Ma’mur Umarov. Teatr san’ati qoidalari

Jahonshumul ixtirolar buyuklarga nasib qiladi. Pushkin ta’kidlaganidek, daholar yangi qonunlarni kashf qiladi, qobiliyatlilar ulardan to‘g‘ri va unumli foydalanadi, qobiliyatsizlar esa har ikkalasini ham inkor qilib, faqat o‘zlarinigina dono deb hisoblaydilar.

Turli sohalarda ixtiro qilgan shaxslarning nomi, millati, irqi va e’tiqodidan qat’i nazar ehtirom bilan tilga olinadi. Masalan, algoritm ixtirochisi Al-Xorazmiy, butun olam tortishish qonunini kashf qilgan Nyuton, yer osti va ustidagi narsalarning tarkibini aniqlovchi Mendeleev davriy sistemasi dunyoga ma’lum va mashhurdir.

Jahon ijod ahli orasida Aristotelning “Poetika” asari tragediyaning yaratilish qoidalari bilan mashxur bo‘lsa, “Stanislavskiy sistemasi” teatr san’ati namoyandalari uchun ilmiy-amaliy dastur bo‘lib kelmoqda.

Teatrni ma’naviy, ma’rifiy, axloqiy va g‘oyaviy tarbiya maktabi, insonni ruhan poklovchi muqaddas dargoh deb bilgan Stanislavskiyning asl ismi sharifi Konstantin Sergeevich Alekseev bo‘lib, u 1863 yilning 5 yanvarida, Moskva shahrida tug‘ilgan. Alekseevlar avlodi yirik sanoatchi zodagonlar doirasiga mansub bo‘lib, bu suloladan ko‘plab mashhur madaniyat va san’at namoyandalari yetishib chiqqan. Alekseevlar oilasining “Bolshoy” va “Malыy” teatrlarda o‘z muhim o‘rindiqlari bo‘lib, ular barcha yangi sahnalashtirilgan va gastrolga kelgan teatrlarning spektakllarini tomosha qilishgan.

Konstantin 14 yoshga to‘lganida uning iltimosiga binoan Alekseevlar xonadonida “uy teatri” tashkil qilindi. 1877 yilning 5 sentyabrida onasining tug‘ilgan kuniga bag‘ishlab, “uy teatri”da sahnalashtirilgan spektaklda Konstantin ilk marotaba havaskor aktyor sifatida rol o‘ynaydi. U shu kundan boshlab barcha taassurotlarini kundalik daftariga muhrlab boradi. Bu “uy teatri” 1881 yildan boshlab “Alekseevlar to‘garagi”ga aylandi. Mashhur to‘garak asosida 1888 yili “Moskva san’at va adabiyot jamiyati” va uning qoshida “Musiqali va dramatik teatr” maktabi tashkil topdi. Jamiyat faoliyati tobora rivojlanib 1898 yili Konstantin Alekseev-Stanislavskiy va Vladimir Nemirovich-Danchenko hamkorligida “Moskva Badiiy teatri” tashkil qilindi. Bu ommabop teatr “kechinma san’ati maktabi”ning nazariy va amaliy beshigiga aylandi.

Teatr san’atiga bo‘lgan ixlos va sinchkovlik Stanislavskiyni – “aktyor sahnaning ijodkori hamda sohibidir” degan falsafiy-g‘oyaviy xulosaga olib keldi. Bu g‘oya unga 1877 yildan boshlab to umrining oxirigacha tinch­lik bermadi. Stanislavskiy 1935 yilning 7 avgustida Moskva shaxrida olamdan o‘tdi.

Stanislavskiy – Konstantin Sergeevich Alekseevning taxallusi bo‘lib, uni 1885 yili, 22 yoshga to‘lganida tanladi. Sababi, kunduzi Alekseevlarga tegishli idoralarning birida rahbarlik qiluvchi amaldorning ismi-sharifi va obro‘si u ijro etadigan vodevildagi “shilqim yigit” roliga mos tushmasdi. Oila shifokori A.F.Makarov degan kishining Stanislavskiy taxallusi bilan “Alekseevlar to‘garagi” spektakllarida qatnashib yurishi esiga tushadi. Makarov betobligi tufayli sahnani tark etganini bilgan Konstantin uning taxallusi bilan sahnaga chiqishga qaror qiladi. Bu taxallus uni jaxonning eng mashxur teatr nazariyotchisi va amalyotchisi sifatida dunyoga tanitdi.

“Stanislavskiy sistemasi” – teatr san’atining aktyorlik mahorati, rejissyorlik va pedagogika bilan bog‘liq jarayonlarni yuksak badiiy saviyada ifodalagan “kechinma san’ati” tizimining nazariy asoslaridir. Bu nazariy asoslar teatr san’atiga bag‘ishlangan barcha sistemalarning, ilmiy-amaliy tadqiqotlarning dialektik rivoji edi. Natijada ungacha bo‘lgan teatr san’ati bilan bog‘liq barcha nazariy va amaliy qarashlarni yaxlit bir tizimga solish masalasi ilmiy xal qilindi.

