O‘zbek va qirg‘iz adabiyoti orasida mushtarak jihatlar ko‘p. Bu hol so‘z san’atining boshi bo‘lgan folklor qiyosida ayniqsa yaqqol namoyon bo‘ladi. Shuning uchun ham gapni o‘zbek va qirg‘iz folkloridagi uyg‘un hamda farqli jihatlardan boshlasak.
So‘z san’ati urug‘-qabilalar, elatlar bilan bir vaqtda dunyoga keladi. Turli urug‘ va elatlar keyinchalik qaysi xalq tarkibiga kirgan bo‘lsa, shu millatning og‘zaki ijodida o‘sha urug‘ yo qabilaga xos bo‘lgan maqol, matal, latifa, alla, o‘lan, ertak va dostonlar ham uchraydi. Chunonchi, qo‘ng‘irot urug‘i va uzoq vaqt u bilan birga yashab, aralashib-qo‘shilishib yurgan yana bir necha urug‘-qabilalar o‘zbek, qozoq, qoraqalpoq, tatar va boshqa ellar etnik tarkibiga kirgani bois, bu millatlarning hammasida “Alpomish” dostoni bor. “Go‘ro‘g‘li”, “Idigey” kabi yana bir qancha dostonlarning ozar, turkman, o‘zbek va boshqa xalqlar folklorida mavjudligining sababi ham shu bilan izohlanadi.
“Alpomish”, “Go‘ro‘g‘li” dostonlarini Markaziy Osiyoda istiqomat qiladigan qirg‘iz oqinlari kuylashmagan, qirg‘izlarning “Manas” eposi ham yaqin atrofdagi boshqa ellarning epik arsenalida mavjud emas. Sababi, qirg‘iz urug‘lari Markaziy Osiyodagi boshqa xalqlar tarkibiga kirmagani kabi, bu mintaqadagi o‘zga turkiy urug‘lar ham qirg‘iz etnogenezida ishtirok etmagan (turkiy olamning har bir arealida uchraydigan eng qadimgi bir necha urug‘lar bundan mustasno). Har bir ko‘chmanchi el qadimda qayerda ko‘proq yashagani va keyingi asrlardagi migratsiya jarayonlari bunga sabab bo‘lgan.
Tarixan kuzatsak, o‘zbek va qirg‘iz xalqlari orasidagi iqtisodiy-xo‘jalik, ma’rifiy-ilmiy va boshqa sohalardagi aloqalar asrlar osha kuchayib borganini ko‘ramiz. Chunki o‘zbeklar bilan qirg‘izlar bir hududda yonma-yon yashagani bois, bu ikki xalq orasida maqbul “mehnat taqsimoti” yuzaga kelgan – qirg‘izlar chorva, o‘zbeklar esa dehqonchilik mahsulotlari yetishtirgan va turli tarzda ularni ayirboshlaganlar. Bu esa o‘zaro aloqalarning rivojlanishiga olib kelgan, madaniy, jumladan, adabiy aloqalar ham yo‘lga qo‘yilgan.
Albatta, bu keng qamrovli katta masala. Biz bu o‘rinda o‘zbek-qirg‘iz adabiy aloqalari va uning amaliy ko‘rinishi bo‘lgan badiiy tarjimachilik tarixi haqida mulohazalar bilan cheklanishga harakat qilamiz.
Madaniy-ma’rifiy va adabiy aloqalar XIX asrdayoq shiddat bilan rivojlana boshlagan: Qo‘qon xoni Muhammad Alixon 1825 yillarda hozirgi Bishkek, To‘qmoq, Qorabolta shaharlari o‘rnida tashqi dushmandan muhofazalanish uchun qal’alar qurdirgan va bu o‘sha yerlarda yashaydigan qirg‘iz aholisining turmushi uchun katta yangilik bo‘lgan. Bu uch shahar ana o‘sha qal’alar o‘rnida qad rostlagan. O‘sha davrlardan boshlab qirg‘iz yoshlari uchun ko‘plab maktablar ochilgan, qirg‘iz yosh ulamolari madrasalarda ta’lim olishgan. Jumladan, eng taniqli manaschilardan bo‘lgan Sog‘imboy O‘rozbekov o‘zbek mullasi qo‘lida savod chiqargan. Bu hol uning badiiy jihatdan barkamol hisoblangan varianti matnida arabiy-forsiy kalimalarning ko‘p bo‘lishiga olib kelgan. Abdulla Qodiriyning “Mehrobdan chayon” tarixiy romanida O‘sh, Andijon, Namangan madrasalarida o‘zbeklar bilan birga qirg‘iz talabalari ham birga o‘qishganini tasvirlagan.
