Taqdir muammosi azaldan Sharqu G‘arb donishmandlarini, faylasufu adiblarini qiziqtirib kelgan. Insonning qismati azaldan belgilanganmi yoki o‘z xatti-harakati bilan amalga oshadimi? Ilohiy hukmni o‘zgartirsa bo‘ladimi yoxud inson taqdir qo‘lidami? Bu kabi savollarga har kim o‘z nuqtai nazari bo‘yicha javob berishga harakat qilgan. Taqdir muammosiga faylasuflar bir qator tezislarda, risolalarda fikr bildirsalar, adiblar o‘z asarlarining qahramonlari orqali munosabatlarini badiiy tarzda ifodalaganlar. Shunday faylasuf adiblardan biri Alisher Navoiydir.
Ma’lumki, Alisher Navoiy ulug‘ fors shoiri Farididdin Attorning “Mantiq ut-tayr” asariga javob tariqasida “Lison ut-tayr” deb nomlangan falsafiy-tasavvufiy asar yaratdi. Unda qushlar o‘z podshohlari Simurg‘ni izlashlari vositasida insonning ilohiy “men”ini izlashi va bu yo‘lda poklanib, o‘zida ilohiylikni zohir etishi tasvirlangan. Ushbu dostonda Shayx San’on qissasi mavjud bo‘lib, unda San’on ismli shayxning nasroniy qiziga oshiq bo‘lgani va bu ishq yo‘lida o‘z dinidan voz kechib, rasvoyi jahon bo‘lishgacha yetganligi qalamga olinadi. Xuddi mana shu qissada Shayx San’on qiyofasida taqdirga munosabatning go‘zal namunasini ko‘rishimiz mumkin. Bu ifodaga taqqoslash uchun jahon adabiyotining yana bir namunasi – yunon dramaturgi Sofoklning “Shoh Edip” tragediyasiga murojaat qilamiz.
Navoiy Shayx San’on haqida ma’lumot berar ekan, uning diniy ilmlarda kamolotga yetgan va shayx ul-mashoyix darajasiga erishganligini ko‘rsatib o‘tadi:
Shayx San’on vosili dargoh edi,
Ko‘ngli g‘ayb asroridin ogoh edi.
Ka’bada avtod ila aqtob aro,
O‘yla erdikim nabi ashob aro[1].
Shayx San’on avliyo zotlardan edi. Ko‘ngli g‘ayb sirlarini bilguvchi edi.
Ka’bada abdollar (tasavvufda muayyan martabaga yetganlar) hamda qutblar (valiylikning eng yuqori darajasini egallaganlar) orasida, go‘yo payg‘ambar sahobalari bilan yurgandek yurar edi (Ya’ni ulardan baland martabada edi).
Shoh Edipning axloqi haqida Sofokl hech qanday ma’lumot bermaydi, biroq uning ajdar qush (Sfinks)ni yengishi, Fivani uzoq yillar adolat bilan boshqarishi kabi xususiyatlari bizga Edipning axloqiy kamolotini namoyon qiladi.
Xullas, biz tanlagan ikki qahramon nafaqat jamiyatning old kishilari, balki o‘z zamonasining faxru iftixorlari – biri “ostonasining gadoyi shohlar” bo‘lgan ulug‘ zot; ikkinchisi esa daydilikdan podshohlik darajasiga yetgan odam.
Har ikki qahramonning o‘z e’tiqodlari bor. Shayx San’on yagona Ollohga ishonadi va har bir musulmon qatori taqdirning ilohiyligini tan oladi.Shoh Edip esa yunon ilohlariga – Zevs, Poseydon va ayniqsa Apollonga mehr qo‘ygan. Biroq taqdirga mavhumot deb qaraydi, ishonmaydi desak to‘g‘riroq bo‘ladi. Biz qiyoslamoqchi bo‘lgan bu ikki qahramonning taqdirga bo‘lgan munosabati va aksincha, taqdirning ularga munosabati, shuning natijasidagi ularning hayotida sodir bo‘lgan tub burilishlar tasvirlanadi.
Shayx San’on bir tushni bir necha marta ketma-ket ko‘radi: tushida u begona yurtdagi butparastlar ibodatxonasida butga sajda qilayotganmish. Albatta, musulmon olamida bu katta gunoh hisoblanar edi, shayx ko‘rgan tushiga qayta-qayta istig‘for keltiradi. Biroq ko‘z yumsa bas, yana o‘sha tush takrorlanaveradi. Shunda Shayx “kimsaga Ka’bami yoki butparastlar ibodatxonasi makon bo‘lganidan qat’iy nazar, taqdirda borini ko‘raveradi”, degan qarorga keladi. Navoiyning so‘zlari bilan o‘qiymiz:
Botroq ul kishvarga azm etmak kerak,
Har qayon tortar qazo – ketmak kerak.
