Tarixiy ildizlari asrlarga teng O‘zbekiston tasviriy san’atining ravnaqiga munosib hissa qo‘shib, dunyoga tanilishida benazir xizmat qilgan ko‘plab musavvirlarimizning nomi hurmat va ehtirom bilan tilga olinadi. Shulardan biri, O‘zbekiston xalq rassomi, milliy an’analar va zamonaviy tasviriy san’atning eng noyob xususiyatlarini o‘z ijodida mujassam qilib, o‘ziga xos nafosat maktabini yaratgan mashhur rassom Chingiz Ahmarovdir. Rassom ijodi va uning boy madaniy merosi haqida turli yillarda qator maqola, kitob-albomlar nashr qilingan, hujjatli film suratga olingan, ilmiy-tadqiqot ishlari olib borilgan, ko‘rgazmalar tashkil qilingan. Ularning har birida rassom ijodining turli qirralari namoyon bo‘ladi. Xususan, san’atshunos Abdulhay Umarov muallif bo‘lgan “Chingiz Ahmarov” albomi (1974) va kitobi (1982)da rassomning 1964–1980 yillar oralig‘ida yaratgan bir qator devoriy suratlari reproduktsiyalari berilgan. Alisher Navoiy nomidagi Adabiyot va san’at muzeyidagi panno (1967), Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutidagi devoriy surat (1965–1968), Samarqanddagi “Yulduz” restorani bezagi (1970), Angrendagi “So‘g‘d to‘yi” (1975), San’atshunoslik instituti devoridagi tasvirlar (1978) shular jumlasidandir. Ulardagi badiiy tasvir madaniyati, miniatyura an’analari, Sharq falsafasi va she’riyatidagi nafis romantik ohanglar kishini o‘ziga maftun etadi.
Xususan, Sharq lirikasi-yu falsafasidan ozroq xabardor bo‘lmagan kishi uning ijodini anglashi dushvor. Buning ustiga rassom asarlarining chinakam maftunkorligi, jozibasi ular bilan yuzma-yuz turib, tomosha qilganingizda ko‘rinadi. Menda bunday imkoniyat ilk marotaba 1968 yili – talabalik paytlarimda paydo bo‘ldi. O‘sha yili yozuvchi Abdulla Qahhorning oltmish yilligi tantanasi o‘tkazilishi munosabati bilan Alisher Navoiy teatriga birinchi marta borishim edi. Uning foyesi va zallari devorlarida ishlangan sohibjamollarning suratlarini ko‘rib, entikib ketganman. “Saodat” jurnalida ishlab yurgan kezlarim, 1975 yil edi, shekilli, ko‘rinishidan kamsuqum, yoqimtoy bir inson biz bilan so‘rashib, Zulfiya opa oldiga kirganida, fotograf Boris Mizroxin menga: “Ana, Chingiz Ahmarov! Navoiy teatri devorlariga ishlangan go‘zallarning muallifi”, – deb shivirlab qoldi.
Keyinroq teatr devorlaridagi Ahmarov go‘zallari bilan spektakllar ko‘rish bahonasida astoydil tanisha bordim. Suratlarning chizilishi tarixi bilan qiziqdim.
1941 yili Alisher Navoiy tavalludining 500 yillik yubileyi munosabati bilan, Toshkentda uning nomi bilan ataluvchi Katta teatr bunyod etishga qaror qilinadi. Teatr me’mori akademik A.Shchusev, A.Grabar tavsiyasiga ko‘ra, uning aspiranti Ch.Ahmarovni devoriy suratlar chizish uchun ishga qabul qiladi. Odatdagi chizmalarni takrorlamaslik uchun Ch.Ahmarov faqat o‘zigagina xos bo‘lgan uslub va miniatyura tabiatidagi poetik talqinga e’tibor qaratdi. Uning nozik, afsonaviy romantizmi ayrimlarga yoqmasa-da, Shchusev, I.Grabar va L.Rempel singari zabardast shaxslar qo‘llab-quvvatlagani bois, eskizlari qabul qilindi. L.Rempel yosh rassomni himoya qilib shunday degan edi: “Ahmarovni Navoiy teatridagi tasvirlarni och rangda, yassi, bezakdor qilib ishlaganligi uchun keskin tanqid qildilar. Ammo bir tasavvur qilib ko‘ring, Ahmarov o‘zining devoriy suratlarini dastgohli realistik kartinalar uslubida ishlaganda nima bo‘lardi? Aslida akademik Shchusev Ahmarovdan tasvirlarni ganch o‘ymakorligi bezaklariga yaqin, yassi shaklda, och rangda, bezakdor qilib ishlashini talab qilganida haq edi, deb hisoblayman. Rassomning teatrdagi ishlari O‘zbekistonning mahobatli san’ati o‘tmishi, buguni va kelajagini belgilab berdi”.
