Ma’yus ko‘zlar, qo‘ng‘izcha mo‘ylov, kichkina aso va qora gardishli shlyapa… Ha, bu o‘sha mashhur Daydi, o‘sha Chaplinning o‘lmas timsoli bo‘lib qolmoqda. Jahon kinosining buyuk darg‘asi, britaniyalik aktyor va rejissyor Charli Chaplinning ijodi mana asr oshdiki, hali-hanuz o‘z qadr-qiymatini yo‘qotmay, noyoblik taxtidan tushmay kelyapti. Bu bejiz emas, albatta. Atoqli adib Bernard Shou uni kino dunyosining yagona dahosi degan edi. Uning daholigi inson va hayot haqidagi eng ulkan haqiqatlarni oddiylikdan topa bilganida, badiiy dunyosi surati-yu siyratida bo‘linmas yaxlitlik topganida edi. Shu bois, Charli Chaplin degan nom unutilmadi. Buyuk komikning “Nakaut”, “Ish kuni”, “Meyblning oilaviy hayoti”, “Ta’til”, “Daydi”, “Muhojir”, “Yong‘in”, “Chempion”, “Kichkintoy”, “Kutilmagan yomg‘ir”, “Parijlik xonim”,“Oltin talvasasi”, “Sirk”, “San’at kishilari”, “Katta shahar yong‘ini”, “Yangi davr”, “Buyuk diktator”, “Mese Verdu”, “Rampa yorug‘i”, “Nyu-York qiroli”, “Gonkonglik grafinya” kabi ko‘plab qisqa va to‘liq metrajli filmlari, undagi o‘lmas obrazlari yashab qolmoqda.
Chaplin aktyor sifatida ham, rejissyor sifatida ham san’at dunyosida o‘zidan takrorlanmas buyuk maktab qoldirdi. Bugungi kinematografiyaning erishgan yutuqlari xuddiki u ko‘targan cho‘qqi tegrasida yuksalgan qirlar, do‘ngliklarga o‘xshaydi.
U faqat ulkan san’atkor emas, ulkan shaxs hamdir. Uning hayoti siyosiy, mafkuraviy yo‘llar aro kechgan, so‘zi o‘z davri tarixi uchun katta ahamiyatga ega bo‘lgan. Bularning bari o‘zining 1964 yilda e’lon qilingan “Mening hayot yo‘lim” nomli biografik kitobida batafsil qayd etilgan.
Quyida mazkur memuarning ayrim boblarini siz jurnalxonlar e’tiboriga havola qilmoqdamiz. O‘ylaymizki, Charli Chaplinning ajabtovur shaxsi, oddiy, ammo odatiy bo‘lmagan hayoti haqidagi bitiklari sizni befarq qoldirmaydi.
Tahririyat
* * *
Havoni urush to‘zoni tutdi. Fashistlar yana hujum boshladi. Biz Birinchi jahon urushini, o‘sha qirg‘inbarot yillarni osongina unutib qo‘ydik. Qanchadan-qancha xazon bo‘lgan umrlarni, qanchalab insonlarni mayib-majruh qilgan, qon va ko‘zyoshlarni daryodek oqizgan urushning oqibatlarini shu qadar tez yodimizdan o‘chirib yubordik. Urush dahshati nafaqat qo‘l-oyog‘ini yo‘qotganlarda, joni omon insonlarning ham qalbida azobli-ayanchli iz qoldirdi. Urush xuddi minotavr kabi insoniyatning navqiron avlodini vahshiylarcha yutib yubordi. Ha, biz bu dahshatlarni shunchaki unutdik-qo‘ydik, hatto uni mashhur qo‘shiqlarda ulug‘lay boshladik:
Yaylovda qololmassiz,
Siz – Parijni ko‘rganlar…
Kimlardir urushning foydali tomoni ham bor, deb hisoblaydi. Emishki, urush sanoat, ilg‘or texnologiyalarning rivojlanishiga xizmat qilganmish, odamlarga ish topilganmish. Bo‘lmasam-chi, birjalar millionlab daromad ko‘rayotgan joyda millionlab o‘limlar haqida o‘ylab o‘tirarmidik?!
Birja bozori ko‘tarilgan kunlarda Artur Brisben “Eksaminer” ro‘znomasida shunday so‘zlarni yozib chiqdi: “Po‘lat korporatsiyalarning aktsiyalari besh yuz dollarga ko‘tarildi”. Aslida aktsiyalar emas, aktsiyadorlarning o‘zi osmono‘par binolarning derazalaridan o‘rlab yuqoriga chiqa boshlagandi…
Navbatdagi urush arafasida men Polett uchun stsenariy yozib bermoqchi bo‘ldim. Ammo bo‘lmadi. Inson qiyofasidagi maxluq – Adolf Gitler dunyoni esini yana og‘dirayotgan bir paytda qanday qilib ayollarning nafis suhbatlari aks etgan, sevgiga limmo-lim romantik hikoya haqida o‘ylay olardim?!
1937 yilda Aleksandr Korda menga Gitler haqida film olishni maslahat bergandi. Uning aytishicha, filmda ikkita qahramon bo‘lishi kerak – Daydi va xuddi menikidek mo‘ylov qo‘ygan Gitler. Har ikkala rolni ham o‘zim ijro etishim kerak. O‘shanda men Kordaning bu taklifini unchalik ma’nisiga bormagandirman, ammo hozir bu mavzu juda dolzarb.
Bunga ancha bo‘ldi. Mana, vaqt o‘tib men o‘sha film ustida ish boshladim. O‘ylay-o‘ylay oxiri film uchun asosiy fikrni topdim. Albatta Gitler rolida so‘zdan foydalanishim, olomon oldida har xil bo‘lmag‘ur nutqlar so‘zlashim kerak bo‘ladi, daydi rolini esa avvalgidek so‘zsiz qoldirish kerak. Umuman, Gitler haqidagi bu stsenariyda pantomimo va burleska imkoniyatlaridan keng foydalanishim mumkin.
Katta ishtiyoq bilan Gollivudga qaytishga shoshildim va stsenariyni yozishga kirishdim. Shunda ham ish ikki yilga cho‘zildi.
Prologni Birinchi jahon urushi jang sahnasi bilan boshladim. Nemislar “Ulkan Berta” zambaragi bilan Reymskiy soborini portlatishni, shu bilan ittifoqchilarni tahlikaga solib qo‘yishni ko‘zlaydi. Biroq snaryad xato uchib, okeanga tushadi. Toshqin butun shaharni vayron qiladi.
Mana shu kartinani Polett o‘ynashi lozim edi. U so‘nggi ikki yilda “Paramount” kompaniyasi filmlarida suratga tushib, katta muvaffaqiyat qozongandi. Biz ajrashgan bo‘lsak-da, u bilan do‘stona munosabatimiz saqlanib qolgan. Polett o‘ziga yetgulik injiq ijodkorlardan. Agar u bilan tortishmasangiz undan ajoyib inson yo‘q. Aks holda tabiatidagi bor yaramas qiliqlari bilan yuzlashasiz.
U o‘sha kunlari allaqayoqdan studiyada paydo bo‘ldi. Egnidagi kostyumi o‘ziga quyib qo‘ygandek yarashgan, sochlari silliq taralgan bir yigit hamrohligida pardozxonadan chiqib men tomonga keldi. Men o‘sha kuni stsenariy ustida uzoq bosh qotirganim, kun biroz og‘ir kechgani uchun bu kutilmagan tashrifni xushlamadim. Lekin Polett juda muhim ishi borligini aytib, yalindi. Yonidagi yigitdan stulni yaqinroq surib o‘tirishini so‘rab, o‘zi ham uning yoniga o‘tirib oldi.
– Bu yigit mening agentim, – dedi Polett nigohi bilan uni gapirishga undab. Yigit mamnuniyat bilan har bir so‘zini dona-dona qilib gapira boshladi.
– O‘zingizga ma’lum, janob Chaplin, “Yangi davr” filmini tasvirga olish boshlanishi bilan Polettga haftasiga ikki yarim ming dollar to‘laysiz. Gap shundaki, biz hali siz bilan har bir afishaning yetmish besh foizini tashkil qilayotgan reklama masalasida kelishib olganimizcha yo‘q, janob Chaplin…
Uning gapini shartta kesdim.
– Bu yana nimasi? – baqira boshladim men. – Uni qanaqa reklama qilishni siz menga o‘rgatmoqchimisiz? Siz bu haqda umuman bosh qotirmang, nima qilishni sizdan ko‘ra yaxshiroq bilaman! Ikkingiz ham hoziroq bu yerdan yo‘qoling!
“Diktator” ustida ayni ish qizg‘in ketayotgan pallada “Yunayted artists” kompaniyasidan muhim bir xabar keldi. Ular meni tsenzura bilan bog‘liq ko‘ngilsizlikdan ogohlantirishdi. Ingliz agentligi ham bu antigitler kinokartina taqdiri yuzasidan kompaniyaga aloqaga chiqib, Angliyada uni namoyish qilishga ruxsat berilmasligi mumkinligini aytibdi.
Ammo men qat’iy turib ishni davom ettiraverdim – Gitler masxara bo‘lishi shart edi. Albatta, nemis kontslagerlaridagi haqiqiy dahshatni bilgan bo‘lganimda, men “Diktator”ni yaratolmagan, natsistlarning va ularning hayvoniy vahshiyliklari ustidan kulmagan bo‘lardim. Men oliy irq haqidagi bema’ni g‘oya ustidan kulishni istardim. Go‘yo Avstraliya aborigenlarini hisobga olmaganda, boshqa bir xalq o‘z toza qonini saqlab qola oladigandek.
O‘sha kunlari Rossiyadan qaytgan janob Strafford Kripps Kaliforniyaga keldi. U bilan bir marta Oksford universitetini tugatayotganimizda birga tushlik qilgan edik. Uning yoshlikdagi ismi xotiramdan ko‘tarilgan, lekin u aytgan bir ibora butun umr yod bo‘lib qolgan. “Germaniya ishlarini sud qilish, butun dunyoni sud qilishdir”, degandi u. – Mening esa nari borsa besh yil umrim qolgan”.
Ko‘rdimki, janob Strafford Rossiyadan boshqacha taassurotlar bilan qaytgan. U ruslarning buyuk ishlarini ta’rifladi, katta qiyinchiliklar bilan yashovchi aholi hayoti haqida gapirdi. Aftidan, u ham urush bo‘lishi muqarrar degan xulosaga kelgan.
Nyu-York kontoralari hammasidan o‘tib tushdi. Menga bu filmdan voz kechishni so‘rab yolvorishdi. Ular film Amerika va Angliyada hech qachon ko‘rsatilmasligiga ishonib bo‘lgan. Ammo men nima bo‘lsa ham ishni to‘xtatmaslikka qaror qilgandim, film namoyishiga o‘zimdan boshqa hech kim kinozalga kelmasa ham mayli. Baribir filmni suratga olaman!
Angliya natsistlar urushini e’lon qilganida hali “Diktator”ni yozib tugatmagan edim. Men bu sovuq xabarni Katalanadagi yaxtamda dam olayotib, radio orqali eshitdim. Avvaliga butun front himoyaga zo‘r berdi. “Nemislar hech qachon Majino chegarasini yorib o‘tolmaydi”, derdik biz. Keyin esa halokat ro‘y berdi: natsistlar Belgiyaga hujum qilib, Majino chegarasini buzib o‘tdi, Dyunker dahshati – Frantsiyaga bostirib kirildi. Yevropada vaziyat chigallashib ketdi. Angliya bir o‘zi talvasaga tusha boshladi. Nyu-York idorasi meni yana telegrammaga ko‘mib tashladi. Endilikda “Filmni tezlashtiring, uni hamma kutyapti”, deb yozishardi ular.
“Diktator”ni suratga olishning o‘zi bo‘lmaydi. Zarur dekoratsiya va rekvizitlarni tayyorlashning o‘ziga bir necha yil ketadi. Yo‘qsa film besh barobar qimmatga tushishi mumkin. Shundoq ham tasvirga olish boshlanguncha yarim million dollar sarflab qo‘ydim. Bu paytda Gitler Rossiyaga yurish boshladi va bu uning tamoman aqldan ozganining isboti edi. Qo‘shma shtatlar hali urushga kirishmagan, Angliya va Amerika tinchini yo‘qotmay turardi.
“Diktator”ni suratga olish tugashiga ozgina qolganda, bir kuni biz ishlab turgan “natura”ga Duglas Ferbenks rafiqasi Silviya xonim bilan tashrif buyurdi. Oxirgi besh yilda u bironta filmga suratga tushmay qo‘ygandi. Uni ba’zi-ba’zida Angliyaga ish bilan borib-kelib yurganida ko‘rib turardim. Menga u ancha qarib qolgandek, nimadandir tashvish chekayotgandek ko‘rindi. Dunyoda sodir bo‘layotgan bosqinlaru vaxshiyliklar Duglasga ham salbiy ta’sir ko‘rsatgan edi. Suhbatimiz chog‘ida u qah-qah otib kuldi, keyin esa menga negadir “filming bitishini kuta olmayman”, dedi.
Dug bilan o‘sha kuni bir soatcha gaplashdik. U ketayotganda ortidan uzoq qarab qoldim. Keta-ketguncha u xotiniga qiyalikdan tushishga yordamlashganini, ular yo‘lga qanday chiqib olganigacha kuzatib turdim. Shu lahzada ruhimni qandaydir hazinlik, og‘riq bosdi. Dug ortiga qayrilib qaraganda, beixtiyor unga qo‘limni silkitdim, u ham menga javoban qo‘llarini ko‘tarib qo‘ydi. Men u bilan so‘nggi marta shu taxlit xayrlashdim. Oradan bir oy o‘tgach, menga uning o‘g‘li, kichik Duglas qo‘ng‘iroq qilib otasi o‘tgan kechada yuragi yorilib vafot etganini aytdi. Bu menga og‘ir zarba bo‘ldi.
Haligacha menga uning yo‘qligi bilinadi, uning samimiyligi, oqibati yetishmaydi. Yakshanba tonglarida yolg‘izligimni buzib, telefon go‘shaklaridan yangraydigan do‘stona ovozi yetmaydi menga.
– Charli, menikiga kel, birga nonushta qilamiz, keyin suzishga boramiz. Keyin esa birga tushlik qilamiz va biror filmni birgalikda tomosha qilamiz? Nima deysan?
Ha, bu ajib do‘stlikning qadri juda ham bilinadi.
Agar mendan erkaklar jamiyatida kimlar safida bo‘lishni tanlardingiz, deb so‘rashsa, albatta o‘z sohamdagi insonlarni tanlagan bo‘lardim. Bu muhitda ham menga chinakam do‘st bo‘la olgan yagona aktyor Duglas edi. Gollivud tadbirlarida, yulduzlar bilan uchrashuvlarda men unga oddiy munosabatda bo‘lganman – bunday betakallufliklar bizda juda ko‘p bo‘lgandir. U yerda muhit o‘zi shunaqa, hamma yulduzlar diqqat markazda bo‘lishni istaydi, do‘stonalik ham, raqobatu tanqid ham aralash-quralash. Lekin yulduzlar orasida haqiqiy nur sochadigani kam, tafti issiqlari esa yana ham kam.
Yozuvchilar – yaxshi odamlar, lekin ular boshqalarga chin dildan nimadir beradiganlardan emas. Ular o‘zlari bilganlarini bo‘lishishni yoqtirmaydi. Ularning aksariyati boyliklarini kitoblarining qatlariga yashirishadi. Olimlar ehtimol ajoyib do‘st bo‘lishi mumkin, ammo ularning yashash tarzi sizdagi fikrlarning barini falaj qiladi. Rassomlar esa chidab bo‘lmas darajada zerikarli – ko‘pchiligi sizni rassom bo‘lib emas, faylasuf kabi ishontirishga harakat qilishadi. Shoirlar esa, shaksiz, mohiyatan yuksak kishilar – ulardan yoqimli, sabrli va ajoyib o‘rtoqlar chiqadi. Ammo menga hammasidan ko‘ra, musiqachilar bilan do‘stlashish osondek tuyuladi. Meningcha, simfonik orkestrdagidek ta’sirchan manzara biror joyda yo‘q. Pyupitrdagi romantik yorug‘lik, cholg‘ularning sozlanishi va dirijyor paydo bo‘lishi bilan cho‘kadigan jamoaviy sukunat ulardagi san’atni birlashtiruvchi asosdir. Esimda, bir zamonlar tushlik paytida mehmonlarimizdan biri dunyo siyosati haqida gapira turib, chorasizlik va ishsizlik ma’naviy yangilanishga yo‘l ochishini aytgan edi. Davrada pianinochi Gorovits ham bor edi. U birdan o‘rnidan turib:
– Bu gapdan keyin royalga o‘tirmasam bo‘lmaydi, degandi.
Tabiiyki, bunga hech kim e’tiroz bildirmadi. Gorovits Shumanning ikkinchi sonatasini chaldi. Menimcha, bu kuyni hech kim hech qachon uningdek qoyillatib chalolmasa kerak.
Men Gorovits bilan urushdan avval uchrashganman – uning rafiqasi, qizi Toskanina, Raxmaninov bilan Barbirolli ham biz bilan edi. Raxmaninovning ko‘rinishi o‘zgacha – egnidagi kiyimi darvishona bo‘lsa-da, nimasi bilandir viqorli ko‘rinardi. Beshovlon kechani dilkashlik bilan o‘tkazgandik. San’at xususida gap ketganida men uning mohiyati borasida o‘z fikrlarimni aytdim. Men uchun san’at – bu hissiyot darajasiga uslubiy mukammallikning qo‘shilishidir. Orada kimdir suhbatni ilohiyot mavzusiga burdi, Raxmaninov darrov so‘zga aralashdi.
– Ilohiyatsiz qanday san’at bo‘lishi mumkin?
Bir muddat unga kulib qarab turdim.
– Biz turli mavzularda suhbatlashyapmiz, dedim. – Men biron bir dogmaga emas, san’atga bo‘lgan e’tiqodimga ishonaman, ijodda e’tiqoddan ham muhimrog‘i hissiyotdir.
– Bu e’tiqod bo‘lmay nima? – javob qaytardi Raxmaninov.
Men indamay qo‘ya qoldim.
Yana bir musiqachi Igor Stravinskiy bilan ham birga tushlik qilganmiz. U menga birgalikda film olishni taklif qilgan. Men syujet o‘ylay boshladim – film syurrelistik ruhda bo‘lishi kerak edi. Topdim ham! Kichkinagina tungi kabareda, aylana estrada atrofidagi stollarda olomon, xo‘randalar juft-juft bo‘lib o‘tirishadi. Bu odamlar insoniyatdagi jamiki illatlarning obrazlari bo‘ladi: ularning biri – horis, boshqasi munofiq, yana boshqasi zolim. O‘rtadagi sahnada esa insoniy oliyjanoblik haqida tomosha ko‘rsatilmoqda. Tomoshada payg‘ambar Isoni xo‘rlashyapti. Qovoqxonada o‘tirganlar esa bu tomoshani befarqlik bilan tomosha qilgancha, bemalol ovqat buyuradilar, kundalik ishlaridan gaplashishadi yoki shunchaki zerikib o‘tiraveradi. Sahnadagi olomon esa chormixlangan Isoga qarata qo‘llarini musht qilib baqiradi: “Agar sen Xudoning o‘g‘li bo‘lsang, qani xochdan tush, o‘zingni o‘zing qutqar!”
Sahna atrofida o‘tirgan tijoratchilar davrasi esa o‘zlariga qiziq bo‘lgan muhim bir mavzuni jo‘shib muhokama qilishmoqda. Ularning bittasi asabiylashgancha sigaret cheka boshlaydi va sahnadagi Xaloskorga befarq ko‘z tashlagancha u tarafga og‘zidan tutun purkaydi.
Boshqa stolda o‘tirgan savdogarning yonidagi xotini diqqat bilan menyuni o‘rgana boshlaydi. Shu payt xonimning ko‘zi chormixlangan Haloskorga tushadi-yu, ijirg‘anib stulini sahnaga ters o‘girib oladi. “Nega odamlar bu yerga kelishadi o‘zi hayronman, – deydi ayol asabiylashib. – Biram yoqimsiz tomosha!”
“Meningcha, chakki emas, e’tiroz bildiradi eri, – Bu qovoqxona kasodga uchray deb turgan bo‘lsa ham revyular qo‘yishni to‘xtatgani yo‘q. Bu bilan ular ziyon ham ko‘rayotgani yo‘q”.
– Meningcha, bu haqorat, – deydi ayol.
– Aksincha, bu juda ham foydali, – e’tiroz bildiradi yana er. – Umrida cherkovga bormagan odamlar bor, ular hech bo‘lmasa shu yerda nasroniylik haqida nimanidir bilib olishadi.
Faqatgina bir chekkada yolg‘iz o‘tirgan mast kishi, tomoshani ko‘z uzmay ko‘radi, bosib-bosib ichadi-yu to‘satdan ho‘ngrab yuboradi. U bor ovozda yig‘lab qichqira boshlaydi: “Qaranglar, Uni tahqirlashdi. Nimaga hech biringiz indamaysiz? Nega hammangiz jim qarab turibsizlar?!”
U o‘rnidan turib qo‘llarini cho‘zgancha sahnadagi xoch tomonga intiladi. Unga yaqinroq o‘tirgan ayol esa asabiylashib, bosh ofitsiantga arz qiladi, piyonista qovoqxonadan haydab chiqarilar ekan, yana yig‘lab qichqiradi:
– Nega indamay turibsizlar?! Qanaqa nasroniysizlar o‘zi?
– Ko‘ryapsizmi, – dedim Stravinskiyga, – tomoshaga halaqit bergani uchun uni haydab solishdi.
Men unga bu stsenariy bilan dinu ilohiyot bilan odamlar o‘rtasidagi jarlikni, dunyo nasroniylari ham xuddi shu voqeadagi kabi nomiga sig‘inishlarini tushuntirmoqchi bo‘ldim.
Maestroning ta’bi biroz xira bo‘ldi.
– Bu kufr-ku! – dedi u so‘ng.
Men taajjub qildim.
– Aslida-chi? – hayronligimni yashirmadim men. – Aslida ham shunday emasmi?
Bu fikr menga to‘g‘ri kelmaydi. Men bunaqa gapni xristianlarning shunchaki o‘z ichlaridagi munofiqlikni ko‘r-ko‘rona xaspo‘shlashi deb o‘ylayman. Ehtimol, men unga hozir og‘zaki gapirib bergan syujet bilan fikrimni to‘liq yetkazib berolmagandirman.
Suhbatimiz shu tarzda tugadi, oradan bir necha hafta o‘tgach, men Stravinskiydan maktub oldim. U avvalgidek birgalikda film olishga roziligimni so‘ragan edi. Lekin bu vaqtda mening fikrim sovib qolgan, xayolim boshqa film bilan band edi.
Hans Eysler bilan esa Shenbergning studiyasida uchrashganmiz. Bo‘ylari jittakkina, ochiq chehra, cho‘rtkesar bu odamning musiqalari meni doim ilhomlantirgan. Men uni tez-tez Los-Anjelesdagi tennis musobaqalarida ko‘rardim – u doim egniga oq furajka va tennis formasini kiyib, ochiq tribunada yolg‘iz o‘tirardi. Eysler “Yangi davr” filmingiz menga yoqadi, lekin musiqasi juda yomon, dedi. Bu borada u bilan biroz tortishib qolgan bo‘lsak-da, uning musiqa haqidagi mulohazalari yodimda qolgan.
Men tovushlarni sevaman, go‘zal tovushlarni! – derdi u nuqul.
Hans Eysler chindan ham ajoyib kompozitor. U doim Shenberg haqida qiziq gaplarni aytib berardi. Hans undan garmoniya bo‘yicha saboq olgan ekan. – Qishda, yerni besh mil qalin qor bosgan pallada har kuni ertalabki soat sakkizda maestroning darsida bo‘lar edim. Tepa sochlari to‘kila boshlagan Shenberg royal qarshisida o‘tirgancha meni kutib olardi. U chalishni boshlaganda, men ortiga o‘tib, yelkasi osha chiyillay boshladim.
– Bolaginam, – dedi maestro. – Chinqirmasangiz-chi, muzdek o‘pkangizdan chiqayotgan tovushdan boshim junjikib ketyapti.
Shenberg ham, Hans ham, umuman, musiqachilar ana shunaqa ajoyib odamlar…
* * *
“Diktator”ni suratga olish chog‘ida menga turli po‘pisanamo xatlar kela boshladi. Film tayyor bo‘lganda ularning soni battar oshib ketdi. Menga po‘pisa qilganlarning ko‘plari kinoteatrlarda film namoyishi paytida is gazli bombalar tashlashga ham, ekranga qarab o‘q uzishga ham, janjallar chiqarishga ham tayyordek. Bulardan xavfsirab avvaliga politsiyaga murojaat qilmoqchi bo‘ldim, keyin bu tomoshabinlarni qo‘rqitib qo‘yishini o‘ylab fikrimdan qaytdim. Do‘stlarimdan biri menga port yukchilari uyushmasining boshlig‘i Garri Brijes bilan gaplashib ko‘rishimni maslahat berdi. Shundan so‘ng men uni tushlikka taklif qildim. Brijesning fashistlarga qarshi ekanligini bilardim, shu sababli unga muddaomni ochiqdan-ochiq aytib qo‘ya qoldim. Antifashistik komediya yaratganim va buning uchun tahdidli xatlar olayotganimni aytdim.
– Menga yordam bersangiz, – dedim. – Yukchilaringizdan yigirma-o‘ttiztasini premeraga taklif etsam va ular zalning kerakli joylariga joylashib olsalar, to‘polon chiqarmoqchi bo‘lgan fashistparast yoshlarni ular ustalik bilan tinchlantirib qo‘ya olardi.
Brijes jilmaydi.
– Xavotir olma Charli, ish bunchalikka bormaydi. O‘zlaringning oralaringdan ham o‘sha bezorilar bilan kurasha oladigan yetarlicha himoyachi topiladi. Agar o‘sha xatlarni chindan ham fashistlar yozayotgan bo‘lsa, har holda o‘zlari ochiq ko‘rinish berishdan qo‘rqayotgan ekan-da.
Garri shahar xo‘jayini bo‘lgan, barcha ta’minotlar uning nazoratida bo‘lgan paytda San-Frantsiskoda yuz bergan ish tashlash bilan bog‘liq ajoyib voqeani aytib berdi.
– Adolat qaror topishiga odamlar ishonmadi. Ular o‘zlari to‘g‘ri xulosa chiqarar degan maqsadda bor ahvol tushuntirilib, yetarlicha faktlar keltirildi. Men ham har ehtimolga qarshi o‘z-o‘zimni shunday ogohlantirdim: agar ular ish tashlash e’lon qilsa, baqir-chaqir bilan qo‘rqitmoqchi bo‘lsa, baribir, hech narsaga erisholmaydi. O‘zlari aniq bir yechimga kelmasa, ularni o‘zim boshqaraman. Agar ish tashlanadigan bo‘lsa, o‘zim ham ularga qo‘shilib, birinchi safda turib olaman. Shunda besh ming kishi bir ovozdan ish tashlashga kelishadi. Aks holda, na men, na ular maqsadiga erisha oladi.
“Diktator” Nyu-Yorkdagi ikkita kinoteatrda – “Astore” va “Kapitoliy”da namoyish etilishi kerak edi. O‘sha kecha Franklin Ruzveltning bosh maslahatchisi Garri Gopkins biznikida mehmon bo‘ldi. Tushlikdan so‘ng uni filmni ko‘rsatgani olib bordim. Biz zalga filmning ikkinchi yarmida kirib bordik.
Odatda matbuotchilar har qanday komediyaning bitta xarakterli jihatiga e’tibor berishadi – tomoshabin kulyaptimi, yo‘qmi? Mening filmim ko‘rilganda ham xuddi shunday bo‘ldi.