Chunki bo‘lsa bizga ul ma’vo nasib,
Boshimizg‘a har na kelsa, yo nasib[2].
(Tezroq u begona mamlakatga bormoq kerak, taqdir – qazo qayerni ravo ko‘rsa tezroq ketish kerakki, boshimizga nima kelsa, qismatga bo‘ysunamiz, ya’ni “yo nasib” deb ko‘raveramiz). Natija esa ayon: Shayx San’on o‘sha mamlakatga boradi, (bu Rum mamlakati edi) bir nasroniy qizga oshiq bo‘ladi. Ishqida o‘z aqlu hushini yo‘qotgan shayx qizning visoli uchun uning barcha shartlariga rozi bo‘ladi. Qizning shartlari o‘ta sharmandali va tahqirlovchi edi. Ya’ni may ichish, zunnor bog‘lash, Qur’onni o‘tda kuydirish va butparastlar diniga kirish. Shayx bu shartlarga ko‘nib, nafaqat jamiyatdagi e’tiboridan, balki imon-e’tiqodidan, o‘zligidan voz kechadi. Sharq adabiyotida Shayxning bu holati ishq yo‘lidagi vafodorlik deb tarannum etiladi. Uning bu ahvolini ko‘rib, birga kelgan muridlari Shayxdan yuz o‘girib, yurtlariga ketishadi. Faqatgina bir murid (Navoiy uni foniy – Haqqa yetgan murid deb ataydi), shayxning gunohlarini so‘rab, Tangriga iltijo qiladi. Uning iltijolari ijobat bo‘lib, shayxning gunohi kechiriladi. U Ka’baga qaytadi. Biroq endi u faqatgina orif, dindor emas, ishq dardini boshidan kechirgan, ruhan poklangan va ilohiy o‘zlikni anglagan komil inson edi.
Shoh Edip tragediyasidagi voqealar rivojiga ko‘ra, Fiva shohi Lay o‘g‘il ko‘radi. Bolaning taqdiri haqidagi mudhish bashoratga ko‘ra u o‘z otasini o‘ldirishi va onasiga uylanishi kerak edi. Bu bashoratdan qo‘rqqan shoh bir cho‘pon qo‘liga chaqaloqni berib, o‘ldirishni buyuradi. Biroq cho‘ponning chaqaloqqa rahmi keladi va uni Korinf shohining cho‘poniga berib yuboradi. Korinf shohi Polib befarzand bo‘lganligi tufayli bolani o‘z farzandiday katta qiladi. Bir kuni Delfadan – Apollon kohinlaridan (bu safar Edipning o‘ziga) uning qismati haqidagi o‘sha bashorat qayta nozil qilinadi. Shunda Edip Korinf diyoridan bosh olib chiqib ketadi:
… Ming balo, kulfatlar qildi bashorat,
Taqdirda onamga uylanarmishman,
U tuqqan bolalar jirkanch bo‘larmish,
Otamning qotili bo‘lar emishman.
Bunday bashoratni eshitgandan so‘ng,
Men uzlatga ketdim. Korinfdan uzoq,
Volidamdan uzoq, otamdan uzoq,
Mudhish taqdirimdan qochdim uzlatga[3].
Lekin o‘zi bilmagan holda Fivaga – ona shahriga kelib qolgan Edip o‘zi xohlamagan holda (o‘zini himoya qilaman deb) otasini o‘ldirib qo‘yadi. Taxt egasiz qolgach, Fivaga kelgan balo – ajdarqushni o‘ldirgan kishi shoh bo‘lishi lozim edi. Edip ajdarqushni o‘ldiradi, shoh bo‘ladi va o‘sha davr an’anasiga ko‘ra oldingi shohning bevasiga, demakki, o‘z onasiga uylanadi. Voqealar rivoji jarayonida Edip buni anglaydi, o‘zini o‘zi jazolaydi va afsus-nadomati asnosida tragediya o‘z nihoyasiga yetadi.
Ushbu asarlarning yaratilish zamoni va makoni turli xil: Shoh Edip antik davr Yunoniston hayotidan hikoya qilsa, Shayx San’on o‘rta asr Sharqi hayotidan lavha. Muallif va qahramonlarning e’tiqodlari ham bir-biridan mutlaqo farq qiladi. Biroq bizga ushbu asarlarni muqoyasa qilishga undagan bir nuqta bor, u ham bo‘lsa yuqorida aytganimizdek, taqdirga munosabatdir.
