Falsafaning bahs mavzusi nima, u qanday muammolar tahlilini o‘z ichiga oladi, degan savolga olimlar uch ming yildan ko‘proq vaqt davomida javob izlab kelmoqdalar. Lekin bu savolga barcha uchun ma’qul bo‘ladigan javob topilgani yo‘q. Har bir tarixiy davrda ijod qilgan olimlar bu savolga o‘zlari yashagan sharoitdagi ijtimoiy, ma’naviy imkoniyatlar chegarasida javob izlaganlar.
Falsafa inson, uning orzu-umidlari, olamga bo‘lgan munosabati, borliqning umumiy mohiyati masalalarini konkret bilimlar, amaliy tajriba natijalari bilan bog‘lab, yaxlit tahlil etuvchi, shu asosda ularni teran anglashga imkon beradigan umumiy metodologik xulosalar chiqaruvchi fandir. Falsafa inson bilimlarini bir-biri bilan bog‘labgina qolmay, ularni muayyan qadriyatlarga tayanib umumlashtiradi, yangi, teran xulosalar chiqaradi va shu asosda borliqning umumiy mohiyatini bir-biri bilan bog‘langan, doimo rivojlanayotgan jarayon sifatida yaxlit anglashga, ma’naviy, maqsadli tahlil etishga imkon yaratadi.
Falsafaning bahs mavzusi borliq va uning shakllaridir. Vazifasi esa borliq haqidagi bilimlarni bir-biri bilan bog‘lab, muayyan ijtimoiy, ma’naviy qadriyatlar asosida qiyosiy tahlil etib, olamni bir butun holatda tushunishga imkon beradigan umumiy xulosalar chiqarishdir. Falsafiy xulosalar fanlarni bir-biri bilan bog‘lab, ularning yanada kengroq, chuqurroq rivojlanishiga imkon yaratadi. Shu sababli ham fanlar rivojlangani sari ma’naviy asoslangan falsafiy umumlashmalarga ehtiyoj ortib bora beradi.
Biz so‘z yuritayotgan asosiy mavzu – falsafiy umumlashmalarning o‘zigina emas, balki ularga asos bo‘lgan ijtimoiy, ma’naviy qadriyatlardir, inson mohiyati haqidagi ta’limotlar va insonparvarlik g‘oyalaridir. Falsafiy ta’limotlarning asosiy ahamiyati ham ularda inson mohiyati, manfaatlari qanchalik to‘g‘ri aks etgani, insonparvarlik g‘oyalari, qadriyatlariga qanchalik tayanilgani bilan belgilanadi. Afsuski so‘nggi yillarda falsafaning siyosiy ahamiyati bo‘rttirilib, uning ma’naviy asoslari tahliliga yetarli e’tibor berilmay kelmoqda.
Ma’lumki, insonning mohiyati, manfaatlari, borliqqa munosabatini muayyan qadriyatlarga tayanib, yaxlit tahlil etish zaruriyati barcha davrlarda ham bo‘lgan, bundan keyin ham davom etaberadi. Men bu olamga nima uchun keldim, yashashimdan maqsad nima, borliqning mohiyati qanday, tabiatga, jamiyatga, insonlarga munosabatning qanday axloqiy, huquqiy mezonlari bor, degan savollarni hech kim, hech qachon chetlab o‘ta olmaydi. Bu savollarga javob topish jarayonida inson ko‘p narsalarni o‘ylaydi, fikrlaydi, bilimlari va hayotiy tajribasi, o‘tmish saboqlari yakunlarini bir-biri bilan bog‘lab, ma’lum ijtimoiy, ma’naviy qadriyatlarga tayanib aqliy tahlil etadi, hayotiy dastur bo‘ladigan xulosalar chiqarishga harakat qiladi.
Bir umr bunday savollar girdobida yashab, ularga muayyan ma’naviy qadriyatlarga tayanib javob topishga intilgan mutafakkirlar — faylasuflardir. Faylasuflar barcha zamonlarda ham o‘z davrining donishmandlari hisoblanishgan.
Etuk ma’naviyat sohibi bo‘lish, donolik va donishmandlik — birinchi navbatda inson manfaatlari va insonparvarlik qadriyatlariga sodiq bo‘lishning belgisidir. Ma’naviy barkamol, chuqur bilimli bo‘lmagan odamlardan yaxshi faylasuflar chiqishi ham qiyin. Faylasuflar inson va olam tahlili bilan bog‘liq bo‘lgan barcha umumiy xulosalarida axloq, odob mezonlari insonparvarlik qadriyatlariga tayanganlar.
Bu muammo ustida to‘xtab, Forobiy shunday degan edi: “Falsafani o‘rganishdan avval o‘zingizni hirs-havaslardan shunday tozalangki, sizda maishat, shahvoniyat kabi tuyg‘ular emas, balki kamolotga bo‘lgan ishtiyoq-havas qolsin… Bunga hulq-axloqni so‘zdagina emas, balki amalda takomillashtirish orqali erishish mumkin”.
Falsafaning insonparvarlik bilan bog‘liq mohiyatini tushunishda Markaziy osiyolik buyuk faylasuf Roziy Abu Bakr Muhammad ibn Zakariyning quyidagi so‘zlari ham katta ahamiyatga ega: “Kimki falsafani o‘rganish bilan mashg‘ul bo‘lsa va unga e’tibor berayotgan bo‘lsa, u haqiqat yo‘lidan borishga loyiq.
