Asr siri: Oyning ikkinchi tomoni

Insoniyat tamaddunida fazoni zabt etish tarixi siru sinoatlarga shunchalik to‘laki, haligacha bu bilan bog‘liq ma’lumotlar va hujjatlarning yuqori qismidan «Maxfiy» degan yozuv tushmaydi. Mana, yaqinda o‘tgan asr­ning 50-yillarida orbitaga chiqarilgan itlar u yerda uzoq azobli o‘lim topganligi ma’lum bo‘ldi. O‘tmishning yana bir fosh etilgan sirlaridan biri bu Yuriy Gagarinning fazoga parvozini maxsus tushish apparatida emas, balki oddiy parashyutda yakunlaganidir.

Bu kabi munozaralarga sabab bo‘luvchi, o‘tmishda keskin burilish yasagan ko‘plab voqealar qatorida sayyoramizning yo‘ldoshiga uyushtirilgan o‘sha mashhur «Armstrongning Oyga oyoq qo‘yishi» ham tilga olinadi. Negaki, chindan ham sun’iy yo‘ldoshga parvoz uyushtirilganmi, mabodo shunday bo‘lsa, u holda Oyga qadami yetgan ilk inson aslida kim, degan savol hali-hanuz ko‘plab bahs­larga olib kelmoqda. Xo‘sh, kim o‘sha insoniyat va butun bir tamaddun tarixida o‘chmas iz qoldirgan shaxs? Rasman tasdiqlangan ma’lumotlarga ko‘ra, bu – amerikalik astronavt Nil Armstrong. Shunga qaramay, inson qadami hali Oyga yetmagan, degan qarashlar ham yo‘q emas.

Har narsaga shubha bilan qaraydigan mazkur fikr egalarining bunday xulosaga kelishlariga asos bormi? O‘tgan asrning eng olamshumul voqealaridan biriga gumon bilan qarash to‘g‘rimikan? Bir boqishda shak-shubhaga qanday ham asos bor, deyish mumkin. Chunki amerikaliklarning Oyni zabt etish loyihasiga juda katta mablag‘ sarflanganligi barchaga ma’lum. Nahotki, ular garchi dastavval juda katta tavakkalchilik asosida boshlagan sa’y-harakatlaridan ortga chekinishga jazm etishgan bo‘lsa? Qolaversa, Nil Armstrongning Oyga qadam qo‘yganligi butun Yer yuzida turli kanallar orqali namoyish etilgan-ku! Shunday ekan, butun insoniyatni chalg‘itishning qanday qilib uddasidan chiqilgan (mabodo, shubhalar haqiqat deb tan olinadigan bo‘lsa)?

Kuchlilar bellashuvi

O‘tgan asrning 60-yillarida ikki yirik mamlakat – AQSh va sobiq ittifoq o‘rtasidagi sovuq urush ayni alangalagan, bu davlatlar iqtisodiyot va ishlab chiqarishdan tortib, to sport sohasigacha bo‘lgan barcha yo‘nalishlarda raqobat qilayotgan davr edi. Ana shunday ziddiyatlardan biri kosmosni zabt etish sohasida ham yuzaga keldi. Boshida sobiq ittifoq bu borada yaqqol ustunlik bilan ilgarilab bordi. Yerning ilk sun’iy yo‘ldoshi, fazodagi ilk odam (1961 yilda Yuriy Gagarin), ilk marta birdaniga ikkita kosmik kemalar parvozi (1962 yil), samoga ilk ayolning parvozi (V. Tereshkova, 1963 yili), insonning ochiq kosmosga dastlabki chiqishi (1965 yil) – bularning barchasi mamlakat erishgan yutuqlar bo‘lgan. Shunday bo‘lsa-da, mutlaq ustunlik haqida gapirishga hali erta edi.