– Buyuk asar, – dedi Garri kinoteatrdan chiqar ekanmiz, – albatta bu ishingiz yaxshi, lekin tomoshabinlar orasida muvaffaqiyat qozonishi qiyin. Bu sizga zarar keltiradi.
– Men bu film uchun ikki million dollar sarfladim. Hech qanday olqish, moddiy naf keltirmasligini bilgan holda ikki yil mehnat qildim, – dedim bosiqlik bilan bosh silkib. Biroq, ichimda ilohim Gopkins adashgan bo‘lsin, derdim. Hayriyat, u aytganiday bo‘lmadi, “Kapitoliy”dagi premeraga odamlar oqib keldi va filmni katta zavq bilan qarshi oldi. Film Nyu-Yorkdagi har ikkala kinoteatrda uch oy davomida uzluksiz namoyish qilindi. Hatto avvalgidan ko‘proq tomoshabin keldi.
Ammo matbuotda munosabatlar har xil bo‘ldi. Aksariyat tanqidchilar film so‘nggidagi Gitlerning tazarru nutqiga e’tiroz bildirishdi. Nyu-Yorkda chiqadigan “Deyli nyus” gazetasi “Chaplin kommunistcha barmog‘ini tomoshabinga niqtadi”, deb yozdi. Biroq boshqa gazeta-jurnallarda unga qarshi fikrlar ko‘p bo‘ldi. Men tabriklar yozilgan bir qancha xatlar ham oldim. To‘g‘ri, o‘sha nutq qahramon xarakteriga xos emasdir, lekin film g‘oyasi uchun kerak edi. Harqalay tomoshabinga yoqdi.
Gollivudning taniqli rejissyorlaridan biri Archi L.Meyo o‘sha nutqni rojdestvo bayrami tabrik otkritkasiga bosish uchun ruxsat so‘radi. Men qisqacha izoh bilan filmdagi o‘sha nutqimni unga yubordim. Mana u:
“Agar men Avraam Linkoln davrida yashagan bo‘lganimda, ehtimol sizga Gettisbergning nutqini yuborgan bo‘lardim. Chunki o‘sha davr uchun eng ta’sirli chaqiriq bo‘lardi. Bugun biz yangi inqiroz qarshisida turibmiz. Meni hayajonga solgan narsa boshqalarni qanchalik o‘ylantiradi, buni bilmayman. Lekin Charli Chaplinning umidlarini boshqalarga bo‘lishmoqchi ekansiz, o‘sha nutqni butun holicha sizga yuborgim keldi.
“DIKTATOR”NING XOTIMA NUTQI
“Meni afv eting, men imperator bo‘lishni istamagandim. Lekin bu mening ixtiyorimda emasdi. Men hech kimni boshqarishni istamaganman, hech kimni mag‘lub yetishni ham. Agar imkoni bo‘lganida, nemismi yahudiymi, oqmi, qorami, hammaga yordam bergan bo‘lardim.
Barchamiz bir-birimizga yordam berishni istaymiz! Bu tuyg‘u inson zotining tabiatida bor. Hammamiz yaqinlarimizning baxtiyorligidan quvonib yashashni istaymiz, ularning qayg‘usidan emas. Hech kim bir-birini yomon ko‘rishni, nafratlanib yashashni xohlamaydi. Dunyo hammamizga yetadi. Saxiy zaminimiz unumdor, u har birimizni boqishga qodir.
Ha, biz qattiq adashdik. Hayotimiz naqadar ozod va go‘zal bo‘lishi mumkin edi. Nafs insoniyat qalbini zaharladi, dunyoni zulm bilan bo‘lib tashladi, bizni qon to‘kishiga undadi va oxir-oqibat cheksiz azob-uqubatlarga giriftor etdi. Hammamiz talvasa ichra shoshilib, o‘zimizni zulmat qa’riga boshlab keldik. Aslida, hayotimizga yengillik, farovonlik keltiradigan mashinalar o‘zimizga zo‘rlik qila boshladi. Aqlimiz axloqimizga dushman bo‘ldi, ong yuksalgani sayin battar shafqatsizga aylandik. Biz aql bilan yashashga juda ham berilib ketdik, o‘zimizni, insonligimizni his etmay qo‘ydik. Aslida, bizga o‘sha mashinalardan ko‘ra, odamiylik muhim va zarurroq emasmidi? Hukmdan ko‘ra mehru saxovatga ehtiyojmand emasmidik. Bularsiz mana hayotimiz nima bo‘ldi? Faqatgina zolimga aylandik. Dunyodagi bor narsa nobud bo‘ladi.
To‘g‘ri, samolyotlar, radio, aloqa ixtirolari oramizdagi uzoq masofani qisqartirdi. Bularning hammasi o‘z mohiyati bilan bashariyatni bir-biriga hamdam etishi, yer yuzidagi hamma insonlarni birlashtirishga xizmat qilishi kerak edi. Ammo ular hali hamon faqatgina mening ovozimni millionlarning qulog‘iga yetkazishga xizmat qilyapti. Millionlab umidsiz erkaklarni, ayollaru bolalarni tahqirlab, badbaxt tuzumning baxtsiz qurbonlariga yetib borishiga yarayapti. Hozir meni kimlar tinglayotgan bo‘lsa, yaxshilab eshitsin. Umidsizlikka tushmang! Bizning boshimizga tushgan musibatlar nafs o‘pqoni ochilgan, insoniy yuksakliklardan qo‘rquvchi badbaxt kimsalar tufaylidir. Ammo biling, nafrat yashovchan tuyg‘u emas, u yo‘qolib bormoqda, mustabidlar bir kunmas bir kun yo‘q qilinadi va xalqning tortib olingan jamiki kuchi o‘ziga qaytadi. Buning uchun odamlar qurbon bo‘lishdan qo‘rqmasligi lozim. Shundagina chinakam insoniy erk yo‘qolmaydi.
Ey, askarlar! Sizni ayovsiz qulga aylantirib, hayotingizni har bir lahzasini boshqaradigan, nima qilishni, hatto nimani qay tarzda o‘ylashingizgacha buyurishga o‘rgangan bu vahshiy kuchga bosh egmang! Ongingizni qullikka o‘rgatayotganlar sizlarga odam emas, o‘rgatilgan maxluqqa qaragandek munosabatda bo‘ladi. Irodangizni tizginga solishlariga, yuragingizni toshga aylantirishlariga yo‘l qo‘ymang! Yirtqich maxluqlar, odam – mashinalar domiga tushmang. Axir, siz buyum emas, hazrati insonsiz. Yuragingizdagi bebaho insoniy hislar nafratga aylanmasin. Faqat xunxo‘rlar va noshudlargina bunday tubanliklardan nafratlanmasligi mumkin!
Ey, o‘g‘lonlar! Qullik uchun emas, ozodlik uchun kurashing! “Luqo Injili”ning o‘n yettinchi bobida aytiladiki, Xudoning hukmi qodiri bir kishi yo bir guruh uchun emas! Sizga, sizlarning har biringiz uchun! Sizda insoniy buyuk kuch bor – mashinalar yasash qudrati. Baxtni ham yarata oladigan qudrat. Sizning qudratingiz insonlar hayotini go‘zallashtirishga, saodat gullariga to‘ldirishga yetadi. Demak, bu kuchdan hurlik yo‘lida foydalanaylik, birlashaylik! Keksa-yu yosh uchun xavf-xatardan holi, insonga yangidan imkon berguvchi ezgulik dunyosini yaratish uchun birgalikda kurashaylik.
Zolimlar ham shunday yuksak va’dalar bilan boshingizga kelgani rost. Ammo ularning hamma gaplari yolg‘on. Ular hech qachon bularni bajarmaydi. Mustabidlar o‘zgalarni qul qilish evaziga o‘zlariga ozodlik hadya qiladi. Kelinglar, ozod dunyo uchun, millatchilik, irqchilik, nafs va johillikka barham berish uchun kurashaylik. Ilmu fan baxt keltiradigan dunyo uchun, sog‘lom tafakkur dunyosi uchun kurashaylik. Ey, o‘g‘lonlar, insoniy erk yo‘lida birlashing!
Xanna, meni eshityapsanmi? Qayerda bo‘lsang ham osmonga qaragin. Xanna, ko‘ryapsanmi, bulutlar tarqalib boryapti, quyosh ularni yorib chiqyapti! Biz zulmatdan nur sari chiqyapmiz. Biz mutlaqo yangi dunyoga qadam qo‘yyapmiz, nafs va zulmni, vahshiylikni yenggan mehribon dunyoga. Osmonga boq, Xanna! Odamlarning ruhi qanotlanlanyapti – ular parvozga shay. Qalblarida umid bilan kamalak sari uchadi ular! Shundoqqina boshing uzra osmonga bir bor qaragin, Xanna!”
* * *
Film premerasidan bir hafta o‘tgach, meni “New York Times” gazetasining muharriri Artur Sultsberger suhbatga taklif etdi. Meni tahririyat binosining yuqori qavatidagi mehmonxonaga boshlab borishdi. Xona bejirim charm mebellar bilan jihozlangan, devorlariga ajoyib suratlar osilgan edi. Kaminning yonida esa qotmadan kelgan sarbaland kishi, AQShning sobiq prezidenti Gerbert Gover kichkina ko‘zlari bilan menga qarab turardi.
– Janob prezident, bu kishi Charli Chaplin, – deya meni tanishtirdi Sultsberger.
Governing ajin bosgan yuzida tabassum paydo bo‘ldi.
– Xo‘sh, – dedi u muloyimlik bilan. – Biz janob Chaplin bilan ancha yillar avval tanishganmiz.
Men janob Gover tanishuvimizni esida saqlab qolganiga hayron qoldim. U o‘sha paytda Oq uyda yig‘ilishga tayyorlanayotgan edi. “Astor” mehmonxonasiga matbuot uchrashuviga kelganida, klub a’zolarining biri meni janob Goverga tanishtirish uchun kechki ovqatga olib borgandi. Menga so‘z berilganda o‘rnimdan turib, oilaviy mojarolarim bilan bo‘lib, jamiyat hayotini unchalik yaxshi kuzatolmaganimni, bu borada bilganlarim shaxsiy hayotimdan ham yomonroqligini aytib, ming‘irlagandim. Bir necha soniyalik bu bema’ni nutqimni amallab tugatib, joyimga o‘tirgandim. Janob Gover bilan bir og‘izgina salomlashgandim. U bilan tanishligim shugina edi, xolos.
Gover o‘sha uchrashuvda qog‘ozdagi bir nutqini o‘qib bo‘lib, boshqasiga o‘tardi. O‘tirganlar bir yarim soat mobaynida qadalib uni tinglashdi. Ikki soat o‘tdi hamki, Governing stoli ustidagi ikkita bir xil jild tugay demasdi. Nihoyat u odamlarni ortiq ushlab qolmaslik uchun o‘nlab qog‘ozlarini surib qo‘ydi. Hech narsa abadiy bo‘lmaganidek, Governing nutqi ham tugadi. Ammo uning ma’ruzasi juda puxta tayyorlangandi. U nutqining yakunida hazilomuz so‘zlar aytib kuldirdi. Janobni ajoyib nutqi bilan tabriklamoqchi bo‘ldim-u, lekin u menga unchalik e’tibor bermay chiqib ketdi.
Mana oradan yillar o‘tib, orada prezident bo‘lishga ham muvaffaq bo‘lgan o‘sha janob kaminga suyangancha, menga muloyim qarab turardi. Xonaga o‘n ikki kishi yig‘ildi, biz aylana stol atrofiga o‘tirdik. Bilamanki, bunaqa mehmondorchiliklar faqat eng nufuzli kishilar uchun uyushtiriladi.
Amerikalik mansabdorlarning shunday toifasi borki, ularning oldida hamisha o‘zimni notavondek his etganman. Bular bo‘ylari baland, benuqson kiyinadigan, sokin va aniq fikr yuritadigan, hayotni har jihatdan tushunadigan kelishgan kishilar. Ular jamiyat ishlari haqida baland, jarangdor ovozda, matematik formulalaru atamalar bilan gaplashishadi. Atrofimda o‘tirgan bu kishilar menga xuddi ikki yuz qavatli binolar kabi metin va savlatdor, ayni paytda biroz dahshatli tuyulardi. Yonida o‘zimni yengil his etishim mumkin bo‘lgan yagona inson “New York Times”ning siyosiy muxbiri sohibjamol Enn Xara Makkormik xonim edi. Boshqalarning suhbatlari o‘ta rasmiy, ular bilan tillashish men uchun biroz qiyin edi. Hamma Goverga keragidan ortiq mulozamat qilar, har gapining birida “Janob prezident” deyishlarini qo‘ymasdi. Anchadan keyin bu davra meni nima uchun taklif etgani ma’lum bo‘ldi. Sultsberger qulay fursat kelganda, darrov Goverga yuzlandi:
– Janob prezident! Agar mumkin bo‘lsa Yevropaga taklif etilishingiz boisini va u yerda ko‘zlangan missiyangiz haqida gapirib bera olasizmi?
Gover pichoq va sanchqini qo‘yib, og‘zidagi luqmani ohista chaynadi va ovqat mahalida doim nima haqida o‘ylash lozimligi haqida gapira boshladi. U goh ohista kuy taralib turgan plastinkaga, goh Sultsberger va menga qarab-qarab gapida davom etdi:
– Yevropaning hozirgi tang ahvolini, u yoqlarda qashshoqlik va ochlik kun sayin ortib borayotganini hammamiz bilamiz. Vaziyat shunchalik jiddiyki, men ularga zudlik bilan yordam berish lozimligiga Vashingtonni ishontira oldim, – dedi. (Vashington deganda prezident Ruzvelt nazarda tutilayotganini tushundim.) Keyin “biz butun Yevropani boqdik” degancha, Birinchi jahon urushida o‘zining qilgan ishlari, raqam va natijalarni keltira boshladi.
– Bunday missiya partiya manfaatlaridan holi va aynan insonparvarlik maqsadida bo‘lishi lozim. Aftidan, siz ham bunga qiziqayotgandirsiz, – dedi menga nigohini tashlab.
Men ishonch bilan boshimni qimirlatib, xayrixohligimni tasdiqladim.
– Bu rejangizni qachon amalga oshirmoqchisiz, janob prezident? – so‘radi Sultsberger.
– Vashington roziligini olishimiz bilan, – dedi Gover. – Ammo Vashington uchun jamoatchilik fikri muhim. Uni jamiyatning nufuzli shaxslari qo‘llab-quvvatlashi lozim.
U shunday deb yana menga qaradi. Men ham yana bosh qoqib qo‘ydim.
– Ishg‘ol qilingan Frantsiyada millionlab odamlar yordamga muhtoj. Norvegiyada, Daniya, Gollandiya, Belgiya, umuman, butun Yevropani ochlik yengib boryapti, – gapida davom etdi sobiq prezident.
U aniq dalillarga asoslangan bama’ni nutqida umuminsoniy rahm-shafqat, imon, umid haqida mulohaza yuritdi. Shundan so‘ng davraga bir zum sukunat cho‘kdi.
– Ammo hozir vaziyat Birinchi jahon urishidagidek emas, – dedim men. – Frantsiya boshqa ko‘pgina davlatlar singari butkul ishg‘ol qilingan. Tabiiyki, biz tomondan qilinadigan yordam natsistlar qo‘liga tushishini istamaymiz.
Governing qovog‘i osildi. Boshqalar avval unga, so‘ng menga qarab qo‘ydi. Gover esa aylanayotgan plastinkasiga yana bir ko‘z tashlab oldi.
– Biz mutlaqo shaffof komissiya tuzamiz, u Amerika “Qizil Xoch”i bilan birga Gaaga konventsiyasi asosida qirq uchinchi qismning yigirma yettinchi bandiga binoan ish olib boradi. Bu rahm-shafqat komissiyalarining har ikki tomondan bemor va muhtoj odamlarga yordam ko‘rsatishiga imkon beradi. Kim urush ko‘rgan, kim ko‘rmagan – buning ahamiyati yo‘q. O‘ylaymanki, siz gumanist sifatida bunday komissiya tuzilishini ma’qullaysiz.
Ehtimol hozir uning so‘zlarini aynan takrorlab berolmasman, har holda mazmunan shunday edi.
O‘shanda u yerga nega chaqirilganimning boisini tushunib yetdim va o‘rnimdan turdim.
– Agar bizning yordamimiz fashistlar qo‘liga tushmasligiga amin bo‘lsam, bu fikrni bajonidil qo‘llab-quvvatlayman – dedim.
Davra yana mening so‘zlarimni boshqacha qabul qilib, taajjublandi.
– Buni allaqachon qilib bo‘ldik, hatto muvaffaqiyat bilan, – dedi Gover biroz ozorlangan ohangda.
Davradagi binolar yanglig‘ sarbaland kishilar o‘rtadagi noqulaylikni tarqatish maqsadida, menga muloyim qarab qo‘yishdi. Oralaridan kimdir jilmayib so‘z qo‘shib qo‘ydi.
– Ishonamiz, janob prezident bunday ishlarni juda yaxshi tushunadi.
– Bu juda yaxshi g‘oya, – Sultsberger ham prezidentning fikrini tasdiqladi.
– Men ham fikringizga to‘la qo‘shilaman, agar bu ishni amalga oshirish yahudiylarga ishonib topshiriladigan bo‘lsa, yuz foiz qo‘llab-quvvatlagan bo‘lardim, – dedim xotirjam ohangda.
– Bu aslo mumkin emas! – dedi birdan qizishib janob Gover. – 5-avenyu maydonida jilovga olingan fashistparast yoshlarning o‘tgan-ketgan yo‘lovchilarga qarata so‘zlagan nutqlarini eshitish dahshatli edi. O‘sha voizlardan biri bir haqiqatni aydi. “Gitlerning falsafasi bizning sanoat asrimizni chuqur va puxta o‘rganishga asoslangan, unda chala nasllarga yoki yahudiylarga aslo o‘rin yo‘q!”
Shu payt bir ayol uning so‘zini shart bo‘ldi.
– Bu qanday suhbat bo‘ldi! – qichqirib yubordi u. – Bu yer Amerika! O‘zingizni qayerdaman deb o‘ylaysiz?
Kelishgan voiz mayin jilmayib qo‘ydi.
– Men AQShdaman va o‘zimni Amerika fuqarosi deb bilaman, – deya xotirjam javob qildi u.
– Nima bo‘pti? Men yahudiyman va men ham Amerika fuqarosiman, – dedi ayol. – Agar erkak bo‘lganimda hozirgi gapingiz uchun yuzingizni yaxshilab bejab qo‘ygan bo‘lardim!
Xonimning gapiga bir-ikki tinglovchi qo‘shilgan bo‘ldi-yu, boshqalari befarqlik bilan sukut saqlab o‘tirardi. Yonida o‘tirgan bir militsioner xonimga nimadir dedi. Men eshitgan gaplarimga, o‘z quloqlarimga ishonmay hayron bo‘lib qolgandim.
* * *
Oradan bir necha kun o‘tib, men yana nufuzli xonadonga mehmondorchilikka taklif etildim. Nonushtadan avval meni rangpar, kamqonligi yuz-ko‘zidan ko‘rinib turgan yosh frantsuz grafi bilan tanishtirishdi. Graf Shambren bilan biroz suhbatlashib turdik. Per Lavalning kuyovi bo‘lgan bu baodob yigit “Diktator” haqidagi tassurotlarini gapirdi. U filmni Nyu-Yorkda ko‘rgan ekan. Suhbat chog‘ida o‘z xulosalari uchun avvaldan uzr so‘rab, u shunday dedi:
– Film juda ajoyib. Lekin u sizning nuqtai nazaringiz. Menimcha, unga jiddiy qarash kerak emas.
– Bu bor-yo‘g‘i komediya, – javob berdim men. – Agar men fashistlarning kontslagerlaridagi vahshiyliklarining barini bilolganimda, bunaqa yumshoq yondashmas edim.
O‘sha davraga ellikka yaqin mehmon tashrif buyurdi. Biz to‘rt kishi alohida dasturxon atrofida o‘tirdik. Kount Shembren ham bizga qo‘shildi. U meni hadeb siyosiy munozaraga tortmoqchi bo‘lib, savollar berar, munosabatimni so‘rardi. Men esa gapni siyosatdan olishdan avval yaxshilab ovqatlanib olishni afzal ko‘rishimni aytib, qo‘limdagi qadahni unga qarata ko‘tarib qo‘ya qoldim:
– Bugun men viski ichganim uchun hamma yoqqa o‘t ketadiganga o‘xshaydi…
So‘zim tilimda qoldi – birdaniga boshqa bir stolda o‘tirganlar orasida baqir-chaqir boshlanib qoldi. Qarasam, ikki ayol sal qolsa bir-birining sochini tutamlab yulishga shay edi. Ayollarning biri asabiylik bilan qichqira ketdi:
– Men buni eshitishni ham xohlamayman, tushundingizmi?! Siz fashistning o‘zginasisiz!
Biroz o‘tib nyu-yorklik o‘sha nufuzli oilaning vakillaridan biri mendan nega fashistlarga qarshiligimni so‘rab qoldi.
– Chunki ular insoniyatga qarshi, – dedim.
– Ha! – dedi u ham jo‘shib. – Siz ham yahudiysiz, shundaymi?
– Fashistlarga dushman bo‘lish uchun yahudiy bo‘lish shart emas. Muhimi, inson bo‘lishing yetarli.
Shu bilan suhbatimiz yakun topdi.
Bir-ikki kundan keyin amerikalik inqilobchi jurnalistlar iltimosiga binoan Vashingtonga borishga to‘g‘ri keldi. Men radio orqali “Diktatorning” yakuniy nutqini o‘qishim kerak edi. Radiospektakldan oldin meni Ruzvelt bilan uchrashtiradigan bo‘lishdi. Uning iltimosiga binoan filmning bir nusxasi Oq uyga avvalroq yetkazib berildi. Qabuliga borgan kunim u meni quyidagi so‘zlar bilan qarshi oldi:
– Keling, Charli. Sizning kartinangiz Argentinada biz uchun ancha mushkulliklar tug‘dirganini bilasizmi?
Bildimki, Ruzvelt filmimni boshdan-oyoq ko‘rib chiqqan. Keyinchalik bir do‘stim bu uchrashuvning natijasini shunday sharhlagandi: “Charli, sizni Oq uyda kutib olishdi-yu, ammo bag‘rilariga bosishmadi”.
Prezident bilan o‘sha uchrashuv qirq daqiqacha davom etgandi. Suhbat davomida u meni tinimsiz “martini” bilan siylar, men xijolatdanmi, hayajondanmi qadahni shu zahoti bo‘shatib qo‘yaverardim. Oq uydan soat o‘nlarda chiqdim-u hali radioda chiqishim borligini eslab birdan shoshib qoldim. Axir, nutq barcha radiokanallardan uzatiladi, bu esa men oltmish million tinglovchi bilan gaplashaman, degani. Tezlikda sovuq dush qabul qildim, qahva ichib biroz tetiklashgach, radioga yetib bordim.
Shtatlar hali urush harakatiga kelmagan va shu bois bu oqshom radiostudiya zali fashizmlarga xayrixoh nusxalar bilan to‘la edi. Men so‘zimni boshlashim bilan ular atayin baland tovushda ma’noli yo‘tala boshladi. Meni biroz hayajon bosdi. Hayajonlanganimdan tomog‘im qurib, so‘zlarimni talaffuz qilishga tobora qiynala boshladim. Besh-olti daqiqadayoq so‘zimni to‘xtatib, oxiri suv berishlarini so‘radim. Aksiga olib, suv ham tezda topila qolmadi, oltmish million tinglovchini kutishga majbur qildim. Nihoyat, ikki daqiqalardan keyin qog‘oz paketda suv topib kelishdi. Shunday qilib, bir amallab nutqimni yakunlagandim.
* * *
Polett bilan ajrashishimiz tayin. Buni “Diktator” filmini boshlashimdan avval ikkimiz ham tushunib yetganmiz. Mana film ham tayyor bo‘ldi, endi u bilan munosabatimizni bir yoqlik qilish vaqti keldi. Polett bo‘lsa menga Kaliforniyaga ketayotgani haqida xat qoldiribdi. “Paramunt” kompaniyasining yangi filmida suratga tushayotgan ekan. Men yana Nyu-Yorkda qoldim. Polett uydan narsalarini birato‘la yig‘ishtirib ketganini agentim Frank Beverli-xillzga borganda xabar qildi. Bir muddat o‘tib Beverli-xillzga qaytdim, endilikda Polett Mexikoga jo‘nab ketgan ekan. Uyim esa juda achinarli ahvolda, sakkiz yil davomida odam yashamagani shundoq ko‘rinib turardi.
“Diktator” amerikalik tomoshabinlar orasida katta muvaffaqiyat qozonib, menga nisbatan maxfiy dushmanlar ham hozirladi. Buni ilk daf’a Nyu-Yorkdan Bevarli-xillzga kelib, matbuotchilar bilan uchrashganimda sezdim. O‘shanda uyimga yigirmatadan ko‘proq jurnalist keldi. Ularning hammasi rangli verandaga joylashib olib, jim o‘tirar, o‘zlarini qandaydir g‘alati tutardi. Ichkilik taklif qilsam, hammasi ichmaymiz, deydi. Avval qancha muxbirni qabul qilgan bo‘lsam, birontasi bunaqa rad etmasdi. Hayron edim. Men ham ularga qarab o‘tiraverdim.
– Nimalar qilib yuribsiz, Charli? – nihoyat bir jurnalist hammaning nomidan so‘z boshladi.
Qani, qanday qabul qilishar ekan, deb hazilnamo javob qaytardim.
– “Diktator” uchun kichkina reklama-rolik tayyorladim.
Ular indamadi. So‘ng prezident bilan uchrashganimni gapirib berdim. Filmim Amerikaning Argentinadagi elchixonasi uchun qator muammolar keltirib chiqarganini, bu esa gazetalar uchun ajoyib mavzu bo‘lganini atayin qistirib o‘tdim. Ular yana pinaklarini buzmay o‘tiraverdi. Men jimlikni buzish uchun yana hazilashmoqchi bo‘ldim.
– Biznikilar buni qilolarmidimi?
– To‘g‘ri, ularchalik ishlamayotgandirmiz, – dedi kimdir. – Sizning bizga munosabatingiz yaxshimas. Bizga hech narsa aytmay ketgansiz. Lekin biz unaqa emasmiz.
Men hech qaysi mahalliy gazetaning yordamiga muhtoj bo‘lmasam-da, ularning bu gapidan ta’sirlandim. To‘g‘ri, men Gollivud matbuotida chiqmadim. Chunki filmni Nyu-Yorkda namoyish qilishdan avval jurnalistlarning har xil talqin qilib, kinoyali mulohazalari bilan ommaga ta’sir ko‘rsatishidan cho‘chigandim. Ikki million dollar sarflangan filmni taqdimotidan avval bunday xavf ostida qoldirolmasdim.
O‘sha jurnalistlar mendan gina qilayotganini sezib, ularga tushuntirishga urindim va Amerikada fashizmga qarshi bu filmga dushmanlarcha qarayotganlar ko‘pligini, shuning uchun matbuot yig‘ilishini premeradan keyinga qoldirganimni aytdim.
Ammo bu bilan ularning dushmanlik kayfiyatini yo‘qotolmadim. Vaziyat ob-havo singari o‘zgardi-yu, g‘iybatchi gazetalar tinimsiz nomimga tosh otib, mayda hujumlar qila boshladi. Polett bilan munosabatimni g‘iybat qilishdi, meni jirkanch odamga chiqarib yomonlashdi. Katta-kichik dushmanlik kompaniyalari zo‘r berib ishlagan bo‘lishiga qaramay, “Diktator” Angliyada ham, Amerikada ham uzoq vaqt namoyishda bo‘lib, yaxshigina daromad keltirdi.
