Natalya Simbirtseva. Adabiyot kinoga nima beradi?

Kino – badiiy adabiyotning eng injiq o‘quvchisi va eng makkor talqinchisidir”.

V.Goffenshefer

Kino san’ati yildan yilga ommalashgan sayin insonning kundalik hayotidan kitob o‘qish amaliyotini chiqarib tashlamoqda. Bugungi kunda kitob o‘qiyotgan kishiga odamlar boshqacha qaraydigan bo‘lib qoldi. Bu harakatning g‘alatiligi muloqotning boshqa yo‘llari ancha oddiy yo‘llarga aylanganligidandir. Masalan, kitobni o‘qimasdan radiodan eshitish mumkin, internetdan topsa bo‘ladi, ekranda “jonlanadi”. Kitobning o‘zini qo‘lga olmay turib ham asar to‘g‘risida tasavvurga ega bo‘lish mumkin. Butunjahon internet tarmog‘i orqali har qanday kitobning tayyor qisqacha mazmunini topish mumkin, ya’ni,  ma’lum bir kitob to‘g‘risida tanqidiy maqola yoki taqriz, bloglar, televersiya yoki boshqa vizual ko‘rinishidagi turli ma’lumotlarni osongina qo‘lga kiritish mumkin. Boshqacha aytganda, bugungi kunda biz kitobni va aynan dastlabki manbaning asl mazmunini yo‘qotish evaziga uning atrofidagi o‘ziga xos talqin qilingan informatsion matnlar bilan kifoyalanyapmiz.

Kitob degani muallifning “qog‘ozga tushirilgan fikri” bo‘lmay qoldi.  Endilikda kitob o‘zining muloqot funktsiyasini – individual muloqotini yo‘qotib boryapti. Ma’lumki, bunday muloqot jarayonida inson ommaviy kommunikatsiya tuzilmalaridan qat’iy nazar o‘ziga muallif, qahramonlar, davr bilan munosabat tizimini barpo etadi. “Yakkama yakka” tamoyiliga ko‘ra, kitob bilan muloqot kitobxondan ma’naviy sa’yi-harakatni talab qiladi. Chunki kitob shaxsning shuuriy makoniga singib boradi. Bugun dunyoda nafaqat kitobga munosabat, balki unga oshno bo‘lishning usullari ham o‘zgardi: endilikda kitob quloqchinlarda (naushnik) jaranglashi, ko‘zga ko‘rinishi, elektron shakliga kirishi mumkin. Bu kitoblarning shakliy jihati – bezagida ham namoyon. Shu bois, kitob va kitobxon o‘rtasidagi muloqotni nofaol – ko‘zdan kechirish muloqoti sifatida tasvirlash mumkin. Mutolaa muammosi shu qadar aniq va tabiiy holdek ko‘rinadiki, hali u ko‘plab boshqa muammolar keltirib chiqarmasa edi…..

Hozir kitobning o‘zini uning ekranlashgan ko‘rinishidan afzal deb biladiganlar kam: kitobni ko‘rish va eshitish bilan qabul qilishga o‘rgangan jamiyatga fikrlovchi doiraga mo‘ljallangan asarlarni tushunish qiyin holga aylangan.

Badiiy asarni ekranlashtirish – bu o‘qiladigan narsaning rejissyorlik talqini, ko‘plab kommunikatsion muloqot tuzilmalari asosida yuzaga keladigan mediya makondir. Ushbu yangi makon bir manba bilan cheklanmasa, asarning asl mazmunini tushunmasa-da, insonga ta’sir etish imkoniyatlari keng. Agar bunday talqinlar tayyor shakllar bilan chegaralansa, ma’noni ham toraytirib qo‘yishi mumkin. Tabiiyki, ekranizatsiyani ko‘radigan har bir tomoshabin faol kitobxon bo‘lmaydi, ya’ni, rejissyor tomonidan taklif etilgan filmning asl manbasi – kitob mazmunini tanqidiy anglashga tayyor bo‘lmaydi.