Sababi, Qo‘shma Shtatlar ham bu borada qator salmoqli ishlarni amalga oshirishga ulgurgandi. Masalan, orbitadagi ilk moslashuv harakatlari, fazodagi kosmik kemalarning dastlabki tutashuvi, «Apollon-Jemini» dasturi doirasidagi uzoq muddatli parvozlar, Oyga uchuvchisiz parvozlarni amalga oshirish, «Saturn-5» og‘ir raketa eltuvchi samolyotni yaratish shular jumlasidan. Bu kabi yutuqlar AQShning ortda qolmayotganidan dalolat edi. Ammo ustunlikni namoyish etish uchun AQShga undan-da yuksak muvaffaqiyat zarur ediki, natijada raqib mamlakatning bungacha erishgan barcha yutuqlari soya­da qolib ketmog‘i darkor edi. Shunda masalaning ideal yechimi Oyga amalga oshiriladigan parvozda, deb belgilandi.

O‘z navbatida NASA (Aeronavtika va kosmik makonni o‘rganish Milliy Assotsiatsiyasi) bor e’tibori, kuchini oldinga qo‘yilgan mazkur maqsadga qaratdi. Oqibatda, «Oyga parvoz» das­turiga 150 milliardga teng mablag‘ sarflandi. Natija kutilganidek olamshumul bo‘ldi. 1969 yil 20 iyul esa tarix zarvaraqlariga yozildi – shu kuni inson qadami ilk marotaba Oyga yetgan sana sifatida o‘tmishning unutilmas voqeasiga aylandi.

Bir qarashda, nihoyat, amerikaliklar butun dunyoga kosmik makonni zabt etishda ustunligini namoyish eta olganday tuyuldi. Lekin…

Hech qancha vaqt o‘tmay, odamzodning Oyga parvozini shubha ostiga qo‘yadiganlar topildi. Asossiz quruq gaplarga har kim quloq solmaydi, albatta, ammo bu odamlar (medem.luna.ua saytida) o‘z nuqtai nazarini isbotlab berish uchun jiddiy dalillarni keltirishmoqda.

Dalillarga qarshi dalillar bilan

Amerikaliklarning Oyga qo‘nishida eng ko‘p munozara tug‘diradigan holatlardan biri sayyoramiz yo‘ldoshiga AQSh mamlakat bayrog‘ini o‘rnatish paytidir. Unda «yulduzli va yo‘l-yo‘lli mato»ning ozgina hilpirab turganligi ko‘zga yaqqol tashlanadi.

Mazkur holatning g‘ayritabiiyligini payqash uchun fizika fani maktab kursidan biroz xabardor bo‘lishning o‘zi kifoya. Negaki, Oyda atmosfera mavjud emas, bu yo‘ldoshda shamol ham bo‘lmaydi degani. Demakki, mato hech qanaqasiga harakatlanishi mumkin emas. Aynan shu jihat har narsaga shub­ha bilan qarovchi va Oyga parvoz amalga oshirilganini rad etuvchilar taqdim etayotgan birinchi dalildir. Bu borada ularning xulosasi ham aniq: yuqoridagi holat shabada esishi mumkin bo‘lgan joyda suratga olingan. Bundan, mazkur tasvirlar Yerda olingan degan fikr kelib chiqadi.

O‘z navbatida bu qarashlarini rad etayotgan ularning raqiblari ham sukut saqlashgani yo‘q. Odamzodning ulkan muvaffaqiyatiga gumon qilayotganlarning adashayotganini ko‘rsatmoqchi bo‘lgan tomon vakillari dalilga qarshi dalil keltirishmoqda. Ikkinchi tarafning ta’kidlashicha, bayroq hilpirashining sababi «Apollon» qo‘nish moduli bilan Oy haroratining turlicha ekanligidadir.