Amerika rasman urushga kirishmagan bo‘lsa ham, Ruzvelt bilan Gitler orasida allaqachon sovuq jang boshlangandi. Bu esa prezidentga anchagina mushkilotlar tug‘dirdi, negaki fashistlar Amerikadagi ko‘pgina tashkilotlarni o‘zlariga og‘dirib bo‘lgandi. O‘sha tashkilotlar bilib-bilmay, fashistlarning qo‘lida qurolga aylandi.
Shu orada to‘satdan Yaponiyaning Pearl-Harborga hujumi haqidagi fojiali xabarlar tarqaldi. Bundan Amerika hayratda qoldi, lekin ko‘p o‘tmay qaror qabul qilinib, xorijiy davlatlarga Amerika qo‘shinining bo‘limlari joylashtirildi. Rossiya Moskva yaqinida fashistlarni ushlab turar, ittifoqchilarni zudlik bilan ikkinchi frontni ochishga chaqirardi. Ayni paytda Ruzvelt ruslarga xayrixoh bo‘lsa-da, mamlakatdagi fashizm tarafdorlari muhitni zaharlab bo‘lgandi. Ular rus ittifoqchilari bilan janjal chiqishi uchun astoydil harakat qilib, to‘xtovsiz targ‘ibotlar olib borardi. Har ikki tomonni ta’minlang, shunda biz o‘lja bo‘ladigan joyga yetib boramiz, deyishardi ular. Ikkinchi jabha ochilishini oldini olish uchun turli fitnalar o‘ylab topildi. Qayg‘uli kunlar boshlandi. Har kuni ruslarning dahshatli yo‘qotishlari haqida xabarlar tarqalardi. Kunlar haftalarga, haftalar oylarga evrildi hamki, fashistlar hamon Moskva ostonasida edi.
Men uchun ham mushkul damlar boshlandi. Rossiyaning San-Frantsiskodagi urushga ko‘maklashish qo‘mitasi meni AQShning Rossiyadagi sobiq elchisi E.Devisning betobligi bois, o‘z o‘rniga nutq so‘zlashga chaqirdi. Bir-necha soat qolgandagina ogohlantirilmaganimga qaramay, bunga rozi bo‘ldim. Uchrashuv ertasi kuni bo‘lishi kerak, shuning uchun zudlik bilan San-Frantsiskoga kechki poyezd bilan jo‘nadim.
Butun kunim qo‘mita tomonidan rejalashtirilgan – qachon qayerga boraman, nima qilaman, hammasi. Kechki ovqat vaqtida ichimdagi bezovtalikni bosish uchun bir-ikki stankan shampan ichib oldim.
O‘n ming o‘rinli zal liq to‘la edi. Amerikalik admiral va generallar San-Frantsisko hokimi boshchiligida yig‘ilish boshlandi. Ularning nutqi juda ehtiyotkorlik bilan tayyorlangandi. Ular dushmanlarning nafratini qo‘zg‘atmaslik maqsadida ruslarning boshiga tushgan qiyinchilikni bartaraf qilish uchun qo‘llaridan keladigan barcha ishni qilayotganini, ruslarning jasoratini maqtashdan tiyildilar. Ikki yuzta Gitler otryadi hujumini bazo‘r qaytarib turgan holda, ularning tubanliklari haqida ham churq etishmadi.
“Biz ittifoqdoshlar bilan shunchaki tanish emasmiz”, o‘sha kuni kechasi ruslarga nisbatan shu tuyg‘uni his qildim.
Qo‘mita raisi menga iloji boricha uzoqroq so‘zlashimni shipshitib qo‘ygandi. Ammo men gapimda adashib ketdim. Bor notiqligim bor-yo‘g‘i to‘rt daqiqaga yetdi. Qayerdagi bema’ni va bo‘sh gaplarni valdirayotganim uchun o‘zimdan jahlim chiqardi. Kechki ovqatdan so‘ng keyingi aytishim lozim bo‘lgan fikrlarimni yozib oldim. Sahna orqasida bezovtalanib u yoqdan, bu yoqqa yurganimda yana mening ism-sharifim o‘qildi.
Qora kostyum-shim kiygan, bo‘yinbog‘ taqqan Chaplin sahnada ko‘rinishi bilan qarsaklar boshlandi. Bu hol fikrlarimni bir joyga jamlab olishimga yordam berdi. Uzoq davom etgan olqish tugatishi bilan so‘z boshladim. “O‘rtoqlar!” deyishim bilan zalda qah-qah kulgi ko‘tarildi, kulgi to‘xtashini kutib, yana gapirishga tutindim. “Mening aytadigan so‘zim shuki, o‘rtoqlar…” Butun zalni yana kulgi va guldiros qarsaklar tutdi. “Aminmanki, shu zalda o‘tirganlar orasida ruslar ham bor. Sizning vatandoshlaringiz hozir qanday kurash olib borayotganini, qanchalab qurbonlar berilayotganini bilamiz, sizlarni qo‘llab-quvvatlashga chorlashni o‘zimga sharaf deb bilaman…”
Yana olqish avj oldi.
Shu lahzalarda qizishib ketib, shu bahona fashistlarga o‘z nafratimni bildira boshladim. Hech narsa meni to‘xtatolmadi.
– Men kommunist emasman, men shunchaki fikrlovchi insonman, o‘zim kabi har bir insonning qarashlarini tushunishga intilaman. Kommunist degani kim? Ular ham xuddi bizga o‘xshagan odamlar. Ular ham qo‘l-oyog‘ini yo‘qotgudek bo‘lsa, xuddi biz kabi azob chekadi. O‘lsa ham bizga o‘xshab jon beradi. Kommunistning onasi ham hamma onalar kabi ona. Agar uning farzandi halok bo‘lsa, u ham boshqa onalar kabi qon yig‘laydi. Shunday ekan, mening kommunist bo‘lishimga hojat yo‘q. Shunchaki inson bo‘lishning o‘zi yetarli. Mana ayni damda qanchadan-qancha o‘g‘lonlaridan judo bo‘lgan rus onalari yig‘lamoqda…
Men qirq daqiqa davomida shu taxlit nutq so‘zladimu, o‘sha jarayon qanday sodir bo‘lganini bilmasdim. Chunki har bir fikrni tugatar ekanman, keyin nima haqida gapirishimni bilmasdim. Hatto tinglovchilarga o‘zimning Birinchi jahon urishida zayom chiqarganim bilan bog‘liq hangomalaru Ruzvelt to‘g‘risidagi latifalarni aytib kuldirdim. Menimcha, yomon chiqmadi.
– Hozir urush davom etyapti va men bu urushda ruslarga yordam berish kerakligi haqida gapirmoqchiman. Ularga pul bilan yordam berish mumkin, albatta. Lekin undan ham muhim bir ko‘mak lozim. Bilishimcha, ittifoqdosh Irlandiyaning shimolida ikki million askar ishsiz qolib qiynalyapti, ayni paytda esa bitta rus askari ikki yuz kishilik fashist diviziyasiga qarshi turibdi.
Zalga og‘ir sukunat cho‘kdi.
– Ruslar bizning ittifoqdoshimiz, ular faqat o‘zlari uchun emas, biz uchun ham olishyapti, axir. Amerikaliklar orasida ularni yoqtirmaydiganlar bor, ayrim kimsalar esa ularni boshqalar tomonidan yo‘q qilinishini istaydi. Stalin xohlaydimi yoki Ruzveltmi, qani, biz ham birlashib zudlik bilan ikkinchi front ochilishini talab qilaylik!
Zalda g‘ala-g‘ovur boshlanib ketdi. Men tinglovchilarni kuzata turib, ular hozirgi holatda nima istab, nimani o‘ylayotganini o‘zlariga ochiq izohladim. Ular menga boshqa gapirishga imkon bermay, olqishlab yer tepinishardi. Ular qichqirib, shlyapalarini havoga otar ekan, men haddan oshirib yubormadimmi, juda olislab ketmadimmikan, degan o‘y kechardi xayolimdan. Frontda o‘lib-tirilayotgan minglab askarlar oldida irodasizlik, nodonlik qilmadimmi – o‘z-o‘zimdan jahlim chiqardi.
Omma tinchlangach, so‘z oldim:
– Agar sizlarni to‘g‘ri tushungan bo‘lsam, har biringiz hoziroq prezidentga telegramma yuborishga tayyorsiz. Ertaga u o‘n mingtalab front ochish to‘g‘risidagi talabnomalarini o‘qiydi, shundaymi?
Mitingdan so‘ng o‘zimni nohush his qila boshladim. Dedli Fild Melon, Jon Garfildlar bilan kechki ovqatni birga tamaddi qiladigan bo‘ldik.
– Siz jasur odam ekansiz, – dedi Garfild o‘sha nutqimga ishora qilib.
Uning gapi meni battar g‘ashlantirib qo‘ydi. Men sira o‘zimni qahramon qilib ko‘rsatishga uringanim yo‘q, faqat yuragim his etgan va ich-ichimdan to‘g‘ri deb ishongan fikrlarimni aytgandim, xolos.
Jonning gapidan keyin tun bo‘yi ta’bim xira bo‘ldi. Ammo boshimda qora bulutday turgan o‘sha lahzalar kechdi, men Beverli-xillzdagi o‘zimning avvalgi hayotimga qaytdim. Bir haftadan so‘ng, meni yana telefon orqali Medison xiyobonida bo‘ladigan ommaviy mitingga chaqirishdi. Undan keyin uyushtirilayotgan boshqa bir qancha mitinglarga ham rozi bo‘ldim. Medisondagi miting juda nufuzli shaxslar va tashkilotlar tomonidan tashkil qilingandi. Men unda ishtirok etib, o‘n to‘rt daqiqalik chiqish qildim. Sovet kongressining kasaba uyushmasi keyinchalik o‘sha nutqimni miting haqidagi reportaj matni bilan birga broshyura shaklida nashr qildi.
* * *
Hayotimda bir qadar sokin kunlar boshlandi. Ammo bu xuddi momaqaldiroq gumburlashidan avvalgi omonat sukutga o‘xshardi. Hayotimda sodir bo‘lgan bu voqea-hodisalar avvaliga mutlaqo to‘g‘ridek, hech bir yomon jihati yo‘qdek ko‘ringandi.
Dam olish kunlarining birida Tim Dyurent bilan tennis o‘ynadik. O‘yinning so‘nggi partiyalarida u Pola Gettining dugonasi Joan Berri ismli bir ayol bilan uchrashuvi borligini aytib qoldi. Berri hozirgina Mexikodan kelganini bir do‘stidan ayttirib yuboribdi. Tim mehmoni bilan birga tushlik qilishga meni ham o‘zi bilan olib bordi. Aytishicha, Berri xonim men bilan tanishish istagida ekan. Biz Perino restoraniga yo‘l oldik. Berri va uning dugonasi juda yoqimtoy va quvnoq qizlar ekan, o‘sha kuni to‘rtalamiz juda yaxshi o‘tirdik. Ammo men Berriga yana duch kelaman deb, sirayam o‘ylamagandim.
Roppa-rosa bir hafta o‘tib, yakshanba kuni tennis kortimda aylanib yursam, Tim o‘zi bilan Berrini yetaklab kelib qoldi. Men odatda dam olish kunlari oqsochga javob berib yuboraman va restoranga borib ovqatlanaman. Bu safar Timni hamrohi bilan birga Romanova restoraniga olib bordim. Tushlikdan so‘ng ularni mashinamda uylariga eltib qo‘ydim. Ertasi kuni tongda uyimga qo‘ng‘iroq bo‘ldi, go‘shakni ko‘tarsam, o‘sha Berri xonim, – meni nonushtaga taklif qilmaysizmi, deb so‘radi. Men unga to‘qson mil uzoqqa, Santa-Barbarada bo‘ladigan auktsionga otlanayotganimni aytdim. Agar boshqa ishingiz bo‘lmasa men bilan birga borishingiz mumkin, o‘sha yerda nonushta qilamiz, dedim. U bajonidil rozi bo‘ldi va kun bo‘yi men bilan birga yurdi. Qaytayotganimizda yo‘ldan mayda-chuyda xarid qilib, uni Los Anjelesga olib kelib qo‘ydim.
Berri xonim yigirma ikki yoshli gavdali, erkaklarni o‘ziga rom etolmaydigan ko‘rkam ayol, qomati ham chakki emas, yozlik yengil ko‘ylagining chuqur qiyiqlaridan durkun ko‘kraklari ko‘rinib turardi. Biroq, unda nimadir bor. U yo‘lda ortga qaytayotganimizda dugonasi Polo Getti bilan tortishib qolganini aytdi. Ertaga Nyu-Yorkka qaytib ketmoqchiman, agar xohlasangiz siz bilan qolishim ham mumkin, deb qistirib o‘tdi. Uning bunday ochiqdan-ochiq taklifidan birdan hushyor tordim-da, shu zahotiyoq menikida qolishi mumkin emasligini aytdim. Uzrimni aytib, uni avval o‘zim eltib qo‘ygan manzilga olib borib qo‘ydim.
Ikki kun o‘tmayoq, meni hayron qoldirib, u yana uyimga qo‘ng‘iroq qildi. – Bugun vaqtingiz qalay? Sizni bir ko‘rib ketsam, degandim, – dedi.
Bu safar ham yo‘q deyolmadim. Ha, bu qat’iyat maqsadga yetishishning yagona yo‘li. U menga yaqin bo‘lishga astoydil intilardi. Shunday qilib, u bilan tez-tez ko‘rishadigan bo‘ldik. Ammo borgan sari uning fe’l-atvori g‘ashimni keltira boshladi. U qandaydir g‘alati edi, o‘zini tutishi risoladagi sog‘lom odamga o‘xshamasdi. Yarim tunda ham hech bir ogohlantirishsiz to‘satdan uyimga bostirib kirib kelaverar, har doim meni noqulay ahvolga solib qo‘yardi. Ba’zan haftalab qolib ketaverar, g‘ashim kelib, tilimni zo‘rg‘a tiyib turganimni bilib, o‘zini bilmaslikka olar, e’tibor qilmaganim sari meni o‘ziga jalb qilishga urinardi. Paydo bo‘lishi bilanoq g‘aroyib qiliqlari ila meni avrab gumonlarimni yo‘q qilishga erishardi.
Bir kuni janob Sedrik Xarduik va Sinkler Lyuis bilan uchrashib qolganimizda gapdan gap chiqib, Sedrik “Asliyat va ko‘lanka” degan bir pesani esga olib, uning bosh qahramoni Brijet mohiyatan zamonaviy Janna D’ark ekanligi haqida gapirib, o‘sha pesadan ajoyib film chiqarsa bo‘ladi, degandi. Uning gapidan keyin pesaga qiziqib qoldim. Sedrik asarning nusxasini menga yubordi.
Shu kunlarda Berri yana menikiga tashrif buyurdi. Ovqat paytida unga o‘sha pesa haqida gapirib bersam, u darrov pesani o‘qishni, Brijetni o‘ynashni xohlab qoldi. Men avvaliga buni jiddiy qabul qilmadim, lekin u o‘sha kechadayoq pesaning bir sahnasini menga o‘qib berdi. Undan kutmagandim, rolni rostanam qoyilmaqom o‘qib, meni lol qoldirdi. Hatto uning irlandcha lahjasi ham ijroga ajoyib ifoda berardi. Men azbaroyi zavqlanganimdan, uni so‘zsiz ijroda ham sinab ko‘rdim – hammasi joyida, harakatlari lol qolar darajada tasvirbop.
Shundan so‘ng uning g‘alatiligi, ruhan nosog‘lom degan shubhalarim butkul tarqaldi-qoldi. Berrini Reynxardt dramatik san’at maktabiga o‘qishga yubordim, negaki u hali aktyorlik texnikasini o‘zlashtirishi kerak edi. Qolaversa, u yerda mashg‘ulotlar bilan qancha band bo‘lsa, men u bilan shuncha kam ko‘rishardim. Boz ustiga hali pesani ekranlashtirish uchun huquq olganim yo‘q. Sedrikning beg‘araz ko‘magi tufayli bu ish oson bitdi va yigirma besh dollar evaziga ekranlashtirish huquqini sotib olishga muvaffaq bo‘ldim. Keyin esa Berri bilan haftasiga ikki yuz ellik dollar gonorar to‘lashga kelishib, shartnoma tuzdim.
Dunyoda bizni xatardan ham, baxtdan ham ogohlantirguvchi g‘ayritabiiy kuchlar bor-u, biz uni har doim ham ko‘ravermaymiz. Hayotimizning yarmi ilg‘ash qiyin tushga o‘xshaydi. U tugagach, haqiqiy reallik boshlanadi. Menda ham shunday hol yuz berdi. Bir necha oylar davomida stsenariy bilan band bo‘ldim, keyin esa hayotimda g‘alati voqealar sodir bo‘la boshladi.
Berri o‘lgudek ichib olib, yana istagan vaqtida bostirib kelaveradigan bo‘ldi. Men uni bir necha marta o‘zim uyiga eltib qo‘yishimga to‘g‘ri keldi. Bir kuni u mashinasini urib olib, ko‘chada qolib ketibdi. Ayni vaqtda uning nomi bevosita mening studiyam bilan bog‘liq bo‘lib turibdi, yana shunday hol takrorlanib, u mast-alast ahvolida militsiya qo‘liga tushgudek bo‘lsa, janjal chiqishi tayin. Men shundan xavotirlanardim. Lekin Berri juda haddidan oshib ketdi, eshikdan haydasam, teshikdan kirib keladi. Oxiri qo‘ng‘iroqlariga umuman javob bermay qo‘ydim, yarim kechalari kelganda ham eshikni ochtirmadim. U esa to‘polon qilishga o‘tdi. Oynalarni sindirib, derazadan kirib kela boshlaganda hayotim haqiqiy do‘zaxga aylandi.
U bir necha haftadan beri Reynxardt maktabiga ham bormay qo‘yibdi. Sababini so‘rasam, u aktrisa bo‘lishni xohlamayman, fikrimdan qaytdim, dedi. U yana surbetlarcha: “Agar menga Nyu-Yorkka ketish uchun poyezdga va onam uchun besh ming dollar bersang, seni butunlay tinch qo‘yaman”, deb pul talab qildi. To‘g‘risi, men uning bu talabiga bajonidil rozi bo‘ldim. Vaqt o‘tkazmasdan darrov poyezdga chipta bilan besh ming dollarni qo‘liga tutqazdim-u, undan qutilganimga xursand bo‘ldim.
U bilan rejalashtirgan ishim o‘zgarib ketdi, ammo men bundan zig‘ircha afsuslanganim yo‘q. Pesa huquqi qo‘limda, stsenariyni ham tugatganman, ko‘nglim to‘q edi.
San-Frantsiskodagi mitingdan so‘ng oylar o‘tdi, ruslar esa hamon behudaga ittifoqchilarini ikkinchi frontni ochishga chaqirardi. Shu kunlari menga Nyu-Yorkdan taklifnoma keldi. Karnegi-xollda bo‘ladigan yig‘inda yana so‘zga chiqishim so‘ralgandi. O‘ylab ko‘rib, bu ishni keragicha qildim, boshqa bunday uchrashuvlarga bormayman, degan qarorga keldim. Jek Uorner bilan tennis o‘ynayotib, taklifnoma haqida unga aytgandim, u birdan boshini g‘alati qimirlatib, “bormang”, dedi.
– Nega endi? – so‘radim uning keskin gapirganligini ko‘rib.
U hech narsani tushuntirib o‘tirmay, qo‘shib qo‘ydi:
– Siz gapimga kiring, bormang.
Jekning gapidan keyin mening kajligim tutdi, Karnegi-xolldagi mitingga bordim. U yerda ikkinchi frontni ochishga da’vat qiladigan qizg‘in nutqlarga zarurat bo‘lmadi. Asosiy maqsad Rossiyaning Stalingrad ostonasidagi g‘alabasini sharhlab, amerikaliklarni ruhlantirishga qaratilgandi. Perl Bak, Rokuell Kent, Orson Uelles va boshqa bir qancha taniqli kishilar qatnashdi. Mendan oldin Orson Uelles minbarga chiqib, bu yig‘ilishda gapirishga biron sabab ko‘rmayotganini aytdi.
– Modomiki, dedi u, – gap ruslarga urushda yordam berish haqida ketayotgan ekan, buni qilish kerak. Ruslar bizning ittifoqdoshimiz.
U qisqagina gapirdi-da, so‘zni menga o‘tkazib yubordi. Ko‘rinishim bilan zalda qiyqiriq, gurros qarsak boshlandi. Uellesning gapi jur’atimni uyg‘otib yubordi-yu, o‘z so‘zimni meni bu urushga buyruq berishni istayotgan kishi sifatida ayblagan bir muxbirni eslashdan boshladim.
– Meni g‘azabimni qo‘zg‘agan o‘sha jurnalistning o‘zi boshqarishni istashi shundoq ko‘rinib turibdi. Uning alam-achchig‘ining boisi shuki, biz boshqa-boshqa strategiyada yuribmiz – u ikkinchi front ochilishini istamaydi, men esa xohlayman!
“Deyli Uorker” gazetasida “Bu mitingda Charli va uning tinglovchilari orasidagi xayrixohlik hukmronlik qildi”, deb yozildi. Ammo o‘sha uchrashuvdan so‘ng mening qalbimga qandaydir g‘ulg‘ula tushdi. To‘g‘ri, o‘z ishimdan mamnun edim, shu bilan birga nimadandir yuragimda xavotir bor edi.
Karnegi-xolldan chiqib Tim ikkimiz Konstans Kolliyernikiga kechki ovqatga bordik. Biz “Uoldorf-Astoriy” mehmonxonasiga qaytganimizda xonamga Joan Berri meni so‘rab bir necha marta qo‘ng‘iroq qilgani haqida xabar qoldirilgan ekan. Jazavam tutib, shu zahotiyoq qog‘ozni yirtib tashladim, sal o‘tib telefon tinimsiz jiringlay boshladi. Men mehmonxona xodimiga meni hech kim bilan bog‘lamasligini aytmoqchi edim, ammo Tim bunga yo‘l qo‘ymadi.
– Bunday qilma. Yaxshisi u bilan gaplash. Yo‘qsa, u yana kelib janjal chiqaradi.
Telefon yana jiringlagach, noiloj ko‘tardim. Berri men bilan juda osoyishta gaplashdi, shunchaki bir salomlashib ketish uchun kelmoqchiligini aytdi. Men rozi bo‘lib go‘shakni qo‘ydim-da, Timga u keladi, meni u bilan bir daqiqa ham yolg‘iz qoldirmaysan, dedim. Berri kechki payt keldi. U Nyu-Yorkdagi kunlarini Pola Gettiga qarashli “Per” mehmonxonasida o‘tkazgani haqida gapirdi. Men bu yerda ko‘pi bilan bir-ikki kun bo‘laman, u bilan biror joyda o‘tirib ovqatlanishga albatta vaqt topishga harakat qilishimni aytib aldadim. U biz bilan yarim soatcha o‘tirib, keyin uni “Per” mehmonxonasiga kuzatib qo‘yishimni so‘radi. Uni mehmonxona liftigacha kuzatib qo‘ydim-da, tezda ortga qaytishga shoshildim. U nimadir demoqchi bo‘ldi, biroz tik turib qoldi-yu, avzoyimni ko‘rib, indamay ichkariga kirib ketdi. Bu men uni Nyu-Yorkda birinchi va oxirgi bor ko‘rishim edi. Ertasi kuni Nyu-Yorkdan Tim Dyurent bilan birga qaytdik.
Mening ikkinchi frontni ochishga qaratilgan chiqishlarimning natijasi shu bo‘ldiki, hayotimning yorqin lahzalari borgan sari yo‘qlikka qarab keta boshladi. Endilikda meni hech qaysi kazo-kazolarning serhasham xonadonlariga taklif qilmay qo‘ydilar.
Karnegi-xolldan qaytganimdan so‘ng ko‘p o‘tmay, “Kolumbiya” radiokompaniyasining xodimi, yozuvchi Klifton Fedimen menikiga tashrif buyurdi. U xorijliklar uchun radio orqali chiqish qilib, istagan narsangizni gapiring, deb yetti daqiqa vaqt berdi. Men rozi bo‘ldim. Ammo u o‘z so‘zimni boshlashdan avval Ket Smitning dasturida chiqayotganimni aytib o‘tishim kerakligini eslatishi bilan fikrimdan qaytdim. Negaki, mening urush borasidagi fikrlarimdan va mendan reklama maqsadida foydalanishlari yoqmaydi. Fedimen juda layoqatli va madaniyatli kishi, men uni xafa qilmoqchi emasdim. U birdan qizarib ketdi. Men tilimdan bexos chiqib ketgan ba’zi ahmoqona so‘zlarimdan afsuslandim.
Keyingi vaqtlarda ham uyimga juda ko‘p maktublar kelib turdi. Ularda ikkinchi front himoyasini muhokama qilish yo nutq so‘zlash kabi turli takliflar yozilardi.
Meni siyosiy ishlar bu qadar domiga tortib ketayotganini o‘ylar ekanman, o‘z-o‘zimga savol berardim: meni bunga kim majbur qildi? Aktyor hayotiy tomoshalar ko‘rsatishga o‘tib ketmadimi? Men fashizmga qarshi film yaratishdan avval bu telba davralarga yaqinlashganmidim? Ehtimol, shular ovozli filmga qarshi qarashlarimning uyg‘onishiga bois bo‘ldimikan? Menimcha, menda bularning hammasi azaldan mavjud bo‘lgan. Ulardan eng kuchlisi fashizmga bo‘lgan nafratdir.
* * *
Beverli-xillzga qaytgach, “Asliyat va ko‘lanka”ni ekranlashtirish ustida ishlay boshladim. Kunlarning birida menikiga amerikalik yirik rejissyor va aktyor Orson Uelles tashrif buyurdi. U hayotiy voqealar asosida turkum hujjatli filmlar suratga olayotgan ekan. Qahramonlaridan biri “Ko‘k soqol” laqabli frantsiyalik mashhur qotil Landryu rolini menga taklif qildi. Siz o‘ynasangiz, ijodingizda o‘ziga xos dramatik rol bo‘ladi, dedi u.
Uellesning taklifiga qiziqib qoldim, chindan o‘zim ham komediyalardan so‘ng qandaydir o‘zgarish bo‘lishini istardim. Eng muhimi, o‘zim o‘ylab topib, o‘zim yozib, sahnalashtirmaydigan biron-bir rol bo‘lsa.
Men xursand bo‘lib, undan tanishib chiqish uchun stsenariyni so‘radim.
– Hali yozilmagan, – dedi u. – Ammo Landryu ishi bo‘yicha ma’lumotlar yetarlicha, bu degani, stsenariy yozish qiyin kechmaydi. O‘zingiz stsenariyni tayyorlashga yordam bermaysizmi, Charli?
Hafsalam pir bo‘ldi.
– Hali stsenariy yozilmagan bo‘lsa, ochig‘i, buni menga qizig‘i yo‘q, Uelles.
Shu bilan gapimiz tugadi.
Oradan bir-ikki kun o‘tgach, xayolimga to‘satdan Landyu voqeasi bo‘yicha ajoyib komediya yaratsa bo‘ladi, degan fikr kelib qoldiyu. Uellesga qo‘ng‘iroq qildim.
– Meni yaxshilab eshiting, Uelles, menda bir fikr paydo bo‘ldi. Siz aytgan mavzudan yaxshi komediya chiqarsa bo‘ladi. Uni hujjatli film qilishning hech keragi yo‘q. Oramizda xafagarchilik bo‘lmasligi uchun men sizga besh ming dollar bersam, siz esa o‘sha voqeani menga gapirib berasiz.
U biroz mijg‘ovlandi-yu, keyin yo‘q degandek javob qaytardi.
– Bilasizmi, Landyu voqeasi faqat siz yoki boshqa birov uchun topilmagandir. Undan istagan odam foydalana oladi, menimcha.