Teatrning to‘rt devorini to‘ldirib turgan “Layli va Majnun”, “Farhod va Shirin”, “Sab’ai sayyor”, “Saddi Iskandariy” dostonlarining voqealariga bag‘ishlangan sakkiz kompozitsiyaning to‘rttasi birinchi qavatda. Bular: “Tasviriy san’at ramzi”, “Raqs ramzi”, “She’riyat ramzi” va “Musiqa ramzi” bo‘lib, ular turfa libosdagi to‘rtta go‘zal qiz timsolida ifoda etilgan. Kompozitsiyaning teran ma’nolarida go‘zallik, bunyodkorlik, hayotga muhabbat chorlovlari bor. Ikkinchi qavatda yana to‘rtta kompozitsiya – “Saddi Iskandariy” dostonidan bunyodkorlik, qurilish lavhasi, “Farhod va Shirin” dostoniga ishlangan Farhod va Shirinning tog‘ kanali yonidagi uchrashuvi, “Sab’ai sayyor” dostonidan Shoh Bahrom va Dilorom uchrashuvi, “Layli va Majnun” dostonidan Layli va Majnun visol onlari lavhalari bizni ertaklar olamiga boshlaydi. Yosh rassom Shamsiro‘y Hasanova prototip qilib olingan Shirin obrazi estetik go‘zallikning jonli ifodasi, yoshlik timsoli bo‘lib jarangladi. Samarqandning sirli, moviy-ko‘k koshinlari fonida uning o‘yga cho‘mgan, muloyim yuzi, bodomqovoq ko‘zlari, ranglarning o‘ta sofligi, tempera texnikasining nihoyatda yengilligi bilan e’tiborni tortadi. Ahmarov “Shirin” asarini yaratishda reallikdan ideallikni qidirib, tanlab oldi va uni rangtasvir romantikasiga singdirib yubordi. Ushbu kartina nafaqat san’atdagi eng maftunkor ayol obrazi, balki O‘zbekiston rangtasvirida yangi yo‘nalish timsoli yaratilganligidan darak berdi.
Chingiz Ahmarov o‘z ijodida Navoiy hayoti va she’riyatiga, umuman, o‘rta asr Sharq xalqlari tarixi, san’ati va hayotiga ko‘p marotaba murojaat qilgan. Buning sababi balki uning yoshligida Samarqandda, Navoiy qadami tekkan shaharda yashab, uning qadriyatlariga bir umr maftun bo‘lganligidadir. Ko‘hna shaharning mo‘jizaviy tarovati, samarqandliklarning turmush tarzi, marosim va urf-odatlariga singib ketgan me’morchilik, kulolchilik, kashtachilik, gilamdo‘zlik, yog‘och o‘ymakorligi uni mutlaqo yangi olamga olib kirdi. Sof, jarangdor bo‘yoqlar, ajoyib bezaklar go‘zalligi uning tafakkurini charxladi, rangin olamni yangicha his qilishga undadi. XX asrning 20–30-yillarida taqdir taqozosi bilan Samarqandga kelib qolgan L.Bure, D.Savin, D.Stepanov, O.Tatevosyan, G.Nikitin, V.Eremyan, R.Akbalyan, A.Nikolayev (Usto Mo‘min), F.Ufimtsev, P.Benkov, N.Kashina, Z.Kovalyovskaya, Ye.Korovoy singari rassomlar ijodi badiiy hayotga katta ta’sir ko‘rsatdi. Yosh rassomlar me’moriy yodgorliklardan eskizlar chizishar, bezaklardan nusxalar olishar, xullas, Sharqni anglashga intilishar edi. Ularning sa’y-harakatlari bilan O‘zbekistonda tasviriy san’atning yangi, yevropacha shakli shakllana bordi. Garchi yosh Chingiz ularning ta’siriga tushib qolmasa-da, bu jarayon uning ijodiy tafakkuri boyishiga rag‘bat berdi.
