Hammamizga ma’lum, Samolyotmi, dirijabilmi, oddiy varrak yoki qushmi ucha boshlasa, ularni osmonga ko‘tarildi deb aytamiz. Savol tug‘iladi: qaysi osmonga? Birinchi osmonda uchishayotir. Mayli unda yettita sfera – Magnitosfera, Ionosfera, Ekzosfera, Termosfera, Mezosfera, Stratosfera, Troposferalar bo‘laqolsin. Bu sferalarning hammasi birinchi osmondagi atmosfera qatlamlariga tegishli. Shunday qilib biz birinchi osmon deb samolyotlar, varraklar, qushlar, parashyutchilar, deltaplanchilar uchib yura oladigan va Yerning tortishish kuchi ta’siri ostida bo‘lgan fazo hududini qabul qilamiz.
Ma’lumki Yerning sun’iy yo‘ldoshlari Yer orbitasiga chiqib olishi uchun ma’lum bir tezlikka, ya’ni, sekundiga 8,2 km. tezlikka ega bo‘lishi shart. Bu tezlikka ega bo‘lmagan jism u xoh samolyot bo‘lsin, xoh qush yo varrak Yer orbitasiga chiqa olmaydi. Chunki ikkinchi osmonni xarakterlovchi qator fizik qattiqlikni yorib o‘tish uchun shunday ulkan tezlikka ega bo‘lish talab etiladi. Yer orbitasini zamonaviy fan kosmos deya atay boshladi. Biz uni ikkinchi osmon deya nomlasak bo‘ladi. Shunday qilib kosmik kemalar Yer atrofida sun’iy yo‘ldosh sifatida aylanib yuradigan vaznsizlik hukmron fazo hududini ikkinchi osmon deb qabul qilishimiz aqlga to‘g‘ri keladi. Bu osmon mavjudligini zamonaviy olimlar ming yillardan buyon tasavvur etib kelishgan. Lekin uning mavjud ekanligi birinchi kosmik kema 1957 yili ko‘tarilganidan so‘nggina isbotini topdi.
Uchinchi osmon deb Oyning Yer atrofida milliard yillardan buyon harakat qilayotgan orbitasi qatlamlarini olsak o‘rinli bo‘ladi. Demak uchinchi osmonni Oy o‘ziga makon qilib olgan hamda u ham Yerning tortishish kuchi hukmron bo‘lgan hududda joylashgan. Demak uchala osmon ham Yer bilan birga uni o‘rab olgan holda Quyosh atrofida harakat qilib ko‘chib yurishibdi.
To‘rtinchi osmonga chiqish uchun kosmik kemamiz sekundiga 11 km. dan katta bo‘lgan tezlikka ega bo‘lishi shart. Shunda kosmik kema Yer tortishish kuchi ta’siridan qutilib, Quyoshning sun’iy yo‘ldoshiga aylanadi va Quyosh atrofida Yer va boshqa planetalar kabi ma’lum bir orbita bo‘ylab aylana boshlaydi. Yerimiz to‘rtinchi osmonda Quyosh atrofida harakat qilib yuribdi. Birinchi, ikkinchi va uchinchi osmonlarga Yer hukmron bo‘lsa, to‘rtinchi osmonga Quyosh hukmronlik qilayotir.
Beshinchi osmon. Quyosh o‘zining barcha sayyoralarini sudragan holda fazoda sekundiga 295 km tezlik bilan harakatlanib, taxminan qutb yulduzi yo‘nalishidagi markaz atrofida harakatlanib bormoqda va bu harakat somon yo‘li galaktikasida ro‘y bermoqda. Quyosh o‘z harakatini ro‘yobga chiqarayotgan somonyo‘li galaktikasi joylashgan fazo hududini beshinchi osmon deb olishimiz mumkin. Ushbu beshinchi osmonga somonyo‘li galaktikasi hukmron bo‘lib turibdi va u o‘z hukmidagi osmondan Quyoshning chiqib ketishiga yo‘l bermayotir hamda uni o‘ziga qarashli bo‘lgan beshinchi osmon hududi bo‘ylab harakat qilishga majbur etayotir. Ko‘rib turibmizki, Quyosh ma’lum belgilangan yo‘nalish va muddatgacha o‘z harakatini davom ettiraveradi. Hozirgi zamon fani buni inkor qilmaydi. Oy ham Yer ham barcha planetalar ham o‘z yo‘ldoshlari bilan birga Quyoshga ergashgan holda somonyo‘li galaktikasida sekundiga 295 km. tezlik bilan harakat qilib ketmoqda.
