Narzulla Jo‘rayev. Tavallodan munojotgacha (ilmiy-falsafiy esse)

XVIII asrga kelib Yevropada Zardushtiylik falsafasi keng tarqaldi. “Avesto” turli yirik ilmiy tadqiqot markazlarida, kutubxonalarda mutaxassislar tomonidan zo‘r qiziqish bilan o‘rgana boshlandi. Ushbu davr Yevropa falsafiy tafakkurida keskin burilish davri bo‘ldi, desak xato bo‘lmaydi. Yevropa falsafasida butunlay o‘zgacha yo‘ldan kirib kelgan, insonshunoslik g‘oyasini qalb va ruhiyat orqali o‘rganish tamoyilini ilgari surgan Fridrix Nitshe o‘z falsafiy qarashlari bilan keng jamoatchilikka tez tanildi. Albatta, u o‘zidan oldingi yirik faylasuflar, jumladan, Shopengauer falsafasini chuqur o‘rgandi. Unga ergashdi, metafizik qarashlaridan foydalandi. Biroq, yosh olimning hech kimga o‘xshamagan xulosalari, hayot yo‘li, odam va olamga bo‘lgan munosabati jahon falsafasida mutlaqo yangilik bo‘ldi.

Nitshe falsafasida olamning bus-butunligi, insonning barkamol va yetukligi muammosi asosiy o‘rin tutadi. U yaxlit olamning barcha go‘zalliklari-yu jozibasi bilan birga salbiy jihatlarini bir butunligicha qamrab oladi. Natijada ideal inson va ideal hayot tarzini orzu qiladi. Ana shu ushalmas orzu uning bir umrlik falsafiy qarashlari mohiyatiga aylandi.

Nitshening Zardusht falsafasiga butunlay berilishi va bu ta’limot maqomidagi falsafani o‘rganishi, o‘rganibgina qolmay, uni o‘z qalbidan, ruhiyatidan o‘tkazib, real voqelikka aylantirish g‘oyasi tasodif emas. Nitshe protestant ruhoniysi oilasida tug‘ildi. Uning murg‘ak ongi taqvo va ibodat ta’sirida shakllandi, rivojlandi. Taqvodorlik muhiti uning ilk diniy tasavvurlarini boyitdi. Gimnaziyada ham diniy ta’lim oldi, cherkovlarga qatnadi. Qalban va ruhan ilohiyatga o‘ta yaqinligi, jozibador va ko‘rkam yigitcha bo‘lganligi tufayli bo‘lsa kerak, o‘rtoqlari uni “ibodatxonadagi 12 yoshli Iso” deyishardi. Bu esa shaxs sifatida yosh Nitshening surati va siyrati, shakli va mazmuni, zohiri va botini bir xilligidan dalolat beradi.

Yosh Nitshening adabiyot, san’at, tarix va falsafaga qiziqishi juda baland edi. U, hatto, o‘n yoshidan she’rlar ham yoza boshlaydi. Ilohiy kitoblarni qiroat bilan o‘qishni yaxshi ko‘rardi. Diniy qo‘shiqlarni me’yoriga yetkazib ijro eta olardi. Qiroat, oyatlarni g‘oyat ohangdorlik bilan qo‘shiq qilib kuylash ishqi va mahorati uning diniy-mistik qarashlarini shakllantirdi. Bonn va Leyptsig universitetlarida ta’lim oldi. Bazel universitetida professor bo‘lib ishladi. Ana shu yillar olimning samarali ishlash, G‘arb falsafasida betakror, o‘ziga xos ilmiy kashfiyotlar qilish davri bo‘ldi.

Nitshening san’at, tarix va adabiyotga qiziqishi falsafiy qarashlariga ham o‘ziga xos ta’sir etdi. Boshqacha qilib aytganda, murakkab falsafiy tafakkurni jozibador badiiy so‘z hamda obrazli ifoda bilan uyg‘unlashtirib, mutlaqo yangi shakl va mazmundagi falsafiy asarlarni dunyoga keltirdi. “Musiqa ruhidan fojianing tug‘ilishi” (1872), “Quvnoq fan” (1882), “Zardusht tavallosi” (1883), “Hamma uchun va hech kim uchun” (1883-1892), “Hokimiyatga intilish” (1906) singari asarlari nomlanishining o‘ziyoq kishining diqqatini tortadi, qiziqishini oshiradi. Bu asarlarning har biri muallifga ko‘pdan-ko‘p shuhrat keltirdi.

Og‘ir kasallik tufayli jamoadan ajralib qolgan Nitshe ideal inson orzusi bilan yashadi va bu mavzuda qator asarlar yaratdi. 1872 yili “Musiqa ruhidan fojianing tug‘ilishi” kitobi nashr etiladi. Ushbu asarda yashash zavqi va fojiaviylik tuyg‘ulari bilan mushohadalilik, mantiqiylik, katta intellektual salohiyat, aqliy ustuvorlik muammolari o‘rtasidagi qarama-qarshiliklar, ziddiyatlar falsafiy talqin etiladi va inson ongidagi bunday azaliy ziddiyatlarning o‘ziga xos talqini Nitshe falsafiy qarashlarining betakrorligidan dalolat beradi. U keng jamoatchilikda katta qiziqish uyg‘otdi.

Ikki qismdan iborat “Zardusht tavallosi” kitobining birinchi qismi 1883 yili, to‘liq nashri esa 1892 yili chop etiladi. Muallifga juda katta shuhrat olib kelgan ushbu kitob fikr bilan tuyg‘u, aql bilan hissiyot, yuksak falsafiy mushohada bilan ehtirosli badiiyat qorishib, mutlaqo o‘ziga xos nasriy doston sifatida yuzaga kelgan. Ushbu nodir asarni taniqli olim va yirik tarjimon Ibrohim G‘afurov zo‘r mahorat bilan o‘zbek tiliga o‘girgan[1].

Nitshe faylasuf sifatida, aytish mumkinki, qarashlarida insoniyat imkoniyatlari chegarasidan chiqib ketgan ongni mujassamlashtirgan Zardusht bilan o‘zini tenglashtiradi. Ya’ni, kishilik tarixida ilk marta ilohiy g‘oyalarni ilgari surgan Zardusht bilan hamfikr bo‘ladi. Boshqacha qilib aytganda, ushbu asarda chuqur psixologik holat bilan mantiqiy asos uyg‘unlashgan. Qalb iztiroblarini, zarbalarini, titroqlarini, besaranjom, beoromu behalovat tuyg‘ularini ruhiy holat orqali ifoda etadi.