Haqiqatan ham, kishilarning ruhiyati dunyoning zulmat va qabohatlaridan xalos bo‘lishi va insonning rohat-farog‘atda yashashi faqat falsafani o‘rganish orqali bo‘ladi”.
Falsafiy fikrlash jarayonida inson ko‘plab muhim muammolarni hal etishga yo‘l izlabgina qolmay, o‘zi ham ijtimoiy, ma’naviy kamol topadi. Inson ma’naviy kamol topmasa, jamiyat taraqqiyoti ham to‘xtaydi. Mashhur faylasuf Jan Jak Russo aytganidek, “falsafani o‘rganish jarayonida kishilarda adolatlilik, haqgo‘ylik, insonparvarlik e’tiqodi shakllanadi, boshqalarga qayg‘urish, achinish hissiyoti kuchayadi”. Bu o‘rinda Jan Jak Russoning, “odamni faylasuf qilishdan oldin uni inson sifatida tarbiyalash kerak”, degan fikrni ham yodga olib o‘tmoq kerak.
Falsafiy fikrlash salohiyati, imkoniyati, madaniyati barcha insonlarda bor. Lekin u hammada bir xil bo‘lmaydi. Chuqur bilimli, boy tajribali, ma’naviy yetuk odamlargina teran falsafiy xulosalar qilish imkoniga ega bo‘ladilar. Xalq bundaylarni donolar deb ataydi. Donolik – insonga Alloh baxsh etgan, hayot saboqlari bilan serjilo bo‘lgan aqliy salohiyatdir, yuksak axloqiy qadriyatlarga tayanib o‘ylash va fikrlash, umumiy xulosalar qilish imkoniyatidir. Faqat ma’naviy, axloqiy, ilmiy yetuk kishilargina falsafiy g‘oyalarning mohiyati va ahamiyatini to‘g‘ri tushunish imkoniga ega bo‘ladilar. Shu sababli barcha davrlarda ham falsafa insonlarning donolikni sevishini, hikmatga, haqiqatga cheksiz intilishini ifodalagan. Falsafa fikriy teranlik, keng mulohazalik, adolatparvarlik, haqiqatga tashnalik, ilmiy xolislik, inson manfaatlari, insonparvarlik, qadriyatlarga tayanishning natijasidir. Buyuk ingliz faylasufi B.Rassel shunday degan edi: “Men o‘z fikrlarimni boshqalarga falsafani bilmagan do‘stlarimdan ko‘ra, menga dushman bo‘lsa ham falsafani bilgan odamlar tushuntirishini xohlar edim”.
Hozir ba’zi olimlar falsafa inqirozga uchragani haqidagi fikrlarni o‘rtaga qo‘ymoqdalar. To‘g‘risini aytganda, falsafa fanida hech qanday inqiroz bo‘lgani yo‘q. Inqiroz bu fanga munosabatda, uning mohiyati va ahamiyatini noto‘g‘ri, biryoqlama tushunishda, falsafiy xulosalarda inson muammosi, insonparvarlik qadriyatlariga yetarli e’tibor bermaslikda namoyon bo‘lmoqda. So‘nggi yillarda siyosatning quli va siyosatchilarning quroliga aylanib qolgan maddohlik falsafasi inqirozga uchradi va uchramoqda.
Falsafaning mohiyati va unga asos bo‘lgan insonparvarlik g‘oyalariga noto‘g‘ri yondoshishning ko‘plab sabablari bor. Bulardan biri – G‘arb mamlakatlarida XVII – XVIII asrlarda boshlangan, XX asrga kelib nihoyatda chuqurlashgan texnogen tsivilizatsiya va uning ijtimoiy, siyosiy, ma’naviy oqibatlaridir.
Texnogen tsivilizatsiyasi natijasida, ayniqsa, uning so‘nggi davrlarida, falsafiy ta’limotlarning mohiyati va ahamiyatini noto‘g‘ri tushunish, bu boradagi tarixiy an’ana va qadriyatlardan chekinish boshlandi. Falsafiy muammolar konkret insonning mohiyati va manfaatlaridan ajralgan nazariy qarashlar tizimi sifatida talqin etila boshladi. Inson muammosi ko‘plab yangi falsafiy ta’limotlarda ikkinchi o‘ringa tushib qoldi, inson ruhini turg‘unlik va tushkunlikka chorlovchi ta’limotlar maydonga kela boshladi.
Falsafaga noto‘ri munosabatning shakllanishi, uning mohiyati va ahamiyatini soxtalashtirilishining yana bir sababi – o‘ta siyosiylashgan, kishilarni keskin inqilobiy to‘ntarishlarga, murosasiz sinfiy kurashlarga chorlovchi markscha falsafaning paydo bo‘lishi, XX asr boshi va o‘rtalarida dunyoning ayrim mintaqalarida tarqalishi edi.
Xo‘sh, bu ikki omilni falsafa fanining insonparvarlik mohiyati va ahamiyatini tushunishga ko‘rsatgan salbiy ta’siri nimalarda namoyon bo‘ladi?
