Blez Paskal. Muhabbat – oliy saodat

IShQ-MUHABBATGA OID MULOHAZALAR

Inson tafakkur uchun yaralgan. U uzluksiz, har lahza-soniya tafakkur yuritadi, mulohaza qiladi. Biroq baxtiyor qila oladigan bokira fikr-mulohazalar bilan xayoli hamisha band bo‘lsa, toliqadi va holdan toyadi. Inson yakrang turmush tarziga moslashmagan, unga xatti-harakat va faoliyat zarur. Boshqacha aytganda, xotirjamligini ehtiroslar tug‘yoni o‘qtin-o‘qtin bezovta qilishi zarur. Ularni jo‘shqin va teran ehtiroslar manbai — qalbidan topadi.

Muhabbat va izzattalablik — boshqa ko‘plab his-tuyg‘ular tajassumi hisoblanuvchi ikki asosiy insoniy his-tuyg‘u. Bu tuyg‘ular xilma-xil ekanidan qat’i nazar. ko‘pchilikning e’tiroficha, ularni bog‘lovchi-tutashtiruvchi xossalar mavjud. Aslida esa, ular, aksincha, o‘zaro kushanda, yov bo‘lmagan taqdirda ham bir-birini zaiflashtiradi.

Qanchalar teran, qamrovdor aql-idrok, tafakkurga ega bo‘lmaylik, faqat yagona kuchli tuyg‘uni his eta olamiz. Shu bois ham muhabbat, ham izzattalablik dardiga mubtalo ekanmiz, bu tuyg‘u-xislatlarning har biri o‘z kuch-qudratining atigi yarmini namoyon etadi, basharti biri ikkinchisiga monelik qilmaganida, deylik, ulardan bittasining qudrati to‘laligicha namoyon bo‘lardi.

Bu ikki tuyg‘uning yuzaga kelishi ham, so‘nishi ham yoshga bog‘liq emas. Ular hayotning dastlabki lahzalaridayoq paydo bo‘lib, inson qalbiga umrbod hamrohlik qiladi. Biroq otashtalab-yolqintalab bo‘lgani uchun odamlar yoshlik-navqironlik yillarida ularga ko‘proq moyil bo‘ladilar va shu bois umr o‘tgani sayin his-tuyg‘ular o‘tmaslashib boradiganday taassurot paydo bo‘ladi, holbuki, bu kamdan-kam ro‘y beradi.

Inson hayoti achinarli darajada qisqa. Dunyoga kelgan lahzadan hayot hisob-kitobi boshlanadi. Menga qolsa, inson hayotini aql-idrok, tafakkur qilish qobiliyati shakllangan – fahm-farosat, aql-idrok bilan ish tutadigan palladan, odatda kamida yigirma yoshdan hisoblagan bo‘lardim. Bu yoshgacha boladan farqimiz yo‘q, bola-bolakay esa hali to‘la-to‘kis inson degani emas.

Dastlab mehr-muhabbat, keyinchalik esa izzattalablik hukmronlik qiladigan hayot qanchalar baxtli-ya! Tanlash imkoniyati bo‘lganida, boshqacha hayotni xayolimga ham keltirmagan bo‘lardim. Qalbimizda toki otash-alanga gurillar ekan, ishq-muhabbat iskanjasida bo‘lamiz, biroq ertami-kechmi alanga so‘nadi — o‘shanda izzattalablik uchun tasavvurga sig‘maydigan ufqlar ochiladi! Jo‘shqin hayot favqulodda tafakkur sohiblariga nasib etadi, oraliq-arosatdagilarga bunday hayotning qizig‘i yo‘q; jamiki sa’y-harakatlarni sodir etishda mashina singari ish tutishadi. Shu bois hayotining avvalida ishq-muhabbatga mubtalo bo‘lib, yoshi o‘tinqiragach, izzattalablik domiga tushadigan inson his qilishi mumkin oliy baxt-saodatga erishadilar.

Insonning aql-idroki, tafakkuri qanchalar kuchli bo‘lsa, his-tuyg‘ulari ham mutanosib ravishda kuchli, o‘tkir bo‘ladi. Axir ehtiroslar – garchi tashqi sababi tana bilan bog‘liq bo‘lsa ham, aslida to‘la-to‘kis aql-idrok tafakkurga mansub tuyg‘ular va fikr-mulohazalar; demak, ularda aql-idrokka yot-begona hech vaqo yo‘q, binobarin, ular tafakkurga mutanosib. Bu o‘rinda faqat jo‘shqin ehtiroslarni nazarda tutyapman. Boshqa his-tuyg‘ular esa iztirobli mavhumlikni yuzaga keltirib, aksariyat qorishiq bo‘ladilar; biroq kuchli aql-idrok sohiblari hech qachon bunday holatga tushmaydilar.