“Namoyish etish san’ati” talablari bilan “kechinma san’ati” estetikasi farqini Stanislavskiy qiyoslash uslubi bilan ochib berdi. Buning uchun u dastavval “namoyish etish san’ati” talablarini, o‘zi o‘ynagan rollari misolida yorqin ifodalay oldi. Bu yo‘nalishda, kasb mahoratini yaxshi egallagan aktyorlar tomoshabinlarga o‘z iqtidorlarini namoyish qilishga bor kuchlarini sarflaydilar. Stanislavskiy ular erishgan yutuqlarni inkor qilmagan holda, yanada jozibaliroq, ta’sirchanroq, ma’naviy darajasi yuqoriroq, aktyorlar kuchini asar g‘oyasini ochishga sarflaydigan tizim yaratishga intildi. Buning uchun “namoyish etish san’ati” xususiyatlarini yanada chuqurroq o‘rganishga kirishdi.

Inson, umuman jonivorlar mushaklar xotirasiga va miyaning “signal sistemasiga” tayanib kun kechiradilar. Bu sistema ixtirochisi I.Pavlov ta’kidlaganidek, takrorlangan harakatlar bosh miyadagi signallar ta’sirida mushaklar xotirasiga ko‘chadi va saqlanib qoladi. Sirkdagi jonivorlar tabiatning shu qonuni asosida mashq qildiriladi va manejga erishilgan natijalarni namoyish etish uchun olib chiqiladi. Shuning uchun tsirk namoyish etish san’atining eng yorqin ko‘rinishidir. Bu yo‘nalish nazariyotchilaridan biri bo‘lgan Deni Didroning – “spektakllarda aktyor qayta kechinishi shart emas, axir aktyorning mahorati, xotirasida saqlangan tuyg‘ularning ifoda vositalaridan foydalanib tomoshabinlarni ishontira olishida emasmi”, degan fikri uning tarafdorlari uchun nazariy asosga aylandi. Kino san’ati xam bir marta lentalarga muhrlangan tuyg‘ular va harakatlarni doim aynan qaytarilishi bilan namoyish etishdan o‘zga narsa emas.

“Namoyish etish san’ati” tarafdorlari sahnaning o‘ziga xos shartliligiga amal qilib ijod qilishga, tashqi ko‘rinishga, xatti-xarakatlarning jimjimadorligiga, ayniqsa “teatrona” tomoshaviylikka intilishlari bilan ajralib turadi. Ular bu intilishlari bilan hayotiylikdan, ya’ni realizmdan uzoqlashib, tomoshabinni ijtimoiy hayotning achchiq haqiqatidan chalg‘itishni asosiy maqsad qilib oladilar. Namoyish etish darajasiga ko‘tarilish uchun ular repetitsiyalarda aktyorlardan rolning tuyg‘ularini, extiroslarini to‘g‘ri kechinishni talab qiladilar. Barcha rollarning tuyg‘ulari va ular bilan bog‘liq harakatlar topilgach, rejissyor tomonidan mustahkamlanadi. Erishilgan natija bundan buyog‘iga faqat shunday ijro etilishi tasdiqlanadi va muskullar xotirasida saqlangan harakatlar tomoshabinga namoyish qilinadi. Repetitsiya jarayonida topilgan kechinmalarni “aktyorlik tuyg‘usi” mushaklar va his-tuyg‘ular xotirasida saqlab qolgani uchun, endi ularni ijrochilar o‘z harakatlarida kechinmasiz xam takrorlay oladilar.

“Namoyish etish san’ati”ning estetik printsiplaridan qoniqmagan Stanislavskiy undan yuqoriroq bo‘lgan bosqichni, har bir spektaklda “qayta kechinish” yo‘llarini izlay boshladi. Buning uchun “injiq ilhom” har doim aktyorning xizmatida bo‘lishi kerak. Har bir spektaklda zavq bilan “qayta kechinish” uchun aktyorda namoyish etishdan ko‘ra yuqoriroq bo‘lgan bosqich – “ijodkorlik tuyg‘usi” to‘g‘ri tarbiyalangan bo‘lishi lozim edi. Shundagina tomoshabinlarning qalbiga hamda ehtiroslariga kuchli ta’sir etish mumkin bo‘lardi.

Havaskorlar orasidan saralab olingan bo‘lg‘usi aktyorning ilk qadamidan boshlab ijodkorlik tuyg‘usi va irodasi to‘g‘ri tarbiyalansagina, u sahna hunari talablarini ijodkorlik nuqtai nazaridan o‘zlashtiradi. Hunar talablarini o‘zlashtirgan talabalargina navbatdagi bosqichga – dramaturg va rejissyor rejalashtirgan harakatni sahnada bajara oladigan aktyorlik darajasiga ko‘tariladi. Bunday ijrochining “aktyorlik tuyg‘usi” – o‘zlashtirilgan hunar talablariga tayanib, teatr san’atining asosi bo‘lgan “akt” – harakatni bajara oladi, ya’ni personaj intilishni rivojlantirib, perepitiya orqali yechimga olib kelish ko‘nikmasiga ega bo‘ladi. Bunday ko‘nikmaga ega ijodkor shaxs – “akt”, ya’ni harakat bajaruvchisi, aktyor maqomiga ko‘tariladi. Chunki, havaskorlikdan hunarmandlikka, so‘ngra aktyorlik darajasiga erishish murakkab jarayonni o‘z ichiga oladi.