Kitobda hayot falsafasi, inson tushunchasi, kishilik hayotining yorug‘ va qorong‘u tomonlari, ziddiyatlar va iztiroblar o‘z aksini topgan. “Avesto” g‘oyalarini chuqur o‘zlashtirgan, ayni paytda ana shu g‘oyalarda odam va olam mohiyatini ko‘ra bilgan, unda diniy va dunyoviy qarashlar uyg‘unlashganini anglagan Nitshe o‘z falsafiy qarashlarini, ilmiy g‘oyalari va munosabatlarini Zardusht orqali ifodalashga erishadi.

Asar uslubida Zardusht bilan Nitshening tengligi yaqqol ko‘zga tashlanadi. Darhaqiqat, muallif ilohiy shaxs bilan o‘zini teng qo‘yadi, o‘zaro muloqotda bo‘ladi, ko‘p hollarda Zardusht nomidan gapiradi, Zardusht g‘oyalarini o‘zining qalb kechinmalari bilan sintezlashtiradi. Garchi ular tug‘ilgan makon turli mintaqalarda joylashgan, juda ulkan, mahobatli tarixiy davr ularni ajratib turgan bo‘lsa-da (ular yashagan davr qariyb uch ming yillik masofa bilan farqlanadi), qarashlar uyg‘unligi favqulodda hodisa sifatida, ayni paytda o‘ta tabiiy holatda yuzaga keladi. Bu shu darajada tabiiy, shu darajada musaffo va go‘zalki, uni bir-biridan ajratishga intilish yoki bir-biridan ayro holda tushunish jiddiy xatolikka olib keladi. Asarda muallif Zardusht bilan zamondoshday, yaqin do‘stday gaplashadi. O‘zining g‘oyalarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri Zardusht orqali tushuntirishga harakat qiladi va bunga erishadi:

“Qarang, men sizlarga a’lo odam haqida ta’limot berajakman”.

A’lo odam – zaminning mazmuni. Sizning irodangiz aytsin: “Mayli, a’lo odam zaminning mazmuni bo‘lsin!” (6-bet).

A’lo odam. Bu jamiyatning saralangan, tabiiy tanlangan qatlamiga, elitasiga daxldor odam. Nitshening a’lo odamni ko‘rgisi kelyapti. Ma’naviy barkamol, intellektual jihatdan yuksak, qudratli, shijoatli, bag‘rikeng, to‘g‘riso‘z, barkamol odamni sog‘inyapti. Hayotda shunday odamlar mavjud bo‘lishini balkim orzu qilgandir. Balki shunday odamlar mavjudligiga ishongandir. Jamiyatda a’lo, ya’ni barkamol odamlarga ehtiyoj hamma vaqt bo‘lgan va bor, u bizga shuni yana bir bor eslatayotgandek.

“A’lo odam zaminning mazmuni! Zotan, zamin hayot manbai, rizqu ro‘z manbai, farovon va baxtli hayot maskani. Agar a’lo odam unga egalik qilsagina! Va ilohiy imdod keladi: “Mayli, a’lo odam zaminning mazmuni bo‘lsin!” “Birodarlarim, men sizga iltijo qilib ayturman: zaminga sodiq bo‘lingiz va yer uzra umid to‘g‘risida sizga so‘zlayotganlarga ishonmangiz. O‘zlari bilarlarmi-bilmaslarmi, baribir, ular zaharlaguvchilardir.

Ular hayotdan nafratlanurlar, ular o‘zlarini-o‘zlari zaharlamishlar va o‘limlari sari yo‘l olmishlar, yer ulardan charchamishdir: o‘lim ularga!” (6-bet).

Muallif qalbida oldin kuchli optimizm bor edi. U reallikka moyil edi. Biroq insonning ezgulik va yovuzlik olami ekanligidan seskanib ketadi. “Avesto”dagi da’vatlar, nidolar, salovotlar va duolar qulog‘iga chalinadi. U hushyor tortib, real hayotga qaytadi. Jaholat, qabohat, nadomat, xusumat mavjud bo‘lgan bir paytda, ideal hayot va ideal inson haqida o‘ylash qanchalik iztirobli. Bu Nitshening jahon falsafasidagi o‘ziga xos imdodi edi.

Zardusht falsafasi yaxlit insoniyat tafakkurining majmuasi, qomusiy xarakterga ega bo‘lgan ilohiy xayolot, diniy toat-ibodat va taqvo, real zaminda, konkret hayotda insoniyat qarashlari va tafakkur tarzini o‘zida mujassam etib, dunyoviy falsafa, dunyoviy tafakkur maqomiga ega bo‘ladi. Aslini olganda, Zardusht falsafasining hayotiyligi ham, mahobati ham, o‘lmasligi ham ana shunda.

Nitshe “Bir kuni Zardusht ham barcha narigi dunyochilar kabi o‘z xayollarini odamning narigi dunyosiga qaratdi. O‘shanda menga dunyo azob chekayotgan va abgor bo‘lgan Xudoning a’moli bo‘lib tuyuldi”, – deydi (24-bet). Endi muallif boqiy dunyodagi odamlar ahvolidan xabardor bo‘ladi, ularni ko‘z oldiga keltiradi, azoblanayotganlaridan azoblanadi. Jannat gashtini surayotganlardan ko‘ngli taskin topadi.

Afsuski, azobli, uqubatli dunyo kengroq tuyuladi unga va foniy dunyo uning ko‘ziga “azob chekayotgan va abgor bo‘lgan Xudoning a’moli bo‘lib tuyuladi”. Ideal odam falsafasi, barkamol insonni ko‘rish orzusi, har tomonlama yetuk odam bilan muloqotda bo‘lish istagi endi iztirobga aylanadi.

“Yaxshilik va yomonlik, shodligu azob, menu sen – bari menga Yaratganning ko‘z o‘ngidagi rango-rang dud bo‘lib ko‘rinadi. Yaratgan o‘zidan o‘z nazirini evirishni istadi va o‘shanda u olamni bino qildi”(24-bet).

Demak, yaxshilik va yomonlik, muhabbat va nafrat, ishonch va ishonchsizlik, sadoqat va xiyonat, ezgulik va yovuzlik olamning ramzi, Yaratgan uning evrilishini xohlaydi. O‘zi bino qilgan olamning benuqson va ko‘rkam bo‘lishini istaydi. Bu bevosita inson olamining qay darajadaligiga bog‘liq. Qalban go‘zal inson go‘zallik yaratadi. Ezgulik bilan yashaydigan kishi ezgulik hukmron bo‘lgan turmush tarzini yo‘lga qo‘yadi.