Bugungi kundagi ekranlashtirish ommaga ta’sir etishning barcha tomonlarini hisobga oladi. Shuning uchun omma orasida tez tarqatilishidan tashqari arzon mashhurlikni qo‘lga kiritmoqda va odamlarni kitobning asl nusxasini o‘qitishdan “qutqarmoqda”. Afsuski, ko‘pchilik adabiyot bilan tanishishning ushbu usulini qulay va maqbul deb hisoblamoqda. Chunki, kitob o‘qishga vaqt sarflash zaruratini yo‘qqa chiqaryapti. Bu ko‘rinib turgan tanazzul ekanligi ayon bo‘lsa-da, odamlar bu qulaylikdan voz kecha olmaydilar. Biroq yuksak fikrlovchi kishilar doirasi ham kinematografiya yutuqlarini inkor qilmaydi, aksincha, ma’lum mezon va did asosida qabul qiladilar.

Ma’lumki badiiy asar matni ekranlashtirish jarayoniga o‘ziga xos tarjimaga tortiladi. Natijada o‘qilganda his etiladigan fikrlar vizual tusga kiradi. Asarning muloqot usuli “kitob + o‘quvchi”dan “kitob + tomoshabin”ga o‘zgaradi. Asar bilan haqqoniy muloqot amalga oshishi uchun asar muallifi va uni ekranda yaratuvchisi rejissyor fikran bir makonda bo‘lishi va bir tilda so‘zlashi zarur. Bunday muloqotga tomoshabinning tayyorgarlik darajasi turlicha bo‘ladi, ya’ni, oddiy insondan ham, mutaxassis ham bo‘lishi mumkin. Shu nuqtai nazardan ekranlashtirilgan asarni qabul qiluvchilarni ham bir qancha toifalarga bo‘lish mumkin: tayyorlanmagan, kam tayyorlangan, tayyorlangan va yaxshi tayyorlangan  hamda mutaxassis tomoshabin.

Tayyorlanmagan tomoshabin muallifning filmlashtirilgan asarini mutolaa qilmagan bo‘ladi. Kam tayyorlangan tomoshabin esa asarni o‘qigan, biroq uning g‘oyaviy mazmuni va yaratilish tarixi bilan tanish emas.

Tayyorlangan tomoshabin matnni o‘qigan, uning yozilishidagi o‘ziga xosliklar to‘g‘risida tasavvurga ega, o‘sha asarning badiiy darajasiga o‘zining ma’lum munosabati mavjud tomoshabindir. Bu uchinchi toifa asar va uning film talqini orasidagi yaqinlik va tafovutlarni aniqlay oladi. Yaxshi tayyorlangan tomoshabin esa asarni o‘qigan, mazmunan anglab yetgan, yozuvchining ijodi bilan tanish, asar yaratilgan davr to‘g‘risida tasavvurga ega bo‘libgina qolmay, syujetlar, motivlar, qiyofalar, g‘oyalar darajasida asarning boshqa asarlar bilan mazmunan aloqasini aniqlay oladigan tomoshabindir.

Mutaxassis tomoshabin asarning matn asosini hamda film talqinini mazmunan va shaklan taqqoslab tahlil qila oladi. Boshqacha aytganda, rejissyor qarashi bilan bahsga kirisha oladigan talqinchi va tanqidchi bo‘ladi. Albatta, san’at asarini qabul qilishda bu miqyosdagi tomoshabin-o‘quvchi doirasi keng emas.

