Zebiniso Bekmurodova. Viktor Gyugo romantizmi

XIX asr G‘arbiy Yevropa jamiyatida ro‘y bergan yirik ijtimoiy-siyosiy voqealar (1789–1794 yillardagi frantsuz demokratik inqilobi, Parij kommunasi) adabiyot va san’atga ham o‘z ta’sirini ko‘rsatmay qolmadi.

Asr boshi Frantsiya adabiyotida turli adabiy oqimlar va yo‘nalishlar, metod va uslublarni kuzatish mumkin. Frantsiya hali ham ma’rifatparvarlik g‘oyalari bilan yashar, mamlakatning madaniy-ma’rifiy hayotida Dekart, Didro va Volter g‘oyalari ta’siri sezilar, teatr va dramaturgiyada ham XVII asrdagi hukmron metod – klassitsizm o‘z o‘rnini bo‘shatib berishni istamasdi.

Klassitsizmga ilk zarbani Viktor Gyugo (1802–1885) va Stendal (1783–1842) berdilar. Bu zarbalar deyarli bir paytning o‘zida berildi – 1823 va 1825 yillarda Stendalning “Rasin va Shekspir” traktati chop etildi, 1827 yil esa Viktor Gyugo o‘zining “Kromvel” tragediyasini e’lon qildi. Ushbu tarixiy dramaning muqaddimasi frantsuz romantizmining manifestiga aylandi. Jamiyat va san’atdagi rivojlanishni aniq his etgan Gyugo, insoniyat turli asrlarda turfa sinovlarga duch kelayotganini, ularning har biri san’atga (lirik, epik va dramatik turlarga ta’sir qilayotganini ta’kidladi. Gyugo besh pardadan iborat “Kromvel” tragediyasiga yozgan so‘zboshisida klassitsizm o‘z umrini yashab bo‘lganini, u bundan buyon adabiyot, ayniqsa, romantizm rivojlanishiga to‘sqinlik qilishini bayon etgan. Zero, Gyugo uch birlik qoidasi (zamon, makon va harakat birligi) kabi klassik qonunlarga qarshi chiqadi.

V.Gyugoning “Kromvel” tragediyasida bayon qilingan voqealar tarixiy haqiqatga asoslangan bo‘lib, ular XVII asrda Angliyada ro‘y bergan. Kromvel 1599–1658 yillarda yashagan, dastlab Angliya parlamentining deputati, so‘ng harbiy qo‘mondon bo‘lgan tarixiy shaxs. Frantsuzlar va gollandiyaliklarga qarshi kurashda qahramonlik ko‘rsatgan. Biroq keyinchalik qirol bilan uning o‘rtasida kelishmovchilik ro‘y bergan. Kromvel boshchiligida qirolga qarshi ko‘tarilgan siyosiy isyon yigirma yetti soat davom etgan. Gyugoning bu tragediyasida klassitsizmning uch birlik qoidalaridan biri – zamon birligi buziladi. Bu tragediya orqali teatrda ham romantizm tamoyillari qo‘llanilishiga yo‘l ochildi.

XIX asr adabiyotida Viktor Gyugo ijodi alohida o‘ringa ega. Gyugo dastlab lirik shoir sifatida maydonga chiqdi. Ijodi davomida turli janrlarda yirik asarlar yaratganiga qaramay, she’riyatdan aslo voz kechmadi. U o‘zining “Oda va balladalar” nomi ostida chop etilgan ilk she’riy to‘plamini har doim – yildan yilga to‘ldirib, turli nomlar ostida o‘n marta nashr ettirdi. Gyugoning zamondoshi Sharl-Ogyusten Sent-Byovning yozishicha, aytishga arzirli frantsuz shoirlari Ronsan Matyuren Rene va Andre Shene Lafonten, ancha ilgari o‘tgan Ejen Pote va Per Beranje lirik emas, siyosiy kurashchi shoirlar bo‘lib, Sent-Byov zamonida V.Gyugoning o‘zi frantsuz she’riyatining yorqin yulduzi bo‘lib turgan. Sent-Byov Gyugo romanlari haqida yozganida ikki jilddan iborat “Odalar va balladalar”ini maqtab o‘tadi.