Nima bo‘lganida ham, muhimi, bayroq kosmonavtlar tomonidan mustahkam o‘rnatilganidan so‘ng qilt ham etmagan. Shu o‘rinda miya­ga bir fikr keladi, agar rostdan ham tasvirlar Yerda olingan bo‘lsa, kosmo­navt­lar davlat ramzini ushlab turganida uning hilpirashi, o‘rnatilganidan keyin esa shamolning esmasligi biroz g‘alatiroq, to‘g‘rimi?

«Gumonsirashga usta bo‘lganlar» e’tibor qaratayotgan yana bir jihat – bu amerikalik ast­ronavt qoldirgan izlar surati. Ularning fikricha, Oy yuzasida izlar bu darajada aniq aks etmasligi kerak. Boisi, yo‘ldoshda suv yo‘q, sochiluvchan moddalarning mayda zarrachalari birlashuvi uchun esa aynan shu hayot manbaining bo‘lishi talab etiladi.

Lekin Oy tuprog‘idagi zarralarning o‘zaro tortishish kuchi sezilarli nishona qoldirish uchun yetarli, deydi bu borada qarama-qarshi tomon vakillari. Ochig‘i, mazkur qarshi fikr haqiqatga yaqinroq. Axir, sobiq ittifoqning «Lunoxod» apparati Oy yuzasida izlar qoldirganiga guvohlik beruvchi suratlar bor-ku! Ularda g‘ildiraklarning izlari yetarli darajada aniqlik bilan aks etgan.

Yana bir holat diqqatni tortadi. Odatda kosmik kemaning qo‘nish moduli ajralib, Oyning yuzasiga birinchi bo‘lib tushadi, so‘ngra esa kema modulning ustiga «qo‘nadi». Tasvirlarda AQSh kosmik kemasining qo‘nish modullari tagida hech qanday krater kuzatilmaydi. Bu ham munozaraga sabab bo‘layotgan masalalardan biri. Chunki muntazam ravishda ishlab turadigan dvigatel qo‘nish va uchishda yuza sirtiga jiddiy ta’sir ko‘rsatgan bo‘lishi kerak. Ammo bunga ham izoh topildi: birinchidan, qo‘nish modulining dvigateli Oy bazasidan biroz yuqoriroqda bo‘lgan, ikkinchidan, uchish va qo‘nishda u to‘liq quvvati bilan ishlamagan. Kema harakatlanganda chang ko‘tarilgan (darvoqe, keyinchalik astronavtlar aynan to‘zon jiddiy to‘siqlardan biri bo‘lganligini ko‘p bora ta’kidlashgan), lekin Oy tuprog‘ida chuqurlik hosil bo‘lmagan.

Qiziqarli dalillarning ro‘yxatidan o‘rin olgan yana bir jihat borki, uni aytmay bo‘lmaydi. 1994 yili AQShning uchuvchisiz harakatlanayotgan «Klementina» apparati tomonidan Oy yuzasi suratga olinadi. Rasmlarning birida qo‘nish modulidan qoladigan iz kabi bir belgi bor. Bugungi kunda olimlar uni «Apollon» kemasining parvozidan qolgan «nishona» deya ta’riflashmoqda. Qiziq, demak, baribir modullar Yer yo‘ldoshi sirtida iz qoldirishi rost ekan-da?

Ko‘zbo‘yamachilikmi yoki qahramonlik?

Amerikaliklarning Oyga parvozini shubha ostiga qo‘yishga asos bo‘luvchi asosiy masalalar ekspeditsiya jarayonida suratga olingan har xil tasvirlarda nur va soyalarning turlicha ekanligi bilan ham bog‘liq. Birinchidan, bo‘yi bir xil bo‘lgan astronavtlarning soyalari turli-tumanligi suratga olish jarayonida maxsus yorituvchi uskunalardan foydalanilgan, degan fikr­larni uyg‘otadi. Balki, uchuvchilar bo‘y-bas­tidagi ushbu nomutanosiblik Oy yuzasining notekisligi sababidandir. Ammo mazkur qarashni isbotlovchi birorta dalil yo‘q.