Nitshe inson, hayot, dunyo atrofida fikr yuritar ekan, ruhiy xayolot va fikratdan hayotiy xulosalarga o‘tadi, real voqelikka munosabat bildiradi va shunday deydi: “Mangu ziddiyatning aksi va notamom timsol, mangu notamom bu dunyo – uning notamom yaratuvchisi uchun mastona shodiyona, – bir mahallar dunyo menga shunday bo‘lib tuyuldi” (26-bet). Ziddiyatlarga to‘la olam, nuqsonlardan xoli bo‘lmagan timsol – odam. U mangu notamom, yetuk bo‘lolmaydi, ideal insonga aylana olmaydi. Demak, zamin notamomlar maskani. Kishilik hayoti barkamol emas. Shunday edi, bundan keyin ham shunday bo‘ladi. Faqat kimlardir ayrim jihatlari, fazilatlari yo aqliy qobiliyati bilan o‘zgalardan ajralib turishi mumkin. Ayni ana shu insoniyat hayotining ideal darajada bo‘lmasligi barkamol bo‘lmagan odamlar uchun qaysidir ma’noda shodiyonadir. Nitshe ham, Zardusht ham shunday o‘ylaydi va cheksiz iztirob chekadi.

Narigi dunyochilar zikrida davom etar ekan, Nitshe o‘zida kuchli optimistik ruhni his etadi, iroda quvvati oshadi, yuksak ma’naviy kuch endi unga hayotga rag‘bat, kelajakka ishonch, yangidan-yangi umid kurtaklarini ochadi va “Nima bo‘ldi o‘zi, birodarlarim? Men azob chekayotgan o‘zligimni yengdim, men o‘zligimning xoki turobini toqqa olib chiqdim, o‘zimga ortiq nurafshonroq alanga topdim. Qarang endi! Sharpa mendan uzoqlashib ketdi!”, – deydi (24-25-betlar).

Ezgin xayollar, ko‘ngilga tahdid soluvchi qora sharpalar ortda qoldi! Nitshe o‘zida kuchli irodani his etdi, o‘zini-o‘zi yengdi. Orzu-umidlar tog‘iga chiqdi, nurafshon hayotga yorqin nigoh bilan qaray boshladi. Bu muallifning ichki kechinmalarigina emas, dunyoda qancha odam bo‘lsa, barchasining qalbida ana shunday his, ana shunday tuyg‘u mavjud. Ichki iroda va o‘zini-o‘zi boshqarishga qodir bo‘lgan ruh bor. Hamma gap uni qo‘zg‘ata olishda, uyg‘ota bilishda, rivojlantira olishda, xolos. Umuman olganda, inson o‘zining tabiiy, biologik, fiziologik va ma’naviy tuzilishi jihatidan murakkab tizim. Har bir odam alohida olam. U o‘zini-o‘zi boshqara olishi, yo‘naltira bilishi, rivojlantirib, kamol toptirish rag‘batiga ega bo‘lishi lozim. Har kim o‘z inon-ixtiyorining hokimi o‘zi bo‘lsin. O‘zini-o‘zi rag‘batlantirsin, ruhlantirsin, nojo‘ya xatti-harakatlar qilganda o‘ziga-o‘zi tanbeh bera olsin, o‘zini-o‘zi jazolay va kechira olsin.

Nitshening inson falsafasida qalb va ruhiyat kategoriyalari alohida mavqega ega. Qalb har bir insonning yaxlit va bir butun alohida olami. Yurak emas. Yurak odamning ko‘plab a’zolaridan bittasigina, xolos. U o‘zining biologik vazifasini o‘taydi, – vujudni qon bilan ta’minlaydi, xolos. Qalb esa har bir individning betakror, faqat o‘zigagina xos bo‘lgan, o‘zining “Men”iga ega bo‘lgan yaxlit olami. Ruh esa uni boshqaradi, yo‘naltiradi. Bu xulosa nafaqat Zardusht falsafasida, balki barcha dunyoviy dinlarda turli shakllarda o‘z ifodasini topgan. Zotan, taqvoning turi, ibodatning shakli xilma-xil bo‘lsa-da, Alloh yagona! Nitshe falsafasi Zardusht orqali ana shunday maqomga ega. Boshqacha qilib aytganda, Zardusht salovoti, duolari, tavallosi Nitshe qalbi orqali nitsheyona munojot bo‘lib yangraydi. Bu munojot o‘ta jarangdor, o‘ta fayzli, tarovatli, chuqur mazmunga va xulosalarga ega bo‘lgan g‘oya. Ayni paytda biroz miskin, tushkun, g‘amgin falsafadir. Ana shu jihatdan qaraganda, uni ayrim faylasuflar tushkunlikka, pessimizmga berilganlikda ayblashadi. Aslida esa, ushbu tushkunlik, g‘amginlik tagida Nitshening kuchli, qudratli irodasi va yorqin ruhiyati aniq sezilib turadi.

Zardusht va Nitshening ham ilohiy, ham hayotiy falsafasi bu! Zardusht bemorlarga shafqatli, mehribon, rahmdil. Biroq, inson har qanday sharoitda ham inson-da. Ba’zan mehru shafqatni bilib-bilmay suiiste’mol qilishi, ko‘rnamaklik qilishi mumkin. Ammo buyuklik – buyuklikdir. U faqat mehr, shafqat, bag‘rikenglik, cheksiz muruvvat sohibi. Ko‘rnamaklik, munofiqlik, umuman barcha illatlardan ustun turadigan ma’vo. Nitshe bu yerda real hayot bilan diniy tafakkurni uyg‘unlashtiradi, reallashtiradi, hayotiyligini va ulug‘vorligini isbotlaydi.

Nitshening bayon uslubida, fikrni ifodalash shaklida yevropalik donishmandlar uslubidan ko‘ra keskin va yorqin o‘ziga xoslik bor. Birinchidan, u har qanday og‘ir, zalvorli fikrni, aqlni ostin-ustun qilib yuboradigan gapni jo‘shqin hissiyot va qaynoq ehtiros bilan yo‘g‘rilgan holda bayon etadi. Ikkinchidan, u bevosita va to‘g‘ridan-to‘g‘ri Sharq fenomeniga murojaat qilyapti, uning olamida yashayapti. O‘zini o‘zi tanlagan, ixlos qo‘ygan zardusht timsolida ko‘rmoqda. Shuning uchun Nitshening uslubi “Avesto” matnlarining uslubiga juda o‘xshaydi, yaqin turadi. Nitshega “Avesto”ning ta’siri shu darajada kuchli bo‘lganki, hatto fikrni bayon etish uslublari ham bir-biriga o‘xshash. Ya’ni, har bir gap ko‘pincha alohida satrdan boshlanadi. Har bir gap to‘liq, bo‘liq, aniq fikrga yo‘naltirilgan, aniq xulosani ifodalagan yaxlit tizim. Ikkinchi gap o‘z o‘rnida yangi satrdan boshlanadi. Albatta, bu gap ham o‘z yukiga, fikriy salmog‘iga, to‘liq mag‘ziga ega. Ular faqat bir-birini to‘ldiradi, xolos. Har bir gap alohida urg‘u, alohida ta’kid va nihoyat, alohida ta’sir kuchiga ega. Jumlalar og‘ir va mag‘izli, shijoatli va da’vatkor, jozibali va ta’sirchan. Ayni paytda chuqur o‘ylashga, fikrlashga, aqlning yangidan-yangi qirralarini ochishga majbur etadigan chaqiriq. Bu betakror uslub.