Stanislavskiy aktyorlik maqomiga erishganlarni evolyutsion rivojlanib boruvchi uch darajaga ajratadi. Birinchisi – aktyorlik tuyg‘usiga tayangan ijro. Ikkinchisi – ijodkorlik tuyg‘usiga asoslangan ijro. Uchinchisi – san’atkorlik tuyg‘usiga ega bo‘lgan, yuqori badiiy saviyadagi ijro. Bu uch daraja orasidagi farqni anglash faqat Stanislavskiyga nasib qildi va “kechinma san’ati” tizimini yaratishiga asos bo‘ldi. U aktyorlik san’ati dialektik rivojlanishdan iborat jarayon ekanligini nazariy isbotladi. Quyida shu bosqichlarning izohini ko‘ramiz.

  1. Aktyorlik tuyg‘usi – har bir spektaklda aktyorga xizmat qilishga tayyor turgan hunarmandlik ko‘nikmasi. Bu “g‘amxo‘r ko‘nikmalar” har bir rolni aktyorning mushaklari va tuyg‘ulari xotirasida saqlanib qolgan shtamp­larga tayangan holda namoyish etishga qodir. Mohirona ijro etilgan rolda kechagi harakatlar va tuyg‘ular aynan takrorlanadi. Bunday aktyorlar ilhomni kutib yashaydilar. Ilhom esa – injiq tuyg‘u. U xar doim ham aktyorga bo‘ysunavermaydi. Bugungi spektaklda aktyorning ilhomi kelsa-keldi, kelmasa “g‘amxo‘r hunar” shtamplari uni xar doimgidek yana qutqaradi. Ilhomsiz, zavqsiz namoyish etilgan rol ijrosidan so‘ng aktyorning o‘z yog‘iga o‘zi qovrulib “yana o‘xshamadi”, degan ichki nidosini tomoshabinlar bilmaydi.
  2. Ijodkorlik tuyg‘usi – “injiq ilhomni” doim chaqirib olishga va uni o‘z roliga xizmat qildirishga qodir aktyorlarda shakllangan ko‘nikma. Bunday aktyorlar namoyish etishdan yuqoriroq bo‘lgan bosqichga – o‘z rolini har bir spektaklda qayta kechinishga erishadi. U ilhomlanib, o‘z roli tuyg‘ularini qayta kechinayotganidan zavq oladi. Ijodkorlik tuyg‘usi to‘g‘ri tarbiyalangan aktyor, berilgan shart-sharoitdagi voqea – men bilan, hozir, shu yerda, birinchi marta sodir bo‘layapti, degan ishonch bilan, jonli muloqotga kirishadi. Sahnada jonli muloqotni uzluksiz boshqarib borishga intiladi. Bu intilishning ijobiy natijasini o‘zi, sahnadagi partnyorlari va tomoshabinlar sezadi. Ijodkor aktyor, tomoshabin aynan mana shunday jonli muloqotni ko‘rish uchun teatrga kelishini biladi.
  3. San’atkorlik tuyg‘usi – ijodkorlik tuyg‘usi to‘g‘ri tarbiyalangan, ma’naviy qiyofasi shakllangan, badiiy tasavvuri va tafakkuri boy, yaratuvchanlik qudratiga ega bo‘lgan aktyorlar ko‘tariladigan daraja. Bunday san’atkorlar yaratgan obrazlar – millatning ma’naviy mulkiga, madaniy boyligiga aylanadi. Ular ijodini yoshlarga namuna qilib ko‘rsatish, avloddan-avlodga meros qilib qoldirish mumkin. San’atkorlik tuyg‘usi ijodkorning vijdoniga aylanadi. Bu vijdon uni yana “aktyorlik tuyg‘usi” darajasiga qaytib tushishiga va tomoshabinlarni aldashiga yo‘l qo‘ymaydi. Bu daraja Stanislavskiyning orzusi, u yaratgan sistemaning oliy maqsadi edi.

Demak, sahnada jonli muloqotga kirisha oladigan “kechinma san’ati” aktyorining ijodkorlik tuyg‘usini to‘g‘ri tarbiyalash sistemaning bosh masalasidir. Sahna amaliyotida boy tajribaga ega, zamonasining eng mashhur aktyorlaridan va rejissyorlaridan biri bo‘lgan Stanislavskiy – jonli muloqot jarayonida paydo bo‘ladigan tabiiy tuyg‘ular ijrochining ruhiy va jismoniy harakatlari uyg‘unligini talab qilishini yaxshi bilardi. Bu uyg‘unlik yordamida asar g‘oyasini va spektaklning manaviy mohiyatini tomoshabinlarga to‘la badiiy shaklda yetkazish mumkin deb hisoblardi.