Ma’lumki, texnogen tsivilizatsiya XX asrga kelib jamiyatning ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy hayotida katta o‘zgarishlarga olib keldi. Bu davrda fan, texnika, texnologiya nihoyatda tez sur’atlar bilan rivojlandi. Yadro energiyasidan foydalanish, koinotni o‘zlashtirish va boshqa ilmiy kashfiyotlar tufayli yangi informatsiya asriga qadam tashlandi. Jamiyat hayotida ham katta iqtisodiy, siyosiy, ijtimoiy o‘zgarishlar sodir bo‘ldi. Lekin texnogen tsivilizatsiya natijalarini biryoqlama tushunish ijtimoiy, siyosiy, iqtisodiy rivojlanish bilan inson ma’naviy kamoloti o‘rtasidagi mutanosiblik mezonlarini buzib yubordi. Fan, texnikadagi katta kashfiyotlar va o‘zgarishlarning ijodkori bo‘lgan inson o‘zining ijtimoiy imkoniyatlari, ma’naviy kamoloti jihatidan davr ruhi va ehtiyojlariga monand kamol topmadi. Jamiyat hayotida siyosiy, diniy, milliy adovatlar, ziddiyatlar bilan bog‘langan qonli urushlar, tor guruhiy manfaatlar uchun kurashning oqibati bo‘lgan bo‘hronlar, siyosiy to‘ntarishlar, shaxsiy, guruhiy diktatura o‘rnatish, demokratiya va inson huquqlarini paymol etish, milliy kamsitishlar, fuqarolarning e’tiqodi, vijdon erkinligini ma’muriy yo‘llar bilan cheklash hollari, uyushgan jinoyatchilik, bangilik, fohishabozlik avj oldi. Jamiyatning muhim ijtimoiy asosi bo‘lgan oila zaiflashdi, yoshlar tarixan shakllangan axloqiy qadriyatlardan, mehnatsevarlik, insonparvarlik, mehr-muruvvatlilik, rahm-shafqatlilik singari axloqiy fazilatlardan asta-sekin bebahra bo‘la boshladilar. Jamiyat hayotida ma’naviy bo‘hronlar kuchayib bordi. Insonning tabiatga, jamiyatga, boshqa odamlarga bo‘lgan munosabati salbiy ta’sir etgan insonparvarlik qadriyatlarining jamiyat hayotidagi o‘rni va ahamiyati pasayishiga olib kelgan bu g‘oyaviy omillar quyidagilardir:
- Inson faoliyatini voqelikni o‘zgartirishga, uni o‘ziga bo‘ysundirishga qaratilgan harakat deb baholash;
- Tabiatga inson faoliyati uchun zahira (resurs) bo‘lgan neorganik olam sifatida yondoshish;
- Inson faoliyatini, uning maqsadlaridan qat’i nazar, qadriyat deb baholash;
- Insonlar begonalashuvini, tengsizlik va adolatsizlikni jamiyat hayoti va taraqqiyoti uchun tabiiy, zaruriy jarayon deb bilish;
- Yangilik yaratishning barcha ko‘rinishlarini, mohiyati va oqibatlaridan qat’i nazar, qadriyat deb talqin etish;
- Individualizm, egoizm, xudbinlik kuchayib, odamlar o‘rtasida rahm-shafqat, mehr-muruvvat, insonparvarlik qadriyatlari zaiflashishi.
Jamiyatning ijtimoiy, siyosiy, iqtisodiy, ma’naviy taraqqiyotiga ta’sir etgan bu omillar ham falsafaning insonparvarlik mohiyati va ahamiyatini zaiflashtirdi. Natijada insonning mohiyati, uning borliqqa munosabatini tushunish ijtimoiy adolat, insonparvarlik, axloq va odob mezonlariga mos kelmaydigan tamoyillar bilan belgilana boshladi.
XIX asrning o‘rtalarida yuzaga kelgan, XX asrda dunyodagi qator mamlakatlarda tarqalgan markscha falsafa ham tor sinfiy, siyosiy maqsadlar bilan bog‘langanligi sababli, umuminsoniy qadriyat darajasiga ko‘tarila olmadi. Marksizmni ijtimoiy fikrlar taraqqiyotining oliy bosqichi deb qarash o‘tmishda mavjud bo‘lgan falsafiy ta’limotlarni soxtalashtirishga, kamsitishga olib keldi. Inson muammosi siyosiy aqidalar, avtoritar ko‘rsatmalar soyasida qolib ketdi.
Natijada texnogen tsivilizatsiyaning ijtimoiy, siyosiy oqibatlari ham, Marks falsafasi ham inson mohiyati, manfaatlari, uning borliqdagi o‘rni masalasini bir tomonlama talqin etishga olib keldi. Birinchi holatda inson ilmiy-textika taraqqiyoti soyasida qolib ketgan bo‘lsa, ikkinchi holatda u ijtimoiy, siyosiy, iqtisodiy munosabatlar girdobidagi irodasiz, ixtiyorsiz, faoliyati mavhum aqidalar, yuqoridan berilgan ko‘rsatmalar asosida boshqariladigan passiv kuch sifatida qaralgan.
Shunday sharoitlarda G‘arb mamlakatlarida XX asr o‘rtalariga kelib, inson mohiyati, manfaatlari tahliliga, insonparvarlik va adolatparvarlik qadriyatlariga, inson ma’naviy kamoloti masalalariga ustivor ahamiyat beruvchi Sharq falsafasini o‘rganishga katta e’tibor berila boshladi.
Xo‘sh, Sharq falsafasining hozir ham katta ahamiyat kasb etayotgan mohiyati, o‘rganayotgan muammolari tizimi nimalardan iborat?
Bu muammolarning ayrim tomonlari ustida to‘xtab o‘tamiz.