XIX asrning ikkinchi yarmiga kelib qirg‘iz yozma adabiyoti ana shu negizda paydo bo‘ldi. Uning dastlabki vakillari maktab-madrasalarida o‘zbek va tatar mullalaridan ta’lim olgan yoshlar edi. Namangandagi Mulla Qirg‘iz madrasasida mudarrislik qilgan qirg‘iz oqini Nurmo‘ldaning quyidagi satrlari bu ikki el o‘rtasidagi adabiy-madaniy aloqalarning naqadar teran ildizlarga ega ekanidan shahodat beradi:
Niyozali qo‘mizchi
Mashqini xo‘p sozlagan,
Amir Temur ta’rifin
Ohangda e’zozlagan.
Bundan ko‘rinadiki, qirg‘iz talabalari Markaziy Osiyo xalqlari tarixidan ham yaxshi boxabar bo‘lgan. Jumladan, Amir Temur shaxsiyati, uning saltanati borasida turli naqllar xalq og‘zaki ijodida ham aks etgan, chunki bu tarix ularning barchalari uchun mushtarak edi.
XIX asr oxirlarida o‘zbek ulamosi Shokir domlaning shogirdlari Aldash mulla, Mulla Niyoz, Mulla Qilich, To‘g‘aloq mulla, Nurmo‘lda, O‘smonali Sidiq o‘g‘li, Belek Soltonoyev, Isoq Shaybekov, Abulqosim Jutakeev kabi o‘nlab yozma adabiyot vakillari yetishib chiqdi. Tabiiyki, XX asrga kelib qirg‘iz adabiyoti erishgan yutuqlar negizida ularning ijodiy tajribalari, undan oziqlanish yotadi.
O‘zbek-qirg‘iz so‘z san’ati o‘rtasidagi aloqalar ko‘lami biz tasavvur qilgandan ko‘ra kengroq. Masalan, qirg‘iz adabiyoti klassigi To‘qtag‘ul asarlari matnida o‘zbekcha so‘z va iboralar shu qadar ko‘p uchraydiki, qirg‘iz o‘quvchisi uchun ularga izohlar beriladi. Chunki To‘qtag‘ul Farg‘ona vodiysi va hozirgi Janubiy Qirg‘izistonda yashab ijod etgan, o‘zbek so‘z san’atidan ham boxabar oqin edi.
XX asrning yigirmanchi yillariga kelib esa, juda ko‘p qirg‘iz talabalari Toshkentda bilim olishgan. Hatto, dastlabki qirg‘iz gazetasi “Erkin too” ham 1924 yilda ilk bor Toshkentda dunyoga keldi va o‘sha yilning oxirigacha shu yerda chop etildi. O‘nlab yosh qirg‘iz qalamkashlarining to‘ng‘ich asarlari birinchi marta ana shu gazetada bosilib chiqqan. Shuning uchun ham aksar qirg‘iz shoirlari o‘zbek xalqi va O‘zbekiston haqida mehr bilan qalam tebratganlar.
Qirg‘izning ulug‘ shoiri Ali To‘qamboyev shunday yozadi:
Sirdaryo!
Sen ham daryo,
Men ham daryo!
Daryodil oqin Ali To‘qamboyev qariyb bir asr muqaddam, 1920 yillarda Toshkentda ta’lim olgan, uning ilk she’ri ham “Erkin too” sahifalarida e’lon qilingan.