Aktyorlarning sahnadagi jonli muloqoti teatr ilgari surayotgan g‘oyaga, tuyg‘ular va kechinmalarga tomoshabinlarni hamdard qiladi. Sahnadagi har personajning nozik tuyg‘ulari, kuchli ehtiroslari, chuqur dardi, teran fikri tomoshabinlarga tasir etsagina, ular hamdardga aylanadi. Hamdardlik tuyg‘usi har bir spektaklda tomoshabinlar qalbidan joy olmasa, teatr san’ati asta-sekin susayib boraveradi va sahnadagi tomoshalar oddiy, ko‘ngilochar, maishiy mavzudan iborat hunarmandlar “o‘yiniga” aylanadi. Stanislavskiy ijodkorlik tuyg‘usini to‘g‘ri tarbiyalash uchun avvalo, “kechinma san’ati”ga zarur bo‘lgan inson vujudini sahnada tabiiy ishga tushiradigan jonli muloqot qoidalariga amal qilish zarurligini takidlaydi. Bu qoidalar “sistema”ning emas, balki tabiatning azaliy tizimi, tartibi ekanligini asoslaydi.

Sistemaning ilmiy qiymati hayot qonunlarini tizimga solinganligida, tadqiqotchining izlanishlari amaliyotda o‘zining isbotini topganligida, Moskva Badiiy teatrining buyuk aktyorlari va studiyalarning yosh talabalari bilan sinovdan o‘tkazilganligida, Meyerxold, Vaxtangov kabi jahonga mashhur rejissyorlarni, hamda dunyoni lol qoldirgan yangi aktyorlar avlodini tarbiyalaganligida, ular yaratgan spektakllar badiiy yaxlitligi, manaviy va g‘oyaviy yuksakligi bilan tomoshabinlarni hayratga, bazan larzaga solganligida edi. Eng muhimi, namoyish etish san’ati tarafdorlarining aktyorlik san’ati “ilohiy ilhom”ga, “takrorlanmas iqtidorga” bog‘liq, degan tushunchalarini inkor eta olganligidadir. Shuningdek, qobiliyatli inson tabiat qonunlaridan to‘g‘ri va unumli foydalansa, unda ijodkorlik tuyg‘usi shakllanishi va bu tuyg‘u uni sa’natkorlik darajasiga ko‘tarishi mumkinligini amalda isbotlanganligidadir.

Natijada, aktyor sahnada jonli muloqotga erishishi uchun o‘z tabiatini zo‘riqtirmasdan, berilgan shart-sharoitda maqsadga muvofiq, mantiqan, izchil, faol va sermahsul xatti-harakat qilishi sistemaning asosiy talabiga aylandi.

Stanislavskiy “berilgan shart-sharoit” atamasini o‘z “sistema”siga asos qilib oldi. Aktyorning ruhiy va jismoniy tuyg‘ularini maqsadga muvofiq ishga tushuvchi unsurlarni – “ijodkorlik elementlari” deb atadi. Bu unsurlar tabiat qonunlari tizimi bo‘lib, aktyorning tuyg‘ularini tabiiy qo‘zg‘ovchi va harakatga keltiruvchi, “kechinma san’ati” talablari asosini tashkil qiluvchi elementlardir. Ular:

– maqsadga muvofiq jamlangan va yo‘naltirilgan diqqat;

– ko‘rish, eshitish, qabul qilish va baholash;

– majoziy ichki ko‘rish va his qilish xotirasi;

– berilgan shart-sharoitlarni tasavvur qilish;

– sahnaviy muhit bilan aloqadorlikni o‘rnata bilish;

– sahnaviy tuyg‘u va harakatlardagi izchillikka amal qilish;

– sahnaviy haqiqatni his qilish;

– ishonch va tabiiylik;

– rolning va spektaklning istiqbolini his qilish;

– fikrli va maqsadli harakat;

– tempo-ritmni idrok etish;

– sahnaviy istaraga ega bo‘lish;

– ehtirosni qo‘zg‘ata olish va uni jilovlay bilish;

– muskullar erkinligi;

– gavdaning ifodaviyligi;

– ovozni boshqara olish;

– to‘g‘ri talaffuz va fikrni yetkaza bilish;

– so‘z bilan ta’sir eta bilish;

– xarakter va xarakterlilikni his qilish kabi tizimdan, aktyorni sahnada tabiiy harakatga olib keladigan tuyg‘ular majmuidan iborat.

“Kechinma san’ati” talablari unsurlarini muntazam mashq qilib, o‘z maxoratini takomillashtirib borish har bir aktyorning irodasi bilan bog‘liq murakkab jarayon. Bu jarayonni Stanislavskiy “tuyg‘ular mashqi” deb ataydi. “Kechinma san’ati” aktyorlari ham xuddi balet artistlari yoki cholg‘uchilar kabi o‘zlarini ijroga “sozlash”ni zarurat deb bilmoqlari shart.

