San’atga oshufta ko‘ngildan yomonlik chiqmaydi, deydi dono xalqimiz. Xoh kuyga yo‘g‘rilgan go‘zallik bo‘lsin, xoh bo‘yoqlarda aks etgan chiroymi, inson nedanki, ko‘ngli taskin, dili orom topsa, zavqu shavqi oshsa, bu – san’atning sehriyu jozibasi sababidandir. Go‘zallikni bir bora ko‘rgan, his qilgan insonning qanchalar bahri-dili ochiladi?! Uni yaratgan insonning-chi? Go‘zallik yaratish uchun o‘sha bunyodkor inson go‘zallikni boshqalardan ko‘ra ko‘proq his qilmog‘i, undan ta’sirlanmog‘i kerak. Zero, ko‘ngildan o‘tgani ko‘ngillarga yetib boradi.
Ana shunday barchani o‘z yaratgan go‘zalliklari bilan hayratga solgan, butun umrini rang-tasvir san’atiga bag‘ishlagan italiyalik taniqli musavvir Jorjo Morandi (Giorgio Morandi)ning asarlari hali hanuz katta qiziqish bilan qarshi olinadi. U hech bir san’at turini o‘ziga begona bilmaydi, haykaltaroshlikmi, naqqoshlikmi, grafikami yoki musiqami – barchasida o‘z imkoniyatlarini sinovdan o‘tkazadi.
Bo‘lajak rassom 1890 yil 20 iyulda Italiyaning so‘lim Bolonya shahrida xizmatchi oilasida tug‘ildi. Otasi vafotidan keyin oila boshiga og‘ir kunlar tushdi, Morandining deyarli butun yoshlik hayoti qiyinchiliklar bilan kechdi. U kichkinagina xonasiga qamalib olib, har xil rasmlar chizar, loydan turli-tuman shakllar yasardi. Butun kuni shu mashg‘ulotlar bilan o‘tardi. Har yili yozda oilasi bilan Appenin tog‘lariga chiqishar, kelgusida u buyuk asarlari uchun o‘sha yerdan ilhom olgandek edi. Jorjo san’atga juda erta ko‘ngil qo‘ydi. Ilk saboqni otasidan olgan Morandi uning, yaqinlarining rag‘bati va ko‘magida 1907 yilda Bolonya Nafis san’at akademiyasiga o‘qishga qabul qilinadi. Ijodiy faoliyatini haykaltaroshlikdan boshlagan bo‘lg‘usi musavvir ilk rang-tasvir asarini 1911 yilda yaratadi. Ilk suratlarini o‘sha davr kubizm oqimi[1] namoyandasi P.Sezann asarlaridan ilhomlanib chizgan bo‘lsa, keyinchalik A.Russo ijodi uni ko‘proq qiziqtira boshlaydi. Uning ishlari futuristlar ko‘rgazmasida ham qo‘yiladi, biroq ular bilan aloqasi uzoqqa cho‘zilmaydi.
Ko‘p o‘tmay Birinchi Jahon urushi boshlandi, 1915 yili Morandi harbiy xizmatga chaqiruv xati oldi. Biroq asab tolalarining shamollashi tashxisi bilan u yerdan qaytib keldi. Urush yillaridagi qahatchilik uning oilasini ham chetlab o‘tmadi, ro‘zg‘orini tebratish uchun bir muddat boshlang‘ich maktablarda tasviriy san’atdan dars berdi. Shu bilan birga u vaqtini metafizik rassomlar De Kiriko va K.Karra ijodini o‘rganishga bag‘ishladi. Ammo bu o‘rganishlar natijasi shuni ko‘rsatdiki, Jorjo umri davomida metafizik yo‘nalishda birorta asar yaratmadi. Dastlabki asarlarida oddiylikni aks ettirishga intilsa-da, ularda xilma-xillik, jimjimadorlik ko‘zga yaqqol tashlanib turdi. Uning asarlarini tushunish uchun Italiya ilk Uyg‘onish davridagi Jotto freskalari, F.Surbarana natyurmortlari yoki Sharden etyudlariga nazar tashlash kifoya.
