Badiiy asar tili bilan bog‘liq muammolar barcha davrlarda adabiyotshunoslikning, adabiy tanqidning dolzarb vazifasi bo‘lib kelgan. Zero, badiiy asar tilida yozuvchining iste’dodi, so‘z san’atkori sifatidagi salohiyati, mahorati, qolaversa, dunyoqarashi, uslubi namoyon bo‘ladi. Bu borada adabiyotimiz boy tajribaga ega. Chinakam so‘z ustasi sifatida tan olingan mashhur yozuvchi va shoirlarimiz badiiy asarda so‘z qo‘llashning o‘ziga xos maktabini yaratganlar. Ulardan biri ustoz adib G‘afur G‘ulomdir.
Uning ijodiyoti bugungi kunda ham mahorat bobida ijodkorlarga, ayniqsa, yoshlarga har jihatdan saboq bo‘la oladi. Biz quyida ”Shum bola”, ”Yodgor” kabi asarlari misolida mashhur yozuvchimizning so‘z qo‘llashdagi ulkan mahorati, san’atkorligining barchamizga saboq bo‘larli ayrim qirralariga doir kuzatishlarimizni bayon etmoqchimiz.
Atoqli adib G‘afur G‘ulom Sharq mumtoz adabiy manbalarini chuqur o‘zlashtirgan, eski o‘zbek yozuvida bitilgan mumtoz adabiy, ilmiy, tarixiy kitoblarni erkin mutolaa qilib, ular haqida teran ilmiy mulohazalar yuritgan tadqiqotchi ham edi. Chunonchi, Xorazmiy, Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Lutfiy, Sakkokiy, Durbek, Mirxond, Xondamir singari allomalar haqidagi, eski o‘zbek tili qonuniyatlariga rioya qilishga da’vat etib yozgan “Atoiy emas, Otoyi”, badiiyatni his etish, mumtoz badiiy vositalardan puxta xabardor bo‘lishga chorlagan “Navoiy va zamonamiz”, “Buyuk ustoz“, “Ikki Mashrab“, “Poetikamizni tobora takomillashtiraylik” nomli yirik monografik tadqiqotlar darajasidagi maqola va ma’ruzalari fikrimizga dalildir. Adib arab tilini yaxshi bilar, ayniqsa, fors-tojik tilida ijod qilgan Rudakiy, Firdavsiy, Umar Xayyom, Sa’diy Sheroziy, Hofiz, Mirzo Bedil kabi mashhur so‘z ustalari asarlarini mutolaa qilar, ba’zilarini ona tilimizga o‘girib, ma’naviy oziqlanardi. Mumtoz adabiyot namunalaridan bahramandlik G‘afur G‘ulom ijodiga samarali ta’sir ko‘rsatgani sir emas. Bu xususiyat, ayniqsa, uning badiiy asarlari tilida yaqqol ko‘rinadi. Xususan, har bir so‘z ijodkor tomonidan mazmunan chuqur idrok etilib, asar ruhiga mos tarzda o‘z o‘rnida ishlatilgan. G‘afur G‘ulom nazmiy va nasriy asarlarining har biri o‘ziga xos original usulda yaratilganining siri ana shundadir. Masalan, badiiy asarlarida qo‘llanish doirasi bir qadar toraygan maxsus professional, kasb-hunarga oid so‘zlar, dialektizmlar, jargonlar, tarixiy va arxaik iboralar topqirlik bilan me’yori va o‘rnida qo‘llanganki, bu ona tilimiz leksikasi boyligini namoyon etish bilan birga, unutilib borayotgan so‘zlarni qayta muomalaga kiritilishiga ham imkoniyat tug‘dirdi.