1923 yilga kelib jahonshumul voqea sodir bo‘ldi. Amerika Qo‘shma Shtatlariga gastrolga borgan Stanislavskiy raxbarligidagi Moskva Badiiy teatri, u yaratgan nazariya asosida tarbiyalangan yangi aktyorlar avlodi ijrosi bilan tomoshabinlarni hayratga soldi. Amerika matbuo­ti yangi yo‘nalishdagi aktyorlik san’ati paydo bo‘lganligi haqida bong ura boshladi. Amerikaning shtatlari bo‘ylab uyushtirilgan gastrol safari Stanislavskiyning yillar davomida izlagan va amalga oshirgan kashfiyotlari natijalarini “jahonning yetakchi sahna ustalari” ijrosidagi spektakllar deb e’tirof etildi. 1924 yili nashrdan chiqqan “San’atdagi hayotim” kitobi Boston shahrida 5 ming nusxada ingliz tilida chop etildi. Asarni rus tilidan ingliz tiliga I.Robbens tarjima qildi. Bu e’tirofdan hayratga tushgan Rossiya teatr jamoatchiligi Stanislavskiy ixtirolariga yangi nazar bilan qaradi. “San’atdagi hayotim” kitobi ilk bor rus tilida 1926 yil muallif nazoratida 6 ming nusxada Davlat badiiy fanlar akademiyasinig “Sentrosoyuz” nashriyotida chop etildi.

“San’atdagi hayotim” kitobida Stanislavskiy “sistema” qanday shakl­langanligini quyidagicha izohlaydi: “Kechinma san’ati” talablarini sinovdan o‘tkazishni 1901 yilda boshladim va uning dastlabki nomini “Aktyor – go‘zallik va haqiqat targ‘ibotchisi” deb atashga qaror qildim. 1902 yilga kelib esa uni “Dramatik artistning maslahatchi kitobi” deb atashni ma’qul topdim. 1906 yili Germaniyaning Berlin shahridagi gas­troldan keyin to‘g‘ri yo‘ldan ketayotganimizga amin bo‘ldim. Shu tariqa 13 yil mobaynida “sistema”ni takomillashtirib, sinovdan o‘tkazib bordim.

Stanislavskiy ixtirosi mohiyatini anglab yetgan shogirdi Ye.Vaxtangov studiya talabalariga 1916 yilning 28 oktyabrida “Stanislavskiy yangi yo‘nalishdagi aktyordan nima istaydi” nomli mavzuda ma’ruza o‘qidi. 12 noyabrda esa “Stanislavskiyning orzulari” nomli ma’ruzasida “yurtimizdagi barcha teatrlar asl sahna ijodkorlarini o‘z studiyalarida tarbiyalashi lozim” degan fikrni ilgari suradi. Shogirdining bu ma’ruzasidan so‘ng Stanislavskiy – “Rossiyani studiyalar qamroviga olish kerak” degan xulosaga keladi.

1917 yilning dekabr oyida V.Saxnovskiyning “Badiiy teatr va sahnada romantizm. Stanislavskiyga xat” nomli kitobi nashrdan chiqdi. Shu yili Peterburgning “Erkin san’at” nomli nashriyotida F.F.Komissarjevskiyning “Aktyor ijodi va Stanislavskiy nazariyasi” nomli kitobi ham chop etildi. Asar bilan tanishgan Stanislavskiy ustozining o‘g‘li, yosh rejissyor uning nazariyasini tushunmaganligini, “sistema”ni adabiyotchi nuqtai nazaridan tahlil qilib adashganligini qo‘lidagi kitobning sahifalariga yozib qo‘yadi. Ayniqsa, uning ixtirolarini “naturalizm” deb atalganligidan qattiq ranjiydi. Kitob qator munozaralarga sabab bo‘ladi. Balki bunday noto‘g‘ri talqin “sistema”ni yanada takomillashtirishga sabab bo‘lib, Stanislavskiyni “teatrni barcha sevadi, balki shuning uchun ham ular bu sohani tushunaman, deb o‘ylaydi. Aslida esa teatr san’atini tushunadiganlar kamchilikni tashkil qiladi, uni biladiganlar esa sanoqlidir” degan fikrga kelishiga turtki bergandir.

1917 yildagi to‘polonlar, qo‘zg‘olonlar va to‘ntarilishdan so‘ng 1918 yilning yanvar oyidan boshlab barcha xususiy tomoshagohlarni davlat qaramog‘iga o‘tkazish hamda Moskva Badiiy teatrini qayta tuzish va repertuarini ko‘rib chiqish boshlandi. Natijada, “Har to‘kisda bir ayb” nomli spektakl sahnaga qo‘yilib, revolyutsiya dohiysining nazaridan chetda qolmadi va u Stanislavskiyning mahoratiga juda katta baho berdi. 1919 yilning 16 iyun kuni Moskvadagi teatrlar rahbarlarining majlisi bo‘ldi. Majlis ahli davlat rahbariga xat bilan murojaat qilib, “Malыy teatr” va “Moskva Badiiy teatri”ning rahbarlarini, bu jamoalarning uslubini saqlab qolish uchun o‘z joylarida qoldirishni iltimos qilishadi.

Stanislavskiy shu orada o‘zining “Aktyorning o‘z ustida ishlashi” nomli ikki qismdan iborat kitobini yozadi. Birinchisi – aktyorning kechinma san’ati talablari asosida o‘z ustida ishlashi, ikkinchisi – aktyorning rolni o‘zlashtirish, ya’ni qiyofa yaratish jarayoni masalalariga bag‘ishlanadi. Uning niyati ijodkorlik tuyg‘usini o‘zida to‘g‘ri tarbiyalay oladigan aktyorlarning yangi avlodini yaratish edi.