Shuningdek, ba’zi suratlarda qo‘nish modulining soyasida turgan astronavt yaxshi yoritilganligi yaqqol ko‘rinadi. Soyadan Quyosh astronavtning orqa tomonida ekanligini bilish mumkin bo‘lsa-da, ayni paytda uning skafandridagi eng mayda qism­larni ham aniq pay­qash oson. Bu yaqindan olingan tasvirlarmikan? Balki…

Ayni paytda astronavtlarning tasvirlarda yaxshi yoritilganligi Oy yoki yaltiroq skafandrlar nuridan ekanligi ham ehtimoldan xoli emas.

Kinomateriallarning juda yaxshi sifati ham gumonga asos bo‘lyapti, buning ustiga astronavtlar o‘ta murakkab sharoitda ishlashgan. Ular skafandr ki­yishgan, demak, erkin harakat qilishga imkon bo‘lmagan. Qolaversa, kamera tasvirga olish paytida uchuvchilarning ko‘ksiga mahkamlab qo‘yilgan edi, boshqacha qilib aytganda, tasvirga olish uchun noqulay vaziyatda bo‘lishgan. Shunga qaramay, fotosuratlar shu darajada tiniq olinganki, ularning birortasida ham kamchilik yo‘q. Ikkinchi tomondan, balki yaxshi olinmagan rasmlar talabga javob bermagani uchun keng ommaga taqdim etilmagandir.

Oyga odam qadami yetganligini inkor etishda yana bir jihat asosli dalildek ko‘rinadi. Gap shundaki, astronavtlar sakrashidagi uzunlik va balandlik ko‘rsatkichlari Oy gravitatsiyasi (tortishish kuchi)ga, ularning yo‘ldosh yuzasida harakatlanish usuliga mos kelmaydi.

– Ha, haqiqatan ham, mushohadatalab masala bu. Boisi, Oyda skafandrdagi astronavtning og‘irligi Yerdagi vaznidan taxminan 5 barobar kam bo‘ladi. Lekin videotasvirlardan sayyoramizning «kumushrang yo‘ldoshi»ga xos vazndagi yengillik holati uchuvchilarga nisbatan oson harakatlanishiga imkon tug‘dirgani sezilmaydi, – deydi tasvirlardagi nomutanosibliklarga e’tibor bergan birinchi mutaxassislardan biri Ralf Rene. Mamlakatning eng salohiyatli insonlari sirasiga kiritilgan ushbu amerikalik muhandis o‘z asarida «Apollon» loyihasini tahlil qilib, barcha fotosuratlar va videotasvirlardan Oyga hech qanday parvoz bo‘lmaganligini ta’kidlaydi.

– Shuningdek, ularning sakrashdagi balandlik va uzunlik ko‘rsatkichlari Yerdagiga qaraganda bir necha barobar katta bo‘lishi kerak edi. Biroq astronavtlar bilan bunday holat kuzatilmagan shekilli, har holda tarixiy kadrlarda mazkur o‘ziga xosliklarni payqamaydi kishi. Chunki ularning sakrash uzunligi o‘zimizning jonajon Yerimizda jismoniy tayyorgarlik o‘tagan inson ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan o‘rtacha me’yoriy ko‘rsatkich bilan deyarli teng.

Qolaversa, tadqiqotchilar biz, keng omma vakillariga taqdim etgan bu boradagi ma’lumotlar bilan Nil Armstrong guvohlik bergan chamalashlari to‘g‘ri keladi. Uning ta’kidlashicha: «Shubhasiz, Oyning tortishish kuchi sharoitida yuqoriga sakragisi kelaveradi odamning. Tana harakatini bosh­qara oladigan darajada tepaga erkin sakralganda, 1 metrgacha yuqoriga ko‘tarilish mumkin. Undan-da balanroq sapchish harakatlari aksariyat hollarda oyga qulab tushish bilan yakunlangan. Bunda erishish mumkin bo‘lgan eng katta balandlik 2 metrga teng edi…».