Avvalo shuni aytish kerakki, Sharq flsafasi faqat islom falsafasi degan tushunchani bildirmaydi. Sharq falsafasi mohiyati va ko‘lami jihatidan nihoyatda keng bo‘lib, Hindiston, Eron, Turkiston, Arab-musulmon olamida minglab yillar davomida shakllangan barcha falsafiy, diniy-orifiy ta’limotlarni o‘z ichiga oladi. Islom falsafasi esa uning ko‘rinishlaridan biridir.
Sharq falsafasining birinchi xususiyati — inson, uning mohiyati, manfaatlari, insonparvarlik qadriyatlari muammolarini tor sinfiy mafkuralar, avtoritar g‘oyalar, siyosiy ko‘rsatmalar bilan bog‘lamay, xolis ilmiy anglashga intilishdir. Sharq ma’naviyatining tarixiy an’analarida falsafa tabiat, jamiyat, inson tafakkurining eng umumiy qonunlari to‘g‘risidagi fan deb qaralmagan. Shu bilan birga Sharqda falsafa insonlarga tabiat ustidan, mohiyati va oqibatini o‘ylamay, cheksiz hukmronlik qilish yo‘llarini ko‘rsatib beruvchi g‘oya, tor siyosiy mafkura ham bo‘lmagan. Sharqda falsafa hammavaqt hikmat, adolat va insonparvarlik mezonlariga tayanib, haqiqatni izlash yo‘li sifatida qaralgan. Tarixiy an’analar, axloqiy qadriyatlar haqiqatni bilishning, borliqni izohlash, bilimlarni umumlashtirib, yakuniy xulosalar chiqarishning asosiy zamini bo‘lgan. Falsafaning milliy, mintaqaviy jihatlari ham ana shu falsafiy xulosalarga asos bo‘lgan an’ana va qadriyatlarning o‘ziga xosligi bilan belgilangan.
Axloqiy asoslash mumkin bo‘lmagan manfaatlar, maqsadlar, fikrlar, xulosalar adolat deb e’tirof etilmagan. Falsafiy xulosalar inson va uning mohiyati, insoniyatning tabiat, jamiyat haqidagi bilimlarini muayyan ilmiy an’analar, axloqiy qadriyatlar, konkret zaruriyatlar, ehtiyojlar, imkoniyatlarga tayanib umumlashtirishdan kelib chiqqan xulosalarning majmuasi sifatida qaralgan. Sharqda falsafa oddiy bilimgina bo‘lmay, kishilarning qalbiga chuqur singgan, ularni e’tiqodiy bag‘rikenglikka, mulohazalikka, sabr-toqatlilikka, insonparvarlik va adolatparvarlikka, har ishda, o‘y-fikrda yetti o‘lchab bir kesishga, andishalilikka, inson zotini hurmat qilishga o‘rgatgan.
Sharq faylasuflari barcha davrlarda o‘z ta’limotlarini, xulosalarini asoslashda konkret tarixiy tajribaga, amaliyot yakunlariga, taraqqiyot jarayonida shakllangan ilmiy yutuqlarga, insoniyatning, xalqning e’tiqodi va ehtiyojlariga, ma’naviy kamoloti darajasiga, diniy va dunyoviy qadriyatlariga tayanganlar. Shu sababli ham Sharqda falsafa bilimlar haqidagi bilim, muayyan an’analar va qadriyatlarga tayangan tafakkur madaniyati sifatida qaralgan. Falsafa barcha fanlarni bir-biri bilan bog‘lab, inson bilimlarini muayyan yaxlit tizim sifatida rivojlanishga imkon bergan. Inson mohiyatini, manfaatlarini bilish, bilimlarini umumlashtirish, shu asosda borliqni yaxlit anglab, insoniyatning istiqbolini oldindan ko‘rishga intilish Sharq falsafasining asosiy bahs mavzusi bo‘lgan. Sharq falsafasi inson ma’naviyatining barcha tomonlarini bir-biri bilan bog‘lashga imkon beradi.
Forobiy, Beruniy va boshqalar ham falsafani inson bilimlarini bir-biri bilan bog‘lab, muayyan qadriyatlarga tayanib, borliqning mohiyati haqida umumiy xulosalar chiqaruvchi fan deb baholaganlar. Beruniyning fikricha, ko‘p narsa bilgan odam emas, balki bilgan bilimlarini umumlashtirishga qodir bo‘lgan kishigina haqiqiy olimdir.
Sharq falsafasida inson bilan butun borliq muammosi birgalikda, uzviy bog‘liqlikda o‘rganilgan. Lekin borliq nima ekanini bilishdan oldin, inson o‘zi nima ekanini bilib olish masalasi birinchi o‘ringa qo‘yiladi. Borliq abadiy, cheksiz, uning rivojlanishi uzluksiz. Inson hayoti vaqtincha bo‘lsa ham u borliqdagi kamolot va buyuklikning oliy timsolidir. Insonning mohiyati — tobora takomillashib, rivojlanib turadigan ma’naviyati, u bilan taqozo etilgan faoliyati birligida namoyon bo‘ladi. Inson ma’naviyati darajasi uning borliqqa bo‘lgan munosabatini belgilaydi va shu munosabat tadriji natijasida rivojlanadi. Shu sababli ham Sharqda inson nima, degan savolga javob berish uchun dastavval uning qalbiga quloq solish kerak, degan fikr bo‘lgan. VIII asrda yashagan so‘fiy ayol Robiya Adviyaning, “Allohni tanish, avvalo inson o‘zini tanishidir”, degan fikrida ham xuddi shu ma’no bor.