“His nimani his qilar va aql nimani bilar – o‘zida hech qachon o‘z maqsadi bo‘lmas, lekin his va aql seni ishontirmoqchi bo‘lib, urinarlarki, ular hamma narsalarning maqsadi deb: ular shunchaki xudpisanddirlar” (28-bet).

Aslini olganda, inson jonzot sifatida hissiyot va aql olami. Ayni ana shu jihatlari bilan ham boshqa jonzotlardan ustun turadi. Imom G‘azzoliy o‘zining “Kimyoi saodat” kitobida ta’kidlashicha: “Inson farishta va hayvon orasidagi maxluqdir. Hayvon rivojlanmaydi, chunki uning kamolot quvvati yo‘q. Farishta ham rivojlanmaydi, chunki uning o‘zi pok, ilohiy nurdan iborat. Faqat insonda rivojlanish, ruhiy kamolot xislati mavjud”[2]. Demak, hayvonda shakllanishga, rivojlanishga, o‘zini-o‘zi boyitishga, o‘zini qadriyatga aylantirishga da’vat etadigan ruh, ichki quvvat yo‘q. Farishta esa azalu abad pok bo‘lganligi uchun uning shakllanishi va rivojlanishiga ehtiyoj yo‘q. U shundoq ham toza, shundoq ham pokiza, nur yanglig‘ bezavol. Faqat insondagina ruhiy kamolotga intilish tuyg‘usi mavjud va uning komillikka intilishida, yetuklik sari harakat qilishida hayoti mazmunini boyitishga, shu asnoda yaxlit kishilik jamiyatining go‘zal va ko‘rkam bo‘lishiga da’vat bor. Ruhiy kamolot tuyg‘usi inson fenomenining tayanchi, uni qadriyatga aylantirguvchi buyuk mo‘jiza.

G‘azzoliy fikrini ancha keyin atoqli nemis faylasufi K.Yaspers boshqacha talqin etadi: “His-tuyg‘u mohiyati sifatida u (inson – N.J.) hayvondan yuqori, ma’naviy-ruhiy jihatdan farishtadan pastda turadi. O‘z mohiyatining ana shu ikki tomoni bilan ularga qavmdosh bo‘lsa-da, hayvon ham emas, farishta ham emas. Ularning har ikkovidan ham ustun tomonlari bor. Bu bevosita Alloh tomonidan yaralganligi bilan belgilanadi”[3].

Nitshe falsafasida his va aql tushunchasi ustuvorlik qiladi, biroq uni rivojlantirishga, kamolotga yetkazishga ehtiyoj hamisha katta bo‘ladi. Maqsad, orzu, umid tuyg‘ulari insonni asraydigan, istiqbolga da’vat etadigan, ertangi kunga ishonch tuyg‘ularini oshiradigan voqelik. Inson hissiyot orqali his etadi, aql orqali maqsadlarini amalga oshiradi. Ruh va iroda xatti-harakatga aylanib, orzular va umidlar ro‘yobini ta’minlaydi. Shuning uchun bo‘lsa kerak, Nitshe ularni xudpisandlikda ayblaydi. Zotan, aniq xatti-harakat, intilish, maqsadni ro‘yobga chiqarishga qodir bo‘lgan iroda, bu yo‘ldagi to‘siq va g‘ovlarni yenga oladigan sabot bo‘lmasa, aqlning o‘zi uni ro‘yobga chiqara olmaydi. Havasu ishtiyoqni aniq amaliy faoliyatga aylantirolmaydi. Ehtimolki, Nitshe inson ruhiyatidagi ana shunday murakkab holatni nazarda tutgandir.

Yuqoridagi fikrni davom ettirib, alloma “Birodarim, sening fikrating va hissiyotlaring uzra yanada qudratliroq hukmdor, noma’lum bir hakim qad rostlab turadi – uning ismi o‘zidir. U sening tanangda yashaydi; u aynan sening vujudingdir”, – deydi (28-bet). Bu fikrni ikki xil talqin qilish mumkin. Aslida ham shunday. Birinchisi, har bir kishining fikrati va hissiyotidan ustun keladigan, unga buyruq berib turadigan hukmdor, ko‘zga ko‘rinmaydigan, hamisha hushyor qarab turadigan hakim “Uning o‘zi” – Alloh: Alloh xohlamasa, buyurmasa bandasi hech narsa qilolmaydi. Bu barcha dunyoviy dinlar aqidasi, qat’iy xulosasi. Ikkinchi tomondan, dunyoviy ta’limotda inson va uning mohiyati bevosita fe’l-atvor, ruhiy va ma’naviy yetuklik orqali ochiladi. Vujud o‘zingniki, demak, uni o‘zing boshqarasan, yo‘naltirasan, faqat aqling doirasida, his-tuyg‘ularing ta’sirida. Ruhiyat va iroda boshqaruvchi kuch, xolos. Nitshening ideal inson borasidagi armoni ana shu yerda yana dolzarblik kasb etadi.

Nitshe falsafasida ong, insonning o‘zini-o‘zi anglashi masalasi alohida mavqega ega. Uning inson falsafasi inson mohiyatini tushunish, mavjudot sifatidagi qadriyatini belgilash va bu qadriyatni har bir individning o‘zi qadriyatga aylantira olish yo olmasligi masalasini chuqur tahlil qiladi. Zardusht tavallosi orqali Nitshening ichki nidosi, qalb hayqirig‘i ayni ana shu ziddiyatli, murakkab, rang-barang olam fenomenini yaratishga qaratilgan. Bu esa insonshunoslikda o‘ziga xos ilmiy-falsafiy, badiiy-mantiqiy, ilohiy-dunyoviy qarashlar sintezi sifatida yuzaga keldi. Bir qaraganda, mazkur kitob sof ilmiy fundamental tadqiqotga o‘xshaydi. Ikkinchi tomondan, uni o‘qiganingiz sari chuqur falsafiy va mantiqiy fikrlarga asoslangan badiiy asarga guvoh bo‘lasiz. Har qanday holatda ham alloma Zardusht timsoli orqali o‘zining ichki kechinmalarini, ilmiy-nazariy xulosalarini, insonshunoslik borasidagi fundamental kontseptsiyasini yaratadi. Asarda ilmiy betakrorlik va badiiy mo‘jizakorlik uyg‘unlashib ketgan.