Ardoqli shoirimiz Mirtemirning “Qirg‘iz xalqiga” degan she’rida esa daryo mavzusi yana boshqacha jilo topgan:
Chordevorlar o‘rnida kombinatlar qurolgan
Baxti yorqin, but xalqsan;
Borsakelmas cho‘llarda kombaynlar surolgan
Tuprog‘i ham qut xalqsan;
Tarixning jilovini o‘z izmiga burolgan
Daryolari sut xalqsan…
Albatta, do‘stlik va birodarlikday fazilatlar chiroyli gaplar bilan emas, amaliy ish bilan ro‘yobga chiqadi. Biz eslab o‘tgan Ali To‘qamboyev bundan yetmish yilcha muqaddam Alisher Navoiy haqida ilmiy maqola yozganini, “Layli va Majnun” dostonini qirg‘iz tiliga tarjima qilgan mutarjimlar guruhiga bosh bo‘lganini adabiyotshunos olimlarimiz bot-bot eslab turishadi. Ustod Mirtemir esa, ulkan “Manas” eposining birinchi qismini zo‘r mahorat bilan o‘zbekchaga o‘girganini qirg‘iz do‘stlarimiz ham yakdil e’tirof etishadi.
O‘zbek-qirg‘iz va qirg‘iz-o‘zbek tarjimachiligiga ham o‘sha yillari asos solingan. Bizning nazarimizda, bunga yo‘l ochgan omil ijtimoiy-siyosiy asarlarni o‘girish ehtiyoji bo‘lgan. Gap shundaki, 20-yillarda hukmron mafkura dohiylarining asarlarini mahalliy tillarga tarjima qilish shart qilib qo‘yilgani bois, ayrim ijtimoiy-siyosiy va falsafiy asarlar ruschadan o‘zbek, qozoq, qirg‘iz, tojik, turkman va hokazo tillarga o‘giriladi. Biroq bu tarjimalarning sifati haminqadar edi. Ayrim hollarda mutarjimlar hatto gap nima haqida ketayotganini ham anglamay o‘girishgan. Buning ustiga, ilgari bunday uslub bizda mavjud bo‘lmagani bois, ko‘p termin va atamalar ham tillarimizda yo‘q edi. Oqibatda, VKP (b) MKning qarori chiqadi, unga ko‘ra, bunday asarlar avval ruschadan o‘zbek tiliga, so‘ng o‘zbek tilidan boshqa tillarga o‘girilishi belgilab qo‘yiladi. Bir necha yillar davom etgan bu tajriba tufayli o‘zbek tilidan qirg‘iz tiliga ilk tarjimalar maydonga keladi. Albatta, ular boshqa yo‘nalishdagi asarlar o‘girmasi edi, badiiy tarjima esa 30-yillarda paydo bo‘ladi. Shuni hisobga olsak, bevosita o‘zbek-qirg‘iz va qirg‘iz-o‘zbek badiiy tarjima amaliyoti yuzaga kelganiga hozir to‘qson yildan oshdi.
1934 yilda Ilyos Muslim qirg‘iz nosiri Qosimali Boyalinning “Hojar” qissasini o‘girib, alohida kitob tarzida chop ettiradi. 1939 yilda esa “Guliston” jurnalida To‘qtag‘ulning bir necha she’ri Ergash tarjimasida bosilib chiqadi.
“Yagona oila”, “xalqlar do‘stligi” kabi shiorlar ostida ish ko‘radigan sho‘rolar mafkurasi rus adabiyoti namunalari bilan birga qardosh xalqlar asarlaridan ko‘plab tarjima qilishni ham taqozo etar edi. Shuning uchun o‘tgan asrning o‘rtalaridan to to‘qsoninchi yillariga qadar qirg‘iz adabiyoti asarlari ham mutarjimlar tashabbusi, nashriyotlarga “yuqori”dan beriladigan ro‘yxatlar asosida, shuningdek, adabiyot va san’at haftaliklari oldidan ko‘plab tarjima qilingan va bosilib chiqqanki, ularning barchasini bu o‘rinda keltirish amrimahol. Lekin qay sabablarga ko‘ra bo‘lmasin, o‘sha davrda umuman tarjima, jumladan, qirg‘iz tilidan tarjima qilish ham avj olgan edi. Qirg‘iz so‘z san’ati namunalari yuzga yaqin kitob bo‘lib, o‘zbek o‘quvchisiga yetib borganini aytish kifoya. Hali bu hisobga turli adabiy jurnallar, gazetalar va bayozlarda chop etilgan tarjimalar kirmaydi.