Uelles o‘ylab ko‘rib, rozi bo‘ldi va advokatim bilan bog‘laning, dedi. Ishni darrov hal qildim. Uelles besh ming dollarlik bo‘ldi, men bu masala bilan bog‘liq hamma majburiyatlardan xalos bo‘ldim. Faqat, Uelles bir shart qo‘ydi, film titriga “Orson Uelles hikoya qilgan syujet asosida olindi” deb yozasiz, dedi. Men u birdan huquq talab qilib qolishi, har xil tuhmatlar kelib chiqishini oldini olish maqsadida bunga rozi bo‘ldim.
O‘z ishimga berilib ketganimdan Uellesning bu talabini jiddiy o‘ylamay qo‘yaqolgandim. Agar u keyinchalik bundan o‘z manfaati yo‘lida foydalanishini bilganimda, boshidanoq titrga hech qanday qo‘shimcha qo‘shilmaslikka qat’iy turgan bo‘larmidim.
Bu orada pesani suratga olishni chetga surib qo‘ydim-da, “Mse Verdu” nomli boshqa stsenariy yoza boshladim va uch oylar o‘sha ish bilan mashg‘ul bo‘ldim. Beverli-xillzda yana Joan Berri paydo bo‘ldi. Xizmatchilarim u uyga qo‘ng‘iroq qilganini aytdi. Men uni umuman ko‘rishni xohlamayman, javob bermang, kelsa kiritmang, dedim. Uning surbetligi shu qadar jonimga tekkan, ustiga u hech bir ablahlikdan qaytmasligidan xavfsirardim. Shuning uchun ko‘rishishdan qochdim. Berri shu darajaga yetdiki, uyimga kelib to‘polon ko‘tardi, oynalarni sindirib, qo‘lida qurol bilan menga po‘pisa qildi va pul talab qildi. Oxir-oqibat men politsiya chaqirishga majbur bo‘ldim – o‘zi bu ishni allaqachon qilishim kerak edi. Bu voqea gazetalar uchun mazali xo‘rak bo‘ladi. Politsiya nozirlari janjal ko‘tarilmasligi uchun Joanning sayoqligi ustidan da’vo qilmasligimni, Nyu-Yorkka qaytib ketishi uchun pul to‘lashga rozi bo‘lsam ish tinchgina bosdi-bosdi bo‘lishini aytdi. Men bunga rozi bo‘ldim, politsiya uni ogohlantirib, Beverli-xillzga kelishini taqiqladi. Agar bu yerda yana qorasini ko‘rsatgudek bo‘lsa, sayoqligi uchun qamoqqa olinishini aytishdi.
Hayotimni bir film deb qaraganimda, undagi o‘sha qabih epizodlari ketidan baxtli voqealar sodir bo‘ldi. Hayot o‘zi shunaqa. Tun zulmatidan so‘ng yangi tong otib, quyosh chiqadi.
Bir necha oy o‘tib, Gollivudning kino aktyorlar bilan ishlash bo‘yicha agenti Uollis xonim qo‘ng‘iroq qildi. Uning aytishicha, Nyu-Yorkka bir aktrisa kelibdi. U men tayyorlayotgan “Asliyat va ko‘lanka” filmimning bosh qahramoni Brijetga to‘g‘ri kelarmish. O‘sha kezlarda “Mse Verdu” stsenariysi meni biroz qiynab qo‘ygan, qahramonim harakatlarining psixologik asosini topolmay siqilib yurgandim. Uollis xonimning bu gapidan keyin “Mse Verdu”ning taqdirini keyinroqqa surib qo‘ya qoldim. Men pesaga qaytdim va Uollis xonimga qayta qo‘ng‘iroq qilib, topilgan aktrisa haqida hamma narsani batafsil so‘rab oldim. O‘sha aktrisa mashhur yozuvchi Yujen O’Nilning qizi – Una O’Nil ekan.
Men yozuvchi bilan shaxsan tanish emasdim, ammo, uning asarlarini o‘qiganman. Pesalaridagi tafakkur zalvorni eslab, qizi ham teran fikrli inson bo‘lsa kerak, deb o‘yladim.
– U o‘ynay olarmikan? – so‘radim Uollis xonimdan.
– U bir muddat teatrda ishlagan, – deb javob qildi xonim. – Yozda u truppasi bilan Sharqqa borib kelgan ekan. O‘zingiz sinab ko‘rganingiz durust, agar xohlasangiz menikiga keling. Uni uyga o‘zim chaqiraman, dedi. Bu gap menga ma’qul keldi va vaqtidan ilgariroq yetib bordim. Uollis xonimning mehmonxonasiga kirishim bilan kamin yonida o‘tirgan yoshgina qizni ko‘rdim. Salomlashgach, u bilan suhbatlashish men uchun sharafligini izhor qildim. U jilmaydi va mening pinhon xavotirlarimni butkul tarqatib yubordi. Men shu lahzadayoq uning o‘ziga xos malohatiga, ichki va tashqi jozibasiga asir bo‘lib qoldim. Uy sohibasi kelgunicha u bilan turli mavzularda gaplashib turdik. Yoqimli suhbat bo‘ldi.
Nihoyat, Uollis xonim ko‘rindi va bizni bir-birimizga tanishtirdi. Uollis xonim, Una O’Nil xonim, Tim Dyureent va men birga tushlik qildik. Ish haqida gaplashmaslikka intilsak-da, baribir gap uning atrofida aylanardi. Uollis xonim bexosdan Una O’Nil yaqindagina o‘n yettiga to‘lganini aytib qoldi. Yuragimda birdan afsus hissi tug‘ildi. “Asliyat va ko‘lanka”ning qahramoni juda yosh, bu rol yosh ijrochini talab qilishi to‘g‘ri. Lekin masalaning boshqa tomoni bor – obraz juda murakkab, unga biroz kattaroq, tajribali aktrisa kerak. Men istamaygina O’Nil xonimni bu rolga taklif qilish fikridan qaytdim.
Oradan bir necha kun o‘tib Uollis xonim qo‘ng‘iroq qilib, aktrisa to‘g‘risida qanday xulosaga kelganimni, unga “Foks” kinokompaniyasidagilar qiziqayotganini aytdi. Men shosha-pisha undan O’Nil xonimning raqamini yozib oldim. Bu mening oilaviy baxtimning boshlanishi bo‘ldi. Mana o‘n ikki yildan buyun u bilan saodatli umr kechirmoqdamiz. Umid qilamanki, bu hali uzoq-uzoq davom etadi.
Men Unani qancha yaqindan bilganim sayin, shuncha o‘ziga mahliyo qilardi. U zavq-shavqqa to‘la va qalbi daryo qiz. Hamisha o‘zgalarning fikriga hurmat bilan qaray olar, qoliplardan uzoq edi. Uning shu kabi ko‘pdan-ko‘p hislatlari mehrimni qozondi. Endigina o‘n sakkizga kirgan bo‘lsa-da, uning tabiatida bu yoshga xos bironta injiqlikni kuzatmagandim. Ammo baribir meni yoshimiz orasidagi farq cho‘chitardi. Una mening ichimdagi hadikni aniq ko‘rganday, dadillik bilan bu narsalar uning tuyg‘ulariga daxl qilolmasligini aytdi. Biz “Asliyat va ko‘lanka”ni tasvirga olish tugashi bilan turmush qurishga ahd qildik.
Stsenariyning birinchi qoralamasini bitirib, tayyorgarlikni boshlab yubordim. Agar men Unaning jozibasidan o‘ndan bir qismini filmda ko‘rsatishni uddalay olsam, “Asliyat va ko‘lanka” albatta katta muvaffaqiyat qozonadi.
Baxtga qarshi ayni shu vaqtga kelib, shaharda yana Berri paydo bo‘ldi. Uyimga qo‘ng‘iroq qilib, xizmatchimga uch oylik homiladorligini aytibdi. Buning uchun u hech kimni ayblamagan va bu holiga kim javobgarligi haqida ham lom-mim demagan.
– Meni bunga hech qanday daxlim yo‘q, – dedim xizmatchilarimga. – Agar uyga u yana janjal axtarib kelgudek bo‘lsa, politsiya chaqiraman. To‘polon bo‘lsa bo‘lsin, menga baribir.
Ertasigayoq u uyim atrofida aylana boshladi. Keyinchalik ma’lum bo‘ldiki, qandaydir axloqiy masalalar bilan shug‘ullanuvchi rahmdil bir jurnalist ayol unga shunday qilishini maslahat bergan. Uni mening uyim oldida qamoqqa olishlari kerakligini uyushtirgan ekan.
Men shu zahoti ko‘chaga chiqdimu Berriga agar hozir bu yerdan tuyog‘ingni shiqillatmasang, politsiyaga qo‘ng‘iroq qilishga majburman, deb ogohlantirdim. U esa jim tirjayib turardi. Unaning bunday tovlamachilik qilishlariga ortiq toqatim qolmadi. Shartta hovliga qaytib kirdim-da politsiyaga qo‘ng‘iroq qildim.
Bir necha soat ichida gazetalar bu voqeani katta-katta sarlavhaga olib, bong urishni boshlab yubordi: “Chaplin o‘z bolasini tan olmay, homilador ayolni ta’minlash o‘rniga qamatishga erishdi”. Ustimdan har xil haqoratlar yog‘dirib, sharmandali so‘zlar yozilgan varaqalarni ko‘cha ustunlariga yopishtirishdi. Bir hafta o‘tib, Berrining da’vosiga ko‘ra, menga otalikni tan oldirtirish bo‘yicha ish boshlandi. Men advokatim Lloyd Raytga murojaat qildim va Berri bilan munosabatim ikki yil avval tuganini tushuntirdim.
Rayt bosiqlik bilan boshlayotgan yangi filmni keyinga surib turishim lozimligini va Unani vaqtinchalik Nyu-Yorkka jo‘natishni maslahat berdi. Ammo biz Berri va gazetalarning uydirmalariga qarshi yo‘l tutdik. Men yana Unaning qo‘lini so‘radim. Biz vaqtni o‘tkazmay turmush qurishga ahd qildik. Do‘stim Garri Krokker bilan maslahatlashdik, u hammasini tashkillashtiradigan bo‘ldi. Garri Xerstda ishlardi. U Xerst nashrlari bilan kelishib, to‘y suratlarimizni e’lon qilishni reja qildi. Tanishlarimizdan biri Luella Parsons esa meni obro‘sizlantirishga urinayotgan gazetlarga qarshi maqola yozadigan bo‘ldi.
Biz Santa-Barbaradan o‘n besh mil naridagi kichkina, sokin Karpinteriya qishlog‘ida nikohdan o‘tdik. Lekin bundan avval Santa-Barbara boshqarmasining ruxsatini olishga to‘g‘ri keldi. Hali soat tonggi sakkiz, bu vaqtda shahar uyquda edi. Ruxsat beradigan xodimlar nikohdan o‘tuvchi juftlikdan kimdir mashhur kishi bo‘ladigan bo‘lsa, gazetachilarni ogohlantirib qo‘yar ekan. Buning uchun ularga stol tagidagi tugmani bosishning o‘zi kifoya, muxbirlar fotoapparatlari bilan bir zumda yetib kelishadi.
Garri fotoreportyorlar bostirib kelib qolmasligi uchun Una ro‘yxatdan o‘tib bo‘lmaguncha binodan chiqmay turishimni maslahat bergandi. Unadan tegishli ma’lumotlarn so‘rayotgan xodim, “Kuyov qani”, deb so‘radi. Men ko‘rinish berishim bilan u “Ana syurpriz!” deb yubordi. Garri uning qo‘li darhol stol tagidagi tugmaga yugurganini payqab qolibdi. Biz jon-jahdimiz bilan xodimni shoshiltira boshladik, u qancha ishni cho‘zgan bo‘lsa ham, nihoyat ruxsat beradigan fursat yetdi. Biz binodan chiqib mashinaga o‘tirishimiz bilan reportyorlar mashinasi uchib keldi. Quv-qoch boshlandi – biz Santa-Barbara dalalari bo‘ylab qochib, tor ko‘chalarni aylanib oxiri reportyorlardan qutuldik. Karpinteriyga borib, osoyishtalikda nikohdan o‘tdik va Santa-Barbaradan bir uyni ijaraga olib yashay boshladik. Gazetalar harchand shovqin ko‘tarsa-da, biz bu yerda halovatda edik. Negaki, qayerdaligimizni hech kim bilmasdi. Ammo har safar telefon jiringlaganda beixtiyor yuragim shig‘illab ketardi.
Una bilan bizni hech kim tanimasligi uchun kech tushganda uzoq sayr qilardik. Men tez-tez umidsizlikka tushib qolar, o‘zimni butun millatning g‘azabiga duchor bo‘lgandek his qilar, shu bilan mening kinodagi hayotim ham tugadi, deb o‘ylab qolardim. Bunday lahzalarda Una kayfiyatimni ko‘tarishga urinar, bokiraligi, sofligini qurbon qilgan olihimmat inson haqidagi “Trilbi” asarini uchqunlar sachratib yonayotgan kamin yonida o‘ranib o‘tirib olgancha o‘qib berardi.
Santa-Barbarada kechgan shu ikki oy biroz ma’yus, tashvishli bo‘lsa-da, baxtga to‘liq o‘tdi.
* * *
Los-Anjelesda bizni Qo‘shma Shtatlar oliy sudi a’zosi, do‘stim Merfi yoqimsiz xabar bilan kutib oldi. Ish federal hukumat sudiga oshirilgandi. Ammo federal sud bir necha oy o‘tib, harakat boshladi. Ular meni qabih jinoyatchi deb biluvchi matbuotchilar bilan birlashdi. Hamonki, mening masalam fuqaroviy ish ekan, federal hukumatning bunga nima aloqasi bor, tushunolmasdim.
Tanishlarim maslahati bilan mashhur advokat Gizler bilan maslahatlashadigan bo‘ldik. Rayt Gizler bilan ko‘rishdi. Gizler federal hukumat ishga kirishganini, qaysi punktlarda ayblanishim mumkinligini keyinroq aytishini qo‘ng‘iroq qilib aytdi. Mening hayotim xuddi Kafka hikoyalaridagi dahshatga aylandi.
Rayt Gizler orqali federal sud meni “Manna” qonunlarini buzganlikda ayblashga tayyorgarlik ko‘rayotganini bilib keldi. Sud muddati esa cho‘zilgandan cho‘zildi. Nihoyat, federal sud menga “Manna” qonuni bo‘yicha ikkita, fuqarolik ishi bo‘yicha ikkita band ayblov qo‘ydi. Rayt qon tekshiruvini talab qilish kerakligini aytdi. Bu Berrining bolasi meniki emasligini isbotlovchi rad etib bo‘lmas dalil bo‘lardi. Bir muddat o‘tib, Rayt Berrining advokati bilan quyidagi shartlarga kelishibdi: Agar men Berriga yigirma besh ming dollar bersam, u qon tekshiruviga rozi bo‘larmish va meni uning bo‘xtonidan ozod bo‘lishdek baxtga noil qilarmish.
Men uning taklifga rozi bo‘ldim. Ammo bu bilan ham ish ijobiy tomonga o‘zgarmadi. Biz qiyinchilik bilan kurash olib bordik.
“Manna” qonuni avvalgi paytlarda yengiltak ayollarning bir shtatdan boshqa shtatlarda sayoq yurishini taqiqlash maqsadida qabul qilingan. Bir ajrashgan ayol sobiq eri bilan boshqa bir shtatga biror ish yuzasidan borganda ham ularga nisbatan jazo qo‘llanilgan. Hozir bu qonun kuchini yo‘qotgan, lekin kimdir yoqmay qolgudek bo‘lsa, jazo sifatida ayblashda foydalanilar ekan. Qo‘shma Shtatlar meni o‘sha qonunni buzganlikda aybladi. Bu men o‘zimni oqlashim qiyin bo‘lishi uchun atay qilindi.
Sud kuni yaqinlashganida menga San-Frantsiskodan bir maktub keldi. Uni bir katolik ruhoniysi yozgandi. Unda yozilishicha, Berri bir fashistik tashkilotning quroli bo‘lib, u Los-Anjelesga maxsus tayyorlab jo‘natilgan. Ruhoniy bu xabar bilan birga, agar lozim bo‘lsa, sudda men uchun guvohlik bergani Los-Anjelesga kelishga tayyorligini aytibdi. Men shoshib qoldim. Biroq, Gizler buning sizga qo‘yilgan ayblovga daxli yo‘q, aralashtirmaganimiz ma’qul, dedi.
Shu o‘rinda men Edgar Guver va uning tashkiloti haqida ikki og‘iz to‘xtalib ketishim kerak. Men Guver bilan bundan ko‘p yillar avval tanishganman. Mening ishim federal sudga oshdi, byuro ishimni uning qo‘l ostida o‘rgana boshladi, aybni og‘irlashtirish maqsadida sud vaqtini cho‘zib, jinoyat belgisi bo‘lgan dalillar qo‘shishga urindi.
Mana menga qo‘yilgan ayblov ma’lum bo‘lganidan bir necha kun o‘tib, uni Chezen restoranida ko‘rib qoldim. U Una ikkimiz o‘tirgan stolga yaqin joyda o‘zining Federal tergov byurosi xodimlari bilan o‘tirardi. Ular orasida Tippi Greyni ham ko‘rib hayron qoldim. Statik rollarni o‘ynaydigan bir aktyor qanday qilib Guver yonida yuribdi?
Sud kuni ham uni zalda ko‘rdim. Tippi o‘g‘rincha qarab, menga tirjayib qo‘ygandi. Sud bir necha kun davom etdi. Gizler menga qo‘yilgan to‘rtta band ham eski qonunlar ekanini isbotlashga urindi, Berrining dugonalari Pola Getti va bir nemis qiz kelib, uning uyimga bostirib borgani va mendan pul olganiga guvohlik berdi. Hukm bir necha kunga surildi. Oxirgi sudda ham zalda Tippini ko‘rdim. Sudga har safar yana bir ayol – “Los-Anjeles taym” gazetasining muxbiri kelib, fotokamerasini menga to‘g‘rilab o‘tirardi. U necha marta meni suratga olmoqchi bo‘lsa, men ko‘zoynak taqib olardim. Kamerasini tushirganda, ko‘zoynagimni olib, u bilan mushuk-sichqon o‘ynardim. Zalda o‘tirganlar buni ko‘rib, gurra kulib yuborardi.
Nihoyat, hukm e’lon qilish fursati yetdi va har bir ayblov punkti bo‘yicha aybsiz deb e’lon qilindim. Zalda qiyqiriq ko‘tarildi. Men bu yerda menga tarafdor shuncha odamlar borligiga ishonmagandim. Sudya menga jilmayib qo‘l uzatdi va “Siz ozodsiz, hoziroq zalni tark etsangiz bo‘ladi”, dedi. Men Raytning undovi bilan istamay qo‘lini oldim va sovuqqina qilib rahmat aytdim. Kimdir meni quchoqlab tabriklar ekan, nigohim Tippi Greyga tushdi, u tumshayib o‘tirardi. O‘sha muxbir ayol ham g‘alabamni suratga olmasdan indamay chiqib ketayotganini ko‘rdim…
O‘sha kecha nihoyat tinch uxladim. Ikki kundan keyin Lion Feyxtvanger qo‘ng‘iroq qildi. Suhbatimiz orasida u menga shunday deb hazillashdi:
– Siz Amerika tarixida siyosiy to‘fonlar keltirib chiqargan yagona aktyor bo‘ldingiz.
Endi Una ikkimizning birdan-bir istagimiz Kaliforniyadan ketish edi. Bu paytda Una besh oylik homilador edi. Dam olishimiz kerak. Biz eng baxtiyor damlarimizda bunday beomon kurash ichiga tushib qolgandik. O‘zimiz bilan qora mushugimizni ham oldik-da, Nyu-Yorkka jo‘nadik va o‘zimizga Niakdan bir uyni ijaraga oldik. O‘sha uy shovqindan uzoqdagi toshloq bir joyda, kichikroq va eskidan qolgan – 1780 yilda qurilgan ajoyib uy edi. Bizni u yerda xushfe’l beka kutib oldi.
Uy bilan birga bitta qari fokstererni ham qabul qilib oldik. It bizga tez o‘rgandi va ortimizdan ergashib yuradigan bo‘ldi. U nonushta paytlari ayvonda paydo bo‘lar, dumini do‘stona likillatib, biz nonushta qilib bo‘lgunimizcha xalaqit bermaslik uchun, indamay polga yotardi. Bizning qora mushugimiz uni qo‘rishi bilan vishillab achchiqlanar, ammo foksterer boshini ko‘tarib qarab ham qo‘ymas, bu bilan o‘zining ahillikda yashashga tayyorligini ko‘rsatardi.
Niakdagi bu kunlarimiz osoyishta, chinakam farog‘atda kechdi. Bizni hech kim bezovta qilmadi, bizning ham hech kim bilan ishimiz bo‘lmadi. Lekin meni hamon sud dilxiraliklari butkul tark etmagan, kechirgan azoblarim meni ijod kayfiyatidan uzoqlashtirgandi. Shunga qaramay, men “Janob Verdu” stsenariysini yakunlab qo‘yishga kuch topdim. Endi menda iloji boricha tezroq ishni amalga oshirish istagi uyg‘ongandi. Biz bu yerda yarim yildan ko‘proq qolishni reja qilgandik, chunki Una shu yerda tug‘ishni xohlardi. Rejamiz o‘zgardi. Men Niakda ishlolmasdim, besh hafta o‘tib Kaliforniyaga qaytib keldik.
Turmush qurganimizdan so‘ng Una aktrisa bo‘lish fikridan qaytgandi. U na teatrda, na kinoda rol o‘ynash istagi yo‘qligini tan oldi. Men bundan xursand bo‘lgandim. Nihoyat, mening yonimda shon-shuhrattalab yulduz emas, ayol bor edi. Lekin, gohida kino Una siymosida nafis yumor hissiga ega ajoyib aktrisani yo‘qotdi, degan fikr ham kechardi.
Men shundan keyin “Asliyat va ko‘lanka”ni ekranlashtirishdan kechib, suratga olinishi rahbariyat tomonidan qo‘pollarcha to‘xtatib qo‘yilgan “Mse Verdu”ga qaytgandim.
* * *
O‘tgan sud kunlarida yonimda bo‘lib, butun oilasi bilan astoydil oqlanishimni istagan do‘stlarim Salka Firtel, Kliffodd Odets, Eysler va Feyxtvangerlar edi.
Aktrisa Salka Firtel Santa-Barbaradagi uyida bir guruh san’at va adabiyot vakillari ishtirokida ajoyib kecha tashkil qildi. Tomas Mann, Bertolt Brext, Shenberg, Hans Eysler, Lion Feyxtvanger, Stefan Spender, Siril Konnolli va boshqalar tashrif buyurdi. Salka qayerda yashamasin, u doim shunday kechalarni uyushtirishni yoqtiradi.
Biz Bertolt Brext bilan Hans Eyslerning uyida tez-tez ko‘rishib turardik. U – kamgap, og‘zidan sigareta tushmaydigan, hayotiy zavq va ijodiy qudratga to‘liq kishi. Bir kuni men unga, “Mse Verdu” stsenariysini ko‘rsatdim. U tezda stsenariy bilan tanishib chiqib, shunday degandi:
– O, siz xitoycha uslubda stsenariy yozibsiz!
Bo‘ldi – boshqa hech qanday gap-so‘z yo‘q.
Lion Feyxtvangerdan esa bir marta Shtatlarning siyosiy ahvoli haqida nima deysiz, deb so‘ragandim, u hozirjavoblik bilan:
– Bir-biriga o‘xshash va qiyoslash mumkin bo‘lgan muhim jihatlar bor. Men Berlinda yangi uy qurgandim, hokimiyat tepasiga Gitler keldi va men u yerdan ketdim. Parijda ijara uyimni jihozlab ulgurmasimdan fashistlar paydo bo‘ldi va men u yerdan ham ketdim. Hozir men Amerikadaman, yaqindagina Santa-Monikadan uy sotib oldim…
Feyxtvanger yelkasini qisgancha, ma’noli jilmayib qo‘ydi.
Oldos Xaksli va uning rafiqasi bilan tez-tez ko‘rishib turamiz. U allaqachon mistitsizmga berilib ketgan, to‘g‘risini aytsam, menga XX asrning “surbetlashgan” yangi avlodi ko‘proq ma’qulday.
Do‘stlarim orasida Teador Drayzer ham bor, u meni o‘z fikrlari bilan doim lol qoldirgan. Ba’zan u sohibjamol rafiqasi Elen xonim bilan biznikiga kelardi. U qalban juda jo‘shqin va keskir fikrli bo‘lsa-da, jamiyatda doim muloyim, sokin bo‘lgan.
Vaqti kelib men yana o‘z ijodim haqida o‘ylay boshladim. Men yetarlicha obro‘sizlantirilgan bo‘lsam-da, bir yaxshi komediya yaratishim barcha to‘siqlarni parchalab yuborishiga ishonchim komil edi. Shu ishonch bilan “Mse Verdu”ni yozib tugalladim. Men bu stsenariyni deyarli ikki yil yozdim – asos topish, dalillash qiyin kechdi. Ammo suratga olishimga atigi uch oy yetarli bo‘ldi. Bu mening tajribamda kuzatilmagan rekord muddat edi. So‘ng filmni e’lon qilish uchun stsenariyni Brin boshqarmasi tsenzurasiga yubordim. Ko‘p o‘tmay, kartina taqiqqa tushgani haqida bildirishnoma oldim.
Brin boshqarmasi – bu Amerika kinoassotsiatsiyasi tarkibidagi tsenzura bo‘limi edi. Albatta tsenzura kerak, bunga qarshiligim yo‘q, ammo aniq chegara-miqyosi erkin bo‘lishi kerak. Senzura qonunlari dogmatik asosda bo‘lmasligi, muhokamalar mezonlari mavzu mohiyatiga zid bo‘lmagani holda undan yiroq ham bo‘lmasligi kerak.
Axloqiy nuqtai nazardan jismoniy zo‘rliklar, noto‘g‘ri harakatlar har xil shaklda namoyon bo‘ladi, oqning oqligi, qoraning qoraligini yaqqol ko‘rish qiyin. Kinoda mavjud hayot muammolarini aynan emas, balki undan yomonroq shaklda ko‘rsatilishi mumkin deb hisoblayman. Bernard Shou aytganidek, yomonlik uchun tishga musht tushurish – hayotiy muammolarni yechishning eng yengil yo‘lidir.
“Mse Verdu”ning nega taqiqqa tushganini izohlashdan avval uning qisqacha syujetini aytib o‘tishim kerak. “Ko‘k soqol” Verdu oddiy bank xodimi, bosim bilan mehnat qilib ko‘p vaqtini yo‘qotgach, boshqa ish bilan shug‘ullanishga qaror qiladi. U badavlat bir qari qizga uylanadi, so‘ng meros qo‘liga o‘tishi uchun uni o‘ldiradi. Uning kasalmand, sodda qonuniy xotini qishloqda kichkina o‘g‘li bilan yashaydi va erining jinoyati haqida hech narsa bilmaydi. Navbatdagi qotillikdan so‘ng xuddi og‘ir mehnat kunidan qaytgan oqko‘ngil burjua kishisidek mse Verdu uyiga qaytadi. Bu odam – o‘z mohiyatiga ko‘ra, fazilat va illatning paradoksidir: u o‘z bog‘idagi atirgullarini parvarish qiladi, boqqa qurt tushishiga yo‘l qo‘ymaslikka intiladi, o‘z qurbonini esa bir burchakdagi axlatga qo‘shib yoqib yuborgan. Stsenariy zamirida achchiq kulgi bor, ijtimoiy tartiblarning qattiq tanqidi.