“Sening vujudingdagi ong sening oliy hikmatingdan ko‘ra kattaroqdir. Va yana kim bilsin, sening vujudingga sening oliy hikmating nimaga ham kerak?” Bir-biriga zid, bir-birini inkor qiladigan fikr ilgari surilyapti. Aslida esa, falsafaning mohiyati fikrlar qarama-qarshiligidan, g‘oyalar zidligidan, bir-birini inkor qilishdan iborat. Aks holda, hamma faylasuflar bir xil fikrlagan bo‘lishardi. Nitshe esa mazkur g‘oyasi bilan inson mohiyatining yangi qirrasini ochyapti. Ong bo‘lmasa inson hech narsa emas. Insonni inson qilib turgan narsa ong degan g‘oyani ilgari suryapti. Yana o‘zini-o‘zi inkor qilib, oliy hikmat, muruvvat va himmat ong bo‘lmasa, kerak bo‘larmikin degan savolni ham o‘rtaga tashlaydi. Bu esa o‘z-o‘zidan barcha fazilatlaring, barcha imkoniyatlaring ong orqali namoyon bo‘ladi, ong orqali o‘zingning qudratingni ko‘rsatasan. Ong bo‘lmagan taqdirda bu fazilatlaring hech narsaga yaramaydi, demoqchi.

Bu yerda insonning ichki olamidagi ziddiyatlar yuqoridagiday o‘zini o‘zi inkor qilish holatlarida ko‘zga tashlanadi. Hayotdan nolib yashaydigan, kamchilik izlaydigan, birovlarning nuqsonini topishdan huzur qiladiganlar haqida gap boryapti. Yaratguvchi nafratni yaratdi, shodlik va g‘amni yaratdi. Ayni paytda, irodadan ustun turadigan barcha ezguliklarni amalga oshirishga, yaxshilik va saxovatni himoya qilishga qodir bo‘lgan ruhni ham berdi. Ana shu ruh, aytish mumkinki, insonning barcha balo-ofatlardan, yomonliklardan, hasad va g‘arazlardan hatto, tajovuzlardan asraguvchi ilohiy qudrat. Bu g‘oya tasavvuf falsafasida ham alohida mavqega ega. Islom aqidalariga ko‘ra insonni ruh boshqaradi. Aql ruhning quroli.

Alisher Navoiy o‘z asarlarida “suvaydo” so‘zini ishlatadi. Hazratning fikrlariga ko‘ra, suvaydo inson yuragining qoq o‘rtasida joylashgan kuyuk nuqta, tuynuk emish. U kimdadir yaxshilik, ezgulik, mehr-shafqat, yorug‘ orzular tuynugi. Kimdadir g‘araz, ko‘rolmaslik, hasad, yomonlik tuynugi. Inson ana shu tuynuk orqali olamga qarar ekan, ko‘z orqali ko‘rib, aql orqali idrok etib, qalbi-ruhi buyurganicha xulosaga kelarmish. Demak, qalbning buyruq beruvchi kuchi bu – ruh. Shuning uchun ham mutasavvuflar ruhi sog‘lom odam kuchli bo‘ladi, ruhi tetik odam har qanday to‘siqlarni yenga oladi, ziddiyatlarda sinib qolmaydi, o‘zini-o‘zi himoya qila oladi, asray biladi, degan fikrni ilgari surishadi. Nitshe “Ruh yaratdi misoli irodasining dastidarozi kabi” deganida ana shularni nazarda tutgan bo‘lsa, ajab emas.

“U o‘zi baridan ko‘proq istagan narsani qilishdan ojiz, – o‘zini bundan buyon yaratishdan ojiz.

U buni baridan ortiq istar, uning butun hirsu ehtirosi xuddi mana shundan”(29-bet). Har bir insonning biologik, fiziologik, intellektual va ma’naviy yetukligidan kelib chiqadigan bunyodkorlik imkoniyati bo‘ladi. Jismonan zaifroq odam pahlavonlik da’vo qilolmaydi. Afsuski, inson ba’zan o‘z imkoniyatidan ortiqroq narsalarga erishishni xohlaydi. Biroq imkoniyat doirasidan tashqari bo‘lgan har qanday ehtiyoj hech qachon qondirilmaydi. Ortiqcha ta’ma rizqni qirqadi, degan naql ham bor xalqimizda. Ko‘p narsani xohlash mumkin, unga katta hirsu ehtiros bilan da’vo qilish mumkin, lekin imkoniyat azalul-abad cheklangan.

Tan, vujud – moddiyat. Ruh, ong, tasavvur – ilohiyat. Imkoniyatidan ko‘proq so‘ragan, ta’magirlik va ko‘p narsaga erishish ishtiyoqi odamni ruhan o‘ldiradi. Ko‘zlaganiga erisholmagan odam hayotdan, zaminu osmondan norozi bo‘ladi. Norozilik nafratga aylanadi. Uning “g‘ilay nigohiday, ongsiz hasad g‘ildillab turadi”. Hasad esa insonning kushandasi. Hasad ochko‘z qurt, odamni ichidan kemiradigan. Lekin u o‘zi yashayotgan vujudni abgor qilgunga qadar, o‘zgalar qonini ichadi, “a’lo odam”lar umriga zomin bo‘ladi. Yaxshilarning, yaxshilikning, ezgulikning iztirobidan rohatlanadi. Zardusht undan nafratlanadi.

Nitshe falsafasida a’lo odam g‘oyasi ana shu tarzda ustuvorlik qiladi. U Zardusht qarashlari orqali kishilik hayotiga nazar soladi. Inson mohiyatini tahlil etadi. Falsafiy-mantiqiy izlanishlar orqali o‘zining ezgu idealini yaratishga harakat qiladi. Hasad, fisqu fasod, ko‘rolmaslik, xudbinlik ildiz otgan, chirkin hayotdan bir zum uzoqlashib, ideallaridan ezgulikka yo‘g‘rilgan nurday pokiza xayolotidan, orzularidan najot izlaydi.