Ayniqsa, elliginchi yillardan boshlab qirg‘iz tilidan tarjima qilish yangicha kuch oldi. Bu davrda atoqli adib To‘go‘lboy Sidiqbekovning “Zamonamiz kishilari” (1953), “Tog‘ bolalari” (1954) va “Tog‘lar orasida” (1961) romanlari Ilyos Muslim, Qodir Ahmadiy kabi mutarjimlar o‘girmasida chop etildi. Shuningdek, Shukurbek Beyshenaliyevning bolalar uchun yozgan “Balli” (1960) va “Qichan” (1967) qissalari va “Kichik chavandoz” hikoyasi tarjimalari (1967), Musa Jong‘oziyevning “Ajoyib tog‘lar” (she’rlar to‘plami, 1963) va “Moviy Issiqko‘lda” qissasi (1975) kabi o‘nlab asarlar bosilib chiqdi.
1964 yilda qirg‘iz adabiyoti klassigi To‘qtag‘ulning tavalludiga yuz yil to‘lishi munosabati bilan “Sog‘inib keldim” she’rlar to‘plami nashr etilgan bo‘lsa, 2014 yilda – oqinning 150 yillik tavallud to‘yiga atab “To‘qtag‘ul: qo‘shiqqa evrilgan, kuylarga to‘kilgan umr” deb nomlangan yangi tarjima kitob (mutarjim Z. Isomiddinov) dunyo yuzini ko‘rdi. Shuningdek, atoqli qirg‘iz shoirlari va nosirlaridan A. To‘qamboyevning “Do‘stlarimga” (1975), S. Eraliyevning “Tog‘lar farzandiman” (1978), T. Umetaliyevning “To‘rg‘ay navosi” (1969), S. Jusuyevning “Dovon” (1975), “Qanot bilan Zarina” (2009), she’rlar to‘plamlari, Sh. Abdiramanovning “Tanishlarim” (1976), T. Qosimbekovning “Singan qilich” (1982) romani, M. Bayjiyevning “Mening oltin baliqcham” (1980) asarlari katta-katta adadlarda nashr etilgan. Shuningdek, u yoki bu munosabat bilan tuzilgan she’riy va nasriy to‘plamlarni ko‘rsatib o‘tish lozim. Ular orasida o‘nlab qardosh xalqlar yozuvchi va shoirlarining asarlari tarjimasi to‘plamlariga kiritilgan qirg‘iz adabiyoti namunalari ham, “Qizlar qanoti” singari boshidan oxirigacha qirg‘iz shoirlarining ilhom namunalaridan iborat to‘plamlar ham bor. Bu borada, bolalar uchun nashr etilgan “Bir qalpoq oltin” (1992), “Sehrgar bilan bola” (2014) singari ertaklar tarjimasini ham keltirsak, o‘rinli bo‘ladi.
Biroq shuncha yaxshi tarjimalar orasida rus tili orqali o‘girilgan asarlar ham borki, ular avval boshidanoq badiiy muvaffaqiyatsizlikka mahkum edi. Chunki ular matnida rus tiliga xos jumla tuzilishlari, beo‘xshov so‘z birikmalari ko‘p. Barcha xorijiy tillardan faqat ruscha orqali o‘girish shart qilib qo‘yilgan u davrda hatto qirg‘iz, qozoq, turkman, ozar, tatar, uyg‘ur, tojik kabi qardosh ellar adabiyotidan ham ana shu tarzda kirib kelgan asarlar ko‘p bo‘ldi.
Qirg‘iz so‘z san’ati namunalarini o‘zbek kitobxoniga tanitishda o‘tgan asrning o‘rtalarida Ilyos Muslim jonbozlik qilgan bo‘lsa, oltmishinchi yillar oxiridan boshlab bu “estafeta tayoqchasi” Tursunboy Adashboyev qo‘liga o‘tdi va ushbu taniqli bolalar shoiri qirg‘iz adiblarining o‘ttizdan ortiq kitobini tarjima qilib, ular bilan o‘zbek o‘quvchilarini oshno qildi.