Ijodkorlik tuyg‘usi – o‘zidan qoniqmaslik, sahnada kechagidan yaxshiroq, erkinroq, maniliroq, zavqliroq, mukammalroq harakat qilish orqali rolning badiiy yaxlitligiga intilishi kabi tushunchalarni o‘z ichiga olardi. Maqsad – yangi avlod aktyorlarida “Kechinma san’ati” talablari asosida rol ustida muntazam ishlash ko‘nikmasini shakllantirish edi.

Stanislavskiy sistemasining kitoblarda shakllangan tizimi quyidagicha. Birinchi tom – “San’atdagi hayotim” kechinma san’atining nazariy asoslarini yoritish uchun “namoyish etish san’ati” bilan taqqosladi va ustunligini ilmiy isbotladi. Ikkinchi tom – “Aktyorning kechinma san’ati talablari asosida o‘z ustida ishlashi”, ya’ni “aktyorlik tuyg‘usi”dan yuqoriroq bosqichga – ijodkorlik tuyg‘usiga ko‘tarilish uchun maxsus “tuyg‘ular mashqi”ni bajarib, har bir spektaklda qayta kechinish va jonli muloqotga erishish nazariyasi xamda amaliyoti. Uchinchi tom – “Aktyorning rolni o‘zlashtirish, ya’ni qiyofa yaratish jarayonida o‘z ustida ishlashi” – gavdaning ifodaviy imkoniyatlarini takomillashtirish, nutq apparatining imkoniyatlarini oshirish uchun nafas, ovoz, artikulyatsiya, diktsiya ustida ishlash hamda so‘z ijrosi bilan partnyoriga va tomoshabinga tasir eta olish. Personaj xarakteri talab qilgan gavda va nutq uyg‘unligiga erishish orqali jonli muloqotga kirishish. To‘rtinchi tom – “Aktyorning rol ustida ishlashi” deb nomlangan bo‘lib, unda ijodkorlik tuyg‘usi to‘g‘ri tarbiyalangan aktyorning “sozlangan” ruhiyatini va jismini muallif bergan shart-sharoitda, maqsadga muvofiq harakatga keltirish masalasi tizimga solinadi. Bu murakkab jarayon birinchi tomda ifodalangan nazariy qarashlar, ikkinchi va uchinchi tomlarda izohlangan, amaliyotda zarur bo‘ladigan tavsiyalar, rol ustida ishlash uchun zarur bo‘lgan uch tayanch nuqtasi atrofida nazariy asoslab berildi. Bular – aql, iroda va hissiyot uyg‘unligidagi tushunchalar izohi edi. Stanislavskiy aql, iroda va hissiyot uyg‘unligiga qanday erishish mumkinligi xaqidagi talimotni sahna asarining xatti-harakat tahlili, oliy maqsad, yetakchi xatti-harakat, kurashni keskinlashtirib turadigan “qarama-qarshi harakat”, ongli harakatdan – ongosti boshqaradigan tabiiy xatti-harakatga erishish” kabi tushunchalarni izohlash orqali tushuntiradi.

Rol ustida ishlash jarayonida spektaklning oliy maqsadini va har bir personajning yetakchi xatti-harakatni to‘g‘ri belgilash, butun jamoa­ning g‘oyaviy yuksakligini, intilishini, manaviy darajasini, badiiy fikri teranligining ko‘rsatkichiga aylanadi. Shuning uchun spektakl yaratish jarayonida “oliy maqsad va yetakchi xatti-harakat”ni to‘g‘ri belgilash hal qiluvchi bosqichga, sistemaning rol ustida ishlash jarayonidagi bosh masalasiga aylanadi. Bu masala o‘z navbatida aktyorning sahnadan tashqaridagi, ya’ni hayotdagi oliy maqsadiga ham aniqlik kiritadi.

Stanislavskiy bu tushunchalarni ijodkorning eng oliy maqsadi, ya’ni shaxsning oliy maqsadi, deb belgiladi. Bu maqsad ijodkorning manaviy qiyofasini belgilaydigan, ijtimoiy intilishini namoyon qiladigan, dunyoqarashini, badiiy saviyasini, tarbiyalanganlik darajasini va fuqarolik burchini oshkor qiladigan ko‘rsatkichdir. Tabiat qonunlariga asoslanib, shaxs darajasiga ko‘tarilgan aktyorning badiiy yaxlit shaklda yaratgan obrazlari uning ijodkorlik qudratini ko‘rsatadi. Zamonamizning mashhur aktyori Oleg Tabakovdan “sizning rollaringiz bir-birini takrorlamaydigan yangi qirralari bilan barchani esida qoladi. Buning siri nimada?”, deb so‘rashganida, “Men pesaning tahlilini rejissyordan ham, tanqidchilardan ham yaxshiroq bilaman”, degan javobni aytgan. Demak, bu aktyorda aql, iroda va hissiyot uyg‘unligidagi ijodkorlik tuyg‘usi, yaratuvchanlik qudrati mavjud.