Senzorlar menga yuborgan xatda taqiq sabablari, g‘oyaga emas, personajlarim xarakteri, ularning gap so‘zlaridagi axloqsizlikka qaratilgan edi. Masalan, stsenariydagi fohisha qizning diologlari va boshqa ko‘p epizodlarni o‘zgartirishim shartligi ko‘rsatilgan. Men ular e’tiroz bildirgan jihatlarga stsenariydan sahnama-sahna havola keltirib va har bir jumla, xatti-harakat nima uchun kerakligini tushuntirishga urinib javob xati yubordim. Yozma bahslarimiz uzoq davom etdi, ular ham, men ham tortishishni qo‘ymadim. Oxiri ular men bilan asarni muhokama qilishdan xursandliklarini, ammo bu stsenariy kinosanoat kodeksi talablariga muvofiq kelishi shartini ta’kidlab yozib yuborishdi.
Brin boshqarmasiga o‘zim bordim. Meni to‘g‘ri janob Brinning qabulxonasiga boshlab borishdi. Bir necha daqiqadan keyin uning yordamchilaridan biri, baland bo‘yli, yoshgina yigit kirib keldi. U menga kutilmagan sovuq ohangda muomala qila boshladi.
– Siz katolik cherkoviga qarshimisiz? – so‘radi u.
– Nega buni so‘rayapsiz? – savolga savol bilan javob qaytardim.
– Ha, mana, – dedi u, stsenariyni stolga irg‘itib tashlarkan. – Hukm kamerasi epizodida jinoyatchi Verdu ruhoniyga qarab nega bunday deydi:
“Sizga qanday foydam tegishi mumkin, yaxshi odam?”
– Xo‘sh nima, rostanam u yaxshi odam emasmi?
– Bu bo‘lmag‘ur hazil, – dedi u qo‘lini bepisand niqtab.
– Men bu odamni “yaxshi” deb atash bilan hech qanday odobsizlikka borganim yo‘q, – dedim men.
Bahsimiz shu tarzda qizishib borar ekan, beixtiyor bunaqa so‘z o‘yiniga Shou usta edi-da, degan fikr xayolimdan o‘tdi.
– Dindorlarga yaxshi odam deyilmaydi, ularga ota deb murojaat qilishadi.
– Juda yaxshi. Unga ota so‘zi bilan murojaat qilamiz.
– Mana bu jumla-chi? – dedi u boshqa sahifani ochib. Ruhoniy aytadi: “Men sizni Xudo bilan yarashishingizni so‘rab keldim”. Verdu esa: “Men Xudo bilan arazlashganim yo‘q, odamlar bilan tushunmovchilik bo‘ldi”, deyapti. – Bu nima bilasizmi, jirkanch hazil!
– Sizda shaxsiy fikringizni aytish huquqi bor, demak, bu huquq mendayam bor. Bu mening shaxsiy fikrim.
– Bunisi-chi? – gapimga parvo qilmay matndan parcha o‘qiy boshladi. Ruhoniy so‘raydi: “Nahotki gunohlaringiz uchun vijdoningiz zarracha qiynalmaydi? Verduning javobini ko‘ring: “Kim biladi gunoh nima, kim osmondan o‘z taqdirini bilib tushibdi?” Verdu yana ruhoniydan so‘raydi: “Bu dunyoda gunoh bo‘lmasa, siz nima bilan shug‘ullangan bo‘lardingiz?”
– Ma’qul, – dedim so‘zini uzib, – ehtimol, bu jumlalar bahslidir, biroq tushuning, u ruhoniyga bu gapni hurmatsiz ohangda aytgani yo‘q. Bu kinoya, yumor.
– Ammo sizning Verduingiz doim ruhoniyga hukm o‘tkazyapti.
– Nima, siz ruhoniy ham komik bo‘lishini xohlarmidingiz?
– Yo‘q albatta, lekin nega siz ruhoniyga hech qayerda qat’iy bir javob replikasini bermagansiz?
– Quloq soling, dedim, – jinoyatchi o‘limga hukm qilingan, ammo u chiranyapti. Men ruhoniy javoblariga yana nimadir o‘ylab ko‘rishga tayyorman. Lekin tushungan bo‘lsangiz, ruhoniy o‘z qimmatini to‘la saqlab turibdi, uning so‘zlari qiyofasiga, mohiyatiga mos.
– Bu jumla-chi, – qaysarlik bilan davom etdi u, – ruhoniy “qalbingizga shafqat solsin” desa, u gapni ilib olib, “Nima uchun unday bo‘lmasin? Shafqat axir unga xos!”
– Buning nimasi yoqmayapti?
– “Nega endi unday bo‘lmasin?” – qaytardi u . – Ruhoniy bilan bunday gaplashilmaydi! U balanddan kelyapti.
– Verdu bu gapni go‘yo o‘ziga o‘zi gapiradi. Shoshilmang, yaxshisi, siz tayyor filmni ko‘ring, – dedim men.
– Siz butun davlatni va jamiyatni aybdor qilyapsiz!
– Nima, gapingizga qaraganda, davlat va jamiyat butunlay benuqson bo‘ladi, demoqchimisiz? O‘zim ko‘ra bilgan nuqsonlarini ko‘rsatib berish, mening ishim.
Oxiri stsenariyning ikki-uch joyiga tuzatish kiritib, janob Bringa berdim. U ham fikrlarini aytdi.
– Qizlarni yengiltak qilmaganingiz ma’qul, – dedi u o‘ylanib. – Negadir Gollivudning deyarli har bir filmida fohisha obrazi bo‘ladi.
Har ehtimolga qarshi u bilan tortishmadim, lekin filmda bu jihatga urg‘u bermaganimni aytdim.
Film tayyor bo‘lgach, yigirma-o‘ttiz kishilik tsenzura vakillari va dindorlar guruhidan iborat axloq Legioni a’zolariga ko‘rsatildi. Hayotimda hech qachon o‘zimni o‘sha kundagidek yolg‘iz his etmaganman. Namoyish tugab, nihoyat zal chiroqlari yondi va Brin tomoshabinga murojjat qildi:
– Menimcha, hammasi joyida, film shundayligicha yaxshi! – qisqa qilib so‘zini yakunladi u.
Jimlik cho‘kdi va nihoyat, kimdir unga qo‘shildi:
– Menimcha ham bo‘ladi, qarshiligim yo‘q.
Qolganlar qovog‘ini solgancha jim o‘tirardi. Brin kulimsirab xulosa qildi:
– Demak hamma rozi? Filmni o‘tkazsak bo‘ladi, a?
Zaldagilardan hech bir sado chiqmadi, kimdir istamay bosh silkib qo‘ydi, xolos. Brin bu norozilik alomatini supurib tashlagandek, yelkamga qoqib qo‘ydi.
– Ma’qul Charli, filmni aylantirishingiz mumkin dedi. Bu filmningni kinoteatrlarga tarqatib, e’lon qilaver, degani edi.
Ular avvalboshida filmni qat’iyan to‘xtatish fikrida edi. Endi uni bir martadayoq qabul qilganlaridan biroz dovdirab ham qoldim. Lekin ularning fikri osonlik bilan yaxshi tomonga o‘zgarib qolgani menda shuhba paydo qildi. Ular boshqa biron yo‘l bilan hujum qilmoqchi emasmi?
Oxir-oqibat, o‘ylaganimdek bo‘lib chiqdi. “Verdu”ni qayta montaj qilayotganimda Qo‘shma Shtatlar sud ishlari ijrochisi to‘satdan telefon orqali meni va filmda ishlaganlardan o‘n to‘qqiz kishini Vashingtonga, Amerikaga qarshi faoliyat tergov komissiyasiga chaqirdi. O‘sha vaqtda Los-Anjelosga Florida shtatidan senator Pepper tashrif buyurgandi. Atrofimdagilar u bilan uchrashib, chaqiriq yuzasidan maslahatlashib ko‘rishni, taklif qildi. Men uning oldiga bordim. Amerika fuqarosi emasligimni ham aytib o‘tdim. Senatorning suhbatidan ma’lum bo‘lishicha, Vashingtondan chaqirtirgan komissiya o‘zining konstitutsiyada ko‘rsatilgan huquqlarini talab qilishi mumkin ekan.
Men chaqiriqda o‘n kun ichida Vashingtonda bo‘lishim kerakligi haqida buyruq olgandim. Hech qancha vaqt o‘tmay, mening borishim yana o‘n kundan keyinga qoldirilgani to‘g‘risida telegramma keldi. Bu hol yana bir marta takrorlandi. Uchinchi kechiktirilishdan so‘ng o‘zim ularga telegramma yuborib, nufuzli bir tashkilot meni ishdan qoldirayotganini, bu esa bizga yaxshigina kamomad keltirib chiqarishini aytdim. Yana yaqindagina do‘stim Eyslerni so‘roq qilgani Los-Anjelosga kelgan komissiya shu yerning o‘zida meni ham so‘roq qilsa, davlat mablag‘ini ancha tejagan bo‘lardi, dedim. So‘zim oxirida yana shunday deb yozim:
“Sizlarning qimmatli vaqtingizni tejash maqsadida har ehtimolga qarshi, tashkilotni qiziqtirishi mumkin bo‘lgan o‘zim to‘g‘rimdagi ayrim ma’lumotlarni avvalroq yetkazib qo‘yishni lozim ko‘rdim: Men kommunist emasman va hech qachon biron siyosiy partiya yoki tashkilotga a’zo bo‘lgan emasman. Men sizlarga ma’lum so‘z bilan aytganda, “dunyoni yondirgan o‘t”man. Umid qilamanki, maktub yo‘llaganimni haqorat deb tushunmaysiz. Va yana shuni qattiq so‘raymanki, Vashingtonda bo‘lishim shart bo‘lgan aniq kunni tezroq belgilasangiz. Sizlarga sadoqat bilan Charli Chaplin”.
Hech qancha vaqt o‘tmay, men kutilmagan darajada, bag‘oyat muloyimlik bilan yozilgan javob xatini oldim. Ajabki, unda mening Vashingtonga borishimga zarurat qolmagani va men bu ishni tamoman bartaraf bo‘ldi, deb hisoblayverishim mumkinligi aytilgan edi.
* * *
Men muammolarim bilan bo‘lib “Yunayted artists” kompaniyasi ishlariga u qadar vaqt ajratolmadim. Advokatim kompaniyaning chiqim xarajatlari milliondan oshib ketganini aytib ogohlantirgandi. Bu kompaniya o‘z gullagan davrida yiliga qirq-ellik million dollar daromad qilardi. Men biror marta ikkita dividend olganimni eslay olmayman. Firma rivojlangan paytda Angliyaning to‘rt yuzta kinoteatri aktsiyalarining yigirma besh foizini qo‘lga kiritgandi va hech qanday peniya tug‘ilishiga asos qoldirmay to‘lovlar vaqtida amalga oshirilardi. Bunga qanday erishilgan – aniq bilmayman. Menimcha, kinoteatrlar bizning filmlarni o‘z bilganlaricha prokatda aylantirishlari evaziga kafolatlanganmiz. Boshqa Amerika kinokompaniyalari ham xuddi shu yo‘l bilan ingliz kinoteatrlarining ko‘p aktsiyalarini sotib olgan. Bir vaqtlar bizning aktsiya paketlarimiz “Renk organizeyshn” prokat kompaniyasida o‘n million dollardan ortiq bo‘lgan.
Ammo “Yunayted artists” aktsionerlari o‘z aktsiyalarini sotishni boshlagach, bizning hamma naqd kapitallarimiz batamom foydalanib bo‘lindi, tugadi. Mutlaqo kutilmaganda men o‘zim to‘satdan “Yunayted artists” kompaniyasi aktsiyalari yarmining egasi bo‘lib qoldim, qarzlar esa bu vaqtda million dollarga yetgandi. Qolgan yarmi Meri Pikford xonimga tegishli edi. U hamma banklar bizga kredit berishni rad qilayotganidan xavotirga tushib, xat yozdi. Lekin men bu vaziyatdan unchalik tashvishlanmadim, chunki bizdan avval ham qarzdorlik kuzatilgan, ammo film muvaffaqiyat qozonib, doim kompaniyani qiyinchilikdan olib chiqib ketgan. Men “Mse Verdu”ni tushumi boshqa filmlarim kabi yaxshi bo‘lishiga ishondim. Agentim Artur Kelli ham kamida o‘n ikki million dollar daromad yig‘adi, degandi. Agar u aytgancha mablag‘ yig‘ilsa, kompaniya hamma qarzlarini yopishdan tashqari, million dollar sof daromad qolardi.
Gollivudda do‘stlarim uchun filmning yopiq namoyishini tashkil qildim. Taqdimot tugashi bilan Tomas Mann, Lion Feyxtvanger va boshqa ko‘p do‘stlarim o‘rinlaridan turib uzoq olqishladi. Film muvaffaqiyatiga to‘la ishonch bilan Nyu-Yorkka jo‘nab ketdim. Ammo kelishim bilan “Deyli nyus” menga hujum qilishni boshladi: “Chaplin filmining premerasini o‘tkazish uchun Nyu-Yorkka keldi. Faqat bu “Qizillar yo‘ldoshi” o‘z qahramonliklaridan keyin matbuot yig‘inini tashkil etsa, bizning unga beradigan ikki-uchta savolimiz bor”.
“Yunayted artists”ning reklama amerika matbuoti bilan uchrashishimdan xavfsiray boshladi. Ammo meni xorijiy muxbirlar juda iliq qabul qilgan bir pallada bu g‘alamis gazetalardan jahlim chiqib borardi.
– Kim po‘pisa qilayotgan bo‘lsa, men ulardan ustunman, – deb javob berdim ularga.
Ertasiga ertalab mehmonxona zalini Amerika jurnalistlarini qabul qilish uchun oldik. Men ularga kokteyl ulashilgandan so‘ng ko‘rinish berdim va muhit yaxshi emasligini sezgan holda atayin quvnoqlik bilan xotirjam so‘z boshladim:
– Salom hurmatli xonimlar va janoblar! Filmim va kelajakdagi rejalarim haqida sizlarni nima qiziqtirsa javob berishga tayyorman.
Ular mening so‘zlarimga o‘lik jimlik bilan javob qaytardi.
– Faqat hammasini bir vaqtda emas, – qo‘shib qo‘ydim kulib.
Old qatorda o‘tirgan reportyor ayol savol berishni boshladi.
– Siz kommunistmisiz?
– Yo‘q, – ta’kidlab javob berdim. – Marhamat, keyingi savollar?
Kimningdir to‘ng‘illagan ovozini eshitdim. Bu mening “Deyli nyus”dagi “o‘rtoq”larimdan biri deb o‘yladim. Lekin ovoz bir zum jimib qoldi. O‘rnidan turgan “notiq” paltosini ham yechmagan ko‘rinishi isqirt bir kishi ekan. U enkayib olib qog‘ozga yozilgan savolini tushunarsiz tarzda o‘qiy boshladi.
– Kechirasiz, – to‘xtatdim uni, – yana bir marta o‘qisangiz, men savolingizning bironta so‘zini ilg‘ab ololmadim.
– Biz katolikmiz, urush veteranlari… – boshladi u.
Men yana uning gapini bo‘ldim:
– Tushunmadim, hozir bu yerga katoliklar, urush veteranlarining nima daxli bor? Bu – matbuot konferentsiyasi.
U indamay joyiga o‘tirishi bilan boshqasi savol berdi:
– Nega siz Amerika fuqaroligini olmagansiz?
– Chunki men o‘z fuqaroligimni o‘zgartirishga biron-bir sabab ko‘rganim yo‘q. Men o‘zimni butun dunyoning fuqarosi deb bilaman, – dedim.
Birdan shovqin boshlandi va birvarakayiga bir necha kishi gapira ketdi. Kimdir baqirib hamma ovozni to‘xtatdi-da menga yuzlandi:
– Ammo siz Amerikada mablag‘ jamg‘arasiz.
– Xo‘sh, – deya jilmaydim, – hamonki, siz barini tijoratga taqayotgan ekansiz, keling, ochig‘ini aytib qo‘ya qolaman. Men butun dunyo bo‘yicha pul jamg‘araman. Mening yetmish foiz daromadim xorijdan keladi, lekin hammasining soliq summalari Qo‘shma Shtatlarning hamyoniga tushadi. Ko‘rayotgan bo‘lsangiz, men bu mamlakat uchun foydali mehmonman.
Shunda yana katolik legioni vakili to‘ng‘illadi:
– Siz pulingizni xoh bu yerda, xoh xorijdan jamg‘armang, biz – desantlar bilan Frantsiya qirg‘og‘iga tushib qolganlar, siz AQSh fuqarosi bo‘lmaganingizdan baribir nafratlanamiz.
– O‘sha qirg‘oqqa tushgan bir siz emassiz, – dedim. – Mening ikki o‘g‘lim ham general Patton armiyasida u yerda bo‘lgan va ilg‘orlar safida jang qilgan. Ammo ular siz kabi hech qayerda maqtanmagan va bundan o‘z manfaati yo‘lida foydalanmagan.
– Siz Hans Eysler bilan tanishmisiz? – so‘radi boshqa reportyor.
– Ha, u mening eng yaqin do‘stim, ajoyib musiqachi.
– U kommunistligini bilsangiz kerak?
– Bu meni qiziqtirmaydi. Bizning do‘stligimiz siyosatga asoslanmagan.
– Ammo sizga kommunistlar yoqadiganga o‘xshaydi?
– Hech kim menga kim yoqish-yoqmasligini buyura olmaydi. Biz hali bunchalikka yetib bormadik, deb o‘ylayman.
Bu jangari kayfiyat oshib borayotgan muhitda muloyim boshqa ovoz eshitildi:
– Kichkina jussasi bilan dunyoga quvonch in’om etgan, insonlar ruhiyatini ezgu tushunchalar bilan boyitgan bu san’atkorni Amerika muxbirlari shunday nafrat va mazaxlar bilan haqorat qilishi kerakmi?
Men bu rahmdil ovoz aynan nima haqida gapirayotganini ilg‘ayolmadim va:
– Uzr, savolingizni yana bir qaytaring, – dedim.
Shu payt reklama agentimiz qulog‘imga shivirladi.
– U siz haqingizda yaxshi gaplar aytyapti.
U “Taym” jurnaliga tez-tez ocherk va tanqidiy maqollar yozib turadigan amerikalik shoir va romanist Jim Eji ekan.
Men hujumkor muhit ta’sirida o‘zimni biroz yo‘qotib qo‘ygandim.
– Uzr, o‘sha so‘zlaringizni xuddi o‘shanday yana bir qaytarib yuboring, – dedim.
– Bilmadim, eplarmikanman, – dedi u xijolat bo‘lib, keyin avvalgidek o‘sha so‘zlarini qaytardi.
Men unga tayinli javob aytolmadim.
– Biron narsa deyolmayman… Sizdan minnatdorman, – dedim bosh chayqab.
Shundan so‘ng mening hech nima gapirgim kelmay qoldi. Uning ezgu so‘zlari mendagi jangari tajanglikni yo‘qqa chiqargandi.
– Kechirasizlar, janoblar, – dedim auditoriyaga, – menimcha, biz film xususida gaplashishimiz kerak edi. Buning o‘rniga siyosiy bahsni boshlab yubordik, men buni tugatishni istayman.
O‘sha yig‘ilishdan keyin atrofimda qandaydir kuchli adovat aylanayotganini his qilgan bo‘lsam-da, oxirigacha bunga ishonmadim. “Diktator” katta ekranga chiqqanda ham shunday dushmanona harakatlar bo‘lib o‘tgandi. Ammo u mening hech qaysi filmimda kuzatilmagan katta daromad keltirgan. Filmni ko‘rgan odamlardan qanchalab g‘aroyib xatlar olganman. Bu safar ham “Yunayted artists”ning barcha xodimlari singari “Mse Verdu” katta muvaffaqiyat qozonishiga ishonchim komil edi.
Meri Pikford qo‘ng‘iroq qilib, Una va men bilan birga premeraga borishni istayotganini aytdi. Biz uni “21” restoraniga tushlikka taklif qildik. Meri juda kechikib keldi, nufuzli joyga mehmonga borgani va u yerdan chiqib kelish qiyin bo‘lganini aytib, uzr so‘radi. Biz kinoteatrga yetib borganimizda ko‘chalar odamlar bilan liq to‘la edi. Olomonni zo‘rg‘a yorib o‘tib, foyega kirib kelar ekanmiz, radiodan taralayotgan diktor ovozi eshitildi: “Mana, hozirgina Charli Chaplin rafiqasi bilan yetib keldi, so‘zsiz kinoning ajoyib yulduzi, amerikaliklarning sevimli aktrisasi – Meri Pikford xonim ular bilan birga. Meri, ehtimol siz bu ajoyib premera haqida bir-ikki so‘z aytarsiz?”
Foye odamlarga to‘la edi, Meri qiyinchilik bilan mikrafonga yetib keldi va mening qo‘limni mahkam ushlab olgancha, tegramizga yopirilib kelayotgan olomon oqimi ichida shunday dedi:
– Bundan ikki ming yil ilgari Iso tug‘ilgan, bugun esa… – Biroq, u o‘z so‘zini oxiriga yetkaza olmadi, olomon bizni shu tobda mikrafondan uzoqqa surib yubordi.
Men keyinchalik ham o‘ylab yurdim, – Meri o‘shanda nima demoqchi edi, o‘sha jumlani qanday tugatmoqchi bo‘lgan…
Premera kuni zalda qandaydir xavf hukm surayotganini his qildim, tomoshabinlar xuddi o‘z ishtiroklari bilan nimanidir isbotlashga kelgandek tuyulardi. Kutilgan shodlik kayfiyati bilan bir vaqtda filmning birinchi kadrlaridanoq boshlangan asabni buzguvchi qarsak va hushtakbozlik meni bo‘g‘a boshladi. Bu hushtakbozlik dilimni muxbirlar hujumidan battarroq og‘ritdi.
Joyimda o‘tirar ekanman, bezovtalanishni boshladim. Zalda kimlardir kulardi, lekin hamma emas. Bu bir paytlardagi “Oltin vasvasasi”, “Katta shahar yong‘ini” yoki “Elkaga” filmlarimda eshitilgan kulgi emasdi. Bu kulgi baayni menga qarshi tomoshabinlar guruhining dushmanona qilig‘i edi. Men dahshatga tusha boshladim, oxiri chidolmay Unaga shivirladim:
– Men foyega chiqaman, bunga chidab o‘tirolmayman.
U qo‘limni mahkam siqdi. Qo‘limda turgan programm go‘yo kaftimni kuydirayotgandek, g‘ijimlab stol tagiga tashlab yubordim. Baribir toqatim yetmadi. Sekingina foyega chiqdim. Men o‘zimni masxara bo‘layotganimni his etar, shu tobda kishi topmas yoqlarga ketib qolishni istardim. So‘ng zalda nima bo‘layotganini kuzatish uchun yuqori qavatga ko‘tarildim. Qandaydir bir erkak boshqalardan ko‘proq va namoyishkorona kulardi. Shubhasiz, u asabiy, bu bilan nimanidir isbot qilishni istayotgandek zo‘r berib kulardi. Balkonda ham xuddi shunaqa ahvol.
Men foyening u yog‘idan, bu yog‘iga borib kela boshladim, ko‘chaga chiqib kinoteatrni ikki marta aylanib keldim hamki, vaqt o‘tmasdi. Menga bu ikki soat juda uzoq davom etgandek tuyuldi. Va nihoyat film tugadi va kinoteatr kuzatuvchisi Erl Uilson birinchi bo‘lib foyega chiqib, meni tabrikladi.
– Filmingiz menga yoqdi, – dedi u “menga” so‘zini alohida ta’kidlab. Ortidan agentim Artur Kelli yetib keldi.
– Albatta o‘n ikki million yig‘masa kerak, – dedi u.
– Men yarmiga ham bajonidil rozi bo‘laman, – hazillashib qo‘ydim men ham.
Namoyishdan keyin bir yuz ellik kishiga ziyofat uyushtirildi. Taklif etilganlar orasida eski do‘stlardan ham bor edi.
Oqshomda ham o‘sha qandaydir sovuq kayfiyati hukm surayotgandek tuyuldi. O‘tkir ichimliklar ichilganiga qaramay, baribir tushkunlik meni tark etmadi. Una ham bildirmaygina ko‘rinmay qoldi. U uyga ketgan ekan, biz yarim kechagacha o‘tirdik.
Gerbert Beyerd Suop film unga yoqmaganini ochiq aytgan bo‘lsa-da, men uni ziyrak inson sifatida hurmat qilaman. O‘sha oqshom meni ko‘pchilik maqtab, yaxshi fikrlar bildirishdi. Men kabi ozgina sarmast do‘stim Don Styuart shunday dedi:
– Ularning bari abhlah, Charli! Sening asaringni o‘zlarining siyosiy maqsadlarida foydalanishni istashadi, film juda yaxshi, xalqqa yoqadi.
Ammo shu tobda menga film haqida nima deb o‘ylashlari baribir edi, – menda hech qanday kuch qolmagandi. Don Styuart meni mehmonxonagacha kuzatib qo‘ydi. Una allaqachon uxlab qolgan ekan.
– Nechanchi qavatda turasiz? – so‘radi Don.
– O‘n yettinchida, – dedim balanddagi derazani ko‘rsatib.
– Yo, Xudoyim! Sen bu qanday nomerligini eslaysanmi? Bu karnizga o‘n ikki soat osig‘liq turib, keyin o‘zini pastga tashlab abjag‘i chiqqan kishi yashagan xona-ku! Xuddi o‘zi!
Bundan battari bo‘lmaydi. Premera kechasi ana shu “nota”da tugadi. Ammo men o‘zim “Mse Verdu”ni filmlarim orasida eng teran, eng yuksagi deb hisoblayman.
Meni hayron qoldirgani, “Mse Verdu” Nyu-Yorkda bir yarim oy davomida ekrandan tushmadi. Keyin esa birdan daromad ko‘rsatkichi pasayib ketdi. Men “Yunayted artists” xodimi Gred Sirsdan nega bunday bo‘lganini tushuntirib berishini so‘radim. U esa shunday javob berdi:
– Aslida sizning har qaysi filmingiz uch-to‘rt oy shunaqa katta daromad keltiradi. Chunki, shu muddat ichida sizning sadoqatli ixlosmandlaringiz to‘liq ko‘rib bo‘ladi. Undan keyin oddiy, tasodifiy tomoshabinlar kela boshlaydi. Va ular o‘n yildan beri sizga beto‘xtov hujum qilayotgan nashrlar ularga ta’sir o‘tkazadi.
– Nima, oddiy tomoshabin komediyani tushunmaydimi?
– Qarang! – dedi u, “Deyli nyus” va shunga o‘xshagan bir qancha gazetalarni oldimga qo‘yib. – Bular hamma joyda o‘qiladi! Daromadning birdan pastlashib ketishiga mana shular ta’sir qilmaydi, deysizmi?
Gazetalardan birining yuzidagi kattagina fotosuratni ko‘rib, tang qotib qoldim. O‘sha suratda kinoteatr binosi oldida “Mse Verdu” filmimning afishasi oldida katolik legionining vakili qo‘lida katta plakat ko‘tarib turardi. Plakatda esa shunday so‘zlar katta-katta qilib yozilgan:
“Chaplin – qizillarning sherigi!”
“Kelgindilar yurtimizdan yo‘qolsin!”
“Chaplin – mehmon, uning AQShdagi izzati bitdi!”
“Chaplin – ko‘rnamak! U kommunistlarning dumi!”
“Chaplinni Rossiyaga haydash kerak!”
***
Inson hayotida atrofidagilardan qanchalik salbiy ta’sirlar bo‘lmasin, baribir uning ruhini tushirish oson emas. Gred menga ko‘rsatgan suratni ko‘rib, negadir kulgim kelardi. “Tushunarli. Bu surat naq tonggi beshda olinganga o‘xshaydi”, dedim hazillashib. Chunki, unda o‘sha plakat ko‘targan isyonkor legionerning o‘zidan boshqa biron kimsa yo‘q edi.