Ammo qirg‘iz so‘z san’atining o‘zbek xonadonlariga kirib kelishida ikki ulkan adabiy voqelik – “Manas” eposi hamda ulug‘ yozuvchi Chingiz Aytmatov asarlarining o‘rni alohida. “Manas” eposi “qisqartirib biriktirilgan variant” tarzida 1958 yilda ilk bor uch jild (to‘rt kitob)da nashr etilgan edi. Uning I-bo‘lim birinchi qismi yanada katta qisqartirishlar bilan 1964 yilda ustod Mirtemir tomonidan o‘zbek tiliga tarjima qilindi. Oradan o‘ttiz yil o‘tib, 1995 yilda – ming yilligi nishonlanayotgan kunlari uning ikkinchi qismini Sulton Akbariy tarjima qildi, bolalar uchun tayyorlangan variantini esa Tursunboy Adashboyev o‘zbekchalashtirdi. Yana shuni ham qayd qilib o‘tishimiz lozimki, o‘tgan asr elliginchi yillari oxirida Frunze (hozirgi Bishkek) shahrida chiqqan “Qirg‘iziston haqiqati” gazetasi xodimlari uning ba’zi qismlarini o‘girib, ushbu ro‘znoma sahifalarida chop ettirishgan.
Mirtemir domlaning tarjimasi o‘zbek adabiyotida alohida hodisa bo‘lib qoldi, u haqda hatto ilmiy ishlar ham yoqlangan. Mirtemir tarjimasi qirg‘iz adiblari, olimlari tomonidan ham juda iliq kutib olingan va ma’qullangan. Bu o‘rinda birgina Chingiz Aytmatovning Mirtemirga bergan bahosini eslab o‘tish kifoya bo‘lsa kerak. “… ulug‘ qirg‘iz eposi “Manas”ni Mirtemir, ha, boshqa birov emas, aynan Mirtemir o‘zbek tiliga ag‘dardi, – deb yozgan edi Chingiz Aytmatov. – O‘ylaymanki, bu umuman manasshunoslikda, xususan Mirtemir she’riyatida, uning tarjimonlik faoliyatida ham, amalga oshirilgan juda yirik, juda qutlug‘ ishlardan biridir… Biz endi Mirtemir tarjimasida o‘zbek “Manas”ini o‘qiymiz. Men uni o‘qir ekanman, har safar Mirtemirning turkiy tillar bo‘yicha naqadar boy bilimga ega ekanligini ko‘rib, hayratga tushaman. Unga, chamasi, faqat o‘zbek tiligina emas, qirg‘iz, qozoq, qoraqalpoq, turkman tillari ham yaxshi tanish edi, ta’bir joiz bo‘lsa, uning she’riy taomiliga oshno va o‘ng‘ay edi. Shuning uchun ham uning o‘zbek tiliga qilgan tarjimasi “Manas”ning buyuk, genial asl nusxasiga mos, juda rangin chiqqan…”
Qirg‘iz qahramonlik dostonlarining ilmiy-ma’rifiy jihatlariga bir og‘iz to‘xtalib o‘tsak. Gap shundaki, badiha aytish (bir onning o‘zida ham to‘qib, ham o‘sha lahzada ifoda etish; ijod va ijro jarayonining omuxtaligi) bu obidalar matnida o‘ta yuksak badiiy san’atlar, istioralar qo‘llashga imkon bermaydi. Ularga xalqona soddalik, tabiiylik xos, turkiy tillarning asl xususiyati – jumlaning fe’l-kesim bilan tugallanishi, misralarning uch bo‘g‘inli klauzula bilan yakunlanishi kabilar xos. Mirtemir tarjima matnida ham ana shunday jihatlarni imkon boricha saqlashga intildi, misralar o‘rnini almashtirish, murakkab perifrazalar qo‘llashdan voz kechib, jaydari so‘z va ifodalarni imkoni boricha o‘zgartirmaslik payida bo‘ldi. Bu printsip turkiy tillardan she’riy tarjimaning asosiy qonuniyati bo‘lib, Mirtemir uni savqitabiiy ravishda his etdi va badiiy isbot qildi. Bu tarjima shu jihati bilan ham ayricha ahamiyatga ega. Mirtemir “Manas” tarjimasiga kirishishdan oldin bir necha bor Qirg‘izistonda bo‘lib, epos ruhiga o‘zini tayyorlagani, atoqli manaschilar bilan uchrashib, ularning doston kuylashdagi o‘ziga xosliklari, aytim usullari, ritmikasini o‘rgangani, manasshunos olimlar, qirg‘iz adiblari bilan maslahatlashish orqali asarning eng muhim, asosiy epizodlarini tarjima uchun tanlab olgani ushbu tarjimaning muvaffaqiyatiga omil bo‘lgan.