1930 yilga kelib Stanislavskiy yaratgan “kechinma san’ati” tizimi sahnada badiiy haqiqatni yarata oladigan yangi aktyorlar avlodini shakl­lantirganligi haqida kitoblar yozila boshlandi. L.Leonidov sistemadan olgan taassurotlarini shunday izohlaydi: “Stanislavskiy aktyor nigohini o‘zining qalbiga qaratishga o‘rgatdi. U labirintlar orasida yuz yillab adashib yurgan ijodkorlik tuyg‘usini kenglikka olib chiqdi. “Kechinma san’ati” tizimi aktyorni qorong‘ulikdan yorug‘likka yetakladi. Hunarmandlikka asoslangan “namoyish etish san’ati” aktyorlari esa labirint ichida qolib ketdilar. Taassurotlarim aksi tushirilgan “Stanislavskiy va uning sistemasi” nomli kitob yozishga qaror qildim. Bu kitob teatrning ertangi kuni haqida emas, balki uzoq kelajagi haqida bo‘ladi. Chunki, Stanislavskiy aktyorning sahnaviy tuyg‘ulariga erkinlik berdi”.

1931 yilning 24 dekabrida “Qo‘rqinch” nomli spektakl muhokamasida barchaning ijobiy fikriga qarshi O.Litovskiy va A.Room “sistema” revolyutsiyadan avval paydo bo‘lgan metodologiya bo‘lsa, bugun uni sotsio­listik teatr san’atida ham qo‘llash mumkinmi?”, degan fikrni o‘rtaga tashlashdi. Tabiat qonunlariga asoslangan ijod tizimini chuqur anglab yetmaganlarning noto‘g‘ri fikrlari Stanislavskiyning sog‘lig‘iga qattiq tasir qildi.

Natijada, psixofizik harakatga asoslangan “kechinma san’ati”ning aktyorlar ruhiyatini “sozlash” bilan bog‘liq “tuyg‘ular mashqi”ni ba’zilar to‘g‘ri anglamayotganligi uchun Stanislavskiy uni yanada soddalashtirish ustida izlanishlar olib bordi.

Akademik I.Pavlovning “Signal sistemasi” va I.Sechenovning “Bosh miyaning reflekslari” nomli ixtirolari bilan qayta tanishib chiqqan Stanislavskiy insonning jismoniy harakatlarida uning maqsadi, tuyg‘ulari aks etishini anglab yetdi. Natijada, aktyorlar o‘z xohishlarini oddiy jismoniy harakatlarda mantiqan va izchil ifodalay oladigan “jismoniy xatti-harakatlar uslubi”ni yaratdi.

Yangi uslub yaratilguniga qadar psixofizik harakat tahlili “rol ustida ishlash jarayoni” – dramaturg g‘oyasini, asar ruhiyatini, personajlar xarakterini, rejissyor rejasi mohiyatini chuqur anglashdan va stol atrofidagi repetitsiyalarda “berilgan shart-sharoitni his qilishga” asoslangan talqindan iborat edi. Bu murakkab jarayonni soddalashtirish uchun Stanislavskiy har bir aktyorga o‘z “rolining jismoniy harakatlari parteturasini” mantiqan va izchil yozma ravishda ifodalashni taklif qiladi. “Rolning parteturasi” nozik kechinmalarni va kuchli ehtiroslarni keltirib chiqaradigan jismoniy xatti-harakatlarning mantiqli va izchil tizimini ifodalaydi. Bu tizimda aktyorni rolning oliy maqsadiga olib boruvchi yetakchi xatti-harakati yorqin namoyon bo‘ladi.

Stanislavskiy umrining oxirida ixtiro qilgan “jismoniy xatti-harakatlar uslubi” murakkab ruhiy kechinmalarni “tashqi” harakatlar mantig‘i va izchilligi orqali o‘zlashtirish kechinmalarni psixofizik harakatlar yordamida o‘zlashtirishga nisbatan soddaroq yo‘l ekanligini isbotladi.

Tinimsiz izlanishlar natijasida Stanislavskiy sistemasi “ichki” va “tashqi” harakatlarni taxlil qilgan yaxlit tizimga aylandi. Endi bu tizimda “tashqaridan-ichkariga”, ya’ni aktyorlarning ruhiy kechinmalarga yetib borishi uchun imkoniyatlar yanada kengaydi. Bu ixtirolar aktyorning o‘z ustida ishlashi, rol ustida ishlashi, rol ustida ishlash jarayonida o‘z ustida ishlashi kabi yaxlit tizimni vujudga keltirdi.

Stanislavskiyning nazariy qarashlariga asoslangan “San’atdagi hayotim” kitobi 1934 yilda Parijda frantsuz tilida nashrdan chiqdi. 1936 yilda esa Nyu-Yorkda “Aktyorning o‘z ustida ishlashi” asari ingliz tilida “Aktyor tayyorlanmoqda” nomi bilan nashrdan chiqdi.

“Cistema”ning dunyo bo‘ylab tan olinganligiga guvoh Stanislavskiy o‘z shogirdlariga “kechinma san’ati” asoslarini saqlab qoling va uni yuzakilikdan himoya qiling, deb murojaat qildi. “Sistema”ni himoya qilish uchun yangi yo‘nalishda tarbiyalangan aktyorlarning etikasi, ya’ni tarbiyalanganlik darajasi “kechinma san’ati”ning navbatdagi bosh masalasiga aylandi. Sababini Stanislavskiy quyidagicha izoxlaydi: “…dinga, vatanga va teatrga xizmat qiladilar. Teatrdek muqaddas dargohga ishga kelinmaydi. Teatrda xizmat qiladilar va bu xizmat aktyorlarning insoniylik va fuqarolik burchidir. Teatr san’ati orqali tomoshabinni ma’naviy, ma’rifiy, badiiy, axloqiy tarbiyalash hamda ruhan poklash – faol va halol xizmatni talab qiladigan muqaddas burchdir.