Yosh rassom 1935 yili Moskva shahridagi V.Surikov nomidagi rassomlik institutining grafika fakultetida V.Favorskiy ustaxonasida tahsil oldi, so‘ngra I.Grabar ustaxonasiga qabul qilindi. 1942 yili ushbu institut Samarqandga ko‘chirib keltirildi. O‘sha yili Ch.Ahmarov “O‘zbekiston qilichi” nomli diplom ishini muvaffaqiyatli himoya qildi. I.Grabar o‘z shogirdining ishiga baho berib, “U Navoiy kabi nozikdid rassom, nozikdid kompozitor va shoirdir”, degan edi.
Rassom ijodiga Samarqandning qadimiy, ulug‘vor binolari – madrasa-yu machitlar, maqbara, minoralar manzaralari ruhiyati ko‘chib kirgan edi. Ular orasida Ulug‘bek rasadxonasi alohida o‘ringa ega, shuning uchun ham rassom uning etagida joylashgan memorial muzey devorlariga rasmlar ishlagan. Ularda Mirzo Ulug‘bekning muhandis-munajjimlar bilan loyiha ustidagi munozaralari, mubohasa va boshqa lavhalar tasvirlangan. Bu lavhalar charaqlagan yulduz to‘la Samarqand osmoni fonida yanada ulug‘vor va mahobatli ko‘rinadi.
“Yulduz” choyxona-restorani binosi devorlariga ham Ulug‘bek faoliyatiga oid katta panno chizilgan. Unda Ulug‘bek saroyidagi qabul marosimi tasvirlangan. Kompozitsiya markazida Mirzo Ulug‘bek, atrofida olimlar, zodagonlar, sarbozlar, san’atkorlar, tijoratchilar, bolalar, ayollar, uzoqdan kelayotgan mehmonlar – bari o‘sha davr Samarqand tabiati manzaralari fonida juda ham jonli, rangin bo‘yoqlarda berilgan.
Beruniy nomidagi Sharqshunoslik ilmiy-tadqiqot institutining foyesi devorlarida Chingiz Ahmarov chizgan uzun, mahobatli surat bor. U yerga har gal borganimda, go‘yo tasvirdagi Buyuk ipak yo‘li bo‘ylab ketayotgan karvon ahlidan biriga aylanib qolaman. Devor sahniga chizilgan bu yirik freskalar asosan Sharq qo‘lyozmalari va miniatyuralar joylashgan binodagi kitoblar dunyosiga qaratilganligi bejiz emas. Kompozitsiya lavhalari chap tomondan yo‘lga chiqqan karvon bilan boshlanadi. Karvon qadimiy, go‘zal shahardan olis manzillarga tomon yo‘l olmoqda. O‘g‘lining kitob mutolaa qilayotganidan quvongan yosh ona, mudarris va talabalar, rassom va uning ishini tomosha qilayotgan muxlislar, doira sadosi ostida raqsga tushayotgan raqqosalar, sevgilisiga ilk devonini taqdim etayotgan yosh shoir, dorilamon, tinchlik zamoni tasviri.
Endi devoriy surat davomida butunlay zid manzaraga duch kelamiz. Ko‘zlari qonga to‘lgan yovuzlar bosib kelmoqda, hammayoq vayrona, kutubxonalar, go‘zal maskanlarga o‘t qo‘yilgan, qabrlar toptalgan, hammayoqda tilanchi, gadolar. Bu– qirg‘inbarot urushning sovuq sharpasi edi.