Buyuk Xitoy faylasufi Konfutsiy ham “inson o‘z mohiyatini axloqiy fazilatlar va ma’naviyat asosida namoyon etadigan jonzotdir”, degan edi. Demak, insonni bilish, birinchi navbatda, uning ruhiyatini, ma’naviyatini, faoliyatini, oqilona asoslangan manfaatlarini bilishdir. Inson ma’naviyatini bilgach, uning barcha xatti-harakatlari sabablari va yo‘nalishlarini oldindan aytib berish ham mumkin.
Mashhur vatandoshimiz, faylasuf Aziziddin Nasafiy ham inson mohiyatini anglashning asosiy mezoni haqida shunday degan edi: “Ey darvesh, senda avval boshdagi va oxirdagi ma’rifat yashiringan, nimaiki izlasang o‘zingdan izla. Nega tashqaridan qidirasan?” Demak, inson borliqni o‘z ma’naviyati, manfaati darajasiga tayanib anglaydi va u bilan munosabatga kirishadi.
Demak, Sharq an’analariga ko‘ra barcha falsafiy mulohazalarning birinchi nuqtasi — inson nima, u dunyoda nima uchun yashaydi, degan savolga javob berishdan boshlanadi. Bu o‘rinda buyuk mutafakkir Umar Xayyomning quyidagi ruboiysini bilish ahamiyatlidir:
Men keldim, dunyo hech ko‘rdimi foyda,
Ketsam martabasi osharmi, qayda?
Hech kim tushuntirib bera olmadi,
Kelishim, ketishim sababi qayda?
Kelmoq qo‘lda bo‘lsa, kelmasdim bir dam,
Ketmoq qo‘lda bo‘lsa ketmas edim ham.
Ko‘p yaxshi bo‘lardi shu g‘amxonaga,
Kelmasam, turmasam, kelib ketmasam.
Sharq faylasuflari barcha davrlarda ham inson avval o‘z qalbiga, ruhiga nazar tashlab, keyin boshqalarni, tabiat va jamiyatni bilishga intilishi lozim ekanini ko‘rsatganlar. Aziziddin Nasafiy aytganidek, “o‘zini anglamagan har bir kishi hech narsani anglamay dunyodan o‘tadi”.
Inson o‘z-o‘zini anglashida ham shaxsiy mahdudlikka berilmay, muayyan axloqiy qadriyatlarga, huquqiy mezonlarga tayanmog‘i kerak.
Hayotda har bir shaxs o‘zining xatti-harakatlariga, qilmishlariga o‘zi baho berishga odatlanib qolgan. Biror ishni qilishni o‘z manfaatlarimizdan kelib chiqqan holda zarur deb topdikmi, uni amalga oshirishga haqlimiz, deb o‘ylaymiz. Inson, ba’zan jamiyatda yashayotganini, o‘zining hayoti, maqsadlari, orzu-umidlari boshqalarning ham hayoti bilan, manfaatlari bilan bog‘liq ekanini unutib qo‘yadi, xatosidan ko‘ra yutuqlarini ko‘proq ko‘radi, o‘zi haqidagi har bir fikrni “yaxshi”, “adolatli” degan nuqtadan boshlaydi. O‘ta yomon jinoyatlar qilgan odam ham o‘z qilmishlarini oqlash uchun ma’naviy asos izlaydi. Konfutsiy aytganidek, “kamdan-kam odam o‘z xatosini vijdonan anglab, ularni qoralaydi”.
Bu inson o‘zini-o‘zi to‘la va to‘g‘ri anglashi yo‘lidagi jiddiy g‘ovlardandir. Boshqalarni, ularning mushtarak manfaat va maqsadlarini anglay olmagan shaxs o‘zining mohiyatini xolis anglashga ham qodir emas. Inson o‘zini anglashi boshqalarni ham xolis anglashga intilishi bilan bog‘lanmog‘i kerak. Bu ham Sharq falsafasining asosiy qadriyatlaridandir.
Jamiyat taraqqiyoti deb atalgan jarayonni har kim o‘zicha emas, balki barcha birlashib oldinga siljitadi. Shu sababli ham insonlar harakati va manfaatlarini bir-biriga bog‘lab turuvchi munosabatlar odamlar bir-birining maqsad va manfaatlarini anglashi, shu asosda harakatlari mushtaraklashishi natijasida yuzaga keladi. Sharq jamoasidagi ahillik, e’tiqodiy bag‘rikenglik, mushtaraklik, uyg‘unlik, barqarorlik, birdamlik ham ma’naviy, falsafiy asoslangan munosabatlardir.
Inson o‘zini-o‘zi anglashi — xatti-harakati, maqsad va manfaatlariga boshqalarning nuqtai nazarini ham hisobga olib baho bera bilishidir. Yuqorida aytilganidek, boshqalarni anglamagan shaxs hech vaqt o‘z mohiyatini, manfaatini ham to‘la bila olmaydi. Buyuk yunon faylasufi Aflotun aytganidek, har bir shaxs o‘zini-o‘zi anglashi uchun adolatli bo‘lishi yetarli emas, buning uchun faylasuf bo‘lish lozim. Shaxsiy xudbinlik girdobiga o‘ralib qolgan kishilar adolatni ham o‘zlaricha tushunadilar. Ko‘plab hukmdorlar ham adolat mezonlarini o‘z manfaatlaridan kelib chiqib belgilashga harakat qilgan va qilmoqda. Inson o‘z mohiyatini xolis, vijdonan tahlil etishi — barcha maqsadlariga, ular bilan bog‘liq vazifalarga tarix saboqlari, hozirgi kun zaruriyatlari, boshqalarning fikr-mulohazalari, manfaatlarini ham hisobga olib baho berishidir.