Asarning ikkinchi qismini o‘girishni Mirtemir aynan Sulton Akbariyga tayinlagan. Boisi, kamtarin, nomi bugun uncha ham eslanmaydigan Sulton Akbariy so‘z boyligi, tarjima taomili borasida Mirtemirning izdoshi, ta’bir joiz bo‘lsa – jo‘rovozi edi. Uning tarjimasi, garchi qisqartishlar haddan tashqari ko‘p bo‘lsa-da, ruhan Mirtemir tarjimasining uzviy davomi bo‘ldi.
O‘zbek va qirg‘iz tillaridan baravar bahramand bo‘lgan Tursunboy Adashboyev tarjimasi haqida ham shu gaplarni aytish lozim. “Manas” eposining 1000 yillik tantanasida turkiy davlatlar rahbarlarining sammitida Qirg‘iziston Prezidenti qo‘lidan “Manas” katta oltin medalini tantanali ravishda qabul qilib olgan dunyodagi besh adibdan biri aynan Tursunboy Adashboyev bo‘lgan edi.
“Manas” eposi keyingi o‘n yillikda O‘shdagi ayrim qalamkashlar tomonidan ham tarjima qilinib, kitob holida bosilib chiqqani ma’lum. Ammo shunga qaramay, 2017 yilda “Manas”ning yangi tarjimasi Toshkentda katta kitob holida nashr etildi.
Xo‘sh, “Manas” eposining ushbu yangi tarjimasiga qanday ehtiyoj bor edi? Bunga javoban shuni aytish kerakki, hozirgacha “Manas”ning yozib olingan variantlari soni oltmishdan oshdi. Ularni o‘zaro qiyoslasangiz (nashr etilgan nusxalar orasida ham), ulkan epik voqelik tasviri va talqinida ancha-muncha farqlar borligini ko‘rasiz, oqibatda, hatto eng bilimdon o‘quvchi ham uning asl “o‘rish-arqog‘i”ni ikkinchi darajali, asarga keyin qo‘shilgan epizodlardan ajratolmay qoladi. Shuni hisobga olib, Qirg‘iziston xalq yozuvchisi, Qirg‘iziston Qahramoni, professor Beksultan Jakiyev “Manas”ning “qisqartirilgan” emas, “qisilgan” variantini tayyorladi. Bu xrestomatik nusxa ilmiy jamoatchilik tomonidan e’tirof etilib, maktablar va oliy o‘quv yurtlari uchun o‘quv qo‘llanmasi sifatida katta adadda chop etildi. Bu degani, asar syujetining barcha muhim xossalari qisqartirilmagan, balki “suvi siqilgan” holda berilgan. “Manas” eposining ushbu maqola muallifi qalamiga mansub 18 ming misralik yangi tarjimasi ana shu yakuniy nusxaga asoslanadi.
Chingiz Aytmatov asarlari esa bizda oltmishinchi yillardan beri tarjima qilinib keladi. Uning barcha badiiy ijod namunalari, publitsistikasi, esse va dramatik asarlari yarim asrdan ortiq davr mobaynida o‘zbekchalashtirib kelindi. Bunda Asil Rashidov, Ibrohim G‘afurov, Suyun Qorayev, Tursunboy Adashboyev, Yoqubjon Xo‘jamberdiyev, Abdurayim Otametov singari mutarjimlarning xizmati katta. Ulug‘ yozuvchining bir qancha asarlari esa takror-takror tarjima qilingani ayniqsa ahamiyatli. Yana shuni ham qayd qilish joizki, Chingiz Aytmatov ijodining xususiyatlari yoritilgan tadqiqotlar, adib bilan uchrashuvlar, suhbat va intervyular, Chingiz Aytmatovning shaxsiyati va asarlari haqida O‘zbekistonning o‘zida chiqqan maqolalarning ro‘yxati katta bir kitob bo‘lgulik. Shuning uchun bu o‘rinda ularni sanab ko‘rsatish shart emas.