Keyingi lavhalar hayotning yangi sahifalarini namoyon etadi. Hayot o‘z oqimiga tusha boshlagan, bog‘bon chol nevaralari bilan nihol ekmoqda. Me’morlar yangi binolar ustida ishlashmoqda, oilada yangi farzand. Yana tinchlik, bunyodkorlik zamoni boshlanmoqda. Asarning boshidan-oxirigacha o‘tgan ariq tasviri kompozitsiya yaxlitligini ta’minlaydi. Bu obihayot ramzi, tinchlik tiriklik falsafasining eng ulug‘ shiori ekanligiga ishora. Bu lavhalarni insoniyat umr yo‘lining turli bosqichlarini aks ettiruvchi ulkan ko‘zgu deyish mumkin. Alisher Navoiy Adabiyot muzeyi devorlarida ham ana shu g‘oyaning davomini ko‘rish mumkin. Navoiy lirikasiga bag‘ishlangan ko‘plab devoriy suratlarda shoir davriga xos tabiat manzaralari, zamondoshlarining hayot tarzi, hodisotlari yangicha tafakkur olamiga boshlaydi. Devoriy suratlar nimzumrad rangda ishlangan. Bahorni eslatuvchi manzara-maysazorlar, gullagan daraxtlar, majnuntollar, sarxil gullar. Bu gulshan bag‘rida go‘zal qizlar, xushqomat yigitlar, o‘z husnini tomosha qilayotgan suluv qiz. Xullas, bog‘da sozandalar, raqqosalar, shoirlar, olimu musavvirlar anjumani. Navoiy lirikasiga bag‘ishlangan ushbu turkum devoriy suratlar zamirida tabiatning uyg‘onishi manzaralari, osoyishtalik, shodlik, bayramona kayfiyatni his etish mumkin. Andijon adabiyot muzeyi devorlaridagi rasmlarni ham Navoiy lirikasining mantiqiy davomi deyish mumkin.
Angrendagi Kabel zavodi qoshidagi dam olish uyining “Sug‘diyona” qahvaxonasi devorlari qadimgi sug‘d nikoh to‘yi marosimlariga bag‘ishlangan go‘zal lavhalar bilan bezatilgan. Chingiz Ahmarovning ushbu asarlarini har gal tomosha qilganimda, nima uchundir “Shashmaqom” turkumidagi mo‘jizakor kuylar beixtiyor yodimga tushaveradi. Ayniqsa, buyuk san’atkor Turg‘un Alimatovning tanbur yoki dutorda ijro etgan “Nasri Segoh” kuyi (Farg‘ona-Toshkent yo‘llari), “Muxammasi bayot” musiqasi shu asarlar ichidan sado bera boshlaydi. Bu kuylarda ruhiy ko‘tarinkilik, shodlik ohanglari ustuvor. Bunday kayfiyat Ahmarovning nozik, nurli rang zamzamalariga mos keladi.
San’atshunoslik institutining uchinchi qavati foyesi devorlariga ishlangan Navoiy davri timsollari bo‘lgan go‘zallar tasvirini tomosha qilgan amerikalik rassom Antuan Refreje Chingiz Ahmarov ijodi haqida shunday degan edi: “Ahmarovning bu ishlarida muloyim va latif ranglarning ko‘pligi inson ruhiyatiga yaxshi ta’sir ko‘rsatadi, ayniqsa, shiddatli va tezkor XX asr uchun, asablari qaqshagan odamlar uchun bu juda zarurdir”. Gap orasida u hozirda Amerika shifoxonalarida asabni tinchlantiruvchi ranglar bilan vazmin suratlar ishlayotganligini aytib o‘tdi.
Chingiz aka yaratgan ijod namunalari bilan har kuni uchrashish mumkin bo‘lgan yana bir maskan bu – Toshkent metrosining Alisher Navoiy bekati “Sab’ai sayyor” dostonining sopol va koshindan ishlangan lavhalarini ishlashda rassomga O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi, haykaltarosh Axmad Shoymurodov yordam bergan.
