Nega Zarafshon, zar tarqatuvchi? Suvi zar rangda bo‘lganligi uchunmi yoki yo‘lidagi go‘shalarni obod qilgani, yurtlarni zarga ko‘mganligidanmi? Aslida unisi ham, bunisi ham rost. Zarafshon o‘sha Machcho tog‘idan (5960 m.) boshlanib ulkan uzunligi 24,7, maydoni 40,8 yaxob, Zarafshon muzligining tagidan chiqib keladi. Uni dastlab Machcho daryosi deb atashgan.
Atrof-tevaragidan o‘ziga 15 tacha muzliklarni qo‘shib oluvchi Zarafshon muzligi 24 km. davomida 5960 m.dan 2775 m.gacha pasayib kelgan – naqadar tik nishab tushuvchi muzlik. Shuning uchun ham uning ulkan tanasi vodiy bo‘ylab sutkasiga 40-45 sm. mudom pastga tomon siljib turadi. Bu ko‘z ilg‘amas harakat naqadar sust ko‘rinsa-da, muzliklarning ancha ildami hisoblanadi. Chunki O‘rta Osiyo tog‘ muzliklarining o‘rtacha sutkalik harakati 5-10 sm. xolos. Xuddi shu harakat muzliklarning erishini ta’minlovchi dastlabki sabablardan biridir. Bundan tashqari, muzlik ustini vodiyning har ikkala yon- bag‘ridan uvalanib, yemirilib, qulab, yuvilib, urilib hamda shamol ta’sirida uchib tushgan mayda chang zarrachalaridan tortib, to ulkanligi uydek harsanglargacha egallab oladi. Ularni morenalar deb atashadi. Morenalar muzlik bilan birgalikda, go‘yoki uni minib olgandek quyi tomon harakatlana boshlaydi. Fasllar almashgan sari ustma-ust yoqqan qor va yangi qor ustiga qo‘ngan yangi morenalarni ko‘rish mumkin. Bu jarayon shu tarzda davom etib, morenalar muzlikning badaniga tobora singib boraveradi. Nihoyat, erish chegarasiga yetgach, suvga aylana boshlayotgan muz biz o‘ylagandek tarnovdagi sumalak kabi tiniq emas, balki o‘sha loyqa oqimga aylanadi. Zarafshon suvida Amudaryo va Sirdaryoga nisbatan fosfor miqdori 1,5-2 marotaba ko‘p uchraydi. Bu, albatta, har qanday unumdorligi past dalaning ham joniga oro kirgizadi, hosildor qiladi. Darhaqiqat, daryo ancha yoyilib va sekinlashib oqadigan Bulung‘ur, Jomboy, Oqdaryo, Chelak, Ishtixon, Kattaqo‘rg‘on tumani hududlarining tuprog‘i tevarak-atrofdagilardan farqli o‘laroq, qora kulrang tuslidir.
Garchand daryo suvi hozir o‘sha biz nazarda tutayotgan hududlarni qamrab ololmasa ham, qadimda Zarafshon bugungisidan bir necha o‘n, balki yuz bora sersuvroq bo‘lgan, degan xulosani beradi.
Zarafshonning delta qismida tadqiqot olib borgan arxeologlar (akademik A.Muhammadjonov rahbarligida) besh ming yil muqaddam u o‘z suvini Amudaryoga quygan, degan xulosaga keldilar. Besh ming yil muqaddam emas, besh yuz yil muqaddam yashab o‘tgan samarqandlik tarixchi olim Hofizu Obro‘ ham, Ko‘hak suvi sernam yillari to Jayhunga qadar yetar edi, deya dalolat beradi. Ba’zi bir qiyosiy taqqoslashlar yakuni ham qadimda Zarafshonning nihoyatda muazzam daryo bo‘lganligi tasdig‘idir.
Dastlabki farazga ko‘ra, Zarafshonning asosiy suv manbai – muzliklar hozirgisiga nisbatan kattaroq bo‘lgan. Buni Mastchoqdaryo o‘zani bo‘ylab sayohat qilgan kishi darhol ilg‘ab olishi mumkin. Chunki muzlik vodiyning har ikala yon bag‘rini oynadek silliqlab “iz” qoldirgan, muzlik hosilalari – morenalar hozirgi muzlik yotgan 2775 m.dan bir necha o‘n kilometr quyida uchray boshlaydi. Eramizning boshlarida yashab, ijod qilgan yunon olimi Kvint Kurtsiy Ruf shunday yozadi:” So‘g‘diyonaning katta qismidan mahalliy aholi “Politimet” deb ataydigan daryo oqib o‘tadi. U avval tor o‘zandan oqadi, so‘ngra tor g‘orga oqib tushadi va yer ostida ko‘zdan g‘oyib bo‘ladi. Biroq daryoning sharillagan tovushi eshitilib turadi, yer usti doim zax”. Yana bir yunonistonlik olim Strabon ham Zarafshonni shunday ta’riflaydi.
Kvint Kurtsiy Ruf tasvirlayotgan manzara Zarafshonning yuqori mansabiga xos bo‘lib, daryo oqib kirib ketayotgan g‘or aslida muz g‘oridir. Demak, daryo muzlikdan ajralib chiqqach, quyiroqda bo‘lishi ehtimolga yaqin. Bunday holatlar ko‘p uchraydi. Qalin morenalar erimasdan ko‘prik misol daryo o‘zanini qoplab yotaveradi. Binobarin, ikki ming yil muqaddam muzlik chegarasi biz tasavvur qilgan hududdan juda ham quyida yotgan va tabiiyki, shunga yarasha ko‘p suv bergan.