O‘zbekistonda qirg‘iz adabiyoti namunalari o‘zbek, qoraqalpoq tillariga tarjima qilinishidan tashqari, o‘tgan asrning ikkinchi yarmida Markaziy Osiyoning madaniy markazi hisoblangan Toshkentda ochilgan “Raduga”, “Progress” nashriyotlari tashabbusi bilan Chingiz Aytmatov, shuningdek, yana boshqa ayrim qirg‘iz adiblarining asarlarini urdu, hind, qozoq, uyg‘ur, fors va boshqa tillarga tarjima qilinib, nashr etish orqali ularni xalqaro miqyosda targ‘ib etish jihatidan ham katta ishlar amalga oshirildi.
Shuni e’tirof etish kerakki, har qanday aloqalar, jumladan, adabiy aloqalar ham shaxslar tomonidan yo‘lga qo‘yiladi. Davr va siyosat bunda belgilovchi rol o‘ynaydi, ammo shaxslarning o‘rni baribir bo‘lak. Shu jihatdan, atoqli Mirtemirning o‘zbek-qirg‘iz adabiy aloqalari rivojidagi o‘rni katta.
“Mirtemirning nomi eslanishi bilanoq qirg‘iz adiblarining chehrasi yorishib, yuzida samimiy tabassum paydo bo‘ladi, – deb yozgan edi Chingiz Aytmatov. – Ha, Mirtemir bizga jonajon do‘st, sirdosh og‘a edi; kamtarin, kamsuqum ajoyib inson edi; xususan, men uni hech qachon unutmayman, negaki u ana shu izzat-ikromga arzirli ish qilgan. U katta-kichik bahonalar bilan bizning yurtimizda tez-tez bo‘lib turar edi; s’ezdlarimizda, plenumlarimizda, konferentsiyalarimizda, xullas, uning e’tiboriga loyiq kengashlarimizda ishtirok etar, hamma ishlarimizda faol qatnashar edi. Uni hamma, u ham hammani tanir edi. U o‘z kishimiz edi, uning tashrifi samimiyat va harorat uchqunlarini alangalatib yuborar edi. Biz uning siymosida o‘zbek adabiyotini qadrlar edik”.
Chingiz Aytmatovning o‘zi ham, xuddi Mirtemir singari, qirg‘iz-o‘zbek adabiy aloqalarini rivojlantirish borasida ko‘p jonbozlik qilgan. Uning Mirtemirdan tashqari, Odil Yoqubov, Pirimqul Qodirov, To‘lepbergan Qaipberganov singari ko‘plab o‘zbek va qoraqalpoq yozuvchilari bilan qadrdonligi, adabiy hamkorligi bugungi ijodkorlarga ham ibrat bo‘lgulik.
“Qadrdonim Odiljon! – deb yozgan edi Odil Yoqubovni 70 yilligi bilan qutlab yozgan bir maktubida. – O‘zbek adabiyoti sening ijodingda yangi adabiy taraqqiyotga erishdi, bu yo‘lni daqqi yo‘sinlardan voz kechib, dunyoviy realizm estetikasiga o‘ta borish evolyutsiyasi, deb ta’riflasa bo‘ladi.
… Biz uchalamiz – sen va Pirimqul Qodirov bilan birga, 1990 yilgi O‘sh voqealari tufayli vatandoshlarimiz boshiga tushgan fojiaga qayg‘udosh bo‘lganimiz, ular huzuriga milliy hamda ma’naviy jihatdan mushtarak uch og‘a-iniday borgan chog‘imizda bizlarni qirg‘izlar ham, o‘zbeklar ham ehtirom bilan, minnatdorlik bilan kutib olishgani hech qachon yodimdan chiqmaydi…”
Ko‘ramizki, qardoshlik faqat adabiy hamkorlik doirasida qolib ketmay, umumijtimoiy mohiyat kasb etgan va adabiy do‘stlik bevosita xalqlar do‘stligiga kuch beradigan, ixtiloflarni bartaraf etishga ko‘shish qiladigan kuchga aylangan. Bu hodisa, o‘zbek-qirg‘iz adabiy aloqalarining eng yorqin sahifalaridan biri bo‘lib qoldi.