E’tibor beradigan bo‘lsak, har ikki asarda ham safar lavhasi bor. Ya’ni har ikki qahramon ham o‘z yurtidan safar qiladi. Aynan ana shu safar lavhasida qahramonlarning taqdirga munosabati birinchi marta va yorqin tarzda namoyon bo‘ladi.
Navoiyning qahramoni Shayx San’on boshiga nima tushsa, taqdirdan ko‘rajagini aytib, o‘zi taqdirga peshvoz chiqadi (Rumga boradi). Sofoklning qahramoni Shoh Edip bo‘lsa, taqdirdan qochib, safar qiladi. Aniqrog‘i o‘z yurtidan qochib ketadi. Aynan mana shu munosabat asarda quyidagi o‘rinlarda tasvirlanadi va qahramon ruhiyatini ochishga xizmat qiladi.
Shayx San’on Ka’baga qaytib ketmoqchi bo‘lgan muridlariga qarshilik qilmaydi, lekin o‘zi qaytib ketish haqidagi taklifni rad etdi:
Biri debkim: “Rumg‘a bo‘ldi safar,
Ka’bani qilmoq kerak emdi maqar”.
Shayx debkim: “Onda qilg‘onni talab,
Munda topdim ne chekay ul yon taab”[4].
Ya’ni Shayx taqdir hukmiga nochorlikdan emas, ongli ravishda bo‘ysunadi. Ushbu nuqta musulmon kishining imondagi burchini ko‘rsatishi bilan birgalikda, shayxning individual e’tiqodini, maslagini namoyon qilmoqda.
Shoh Edipning taqdirga munosabatini bayon qiluvchi yana bir nuqta – Edipning haqiqatni bilish arafasidagi holati. O‘sha lahzalarda talvasaga tushgan Edipning xatti-harakatiga e’tibor beraylik:
Qochish kerak, qochish… Ammo qayoqqa?
Qayta olmaymen men o‘z vatanimga.
Unda men padarkush bo‘lish xavfim bor.
Tug‘ishgan otamni unda o‘ldirib,
Onamni nikohga olishim lozim;
Xudo tayinlagan dahshatli taqdir,
Sho‘rlik peshonamdan o‘zim qo‘rqaman[5].
Ko‘rganimizdek, Edip o‘zi tan olmagan taqdirdan qo‘rqadi, undan qochib, ota-onasini tashlab ketadi, shuncha vaqt o‘tishiga qaramay, ular bilan qiziqmadi, unga atalgan bashorat yana yuz ko‘rsatayotganda yana taqdirdan qochib, oilasini tashlab, allaqayerlarga ketmoqchi.
Jomiyning “Nafahot ul-uns” asarida Shayx San’on haqida bir rivoyat bor, unda hikoya qilinishicha, Ibn Saqqo (Shayx San’on)ning yoshligida bir ulug‘ avliyoning – G‘avsning huzuriga borgani va unga nisbatan hurmatsizlik qilganligi uchun duoibad tariqasida uning dinda baland martabaga erishishi, Rum diyoriga borishi va alal-oqibat boshiga tushadigan sharmandali voqealar bashorat qilinganligi aytiladi[6]. Biroq, biz tadqiq etayotgan qissaning hech bir o‘rnida Shayx o‘z boshiga tushadigan kulfatlar uchun hech kimni – taqdirni ham, G‘avsning bashoratini ham, atrofdagilarni ham ayblamaydi. Bir so‘z bilan aytganda, taqdirga indamay bosh egadi. Foniy muridining iltijolari bilan gunohi avf etilib, aqlu hushi joyiga kelganda ham, Ka’baga qaytib ketayotganda ham biror muridini begona yurtda tashlab ketgani uchun ayblamaydi, o‘zining ortidan kelgan nasroniy qizni ham ayblamaydi – balki uning so‘nggi iltijosini bajaradi – qizga imon kalimasini o‘rgatib, musulmon bo‘lishiga sabab bo‘ladi.
Rus adabiyotshunosi Kunning “Qadimgi Yunoniston mif va afsonalari” kitobida yozilishicha, Edipning ayanchli taqdir sohibi bo‘lishiga uning otasi Lay qilgan bir ish sabab bo‘ladi. Ya’ni Fiva shohining valiahdi Lay Pelops shohining dargohiga boradi. U yerda uzoq vaqt mehmon bo‘lgan Lay minnatdorchilik o‘rniga mezbonning “tuzlig‘iga tupirib”, uning kichik o‘g‘lini Fivaga olib qochib keladi. Bu ko‘rgulikka chidolmagan Pelops Layni duoibad qiladi. Ushbu duoibadga binoan Layni o‘z o‘g‘li o‘ldirishi va onasiga uylanishi, undan jirkanch farzandlar tug‘ilishi, xullas, avlod tavqi la’nat ichida yo‘q bo‘lishi kerak edi[7]. Lay bu bashoratga avvaliga e’tibor bermaydi. Menoykeyning qizi Iokastaga uylanib, bir necha yil farzand ko‘rmagandan so‘ng esa buning sababini bilish uchun Delfaga – kohinlar dargohiga boradi. Kohinlar Apollon nomidan unga yaqin orada farzand ko‘rishini, biroq Pelopsning duoibadi muqarrar amalga oshajagini bashorat qilishadi. Ushbu bashoratdan qo‘rqqan Lay esa yuqorda aytganimizday, farzandini o‘limga hukm etadi.