G‘afur G‘ulom o‘tgan asrning 30-yillaridayoq milliy til imkoniyatlaridan mahorat bilan foydalanishning namunasini ko‘rsatishga erisha olgan edi. Uning bu davrda yaratilgan “Netay”, “Tirilgan murda”, “Yodgor”, “Shum bola” singari nasriy asarlari hamda piyesa, hikoya va feletonlaridagi obrazlilik, real tasvirlar xalqning jonli so‘zlashuv tili asosida badiiy ifodalangan. Shuningdek, voqea-hodisalarning haqqoniy manzarasini chizishda qadimgi turkiy, arabiy, forsiy tillardagi lug‘aviy birliklarni aslidagidek qo‘llagan. Jumladan, hozirgi o‘zbek tilida kam uchraydigan ko‘tarmachi, paxtafurush, gaz (uzunlik o‘lchovi), xo‘qa (yog‘ idish), qo‘ndoq, yaktak, lipa, guppi, mursak, savag‘ich, chirmandachi, kuchala, irvit kabi leksemalar o‘z ma’nosida joy-joyida ishlatilgan. Aslida ham badiiy asar tili mohiyatan ta’sirchan emotsional ekspressiv tildir. Darhaqiqat, akademik Sh.Shoabdurahmonov yozganidek, “Badiiy asarga xos bo‘lgan tasviriylik, obrazlilik va boshqa xususiyatlar umumiy til materiali yordami bilangina emas, balki G‘afur G‘ulom sayqal bergan til va so‘zning kuchi, qudrati bilan yaratilgan. U ishlatgan so‘zlar, iboralar, aslini olganda oddiygina so‘z, ammo asar to‘qimasida… purma’no so‘z va iboralar, ularning turli jilolanishidan yaratilgan”.
G‘afur G‘ulom asarlari tilining obrazli ifoda vositalari tizimida sifatlash alohida o‘ringa ega. Chunonchi, “Yodgor” asarida to‘g‘ri ma’noli sifatlash hamda ko‘chma ma’noli sifatlashlardan bir tushunchaning nomini ifodalashda mohirona foydalanilgan: “Men ham jimjit ko‘chada yolg‘iz bormoqdaman”; “Pashsha uchmagan tilsiz ko‘chada ketib bormoqdaman”. Qissa qahramoni Jo‘raning xarakteriga xos xususiyatlarni ko‘rsatish maqsadida muallif quyidagi sifatlashlarni qo‘llaydi: “Boshqa xil tarbiya berishga men singari dunyo ko‘rmagan bo‘ydoq yigitning chorasi yo‘q”; “Harbiy xizmatga chaqirilganimda savodli, hisobdan to‘rt amalnigina biladigan oddiy bir yigitcha, yana to‘g‘risi, oldi ochiq yaktak kiygan yalla bedard o‘spirin edim”.
Adib muayyan voqea, narsalarning obrazli ifodasini ta’minlashda, ularning belgili, ayricha xususiyatlarini yaqqol gavdalantirishda individual nutqning jozibali sifatlashlarini yaratadi: “Baland-baland so‘qir paxsa devorlar osha ko‘cha tomonga shaftoli, olxirot, ba’zan aymoqi toguzumlar osilib tushgan”.
G‘afur G‘ulom leksikasida turli kasb-hunarga oid so‘zlar, etnonimlar, dialektal so‘zlar, jargonlar, iste’moldan chiqqan, ammo o‘rni bilan uslubiy talablarga ko‘ra qo‘llanuvchi so‘zlar (olovni jo‘nashtirib ketmoq, shilinglocha, shirava), yangi kashf etilgan narsalar atamasi, arxaik (yonchiq) va tarixiy so‘zlar (g‘ulom), boshqa tildan o‘zlashgan so‘zlar faol qo‘llangan. Shoir asarlarida qo‘llangan turli sohalarga oid so‘zlarni leksik-semantik jihatdan o‘nlab guruhga ajratish mumkin. Masalan, geografik nomlar: Toshkent, Tikonlimozor, Qo‘rg‘ontegi, Qoratosh, Yalanqari, Olmazor, Devonbegi, Qashqar, Irbit, Sa’bon, Achaobod; parrandalar nomlari: qumri, sa’va, bulbul, mayna, miqqiy, qirg‘iy, qarchig‘ay, to‘ti, chumchuq; osmon jismlari: Mezon, Yetti qaroqchi, Xulkar, Somonchining yo‘li; o‘simliklar: gulbeor, gulra’no, gulsafsar, gulhamishabahor, qo‘qongul, qalampirgul, namozshomgul, sambitgul, atirgul, kartoshkagul, qashqargul va boshqalar.