Albatta, Nitshe ham boshqa buyuk faylasuflar qatori ideal inson bo‘lmasligiga qat’iy ishonadi. Chunki inson qancha yashamasin, doimiy ravishda tarbiyaga ehtiyoj sezadi. U kamolot sari intilishga mahkum etilgan jonzot. Agar inson mukammallikka erishsa, farishtaga aylanmog‘i lozim. U yerda yashamaydi. Osmonning yettinchi qavatida – Arshi A’loning atrofida yashaydi (Imom G‘azzoliyning yuqorida keltirilgan fikrini eslang). Buni Nitshe yaxshi tushunadi. Biroq ideal inson falsafasi, a’lo odam tushunchasi uning o‘zining ideali. U ilmiy-falsafiy ideal sifatida allomani asraydi, himoya qiladi, rag‘batlantiradi, buyuk kashfiyotlar qilishga da’vat etadi.

Nitshe osmon bilan yer, ilohiyot bilan jamiyat, inson bilan Alloh o‘rtasidagi masofani yaqinlashtiradi. Ilohiy g‘oyalarni reallik bilan uyg‘unlashtiradi. Natijada asotiriy-diniy qarashlar asosidagi g‘oyalarni ilgari surganday bo‘lib, inson va insoniyat taqdiri bilan bog‘liq bo‘lgan, uning istiqbolini belgilashga xizmat qiladigan kuchli, qudratli, ta’sirchan va mo‘jizaviy g‘oyalarni ilgari suradi.

Yaxshilik, ezgulik faqat insongagina xos. Ezgu fikr, ezgu so‘z, ezgu amal (pindori nek, guftori nek, kirdori nek) – inson mohiyatini o‘zida to‘la mujassam etgan ma’naviy-falsafiy formula. Ushbu formulaning yechimi “a’lo odam” uchun juda oson: o‘ylaring, gapirayotgan gaping, qilayotgan ishing bir bo‘lsin. Zardusht qarashlarida ham, Islom va tasavvuf falsafasida ham, Nitshe g‘oyalarida ham bu uch unsur uyg‘unligi bosh Nizom hisoblanadi.

Har bir odam alohida olam. Olam esa turfa va rang-barangdir. Ana shu rang-baranglik inson olamining butun dramatizmini ta’minlaydi. Har bir insonning o‘z “Men”i bo‘ladi. U individning fe’l-atvori, orzu-o‘ylari, xatti-harakati va munosabatini o‘zida mujassam etadi. Biroq har bir “Men”ning ichida bir necha “men”chalar yashaydiki, ular doimiy ravishda, bir umr bir-biri bilan olishib, kurashib, bir-birini mahv etib yashaydi. Ezgulik bilan yovuzlik, muhabbat bilan nafrat, saxiylik bilan baxillik… va hokazo… ularning turi ko‘p. Barchasi doimiy ravishda o‘zaro kurashda. Bu inson qalbidagi uzundan-uzoq, bir umrlik juda katta ruhiy qudratni, irodani, aqlni, sabr-toqatni, bag‘rikenglikni taqozo etadigan dramalar turkumidir. Zotan, bizning har bir kunimiz soni noma’lum bo‘lgan serialning bitta qismi, xolos.

Nitshe yuqoridagi parchada ana shu hayot dramasini tahlil qilganday, go‘yo. Unga munosabat bildirayapti, falsafiy mushohada yurityapti, Zardusht nomidan aniq, ilmiy-nazariy jihatdan asoslangan, real voqelikdan kelib chiqqan ma’naviy-axloqiy xulosani ilgari suryapti. Bu Nitshe falsafasining o‘ziga xos ko‘rinishidir.

Shijoat, g‘ayrat tuyg‘usi Nitshe falsafasida alohida o‘rin tutadi. Xuddi shunday zardushtiylik qarashlarida ham ezgulik g‘oyasi bevosita inson fe’l-atvori, xatti-harakati va intilishlari orqali ilgari suriladiki, bunda inson qalbidagi g‘ayrat, shijoat tuyg‘usi asosiy rol o‘ynaydi. “Kimki tubsiz qa’rga burgut ko‘zi bilan qarasa, kimki tubsiz qa’rga burgut changali bilan chang ursa – faqat shu kimsadagina matonat bor”, – deydi Nitshe (285-bet).

Nitshe ba’zan insonga shubha bilan qaraydi. Ana shu shubha insonning nomukammal jonzot ekanligidan dalolat beradi. Ba’zi holatlarda insonda ayrim illatlarning saqlanib qolishi tarafdori bo‘ladi. Balki insonning insonligini anglash uchun ayni illatlar ham fazilatlar bilan parallel ravishda yashamog‘i lozimdir. Yaxshini yomondan, oqilni ahmoqdan ajratish uchun ayni ana shu fazilat va illatlarning mavjudligi ularning darajasini hisobga olish, baholash imkonini beradi. Jahon falsafasidagi inkorni inkor etish formulasi ana shu yerda o‘z yechimini topadi. Boshqacha qilib aytganda, bu yovuzlikka nisbatan yovuz bo‘lish, yomonlikka qaqshatqich zarba berish, butun choralar bilan ezgulikka intilish g‘oyasining o‘zginasidir.

O‘ta murakkab dramatik holat, ruhiy qiynoq va ma’naviy iztirob namunasi bu. Insonning yaxshi va ayni paytda yovuz bo‘lishi bu balki ezgulik yo‘lida irodani charxlash, e’tiqodni sinovdan o‘tkazish, iymon darajasini baholash, matonat tuyg‘usini namoyon qilish imkoniyatidir. Shunday bo‘lishi ham kerak. Zotan, nafrati kuchli odamning muhabbati ham kuchli bo‘ladi. Intellektual salohiyati yuqori bo‘lgan, hissiyotdan ko‘ra aql bilan ish tutadigan, o‘ta qat’iyatli, intizomni yaxshi ko‘radigan, faqat aniq xulosalarga suyanib ish tutadigan odamlar ba’zan kimlargadir shafqatsiz, yovuz bo‘lib ko‘rinishi mumkin.

“Kuchingiz yetmagan ishlarni qilmang, imkoniyatingizdan tashqaridagi narsalarni orzu qilmang. Ta’ma qilmang. O‘z aqlingiz doirasida hayotingizni quring. Aks holda, bema’ni aldam-qaldamlar girdobiga tushib qolasiz”. Bu hayot tajribasi, ming yillar mobaynida inson ko‘pdan-ko‘p marta ko‘rgan va isbot talab etmaydigan haqiqat. Ana shundan kelib chiqib, Nitshe: “Bunda ayniqsa, ehtiyot bo‘lingiz, o, oliy odamlar! Zero, bugun men uchun haqgo‘ylikdan qimmatroq va noyobroq narsa yo‘q.