Arastu ta’kidlaganidek, axloq bu siyosatdir. Haqiqatdan ham spektakl yaratish jarayonida jamoaga manzur bo‘lish, u bilan hamkorlikda g‘alaba uchun xizmat qilish, sog‘lom ijodiy muhitni saqlash uchun faollashish aktyor etikasi bilan bog‘liq bo‘lgan teatr san’atining siyosiy masalasidir. Shuning uchun Stanislavskiy “artist etikasi sistemaning qalbidir” degan ta’limotni ilgari suradi.

Stanislavskiy “kechinma san’ati” nazariyotchisi, amaliyotchisi va pedagogi sifatida o‘zigacha hech kim e’tibor bermagan sahna sirlari bilan bog‘liq kompleks masalalarni ilmiy yoritadi, asoslaydi, isbotlaydi. “Rol ustida ishlash” masalalarini beshinchi va oltinchi tomlardan joy olgan suhbatlar va ma’ruzalarida yanada chuqurroq izohlay oldi. Yettinchi va sakkizinchi tomlardan joy olgan xatlarida o‘z ixtirolarini zamonasining eng yetuk ijodkorlari, aktyorlari, rejissyorlari, dramaturglari, kompozitorlari, fiziologlari, rassomlari bilan yozishuvlaridagi bahs-munozaralarda izohlagan.

Jahonni zabt etgan “Stanislavskiy sistemasi” 8 jildlik “K.S.Stanislavskiy”, 4 jildlik “K.S.Stanislavskiyning hayoti va ijodi, 6 jildlik “Stanislavskiyning rejissyorlik mahorati, “Stanislavskiy va jahon teatri”, “Stanislavskiy etikasi” nomli kitoblarda va uning ixtirolari bilan bog‘liq qator dissertatsiyalarda izohlangan.

“Sistema”dan to‘g‘ri va unumli foydalangan o‘zbek teatr san’ati arbob­lari Mannon Uyg‘ur, Yetim Bobojonov, Muzaffar Muhamedov, Toshxo‘ja Xo‘jayev, Razzoq Hamroyev kabi rejissyorlar milliy sahna san’atimizni, G.Tovstonogov, A.Efros, A.Goncharov, O.Efremovlar rus teatrini jahonga mashhur qildilar.

O‘zbek teatrlari amaliyotiga asoslangan sahna san’ati pedagogikasi 1964 yildan boshlab har ikki yilda o‘tkaziladigan teatr san’ati ins­titutlarining “Diplom spektakllari festivali”da tan olindi. 1982 yili akademik Mamajon Raxmonov rahbarligida tashkil qilingan “Stanislavskiy sistemasi va qardosh xalqlar teatri” nomli xalqaro Konferentsiyaning Toshkentda o‘tkazilishi “sistema”ni O‘zbekistonda to‘g‘ri o‘qitilayotganligi, jahon teatr arboblari tomonidan tan olganligidan dalolat edi.

2013 yil 17-19 yanvar kunlari Moskva shahrida Stanislavskiy tavalludining 150 yilligiga bag‘ishlangan “Stanislavskiy va jahon teatr­lari” nomli xalqaro Konferentsiya bo‘lib o‘tdi. Unda Angliya, Frantsiya, AQSh va Rossiyaning jahonga mashhur rejissyorlari, san’at arboblari hamda teatrshunoslari Stanislavskiy ta’limotining qudrati va bugungi ahvoli to‘g‘risida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashishdi.

Konferentsiya ishtirokchilari 2013 yilni “Stanislavskiy yili” deb e’lon qilish hamda Moskva Badiiy teatri ro‘parasida Stanislavskiy va Nemirovich-Danchenkolarga haykal o‘rnatish maqsadga muvofiq, degan qarorga keldi.

Stanislavskiy: “men bironta yangi qonun yaratmadim, faqat tabiat hamda inson ruhi bilan bog‘liq qoidalarni aktyorlar o‘z ijodida to‘g‘ri foydalansin, deb tizimga soldim va ular millati, irqi hamda etiqodidan qat’i nazar barcha xalqlarga birdek xizmat qiladi” deb ta’kidladi.

Demak, bu tizimni tushunmasdan inkor qilish, xayot va tabiat qoidalarini tan olmaslik bilan barobar e’tiborsizlik, diletantlik bo‘ladi. U, “sistemani” to‘g‘ri tushunganlar va undan to‘g‘ri hamda unumli foydalangan ijodkorlar, kelajakda o‘zlari ko‘plab yangi tizimlar yaratadi, deb umid qiladi. Biz ham shunday bo‘lishiga ishonamiz!

Ma’mur Umarov

Falsafa fanlari nomzodi, O‘zDSMI dotsenti

“Jahon adabiyoti”, 2014 yil, 3-son