“Mese Verdu” qayerda ko‘rsatilayotgan bo‘lsa, barcha seanslarga tomoshabin oqib kelayotgandi. Yirik kinoteatrlarning hammasi filmni sotib oldi, boshqa mamlakatlarda ham namoyish etiladigan bo‘ldi. Ammo Amerika Legionidan po‘pisa xatlar olgach, hammasi ketma-ket namoyishni to‘xtatishdi. Legion prokatchilarni qo‘rqitishga erishdi. Kinoteatrlar Charli Chaplinning biror-bir filmi ko‘rsatilgudek bo‘lsa, albatta biror muammoga yo‘liqishlariga ishondilar. Denverda filmning ilk namoyishiga ko‘p tomoshabin yig‘ildi, ammo u yerdan ham ertasi kuniyoq olib tashlandi.
Nyu-Yorkka bu safargi tashrifim ko‘ngilsiz kechdi. Har kuni qayerdandir film rad etilgani haqida xabar kelardi. Hammasidan oshib tushgani “Diktator” filmim ustidan plageat degan ayblov e’lon qilingani bo‘ldi. G‘alamis nashrlarning uydirmalariga ishongan Senatdan chaqiriq qog‘ozi keldi. U yerda meni to‘rtta senator qarshi oldi.
Avvalo, barcha filmlarimning stsenariysini o‘zim yozganman. Ammo, bular mendan nima istashini bilmasdim. Jarayon boshlangan paytda sudya otasi vafot etganini, marosimga shoshilayotganini aytdi. Qarshi tomon bu vaziyatdan ustalik bilan foydalanib qoldi. Boshqa hollarda men ishni davom ettirishni qat’iy talab qilgan bo‘lardim. Hozir kelisha olmasak, ish yana ancha cho‘zilishi mumkin edi.
Biroq, sudning turli yo‘llar bilan bosim o‘tkazishga kirishgani, Qo‘shma Shtatlarda obro‘sizlanib borayotganimdan cho‘chidim va ular bilan kelishuvga rozi bo‘ldim. To‘g‘risi, endi meni bu yog‘iga nima kutayotganini bilmasdim. Yagona umidim “Verdu”dan keladigan daromad edi, film o‘n ikki million dollar yig‘ishiga ko‘z tikayotgandim. Afsuski, natija men kutgandek bo‘lmadi, film unga sarflangan xarajatlarni zo‘rg‘a qopladi. Oqibatda “Yunayted artists”da jiddiy moliyaviy tanglik yuzaga keldi.
Meri esa xarajatlarni iqtisod qilish uchun mening agentim Artur Kellini ishdan bo‘shashga majbur qildi. Men unga biz ham bu kompaniyaning teng huquqli egasi ekanligimizni eslatib qo‘ydim. “Agar mening agentim ketadigan bo‘lsa, unda sizning ham ketishingizga to‘g‘ri keladi”, – dedim. Meri battar janjal ko‘tara boshladi. U bilan kelisha olmay, butunlay chorasiz ahvolga kelib qoldik. Oxiri men unga “bizlardan birimiz yo o‘z aktsiyalarimizni sotamiz, yo sotib olamiz. O‘ylab ko‘rib, narxingizni belgilang”, dedim. Ammo na Meri, na men bunga harakat qildik. Sharq kino prokatlari bilan shug‘ullanuvchi bir yuridik firma ishga aralashib, kompaniyaning nazorat paketlarini o‘n ikki million dollarga sotib oladigan bo‘ldi. Kelishuvga ko‘ra, ular bizga besh millionlik aktsiya va yetti million dollar naqd pul to‘ladi. Shu bilan o‘zimizni qutqarib qoldik. Endi Meri bilan kelishishgina qolgandi.
– Etti million dollarlik aktsiya sizda qolsin, menga besh million dollar naqd pulni bersangiz, men kompaniyadan ketaman, – dedim Meriga.
U rozi bo‘ldi. Bir necha hafta ichida zaruriy hujjatlar tayyorlandi va nihoyat, advokatim qo‘ng‘iroq qildi:
– Charli, o‘n daqiqadan so‘ng besh million dollar sizning hisobingizda bo‘ladi.
O‘n daqiqadan so‘ng u yana qo‘ng‘iroq qilib, shunday dedi:
– Charli, ish o‘xshamadi. Meri so‘nggi daqiqada birdan fikridan aynib qoldi. Axir, kelishgansizlar, desam, “Yo‘q. Men endi o‘ylab ko‘rdim, u hozirning o‘zida besh million dollarni qo‘lga kiritadi-yu, men o‘zimning ulushimni ikki yil kutishim kerak bo‘ladi”, dedi. Men har qalay, u yetti million, sizdan ikki million ortiq olayotganini tushuntirishga harakat qildim. Lekin Meri daromad solig‘i bilan bog‘liq muammolarni ro‘kach qila boshladi. Xullas, u ko‘nmayapti.
Shunday qilib, biz bu imkonni ham qo‘ldan boy berib, “Yunayted artists”ni arzon bahoga sotib yuborishga majbur bo‘ldik.
“Mese Verdu” keltirgan bu ko‘ngilsizliklardan keyin Kaliforniyaga qaytdim. Amerikaliklardan tasavvur qilib bo‘lmas darajada ko‘nglim qolganiga qaramay, ruhan tetik va o‘zimni yana yangi film boshlashga tayyor sezardim. Xayolimga bir g‘oya keldi-yu, uni tezroq yozib, yuzaga chiqarishga shoshildim.
Insonni eng tez ta’sirlantiradigan zavq hamisha ishqiy syujetlarda bo‘ladi. Gezlit aytganidek, hissiyot fikrdan kuchliroq harakatlanadi. San’at ham aqlga emas, ko‘proq tuyg‘ularga asoslanadi. Bo‘lajak filmimning mavzusi “Mese Verdu”dagi axloqiy pessimizmdan farqli ravishda sevgi haqida edi. Men bu mavzuga bor ilhom-ishtiyoqim bilan kirishib, nihoyat stsenariyni yozib bo‘ldim. “Rampa yorug‘i”ni tasvirga olish uchun yarim yil tayyorgarlik ko‘rdik. Menga o‘n ikki daqiqalik balet musiqa kerak bo‘ldi, qanchalik mashaqqatli bo‘lmasin, uni o‘zim yozishga kirishdim. Film tasvirga olib bo‘lingandan keyin, yozgan kuyimga mos raqs axtara boshladim. Ammo mening musiqam baletga tushadimi-yo‘qmi, bunga ham unchalik ishonchim komil emasdi. Xoreograf yoki raqqoslarning o‘zlari nimadir o‘ylab topar, degan umidda ishni davom ettiraverdim. Birdan ajoyib raqqos Andre Eglevskiy qiyofasi ko‘z oldimga keldi-yu, shu zahoti Nyu-Yorkka qo‘ng‘iroq qilib uni topdim. “Ko‘k qush” filmimda ishtirok etishga nima deysiz, yangi yozilgan musiqaga raqs tushib berasiz, partnyorni o‘zingiz topishingiz mumkin, dedim. U qirq besh daqiqalab Chaykovskiy musiqalariga mohirona raqsga tushgan. Men tasavvur qilayotgan sahnani u yaratib bera olishiga ishonardim. Andre esa taklifimga javoban, avval musiqani eshitib ko‘rishi kerakligini aytdi.
Ellik kishilik orkestr ijrosida yozib olingan o‘n ikki daqiqalik musiqaning aranjirovkasiga bir necha oy vaqt ketdi. Bir tomondan raqqoslar men yozgan musiqani qanday qabul qilar ekan, deya xavotir ola boshladim. Nihoyat balerina Melissa Xeyden va Andre Eglevskiy Gollivudga yetib kelishdi. Ular musiqani eshitib ko‘rayotganda negadir juda hijolat chekdim, ichimda kuy baletga mos emas, deyishsa-chi, degan o‘y halovat bermasdi. Shukrki, musiqa ularga yoqdi va o‘sha lahzadayoq taxminiy harakatlar bilan raqsga tusha boshlaganlarini ko‘rib hayajonga tushdim. Ular raqslari bilan men yozgan kuyga xarakter bag‘ishlashdi.
Bosh qahramonni ijro etadigan aktrisa ham go‘zal, ham qobiliyatli, ham ulkan hissiyot egasi bo‘lishi kerak. Albatta, bu juda katta talab edi. Shu bois, bir necha oylar davomida tanlov o‘tkazdimu, istaganimdek aktrisa topilmaganidan hafsalam pir bo‘ldi. Oxiri, do‘stim Artur Lorens tavsiya qilgan aktrisa – Kler Blumda to‘xtaldim va u bilan shartnoma imzoladim.
Tabiatimizda har qanday yomonlikni unutishga majbur qiladigan, bizni salbiy hislardan himoyalovchi qandaydir sirli kuch mavjud. Sudlardan keyin dilimdan ketmay turgan achchiq tuyg‘ular talxi bora-bora xuddi quyoshda qolgan qordek erib bitdi. Bu vaqtda Una menga Jeraldin, Maykl, Jozi va Vikkidek to‘rt farzand hadya etgandi. Oilaviy hayotimda baxtim to‘kis edi. Har yakshanba kuni uyimga do‘stlarim kelar, ayniqsa, Gollivudning mashhur stsenaristi Jim Eji, yozuvchi va faylasuf Uill Dyurentlar ko‘p vaqtlarini biz bilan o‘tkazardi. Uill Dyurent bizning eng keksa do‘stlarimizdan biri bo‘lib, o‘zi ajoyib olim – Los-Anjelos universiteti qoshidagi kollejda ma’ruzalar o‘qirdi. U nihotda jonboz, yuragi zavq-shavqqa to‘la inson ediki, o‘tkir ichimliklardan emas, hayotning o‘zidan shu qadar sarmast yashashini ko‘rib, lol qolardim. U bir safar mendan:
– Siz go‘zallikni nimada ko‘rasiz? – deb so‘ragandi.
– Menimcha, go‘zallik har joyda hozir, hattoki o‘limda ham. Kulishni uddalay olgan g‘amgin inson – go‘zal! Tabiatda, biz ilg‘ay olgan-olmagan hamma narsada go‘zallik bor. Ularni shoirlar qalbi o‘zgacha his eta oladi. Quyosh nuri tushib turgan axlat qutisida ham go‘zallik bordir, oqova suvga tushgan atirgulda ham. El Greko esa uni chormixlangan Xaloskor qiyofasida ko‘rdi.
Mening javobim uni qanchalik qanoatlantira oldi, bilmayman.
Men Kler Blum bilan ancha yillar avval, Nyu-Yorkda Xerst uyushtirgan balmaskaradda tanishganman. U o‘sha kechada XVIII asrga xos liboslar, oq parikda juda jozibali ko‘ringandi. Mening ajoyib do‘stim Jorj Mur unga xushtor ekanligini bilmasdim. U hammaning oldida baland ovozda Jorjga savol berdi:
– Siz juda sirli shaxssiz. Ayting-chi, buncha pulni qayerdan olasiz?
Bu Jorjga boshqalar oldida qilingan betakalluflik edi. Ammo Jorj o‘zini juda muloyim tutdi va jilmaygancha unga shunday javob berdi:
– Men ko‘mir savdosi bilan shug‘ullanaman, bo‘sh vaqtlarimda esa do‘stim Xichkok bilan chavgon o‘ynab turaman… Mana do‘stim Charli Chaplin, yaxshi biladi, – dedi meni ko‘rishi bilan so‘zini burib.
Kler yana boshqalarga ham bepisand ohangida aql o‘rgatayotganini eshitdim. Shu zahotiyoq mening Klerga nisbatan fikrim o‘zgargandi. O‘sha kecha biz sovuqqina xayrlashdik. Keyinchalik eshitdimki, u kongress a’zosi bo‘libdi, so‘ngra Amerika siyosati haqida “global safsata” degan falsafiy xulosaga kelibdi.
“Rampa yorug‘i” yakunlandi, men u avvalgi filmlarim kabi muvaffaqiyat qozonarmikan, deya hayajonlanardim. Shu bois, uni avval do‘stlarimga ko‘rsatdim va ular juda yaxshi qabul qilishdi.
Biz Una bilan Yevropaga ketish haqida o‘ylay boshladik. U bolalarimizni o‘sha yerda o‘qishini, Gollivud muhitidan uzoqlashishni istardi. Biz ketishga taraddud ko‘ra boshladik va men Amerikaga yana qaytib kirishim uchun viza berishlarini so‘rab departamentga murojaat qildim. Ammo uch oygacha hech qanday javob bo‘lmadi. Shunga qaramay, men moliyaviy ishlarimni tartibga solishda davom etdim. Shu choqqacha nechta soliq deklaratsiyasi berilgan bo‘lsa, barchasini to‘lab kelganman. Lekin, soliq departamenti Yevropaga ketayotganimdan xabar topgach, allaqayerdan katta miqdordagi qarzdorlikni bo‘ynimga ilishni boshladi.
Ular apil-tapil qarzni olti xonali raqamlarda rasmiylashtirib, menga shart qo‘yishga o‘tdi. Agar ikki million dollar depozit o‘tkazmasam, o‘n barobar jarima to‘lashim kerak ekan. Men esa qarzdor emasligimni isbotlash uchun ishni zudlik bilan sudga oshirishlarini talab qildim. Ular menga hech qanday e’tiroz bildirolmadi va ancha pasaytirilgan summani taklif qilishdi.
Men yana qaytish vizasini so‘rab, bir necha hafta javob kutdim. Oxiri, menga viza berilmasa ham baribir ketishimni bildirib, Vashingtongga xat yozib yubordim. Bir haftadan keyin immigratsiya departamenti xodimi qo‘ng‘iroq qildi va “Agar qarshi bo‘lmasangiz, ba’zi bir savollarimizga oydinlik kiritish uchun biz siznikiga bormoqchimiz”, dedi.
– Bajonidil, roziman, – dedim javoban.
Uyimga to‘rt kishi – uch erkak va bir ayol yetib keldi. Ayol yozuv mashinasi ko‘tarib olgan, erkaklarning har birida bittadan magnitafonli kichkina chamadon bor edi. Meni ko‘proq qirq yoshlardagi ozg‘in kishi savolga tutdi. U kelishgan, juda aqlli ekani ko‘rinib turardi. Ular to‘rtta bo‘lib bir o‘zimga hujum qilmoqchi, advokatimni chaqirmay xato qildimmikan, deb o‘yladim shu tobda. Ammo nima bo‘lganda ham, mening hech qanday qo‘rqadigan aybim yo‘q edi. Darrov o‘zimni qo‘lga olib, ularni peshayvonga boshlab chiqdim. Xonim mashinkasini kichkina stol ustiga qo‘ydi, boshqalar divanga joylashib, chamadonlarini oldilariga oldi. Men esa ularning qarshisiga o‘tirdim. Biri chamadonidan qalinligi yarim metrcha keladigan semiz jildni olib, stolga qo‘ydi-da, hujjatlarni varaqlay boshladi.
– Charlz Chaplin – bu sizning haqiqiy ism-sharifingizmi? – so‘radi u.
– Ha.
– Aytishlaricha, sizning asl ismingiz, – u inglizcha bo‘lmagan allaqanday familiyani tushuniksiz g‘udiradi. – Siz Galitsiyada tug‘ilganmisiz?
– Yo‘q. Men Charlz Chaplinman, men otam tug‘ilgan joyda, ya’ni, Londonda, Angliyada tug‘ilganman.
– Siz kommunist bo‘lganingizni tasdiqlaysizmi?
– Hech qachon. Hayotimda biron-bir siyosiy tashkilotga qo‘shilgan emasman.
– Ammo siz otashin nutqlaringizda tinglovchilaringizga “o‘rtoqlar” deb murojaat qilgansiz. Siz bu bilan nima demoqchi bo‘lgansiz?
– Xuddi shunaqa deganman. Lug‘atga qarashingiz mumkin, bu so‘zning yagona egasi kommunistlar deb yozilmagan.
U shunaqa mazmunda so‘roq qilishda davom etdi va kutilmaganda:
– Siz hech ayollarga xiyonat qilganmisiz? – deb so‘rab qoldi.
– Quloq soling, – dedim men iloji boricha bosiqlik bilan, – agar siz meni mamlakatdan chiqarmaslik uchun rasmiy dalil qidirayotgan bo‘lsangiz, ochig‘ini aytib qo‘ya qoling, men ham bu mamlakatda “persona non grata” bo‘lib qolmaslik uchun bor imkoniyatimni ishga solaman.
– Nimalar deyapsiz… Biz shunchaki qaytish vizasini berishdan avval doim shu savolni beramiz.
– “Xiyonatkor” degan so‘zni qanday tushunishim kerak? – so‘radim men.
Ular izohlashga o‘tdilar.
– Deylik, begona ayollar bilan sayoq yuradigan…
– Menimcha, unday emas.
– Agar bizning mamlakatga hujum bo‘lsa, siz u uchun urisharmidingiz?
– Albatta. Men Amerikani yaxshi ko‘raman. Bu mening uyim, men umrimning qirq yilidan ko‘pini shu yerda o‘tkazdim, axir, – dedim.
– Shunday bo‘lsa ham Amerika fuqaroligini olmagansiz?
– Men o‘z fuqaroligimni saqlab qolishimni taqiqlaydigan biror qonun yo‘q, shekilli. Qolaversa, bu yerning har qanaqa soliqlarini to‘lab kelyapman.
– Nima uchun siz partiya yo‘rig‘iga ishladingiz?
– Agar siz menga partiya yo‘rig‘i nimalardan iboratligini tushuntirib bersangiz, o‘shanda unga ishladimmi yoki yo‘q, javob beraman.
Oraga jimlik cho‘kdi. Men gapimda davom etdim.
– Bilasizlarmi, men bu ko‘ngilsizliklarga qanday qilib tushib qoldim?
Ular boshlarini ko‘tarib menga qarashdi.
– Sizning hukumatingiz xizmati bilan.
Meni so‘roq qilayotgan kishi mo‘ylovini silab hayronligini bildirdi.
– Sizlarning Rossiyadagi sobiq elchingiz janob Jozef Devis San-Frantsiskodagi mitingda ruslarga yordam berishni yoqlab nutq so‘zlashi kerak bo‘lgan, ammo u ayni shu kunlarda laringit bilan og‘rib qolgan. Shunda hukumatingizning g‘oyat uddaburon vakillari menga murojaat qilib, janob Devisning o‘rniga so‘zga chiqishimni qattiq iltimos qilishgan. Ana o‘shandan beri boshim shunaqa g‘alvalardan chiqmaydi.
So‘roq yana uch soat davom etdi. Hafta o‘tgach, ular yana qo‘ng‘iroq qilib, departamentga bir kelib-ketishingiz kerak, deyishdi. Advokatim ular yana so‘roq qilmoqchidir, degan fikrda men bilan birga bordi.
Lekin departamentda meni kutilmagan samimiyat bilan qarshi olishdi. Departament rahbari o‘rta yoshli, xushmuomala kishi ekan, u bizni qarshi olarkan, aybdorona ohangda gap boshladi:
– Afsuski, biz sizning vaqtingizni anchagina olib qoldik, janob Chaplin. Hozirda Los-Anjelesda departamentimizning bo‘limi tashkil etilgan, endi turli sabablar bilan Vashingtonga qatnashingizga hojat yo‘q. Ishni iloji boricha hal etish harakatidamiz, faqat bizning sizga aniqlanmagan birgina savolimiz qoldi, janob Chaplin. Xorijda qancha vaqt bo‘lishni mo‘ljallayapsiz?
– Olti oydan ko‘p emas, – dedim men. – Biz shunchaki dam olgani ketyapmiz.
– Mabodo undan ortiq qolib ketsangiz, uzaytirishni so‘rab yana murojaat qilishingizga to‘g‘ri keladi.
U stol ustidagi hujjatlarni qoldirib, xonadan chiqib ketdi. Advokatim varaqqa qarashga ulgurdi.
– Vizangiz tayyor! – dedi u.
Departament boshlig‘i qo‘lida avtoruchka bilan kirib keldi.
– Imzo cheking, janob Chaplin. O‘ylashimcha, siz hali yo‘l hujjatlarini ham tayyorlashingiz kerak.
Imzo chekkach, u yelkamga ohista qoqib qo‘ydi.
– Mana vizangiz, Charli. Yaxshi dam oling va tezroq uyingizga qayting!
Bu voqea shanba kuni sodir bo‘lgandi. Biz yakshanba kuni tongdayoq Nyu-York poyezdiga shoshildik. Men har ehtimolga qarshi Unaga ishonchnoma tayyorlab bermoqchi edim. Agar menga nimadir bo‘lsa, bankda bor-budim saqlanayotgan seyfimdan foydalanishi va egalik qilishi uchun kerak bo‘ladi.
Una kerakli hujjatlarni tayyorlab qo‘ygandi. Los-Anjelesdagi oxirgi kunimizda juda shoshilib qoldik. Bank yopilishiga oz vaqt qolgandi.
– O‘n daqiqa vaqtimiz bor, shoshilishimiz kerak, – dedim men.
Ammo Una ayni shu ishni paysalga solishga urinardi.
– Shu ish kutib tursa-chi, biz hali qaytamiz-ku, – derdi u.
Yaxshiki, men unga quloq solmay, kelajakda yuz berishi muqarrar bo‘lgan turli janjallardan vaqtida o‘zimni asrab qoldim.
Nyu-Yorkka ketar kunimiz biroz qayg‘uli bo‘ldi. Una uyni xizmatchilarga topshirar ekan, men hovlidagi maysazor o‘rtasida g‘alati bir kayfiyat og‘ushida turib qoldim. Qadrdon uyimni tark etayotganimdan yuragimning allaqayeri sim-sim og‘rirdi. Bu yerda ne baxtiyor va hasratli kunlarimiz o‘tmadi.
Xizmatchilarimiz Elen va tog‘lik Genri bilan xayrlashib bo‘lib, oshpazimiz Anna bilan xushlashgani oshxonaga o‘tdim. To‘lachadan kelgan ko‘rkam bu ayol qarshisida biram xijolat bo‘ldimki! Annaning qulog‘i og‘irroq edi. Takroran “yaxshi qoling” deya unga qo‘l uzatdim. Uydan chiqqanimizdan so‘ng Una Anna stulda o‘tirgancha uzoq yig‘laganini aytdi. Bizni vokzalga yordamchim Jerri Epstayn kuzatib qo‘ydi.
Biz to paroxodda jo‘nagunimizcha Nyu-Yorkda bir haftani o‘tkazdik. Bolalar bilan shahar aylanib, biroz ko‘nglimni yozmoqchi bo‘lganimda advokatim Charlz Shvarts qo‘ng‘iroq qilib qoldi. “Yunayted artists”ning sobiq xodimlaridan biri bir necha dollarlik haq talab qilib sudga da’vo qilibdi. “Bu quruq da’vo, Charli, lekin suddan chaqiriq olsangiz, sayohatiingizni to‘xtatishingizga to‘g‘ri kelishi mumkin”, dedi.
Shundan keyin to‘rt kunni ham o‘z nomerimda o‘tkazdim. Una va bolalar bilan Nyu-Yorkni aylanish ham ko‘nglimga sig‘madi. Ammo “Rampa yorug‘i” filmimning matbuotchilar uchun bo‘ladigan namoyishiga borishga qaror qildim. Bundan oldin reklama bo‘yicha agentim Krokker “Taym” va “Layf” jurnallari xodimlari bilan uchrashuv tashkil qilgandi. Tahririyatning bo‘m-bo‘sh oq devorlari uchrashuvning sovuq muhitiga uyg‘un edi. Shtatlarning faxri bo‘lgan “Taym” nashrining shafqatsiz muxbirlari oldida o‘zimni imkon qadar vazmin va quvnoq tutishga urindim. Shohona stolda bizga tortilgan taom ham muhit kabi bemaza edi. Na mening tashrifim, na taom, umuman, bizning hech bir urinishlarimizdan aytarli naf bo‘lmadi. “Taym”chilar “Rampa yorug‘i” reklamasiga yordam berishdan ko‘ra, aksincha, uni ayovsiz tanqid qilishdi. Filmning taqdimotida ham zalda noxush kayfiyat hukm surdi. Shunga qaramay, ayrim nufuzli gazetalar ichida filmga xayrixohlar ham bor ekan. Ularning taqrizlarni o‘qib, ochig‘i, hayron bo‘ldim.
* * *
Tonggi soat beshda “Kuin Elizabet” layneriga ko‘tarildim – bu lahzalar qanchalar zavqli bo‘lishi mumkin edi-ya. Afsuski, sud chaqirig‘idan qochib, bu sayohat lazzatidan bebahra o‘tiribman. Shuncha kunlarim o‘tdi, sud qachon chaqirib qolar ekan deb o‘tirishga toqatim qolmadi va yashirincha mamlakatdan chiqib ketishga ahd qildim. Advokatimni meni shuncha payt yo‘ldan olib qolgani uchun aybladim. Allaqachon hech kimga bildirmay, paroxodga chiqib jo‘nab ketishim kerak edi. O‘n yildirki, menga qilingan ayblovlardan yaxshilik kutmay qo‘yganman. Essiz, men Una va bolalar bilan palubaning yuqorisida turib, paroxodning jo‘nab ketishini, yangi hayotning hayajonli onlarini tuyishni orzu qilgandim. Mana endi bularning o‘rniga eshikni ichkaridan qulflab olib, darchadan yashirincha mo‘ralagancha kayutada yolg‘iz o‘zim o‘tiribman.
Shu mahal kayuta eshigini kimdir qoqdi.
– Bu menman, – dedi Una past ovozda.
Eshikni ochdim.
– Jim Eji bizni kuzatgani kelibdi. U pristanda turibdi. Men yashirincha ketayotganimizni, unga sen illyuminatordan qo‘l siltashingni aytdim. Ana u pirs ortida turibdi.
Una kayuta darchasidan menga uni ko‘rsatdi. Jim bir to‘da odamlardan nariroqda yolg‘iz o‘zi turganini ko‘rdim. U quyosh ostida ko‘zlarini qisgancha paroxod tomonga qarab turardi. Men darrov shlyapamni oldim-u qo‘limni illyuminatordan chiqarib unga silkitdim. Una boshqa darchadan Ejiga tikildi.
– Yo‘q, u seni ko‘rmayapti, – dedi u.
Jim meni ko‘rmadi. Men esa uni o‘sha – ozg‘in jismi bir nuqtaga qadalgan, xayollari dunyodan uzilgandek uzoqlarga ko‘z tikib, kimnidir, nimanidir axtarayotgan holida so‘nggi bor ko‘rgandim. Ikki yildan so‘ng eshitdimki, u yurak xurujidan vafot etibdi…
Nihoyat, layner qirg‘oqdan qo‘zg‘algandan so‘nggina men eshikni ochib, odamga o‘xshab palubaga chiqdim. Mana ko‘z oldimda Nyu-Yorkning beparvo va ulug‘vor qiyofasi mendan uzoqlashib bormoqda. Boshim uzra quyosh porlamoqda, qandaydir omonat va go‘zal lahzalar… Bu ulkan qit’a ko‘z o‘ngimda tumanga do‘nib borar ekan, yuragimni g‘alati bir tuyg‘u qamrab oldi. Men oradan shuncha yil o‘tib, oilam bilan Angliyaga borayotganimdan qattiq hayajonlanardim. Bepoyon Atlantika kengliklari qalbni tozalaydi. Paroxod okean bag‘rida ilgarilab borgani sayin o‘zimni yengil, butunlay o‘zga odamdek seza boshladim. Endi men kino dunyosining zarbalardan zada bo‘lgan afsonasi emas, hamma kabi rafiqasi va bolalari bag‘rida hordiq chiqargani yo‘l olgan bir oila boshi edim. Bolalar paluba tepasiga chiqib o‘ynashdi, Una ikkimiz shezlongda o‘tirib, ularni tomosha qildik. O‘sha lahzalarda butun vujudimda bir cheti g‘amginlikka tutash chinakam baxtni tuydim. Biz shtatlarda qolgan do‘stlarimizni bir-bir esga oldik, immigratsiya departamentining bizga qilgan yaxshiligi haqida gaplashdik. Yaxshilikning kichik bir uchquni ham ruhni ko‘tara oladi, inson tabiatida yovuzlikni qo‘zg‘atish qiyin aslida.