Italiyada Mussolini boshliq fashistlar hukmronligining o‘rnatilishi Morandi hayotiga ta’sir ko‘rsatmay qolmadi. Ammo u boshqa modernist-rassomlar kabi o‘z yo‘lidan qaytmadi, ishini davom ettiraverdi. Bosqin paytida xalqining milliy qadriyatlari hamda aholi manfaatlarini himoya qiluvchi guruhga a’zo bo‘ldi. 1930 yillarga kelib u Nafis san’at Akademiyasining gravyura bo‘yicha professori unvoniga sazovor bo‘ldi. Bu vaqtga kelib uning asarlari nafaqat mamlakatda, balki xorijda ham namoyish etila boshladi. 1930-1956 yillarda Bolonya Akademiyasida naqqosh-o‘ymakorlik san’ati bo‘yicha dars berdi.
Ikkinchi Jahon urushidan so‘ng esa uning nomi xalqaro miqyosda e’tirof etila boshlandi. Jorjo Morandi 1948 yilda Venetsiyadagi o‘tkazilgan ko‘rgazmada dastlabki muvaffaqiyatga erishdi va Italiyaning mashhur rassomlari ro‘yxatidan joy oldi. 1958 yili ilk bor ona vatani – Italiyadan tashqariga chiqib, asarlari sabab chet mamlakatlarda ham bo‘ldi. Endi uning asarlaridan kinochilar ham foydalanishar, omad, muvaffaqiyat uni har tomondan qurshab olmoqda edi.
Bu vaqtda uning tanqidchilari ham yeng shimarib ishga tushib ketishdi. Ayrimlar uni Sharden mukofotini o‘zlashtirib olganlikda, burjuaziya talabini mohirona bajo keltirganlikda ayblashsa, boshqalar Italiyaning faxri bo‘lgan zamonaviy san’atning barcha yutuqlarini inkor etayotganlikda ayblashdi. Biroq, Italiyada Morandi suratlari ilinmagan na boy-badavlat xonadon, na oddiy xizmatchining uyi qolganini hatto munaqqidlar ham tan olardi.
Oxir-oqibat shunday bo‘ldiki, musavvir barchasidan – tanqidchilarning ayblovlariyu muxlislar olqishlaridan to‘yib ketdi. Yoshlik kezlari oilasi bilan har yili yozda dam oladigan Appenin tog‘i yaqinidagi Gritstsiana qishlog‘iga ko‘chib ketdi. Umrining oxirigacha u yerda ortiqcha gap-so‘zlardan qulog‘i tinch, holi yashadi. 1964 yilning 18 iyunida u tug‘ilgan shahri – Bolonyada yorug‘ dunyoni tark etdi.
Bir qarashda Jorjo Morandi ijodi jo‘ndek go‘yo. Ko‘zalaru shishalar tasviri hatto zerikarli tuyulishi ham mumkin, biroq oddiy maishiy buyumlardan kontrast usulida butun bir san’at asarining yaralganligi, uning hayratomuz kayfiyati va ijodkor mahorati sizni-da o‘ziga rom etadi, xayolot olamiga chorlaydi. Jorjo Morandi asarlarining siri shunda: oddiylik – o‘ziga xoslik – hayotiylik.
Hozirda Bolonya shahrida Morandining uy-muzeyi sayyohlar, san’at ixlosmandlari uchun tunu kun ochiq. Yo‘lingiz tushsa, albatta, Morandi uy-muzeyiga tashrif buyuring – samimiy, mubolag‘adan holi noyob go‘zalliklarga guvoh bo‘lasiz….
Sevara Alijonova tayyorladi.
“Jahon adabiyoti”, 2013 yil, 7-son
______________
[1] Kubizm – tasviriy san’atda XX asrning I choragida vujudga kelgan va realizmga qarama- qarshi o‘laroq borliqni geometrik shakllarda tasvirlashga intilgan oqim.