Dunyoda olamshumul kashfiyot qilib, so‘ng bu ishidan ming afsus chekkan inson haqida bilasizmi? U – ham kimyogar, ham muhandis, ham novator, shoir va dramaturg, qurol ishlab chiqaruvchi tadbirkor hamda portlovchi modda – dinamitning ixtirochisi, Bofors orollarining egasi. Uning so‘nggi tilagi boyligining barcha qismini Nobel mukofoti sovrindorlariga qoldirish bo‘ldi. Darvoqe, nobelium nomli sun’iy element ham bor. Bu shaxs – o‘sha mashhur Alfred Nobeldir.
Dinamit g‘avg‘olari
Alfred Bernard Nobel 1833 yilning 21 oktyabr kuni Shvetsiya poytaxti Stokgolm shahrida Immanuel Nobel (1801-1872) va Andritte Alzel Nobel (1805-1889) oilasida dunyoga keladi. U 9 yoshida oilasi bilan otasi (zamonaviy faner ixtirochisi) «torpedo» ishlarini boshlab yuborgan Sankt-Peterburgga ko‘chib keladi. U yerda Alfred mashhur professor Nikolay Zinindan kimyo sirlarini o‘rganadi. 18 yoshga kirgach, Amerikaga borib, o‘sha yerda ham to‘rt yillik kursda kimyodan bilimlarini mustahkamlaydi va qisqa vaqt Jon Eriksson qo‘li ostida ham ishlaydi.
1859 yilga kelib, Immanuel o‘z fabrikasini ikkinchi o‘g‘li Lyudvig Nobelga qoldiradi. Oilaviy biznesi inqirozga yuz tutgandan so‘ng Alfred otasi bilan Shvetsiyaga qaytadi va qolgan umrini portlovchi moddalarni o‘rganishga sarflaydi. Ayniqsa, ishlab chiqarishni saqlab qolish va nitroglitserindan (glitserin va nitrat kislotasi birikmasidan iborat moysimon modda bo‘lib, 1847 yili Alfredning talaba do‘stlaridan biri Askanio Sobrero (Turin universiteti) tomonidan kashf qilingan) ko‘proq foydalanishga harakat qiladi. Natijada 1864 yilning 3 tsentyabrida Stokgolmning Helenborg degan joyidagi fabrikada kuchli portlash sodir bo‘lishi oqibatida 5 kishi halok bo‘ladi. Ularning ichida Alfredning ukasi Emil ham bor edi.
Nitroglitserindan ushlashga qulay bo‘lgan dinamit portlovchi moddasi 1867 yilda kashf etiladi. Alfred birinchi sinov tajribasini shu yili Surreydagi
(Angliya) Redxill tosh konida amalga oshiradi.
Keyinchalik Nobel, o‘z «ish»idan ilhomlanibmi, nitroglitseringa boshqa portlovchi moddani birlashtirib, yanada kuchliroq, halokatliroq bo‘lgan gelignit moddasini ham kashf qiladi. Bu hodisa 1876 yili ro‘y beradi.
Uning vafoti munosabati bilan frantsuz matbuoti ta’ziyanoma chop etgan va unda quyidagi so‘zlar bitilgan edi: «Ajal savdogari o‘ldi. Bu kungacha odamlarni yo‘q qilishning turli yo‘llarini topib kelgan doktor Alfred Nobel kechagina o‘zi ham vafot etdi”.
Nobel nega uylanmagan?
Nobel umrini faqatgina portlovchi moddalarni o‘rganish bilan o‘tkazmagan. U oltita tilni mukammal bilgan: shved, frantsuz, rus, ingliz, nemis va italyan tillari. Shu bilan birga, ingliz tilida she’rlar ham yozgan. Uning «Nemesis» nomli tragediyasi Persi Bisshe Shellining «Chensi» asaridan mutaassir holda yozilgan bo‘lib, Beatriche Chensi haqidagi to‘rt pardali sahna asaridir. Biroq bu asarning uch nusxasi Nobel vafot etishi bilanoq yo‘q qilib yuborilgan. Chunki o‘sha davr adabiyotshunoslari bu tragediyani dinni tahqirlovchi va sharmanda qiluvchi deb hisoblashgan. Yashirin saqlab qolingan bir nusxasi (shved-esperanto tillaridagisi) esa esperanto tilidan tarjima qilinib, 2003 yilda Shvetsiyada nashr etiladi.
Garchi Nobel uylanmagan bo‘lsa-da, biograflar uning kamida 3 muhabbati bo‘lganini qayd etishgan. Birinchi sevgi Rossiyada Aleksandra ismli qizga nisbatan uyg‘onadi, lekin qiz uning dil izhorini rad etadi. 1876 yili esa o‘zining kotibasi Berta Kinskiga ko‘ngil qo‘yadi. Ammo Berta ham ilk muhabbati – baron Artur Gandakkar fon Sattnerga turmushga chiqib ketadi. Biroq qiz Nobel bilan aloqasini uzmaydi. Mukofotga «tinchlik yo‘lidagi xizmatlari uchun» yo‘nalishining qo‘shilishiga ham aynan Berta sababchi bo‘lgan. Berta fon Sattner «tinchlik yo‘lidagi samimiy xizmatlari» uchun 1905 yili Nobel mukofoti bilan taqdirlanadi.
Alfredning eng uzoq davom etgan muhabbati (18 yil) venalik ismi «gul qiz» ma’nosini anglatuvchi Sofi Hess bo‘ladi. Olim unga yozgan xatlarida Sofiga «Madam Sofi Nobel» deb murojaat qiladi. Qahramonimiz vafotidan so‘ng, biograflarning ta’kidlashicha, ularning o‘tli maktublari Stokgolmdagi Nobel institutida eng maxfiy sir sifatida saqlab kelingan. Faqat 1955 yilga kelib bu xatlarni qayta o‘rganishga ruxsat beriladi.
Matematiklar o‘qishi shart emas!
1895 yilning 27 noyabr kuni Parijdagi shved-norveg klubida Alfred o‘zining oxirgi tilagi – Nobel mukofotini ta’sis etish haqidagi qog‘ozga imzo chekadi. U qoldirib ketgan 31 million krona hozirda bir necha yuz million AQSh dollarini tashkil qiladi. Dastlab uch yo‘nalishda – fizika, kimyo va tibbiyot bo‘yicha mashhur insonlarga, keyinroq adabiyot sohasida eng yaxshi yozuvchiga hamda tinchlik yo‘lida beminnat xizmat ko‘rsatgan inson yoki jamiyatga berilishi vasiyat qilinadi. Matematiklarga bu mukofot berilmasligini ko‘pchilik bilsa kerak. Sababini ham u yoq-bu yoqdan eshitgan bo‘lishlari aniq. Taxminimizcha, ana shu nafaqat Nobelga, balki bo‘lajak matematiklarga ham o‘zi bilmagan holda vafo qilmagan qiz Berta Kinski bo‘lsa kerak.
2001 yildan mukofot yo‘nalishi yana bittaga ko‘paydi. Nobelning bir necha avlodlik jiyani Piter Shvetsiya bankidan «Alfred Nobel xotirasi uchun» iqtisodchilarga ham mukofot ta’sis etishni so‘raydi.
1896 yil 10 dekabrda 63 yoshida Italiyaning Sanremo shahrida vafot etgan olimning qabri – Stokgolmning Norra qabristonida.
Bobur Nabi
“Ma’rifat” gazetasidan olindi.