Biz faqat dam olish haqida o‘yladik, birga o‘tgan har onimizdan zavq olishga harakat qildik. Oilam bilan birgaligim ruhimga tetiklik bag‘ishladi. Har tongda o‘zgacha hayotiy kuch bilan uyg‘onardik. Lekin bu paytda Yevropa ekranlarida “Rampa yorug‘i” namoyish etilishi kerak edi. Biz esa bo‘lib o‘tgan g‘avg‘olar sababli kech qoldik. Bir tongda Adolf Grin, Artur Rubinshteyn va uning rafiqasi biz bilan birga nonushta qilgani kelishdi. Ovqatlanish paytida Garri Krokerga radiogramma kelib qoldi. Garri uni cho‘ntagiga solmoqchi edi, xabarchi, “Ular radiodan javob kutmoqda”, dedi. Garri radiogrammani jimgina o‘qidi-yu, negadir qovog‘ini solgancha uzr so‘rab stoldan turib ketdi. Keyinroq u meni o‘z kayutasiga chaqirib, radiogrammani o‘qib berdi. Unda men uchun Qo‘shma Shtatlarga kirish taqiqlangani yozilgan edi. Men ruxsat olish uchun avval Immigratsiya departamentining birqancha siyosiy va axloqiy savollariga javob berishim kerak ekan. “Yunayted press” xodimlari ushbu masala bo‘yicha biror bayonot berish-bermasligimga qiziqa boshladi. Asablarim shu qadar qaqshab ketdiki! Shu lahzalardan menga bu baxtsizlik yurtiga yana qaytamanmi-yo‘qmi, baribir edi. Men ularga u yerning havosidan nafas olmayotganim, mashmashalaridan uzoqlashganim va Amerika hukumatining bo‘g‘zimga kelgan haqoratlari-yu, ikkiyuzlamachiligidan, umuman barcha-barchasidan charchaganimni jon-jon deb yozib yuborgan bo‘lardim. Yana shuni aytmoqchi edimki, men hali bu mamlakatga albatta qaytaman va ularning barcha ayblovlariga javob bera olaman. Departamentning menga bergan qaytish vizasi esa allaqanday qog‘oz parchasimi yo Qo‘shma Shtatlar hukumatining kuchga ega hujjatimi – shuni aniqlashtirib olaman.
Ammo mening bor-budim shtatlarda qolgandi, ular mulkimni musodara qilish uchun yana nimadir o‘ylab topsalar-chi, degan o‘y meni to‘xtatib qoldi. Men endi ulardan qonunga zid har qanday qabihona harakatni kutardim.
O‘sha lahzalardan yana halovatim yo‘qoldi. Gazetalar bayonot berishimni so‘rab radiogrammalar yubordi. Sautgempton oldidagi birinchi bekat Sherburga yetganimizda bortga Yevropa gazetalarining yuzlab muxbirlari yopirilib chiqdi. Men nonushtadan keyin restoranda ularga bir soat intervyu beradigan bo‘ldim. Ammo qiziqqon muxbirlar meni juda charchatdi.
Londongacha yo‘l bo‘yi meni bezovtalik tark etmadi. Una va bolalarim Angliyaga ilk bora borayotgani, ular bu yerdagi turmushni qanday qabul qilishi Qo‘shma Shtatlardan haydalganimdan ham ko‘proq xavotirga solayotgandi. Men ularga Angliyaning janubiy-g‘arbiy qismlaridagi go‘zal joylarni ko‘p maqtaganman. Hozir esa paroxod ko‘chalari tor, tiqilinch qizg‘ish uylar yonidan o‘tib borardi. Bu manzara kishida ma’yuslik uyg‘otardi.
– Hammasi bir-biriga o‘xshash uylar, – dedi Una ko‘z uzmay.
– Xulosa qilishga shoshilma, biz hali Sautgemptondan chiqmadik, – dedim.
Paroxod ancha yurgandan so‘ng go‘zal manzaralar ko‘zga tashlana boshladi. Vaterloo vokzaliga yetganimizda, meni son-sanoqsiz muxlislarim qarshi oldi. To jo‘nab ketgunimizcha ular men tomon qo‘llarini silkitib, quvonib qichqirishardi, “Qaranglar, Chaplinni ular qanday kuzatyapti”, qichqirdi kimdir. Bundan, albatta, odamning ko‘ngli yorishadi.
Una ikkimiz paroxod mehmonxonasi oynasi yonida atrofni tomosha qildik, men unga Vaterloo ko‘prigini ko‘rsatdim. U juda go‘zal edi. Shu tobda yuragim bolalik yillarim qaytgandek tez urardi. Biz dunyodagi eng go‘zal shaharga tikilgancha uzoq jim ketdik. Temza manzaralari bor go‘zalligi bilan qalbimning tubida ajib his uyg‘otib borardi. Men bu yerlarga yigirma yil avval kelgandim.
Men shu tobda oyna oldida tik turgancha qarab ketayotgan Unani kuzatar ekanman, uning yuzida hayajon balqib turardi. Yigirma yetti yoshli bu nafis ayol men bilan yashayotganidan beri ne azoblarni ko‘rmadi. Uning quyosh nurida jilvalanib turgan qora sochlariga boqib, ilk bor unda oq tolalar paydo bo‘lganini ko‘rdim. Una yonimga kelar ekan, “London menga yoqdi”, dedi shivirlab. Men jim qoldim va ichimda unga nisbatan so‘ngsiz sadoqat hissini tuydim…
Londonga kelib, mehmonxonaga joylashdik. Una bilan Leyster xiyoboni va Pikadillini aylanar ekanmiz, bu yerda ko‘p narsalar o‘zgarib ketganini ko‘rdim. Ko‘cha va maydonlar amerikacha qalbakilik bilan to‘la – tik turib tamaddi qilinadigan bufetchalar, sosiskaxonalar… Shlyapasiz yigitlar, ko‘k jinsi shim kiygan qizlar – odamlar ham o‘zgacha. Yoshlik davrimdagi hayotdan asar ham yo‘q. Hammasi o‘tmishda qolgan, o‘shal dunyoning o‘rnini boshqa nigohlar, boshqa his bilan yashayotgan yuraklar, o‘zgacha dunyoqarashlar egallagan. Jaz tinglab yig‘laydigan erkaklar endi yo‘q. Vaqt esa faqat oldinga qarab yuradi. Men Unani o‘zim bilgan boshqa qadrdon joylarga olib bordim. Ammo hamma narsa o‘zgarib ketgan edi.
Bizning oldimizda hali talay muammolar bor edi. Birinchi navbatda Shtatlarda qolgan pullarimni olib kelishimiz kerak edi. Una hisobimdagi bor mablag‘ni olib kelish uchun Kaliforniyaga uchadigan bo‘ldi va u yerda o‘n kun qolib ketdi. U qaytgach, hammasini batafsil gapirib berdi. U bankka borganida uning imzosini yaxshilab o‘rganishgan, o‘zini ham obdon kuzatishgan, keyin xodim boshlig‘i oldiga kirib ketib, to‘rt soatlab uni kuttirgan. Una bankdan pullarni bir amallab olgach, Beverli-Xilzdagi uyimizga boribdi.
– U yerda hamma narsa joyida, bog‘da gullar ochilib turibdi, – dedi u. – Mehmonxonaga chiqib biroz nafas rostlamoqchi bo‘ldimu, ammo yuragimni ma’yuslik qamrab oldi. Keyin xizmatchimiz Genri bilan gaplashdim, biz ketganimizdan so‘ng uyga ikki marta Federal byurodan odam kelib, uni so‘roqqa tutgan. Ular bu uyga suyuqoyoq ayollar keladimi-yo‘qmi, shu haqida so‘rabdi. Genri bu uyda biz bolalar bilan tinch yashaganimizni aytganida, ular uning o‘zi Shtatlarda qachondan beri yashashini surishtira ketibdi, pasportini ko‘rsatishini talab qilib qo‘rqitmoqchi bo‘libdi. Elen men bilan xayrlashayotib, uyga tezroq qaytishimizni so‘rab o‘ksib-o‘ksib yig‘ladi.
Do‘stlarim mendan tez-tez qanday qilib sen amerikaliklarni o‘zingga dushman qilib olding, deb so‘rashadi. Aslida, mening birdan-bir aybim hamisha o‘zligimni saqlab qolishga intilganim va buni hech kimdan yashirmaganim bo‘ldi. Men hech qachon kommunist bo‘lmaganman, ammo ular bilan yaxshi munosabatda bo‘lganim ko‘pchilikning g‘azabini keltirgan. Amerika legioni a’zolarining ko‘pchiligi shuning uchun mendan nafratlanishgan. Men ularning hech bir tashkilotlariga qarshi bo‘lmaganman, ammo ularning ishlariga, maqsadlariga e’tiroz bildirganman. Legionerlar vatanparvarlik bayrog‘i ostida boshqalarning huquqlaridan o‘z manfaatlari yo‘lida foydalanmoqchi bo‘ladi, Amerikani yemirayotganlar – o‘zlarining odamlari.
Ikkinchidan, meni Amerikaga qarshi harakatlarda ayblagan tashkilot – Federal Byuro komissiyasiga qarshi chiqdim. Uchinchidan, Amerika fuqaroligini olmadim. Lekin Angliyada ishlovchi qancha amerikaliklar ham Britaniya fuqaroligini olmaydi. Haftasiga million dollarlab daromad qiluvchi “Metro Goldvin-Mayer” kompaniyasi rahbari ham o‘ttiz besh yildan beri Britaniya fuqaroligini olmasdan Angliyada yashaydi. Buning uchun inglizlar uni tahqirlagan emas. Bularni o‘zimni oqlash uchun aytayotganim yo‘q. Men ushbu kitobni yozar ekanman, bunga meni kim majbur qildi, undadi, deb o‘z-o‘zimga savol berganman. Men birqancha sabablarni keltirishim mumkin, lekin bu aslo o‘zimni oqlash uchun emas. Xullas, qisqa qilib aytganda, men muvaffaqiyatlarim tufayli hukumatning maxfiy faktlari asosida millatparast dushmanga chiqdim va eng afsuslanarlisi, Amerikada o‘z tomoshabinlarimni yo‘qotdim.
Leyster-skverdagi “Odeon” kinoteatrida “Rampa yorug‘i” filmimning premerasi o‘tkazilishi kerak. Bu film odatdagi chaplincha komediya emasdi, shuning uchun uni tomoshabin qanday qabul qilarkin, deb hayajonlanardim. Premeradan avval matbuotchilar uchun namoyish o‘tkazdik. Film olinganiga ancha bo‘lgan, men uni endilikda xolisona ko‘z bilan ko‘rib, qaysidir epizodlaridan xursand bo‘lgan bo‘lsam, ba’zi o‘rinlarda ko‘nglim to‘lmadi.
Men ba’zi muxbirlar ko‘pirtirib yozganidek, taqdimotlarda hech qachon yig‘lagan emasman. Ammo yig‘laganimda ham nima bo‘pti, ahmoqlik bo‘ladimi? Agar asar muallifning o‘zini hayajonlantira olmasa, tomoshabindan nimani kutish mumkin? Ochig‘ini aytsam, menga ommaning e’tiboridan ko‘ra, o‘z filmlarim ko‘proq zavq bergan.
O‘sha kecha “Rampa yorug‘i”ning premerasiga shahzoda Margaret tashrif buyurdi. Keyingi kun ham kinoteatrga juda ko‘p tomoshabin yig‘ildi. Film xususida turli tanqidiy maqolalar bosilib chiqdi. “Rampa yorug‘i”ga Amerikada boykot e’lon qilingan bo‘lsa-da, bu yerda misli ko‘rilmagan tomoshabin keldi va hatto, boshqa filmlarimga qaraganda ancha ko‘p daromad to‘pladi.
Una bilan Parijga jo‘nashimizdan oldin bizni lord Strabol Lordlar palatasiga mehmon sifatida taklif etdi. Men sotsialist Gerbert Morrison bilan yonma-yon o‘tirib qoldim va u atom qurolini qo‘llab-quvvatlashini eshitib hayron bo‘ldim. Angliya atom qurolini har qancha kuchaytirgani bilan baribir qaltis joy bo‘lib qolaveradi. Angliya kichik bir orol bo‘lsa, uni yo‘q qilib yuborish qiyin emas, ammo uni mustahkam himoya qilishning yagona strategiyasi – bu betaraflikdir. Ishonchim komilki, uni atom bilan asrab bo‘lmaydi.
Mening mulohazalarim Morrisonning qarashlari bilan qovushmadi. Umuman, meni u kabi ko‘plab intelligentlarning atom quroli tarafdori ekanligi hayron qoldiradi. Ayni vaqtda dunyoning umumiy ahvolini qanday tasavvur qilayotganimni aytishni xohlardim. Zamonaviy hayotning murakkablashib borayotgani XX asr odami kinetik bosim ostida qolayotgani tufaylidir. Gigant tashkilotlar po‘pisasi iqtisodni, fan va siyosatni o‘z yo‘riqlariga yurgizmoqda. Biz ixtiyoriy ravishda bunday jazoga rozi bo‘ldik. Ko‘r-ko‘rona o‘zligimizdan, insoniy martabamizdan olislab ketmoqdamiz. Hayotimizning asl ma’nosi boylik talvasasi, dunyoga ustunlik qilish poygasi to‘zonida xira tortdi. Bu kuch bizni mahf etishiga o‘zimiz ruxsat berdik. Hukumatlar panohidagi ilf-fan o‘zining asl vazifasini unutib, siyosatchilarni qo‘llab, harbiy qurollarni taraqqiy ettirishga bor kuchini sarflamoqda va yer yuzidagi barcha tirik jonzotlarning taqdirini o‘z qo‘liga olib bo‘ldi. Urushlar zamindagi tiriklikka, o‘z hayotimizga xavf solayotganini bilsak-da, baribir ko‘zlarimizni chirt yumgancha shu yo‘ldan ketib bormoqdamiz.
Doktor Robert Oppengeymer, “Insonlar bilish ishtiyoqida harakatlanadi”, degandi. Ammo ko‘plab salbiy narsalar oqibati o‘ylanmasdan sodir bo‘lyapti. Inson avvalo fahmlash, his etish qobiliyatiga ega jonzot. Unda eng avval sezgi, keyin ruh takomil topgan. Bugun inson aqlining mahsuli bo‘lgan fan axloqni yakson etdi. Qachondir atom insonni nochor ahvolga keltirib, bir chekkaga siqib qo‘yadi va u shundagina nadomat ila o‘ylashga majbur bo‘ladi. Hozir insoniyatning oldida ikki yo‘l bor: yo o‘zini vayron qilish, yo vaqtida es-hushini yig‘ib olish. Umid qilamanki, tez orada inson o‘z-o‘ziga yaxshilik tilab, o‘z harakatlari haqida o‘ylab, ijobiy yo‘lni tanlaydi.
Amerikadan ketgach, hayotimiz boshqa tomonga o‘zgardi. Parij va Rimda bizni xuddi qahramonlardek kutib olishdi. Frantsiya prezidenti Vinsent Oriol ingliz elchixonasi orqali o‘zining Yeliseydagi koshonasiga taklif etdi. Frantsiya hukumati meni Legion faxriy kavaleri unvoni bilan taqdirladi va shu kunning o‘zida frantsuz kompozitorlar va dramaturglar jamiyati a’zosi bo‘ldim. Men jamiyatning raisi mese Roje Ferdinandning maktubidan juda ta’sirlandim. Mana o‘sha maktub:
“Muhtaram Chaplin janoblari!
Agar sizni jamiyatimiz a’zosi sifatiga qabul qilganimizdan hayron bo‘lguvchilar topilayotgan bo‘lsa, bilingki, ular biz sizni nima uchun bu qadar sevib, ardoqlashimizni bilishmaydi. Demak, ular insoniylik qadrini va siz so‘nggi qirq yil ichida bizga taqdim etgan baxtning qiymatini baholay olmaydi. Siz buyuk san’atingiz bilan bizni nimalarga o‘rgatganingizni, qanday his-tuyg‘ular ulashganingizni va sizga bo‘lgan mehrimiz naqadar yuksakligini tasavvur qila olmasangiz kerak. Sizdek insonlarni bilmaslik nodonlik bo‘lur edi.
Siz davrimizning eng ilg‘or insonlaridan birisiz va sizning xizmatlaringiz so‘zsiz hurmatga sazovor. Avvalo, siz dahosiz. Biz bu “daho” so‘zini ko‘pincha, asl ma’nosiga qaramasdan ishlatamiz. Ammo sizni daho deb atash bilan – qoyilmaqom aktyor, rejissyor, film muallifi, kompozitor va nihoyat buyuk qalb egasi, olijanob insonni haqli e’tirof etgan bo‘lamiz. Sizda bu qobiliyatlarning barchasi mujassam va qiyos etib bo‘lmas oddiylikka ega. Sizning insoniyatga bo‘lgan mehringiz, aqlingiz va kuchingiz hammada ham topilavermaydi. Sizga ehtirom ko‘rsatishimizu yuksak muhabbatimizning boisi faqat shulargina emas. Umuman, muhabbat birgina tuyg‘uni ifodalaydigan so‘z, ehtimol, u bizning sizga bo‘lgan oliy hurmatimiz va asl munosabatimizni to‘la aks ettira olmas.
“Rampa yorug‘i”filmingiz bizda katta taassurot qoldirdi. U bizni chin dildan kuldirib, astoydil samimiy ko‘zyoshlar to‘kishga majbur etdi. Bu ko‘zyoshlar siz bizga in’om etgan bebaho sovg‘adir. Asl shon-sharafga nohaq yo‘llar bilan erishib bo‘lmaydi, u ezgulikka qaratilgan fikrlaru, insoniy qadr-qimmat bilan mangulikka daxldor bo‘ladi.
Sizning g‘alabangiz shundaki, siz san’atning qandaydir usul va vositalariga tayanib emas, o‘z teran insoniy nigohingiz ila odamlarning iztirob va quvonchini, orzu-umidlarini ko‘rsatib berdingiz. Bularni anglagan kishi iztirob chekadi, ammo umidlarini yo‘qotmay, yana baxtli yashash uchun o‘zida ishtiyoq va kuch his etadi.
Bizlarga shuncha ezgulik ulashgan filmlaringizga, albatta, umringiz ketgan, har bir soniyasiga o‘zingizni sarflagansiz. Tasavvur qiling, agar biz bularni anglamasak, sizning sehrli asarlaringizning qiymati qanchalik bo‘lardi.
Siz buyuk xotira egasisiz. Bolaligingizni boricha, iztirobi-yu sofdilligi bilan o‘zingizda asrab qola olgansiz. Xalos bo‘lishni istagan dardlaringizning har biri sizga hayot sabog‘ini bergan. Siz o‘z yoshligingizni sotmagansiz. Jahoniy shon-shuhrat ham sizni o‘tmish xotiralaringizdan uzib ololmagan.
Sizning o‘z xotiralaringizga ishonchingiz, ehtimol, sizga sharaf keltirgan eng buyuk, eng qimmatli fazilatingizdir. Sizning nafis ijrolaringiz tomoshabinga tez ta’sir etadi – menimcha, siz inson qalbining nozik sirlarini bilasiz. Aslida, bir insonda muallif, aktyor, rejissyor iqtidorining uyg‘unlashishi hamda ular bir bo‘lib ezgulikka xizmat qilishi kamdan-kam uchraydigan hodisa. Mana nima uchun siz o‘z san’atingizda doim saxiysiz. Unga texnika ham, har qanday nazariya ham xalaqit berolmaydi. Va filmingizni ko‘rguvchi har bir odam xuddi sizdek o‘ylaydi va sizdek his etadi. Sizning yana bir qobiliyatingiz shuki, o‘z tanqidchilaringizni ham asarlaringizga asir etdingiz. Bu oson ish emas. Ular hech qachon maftunkor san’atingizni to‘la qabul qilolmaganidek, o‘zgacha olamingizdan ham olisga ketolmaydilar.
Siz hech kimga taqlid qilmadingiz, o‘xshashga intilmadingiz. Bu ham buyukligingiz siridir.
Bu kun bizning dramaturglar jamiyatimiz a’zolari siz bilan uchrashganidan cheksiz iftixor va quvonchga to‘ldi. Agar rozi bo‘lsangiz, biz siz bilan yana bir bor uchrashish umididamiz. Siz ajoyib filmlarga stsenariy yozgansiz, shu bois ham biz kabi qalam ahlining bir vakilisiz. Bizdan farqli ravishda rejissyor, bastakor va birinchi toifali komiksiz.
Bu yerda barcha frantsuz dramaturglari, kompozitor va rejissyorlari siz bilan faxrlanadi. Ular ham insonlarga xizmat qilishdan, ularning ruhiyatini ko‘tarishga ko‘maklashishdek mashaqqatli mehnat azobidan aslo qochmaydi.
Sizga yana bir bor tashakkur, janob Chaplin.
Ehtirom ila,
Roje Ferdinand”.
* * *
Parijda “Rampa yorug‘i” filmimning premerasiga Frantsiya vazirlari, elchixonalar vakillaridan iborat nufuzli tomoshabinlar yig‘ildi. Faqatgina Amerika elchisi kelmadi.
“Komedi Fransez” teatrida bizning sharafimizga mashhur aktyorlar ishtirokida Molerning “Don Juan” asarini namoyish etishdi. Pole-Royal fontanlari biz uchun ishga tushdi. Una ikkimiz “Komedi Fransez” teatrining mahorat maktabi o‘quvchilari bilan uchrashdik. Ular XIX asrga xos liboslarda qo‘llarida sham ko‘tarib, bizni Yevropaning eng go‘zal xonimlari yig‘ilgan ulkan zalga boshlab borishdi.
Rimda ham bizni shunday qizg‘in qarshi olishdi. Meni prezident va vazirlar kutib olib, orden bilan taqdirlashdi. Bu yerda ham film taqdimoti katta shov-shuv bilan o‘tdi. Vazir meni teatrga boshlab borar ekan, ko‘p sonli odamlardan xoli, maxsus xizmat eshigidan olib kirmoqchi bo‘lganida, meni ko‘rish uchun kelgan odamlardan qochib o‘tish noqulayligini aytdim.
Taqdimot kutilganday ko‘tarinki ruhda o‘tdi. Tashqariga chiqar ekanmiz, ko‘cha odamlar bilan to‘lib ketganini ko‘rdim. Men ko‘cha o‘rtasida mashinani to‘xtatishlarini so‘rab, odamlar orasiga tushdim. Ular bilan salomlashayotib, menga tabassum ila boqib turgan chehrani uchratdim, u de Goll edi. U boshi uzra qo‘lini ko‘tarib qo‘ydi. Shu paytda qayerdandir men tomonga pomidor va karam boshlari uchib kela boshladi. Kaminaga tarjimonlik qilayotgan italyan do‘stim qulog‘imga, “bunaqasi faqat bizning yurtda bo‘lmaydi”, deganini tushundim, xolos. Ammo bironta ham pomidor menga tegmadi. Bir amallab teatrga qaytib keldik. O‘zimni tutolmay ko‘chadagi ahvolimga kula boshladim, italyan do‘stimning kayfiyati esa buzilgandi.
Keyin bildikki, o‘sha bezorilar yosh neofashistlar ekan. Tan olish kerak, ularning urinishlari tez orada namoyishga aylanib ketishi hech gap emasdi. Ulardan to‘rttasini qamashibdi. Politsiya mendan ayblov e’lon qilasizmi, deb so‘radi.
– Albatta, yo‘q, axir ular yosh bolalar-ku, – dedim men.
Rostadanam ular o‘n to‘rt-o‘n olti yoshlardagi yigitchalar edi.
Bu voqea shu bilan yopildi.
Parijdan Rimga jo‘nashimdan avval menga “Lettr fransez” gazetasi muharriri, shoir Lui Aragon qo‘ng‘iroq qildi va Jan-Pol Sartr Pikasso men bilan tanishmoqchi ekanini aytdi. Men ularni biror restoranga tushlikka taklif qilmoqchi bo‘ldim, ammo ular kamtarona uchrashuvni xohladilar. Ularni mehmonxonada, o‘z nomerimda kutadigan bo‘ldim. Biroq, reklama agentim Garri Krokker bu haqida eshitgach, sal bo‘lmasa u bilan janjal chiqayozdi.
– Bu biz Shtatlarni tark etganimizdan beri erishgan hamma narsani barbod qiladi, – dedi u.
– Lekin bu yer Yevropa, Garri, Shtatlar emas, axir gap dunyoga mashhur shaxslar haqida boryapti, – dedim.
Aslida men Garriga ham, boshqalarga ham endi Amerikaga qaytish niyatim yo‘qligini bildirmaslikka harakat qilardim – hali u yoqda tasarrufimdagi mulk qolib ketgan edi.
Garri shunchalar asabiylashdiki, sal qolsa, o‘zim ham Aragon, Pikasso va Sartr bilan uchrashish G‘arb demokratiyasiga qarshi fitnada ishtirok etishga teng ish ekanligiga ishonib qolayozdim. Ammo Garrining talablariga qaramay, uchrashadigan bo‘ldim. Aslida bu kechadan o‘zim ko‘p narsa kutmagandim. Ulardan faqat Aragon inglizcha gapira olarkan, tarjimon orqali suhbatlashish baribir orada masofa bor degani – maqsadingni to‘g‘ri yetib bordimi-yo‘qmi, bilguningcha uzoq kutishingga to‘g‘ri keladi.
Aragon – to‘g‘ri insonligi yuz-ko‘zidan ma’lum, kelishgan kishi. Pikassoning yuzi ayyor va kulgili, rassom emas, ko‘proq tsirk masxarabozlarini eslatadi. Sartr esa dumaloq yuzli, yaqindan yaxshilab tikilsang qo‘polroq, ammo o‘ziga xos qiyofa sohibi. U deyarli gapirmay, vazminlik bilan tinglab o‘tirdi. Tushlikdan so‘ng Pikasso o‘zining Senaning chap qirg‘og‘ida joylashgan studiyasiga olib bordi. Uning studiyasi ostidagi eshikka shunday e’lon yozib qo‘yilgan edi: “Pikassoning studiyasi bu emas! Yuqori qavatga chiqing, iltimos.”
Biz zinadan ko‘tarilib, isqirt bir kulbaga kirib bordik. Mixga abajursiz lampochka osib qo‘yilgan, eski temir karavot, buzilgan pechka xonani yana ham betartib ko‘rsatadi. Devor tagida chang bosgan bir uyum eski xolstlar qalashib yotardi. Pikasso ulardan birini oldi – bu buyuk Sezann edi. U boshqa kartinalarni ham ko‘rsata boshladi. Biz shu tariqa elliktacha shedevrni ko‘rib chiqdik. Shu tobda xayolimdan katta pul taklif etib, studiya sohibini xonadagi keraksiz axlatlardan xalos qilish istagi o‘tdi.
* * *
Parij va Rimda premerani o‘tkazib, Angliyaga qaytdik. Londonda bir necha hafta yashadik. Biz endi qayergadir doimiy ko‘chib o‘tishimiz kerak edi. Albatta, men Londonda qolishni tanlagan bo‘lardim, ammo u yerning iqlimi bolalarga salbiy ta’sir ko‘rsatadi deb qo‘rqdim, qolaversa, valyuta cheklovlari bu yerda yaxshigina rol o‘ynardi. Do‘stlarimdan kimdir Shveytsariyaga borishni maslahat berdi. Biz narsalarimizni yig‘ishtirib, to‘rt farzandimiz bilan birga Shveytsariyaga jo‘nadik. Vaqtinchalik Lozannada, shundoq ko‘l bo‘yidagi “Bo-Rivaj” mehmonxonasiga joylashdik. Sokin kuz boshlangan, u yerdan qorli tog‘lar chiroyli ko‘rinardi.