Xo‘sh, agar chindan ham shunday bo‘lsa, unda nega yuqorida tilga olingan holatlar tasvirga olingan birorta ham videomaterialda yo‘q? Astronavtlarning so‘zlariga hech ikkilanmay, shunchaki ishonib qo‘yish to‘g‘rimikan?

Buning ustiga yana «kashshof» uchuvchilarning Oy yuzasida harakatlanishi ularning rostdan ham sayyoramiz yo‘ldoshida bo‘lganligi borasida ikkilanishga turtki bo‘ladi. Qator mutaxassislar,xususan, britaniyalik tadqiqotchilar Devid Persi va Meri Bennet, xuddi o‘sha videotasmani biroz tezlashtirgan holda ko‘rilsa, okean orti vakillarining qadam tashlashi odamlarning Yer yuzidagi yurishidan hech qanday farq qilmaydi, deyishadi. Bu esa o‘z navbatida to bugungi kungacha insonlar ongida shubhali fikr­larning uyg‘onishiga olib kelmoqda.

Aslida imkoni bormi?

Bir necha yil oldin afsonaviy rejissyor Stenli Kubrikning bevasi 1969 yili uning umr yo‘ldoshi va qator boshqa Hollivuddagi professional mutaxassislar o‘sha payt­da shaxsan AQSh prezidenti Richard Niksonning buyrug‘ini olganligini ma’lum qildi. Unga ko‘ra, rejissyorlardan o‘z vatandoshlarining Oyga parvozi haqida kinematografik material tayyorlab berishi talab etiladi (darvoqe, bundan biroz oldin esa Stenli Kubrik butun dunyoga mashhur «2001: samoviy Odisseya» nomli filmini suratga olgan edi).

Marhum kinorejissyor bevasining ta’kidlashicha, bu faqatgina bitta sabab tufayli yuzaga kelgandi: Oydan olib kelingan asl tasvirlar sifati talabga javob bermagan. Bu gaplar qanchalik haqiqatga yaqin – aniq aytish mushkul. Ammo vaqti-vaqti bilan oshkor etilayotgan bu kabi hodisalar tariximizning eng dongdor voqealaridan biri borasida insonlar qalbiga yana gumon urug‘larini ekishi tabiiy.

Space-invention.org sayti forumida olib borilgan munozaralarning biridan ko‘pchilik baribir insonning Oyga parvozi rostdan ham amalga oshirilgan, degan fikrga qat’iy ishonch bildirmayotganligi ma’lum bo‘ldi. Ularning fikricha, o‘tgan asrning 60-yillarida foydalanilgan texnologiyalar yordamida buning iloji yo‘q edi. Ba’zi bir hisob-kitoblarga ko‘ra, Yer yo‘ldoshiga muvaffaqiyatli parvoz uyushtirib qaytishning real imkoniyati 0,001 foizga teng bo‘lgan (mirf.ru). Shu bilan birga, Oyda astronavtlarni Quyosh radiatsiyasidan himoya qiladigan atmosferaning yo‘qligi ham bot-bot keng jamoatchilik yodiga solinaveradi. Negaki, uchuvchilar «samoviy sayohat» paytida Yerning radiatsion maydoni ta’siriga tushib qolishi hech gap emas edi (u sayyoramiz yuzasidan 200 km. dan 1500 km. gacha balandlikda kuzatilishi mumkin).

Yana qo‘nish modullarining yuqori deb bo‘lmaydigan xavfsizligi ham tilga olinadi. Ma’lumotlarga ko‘ra, parvozga start berilishidan bir-ikki oy oldin Oyning tortishish kuchi holati sun’iy yaratilgan sharoitda (bu ilmiy tilda imitatsiya deb ataladi) sinov mashg‘ulotlari o‘tkazilayotgan modulning bo‘lmasi boshqaruvdan chiqib, parchalanib ketadi. Apparatni bosh­qarayotgan Armstrong baxtli tasodif tufayligina omon qoladi.