Masala, tomoshabin filmni tomosha qilishda qanday mezonlarga tayanishi lozimligida. U filmni asl matnga mosligini aniqlabgina qo‘ya qoladimi yoki rejissyorning ijodiy mulohazasini tushunishga intiladimi? Bu oddiy masala emas. Adabiyot va kino san’ati orasidagi hamkorlikning natijasi ba’zan tomoshabinni qanoatlantirishi ham hafsalasini pir qilishi ham mumkin. Ba’zi bir filmlar tomoshabinni asar matnini o‘qib chiqishga undaydi. Aksariyat mumtoz asarlarni talqin etishdagi rejissyorning ijodiy qarashi, o‘z munosabatini qanday taqdim etayotganligini aniqlash ko‘pchilikni qiziqtiradi.

Ko‘z bilan ko‘riladigan tasvirlarni inson ongi jadalroq va samaraliroq ilg‘ab oladi. Badiiy asarni o‘qish kitobxondan vaqt hamda murakkab fikrlash faoliyatini taqozo etadi. Muammo shundaki, badiiy asar asosida olingan film asliyatga mos kelishi “xomxayol”ni yuzaga keltiradi. Media madaniyat hukmronligi shu qadar kuchayib ketdiki, natijada inson hissiy fikrlashdan to‘xtab qoldi.

V.Goffenshefer 1930-yillardayoq “Kino – badiiy adabiyotning eng injiq o‘quvchisi va eng makkor talqinchisidir… Javobgarlik badiiy asarni muayyan qiyofalarda o‘zicha aks ettiruvchi ijodkorning mas’uliyati hamda o‘sha asarni sharhlab, talqin qiluvchi tanqidchi mas’uliyatidan shakllanadi. Bu mas’uliyat bevosita inson ongiga ta’sir ko‘rsatishning eng qudratli qurollaridan biri – kinoda aks etadi”, deb yozgandi o‘z maqolasida. Bu fikr sotsialistik realizm davrida aytilgan, lekin bugungi kun nuqtai nazaridan qaraganda ham to‘g‘ridir. O‘sha davrda ekranlashtirish totalitar madaniyatni targ‘ib etuvchi medium sifatida yuzaga chiqqan, Stalin davrining asosiy kinematografik janrlaridan biriga aylangan edi.  Mafkuraviy vazifalar yuklangan, serso‘z stsenariylar shu qadar hukmron ediki, bu kinoda tasvirning keyingi darajaga tushib qolishiga va hatto yo‘qolishiga olib keldi. Bu jarayon, ayniqsa, “kichik tasvir” deb ataluvchi davrda (1946–1953) namoyon bo‘ldi. Kino san’atida adabiy manbaga asoslanish – ekranlashtirish o‘z siyosiy vazifasini ado etdi va vatanparvarlik tuyg‘usini ko‘rsatishga qaratilgan obrazlarni ko‘paytirib berdi. “Petr 1” (1937–1939 yillar, V.Petrov,) “Chapayev” (1934 yil, rejissyorlar G.N. va S.D.Vasilev) “Yosh gvardiya” (1948 yil, rejissyor S.Gerasimov), “Salavat Yulayev” (1940 yil, rejissyor Ya.Protazanov) va boshqa filmlar shular jumlasidan.

Yu.Shklovskiy XX asr boshida kino va adabiyot nisbatining ikki ko‘rinishini taklif etadi. Birinchisi, adabiyot kino usullarini ko‘proq qabul qilishi. Bu ekranlashtirishda o‘ziga xos syujet yaratilishda aks etadi;

Ikkinchisi, fotografiya paydo bo‘lishi bilan naturalizm rad etilganidek, adabiyot syujetni butkul rad etadi va o‘zining qadrdon makoni – so‘z va til makoniga qaytadi.

Yu.Shklovskiyning fikriga tayanilsa, ekranlashtirish kinematografiyada muvaffaqiyatsizlikka mahkum bo‘lgan janrdir. Bizning asrimizga kelib, ekranlashtirish – ijodiy muloqotning bir usuliga emas, balki vizual madaniyatning zamonaviy iste’molchisi talablarini hisobga oluvchi ommani hissiy fikrlashga majbur qilmaydigan yalpi tusdagi media mahsulot shakliga aylandi.