Tadqiqotchilar haqli ravishda o‘zbek nomshunosligi bo‘yicha olib borilayotgan ishlar hali yetarli darajada emasligini, bu sohada bajarilishi lozim bo‘lgan vazifalar dolzarb bo‘lib turganini ta’kidlashadi. Xususan, G‘afur G‘ulomning antroponimlardan badiiy va uslubiy maqsadlarda foydalanish mahoratini ochish, uning asarlarida qo‘llangan kishi nomlari, laqablarining etimologik va ma’noviy xususiyatlarini tavsiflash, laqablarning nominativlik va ekspressivlik xususiyati kabi masalalar ana shunday vazifalar sirasidan. Quyidagi parchada shoir Yodgorga ism qo‘yilishini personaj nutqi orqali shunday ifodalaydi: “Oh, onaginang o‘rgilsin, bolam, sen endi sallotga ketayotibsan, xudoyo-xudovando, yomon ko‘zdan saqlasin… Xudo dushmaningni xoru zor qilsin. Ishqilib, o‘qqa uchib ketmagin. O‘rtoqlaring bilan yenginglaru yengilmanglar. Men o‘g‘limning otini ehtiyot shartdan Yodgor qo‘ydim. Sendan qoladigan tuyoqqina. Yaxshi ham shu bola dunyoga kelgan ekan, seni ko‘rgandek bo‘lib yuraman, hiding dimog‘imdan ketmaydi”. Yoki Obid ismiga “mulla” so‘zining qo‘shib aytilishini quyidagicha oydinlashtiradi: “Bu yoqqa qara, mulla Obiddan qochmay qo‘ya qol. Qizimning domlasidan ham qochasanmi? Saodatingni ham chaqir, o‘zining kunda ko‘rib yurgan domlasi-da!” («Yodgor»). Shuningdek, shoir asarlari tilida bir qator laqablar ham qo‘llanganki, ular asosan personajlarning tashqi qiyofasiga (Ibrohim polvon, Ahmadali kal, Azim puchuq, Ilyos bo‘rdoqi), xarakteri (Karim jinni, Yo‘ldosh shilqim, Po‘latxo‘ja mug‘ombir, Abdulla do‘lvor), kasb-koriga (Ilhom samovarchi, Oysha yallachi, Tursun pichoqchi, Ziyamat guzafurush, mulla Obid) hamda ijobiy yoki salbiy xislatlariga qarab ishlatilgan. Shuningdek, o‘rni bilan muallif laqablarning nomlanishiga aniqlik kiritib ketgan: “Jinnilarning ichida o‘ziga xos tantiqlaridan biri Mayramxon edi. Asli ismi Mamatrayim bo‘lib, xalqqa «erka» bo‘lganidan «Mayramxon» deb atar edilar”; “Tepamizda saman otga mingan, moshkichiri soqolli, burni xuddi paxtalik to‘nga qadalgan tugmaday ichiga botib ketgan puchuq bir kishi qamchi o‘ynatib, siyosat qilar edi… Azim puchuq degan boy ekan” («Shum bola»).
Adib asarlarida qaysi so‘zni qo‘llamasin, qanday iboradan foydalanmasin, ularning barchasi aniq va konkret ma’noni ifodalashga bo‘ysundirilgan. Masalan, “Yodgor”da keng iste’moldagi yovvoyi so‘zini obraz va manzara yaratish maqsadida mahorat bilan ishlatganki, natijada bu so‘z matn talabiga ko‘ra o‘z ma’nosini “yo‘qotib” ko‘chma ma’noni anglatib badiiylik yaratishga xizmat qilgan: “Ana — uning qip-qizil va kichik patlarida meni haligacha maftun qilgan birinchi yarim tabassumning yovvoyi izlari (“Yodgor”).
Ma’lumki, gandiraklamoq fe’li muvozanat saqlay olmay, chayqalib qadam tashlab yurmoq ma’nosini anglatadi. Shoir bu so‘zni til so‘zi bilan semantik munosabatga kiritadi: “Lekin tili gandiraklab, aytmoqchi bo‘lgan gapini aytolmas edi («Yodgor»).
