Milliy teatrimiz onaxoni (Yayra Abdullayeva)

O‘zbek Milliy akademik drama teat­rining bir asrlik ijodiy yo‘liga nazar tashlansa, nafaqat ­teatr, balki milliy madaniyatimiz tarixi zarvaraqlaridan munosib o‘rin olgan qator spektakllar, zabardast rejissyor va aktyorlar ko‘z oldimizga keladi.

Shunday ijodkorlardan biri O‘zbekiston xalq artisti Yayra Abdullayeva ustozlardan ta’lim olgan va bugungi kunda o‘zi ham murabbiy darajasiga yetib, keyingi avlod aktyorlariga namuna bo‘lib kelayotgan san’atkorlardan biridir.

U 1930 yil 14 avgustda Toshkent shahrida tug‘ilgan. Aktrisa hayoti davomida yuzdan ortiq turli-tuman rol ijro etib, o‘z ustida tinmay ishlagan zabardast aktrisa sifatida xalq mehriga sazovor bo‘ldi. Milliy dramaturgiyamiz yetuk namunalaridan Abdulla Qahhorning “Shohi so‘zana”sida Hafiza, “Og‘riq tishlar”da Xumoraxon, Hamzaning “Boy ila xizmatchi”sida Gulbahor, Shayxzodaning “Mirzo Ulug‘bek” spektaklida Gavharshodbegim, Izzat Sultonning “Noma’lum kishi”sida Turg‘unoy, Oybekning “Qutlug‘ qon”ida Gulnor kabi rang-barang obrazlar aktrisa mahoratidan dalolatdir.

Yayra Abdullayeva A.Ginzburg va O.Xo‘jayevlar tomonidan sahnalashtirilgan “Noma’lum kishi” spektaklida Turg‘unoy va o‘g‘il bola libosida Kichkintoy nomi bilan odamlardan yashirin ravishda ko‘zi ojiz Nurbobo baxshini yetaklab yuruvchi nabira rolini ijro etgan. U asar bosh qahramoni Niyozning jasoratini eshitib, uni g‘oyibona sevib qoladi. Niyoz u bilan Turg‘unoy sifatida bir necha bor uchrashgan bo‘lsa-da, ammo “Kichkintoy” Turg‘unoy ekanligini bilmagan. Spektakl oxirida Niyozga otilgan o‘qqa ko‘ksini qalqon qilgan Kichkintoy yiqilganda bosh kiyimi tushib ketib, Turg‘unoy ekanligi bilingach, Niyoz (O.Xo‘jayev) lol bo‘lib qoladi… Aktrisa bu obrazda, goh “o‘g‘il bola”, gohida qalbida muhabbat uyg‘ongan qiz timsolida gavdalanib, o‘z mahoratini namoyon etadi.

Toshxo‘ja Xo‘jayev, Aleksandr Ginzburg, Sharif Qayumov, Bahodir Yo‘ldoshev kabi yetuk rejissyorlar bilan ishlashga musharraf bo‘lganligi aktrisaning baxti de­yish mumkin. Chunki bu rejissyorlar sahnalashtirgan badiiy yuksak spektakllarda obraz ustida ishlash, qahramonining ichki dunyosiga kirib borish, insonning nozik tuyg‘ularini tarannum etish, obraz hayoti bilan yashash kabi xislatlarni chuqur o‘rganadi.

Yayra Abdullayevaning murakkab xarakterlarni jonlantira olish qobiliyatini sezgan rejissyorlar unga yirik obrazlarni ishonib topshira boshlaydi. U xorijiy dramaturgiya namunalarida ham to‘laqonli xarakterlar yaratib, rejissyorlar ishonchini qozonadi. “Yuliy Sezar”da Pertsiya, “Antigona”da Antigona, “G‘ariblar”da Anita, “Har to‘kisda bir ayb”da Mamayeva, “Jonimni ol, jonginam”da Siyenxonim, “O‘g‘irlangan umr”da Key kabi obrazlari shular jumlasidandir.

O‘tgan asrning 60-yillari o‘rtalarida taniqli rejissyor Toshxo‘ja Xo‘jayev tomonidan yapon dramaturgi Morimoto Kaoruning “O‘g‘irlangan umr” (A.Abdullayev tarjimasi, rassom – G.Vizel) asari asosida sahnalashtirilgan spektakl badiiy-g‘oyaviy teranligi bilan teatr tarixida ulkan voqea sifatida e’tirof etildi.

Spektaklda bosh qahramon – Key obrazini yaratishga Yayra Abdullayeva­ butun qalb qo‘rini bag‘ishladi. Bu obraz nafaqat aktrisa tarjimai holida, balki teatr tarixidagi yorqin obrazlardan biri sifatida solnomalarga kiradi.

O‘n olti yoshli ma’suma qizcha qiyofasidagi aktrisa yosh qizaloqqa xos gap-so‘zlar, xatti-harakat, samimiylik, o‘ziga xoslikni ustalik bilan topadiki, tomoshabin uni o‘ttiz besh-qirq yoshlardagi ayol o‘ynaganini sezmaydi.

Spektakl davomida yosh va go‘zal Keyning qiyinchilikda o‘tgan bolaligi, badavlat Sutsumi xonadoniga joylashib olgach, g‘ayrat va tadbirkorlik bilan mehnat qilib, xonadon sohiblari ishonchini qozonishi, ayni chog‘da qalbida boylikka intilishning kuchayib borishi va pirovardida ma’naviy olami tobora kemtiklashib, tanazzulga yuz tutishi g‘oyat ishonarli talqin etiladi. Aktrisa shaxsiy hayoti besaranjom, hatto boylik ilinjida sevgan yigitidan voz kechib, badavlat odamga turmushga chiqqan, alaloqibat yolg‘izlik fojiasiga uchragan ayol obrazini benihoya mahorat bilan talqin qiladi.

