni qiyofasida ko‘ra olgan. Jumladan, uning Uyg‘un va Izzat Sulton qalamiga mansub “Alisher Navoiy” spektaklidagi Husayn Boyqaro obrazi ana shunday qahramonlar sirasiga kiradi. Bu spektakl borasida so‘z ketsa ko‘pincha Alisher Navoiy qiyofasida – Abror Hidoyatov hamda Olim Xo‘jayev, Majididdin qiyofasida – Obid Jalilov nomlari yodga olinadi. Yana bir yetakchi qahramon Husayn Boyqaro obrazini yaratgan Lutfulla Nazrullayev mahorati haqida ham baland pardalarda so‘zlashga asos bor. Asar konflikti garchi Navoiy va unga qarshi bo‘lgan Majididdin hamda Nizomulmulk kabi kuchlar o‘rtasida sodir bo‘lsa ham, bu kurash, fitnalarning barchasi Boyqaro obrazi orkali o‘tib keladi. Dramaturgik asarda Boyqaro obrazi biroz irodasiz, bilib-bilmay dushmanlar fitnasiga uchadigan, bo‘layotgan voqealarni mushohada qilmay, ko‘r-ko‘rona ish ko‘radigan qahramon tarzida ifodalanadi. Spektaklda aktyor Lutfulla Nazrullayev ijrosida esa u tamomila boshqacha qiyofa kasb etadi. Sahna asarining 1944 yildagi dastlabki shaklida aktyor qahramonini maishatga berilgan, irodasi sust bir hukmdor sifatida ifodalagan bo‘lsa, asarning 1948 yildagi ikkinchi talqinida Boyqaro obrazining ijobiy tomonlarini kidirishga, uning insoniy xususiyatlariga urg‘u berishga harakat qiladi. Lutfulla Nazrullayev bu obrazni bir muddat talqin qilgan aktyorlar – Shukur Burhonov hamda Asad Ismatovlardan farqli o‘laroq Boyqaro shaxsini chuqurroq o‘rganishga harakat qilarkan, uning yoshligidan Navoiy bilan do‘st bo‘lganiga, ular buyuk saltanat qurish, adolat o‘rnatishdek ulug‘ maqsadlarni amalga oshirish orzusida ulg‘ayganliklariga e’tibor qaratadi. U do‘sti Alisher bilan orzu qilgani – Iskandar va Arastuning o‘zaro hamkorligini hech qachon unutmaydi. Shu tufayli ham qiyin vaziyatlarda Navoiyga suyanadi, doimo unga ehtiyoj sezadi. Bu esa, qanchalik xatoliklarga yul qo‘ymasin, Boyqaroning tubanlik qa’rida emasligini, faqat turli kuchlar ta’siridan chiqib keta olmayotganini bildiradi. Shuningdek, Boyqaro – L.Nazrullayev Navoiyning buyukligini yaxshi anglaydi. Yaxshi anglagan holda uning buyukligiga gard yuqtirmaslikka harakat qiladi. Bu yo‘lda u alamini ichiga yutadi. Dardini birovga aytolmay, alamini maydan oladi. Zero, dushmanlar endi unga o‘g‘li Badiuzzamonni ham qarshi qilib qo‘yishgandi. To‘g‘ri, bir qarashda bunday kurashlarga dosh berolmay ichkilikka berilgan Boyqaroni irodasizlikda ayblash mumkindir. Biroq L.Nazrullayev qahramonining o‘ziga xos haqiqatini ifodalashga harakat qiladi va Boyqaroni qiynayotgan dard toju taxt uchun bo‘layotgan kurashlarning beayovligi emas, balki odamlarning shu hukmronlik uchun insoniy qiyofasini unutib qo‘yayotganida ekanini rol ijrosi vositasida ko‘rsatib beradi. Bir o‘ylab ko‘raylik, insonlarning soxta qiyofalari, tinimsiz xiyonatlar, bu olamda ishonchni oqlaydigan insonning o‘zi yo‘qligi haqidagi o‘y-xayollar qaysi vijdonli kishi yuragini zardobga to‘ldirmaydi? Yig‘i kelganda yig‘lolmaslik, ojizlikni qahri qattiqlik bilan yashirish, xalqqa yordam kerakligini anglab turib, ko‘mak berolmaslik kabi chorasizliklar L.Nazrullayev talqinidagi Boyqaro obrazida o‘zining yorqin ifodasini topgan. Shu bois ham Lutfulla Nazrullayev mazkur roli uchun spektaklning bir qator ijodkorlari bilan birga SSSR xalq artisti unvoniga sazovor bo‘ldi.