Aslida modullarni boshqarish ham juda murakkab ish bo‘lgan: ozgina noto‘g‘ri harakat falokatga olib kelishi muqarrar edi. Hayotda esa barcha bilganidek, parvoz ideal darajada muvaffaqiyatli amalga oshirilgan. Tan oling, biroz g‘alati holat, shunday emasmi?

Qator tadqiqotchilar esa yana o‘sha amerikaliklar keng ommaga Oydagi parvozni to‘g‘ridan-to‘g‘ri uzatish paytida yolg‘on ishlatish darajasidagi tavakkalchilikka qo‘l urishlari mumkin emas edi, degan fikrni qayta-qayta takrorlayverishadi. Birinchidan, ularning yolg‘onlari darhol oshkor bo‘lardi, chunki «Apollon»ning kosmosga parvozini sobiq ittifoq tadqiqot markazlari ham kuzatib turishgan. Ikkinchidan, okean orti farzandlari Oy tuprog‘i namunasini olib kelishga muvaffaq bo‘lishgan-ku, uning tarkibi esa ittifoqning avtomatik stantsiyasi yordamida olingan Oy tuprog‘i tarkibi bilan bir xil edi. Shuningdek, amerikalik astronavt­lar Yer yo‘ldoshida lazerli qaytargich uskunasini o‘rnatishgan, ke­yinchalik undan jahonning ko‘plab mamlakatlari olimlari foydalanishgani ham ma’lum.

Haqiqatga yaqin nuqtai nazar

Yuqoridagi – «ular Oyda bo‘lgan» va «amerikaliklar u yerda bo‘lmagan» degan bir-biriga zid qarashlardan tashqari yana bir u darajada radikal bo‘lmagan taxmin ham mavjud. Uni o‘rtaga tashlagan shaxs kosmonavt Georgiy Grechkodir.

– Gap shundaki, ba’zida kosmosda olingan suratlar sifati yaxshi bo‘lmaydi. Shu sabab amerikaliklar tasvirlarni yanada ta’sirchan ko‘rsatish maqsadida Oyda bayroqni o‘rnatish voqeasini Yerda suratga olishgan bo‘lishi ham mumkin. Ularning kosmosga parvoz uyushtirib, Oyning asl suratlarini olib kelishgani esa mutlaq haqiqat, – deydi bu astronavt.

Hozirgacha o‘rtaga tashlangan taxminlar va keltirilgan dalillar asosida bitta xulosaga kelish mumkin: okean orti vakillari bir paytning o‘zida ikki loyiha ustida ish olib borishgan. Birinchisiga ko‘ra, Oyga rostdan ham parvoz uyushtirish, ikkinchisi bo‘yicha esa «soxta samoviy sayohat» rejalashtirilgan. Xo‘sh, unda oxir-oqibat ulardan qay biri keng jamoatchilikka taqdim etilgan ekan? To‘la ishonch bilan biror narsa deyish qiyin. Ehtimol, mamlakat obro‘-e’tiborini saqlab qolish maqsadida, qolaversa, astronavtlar hayotiga xavf darajasi yuqori bo‘lganligi sabab tarixiy faktlarni ommaga e’lon qilishda yolg‘on aralashtirilgandir. Yana kim bilsin? Lekin barcha shubhayu gumonlarga qaramay, Oyga parvoz uyushtirilganligi to‘g‘risidagi o‘sha rasmiy nuqtai nazar hozircha haqiqat. Uning qanchalik rostligini Oyga navbatdagi qilinajak parvozlar ko‘rsatishi mumkin, xolos.

Nargiza Ibrohimova,
«Ma’rifat» gazetasidan olindi.