“Bugun” deganimiz olomonga tegishli emasmikin? Ammo olomon bilmas nima ulug‘, nima kichik, nima to‘g‘ri va nima haqqoniy: olomon soddaligi bois ko‘ngli egri, u doim yolg‘on gapiradi” (287-bet).

Inson psixologiyasi shunday. Qayerda ojizlik bo‘lsa, yolg‘on o‘sha yerda bo‘ladi. Qayerda soddalik, ma’rifatsizlik bo‘lsa, o‘sha yerda munofiqlik yuz beradi. Insonni ulug‘laydigan, sharaflaydigan o‘lchov, mezon – ma’rifatdir. Donishmandlarning “Ma’rifatli kishi shijoatli bo‘lur”, degan fikri ana shu yerda o‘z isbotini topadi.

Umuman olganda, Nitshe falsafasida ba’zan insonga nisbatan nafrat tuyg‘usi ko‘zga tashlanadi. Inson fenomenini o‘rgangan ayrim donishmandlar uning salbiy jihatlarini alohida bo‘rttirib ko‘rsatishgan. Amerikalik buyuk yozuvchi Jek London: “Inson bebaho maxluqlarning eng oxirgisidir”, degan edi. Mashhur rus faylasufi V.Klyuchevskiy esa: “Inson – dunyodagi eng buyuk hayvondir”, degan. Biroq, ularda nafrat tuyg‘usi yo‘q. Insonning mavjudot sifatidagi mohiyatidan kelib chiqqan xulosalar, xolos, bu.

A’lo odam jamiyat mohiyatini, hayot mazmunini, chuqur tushunadi. Uning qarashlari esa, jamiyat ijtimoiy-ma’naviy qiyofasini o‘zida mujassam etadi. Biroq u ham nuqsonlardan xoli emas. A’lo odam ham eng avvalo odam! Unga butun fazilatlariyu nuqsonlari bilan birga, yaxlit holda qarash kerak bo‘ladi. Nitshe nazdidagi a’lo odam obrazi esa benuqson, mukammal. Balki u o‘z g‘oyalarini yetarli darajada yetkazish uchungina timsol sifatida a’lo odamni idellashtirgandir. Yana kim biladi?

Nitshe falsafasida hokimiyat tushunchasi ustuvorlik qiladi. Undagi “oliy odam” obrazi “kuchli shaxs timsoli”, u ta’sir o‘tkazuvchi, bo‘ysundiruvchi va safarbar etuvchi kuch. Nitshe hayot tushunchasini sharhlar ekan, daraxt va o‘simliklarni misol keltiradi va “O‘rmonning dastlabki daraxtlari nima uchun bir-birlari bilan kurashadilar? …hokimiyat uchun!” deydi Nitshe. U “iroda va kuch uyg‘unligida hayot mohiyati”ni ko‘radi[4]. Uning falsafasida hokimiyatga yuqori darajada intilish tuyg‘usi ustuvorlik qiladi. Buni “Hokimiyatga intilish” kitobi misolida yaqqol ko‘rish mumkin. Oliy odam (sverxchelovek) boshqaruvchi, yo‘naltiruvchi, jamoaga o‘zining ta’sirini o‘tkazuvchi shaxs. U mahalla yo qishloq bo‘ladimi, shahar yo tuman bo‘ladimi, tashkilot yo muassasa, uning ahamiyati yo‘q. Uning boshqaruvchisi o‘z hududida oliy odam toifasiga kiradi.

Ulug‘ alloma ruhiyat kishisi. U qalb va tuyg‘u orqali hayot falsafasini yaratadi. Umuman olganda, Nitshe jahon falsafiy tafakkuriga hayot falsafasi tushunchasini olib kirgan va uni mumtoz ilmiy-nazariy asoslarini yaratgan. Nitshe hayot falsafasini tushunishda san’atning roli va mavqei baland, deydi. Shuning uchun u estetik tafakkur, olamni badiiy-estetik o‘rganish, insonning intuitiv imkoniyatlari hayotni anglash tayanchi ekanini alohida ta’kidlaydi.

Nitshening yana bir g‘ayritabiiy g‘oyalaridan biri Xudosizlik. To‘g‘ridan-to‘g‘ri “Xudo o‘ldi”, deydi. Bu dahriy, dinsiz, e’tiqodsiz odamning gapi. Nitsheni bu toifaga kiritish ham hozircha munozarali. Albatta, bunda o‘zini oqlaydigan jihatlar ham bor. Ibtidoiy odamlar turli narsalarga topinishgan. Tabiat hodisalariga, quyoshga, hayvonlarga, daraxtlar va boshqa jismlarga sig‘inishgan. Uni Xudo deb bilishgan va tan olishgan. Balki Nitshe ana shu e’tiqodlar va taqvolar xilma-xilligiga barham berib, zardushtiylikning yakkaxudolik g‘oyasini qo‘llab-quvvatlagandir.

Nitshe “Xudo o‘ldi” iborasini birinchi marta “Zardusht tavallosi”ni yozmasidan oldin, 1882 yili nashr etilgan “Quvnoq fan” asarida ishlatdi. Kitob uslubi, inson va hayot muammolarining falsafiy yechimlari jihatidan alohida ajralib turadi. U beshta kitobdan va 383 parchadan iborat. Unda Nitshe yovuzlikning mohiyati, san’at va tabiat o‘rtasidagi bog‘liqlik, mantiq qonuniyatlari asosida olamni tartibga solib turadigan, uning muvozanatini saqlaydigan Ilohiy kuch to‘g‘risidagi o‘ta jiddiy g‘oyalarini ilgari suradi va o‘zining mashhur, ayni paytda munozarali iborasini ishlatadi.