Sharq falsafasidagi yana bir muhim muammo — insoniy munosabatlar madaniyatining axloqiy, huquqiy mezonlari tahlilidir.
Hayotda bir odam o‘z oldiga alohida maqsadlar qo‘yib, boshqalardan ajralib, ularni amalga oshira olmaydi. Shu sababli insoniy munosabatlarning ma’naviy mezonlarini belgilash va mustahkamlash Sharq falsafasidagi asosiy muammolardan biri bo‘lgan.
Sharq an’analariga ko‘ra insoniy munosabatlarning barchasiga zamin bo‘ladigan ma’naviy asos — axloq va odobdir. Adolat mezonlari ham axloq va odobga tayanib belgilangan. Sharqda odamlar o‘rtasidagi munosabatlarda axloqiy mas’uliyat huquqiy mas’uliyatdan ham ustun turgan. Insoniy munosabatlar yo‘nalishlari axloqiy qadriyatlarga tayanib anglanilgandagina kishilar qo‘lni qo‘lga berib, ahil va ittifoq bo‘lib kelajak sari boradilar. Bu boradagi umumiy faollik, mushtaraklikning ma’naviy zaminlari ham falsafiy g‘oyalar asosida belgilanadi. Shu sababli Sharqda halollik, iymonlilik, mehr-oqibatlilik, rahm-shafqatlilik, xayr-ehsonlilik, hamkorlik, hamjihatlik, do‘stlik, birodarlik, bir-birini hurmat qilish odamlar o‘rtasidagi munosabatlarga asos bo‘lgan axloqiy qadriyatlar hisoblangan. Bu muammolar Sharq falsafasining bahs mavzusida ham asosiy o‘rin olgan. Demak, Sharq falsafasi siyosatga emas, balki ma’naviyatga asoslangan falsafadir.
Odamlar o‘rtasidagi munosabatlarning axloqiy asoslari zaiflashsa jamiyatda tinchlik, osoyishtalik yo‘qoladi, adovat, zulm, shafqatsizlik kuchayadi. Bu esa taraqqiyotni izdan chiqaradi. Muhammad Sallollohu Alayhi Vasallamning, “musulmoni komil bo‘lishi uchun bir-biringizga muhabbat qo‘yishingiz shart”, degan fikrlarida, imom Iso at-Termiziyning, “har bir shirin so‘z ham bir sadaqa”, degan so‘zlarida Sharq falsafasining muhim ma’naviy qadriyatlaridan biri ifodalangan.
Bu qadriyatlar Sharq xalqlarining e’tiqodiga, turmush tarziga ham chuqur singib ketgan. Alisher Navoiyning, “Odami ersang demagil odami, oningkim yo‘q xalq g‘amidin g‘ami”, degan fikri ham Sharq falsafasining fundamental asoslaridan birini ifodalaydi.
Bunday fikrlar Umar Xayyomning quyidagi ruboiysida ham o‘z ifodasini topgan:
Bir g‘arib ko‘ngilni qila olsang shod,
Yaxshidir yer yuzin qilgandan obod.
Lutfing-la bir dilni qul qila olsang,
Afzaldir yuz qulni qilgandan ozod.
Sharqona ma’naviyat mezonlariga ko‘ra aql axloq bila bog‘langandagina haqiqiy ahamiyat kasb etadi. Axloq faqat yaxshilikka undaydi, odamlarni yaqinlashtiradi, do‘st, birodar qiladi. Aqlni ishga solish — birinchi navbatda, odamlarga yaxshilik qilish yo‘llarini izlashdan iborat bo‘lishi kerak. Shayx Najmiddin Kubro, “aqlni yaxshilikka chorlashda ko‘rdim”, deganida xuddi shu fikrni e’tiborga olgan.
Hazrati Bahovuddin Naqshband ham odamlarga mehr-muruvvatli bo‘lishni toat-ibodatdan ustun qo‘ygan. Bu uning quyidagi fikrlarida ko‘rinadi: “Asosan odamlarga xizmat qilmoq kerak. Undan keyingina zikri-samo bilan band bo‘lmoq lozim… Xudoga yo‘l insonlarning qalbi orqali boradi”.
Alisher Navoiyning quyidagi misralarini o‘qib, Sharq falsafasidagi insonparvarlik g‘oyalari mohiyatini yanada teranroq anglash mumkin.
Kimki bir ko‘ngli siniqning xotirin shod aylagay,
Oncha borkim, Ka’ba vayron bo‘lsa obod aylagay.
Bu fikrlardan ko‘rinadiki, ezilgan bir odamning dardiga malham bo‘lish, uning ko‘nglini ko‘tarish, yordam berish savobliligi jihatidan vayron bo‘lgan Ka’bani tiklash bilan tengdir.
Odamlar o‘rtasidagi munosabatlarda adolat, iymon, insof, mehr-muruvvat, rahm-shafqat tantana qilishining jamiyat hayoti va taraqqiyoti uchun bo‘lgan ahamiyati sohibqiron Amir Temurning quyidagi so‘zlarida ham o‘zining yaqqol ifodasini topgan: “Adolat va insof bilan Tangrining yaratgan bandalarini o‘zimdan rizo qildim. Gunohkorlarga ham, begunohlarga ham rahm qilib, haqqoniyat yuzasidan hukm chiqardim. Xayr-ehson ishlarim bilan odamlarning ko‘nglidan joy oldim”. Temur imperiyasi qudratining sabablaridan biri ham shunda edi. Demak, ijtimoiy adolat mezonlari ham Sharq falsafasining asosiy tamoyillaridan birini tashkil etadi.
Insonni tabiatga, barcha jonzotlarga axloqiy asoslangan munosabatining mohiyati va mezonlarini belgilash masalasi ham Sharq falsafasida katta o‘rin olgan. Sharq panteizmidagi tabiat va insonning mohiyatan birligi haqidagi g‘oyalarda ham shu maqsad yotadi. Shu sababli Sharq xalqlarining tabiatga bo‘lgan munosabatlarida namoyon bo‘lgan barcha manfaatlar, xatti-harakatlar muayyan axloqiy qadriyatlar bilan belgilangan. Bahovuddin Naqshband ham inson, insonlar oldidagina emas, balki butun tirik mavjudodlar oldida ma’naviy mas’ul ekanini ko‘rsatgan.
Inson muayyan manfaatlarga asoslanib, qadriyatlarga, an’analarga tayanib, faoliyatining oqibatlarini bilib, tabiat bilan munosabatga kirishadi. Demak, uning tabiatga munosabati ham ma’naviy asoslangan faoliyatdir.
Sharq falsafasida inson va tabiat bir-biridan ajratilmaydi, bir-biriga qarama-qarshi qo‘yilmaydi ham. Tabiat faqat insonni o‘rab olgan atrof-muhit sifatida qaralmaydi. Sharq falsafasi an’analariga ko‘ra inson va tabiat bir butun ekosistemadir, biosferadir. Unda ortiqcha narsa yo‘q. Hamma narsaning o‘z o‘rni, ahamiyati bor. Inson ham shu sistema tizimiga kiradi. Gap bu ekosistemani buzib, uni butunlay inson manfaatiga bo‘ysundirishda emas, balki muhitga muayyan qadriyatlar asosida yondoshib, unga oqilona moslasha bilishdadir. Bu boradagi sharqona qadriyatlar tabiatni cheksiz, shafqatsiz ekspluatatsiya qilishga yo‘l bermaydi. Sharq an’analariga ko‘ra, suvni iflos qilish, hayvonlarni o‘ldirish jinoyatgina emas, balki katta gunohdir.
Sharq faylasuflari ta’limotiga ko‘ra tabiat o‘z-o‘zicha inson boshiga balolar, ofatlar yog‘dirmaydi. Hamma gap inson tabiatga qanday va qay darajada aql, ma’naviyat mezonlariga tayanib munosabatda bo‘lishidadir. Shu sababli ham hozirgi barcha ekologik fojialar antrogen xarakterga ega bo‘lib, ular asosan inson tabiatga aql va axloqiy mezonlar chegarasidan chiqib munosabatda bo‘lishi oqibatida yuzaga keladi. Konfutsiy aytganidek: “Agar yerdagi hayot yomon bo‘lsa inson osmonga emas, balki o‘z qalbiga, vijdoniga nazar tashlashi kerak”.
Inson bilan tabiat o‘rtasidagi muvozanat va mutanosiblikning muayyan mezonlari, chegaralari bo‘lib, ular asosan tabiat qonunlariga va inson ma’naviyatiga bog‘liq. Insonlar o‘rtasidagi munosabatlar asosida yotgan adolat, iymon, insof, rahm-shafqat, mahr-muruvvat, vijdon kabi tushunchalar tabiatga, barcha tirik jonzotlarga nisbatan ham qo‘llanmog‘i lozim.
Sharq falsafasida inson, uning mohiyati, ma’naviyati muammosi asosiy o‘rin olganligi sababli, tarbiya falsafasiga ham katta e’tibor berilgan. Tarbiya falsafasining vazifasi — insonni yuksak axloqiy-ma’naviy komillikka ko‘tarishdir. Ma’naviy qashshoqlik insonni razolatga, vahshiylik, adolatsizlik va shafqatsizlik yo‘liga boshlaydi, natijada inson bilan inson, inson bilan insonlar, inson bilan tabiat o‘rtasidagi mutanosiblik buziladi. Inson qalbiga shafqatsizlik, yovuzlik urug‘lari singishi esa har qanday tabiiy ofatlardan ham xatarliroqdir. Buni Ahmad Donishning quyidagi fikrlarida ham ko‘rish mumkin: “Inson yeru koinot o‘rtasida o‘rin olgan ajoyib mavjudotdir. Agar u xayolga cho‘msa, yetti qavat osmonni xayol qutichasiga joylaydi. Agar u fikr qilsa, butun borliqni fikr tokchasiga sig‘diradi. Agar uning mehri tovlansa, bechora chumolini kiprigi ustida saqlaydi. Agar uning saxiyligi jilva qilsa, to‘nini birovga berib, o‘zi yalang‘och qoladi. Agar uning xasisligi ruju qilsa, qumursqa og‘zidagi donni talashadi”.
Insonning insoniyligini belgilaydigan asosiy yo‘l — tarbiya va ma’rifatdir. Sharq mutafakkirlari ta’lim, tarbiyaga e’tibor bermagan jamiyatning oxiri fojia bilan tugaydi, degan xulosaga kelganlar. Shu sababli ham ma’rifatparvarlik g‘oyalari Sharq falsafasida barcha davrlarda ham ustivor ahamiyat kasb etgan. Barcha Sharq faylasuflari bir vaqtning o‘zida ma’rifatparvar kishilar ham bo‘lgan.