“Kishi qalbini sof qiladigan, suvdek bebaqo tanani yuvib tozalaydigan san’at yarata oldimmi?” – deb yozgan edi Chingiz Ahmarov o‘z esdaliklarida. Aslida, sovet mafkurasi aqidalarini pisand qilmay, mardonavor ijod qilgan bu ijodkorning hayot yo‘li juda murakkab kechgan.
Bo‘lajak rassom 1912 yil 18 avgust kuni Troitsk shahrida, ma’rifatli va badavlat inson – Abdurahmon hoji Ahmarov oilasida tug‘ildi. Rassom bolalik chog‘laridayoq ko‘plab rasmlar ishlagani, jurnal va kitoblardagi suratlardan nusxalar ko‘chirganligini o‘z esdaliklarida yozib qoldirgan. “Nafosat yo‘llarida” deb nomlangan ushbu kitobda qayd etilishicha, u Perm Rassomlik texnikumida o‘qigan. Otasi kasal bo‘lib qolgach, 1927 yili oila Uraldan O‘zbekistonga, Qarshi shahridagi qarindoshlarinikiga ko‘chib kelgan.
Ijodi grafikadan boshlangan rassom chiziqlar, shakllar, rang, surtmalar yordamida ritmik uslubni ifodalovchi plastik g‘oyalar, ularga uyg‘un bo‘luvchi usulni izlay boshladi. Uning hayoti va ijodiy faoliyati xilma-xil, murakkab kechdi, turli shaharlarda yashadi, qator mahobatli san’at ob’ektlarida ishladi. Realistik obraz muammosi birinchi o‘ringa chiqqanida, u ham barcha qatori realistik portretlar turkumini yaratdi. Staxanovchi Yoqubova (1949), a’lochi o‘quvchi R.U.Gufranova (1950), a’lochi Zotova (1951), mashhur raqqosa M.Turg‘unboyeva (1951) portretlari dunyoga keldi. Obrazni naturadan shundaygina ko‘chirib yaratish uning badiiy makoniga mos emas edi. U samarqandlik kulol Usta Jo‘raqulov portretini (1953) xalq estetikasi xususiyatlaridan kelib chiqib talqin etdi. Ana shu usul uning rangtasvir asarlarida bosh mezon bo‘lib qoldi.
Ch.Ahmarov O‘zbekistondan tashqari 1953 yili Moskva metrosining “Kiyev” halqa yo‘li bekatidagi “Do‘stlik” mozaika pannosini ishladi, 1954 yili Qozondagi M.Jalil nomidagi opera va balet teatrini, 1956 yili Dnepropetrovsk madaniyat saroyini, 1979 yili “Ukraina” mehmonxonasini bezadi.
San’atkor 60-yillarda “Rahima”, “Mevalar bilan qiz”, “Peshonabandli qiz”, shuningdek, rassom R.Timurov hamda shoira Zulfiya portretlarini ishladi.
Chingiz Ahmarov komil inson haqida mushohada qilar ekan, ko‘p marotaba Navoiy siymosiga (“Navoiyning bolaligi”, 1965; “Navoiy Samarqandda”, 1970; “Navoiy shogirdlari bilan”, 1968; “Navoiy lirikasi”, 1968) murojaat qiladi. “Men o‘zimning bu olamdagi o‘rnimni anglagan paytimdan boshlab, – deb yozadi rassom o‘z xotiralarida, – va butun umrim davomida hayotda nimaiki ko‘rgan bo‘lsam, o‘sha tasavvurlarimni ijodiy laboratoriyamga olib kirishga, anglashga harakat qildim”.