O‘sha davr matbuotida Yayra Abdullayeva ijodiga baho berilib, “…aktrisa Key obrazi misolida butun umri davomida barcha yoshga mansub timsollarni qanday talqin qilishni orzu qilgan bo‘lsa, hammasiga birdan erishdi”, deb e’tirof etiladi.

Rejissyor Toshxo‘ja Xo‘jayev S.Azimovning “Asr dramasi” (Rassom– G.Brim) pesasini publitsistik janrda sahnalashtirgan bo‘lib, unda Sharq mamlakatlarining birida yuzaga kelgan o‘tkir muammolar ifodalangan. Spektakldagi muvaffaqiyatli obrazlardan biri – Oyishani Yayra Abdullayeva ijro etgan. Pesadagi bu obraz yetakchi bo‘lmasa-da, rejissyor talqini va aktrisa ijrosi orqali mazkur rol obraz darajasiga ko‘tariladi. Aktrisa ijtimoiy va shaxsiy ziddiyatlar girdobida qolgan, sevgi va burch o‘rtasida o‘rtanayotgan inson ruhiyatining evrilishlarini nozik ifodalashga erishadi.

O‘tgan asrning 80-yillarida, tarixiy mavzudagi qator muvaffaqiyatli spektakllar sahna yuzini ko‘radi. Taniqli shoir va dramaturg Turob To‘laning “Nodirabegim” (“Quvvai qahqaha”) pesasi Bahodir Yo‘ldoshev (rassom – G.Brim) tomonidan sahnalashtiriladi. Spektaklda hassos shoira, davlat arbobi, Qo‘qon adabiy muhitining yetuk vakili Nodirabegim hayotining so‘nggi damlari tasvirlangan. Bu obrazni yaratishda Yayra Abdullayeva Nodirabegimning shoiraligidan ko‘ra hukmdorlik xislatiga ko‘proq urg‘u beradi. U Amir Nasrullo va uning gumashtalari bilan bo‘lgan to‘qnashuvlarda adolat va ma’rifat homiysi, qat’iyatli ayol siymosida namoyon bo‘ladi.

Yayra Abdullayeva Mustaqillik yillarida ham samarali ijod qilib, sahna va filmlarda rollar ijro etib kelmoqda. Keyingi yillarda yaratilgan rollari orasida ispan dramaturgi Alexandro Kassonaning “Daraxtlar tik turib jon beradi” pesasi asosida rejissyor Valijon Umarov tomonidan sahnalashtirilgan spektakldagi Buvi obrazini alohida e’tirof etish mumkin.

Aktrisa talqinidagi Buvi o‘zining o‘y-xayollari bilan yashayotgan bo‘lsa-da, lekin undagi ichki tetiklik, kibor ko‘rinish, yurish-turishida bir olam ma’no aks etadi. Taqdirning kutilmagan zarbasi tufayli o‘g‘lidan judo bo‘lgan baxtsiz onaning shafqatsiz sinovlarga bo‘yin egmay, qaddini daraxtday tik tutib yashashi, so‘nggi umidi bo‘lgan nabirasi tashlab ketib, barcha umidlari puchga chiqqan bo‘lsa-da, mustahkam irodasi, pok vijdoni bilan mardonavor jon taslim qilishi Ya. Abdullayeva ijrosida mukammal ifoda topdi.

Aktrisa sahnadagi faoliyati bilan bir qatorda kino, televideniye va radioda ham betakror rollar ijro etdi. Jumladan, “Boy ila xizmatchi”da Gulbahor, “Stadionda uchrashamiz”da Ra’no, “Opa-singil Rahmonovalar”da Dildor, “Hamza”da Saodat hamda birinchi o‘zbek telefilmi “Azizaxon”da Azizaxon, “Zaynab va Omon”da Zaynab, “Ettinchi o‘q”da Xonim kabi rollari kino san’atimiz yutuqlaridan bo‘ldi.

Respublika radiosidagi “Teatr mikrofon oldida”, “Bir aktyor teatri” kabi eshittirishlarda faol qatnashgan aktrisa qator radiospektakllarda ham rollar ijro etgan. Xususan, “Medeya”, “Kashmir qo‘shig‘i”, “Dubrovskiy” kabi klassik asarlar asosida tayyorlangan radiopostanovkalar ijrochisi, shuningdek, norveg dramaturgi G.Ibsenning “Nora” radiospektaklining rejissyori va bosh rol ijrochisi hamdir.

Yayra Abdullayevaning sermazmun va samarali ijodiy faoliyati davlatimiz tomonidan “O‘zbekiston xalq artisti” (1964) unvoni, Davlat mukofoti, “Do‘stlik”, “El-yurt hurmati” ordenlari bilan munosib taqdirlangan.

Bugungi kunda Yayra Abdullayeva tabarruk yoshda qadrdon teatr jamoasi orasida necha-necha yosh ijodkorlarga ustozlik qilib, tom ma’noda teatr­ning Onaxoni bo‘lib kelmoqda.

Esonboy O‘rinov, teatrshunos

“Jahon adabiyoti, 2014 yil, 8-son