Vaqt o‘tib, kinematograf va adabiyot ittifoqining natijasi asl adabiy matnning va uning ekran talqini orasidagi o‘xshashlik mezonlari tanqidchilar uchun asosiy mavzuga aylandi. Ammo ekranlashtirish bir vaqtning o‘zida ham individual ijodkor (rejissyorning), ham ijodiy guruh (stsenariynavis, rejissyor, operator, bastakor va b.)ning jamoaviy asari sifatida davrning ma’naviy-ijtimoiy qarashlarining ko‘p qatlamli “ko‘chirmasi” sifatida yashab, muayyan shaklda rivojlanib kelmoqda.

Kitobning mazmuni va muallifning fikri qanchalik aniq yetkazib berilganidan qat’iy nazar, ikkala asar (adabiy matn va film) ham o‘z o‘rnida muayyan davrning guvohi va solnomasiga aylanadi. S.M.Arutyunyan fikri bilan to‘ldirilganda, “Bugungi kunda mumtoz adabiyot namunalarini ekranlashtirish o‘tmishdagi davrlarni zamonaviy nuqtai nazaridan talqin qilishdan iborat bo‘lib, u xoh erkin, xoh qat’iy tarzda muayyan yangicha estetik mezonlar, mafkuralar, inson va kishilik jamiyatiga nisbatan zamonaviy qarashlarni yuzaga kelishiga xizmat qiladi”.

San’atning boshqa-boshqa turlariga mansub bo‘lgan asarlardagi ramz va obrazlar tizimni mazmunan umumlashtirish qanday amalga oshiriladi? Ekranlashgan asar mazmunini o‘qishning o‘ziga xos tomonlari syujetning “medial susbstratlar” deb ataluvchi turli holatlarda ifodalanishi bilan bog‘liq. Mazkur holatda yetarlicha erkin bo‘lgan “narrativlar, ikki turdagi asardagi ramz va obrazlarning o‘zaro munosabatlari, bir-biridan farqi va o‘xshashligini aniqlab berishga qodir”.

Adabiyot va kinoning o‘zaro bog‘liqligi va hatto o‘zaro tobeligi kino nazariyotida o‘rganilgan.  “Kinoning adabiyotdan foydalanishga urinishi hech qanday natija bermadi, to‘g‘risini aytganda, instsenirovka deb ataluvchi bo‘lmag‘ur natijalar berdi” (V.Shklovskiy). “Kino adabiyotdan “ozod bo‘lish” evaziga rivojlanmoqda. Shu bois, original syujetlarga tayanishi lozim, chunki “stsenariynavislikning asosiy tamoyili – bu bevosita hissiy anglashdir…”. “Kino san’atini rivojlantirish – bu shakl orqali imkon qadar mohiyatni chiqarib berishdan iborat” (B.Balash). “Adabiy asar va uning asosida yaratilgan film o‘rtasidagi o‘yin ekranlashtirilgan asarni anchagina boyitadi. Yaxshi ekranlashtirilgan mahsulot dastlabki manbaning ruhiyati, mazmunini aks ettirishi lozim” (A.Bazen) “Ekranlashtirish chog‘ida ham badiiy asar, ham kino yo‘qotiladi. Agar qaysidir yirik asar ekranda yashab qolishi shart bo‘lsagina, uni ekranlashtirgan ma’qul. Aks holda, u asarning aslidan yomonroq chiqadi” (G.Kozintsev). “Adabiyotga murojaat qilish endilikda kino san’ati uchun bevosita ahamiyatli jihatdir, bu kinoning badiiy usul va tamoyillarini takomillashtirish demakdir” (N.S.Gornitskaya). “Ekranlashtirish degani, badiiy asarning asl g‘oyasi, uning badiiy mohiyati doirasidan chiqmagan holda, kino san’atining o‘ziga xos vositalari orqali imkon qadar chuqurroq va shoirona yetkazib berishdir” (I.Manevich) va hokazo. Taniqli kino mutaxassislarning bu kabi fikr­laridan ko‘rinib turib turibdiki, kino va adabiyotning birgalikdagi mahsuli san’atning alohida shaklini vujudga keltiradi.