V.Gyugo poeziyada ham, dramaturgiya va prozada ham inson qadr-qimmatini, xalq manfaatlarini himoya qilib, monarxiya vakillari, royalist[1]larning jaholatga, razolatga botganini ko‘rsatadi.

V.Gyugoning romantizm va realizm o‘zaro uyg‘unlashgan asarlaridan biri tarixiy mavzudagi “To‘qson uchinchi yil” romanidir. Romanda xalq ozodligi tarafdorlari – havoranglar onani va uning uch norasida bolalarini vandeyachi – qirolparastlarning qamog‘idan qutqarish uchun Turg qasri minorasini qamal qiladilar. Asarda erini royalistlar otib o‘ldirgan, o‘zi ham o‘q yeb, chalajon bo‘lib qolgan ona obrazi Vatan obrazi darajasida umumlashtirilgan. Onaning hali yaxshi-yomonni bilmaydigan uch go‘dagi – Frantsiya kelajagi bo‘lib, roman turli ijtimoiy-siyosiy, ma’naviy-gumanistik muammolarga doir bayon, dialog, lirik va publitsistik, falsafiy o‘y-mulohazalardan iborat. Asarda monarxiyachi royalistlarning yetakchisi, burbonlar oila a’zosi, markiz Lantenak juda zukko, jasur sarkarda sifatida gavdalangan. Lekin bu murakkab personaj o‘z kuch-qudratini xalq baxti uchun emas, balki xalq taxtdan ag‘dargan zolim qirolni qayta tiklash uchun sarflaydi. Yoshi yetmishdan oshib, keksayib qolsa ham, markiz Lantenak kuch-g‘ayrati, metin irodasi, aql-zakovati, sarkardalik mahorati bilan Vandeya viloyatidagi yuz minglab dehqonlarni qirollik himoyasi uchun jangga safarbar qila oladi. U shafqatsizlik bilan “Respublikachilarni asirga olib o‘tirmay, qirib tashlang!” deb farmon beradi, ko‘ngli bo‘shlik qilganlarni o‘zi otib tashlaydi. V.Gyugo markiz Lantenakning nutqi va fikrlari orqali qirol absolyutizmi yovuzligini ravshan ochib beradi.

Vandeyadagi dengiz sohilida monarxiyachi royalistlar respublikachilarga qarshi tarqoq kuchlarni jangga solish uchun kelgan markiz Lantenakni kutadilar. U kelib, bir zumda qo‘shinni tartibga soladi, jangga tayyorlaydi. Monarxiyani tiklash uchun Angliyadan harbiy yordam so‘raydi. U qirol dushmanlaridan ko‘ra, xorijiy dushmanlar yaxshi, deb o‘ylaydi. Angliya dengiz qo‘shinlari sohilga tusha olmasin, deb, respub­likachilar armiyasi boshlig‘i yosh, mohir sarkarda Goven qo‘shin bilan yetib kelib, sohilni egallaydi. Markiz Lantenak esa respublikachilarni qirib tashlab, Angliya kemalariga yo‘l ochishga intiladi. Muallif Frantsiya inqilobi taqdiri xavf ostida qolganini ko‘rsatadi.

Daho san’atkor V.Gyugo bu ikki dushman sarkardalarni, markiz Lantenakni va yosh kommuna generali Govenni ota-o‘g‘il sifatida tasvirlaydi. Fuqarolar urushi avj olib, ota ham, o‘g‘il ham bir-birini qo‘lga tushsa otib tashlashga farmon beradilar. Markiz Lantenak Somonlik qishlog‘ini qamal qilib, yoqib yuboradi. Ertasiga roman qahramonlaridan biri, gado qiyofasida yurgan Telmarsh changalzor oralab kelib, olisdan burqsigan tutunni ko‘radi. V.Gyugo bu fojea tasvirida tutun haqida lirik chekinish qiladi: “Tutun – agar oila o‘chog‘ida qozon qaynatsa, naqadar shirin. Tutun – agar uy-joylar va odamlar yoqib yuborilsa naqadar achchiq. Mehmondo‘stlik o‘chog‘ida yonayotgan olov bo‘lsa birodarlarni yaqinlashtiradi. Tutun agar odamlarning baxtu iqbolini bir zumda yo‘q qilib, uy-joylardan daraxtzorlarga o‘tsa naqadar dahshatli”.