Qalban buyuklik — ulug‘vor qalb barcha jihatlarda o‘zligini namoyon etadi.

Ba’zan sevishning hojati bormi, deya so‘raydilar. Bu haqda savol-so‘roqqa hech o‘rin yo‘q, buni his etish, boshdan kechirish lozim. Odamlar sevish-sevmaslik haqida mulohaza qilmaydilar — istak-xohish, mayllariga amal qilib, biron shubha-gumon tug‘ilishi hamono laqqa tushadilar.

Aql-idrok, tafakkurning ravshanligi-tiniqligi ehtiroslar bokiraligiga zamin hozirlaydi, shu bois teran va ravshan aql-idrok sohibi qizg‘in, jo‘shqin dili bilan seva oladi va muhabbatiga hamisha imoni komil.

Ikki xil aql-idrok mavjud: birinchisi geometrik aql-idrok, ikkinchisini esa nazokatli xafif aql-idrok deyish mumkin.

Dastlabki aql-idrok sohibi narsa – ashyo-predmetni turli tomonlardan sinchiklab ko‘zdan kechiradi. Ikkinchi xil aql-idrok sohibi esa shunday oqilona mulohaza sohibiki, sevadigan odamining ko‘plab jozibador xislat-fazilatlarini bir qarashdayoq ilg‘aydi. Uning o‘tkir nigohi qalbgacha yetib boradi, natijada lahzalik imo-ishoralar vositasida qalbdagi kechinmalarni payqaydi.

Har ikki xil aql-idrokni umumlashtira olgan shaxs ishq-muhabbatdan naqadar lazzatlanishini tasavvur qilish qiyin! Axir u nainki aqliy kuch-quvvat, balki oshiq-ma’shuq bir-biriga muhabbatini g‘oyat nafosat bilan izhor eta olishi uchun zarur oqilona aql-idrok sohibi.

Biz qalbimizda muhabbat bilan dunyoga kelamiz. Aql-idrokimiz takomillashgani sayin mehr-muhabbatimiz shakllanib, jozibador go‘zallik – nafosat asli qanday ekanini hech qachon uqtirmaganlaridan qat’i nazar, o‘zimiz jozibador — go‘zallik hisoblovchi siymoni sevishga undaydi, da’vat etadi. Binobarin, yolg‘iz muhabbat uchun dunyoga kelganimizga kim ham shubha qilardi? O‘zimizdan yashirish bema’nilik: biz hamisha sevamiz, hatto ishq-muhabbatdan nafratlanganday bo‘lsak ham, aslida muhabbat qalbimizning qa’rida yuzaga chiqish uchun payt poylaydi. Illo, muhabbatsiz bir lahza ham yashay olmaymiz.

Inson yolg‘izlik yukini ko‘tara olmaydi; binobarin u sevadi,– demak, mehr-muhabbatini baxshida etadigan manba-siymo topishi zarur. Faqat jozibador go‘zallik sohib-sohibasi shunday manba bo‘la oladi; uning o‘zi — barcha ilohiy narsa-ashyo — mavjudotlarning gultoji bo‘lgani bois yon-atrofda qidirayotgan jozibador — go‘zallik namunasini o‘z qalbidan topishi kerak. Uning nishonalarini, xohish-istak bo‘lsa bas, har kim o‘z qalbidan topadi. Tashqi narsa – ashyolar bu namunaga mos kelish-kelmasligiga binoan odamlar o‘zlari uchun har bir narsa – ashyoga nisbatan go‘zal va xunuk tushunchasini hosil qiladilar. Lekin garchi inson o‘z “Men”ining sarhadlaridan yorib chiqqani hamono yuzaga keluvchi cheksiz bo‘shliqni to‘ldirish uchun vosita qidirganidan qat’i nazar istalgan narsa – ashyo bilan qanoatlana olmaydi. Uning qalbi ufqlari juda keng; shu bois axtarayotgan allanarsa loaqal unga o‘xshash yoki yaqin bo‘lishi talab etiladi. Shuning uchun u tanlaydigan jozibador go‘zallik nainki uyg‘un, balki o‘xshash bo‘ladi. Bu uni turli jinslar doirasiga doxil-oshna etadi.

Bu haqiqatni ona tabiat qalbimizga shu qadar aniq – qat’iy muhrlaganki, bunday go‘zallikni qabul qilish, anglash, idrok etish uchun na san’at, na biron-bir bilim-malaka talab qilinadi; aftidan, qalbimizda uning uchun alohida maxsus joy mehrob – taxt ajratilgan-u, u bo‘sh qolmasligi kerak. Buni ifodalash-ta’riflashdan his etish oson. Tabiiy tushuncha, fahm-farosatining nigohini xiralashtirib, ularni nazar-pisand qilmaydigan kimsalargina buni payqamaydilar.

Umumiy jozibador go‘zallik g‘oya tushunchasi qalbimizga teran muhrlanganidan qat’i nazar go‘zallik – nafosatga oid tasavvurlarmiz afsuski, bir xil emas, lekin buning yolg‘iz sababi mayl-ishtiyoqlarimizga borib taqaladi.
Illo, bizga shunchaki go‘zallikning keragi yo‘q — biz uchun yana qator jihatlar muhim bo‘lib, ular biz ko‘proq nimalarga moyil ekanimizga bog‘liq va shuning uchun aytish mumkinki, har bir inson o‘ziga xos va mos, alohida go‘zallik
timsolini yaratib, uning tajassumi bo‘lgan siymoni to‘rt tomondan axtaradi. Bunday go‘zallik timsoli aksariyat ayollar bo‘ladi. Erkaklarning es-hushiga yolg‘iz hukmronlik qilgan holda o‘zlariga xos yohud o‘zlari qimmatli bilgan go‘zallik belgilari – nishonalari-xossalari bilan go‘zallikka oid erkaklar tasavvurini to‘ldiradi; boshlang‘ich go‘zallik g‘oyasi-tushunchasiga ko‘ngillari tusagan xossalar bilan qo‘shimchalar kiritadi. Shu bois och malla ranglilar davru davroni va qoramtir jononlar asri bo‘ladi, va shunga mos ravishda, ayollarning unday yoki bunday ko‘rinish kasb etishni afzal bilishlariga binoan erkaklarning ham didi o‘zgaradi.

Go‘zallikka oid tushuncha-tasavvurimiz hatto biz yashaydigan mamlakatdagi rasm-rusumlar va urfga ham bog‘liq. Rasm-rusum, urf-odatlar ehtiroslarimiz ustidan hukmronlik qilishi kishini hayratlantiradi. Bundan qat’i nazar, har bir insonning go‘zallikka oid shaxsiy tushuncha-tasavvuri bo‘lib, shundan kelib chiqqan holda boshqalar haqida fikrlaydi. Oshiqning nazdida ma’shuqa boshqa barcha qiz-juvonlardan afzal go‘zallik – nafosat namunasi.

Go‘zallik g‘oyat rang-barang. Uning eng nafis timsoli — ayol. Ayol oqila bo‘lsa, go‘zallikka hayratlanarli ruh baxsh etib, yana ham yuksaltiradi.

Agar ayol manzur bo‘lishni istasa va bu borada barcha go‘zal sifat-fazilatlar sohibi bo‘lsa yoki loaqal ularning ayrimlariga ega bo‘lsa, niyatiga, albatta, yetadi. Ustiga-ustak erkaklar unga salgina e’tibor bersalar bas, hech bir sa’y-harakat qilmasa ham uni, albatta, kimdir sevib qoladi. U biron tashna qalbdagi bo‘sh muhabbat taxti sohibasi — malikaga aylanadi.

Inson huzur-halovat, rohat-farog‘at uchun yaralgan. Buni his etadi, boshqa dalil-isbotlarga hojat yo‘q. Binobarin, rohat-farog‘atga berilar ekan, inson aqlan ish tutadi. Lekin ko‘pincha shunday hol ro‘y beradiki, qalbida ehtiros tug‘yonini his etgani holda buning sabab – ildizini bila olmaydi.

Soxta rohat-farog‘at ham chinakam rohat-farog‘at kabi aql-idrokni egallashi hech gap emas. Biz esa uning soxta ekanini xayolimizga ham keltirmaymiz, chunki chinakam, haqqoniy lazzat deb o‘ylaymiz!

Muhabbat haqida bahs yuritish asnosida ayni dardga mubtalo bo‘lamiz: axir bu insonga xos g‘oyat tabiiy ehtirosli tuyg‘u!

Muhabbat yoshga qaramaydi, qayta-qayta tug‘ilaveradi. Buni she’riy asarlar isbotlaydi, shoirlar muhabbatni farzanddek tasvirlashlari bejiz emas. Biroq aslida ham shunday ekanini she’ru ash’orsiz ham his qila olamiz.

Muhabbat aqlga aql qo‘shadi va ayni paytda aql-tafakkurga tayanadi. Sevgi-muhabbat – san’at, san’atkorlik, ijodkorlikni taqozo etadi. Deylik, oshiq-ma’shuqaga manzur bo‘lish uchun ishga soladigan vositalar kun sayin kamaya boradi, biroq ahdi qat’iy bo‘lgani bois — uning mehrini qozonadi.

Izzattalab, shaxsiyatparast bo‘lganimiz bois ko‘pchilik mehriga loyiqmiz deb hisoblaymiz; shuning uchun ham sevimli bo‘lish xush yoqadi. Muhabbatga tashnaligimiz tufayli bizni sevadigan oshiq-ma’shuqning nigohida tez-tez muhabbat yolqinlariga ko‘zimiz tushadi. Axir ko‘zlar – nigohimiz – qalbdagi kechinmalar ko‘zgusi, bu ko‘zgudagi bitiklarni faqat hushyor oshiq yo ma’shuqa o‘qiy oladi.

Yolg‘iz kimsa — yarim bag‘ir, yarim ko‘ngilday gap. Baxtli-saodatli bo‘lish uchun o‘z tengini topishi zarur. Aksariyat umr yo‘ldoshimizni yoru birodarlarimiz doirasidan axtaramiz: ularning davrasida o‘zimizni bemalol tutamiz va o‘zligimizni namoyon etish imkoniyatlari ko‘p. Biroq ba’zida yuqoriroq doiralarga nazar tashlaymiz-u muayyan nigohdagi yolqinga ko‘zimiz tushganidan qat’i nazar buning sir-asrorini kashf etishga jur’atimiz yetmaydi.

Tanlagan ma’shuqangiz avvaliga yaqiniga yo‘latmagani bois dastlab muhabbatga izzattalablik hamroh bo‘lishi mumkin, lekin hech qancha fursat o‘tmay, ishq-muhabbat yakka-yolg‘iz hukmronga aylanadi. Bu shunday hukmfarmo tuyg‘uki, taxtida yolg‘iz hukmronlik qilish maqsadida yon-atrofida baslashishga da’vogar his-tuyg‘ular bilan mutlaqo chiqisha olmaydi. Bo‘lak his-tuyg‘ular barchasi unga yo‘l berishi va itoat qilishi shart.

Odatiy teng moyillikka nisbatan ulug‘vor do‘stlik-qadrdonlik kuchliroq jalb etadi. Yengil-elpi hech qanday kechinma inson qalbining teranliklarini bo‘ylay olmaydi; faqat olijanob, ulug‘vor tuyg‘ular qalbimizga doimiy hamroh – hukmron bo‘la oladi.

Kitoblarda aksariyat shunday fikr-mulohazalar bildiriladiki, ularning haqqoniyligini faqat har bir insonni o‘zi ustida mulohaza yuritishga majburlash va bevosita ishonch hosil qilish asnosida asoslash mumkin. Kaminaning barcha fikr-mulohazalari ham ayni shu asno tasdiqlanadi.

Biroz fahm-farosatga ega, nazokatli odam muhabbatning nozikligi, nafosatini ham his etadi. Axir biron-bir tashqi narsa – ashyo hayajonga solgani kabi tushuncha-tasavvuriga zid narsa-ashyolardan yiroqlashishga urinadi. Nazokatlilik mezonini ravshan, olijanob va ulug‘vor aql-idrok, tafakkur belgilaydi. Biz nazokatli bo‘lmagan holda o‘zimizni shunday xislatga ega deb hisoblashimiz hech gap emas va buning uchun yon-atrofimizdagilar ta’na qilishga, qoralashga haqli. Aksincha, go‘zallik borasida har kimning shaxsiy mezon-andoza-o‘lchovi mavjud bo‘lib, boshqalarning didiga bog‘liq emas. Biroq nazokatlilik bilan undan batamom mahrumlik o‘rtasida oraliq nuqta borligini hamda nazokatli bo‘lishni istagan odam ko‘zlagan maqsadidan uncha uzoq masofada emasligini e’tirof etishimiz zarur. Nazokatli erkaklar ayollarga xush yoqadi va menimcha, ayni shu xislat vositasida ularning mehr-muhabbatini qozonishdan osoni yo‘q. Minglab kishilar orasidan aynan sizni tanlagani kimga ham xush yoqmaydi deysiz.

Aql-idrok, tafakkur qobiliyat-xislatlarini mashqlar vositasida hosil qilib bo‘lmaydi, ularni faqat takomillashtirish, barkamollashtirish mumkin. Shuning natijasida oydinlashadiki, nazokatlilik, nuktadonlik — san’at samara-natijasi emas, balki tabiiy, tug‘ma xislat.

Inson qancha aqlli bo‘lsa, uning nazdida go‘zallik shakl-shamoyillari shuncha ko‘p, biroq bu borada sevgi dardiga chalinmagan bo‘lishi kerak, chunki oshiqning nazdida butun go‘zallik ma’shuqaning yagona-yaxlit timsolida mujassamlashadi.

Juvon-ayol o‘zgalar qalbini zabt etishi natijasida har gal o‘z qalbida boshqalar uchun joy hozirlayotganday tuyulmaydimi? Buni rad etuvchi ayollar borligini, haqiqatdan ham, bilaman. Biroq kim buni noto‘g‘ri deydi? Olishning berishi bor.

Basharti fikr-mulohazalar muttasil yolg‘iz mavzu bilan band bo‘lsa, toliqadi va g‘ariblashib-qashshoqlashadi. Shu bois muhabbatdan imkon qadar ko‘proq bahra olish – lazzatlanish uchun sevgimiz, muhabbat dardimizni o‘qtin-o‘qtin yodimizdan chiqarishimiz, xayoldan faromush qilishimiz kerak. Bunda hech qanday xiyonat yo‘q: axir boshqalarni sevayotganimiz yo‘q, faqat sevgimiz otashi so‘nib qolmasligi uchun kuch-quvvat to‘playapmiz, xolos. Bu o‘z-o‘zidan ro‘y beradi; aql-idrok, fahm-farosatimiz hisobotsiz undov-da’vatga binoan, o‘ziga dam beradi — bu tabiat hukmi, tabiiy holat.

Biroq shu asno inson fe’l-atvoriga xos zaiflikka yo‘l berayotganimizni ham e’tirof etmaslikning imkoni yo‘q va biz fikr-mulohazalarda o‘zgarishlar qilishga ehtiyoj sezmaganimizda yana ham baxtliroq bo‘lar edik. Afsuski, bu borada inon-ixtiyorimiz o‘z qo‘limizda emas.

Izhor qilinmagan sevgining nash’asi iztirobli o‘y-xayollar bilan yo‘g‘riladi, biroq bunday muhabbatning o‘ziga xos zavq-shavqi bor. Qalbimiz to‘ridan joy olgan siymoga manzur bo‘lish bilan bog‘liq barcha ishlarga sidqidildan kirishamiz. Kun sayin o‘zligimizni kashf etishning yangidan-yangi usullarini o‘ylab topamiz. Bu yumushlar uchun mehrimiz tushgan siymo bilan suhbatlashishga ketadigan vaqtga teng fursat sarflaymiz. Ma’shuqa ko‘nglimizda, raftorimizda kechayotgan tug‘yonlarni bilish-bilmasligidan qat’i nazar nigohimiz goh alangalanib, goh so‘nadi; bu hayajon-tug‘yonlarning barchasi ular uchun g‘oyat mos siymo tufayli ekanini his qilish ham mamnun etadi. His-tuyg‘ularimizni bayon etish uchun bulbulday sayragimiz keladi; holbuki muhabbatimizni so‘zlar bilan ifodalashga jur’at qila olmay, teran ma’no-mazmunga ega imo-ishoralar, sa’y-harakatlar bilan cheklanishga, qanoatlanishga majburmiz.

Muhabbat qalbni shodu xurramlik – zavq-shavq bilan limmo-lim etib, butun fikru zikrimizni egallab oladi. Bu baxtiyorligimiz alomat-nishonasi, chunki ehtirosni bir maromda saqlab turishning butun sir-asrori aql-idrok, tafakkurda bir paysa ham bo‘shliq-xoli joyni qoldirmaslikdan, uni bor bo‘yicha muhabbatimizga oid mastona xayollarga g‘arq qiluvchi narsa-ashyolarga muttasil yo‘naltirishdan iborat. Lekin agar biz tomoshabinday chetda turaveradigan bo‘lsak, bunday mahliyolik kayfiyatini uzoq saqlay olmaymiz. Chunki ikki shaxs — oshiq-ma’shuq uchun xos ehtiroslar girdobida yolg‘izlanib qolganimiz bois his-tuyg‘ularimiz tezda barham topadi.

Ehtiroslar, his-hayajonlar yangilashga muhtoj. Inson aql-idroki xilma-xillikni tusaydi va kimki shunday yangilanish, xilma-xillikka moyil bo‘lsa, unday oshiq-ma’shuqning bahridan kechish qiyin.

Ehtiroslar o‘ta taranglashgach, ba’zan jo‘shqinligini yuqotadi. Hayotbaxsh manbadan mahrum bo‘lgach, so‘nib-so‘lamiz va bag‘rimizni nimtalovchi iztirobli xayollar iskanjasiga tushib qolamiz. Biroq zaifona umid shu’lasi miltillagani hamono qalbimiz qush kabi qanot bog‘laydi. Ayollar – qiz-juvonlar uchun bu anchayin o‘yinday gap, lekin ba’zida befarq emasligini izhor etib, chinakamiga hamdardlik bildiradilar — o‘shanda yana o‘zimizni baxtiyor sezamiz.

Kuchli va sobitqadam muhabbat hamisha inja sa’y-harakatlar, a’mollar bilan boshlanadi. Bu borada asosiy vazifa ko‘zlar zimmasiga tushadi. Lekin nigohlar ifodasi – sir-asrorini uqib-ilg‘ay bilish zarur.

Ikki shaxs — oshiq-ma’shuq yagona ishq-muhabbat alangasi ichra yonar ekan, nigohlar ifodasini uqishlari shart emas. Chunki ulardan loaqal biri ikkinchisi nima demoqchi ekanini, hatto uni tushunmagan yoxud tushuna olmagan taqdirda ham shubhasiz anglaydi.

Oshiq-mahliyo bo‘lganimizda, ya’ni sevish asnosida butunlay boshqa insonga aylanganimizni payqaymiz. Qanchalik o‘zgarganimizni yon-atrofdagilarning barchasi payqaganday tuyuladi. Bu o‘ta xato tasavvur, lekin aqlu hushimizni jo‘shqin ehtiroslarimiz xiralashtirib, o‘tmaslashtirib qo‘ygani bois o‘zimizni hammasi aksincha ekaniga ishontira olmaymiz va yon-atrofdagilarga ishonqiramay munosabatda bo‘lamiz.

O‘zgalar ko‘nglida kechayotgan ehtirosli tuyg‘ularni payqashiga oshiqning ishonchi komil. Bu uning ko‘ngliga g‘ulg‘ula soladi.

Muhabbat yo‘li, solnomasi, qissa-dostoni qanchalik uzun-davomli bo‘lsa, nazokatli qalb sohibi shuncha ko‘p zavqu shavq og‘ushida yashaydi.

Shunday odamlar borki, ular uzoq muddat umidvorlik bilan yashaydilar,– bular nazokatli aql-idrok sohiblari. Boshqalar esa to‘siq g‘ov-moneliklarga astoydil qarshi tura olmaydilar — bular o‘ta zaif-dag‘al fahm-farosat egalari. Dastlabki aql-idrok sohiblari fe’l-atvorida barqarorlik bor; ular ishq-muhabbatdan cheksiz zavqlanadi. Navbatdagi farosat egalari esa juda tez sevib qolishiga qaramay, muhabbatining umri qisqa bo‘ladi.

E’zoz-ehtirom — muhabbatning dastlabki nishona-alomati. Sevgan oshiq-ma’shuqimizni g‘oyat e’zozlaymiz va bu tabiiy, chunki mehr-muhabbatimizga sazovor siymoning tengi bo‘lishi mumkin emas.

Shoir-adiblar oshiq-ma’shuqlar his-tuyg‘ularini butun rang-barangligi ila aks ettirishlari juda mushkul. Buning uchun ularning o‘zlari bu dardni — muhabbat iztiroblari va quvonchlarini boshdan kechirishlari zarur.

Aqlning aynishi singari axloqsizlik ham o‘ta dahshatli.

Ishq-muhabbatda sukut — har qanday ta’rif-tavsifdan qimmat. Tortinchoqlik tilimizni bog‘lab tashlagani ma’qul: sukut saqlashda shu qadar teran ma’no-mazmun mujassamki, u har qanday izhori dildan ko‘ra qalbga yaxshirok yetib boradi. Oshiq tortinchoqlik-sarosima ichra sukut saqlash asnosida qalbi ma’shuqasiga aytadigan muhabbat izhorlari bilan limmo-lim bo‘ladi va bu borada qanchalar zukko aql-idrok, tafakkur sohibiga aylanadi! Har qancha so‘zamol bo‘lmaylik, aksariyat butun so‘z boyligimiz tugab-sob bo‘lgani afzalday tuyuladi. Bu borada hech qanday hisob-kitob va hech qanday qonun-qoida yo‘q. Hammasi qanday bo‘lishi kerak bo‘lsa, ayni shu tartibda sodir bo‘ladi.

Ko‘pincha shunday bo‘ladiki, ko‘ngil qo‘yganini hatto xayoliga ham keltirmagan ma’shuqasiga oshiq uzoq muddat sodiq bo‘ladi. Biroq buning uchun g‘oyat bokira va otashin muhabbat bilan sevish zarur.

Odamlarning aql-idroki, binobarin, ehtiroslari qandayligi ekanini o‘zimizga qiyosan bilib olamiz.

Oshiq yoru birodarlarini ham unutib, qadr-qimmati haqida o‘ylamaydi, degan fikrni men ham ma’qullayman. Jiddiy, sadoqatli, mehr-oqibatli do‘stona munosabatlar ham shunga olib keladi. Oshiqlarning bu qadar beparvoligi bejiz emas, chunki ma’shuqasidan bo‘lak yana biron-bir kimsaga muhtojlik ularning hatto xayoliga ham kelmaydi. Ishq-muhabbat iskanjasidagi oshiq o‘zi haqida qayg‘urmaydi ham, xavotirga ham tushmaydi. Busiz muhabbat tom ma’nodagi jo‘shqinlik-otashinlik-nafosat kasb etmaydi; shu bois oshiq odamlarning fikr-mulohazalariga zarracha qiziqmaydi, bilgani shuki, yon-atrofdagilar sa’y-harakatlariga malomat toshlarini yog‘dirmasliklari zarur, chunki oshiqona sa’y-harakatlar sog‘lom aql-idrok bilan yo‘g‘rilgan. Ehtiroslar domiga tushib qolgan, muhabbat dardiga tamomila mubtalo oshiq-ma’shuq fikrlash-mulohaza yuritish qobiliyatini yo‘qotadi hisobi.

Ayol-juvonning xayrixohligi, mehr-muhabbatini qozonish umidi bilan yigit-erkak dastlabki qadamni tashlaydi — bu shunchaki urf-odat, rasm-rusum emas, balki tabiat zimmasiga yuklagan burch-majburiyat.

Muhabbat mubtalo qiluvchi devonalik va ma’shuqaga mahliyolik oshiq fe’l-atvorida ilgari bo‘lmagan xususiyatlarni paydo qiladi. Muhabbat odamlarni olijanob, bag‘ri keng, hotamtoy qiladi. Hatto xasis kimsa ham ham hotamtoyga aylanib, avvalgi xislat-odatini hatto xayoliga keltirmaydi. Bular bejiz emas. Chunki ko‘ngilni toraytiradigan va azoblaydigan his-tuyg‘ular bilan birga shunday jo‘shqin ehtiroslar ham mavjudki, ular qalbga cheksiz kuch ­quvvvat, qanot baxsh etadi.

Mehr-muhabbatni aql-idrokdan ayricha tasavvur qilishga behuda urinadilar. Ularni zidlashtirish, qarama-qarshi qo‘yish uchun asoslar yo‘q, chunki aql-idrok va mehr-muhabbat ayni bir, yaxlit-yagona xislat, xususiyatga ega. Biz yaxshi bilib ulgurmasdan muayyan insoniga qiziqa boshlaymiz, – bu aql-idrokning o‘ziga xos shoshma-shosharligi, biroq bunday ish tutish oqillikka begona emas, va biz boshqa bo‘lmasligimiz, bu haqda o‘ylamasligimiz ham kerak: aksincha, his-tuyg‘udan mahrum mashinaga aylanib qolgan bo‘lardik. Basharti shunday ekan, ishq-muhabbatdan aql-idrokni ayirmaylik, ajratmaylik, chunki ular ajralmas, bir butun, yaxlit.

Bundan kelib chiqadiki, shoirlar da’vo qilganidek, muhabbatning ko‘zi ko‘r emas. Yorug‘ dunyoni berkitib turgan bog‘ichni muhabbat ko‘zlari nigohidan yulqib olish zarur.

Ishq-muhabbat uchun yaralgan qalb faol, jo‘shqin voqealarga boy hayotga mushtoq. Qalbga orom begona, hamisha beorom, bezovta, shu bois yon-atrofda hamma-hammasi unga mos ravishda qaynab toshishi kerak. Shunday jo‘shqin hayot tarzi qaynoq ehtiroslar uchun keng ufqlar ochadi. Saroyga qadam ranjida qilmaydigan shaharliklarga nisbatan saroy ahli osonlik bilan mahliyo qilishlari bejiz emas: ahli saroyning qalbida hamisha alanga yolqinlanadi, ostona hatlab tashqariga chiqmaydigan shaharliklar esa qalbga tug‘yon soladigan jiddiy biron voqea ro‘y bermaydigan yakrang, tussiz turmush tarziga ko‘nikib qolgan. Jo‘shqin turmush tarzi kutilmagan voqea-hodisalar ato etadi, aql-idrokni charxlab, yorqin taassurot-xotiralar qoldiradi.

Menimcha, muhabbat qalbni o‘zgartiradi, yangilaydi. Ishq-muhabbat odamlarni yuksaltiradi va olijanoblik baxsh etadi. Insonning fe’l-atvori, raftori, a’mollari — barcha-barchasi muhabbatga mos bo‘lishi zarur, aksincha zalvorli muhabbat yukini ko‘tara olmaydi.

Go‘zallik va yoqimlilik — aynan bir xil ekani barchaga ayon. Bu borada so‘z-iboralar va sa’y-harakatlardagi axloqiy nafosat-go‘zallikni nazarda tutyapman. Ha, yoqimtoy, xushro‘y bo‘lishning, albatta, muayyan qonun-qoidalari mavjud, biroq yana jismoniy moyillik-xayrixohlik ham borki, bu siz bilan bizning ixtiyorimizga bog‘liq emas.

Yoqimtoylik, jozibadorlikka oid shu qadar ideal tasavvurni hosil qildikki, go‘yo butun dunyoda unga mos-munosib siymo yo‘q. Fikrimizni jamlab astoydil mulohaza yuritaylik va odamlar fe’l-atvoridagi samimiyat va aqliy tiyrak-ziyraklik maftun-mahliyo qilishini e’tirof etaylik. Bu ikki xislat-fazilat ishq-muhabbat uchun juda zarur: oshiq shoshishi ham, sustkashlik qilishi ham kerak emas. Qolgan barchasini tajriba ixtiyoriga qo‘yib beravering.

Muhabbat — bamisoli oqilona mazmun-mohiyat. Boshqalarning aqli qancha bo‘lsa, shuncha aql-idrokka ega ekaniga, binobarin boshqalar qanday sevsa, o‘zlari ham ayni shu asno sevishiga har bir insonning ishonchi komil. Biroq, jiddiy mulohaza yuritguday bo‘lsak, oshiq-ma’shuqda har bir inson uchun shunday xususiyat-fazilatlar qimmatliki, ularga boshqalar e’tibor bermaydi. (Bu farqni ilg‘ash uchun jiddiy sinchkovlik, nuktadonlik zarur.)

Kimki o‘zini sevib qolganday tutadigan bo‘lsa, rosmana muhabbat dardiga mubtalo bo‘lishi hech gap emas; nima bo‘lmasin, bu borada yengil qiziquvchanliksiz, ishqibozliksiz ish bitmaydi. Axir Majnun qiyofasiga kirishga urinayotgan ishqiboz boshqalarni ishontirishga astoydil urinadi, aksincha uning da’vosiga kim ham ishonardi? His-tuyg‘ular, ehtiroslar tug‘yonini pinhon tutish boshqa muhimroq tuyg‘ularni yashirishdan ko‘ra murakkab. Hissiyotlarni pinhon saqlash uchun dastavval hayrat, topqirlik, yengil va oniy aqliy zukkolik zarur, boshqa tuyg‘ularni sir saqlash uchun faqat ziyraklik qilish va vaqtni cho‘zish kifoya, bu, albatta, nisbatan oson.

Mehrimiz tushgan oshiq-ma’shuqdan toki olis ekanmiz, o‘zimizni har ishga qodir va sevgimizni shoirona tesha tegmagan ibora-ifodalar bilan izhor etishga qodirday sezamiz, biroq ro‘baro‘ kelganimiz hamono go‘yo oyoq-qo‘limiz tushovlanib, til-zabonimiz kalima keltirishga ham aylanmaydi. Bunday zaifona sustkashlikning boisi ne? Gap shundaki, mehrimiz tushgan siymodan toki ma’lum masofada ekanmiz, ruhiy muvozanatni saqlashimiz oson, ayni paytda oshiq-ma’shuq yonida qat’iyatdan tamomila mahrum qiluvchi allaqanday hayajon girdobiga tushib qolamiz.

Barchasini boy berishdan cho‘chiganimiz bois muhabbat masalasida tavakkal qilishga jur’atimiz yetmaydi. Albatta, ilgarilash zarur, biroq aynan qaysi nuqtada to‘xtash kerakligini kim biladi? Toki shu nuqtani topmas ekanmiz, o‘zimizni qo‘ygani joy topolmaymiz, lekin topgach, undan hatlab o‘tish oson. Bu borada oqilona ish tutish naf bermaydi.

Sidqidildan sevganimizda mehrimiz tushgan oshiq-ma’shuqqa har gal ilk bora ko‘rayotganday suqlanib nazar tashlaymiz. G‘oyib bo‘lgani hamono oradan biron daqiqa o‘tar-o‘tmas ruxsorini qo‘msay boshlaymiz. Siymosi qarshimizda paydo bo‘lishi bilan qalbimiz nurga to‘lib, yorishganday bo‘ladi! G‘ulg‘ula, sarosima ko‘nglimizni shu zahoti tark etadi.

Biroq buning uchun muhabbat yetarli darajada yetuk, barkamol bo‘lishi talab qilinadi. Basharti endigina tug‘ilib kelayotgan bo‘lsa va hali oshiq-ma’shuqning mehrini qozonib ulgurmagan bo‘lsak, xavotirlar barham topadi, lekin ularning o‘rnini boshqalari egallaydi.

Qanchalar mushkulligidan qat’i nazar iztiroblardan najot topish ilinjida sevganimiz yonida bo‘lishga intilamiz. Biroq uning chehrasiga ko‘zimiz tushgani hamono yana ham kuchli iztiroblar girdobiga tushib qolamiz. Avvalgi azob-uqubatlar ayni paytdagi iztiroblar singari qiynamaydi, bizlar ayni pallada ko‘nglimizdan kechayotgan his-tuyg‘ularga binoan xulosa chiqaramiz.

Ruschadan Abduhamid Pardayev tarjimasi

«Jahon adabiyoti» jurnali, 2007 yil, 10-son