Biz to‘rt hafta o‘zimizga mos uy qidirdik. Bu paytda Una beshinchi farzandimizni kutayotgandi. U “tug‘ruqxonadan yana mehmonxonaga kelmoqchi emasman”, deb turib oldi. Shoshilishimga to‘g‘ri keldi va oxiri Manuar-de Bandagi Korse qishlog‘idan bir uy topib, ko‘chib o‘tdik. Keyin bilsak, bu uyning o‘ttiz yetti akrlik bog‘i ham bor ekan. Olcha, olma, nok daraxtlari bilan to‘la katta mevazor ortida, qulupnay polizi va jo‘xorizor, tog‘ va ko‘l ko‘rinib turadigan peshayvon yonida keng yashil maysazor ham bor edi. Xo‘jalik ishlariga bizga janob Rechel Ford yordam berdi, u keyinchalik menga ma’murlik qildi, Byurne xonim esa menda tarjimon va kotiba bo‘lib ishladi. Biz bu uyda rohat qilib yashay boshladik. Faqat meni birgina narsa – bu bepoyon mulkning ijara to‘lovi ko‘p bo‘lmasmikan degan xavotir qiynardi. Lekin xo‘jayin bizga ortiqcha xarajat yuklamasligini aytib meni xotirjam qildi. Shunday qilib, biz aholisi ming uch yuz ellik kishilik Korseda yashab qoldik.
Yangi muhitga ko‘nikkanimizcha yarim yil o‘tdi. Avvaliga bolalarni shu yerdagi mahalliy maktabga joylashtirdik. U yerda barcha fanlar frantsuz tilida o‘qitilgani uchun avvaliga ular juda qiynalishdi. Ammo tez orada frantsuzchada erkin so‘zlashishni o‘rganib olishdi. Ular shveytsarcha hayot tarziga bizga qaraganda tez moslashdi. Hatto kichkinalarning enagalari Key-Key va Pinni ham frantsuzchani eplab ketishdi.
Bizni Qo‘shma Shtatlar bilan bog‘lab turgan rishtalar uzila boshladi. Bu albatta ancha vaqtimizni oldi. Men Amerika konsuliga borib, yashash joyimni o‘zgartirganimni aytib, qaytish vizamni topshirdim.
– Siz Qo‘shma Shtatlarga qaytmoqchi emasmisiz, Charli? – dedi konsul.
– Yo‘q, – dedim uzrnamo ohangda. – Men u yerning mashmashalarga toqat qilishga ancha qarib qoldim.
U boshqa tortishib o‘tirmadi.
– Mayli, agar qachondir qaytmoqchi bo‘lsangiz, odatiy viza olib borishingiz mumkin.
Men jilmayib qo‘ydim.
– Rahmat. Men Shveytsariyada doimiy qolishga qaror qildim.
Biz konsul bilan qo‘l berishib xayrlashdik.
Una ham Amerika fuqaroligidan voz kechishga qaror qildi. Biz Londonda ekanimizdayoq u bu haqida Amerika elchixonasiga xabar bergandi. Ular buning rasmiyatchiligi uch-to‘rt soat vaqt olishini aytishgan.
– Qanday bema’nilik! Shunchalik ko‘p vaqt ketishi kulgili. Men o‘zim sen bilan boraman, – dedim Unaga.
Elchixona ostonasidan kirishimiz bilan birdan ko‘rgan tahqirlarim, og‘riqlarim esimga tushib, avzoyim buzildi. Ovozimni balandlatgancha immigratsiya bo‘limi qayerda, deb so‘radim. O‘zimni bunaqa tutishimdan Una xijolat bo‘la boshladi. Shu chog‘ eshiklardan biri ochildi-yu, bir kishi chiqib keldi.
– Salom Charli! Keling, mening xonamga kiravering.
U mening kayfiyatimni ko‘rib, gapni tushuntirishdan boshladi:
– Amerika fuqaroligidan voz kechayotgan har bir amerikalik, bu ishni sog‘lom aql bilan qilyaptimi-yo‘qmi, avval yaxshilab o‘ylab ko‘rishi kerak. Mana shuning uchun va qolaversa, mamlakatmiz fuqarolarini himoya qilish uchun so‘rovnoma tartibini ishga solganmiz.
Men o‘zimni biroz bosib oldim.
Bu kishining yoshi oltmishlarda edi.
– Men sizni 1911 yilda Denverda, eski “Empriss” teatrda ko‘rganman, – dedi u menga ginali qarab.
Men ancha hovurimdan tushdim, hatto u bilan eski davrlarni eslab ancha gaplashib qoldik. Nihoyat, sarsongarchiliklar tugadi. U hujjatlarni imzolaganidan so‘ng, bir-birimizga uzr-ma’zur aytib xayrlashdik. Ammo negadir bu lahzalarda hech narsani his qilmaganimdan ichimda o‘zimdan ranjidim.
Men va do‘stlarim vaqti-vaqti bilan Londonda ko‘rishib turardik. Ular Sidney Bernstayn, Ayvor Montegyu, Eduard Beddington-Berens, Donald Ogden Styuart, Ella Uinter, Grexem Grin, Jon Batist Pristli, Maks Reynxardt va boshqalar edi.
Bir kuni Una bilan “Savoy” mehmonxonasi restoranida ovqatlanib o‘tirsak, janob Uinston Cherchell rafiqasi bilan kelib qoldi. Men janob Cherchellni 1931 yildan beri ko‘rmagandim. “Rampa yorug‘i” filmimning Londondagi premerasidan so‘ng “Yunayted artists” kompaniyasidan xat kelib, ular mendan filmni janob Cherchellga uyida ko‘rsatishga ijozat berishimni so‘ragandi. Albatta, bunga bajonidil rozilik bergandim. Bir necha kun o‘tgach, ular menga janob filmni ko‘rib qanchalik xursand bo‘lganini yozishgandi.
Mana endi janob Uinstonning o‘zi qarshimda turibdi.
– Xo‘sh, – deya gap boshladi janob. Uning gap ohangi qandaydir ginali tuyuldi.
Men darhol o‘rnimdan turib, ochiq yuz ila salomlashdim va Una bilan tanishtirdim. Unani jo‘natib yuborib, u kishini qahvaga taklif etdim. Janob Uinston istamayroq rozi bo‘lganini sezdim. Albatta, 1931 yildan buyon qancha suvlar oqib ketdi. U o‘zining yengilmas qat’iyati va otashin notiqligi bilan Angliyani qutqarib qoldi, lekin uning Fultondagi nutqi “temir parda” ortida e’lon qilindi va hech qanday yaxshilik keltirmadi, aksincha, sovuq urushni kuchaytirdi.
Suhbat mening “Rampa yorug‘i” filmim ustida borar ekan, u shunday dedi:
– Ikki yil avval sizni tabriklab maktub yuborgandim. Sizga yetib kelganmidi?
– O, albatta, – dedim mamnuniyat bilan.
– Negadir javob maktubi yozmadingiz?
– Bunga hojat yo‘q deb o‘ylagandim, – dedim hijolat bo‘lib.
Ammo Cherchellni aldash qiyin.
– Hmmm, – dedi u norozi boqib, – men buni ta’na deb tushundim.
– Yo‘q, yo‘q, aslo unday emas, – men shosha-pisha uni ishontirishga urindim.
– Ammo baribir, filmlaringiz menga har doim yoqadi, – qo‘shib qo‘ydi u gapi so‘nggida.
Bu buyuk insonning kamtarligi va ikki yil avvalgi eski xatni eslayotganiga lol edim. Ammo uning siyosiy qarashlarini hech qachon yoqlagan emasman. “Men bu yerda Britaniya imperiyasining parchalanishiga ko‘maklashish uchun yurganim yo‘q”, degandi u. Bu juda keskin aytilgan gapdek tuyulishi mumkin, haqiqatda esa shunchaki ichi bo‘sh iboradek tuta’sir qilardi.
Imperiyaning parchalanishi siyosiy fitnalar, kommunistik targ‘ibot, armiya inqilobi, ommaviy namoyish yo ko‘cha notiqlarining da’vati natijasida yuz bermaydi. Xalqaro firmalardan chiqadigan o‘sha tashviqotchilar va namoyishchilar aslida o‘z mahsulotlarini targ‘ibot qiladilar, radio, televideniye, kino ham, avtomobillaru traktorlar, fanning yangi yutuqlari butun dunyoda aloqani tezlashtiruvchi vositalar bo‘lib qoldi. Mana o‘shalar imperiyani parchalanishga olib keluvchi inqilob omillaridir.
Shveytsariyaga qaytganimizda men Nerudan xat oldim, mauntbettenlik xonimning tavsiya xati ham ilova qilingandi. Xonim Neru bilan fikrlarimiz to‘g‘ri kelishini, shuningdek, yaqinda uning Korsedan o‘tishini, imkon bo‘lsa u bilan uchrashishim mumkinligi yozgandi. Neru har yili Lyutsernda o‘tkaziladigan kengashda qatnashish uchun kelar ekan. Neru xatida agar men Lyutsernga borib, u bilan ko‘rishsam, qaytishda kaminani Manuar-de Banga eltib qo‘yishga va’da bergandi. Men Lyutsernga yo‘l oldim.
Neru bo‘yi qariyb menikidek bir inson edi. Uning yonida qizi Gandi xonim bor edi. U maftunkor va sokin ayol edi. Neru menda shiddatkor, mudom tafakkur ila yashagan inson sifatida taassurot qoldirdi. Lyutserndan Manuar-de Banga qaytish oldidan uni nonushtaga taklif qildim. U rozi bo‘lolmasligini aytib, uzr so‘radi. Chunki qizi Jenevaga jo‘nashi lozim ekan. Gandi xonim boshqa mashinada ortimizdan ketdi. Neruning mashinasida biz yo‘l bo‘yi suhbatlashib ketdik. Neru Hindistonning bo‘lg‘usi vitse qiroli lord Luis Mauntbettenning faoliyatiga yuqori baho berdi. Men Nerudan Hindistonning siyosiy ahvoli haqida gapirib berishini so‘radim.
U tushunarli va tiniq gapirar, ammo haydovchisi tog‘ yo‘lidan soatiga yetmish mil yurib, mashinani boshqarishga qiynalardi. Neru menga Hindistondagi siyosat haqida so‘zlab borar ekan, baribir xayoli yo‘lda edi, u har gapi orasida haydovchisiga mashinani qayerdan olib o‘tishni maslahat berib borardi. Mashinalar bir chorahada to‘xtaganda Neru ulovdan tushib, qizi bilan xayrlashdi. U ajoyib ota ekanligi ko‘rinib turardi. Qizini bag‘riga bosib, “O‘zingni ehtiyot qil”, dedi. Qizi ham unga ushbu so‘zlarni takrorladi.
* * *
Shvetsariyada oilam bilan juda yaxshi yashadik. Qo‘shnilarmiz orasida Ispaniya qirolichasi, graf va grafinya Shevro d’Antreg bizga juda iltifotli edi. Shuningdek, ko‘plab kinoyulduzlaru yozuvchilar bizga yaqin yashashardi. Benit Senders, Noele Kouardlar bilar tez-tez ko‘rishib turardik. Bahorda esa bu yerlarga ko‘p ingliz va amerikalik do‘stlarimiz kelishardi. Shveytsariyada ishlaydigan Trumen Kapote ko‘pincha biznikida mehmon bo‘lardi.
Pasxa ta’tilida bolalarni olib, Irlandiya janubida dam olib qaytdik. Yozda ayvonda o‘tirib kechki soat o‘ngacha toza havoda atrofni kuzatib hordiq olar ekanman, o‘sha lahzalarda xayolimga goh London, Parijga, goh Venetsiya yo Rimga borish fikri kelardi.
Do‘stlarim mendan Qo‘shma Shtatlarni sog‘inasizmi, deb ko‘p so‘raydi. Ochig‘ini aytsam – yo‘q. Amerika juda o‘zgarib ketdi, ayniqsa, Nyu-York. Yirik sanoat tashkilotlari, matbuot, televideniye, reklama tijorati – bularning bari menga to‘g‘ri kelmas Amerika hayotining obrazi bo‘lib qoldi. Men endi oddiy va tinch hayot kechirishni istar, osmono‘par binolaru zich avenyular, biznes ham, uning mashaqqatli mehnati ham abadiy xotira bo‘lib qolgani ma’qul edi. Ammo Qo‘shma Shtatlarga bog‘liq hamma ishlarimni yakuniga yetkazgunimcha ancha yil kerak bo‘ldi.
Soliq departamenti Amerikada 1952 yilgacha doimiy yashaganim va mehnat qilganimni ro‘kach qilib, 1955 yilda “Rampa yorug‘i” filmimning Yevropadagi prokatidan tushgan daromadlardan ham soliq undirishni istab qoldi. Advokatim o‘zimni himoya qilish maqsadida Amerika sudiga murojaat qilolmasligimni aytdi. Shuning uchun Amerikaga borishimdan ma’no yo‘q edi.
Men bu vaqtda Amerika kinokompaniyalaridan chiqib, ular bilan bog‘liq barcha ishlarimni hal qilgandim. Boshqa mamlakat himoyasi ostida, unga qaram bo‘lishni istamasdim. Men ular talab qilgandan oz miqdorda pul berishga kelishdim. Ammo adolat yuzasidan qaraganda, o‘sha summa ham ko‘p edi. Amerika bilan aloqalarni butunlay uzganim baribir menga og‘ir va og‘riqli bo‘ldi. Bizning Beverli-xilsdagi xizmatchimiz Elen endi uyga qaytmasligimizni eshitgach, mana bu maktubni yo‘llabdi:
“Qadrli bekam va janob Chaplin!
Men sizlarga juda ham ko‘p maktub yozdimu, ammo birontasini ham yubora olmadim. Sizlar ketganingizga haligacha ishonolmayman. Hayotimda hech qachon o‘z yaqinlarim va sizlardan bo‘lak birovni bunchalik sog‘ingan emasman. Hammasi nohaq, noto‘g‘ri va o‘ylovsiz ishlar tufayli bo‘ldi, hatto men bularni nima bilan o‘lchashni ham bilmayman. Biz bu noxush xabarni eshitgach, ketishimiz kerakligini tushundik – ijozat bersangiz, endi biz ham narsalarimizni yig‘ishtirsak.
Ammo bu juda qiyin, xayolga kelmagan ish… Biz hamma narsani yig‘lay-yig‘lay yig‘ishtiramiz. Qiynalganimdan boshim shu qadar og‘riyaptiki, odamlar bunga qanday chidashar ekan, bilmayman. Xonim, iltimos, agar mumkin bo‘lsa, janob Chaplin uyni sotishiga yo‘l qo‘ymang. Bu uyning har bir xonasida, gilamlarda ham, pardalarda ham sizlarning mehringiz yashaydi, men bu uyda boshqa birov yashashini sira tasavvur qila olmayman. Agar mening pulim bo‘lganda edi, uni o‘zim saqlab qolgan bo‘lardim. Ammo bu qo‘limdan kelmaydigan ahmoqona bir istak.
Hamma xarajatlarni qisqartirishingiz mumkin, faqat iltimos, bu uyni sotmang. Albatta, sizlarga buni aytishga haqim yo‘q, lekin men qachonlardir bu uyga qaytishingizdan hali ham umid uzolmayapman. Hammasi uchun sizlardan minnatdorman. Chaplin xonim, men sizga yana uchta xat yubormoqchi edim, lekin buning uchun katta konvertlar kerak bo‘ladi. Hammaga mening salomimni yetkazib qo‘ysangiz. Bu yog‘ini qalamda yozayotganim uchun uzr so‘rayman, negaki hozir qo‘limdagi ruchkam ham sinib qoldi.
Sadoqat ila Eleningiz”.
Hovli xizmatchimiz shveytsar Genridan ham xat keldi:
“Hurmatli Chaplin xonim va Chaplin janoblari!
Mening sizlarga ko‘pdan beri xat yozmaganimning boisi, inglizchada fikrimni tushunarli bayon etishim qiyin. Bir necha hafta ilgari menga “Rampa yorug‘i” filmingizni ko‘rish baxti nasib etdi. Taqdimot bir kishining uyida bo‘ldi, meni u yerga janob Ranser taklif qildi. U yerga yigirmatadan ortiq odam to‘plandi, ular orasida faqatgina miss Ranser Rolli va Sidney Chaplin va uning rafiqasi menga tanish edi. Men iloji boricha o‘z o‘ylarim bilan qolish uchun bir burchakka o‘tirdim. Film bunga arzirdi. Ehtimol, kamina hammadan balandroq kulib, hammadan achchiqroq yig‘lagandirman. Bu hayotimda ko‘rishga muvaffaq bo‘lgan eng yaxshi filmlarning biri edi.
Los-Anjelesda uni biror marta ham ko‘rsatishmadi. To‘g‘ri, “Rampa yorug‘i”ning musiqasi plastinkalarga yozilgan, bir necha bor radioda qo‘yildi ham. Ammo radio biror marta uning muallifi Charli Chaplin ekanligini aytgani yo‘q. Men bolalarga Shveytsariya yoqqanini eshitib, juda xursand bo‘ldim. Albatta, kattalarga begona yurtga ko‘nikib ketishlari uchun biroz vaqt kerak bo‘ladi. Lekin men Shveytsariya dunyodagi eng yaxshi mamlakatlardan biri ekanligiga ishonaman. U yer yuzidagi eng qadimiy – 1191 yildan beri respublika bo‘lib kelayotgan makon. Yana dunyodagi eng yaxshi maktablar ham o‘sha yerda. Birinchi avgust – Mustaqillik kuni. Ular bu kunni nishonlamaydilar, ammo har bir tog‘ning cho‘qqisida olov yonganini ko‘rasiz. Umuman, Shveytsariya taraqqiy etgan va o‘zligini saqlagan sanoqli davlatlardan biridir. Men u yerdan 1918 yilda janubiy Amerikaga kelganman. Shu paytgacha ikki bor u yoqqa bordim va shveytsar armiyasida xizmat qildim. Tug‘ilgan yerim Shveytsariyaning sharqiy qismidagi Sent-Gallene shaharchasi. Ukalarimning bittasi Sent-Galleneda, boshqasi Berneda yashaydi.
Sizlarga eng yaxshi tilaklarimni yo‘llab qolaman.
Ehtirom bilan,
sizning Genringiz”.
Kaliforniyada kim menga xizmat qilgan bo‘lsa, barchasini maosh bilan ta’minlab turdim. Ammo Shveytsariyaga butunlay joylashganimizdan so‘ng buni davom ettirolmadim. Men ularning har biriga ruxsat berishdan avval chek yozib yubordim. Jami sakson ming dollarni ularga bo‘lib berdim. Faqat Edna Perviens chekni olgach, umring so‘nggi kunigacha bizga sadoqat bilan qoldi.
Bir paytlar “Mse Verdu”ga aktyor tanlayotganimda, Ednani qahramonlardan biri Grosneyga mo‘ljallaganman. Ammo men uni to‘satdan o‘n ikki yilga yo‘qotib qo‘ydim. Kontora unga pochta orqali haftalik maoshini ham yubordi, ammo u biron marta studiyada ko‘rinmadi. Keyinchalik uning o‘zi menga tan olib aytdiki, unga studiyadan qo‘ng‘iroq bo‘lganda, u qancha quvongan bo‘lsa, shuncha qo‘rqqan. Edna kelganda operatorim Rolli grimxonamga yugurib kirdi. U ham Ednani o‘n ikki yildan buyon ko‘rmagandi.
– Keldi, – qichqirib yubordi u ko‘zlari chaqnab. – Albatta, avvalgi Edna emas, ammo ko‘rinishi ajoyib!
U meni grimxona oldidagi maysazorda kutayotganini aytdi.
Men hissiyotga berilishdan cho‘chib, uni xuddi bir-ikki hafta oldin ko‘rgandek, o‘zimni rasmiy qiyofaga solib oldim.
– Qani! Qani! Nihoyat seni ko‘radigan kun keldi-ya! – dedim quvnoqlik bilan.
U jilmaydi, quyosh nurida lablari titrayotganini payqadim. O‘shanda men uni nega studiyaga chaqirtirganimni tushuntirdim va stsenariyni gapirib berdim.
– Menimcha, bu juda ajoyib, – dedi u.
Edna doim shavqqa to‘la edi. U roldan ozgina parcha o‘qib berdi. U menga kinodagi ilk muvaffaqiyatlarimni, hali hammasi oldinda bo‘lgan o‘sha sog‘inchli kunlarni eslatib yubordi.
Edna ishtiyoq bilan ishga kirishib ketdi, ammo bundan hech narsa chiqmadi. Obraz yevropacha sof nafislikni talab qilardi, bu esa Ednada hech qachon bo‘lmagan. U bilan uch-to‘rt kun ishladim, ammo u bu rolga tushmaganini aytishga majbur bo‘ldim. Edna ham xafa bo‘lishdan ko‘ra, o‘zini yengil his qilganini aytdi. Shu-shu men uni boshqa ko‘rmadim, u ham jim bo‘lib ketdi. Uning nomiga Shveytsariyadan chek yuborganimdan so‘ng o‘zi menga minnatdorlik xati yozdi:
“Azizim Charli!
Uzoq yillik do‘stliging, menga qilgan yaxshiliklaring uchun senga hayotimda ilk bor minnatdorlik maktubini yozyapman. Yoshlikni bebosh fasl deyishadi, ammo men sen tufayli ko‘p narsani o‘rgandim. Ishonamanki, sen latofatli rafiqang va bolalaring bilan baxtiyorsan…
(U o‘zining xastaligi, doktorlarga sarflagan pullari, opasi haqida yozgan. Oxirida esa har doimgidek hazillashgandi.)
Ko‘pdan beri eshitmagan bir latifani aytib bersam: raketada o‘tirgan uchuvchi qancha yuqoriga ucha olishini bilmoqchi bo‘libdi va raketani plombalab havoga ko‘tarilibdi. Ko‘rsatkich raqamlari borgan sari yuqorilab ketaveribdi. U hammasini hisoblab boraveribdi: 25 ming, 30 ming, 100 ming… 500 ming… u o‘zining shu qadar yuksaklikka chiqqanidan hayratlanib, o‘ziga-o‘zi “O, ulug‘ Iso!” degan ekan, shu payt qayerdandir “Hoy” degan mayin ovoz eshitilganmish…
Iltimos, Charli, menga ikki qator bo‘lsa ham o‘zing haqingda yozib yubor, iloji boricha tezroq. Iltimos, qaytgin, sening o‘rning bu yoqda!
Cheksiz samimiyat ila seni o‘pib qolguvchi qadrdoning
Edna”.
Lekin men yil bo‘yi Ednaga bironta ham xat yozganim yo‘q. Uning menga yozgan so‘nggi maktubi shunday edi:
“Azizim Charli!
Mana yana mening qalbim senga bo‘lgan minnatdorlik tuyg‘usi bilan to‘ldi. Va yana shifoxonada bo‘ynimga rentgen va kobalt nurlarini berishdi. Senga aytsam, bulardan keyin do‘zax dahshatlari hech qo‘rqinchli emas. Ammo inson to tirik ekan, baribir chidaydi. Bu hozirda mening dardimga o‘xshagan xastaliklarning eng yaxshi davosi. Umid qilamanki, menga bir haftadan so‘ng uyga ruxsat berishadi va ambulator bemor bo‘laman (Bu qanday baxt!). Lekin baribir ichki organlarim zararlanmaganidan mamnunman. Bularning bari menga 7-avenyuning burchagida turadigan yigit haqidagi hikoyani eslatadi. U negadir qog‘ozni to‘rt bo‘lakka bo‘lib, har tarafga sochib yuboribdi. Shu payt politsiyachi kelib, nima, sen bu ishing bilan janjal chiqarmoqchimisan, deb so‘rabdi. Yigit esa: “Fillarni haydayapman”, deb javob beribdi. Politsiyachi esa unga qarab: “Menga tegishli hududda hech qanday fil yo‘q!”, debdi. “Ko‘rdingizmi, – degan ekan yigit, – mening davolanishim ish beradi!”.
Mana senga mening bugungi ahmoqona hayotim. Kechir meni. Umid qilamanki, sen umr bo‘yi ishlashingga imkon bergan o‘z sog‘lig‘ingning qadriga yetasan.
Senga cheksiz muhabbat bilan,
Edna”.
1956 yil 13 noyabr
Bu maktubdan so‘ng hech qancha vaqt o‘tmay, uning vafot etgani haqida xabar keldi. Dunyo yosharishni yaxshi ko‘radi, biz esa yashaganimiz sayin eskirib, yolg‘izlashib boraveramiz…
Mana men ham o‘z “odessiy”imning poyoniga yetay deb qoldim. Bilaman, vaqt menga yetarlicha imkonlar in’om etdi. Dunyoga suyukli bo‘ldim, meni sevdilar va nafratlandilar. Ammo baribir yomonlikdan ko‘ra yaxshilikni ko‘p ko‘rdim. Taqdir har qancha bevafo bo‘lmasin, baxtni ham, baxtsizlikni ham in’om etadi. Xuddi shamol ochiq osmonga bulut olib kelgandek. Eng muhimi, g‘am qachon kelishini bilmaganim kabi, kutilmagan baxtdan ham quvona olaman. Men hech qachon aniq reja bilan yashamaganman, hayotiy shior va falsafam ham yo‘q. Bizga hamma narsani, donishmandlikni ham, ahmoqlikni ham hayotiy kurashlar o‘rgatadi. Men doim ham mantiq bilan yasholmaganman: ba’zan o‘ta oddiy, mayda narsalar uchun kuyib-yonaman, ba’zida esa katta halokatlarga ham beparvo qaray olaman.
Hozirgi hayotim avvalgidan zavqliroqdek tuyuladi. Men hali salomatman, yana ijod qilishga tayyorman. Ehtimol, endi o‘zim rol o‘ynamasman, ammo stsenariy yozishim, bolalarim ishtirokida film suratga olishim mumkin. Ular menga yaxshi aktyor bo‘lamiz, deb va’da berishadi.
Men azaldan shuhrattalab insonman va bu tuyg‘u haligacha qalbimni tark etmaganini bilaman. Hali qilmoqchi bo‘lgan ishlarim ko‘p – bir necha stsenariylarimni yozib tugatishim zarur. Agar vaqtim yetsa, opera uchun pesa yozish niyatim bor.
Shopengauer “baxt – bu salbiy tushuncha”, degandi. Menimcha unday emas. So‘nggi yigirma yil ichida men baxt nima ekanligini yaxshiroq tushunib yetdim. Taqdirim menga betimsol ayolni tortiq qildi. Una haqida batafsil yozishni istardimu, lekin buning uchun asl sevgi haqida gapirishga to‘g‘ri keladi. Asl sevgini boricha yozib ko‘rsatish qo‘limdan kelmaydi. Men yigirma yil ichida har kuni Unaning olamidan sirli teranlik va mukammallikni o‘zim uchun kashf etib yashadim. Eslayman, bir safar u bilan Vevedagi tor yo‘lakda ketib borar ekanmiz, o‘zimdan oldinda ketib borayotgan Unaning go‘zal va tik qomati, yelkasi uzra tushib turgan qora sochlariga qarab, qalbimni ifodaga sig‘mas bir his chulg‘ab oldi. Butun vujudimda unga nisbatan ado bo‘lmas muhabbatni tuydim. Men uni qanday bo‘lsa shundayligicha umrbod sevishimni angladim. Naqadar noyob baxt sohibi ekanligimni his etganim sayin beixtiyor ko‘zlarimga yosh quyilib kelardi… Va men bu baxtni hamon, har safar uyimning peshayvonida u bilan o‘tirib, soatlab yashil dalalarni, olis tog‘lar, ko‘l va botayotgan quyoshni tomosha qilayotganimda his etaman.
Rus tilidan Maftuna Muhammadaminova tarjimasi
«Jahon adabiyoti» jurnali, 2020 yil 3-son