Aktyorning teatrda ijro etgan qahramonlari orasida Hamzaning “Boy ila xizmatchi” asaridagi Xolmat obrazi ham alohida o‘rin tutadi. Aslida Solihboyning xizmatini qilib, uning qaramog‘ida yashovchi Xolmat Lutfulla Nazrullayev talqinida o‘ziga xos ayyor, mug‘ombir kishi sifatida gavdalanadi. Shirinso‘zlikni o‘ziga niqob qilib, boydan foydalanuvchi Xolmat boyning xotini bilan don olishib yuradi. Xuddi mana shu obraz talqinida Lutfulla Nazrullayevdagi improvizatsiya mahorati yaqqol ko‘rinadi. Zero, ayni bir sahnada bir holatdan boshqasiga o‘tish yo‘llarini topa bilishi, personajlar bilan munosabatda so‘zlarni yodlab emas, balki vaziyatdan kelib chiqib ifoda qilishi aktyor mahoratini belgilaydi. Lutfulla Nazrullayev ijrosidagi Xolmatning xarakteri spektakl voqealari davomida o‘zgarib boradi. Asar boshida kun o‘tkazish uchun boyning xohishlariga tilyog‘lamalik bilan ko‘nib kelayotgan Xolmat asar so‘ngiga kelib zulmga qarshi qat’iy gapira oladigan qahramonga aylanadi. Bu haqda akademik Mamajon Rahmonov shunday yozgan edi: “Nazrullayev Xolmat timsolida nihoyatda ta’sirchan vo­sitalar bilan tor manfaatparastlik dunyosining qalin devorini yorib, insoniy haqiqat tomoniga o‘tgan ajoyib sofdil kishi obrazini yarata­di ”1

Lutfulla Nazrullayevning teatrda ijro etgan Dadavoy, Qosim aka (“Navbahor”, “Hurriyat”, Uyg‘un), Otash (“Muqanna”, Hamid Olimjon), Madazim (“Ikki kommunist”, Komil Yashin), Poloniy (“Gamlet”, Shekspir) kabi boshqa rollari ham e’tiborga loyiq. Ularda ham aktyor bir-biriga o‘xshamagan, o‘ziga xos qahramonlar timsollarini yaratgan.

Lutfulla Nazrullayev kinoda un­chalik ko‘p rol ijro etmagan. Biroq sanoqli rollari bilan ham u kino san’atida xalq e’tiborini qozona olgan. “Alisher Navoiy” (rejissyor Komil Yormatov) filmidagi u yaratgan usta Jaloliddin siymosi o‘ziga xos yetuk obrazlardan biri sifatida o‘sha davr tomoshabinlari xotirasida yorqin iz qoldirgan. Aktyor “Alisher Navoiy” spektaklida shoh roliga munosib ko‘rilgan bo‘lsa, mazkur filmda unga Jaloliddin roli nasib etdi. Uning ijodi kishilar yodidan faromush bo‘ldi deguncha, tasmalarda qolgan ushbu rol xotiralarni jonlantiradi. Istarasi issiq, ko‘zlaridan aql chaqnab turgan usta Jaloliddin – Lutfulla Nazrullayev doim yaxshilik tomonida bo‘lgan, uning tantanasi uchun har qanday kurashga tayyor xalqparvar inson. U kerak joyda dushmanga qarshi qo‘liga qilich olib, jangga chiqishi mumkin (Navoiy va Pahlavonlar bilan birga shahzoda Yodgorga qarshi arkka kirib borish lavhasini eslang), zarur bo‘lsa o‘zi yoqlagan hukmdorning adolatsizligiga qarshi xalqni oyoqqa turg‘azishi, bu yo‘lda hech nimadan tap tortmasligi mumkin. Eng muhimi, usta Jaloliddin – adolat tarafdori. U shu jafokash xalqning osoyishta hayot kechirishini, har kim o‘z mehnati bilan umrguzaronlik qilishini xohlaydi. Darvoqe, Jaloliddin roli ham aktyorning Davlat mukofoti bilan taqdirlanishiga sabab bo‘ldi.

Shu o‘rinda buyuk teatr islohotchisi K.S.Stanislavskiyning “Rolning katta-kichigi bo‘lmaydi, aktyorning katta-kichigi bo‘ladi”, degan so‘zlarida naqadar chuqur ma’no borligiga yana bir bor ishonch hosil qilamiz. Zero, ayni bir asarda ikki obrazni gavdalantirgan va har ikkalasi uchun ham nufuzli mukofotlarga sazovor bo‘lgan Lutfulla Nazrullayev, shubhasiz, kichik rollarda o‘z iste’dodini to‘la namoyon etaolgan aktyordir. U qirq yillik ijodiy faoliyati davomida bir-biriga o‘xshamagan, turli janrlardagi o‘nlab rollarni ijro etdi va o‘z davri tomoshabinlarining olqishiga sazovor bo‘ldi. Zamondoshlari uni o‘zbek teatri sahnasida ota rollarini eng ko‘p ijro etgan aktyor sifatida ham xotirlashadi. Taassufki, hozirda Lutfulla Nazrullayev ijodi haqidagi manbalar ko‘p emas. Vaqt san’atkorning noyob ijrolarini olislarda qoldirib ketgandir, ammo bu ijrolarning dovrug‘i hamon yashab kelmoqda.

Baxtiyor Yoqubov tayyorladi

“Jahon adabiyoti”, 2013 yil, 7-son