Sharqda falsafiy tafakkur taraqqiyoti erkinlik bilan zaruriyatning birligi asosida amalga oshgani ham ma’lum. Tafakkur erkinligi — insonning muayyan bilimlar, amaliy tajriba yakunlariga tayanib mustaqil, ijodiy xulosa qilishi, fikrlashidir. Agar tafakkur erkinligi, fikrlar mustaqilligi bo‘lmasa bilimlar taraqqiy etmaydi, inson istiqbolni oldindan ko‘ra bilishga imkon beradigan yangi xulosalar qila olmaydi. Zaruriyat esa inson fikrlashi jarayonida minglab yillar davomida shakllangan, amaliy tajribada o‘z isbotini topgan ilmiy xulosalar, an’analar va qadriyatlarga tayanishdir.
Falsafiy g‘oyalar bir-biri bilan bog‘liq ravishda shakllanishi va rivojlanishini e’tiborga olsak, zaruriyatning ham olamni bilish va bilimlarni umumlashtirishda o‘ziga xos muhim o‘rni borligini ko‘ramiz. Lekin falsafada erkinlik zaruriyatga nisbatan ustivor ahamiyatga egadir. Erkin fikrlamaydigan inson faylasuf bo‘la olmaydi. Erkin fikrlash imkoni bo‘lmagan jamiyatda falsafa fan sifatida rivojlanmaydi.
Tafakkur erkinligi tarixiy meros va qadriyatlarga tayanish, bilimlarni xolis umumlashtirish, kelajakni chuqurroq bilishning vositasi, imkoniyatidir. Inson o‘z tafakkurida zaruriyatni qanchalik chuqur his etmasin, u baribir erkinlikka tayanadi. Tafakkur erkin bo‘lmasa fikrlar ham sayoz, yuzaki bo‘lib, davr talablari, imkoniyatlari va ehtiyojlari darajasidan ortda qoladi. Erkinlik insonning ko‘plab fikrlar, g‘oyalardan to‘g‘risini, jamiyat taraqqiyoti va inson ma’naviy kamolotiga yangi yo‘llar ochib beradiganlarini xolis, mustaqil tanlay bilish imkoniyatidir. Agar inson o‘z tafakkurida faqat eski an’analar, e’tiqodlar doirasida qolib ketsa, bu fundamentalizmga, fikr qaramligi, tafakkur turg‘unligiga olib keladi.
Tafakkur erkinligi kuchayishi Sharqda insonning ma’naviy-ijtimoiy mas’uliyati ortishi bilan ham bog‘liq bo‘lgan.
Demak, Sharq an’analariga ko‘ra falsafiy tafakkur tarixiy taraqqiyotning turli davrlaridagi an’ana va qadriyatlarni, bilimlar va umumiy xulosalarni bir-biri bilan bog‘lab, mustaqil, ijodiy qarashdir, ularni sharoit va imkoniyatlar, muayyan an’ana va qadriyatlarni e’tiborga olib erkin, xolis baholashdir, umumlashtirishdir, yangi g‘oyalarni hayotga oqilona tatbiq etib, istiqbolni oldindan ko‘rish imkoniyatlarini izlashdir.
Umuman, falsafa XXI asrda sof nazariy mulohazalar chegarasidagina qolmay, inson manfaatlari , insonparvarlik g‘oyalari bilan kengroq va ko‘proq bog‘lanadi.
XXI asrda insoniyat Sharq falsafasi an’analariga, qadriyatlariga ko‘r-ko‘rona qaytishi shart emas. Gap falsafasi umuminsoniy qadriyat ekanini e’tirof etib, Sharq falsafasi an’analari va qadriyatlaridan kengroq, oqilona foydalanish ustida bormoqda.
Yuqoridagi fikrlardan, o‘tmishdagi falsafiy ta’limotlardan voz kechib, butunlay yangi falsafani yaratish lozim, degan xulosaga ham kelmaslik kerak. Falsafa barcha davrlarda o‘zining tarixi, nazariyasi, muayyan qonunlari, kategoriyalariga ega bo‘lgan fan sifatida rivojlanib kelgan. Lekin davr sharoitlari, ehtiyojlari, imkoniyatlari ta’sirida ustuvor ahamiyat kasb etayotgan falsafiy muammolar tizimi o‘zgarib, yangilanib turadi. Shu sababli har bir tarixiy davrda umuman falsafani emas, balki uning konkret muammolarini o‘rganish va tahlil etishga asosiy e’tibor berib kelingan. Kapitalizm rivojlanayotgan davrlarda pragmatizmga, fan va texnika jamiyat hayoti va taraqqiyotida katta ahamiyat kasb etayotgan sharoitlarda pozitivizm va neopozitivizmga, ilmiy taraqqiyot yutuqlari bilan bog‘lashga intilish kuchayganida neotomizmga, ikkinchi jahon urushidan keyingi og‘ir tushkunlik yillarida ekzistentsializmga e’tibor kuchayishini shu bilan izohlash mumkin.
XXI asrda konkret insonning mohiyatini bilish, uning huquqini, qadr-qimmatini, manfaatini himoya qilish, ma’naviyatini yuksaltirish orqali odamlar jamoasi birligi va birdamligini kuchaytirish masalalari falsafiy tahlilining asosiy muammosi bo‘lib kelmoqda.
Hozir Sharq falsafasini o‘rganishga katta e’tibor berilayotganining sababi ham shundadir.
«Jahon adabiyoti» jurnali, 2003 yil, 10-son