Biroq istiqlolga erishish arafasidagi ijtimoiy bo‘hronlar, so‘ng uzoq yillarga cho‘zilgan iqtisodiy qiyinchiliklar tufayli ma’naviy qadriyatlar bir qadar ozor topib, ikki xalq yozuvchi va shoirlarining o‘zaro bordi-keldilari ham, qo‘shni el adabiyotidan tarjima qilish ham keskin kamayib ketdi. Bu davr mobaynida Tursunboy Adashboyev o‘ndan ortiq qirg‘iz adibining asarlarini o‘zbek tiliga o‘girib, chop ettirdi. Ular orasida Namangandagi Mulla Qirg‘iz madrasasining ulamosi, mashhur tabib, dongdor oqin Nurmo‘lda, Qirg‘iziston Qahramoni, shoir Sovronboy Jusuyev, taniqli oqin Nodirbek Alimboyevlarning she’riy to‘plamlari bor. Adabiyotlarimiz, xalqlarimiz do‘stligining fidoyisi bo‘lgan bu kamtarin shoir uzoq yillik tajribalariga asoslanib aytar ediki, ikki xalq adiblari, ayniqsa yosh ijodkorlar o‘zaro do‘stlashib, bordi-keldi qilib, bir-birlarining asarlarini o‘z ona tiliga o‘girishlari, buni yaxshi bir an’anaga aylantirishlari kerak. Ana shundagina bu ijod turi barq urib rivojlanadi.
Shu o‘rinda, qirg‘iz tilidan o‘zbekchaga va aksincha – o‘zbek tilidan qirg‘izchaga o‘girishga muhim bir ob’ektiv omil ta’sir qilishini ham aytib o‘taylik. Qirg‘iz tilidagi deyarli barcha so‘z va iboralar, bir turkiy til o‘laroq, o‘zbek leksikonida ham mavjud, ammo o‘ttiz foizdan ortiq so‘zi arabiy, qariyb yana shunchasi forsiy kalimalardan iborat bo‘lgan o‘zbek so‘z san’atining tili qirg‘iz mutarjimlari uchun – ayniqsa she’riy tarjima asnosida – qiyinchilik tug‘dirishi ham bor gap. Bu ham, ayni jarayonni kuchaytirish orqali bartaraf bo‘ladigan voqelikdir.
Barcha mamlakatlar bilan, eng avvalo Markaziy Osiyo davlatlari bilan har tomonlama hamkorlikka keng yo‘l ochilayotgan hozirgi davrda ijodiy tashkilotlar bosh bo‘lib, qardosh tillardan o‘girishning hadisini olgan yozuvchi va shoirlarni qo‘shni yurtlarga ijodiy safarlarga yuborish orqali ularda tarjimaga rag‘bat uyg‘otishlari va o‘girilgan asarlarni o‘z vaqtida nashr etishga ko‘maklashishi darkor. Bunday ishlar ayni sohada mamlakatimizda olib borilayotgan xayrli va olijanob siyosatni qo‘llab-quvvatlashning amaliy tajassumi bo‘ladi.
Shu o‘rinda, mavzuga daxldorligi bois, ayrim mutaxassislar tomonidan aytilayotgan “turkiy tillarning ildizi bir, ularni o‘zaro tarjima qilish shartmikin?” “o‘rtaturk tilini yaratish orqali bu tillarni umumiy maxrajga keltirish darkor”, deganday qarashlarga to‘xtalib o‘taylik. Ulkan etnopsixologik jarayon – tubi bir bo‘lgan turkiy xalqlarning yillar va asrlar o‘tgani sari bir-biridan ajrab-uzoqlashishi davom etayotir. Bu ob’ektiv hodisani xohish-istak bilan to‘xtatish yoki orqaga qaytarish amrimahol. Turkiy dunyoda yuz berayotgan bu jarayon psixoestetik omil sifatida ularning so‘z san’atiga ham ta’sir etayotir. Ya’ni, adabiyotlararo mushtarakliklar kamayib, har bir milliy so‘z san’atining o‘ziga xosliklari ko‘paymoqda. Bu narsa mazkur asarlarning tili, uslubi, mavzu yo‘nalishlari kabi talay sohalarda namoyon bo‘layotganiga guvohmiz. Shunday bir holda ko‘zlangan maqsadga turkiy tillardan o‘zaro tarjima xossalarini teran tadqiq etish, eng maqbul yechimlar topish va ana shunday tarjimalarni ko‘paytirish orqaligina erishish mumkin.
«Sharq yulduzi» jurnali, 2018 yil, 6-son