Sof lingvistik nuqtai nazardan qaraganda tili gandiraklab so‘z birikmasi anormal holat. Chunki semantik moslashuv talabiga ko‘ra tili so‘zi aylanib//aylanmay so‘zi bilan semantik valentlik hosil etadi. Bu birikmadagi gandiraklab so‘zi o‘zi bog‘langan so‘z ifodalaydigan tushunchani ta’kidlab ko‘rsatadi. Bu ta’kid ayni birikmaning g‘ayriodatiyligiga ko‘ra yana ham kuchayadi. Shuni ham ta’kidlash joizki, tili aylanib // aylanmay birikmasiga qaraganda tili gandiraklab birikmasida emotsionallik kuchli. Adib karvon so‘zini semantik munosabatga kirishmaydigan turnalar, g‘ozlar so‘zlari bilan bog‘laydi: “Osmonda shimoldan janubga qarab Somon yo‘li bo‘ylab turnalar, g‘ozlar karvoni uchib o‘tadi” («Yodgor»). Karvon uzoq joylarga yuk va odam tashuvchi hayvonlar, aravalar va ularni boshqaruvchi shaxslar qatori ma’nosini ifodalasa-da, yozuvchi keng iste’moldagi bu so‘zni yuk va odam tashimaydigan turna, g‘oz so‘zlari bilan semantik munosabatga kiritib, obraz va manzara yaratishda foydalangan.
O‘zbek adabiy tilida shod, xursand ma’nosini ifodalaydigan chog‘ so‘zi vaqti chog‘, dimog‘ chog‘, ko‘ngli chog‘ so‘z birikmalarini hosil etsa-da, lekin shod uy, xursand uy so‘z birikmalarini hosil etmaydi. Yozuvchi esa, bu so‘zni semantik munosabatga kirishmaydigan uy so‘zi bilan o‘zaro bog‘laydi: “Men seni kim ko‘rganga maqtab orqangdan ko‘rpacha soldirib yurgan bo‘lsam, ammangning qiziga sovchi yuborib unashtirib ko‘ygan bo‘lsam, sen juvonmarg axir chog‘ uyimga onasining tayini yo‘q bolani ko‘tarib kelsang («Yodgor»). Yuqoridagi misollardan ko‘rinib turibdiki, G‘afur G‘ulom ijodida keng iste’moldagi so‘zlar ham muayyan stilistik ta’kid oladi, semantik valentlik hosil etmaydigan so‘zlar munosabatga kirishib badiiylik hosil etadi.
O‘zbek adabiy tilida biror joyda yoki biror ish, vazifada uzoq tura olmaslik, qo‘nimsizlik ma’nosi tuprog‘i yengil iborasi bilan ifodalanadi. Adib bu iborani qayta ishlab qiz bolaning tuprog‘i yengil bo‘ladi tarzida qo‘llab, «qiz bola biror yigit bilan gaplashsa tez gap-so‘z bo‘lishi mumkin» ma’nosini obrazli va ta’sirchan ko‘rsatishga erishgan: “Bizning ko‘pincha birga yuruvimiz Saodatning otasiga ham eshitilibdi. U akam bilan uchrashib: «Endi, bo‘lar ishning bo‘lgani yaxshi, qiz bolaning tuprog‘i juda yengil bo‘ladi. Jo‘ravoy bu yil o‘qishdan qola qolib, to‘yni qilib ketgani ma’qul bo‘lar edi, «To‘y qachon?», deb so‘rayverganlaridan juda zerikdim», degan emish” («Yodgor»).
O‘zbek adabiy tilida go‘r qazimoq birikmasi o‘likni ko‘mish uchun qazilgan chuqur ma’nosini anglatadi. G‘afur G‘ulom bu birikmani ko‘chma ma’noda qo‘llab, shaxsga emas, balki predmetga nisbatan ishlatadi: “Shu bilan bu hikoyaga go‘r qaziylik-da, yuragimizdan sidirib tashlaylik” («Yodgor»). Mazkur matndagi hikoyaga go‘r qazimoq sintaktik birligi hikoyaning tarixini hech qachon eslamaslik, butunlay eslamaslik ma’nosida qo‘llangan.
Xullas, badiiy asarda so‘z qo‘llash mahoratini o‘rganishda atoqli adib G‘afur G‘ulomning nasriy asarlari o‘ziga xos bir maktabdir. Ijodkorning turli mavzuga bag‘ishlangan qissa va hikoyalari o‘zbek tili leksikasidan unumli foydalana bilishda, xalq jonli tiliga xos so‘z va iboralarni o‘rnida va samarali qo‘llash san’atini egallashda beqiyos adabiy tajriba namunasidir.
Ziyodulla Hamidov,
O‘zbekiston Milliy universiteti dotsenti
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2013 yil 19-sonidan olindi.