Nitshening “Xudo o‘ldi” iborasi dunyo faylasuflari tomonidan katta qiziqish bilan o‘rganilmoqda. Biroq hali hamon uning to‘liq yechimi topilgan emas. Ushbu ibora haqida fikr yuritar ekanmiz, allomaning “Quvnoq fan” kitobining “Telba” nomli 125 qismiga e’tibor berishga to‘g‘ri keladi. Telba kunning o‘rtasida qo‘lida yonib turgan chiroqni ko‘tarib, ko‘chada bor ovozi bilan: “Xudoni qidiryapman! Xudoni qidiryapman!” deb baqirib yuradi. Maydonda bir guruh odamlar suhbatlashib turganini ko‘rib, ularning oldiga boradi. Telbaning gaplarini eshitganlardan biri: “Nima, U yo‘qoldimi?” deydi. “Butazorga yashirindi”, deydi boshqasi. Yana biri: “Balki bizdan qo‘rqqandir”, desa, boshqasi: “Suvga cho‘kib ketdi”, deb telbani mazax qilishadi. Shunda telba shiddat bilan ularning orasiga kirib, ko‘zlarini chaqchaytirib, “Qayoqqa yo‘qoldi Xudo?! Hozir men sizlarga aytaman! Biz Uni o‘ldirdik – siz va men! Biz hammamiz Xudoning qotilimiz! Ana shunaqa, biz uning qotilimiz!” deydi. Xoxolab turgan odamlar birdaniga esankirab qolishadi. Shu topda ular telbaning esi pastligiga ham, o‘ta aqlliligiga ham ishonishmasdi. O‘zlarini yo‘qotib qo‘ygan, qandaydir mavhum, iztirobli holatga tushgan odamlar hayrat bilan qarashardi. U esa so‘zini davom ettirib: “Ha, Uni biz o‘ldirdik! Butun olam, biz hammamiz pichog‘imizdan sachragan qonlarga bo‘yaldik. Bu qonni kim artadi? Uni qanday suv bilan yuvamiz?” deb tinmay gapirardi. G‘azab bilan qo‘lidagi chiroqni yerga uradi. Chiroq chil-chil sinib, olovi o‘chadi va xo‘rsiniq, mungli ovozda: “Men dunyoga ancha vaqtli keldim. Hali mening davrim kelmagan. Hayratli va havas qilgulik voqealar hamon yo‘lda. U hali insoniyatga yetib kelmagan!..” deydi.

Bu bilan Nitshe, birinchidan, insoniyat hali barkamol emas. U hali tarbiyaga ehtiyoj sezmoqda. Odamlarda E’tiqod, Adolat, Haqiqat tuyg‘ulari zaif. Aksincha, razolat, qabohat, munofiqlik va e’tiqodsizlik inson qonida ko‘pirmoqda, demoqchi. Ikkinchidan, telba voqeasi Nitshe falsafasidagi oliy odam tushunchasining o‘ziga xos, betakror ifodasi. Bu g‘oyatda og‘ir, iztirobli ruhiy holat. Kishini chuqur o‘ylashga, fikrlashga da’vat etadigan, inson haqidagi tasavvurlarni ostin-ustun qiladigan, qalbingni larzaga solib, hissiy bo‘hronlar va ruhiy to‘fonlar uyg‘otadigan dramatizm. Balki fojeadir!

“Xudo o‘ldi!” deyishning o‘zi qanchalar og‘ir. Biroq Xudo bilan bandasi, Oliy xilqat bilan insoniyat o‘rtasidagi masofa odamlarning cheklangan dunyoqarashi, murakkab fe’l-atvori, sust e’tiqodi, noto‘kis axloqiy va ma’naviy darajasi tufayli ancha uzoqlashib ketmayaptimikan? Umuman olganda, telba qanday odam? U Nitshe tasavvurida rostdan ham aqli zaif odammi? Balki bunday emasdir. Chunki u jamiyatdan, atrofdagi odamlardan nafratlanyapti. Oliy haqiqatni izlayapti. Uni yo‘qotib, aniqrog‘i, uni unutib qo‘yishdan iztirob chekyapti. Buning uchun hammamizni aybdor deb hisoblayapti.

Aslini olganda, Nitshening Xudoga munosabati uning e’tiqodsizligi, xudosizligi yoki dinsizligidan emas. Uning uchun ilohiyot va ayni Xudo olamni oliy darajada idrok etish, inson tasavvuridan tashqaridagi va fantastik xayolotdagi butkul mukammal, barkamol inson va mutlaq adolatli, kishilik jamiyati haqidagi orzu-armonining timsolidir. Ayni paytda bu ideal jamiyat, ideal shaxs haqidagi yunon, arab, xitoy va, umuman, Sharq falsafasining nitsheyona ifodasi deyishimiz mumkin.

Oliy Haqiqat, olam sarvari — Alloh Nitshening nazarida barcha ezguliklar va fazilatlarning ramzi, himoyachisi va ifodasi. Telba esa bandalarining iymon-e’tiqod, burch va mas’uliyat, yaratuvchanlik va baxtli hayot orzusining timsoli. U o‘z e’tiqodidan, bilganidan qaytmaydi, nimani o‘ylasa, shuni gapiradi. Uni isbot qilib ham o‘tirmaydi. Unga buning qizig‘i ham, ahamiyati ham yo‘q. U o‘ylaganini aytdi-qo‘ydi. Uning fikri esa inson va jamiyat mohiyatini o‘zida mujassam etadi. Natijada oliy odam va ideal jamiyat g‘oyasi bilan singib ketadi.

Nitshe falsafiy tafakkuridagi “Xudo” atoqli olim Martin Xaydegger xulosalariga ko‘ra yaxlit olamni, inson tasavvuriga sig‘maydigan, uning aql-idrokidan tashqaridagi cheksizlikni tushuntiradigan vosita. Xudo — eng oliy g‘oyalar, ideallar timsoli, barkamol obrazi[5].

Xulosa qilib aytish mumkinki, Nitshe Sharq falsafasining katta bilimdoni. Sharq tafakkur tarzini chuqur o‘rgangan, unga e’tiqod bilan qaragan va keng targ‘ib etgan dunyoviy allomalardan biri. Uning har bir asari o‘z davrida ham, hozir ham hayratomuz g‘oyalari, keskin farq qiluvchi yondashuvlari va betakror ifoda usuli bilan jahon jamoatchiligi diqqatini o‘ziga tortmoqda. “Zardusht tavallosi” kitobi esa, ana shu hayratomuz ilmiy-ijodiy faoliyatning cho‘qqisi hisoblanadi.

“Jahon adabiyoti”, 2013 yil, 6-son

________________________

[1] Qarang. Nitshe. “Zardusht tavallosi”. T.; “Yangi asr avlodi”. 2007. Iqtiboslar shu kitobdan olingan, faqat beti ko‘rsatiladi.

[2] Komilov N. Tasavvuf. 2-kitob, G‘.G‘ulom nomidagi adabiyot va san’at hamda “O‘zbekiston” nashriyotlari. T., 1999, 149-bet.

[3] Yaspers K. Smыsl i naznacheniye istorii. M., «Respublika», 1994.

[4] Qarang. Spirkin A.G. Filosofiya. M.; Gardariki. 2007. str.165.

[5] Qarang. A.Spirkin A.G. “Filosofiya. M.; Gardarini. 2007. str.-167.