Oltinchi osmon. Fazo kemamiz mabodo tezligini Quyoshning somonyo‘li galaktikasi bo‘ylab harakati tezligidan bir munchaga oshira olsa (u tezlik miqdori qancha bo‘lishini hali astronomlarimiz hisoblab chiqa olishmagan), u holda u somonyo‘li galaktikasini va uning tabiiy yo‘ldoshlarini ham ortda qoldirib, uning ta’siridan keyingi osmonga chiqib ketadi va o‘zi ham son-sanoqsiz galaktikalar qatori u galaktikalar suzib yurgan ulkan fazo hududida ma’lum yo‘nalishda va ma’lum bir markaz atrofida aylanib suzib yuruvchi jajjigina bir “galaktikacha” bo‘lib qoladi. Ushbu galaktikalar va bizning jajji “galaktikamiz” harakatlanib yurgan fazo hududini biz oltinchi osmon deb olishimiz mumkin. Aytish lozimki, mazkur galaktikalar “Qutb yulduzi” kabi markaz atrofida aylanma harakatda bo‘lib turishmoqda va ularning bir marotaba aylanma harakatini bajarishi uchun ketgan vaqt Yer kuni hisobida bir milliard yilga teng bo‘lishi mumkin. U o‘lchovni oltinchi osmonning o‘ziga nisbatan bir kun deb olishimiz ham mumkin. Bu osmon birinchi, ikkinchi, uchinchi, to‘rtinchi va beshinchi osmonlarni o‘z ichiga oladi.
Ettinchi osmon hozirgi zamon fani, to‘g‘rirog‘i Eynshteyn hisoblab chiqqan bizning olam chegarasining narigi tomoni bo‘ladi. Barcha galaktikalar o‘z yulduzlari bilan birga ulkan tezlikda olam sarhadi tomon oltinchi osmonning qaysidir markazi (Qutb yulduzi kabi) atrofida harakat qilgan holda kengayib ham bormoqda va u galaktikalarning bizga nisbatan tezligi orta bormoqda (ularni 7 osmondagi qandaydir ko‘rinmas ulkan kuch o‘zi tomon tortib turgandek). Ularning tezligi yorug‘lik tezligiga teng bo‘lgach, yettinchi osmon tomonga o‘tib ketadilar va bizlarga butunlay ko‘rinmay qoladilar (Xabll qonuni). Mabodo fazo kemamiz ma’lum bir tezlikdan (ushbu o‘rinda yorug‘lik tezligi) katta tezlikka ega bo‘la olsa, u holda u bizning olam chegarasidan o‘tib ketishi mumkin bo‘ladi. Bizning olam sarhadidan (chegaradan) vaqti-vaqti bilan ba’zi yulduzlar, galaktikalar o‘tib ketib turishi hozirgi zamon olimlariga ma’lum va fazoning bizning olam sarhadining narigi tomonidagi olamni biz yettinchi osmon deb olishimiz mumkin. Bu osmon birinchi, ikkinchi, uchinchi, to‘rtinchi, beshinchi va oltinchi osmonlarni o‘z ichiga oladi.
Biz keltirgan yetti osmon tushunchasi zamonaviy fan tomonidan aniq tasdiqlangan. Albatta, biz bu osmonlar haqida Yerimizga nisbatan fikr yuritdik. Yetti osmon bir-biri bilan uyg‘un ekanini, ya’ni, biridan ikkinchisiga silliqqina hech bir yoriq yoki tirqishsiz o‘tib borishini tasavvur etish qiyin emas. Yetti osmon qatma-qat joylashganiga kim shubha keltira oladi? Ilm-fan taraqqiyoti shuni ko‘rsatmoqdaki, qachonlardir Yerdagi quruqlik bir butun, yaxlit bo‘lgan va ular keyinchalik qit’alarga ajragan.
Astronomiyada bo‘lishi kerak bo‘lgan tushunchalarning milliarddan biri ham ma’lum emas. Yetti osmon haqida ma’lumotlar ilmiy asosini topib tursa-da, u tushuncha shu kungacha shakllanmagan edi. Endilikda astronomiyaga yetti osmon tushunchasi kirib bordi. Yetti osmonning har biri qat-qat bo‘lishi mumkinligini nazardan qochirmasligimiz kerak. Masalan birinchi osmon troposfera, ionosfera kabi bir necha qatlarga bo‘linsa, to‘rtinchi osmon ham qator qatlarga bo‘lingandir. U qatlardan birida Venera, yana birida Mars harakatlansa, qaysidir qatida Yer o‘zining doimiy tabiiy yo‘ldoshlari uch osmon va Oy hamkorligida muntazam harakatdadir.
Mansurxon TOIROV,
fizika matematika fanlari doktori, professor.