Suvning mo‘lligidan va bahor paytlari yoyilib oqishidan shunchalar keng to‘qay paydo bo‘lganki, Samarqand atrofida 10 ming qo‘shini bo‘lgan Spitamen Aleksandr Makedonskiy askarlariga qaqshatqich zarba berib, daryo bo‘yidagi o‘sha changalzorga kirib ko‘zdan g‘oyib bo‘lgan.
Ming yil muqaddam yashab o‘tgan tarixchi olim Narshaxiy Zarafshonni Rudizar, gohida Haromkom deb atagan va Boykandga oqib borishini ta’kidlagan. Boykand esa to‘qay va kattako‘lga tutashadi. Bu ko‘lni Bargin, Farix, Qorako‘l deb ataydilar, deb yozadi Narshaket.
Jayxoniy (X asr) esa bu ko‘lni Somchan deb ataydi. Buxoro suvining ortiqchasi o‘sha joyga yig‘iladi. Unda suv jonivorlari yashaydi. Xurosonning hamma joyidan qush va baliqlarning barchasini jamlasa ham unga teng kela olmaydi. Demak, Ulug‘bek ham qish fasllarida ov qilish uchun bekorga Qorako‘lni tanlamagan, shunga asoslanib, atigi besh yuz yil muqaddam ham Zarafshon juda sersuv bo‘lgan ekan, deyishimiz mumkin. Unda Zarafshon daryosining suvi qachondan boshlab kamaya boshladi? Agar yaqin yuz yilliklar ichida bu jarayon yuz bera boshlagan bo‘lsa, nima uchun ikki ming yil muqaddam gullab-yashnagan Varaxshadek shahristonlar eramizning boshlariga kelib huvillab qoldi? Shunday muhtasham qasrlardan iborat ko‘rkam shaharni tashlab chiqishga odamlarni suvsizlik, Zarafshon suvining yetib bora olmay qolganligi, o‘zanini birmuncha to‘g‘riga tomon o‘zgartirishi ham sababchi bo‘ldi. Darhaqiqat, Amu yoki Sirdaryo kabi Zarafshonning ham o‘z oqimini tez-tez o‘zgartirib, «tentirash» odati bor edi. Arxeologlar V.A.Shishkin, N.A.Leonov, A.Muhammadjonovlar Zarafshonning quyi oqimida kuzatishlar olib borib, daryoning o‘zani Yerning isish va sovish davrlarida nisbatan sekin yoki tezroq aylanishi tufayli qutb yoki ekvator tomon siljib turishini aniqladilar. Olimlarning kuzatishlari eramizning boshlarida yangi isish davri yuz berganligini, natijada muzliklar ko‘proq erib qisqarib borganligini, jarayon hamon davom etayotgan bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatadi.
Ikkinchidan esa, Zarafshon daryosiga qadimda Qashqadaryo o‘z suvini quygan, ya’ni Qashqadaryo Zarafshonning eng yirik va oxirgi chap irmog‘i bo‘lgan. Tarixiy geologik davrlarda, hatto Sangzor daryosi ham o‘z suvini o‘ng tomondan Zarafshonga quyganligi to‘g‘risida poleogeografik ma’lumotlar mavjud. Shunday bir holatda Zarafshon, albatta, hozirgi ahvoliga qaraganda, bemisl sersuv daryo edi, deya olamiz. Daryo o‘zanida suvning kamaya borish davri hali Iso alayhissalom dunyo yuzini ko‘rmagan bir davr, ya’ni eramizdan oldingi I-II asrlarga to‘g‘ri keladi, desak yanglishmaymiz, chunki o‘lkamizdagi eng ko‘hna gidrotexnik inshootlardan biri Darg‘om kanali aynan Zarafshon suvining bir qismini vodiyning chap sohilidagi yangi ochilgan yerlarni sug‘orishga olib ketsa, xuddi shu nuqtada keyinroq paydo bo‘lgan Tuyatortar kanali daryoning o‘ng sohili bo‘ylab paydo bo‘lgan sug‘orma dehqonchilik uchun sarf bo‘la boshladi. Hozirgi vaqtda Eski Anhor kanali orqali Qashqadaryo vohasi, Panjakent tumani (Tojikiston r.) ham bir qancha maydonlarni Zarafshon suvi bilan sug‘orishadi. Bularning barchasi daryo suvining me’yoriy jihatdan kamayishiga katta ta’sir o‘tkazadi.
Zarafshon vodiysida to‘rt milliondan ziyodroq aholi yashaydi. Bu ko‘rsatkich daryo suvining keskin yomonlashuviga bilvosita hamda bevosita ta’sir ko‘rsatmoqda. Bilvosita sabablar ekin dalalaridan, yonlama soylardan ifloslangan oqimlarning daryo o‘zaniga quyilishi, sanoat korxonalarining salbiy ta’siri hamda daryo qirg‘og‘idagi ayrim aholi punktlari yoki rekreatsiya maydonlarining mavjudligi tufayli yuz bermoqda.
Qadimdan nafaqat Zarafshon vodiysini, balki Qashqadaryo va Sangzor vodiysini ham gullab-yashnatgan bu qadimiy daryo ham miqdor, ham sifat jihatidan salbiy tomonga o‘zgarib bormoqda. Uning bu xususiyati, ayniqsa, o‘rta Zarafshonning quyi, quyi Zarafshon hududlarida odamlar salomatligi bilan bog‘liq turli muammolarni keltirib chiqarmoqda. Tabiat va inson o‘rtasidagi ziddiyatlarning bir qismi Zarafshon daryosiga to‘g‘ri kelayotganini tegishli hududdagi mutasaddi tashkilotlar o‘ylab ko‘rsalar, chakki bo‘lmas edi.
Asror Nizomov,
Gulnora Rahimova,
“Marifat” gazetasidan