Chingiz Ahmarov Navoiy ijodiyotiga nima uchun bu qadar ko‘p murojaat qilganligining sababi, avvalo, uning Navoiy dahosidan ruhiy quvvat olganida bo‘lsa, ikkinchidan, unda o‘z taqdiriga o‘xshash tomonlar borligini ko‘rganligida emasmikan, deb o‘ylab qolaman. Ahmarov Shamsiro‘y vafotidan (1956) keyin boshqa uylanmadi, uning timsolini o‘z asarlariga ko‘chirdi. Shamsiro‘y go‘yo Navoiy kuylagan parivash yanglig‘ bir umr rassom ijodida ko‘rinib turdi. Navoiydagi yolg‘izlik hissi, tasavvufga hamohang dunyoni anglash tamoyillari ham rassomga begona emas edi.
Bunday g‘oyalarni ifoda etishda moviy, ko‘k, pushti va nimyashil ranglarning uyg‘unligi rassomga qo‘l keldi. Bu latif ranglar Sharq falsafasida cheksizlik, tug‘ilish, makon va lomakonni, sokinlikni, botiniy hislarning zohiran tajassumini anglatgan.
Rassom ochiq, keskin, yorqin ranglardan ko‘ra, ana shu sovuq ranglarning nazokatli vazminligini afzal ko‘rdi, bir xildagi ko‘k-yashil rangda ham asl go‘zallik mohiyatini namoyon eta oldi.
Dastgohli rangtasvirda ham rassom o‘zining devoriy suratlar an’anasidan kelib chiqib, qator yangi izlanishlar olib bordi. Bu o‘ziga xos uslub ham baribir mahobatli rangtasvir unsurlarini eslatib turadi. Chunki rassom tom ma’noda buyuk mahobatli san’at ustasi edi. Uning devoriy suratlariga xos shaffof ranglar jilvasi, yengil chiziqlar harakati, me’yoriy ritm, kompozitsiya usullari, plastik yechim xususiyatlari ma’lum darajada dastgohli ishlarida ham balqib turadi. L. Rempel rassom haqida shunday yozadi: “Ahmarov uchun G‘arb va Sharq tajribalari orasida to‘siq bo‘lmagan. U ularning talqiniga yangi ma’no berdi”. Rassomning 1970–1980 yillardagi grafikasida iqtidorining yangi qirralari ko‘rindi. U ayni paytda kitoblar, teatrlarni bezash, kinofilmlarga eskizlar tayyorlash, o‘ziga xos kulolchilik va pannolar ustida ishladi. Pikasso singari turli izlanishlarida go‘zallik qonunini asos deb bildi. Rassom o‘z falsafasini o‘zining dizayn, mato, kulolchilik, chinni, lok miniatyurasi ishlariga ham singdirdi, hunarmandchilikda ham shuni tashviq qildi.
Go‘zallar va gullar kuychisi sifatida mashhur Chingiz Ahmarov, aslida ko‘ngilda yorug‘ taassurotlar uyg‘otuvchi, xayol chechaklaridan taralgan muattar bo‘ylarni sehrli ranglarida mahorat bilan saqlay olgan san’atkor sifatida yodimizda qoldi. Mustaqillik yillarida rassom Amir Temur siymosiga bag‘ishlab turkum asarlar (“Amir Temur va Yildirim Boyazid”, “Amir Temur va Bibixonim”, “Amir Temur va darvesh”, 1992–95 yillar) yaratdi. Rassom ijodiga xorijda ham qiziqish katta bo‘lganligi bois uni turli mamlakatlarga taklif qilishadi. Lekin Ch.Ahmarov Vatani – O‘zbekistonni tark etmadi. Rassom 1995 yil 13 may kuni Toshkentda vafot etdi va ehtirom bilan Chig‘atoy qabristoniga, umr yo‘ldoshi, rassom Shamsiro‘y Hasanova yoniga dafn etildi.
Bugun ustoz san’atkorning betakror, o‘lmas asarlari yurtimiz koshonalariga zeb berib turibdi. Sadoqatli shogird va izdoshlari Javlon Umarbekov, Sodiq Rahmonov, Temur Sa’dullayev singari qator taniqli rassomlar Ustozning chirog‘ini yoqib, sermahsul ijodlari bilan xalqimizni xushnud qilib kelmoqdalar.
“Jahon adabiyoti”, 2015 yil, 9-son