Haqiqat oshkor bo‘lib, onasiga uylanganini-yu, otasini o‘ldirganligini bilgan Edip esa barchani: o‘z ota-onasini, go‘dakligida o‘limdan saqlab qolgan cho‘ponni, Tangrilar bashoratini la’natlaydi, lekin bunda o‘zining ham aybi borligini, taqdirdan qochib xato qilganligini tan olmaydi.
Shayx San’onning taqdirga munosabati – musulmoni komilning o‘z qismatiga mardona bosh egishidir. Zero, islomda boshga musibat yetgan lahzalarda qilingan sabrgina haqiqiy sabr, deb tan olinadi va u “chiroyli sabr” deya ulug‘lanadi. Shayx San’on yoshligida olgan G‘avsning duoibad la’natidan qutilib, avvalgidan-da ulug‘langan holda Makkaga qaytishiga foniy muridining duosi vosita bo‘lsa-da, aslida mana shu mardonaligi sabab bo‘ladi.
Shoh Edip esa, otasi Lay begunoh chaqaloqni o‘limga buyurib adashgani kabi, taqdirdan qochib xato qiladi va mana shu xato tufayli o‘zini o‘zi baloga duchor qiladi. Buni biz uning oxirgi iqroridan ham bilishimiz mumkin. Zero, tragediyaning so‘ngida abgor ahvolda Fivadan chiqib ketayotgan Edip:
Nima bo‘lsa bo‘lar, endi bu yog‘in
Taqdirning o‘ziga havola qildim,
deydi. Bu insonning o‘z ojizligini oxiri tan olishi, ya’ni majburiy sabr edi.
Edipning taqdirga munosabati asrlar bo‘yi insonlar ongida “ko‘chib yurib” XX asrga kelib butun G‘arbni ishg‘ol qilgan ekzistentsializm, absurd kabi falsafiy oqimlarning paydo bo‘lishiga sabab bo‘lmadimikin?!
Sharqlik insonning bu kabi falsafalarni xush ko‘rmasligi va “ertaga nima bo‘lishini Xudo biladi” qabilida yashashi sababining ildizi Shayx San’onlar tafakkuridagi taqdirga tahammul va Ollohga tavakkul tuyg‘ularining natijalari emasmikin?!.
Xullas, bu ikki asardagi taqdirga munosabat masalasi bizga nafaqat ikki daho ijodkor tasvirida insonning taqdirga munosabatini, balki Antik davr bilan O‘rta asr tafakkuri, Sharq va G‘arb fikrlash olamini, demakki, insoniyatning taqdirga bo‘lgan ikki xil munosabatini ko‘rsatib beradi.
Zuhra Mamadaliyeva, filologiya fanlari nomzodi
“Jahon adabiyoti”, 2014 yil, 2-son
_____________________________
[1] Alisher Navoiy. Lison ut-tayr. MAT. 20 tomlik. – Toshkent: Fan, 1996. T.12. – B.95, 96.
[2] O‘sha manba. B. 97.
[3] Sofokl. Shoh Edip. Asqad Muxtor tarjimasi. – Toshkent: Adabiyot va san’at nashriyoti, 1979 y. B-44.
[4] Alisher Navoiy. Lison ut-tayr. MAT. 20 tomlik. – Toshkent: Fan, 1996. T.12. – B-108.
[5] Sofokl. Shoh Edip. Asqad Muxtor tarjimasi. – Toshkent: Adabiyot va san’at, 1979. B-45.
[6] Bu haqda qarang: Avliyolar sultoni. To‘plab, nashrga tayyorlovchi: I. Ostonaqulov. – Toshkent: Yangi asr avlodi 2004. – B.36-37; F.Isomiddinov. Shayx San’on haqidagi qissalarning qiyosiy tahlili. Fil.fan.nom.diss. – Toshkent: 2001. – B-76; A. Jomiy. Nafahot ul-uns. Hindiston. Hij. 1289. (Fors tilida) B-333.
[7] Kun N.A. Legendы i mifы drevney Gretsii. – Tashkent: Yosh gvardiya, 1986. – St. 424-425.