XX asrning oxiri XXI asrning boshlarida adabiyot va kino munosabatining o‘ziga xos tomonlari to‘g‘risida so‘z yuritila boshladi. K.Yu.Ignatov ekranlashtirish va badiiy matn o‘rtasiga tenglik belgisini qo‘yishni taklif etadi: “Ekranlashtirishni kinematografchilarning maqsadi badiiy asarning ekranlashgan ko‘rinishini yaratish bo‘lgandagina oqilona ish deb qabul qilish lozim”, degan fikrni o‘rtaga tashlaydi. Asarning mazmuni, ruhi va tilini saqlagan holda kino tiliga o‘girish sifatida ko‘rib chiqishni taklif etadi”. V.V.Reshetnikova esa ekranlashtirishni badiiy asarni turli tasviriy (so‘z, musiqa, video) unsurlar vositasida ekran tiliga o‘girishdan iborat bo‘lgan badiiy talqin sifatida tushuntiradi. Ekranlashtirish o‘yinli kinoning mustaqil shakli bo‘lib, uning asosida adabiy matn qaror topadi.

Kinofilmga asos sifatida badiiy asardan foydalanish, bir jihatdan rejissyorga jiddiy mas’uliyat yuklaydi, shu bilan birgalikda yaratilayotgan kino mahsulotning muvaffaqiyatining ma’lum kafolati hisoblanadi. Adabiyot namunalarini ekranda talqin qilish zamonaviy madaniyat tomonidan taqozo etilayotgan hodisa sifatida mavjud ekan, uning qiymatini malakali tanqidgina baholashi zarurligini e’tirof etish joiz.

Ekranlashtirish adabiy matnning badiiy voqeligini o‘zlashtirish usullaridan biridir. Rejissyorning kino vositalariga, deylik,  kameraga asardagi so‘zlar biroz boshqacha – faqat stsenariychi tilga olish zarur deb hisoblagan narsalargina tushadi. So‘zning o‘zi tasvirlash va qiyofa yaratish kuchiga ega: u kino qiyofani yaratish jarayonida mubolag‘ani moddiylashtirishga imkon beradi – matnda aks etgan qiyofa ko‘zga ko‘rinadigan qiyofaga aylanadi. So‘z – bu adabiyotchi tasvirlaydigan voqelik hamda kitobxonning tasavvuridan vujudga keladigan o‘xshatishlar o‘rtasidagi vositachidir. Kino badiiy asarda tasvirlashni talab qilgan narsani ko‘rsatishga imkon beradi. Biroq film ijodkorlarida hodisani “kadr ortida turib hikoya qilish” so‘z vositasida tasvirlash imkoniyati yo‘q. Ayni vaqtda obrazlarning harakatlari, ularning nutqi, boshqa personajlar bilan munosabatini  aks ettirish ham kino vositalari, ham adabiyotning qo‘lidan keladi. Bizning zamonamizda so‘z san’ati boshqa san’atlarga (raqs, musiqa, teatr va kino) turtki beruvchi manba ekanligiga qaramasdan, baribir ustuvorlikka ega.

Bugun kino texnik jihatdan juda yuqori natijalarni qo‘lga kiritdi. Biroq film suratga olish jarayonining tashkilotchisi va asosiy ijodkori rejissyor bo‘lib, badiiy voqelikning asl ko‘rinishi uning miyasida shakllanadi. Erkanlashtirish san’ati yozuvchining fikrlarini mos vizual shaklga o‘tkazish, topish demakdir.

Rus tilidan Bekzod Qodirov tarjimasi

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2019 yil 8-son