V.Gyugo romanda respublikachi kommunachilar Marat, Robesper, ­Danton va boshqalar o‘rtasida ham birlik yo‘qligini, o‘zaro kelishmovchilik boshlanganini, bu esa inqilobni mag‘lubiyatga uchratish mumkinligini o‘sha davrning minglab hujjatlarini yaxshi o‘rgangan holda, konvent majlislaridagi bahs-munozaralarda, ayovsiz, inqilob yetakchilarining otashin nutqlarida aks ettiradiki, bu yerda adib ijodida kuchaygan realizm ham frantsuz romantizmining uslubiy tamoyillaridan biri ekanligini ko‘rsatadi.

Biz Gyugoning “Kromvel” tarixiy tragediyasi haqida so‘z yuritdik. O‘sha davr teatrida romantizmning qaror topishida Gyugo dramaturgiyasining ahamiyati bebaho edi. “Ernani” pesasi sahnaga qo‘yilishi chog‘ida (1827 yil) teatrda eskilik va yangilik tarafdorlari o‘rtasida haqiqiy to‘s-to‘polon – qo‘l jangi bo‘lib o‘tadi, teatrga katta zarar yetkaziladi. 1830 yillardagi Gyugo dramalari ham monarxiyaga qarshi qaratilgan. Bu davrda adib “Qirolning dilxushi”, “Ryui Blaz” kabi dramalarini yaratadi.

V.Gyugo ijodida romantizm va realizm uslublari uyg‘unlashib ketgan. Buni uning qator romanlari – “Parij Bibi Maryam ibodatxonasi”, “Kulayotgan odam”, “Byug Jargal”, “Xo‘rlanganlar” va “Dengiz zahmatkashlari” asarlari misolida ko‘rish mumkin.

“Parij Bibi Maryam ibodatxonasi” romanida adib XV asr voqealariga murojaat etgani bejiz emas. Chunki bu mamlakat hayotida tub burilish davri – o‘rta asrlardan Uyg‘onish davriga o‘tish payti edi. Adib tarixiy voqealar silsilasi orqali o‘sha keskin va o‘zgaruvchan davr manzarasini aks ettirar ekan, unda barcha davrlarga xos umuminsoniy g‘oyalarni, oddiy inson qismati, uning haq-huquq va erkinligini tarannum etadi, hukmdor tabaqa vakillari va dindorlarning g‘ayriinsoniy qilmishlarini fosh etadi, bir so‘z bilan aytganda, ezgulik va yovuzlik kurashini yuksak badiiy mahorat bilan tasvirlaydi.

“Insoniyat olg‘a siljishi uchun har doim hayotiy muammolar oldida mardonavor jasorat ko‘rsatmog‘i kerak. Tirishqoqlik, muvaffaqiyatsizlikka bo‘ysunmaslik, o‘ziga sodiq qolish, qo‘rqmaslik, xavf-xatarni yengib o‘tib, g‘alaba qozonish maslagida qat’iy turish – bular odamlarga g‘oyat zarur bo‘lgan saboqlardir. Viktor Gyugoning “Xo‘rlanganlar” romani shu yo‘sinda yozilgan bo‘lib, unda jasoratga da’vat etuvchi g‘oyalar va kelajakdagi g‘alabaga bo‘lgan ishonch juda yorqin aks etgan.

Xulosa o‘rnida shuni ta’kidlash mumkinki, Gyugoning qariyb barcha asarlari orqali o‘quvchi oddiy dehqonlar, hunarmandlar, mag‘rur aristokratlar, umuman, frantsuz burjua jamiyatidagi chirkin o‘yinlar bilan birga sof insoniy tuyg‘ular to‘g‘risida ko‘p narsalarni bilib olishi mumkin.

Zebiniso Bekmurodova,

Qarshi davlat universiteti o‘qituvchisi 

________________

[1] Royalistlar – monarxiya boshqaruv shakli tarafdorlari yoki ma’lum bir monarxni qo‘llab-quvvatlovchilar.

O‘xshash maqolalar: