Alisher Navoiy qalamiga mansub “Munshaot” asari o‘zbek nasrining go‘zal namunasi hisoblanadi. U insho san’atining turkiy tildagi yagona va go‘zal namunasi sifatida ham qimmatlidir. Zero, unda buyuk mutafakkir va davlat arbobining serqirra faoliyati davomida turfa holatlar va turlicha sabablar taqozosi bilan yuzaga kelgan muborak maktublar jamlangandir.
Navoiyning yosh zamondoshi, tarixchi Xondamir “Makorim ul-axloq” – (“Go‘zal xulqlar”) kitobida “Yana bir o‘zlarining har kimga yozgan turkiycha maktublaridirki, risola shaklida to‘plaganlar. Agar yozuvchi yulduzli osmon qog‘ozlariga uning qimmatbaho maktublaridan birining sifatlarini uzoq muddat yozsa ham poyoniga yetolmaydi” deya bu asarga munosib ta’rif beradi.
Albatta, tarixchining mazkur so‘zlari o‘ta mubolag‘ali. Biroq bu maktublar Navoiy hayoti va faoliyati qirralarini ifsho etuvchi, uning turli vaziyatlardagi ruhiy holatlarini yorituvchi badiiy lavhalar va ayni paytda davrning o‘ziga xos tarixiy hujjatlari sifatida g‘oyatda ahamiyatli ekanligi ravshan. Biz so‘z yuritadigan maktub fikrimizga yorqin dalil bo‘la oladi.
Shu o‘rinda Navoiy maktublariga xos bo‘lgan bir muhim xususiyatni ham aytish o‘rinlidir. Bu – nazm va nasr qorishiq xolda keladigan mazkur maktublarda yuborilayotgan manzil va shaxs nomi hamda xatning yozilish sanasi ko‘rsatilmaganligidir. Zotan, o‘sha davrdagi forsiy maktublarda, chunonchi, Abdurahmon Jomiy nomalarida ham shu holni ko‘ramiz.
Umuman, Sharq insho san’atiga xos bo‘lgan bu holat tasodifiy emas. Uning sabablarini o‘sha san’at tabiatidan izlash kerak. Zero, Sharqda maktublar shunchaki biron xabar yoki maqsadni tashuvchi hujjatgina emas, balki o‘ziga xos badiiyat namunasi sifatida yaratilgan, ularning boshiga falonchidan pistonchiga, deb yozish badiiy ko‘rkamlikka soya solib qo‘yadigandek tuyulgan. Boshqacha qilib aytganda, manzil va sananing yozilishi maktub uslubiga nisbatan nomuvofiq ko‘ringan bo‘lsa, ehtimol. Qolaversa, jo‘natilayotgan manzili va yozilish vaqtini maktubda yozib qo‘yishga deyarli ehtiyoj ham bo‘lmagan, chunki u ishonchli va tayinli, maxsus kishilar orqali yuborilgan. Bunday kishilar – “qosid”, “homil” va “doranda” deb atalgan – maktubning kimdanligi, qachon va qayerda yozilganligi, xat muallifi haqidagi ba’zi ma’lumotlarni og‘zaki yetkazishdan tashqari ayrim maxfiy tutilishi lozim bo‘lgan gaplarni bayon etishni ham o‘z zimmasiga olgan. Bir qator maktublarda uchrovchi “Ruju’ ruq’a homilining adosig‘a va havola noma noqilining duosig‘a qilildi” (Murojaat etish va duoyimizni yetkazish xat olib boruvchiga yuklatildi), “mundag‘i holatni ruq’a homilidan so‘ralsa, arz qilg‘usidir” kabi jumlalarni shu ma’noda tushunish kerak.
Biz so‘z yuritmoqchi bo‘lgan maktub Navoiyning eng yaqin kishisi va ishonchli xodimi G‘iyosiddin Muhammad Dehdor orqali sulton Husayn Boyqaro huzuriga jo‘natilgan. Tarxon mansabidagi bu shaxs zimmasiga yana Navoiy tomonidan Rum elchilarining qabul qilinishi va ular bilan olib borilgan muzokaralar haqida ma’lumot berish ham yuklatilgan.
Mazmuniga ko‘ra sulton Husayn Boyqaro maktubiga javoban yozilgan mazkur maktub hijrondan zorlanish va visoldan umidvorlik mazmunidagi ruboiy bilan boshlanadiki, bundan Navoiyning poytaxtdan uzoqda, tobe viloyat yoki shaharlardan birida turganligi anglashiladi:
“Jon qasdi ko‘p etti yor hijroni manga, Xirman o‘qin urdi ulcha imkoni manga, Gar bo‘lsa mute’ charx davroni manga, Yetkursa meni ul oyg‘a yo oni manga.Qulluq duodin so‘ngra arzadosht ulkim, zaif va quvvatsiz qulungizning za’fi quvvatqa va marazi sihhatqa yuz qo‘yub erdi. Inoyat qilib, so‘rdura yuborilgan nishonkim, yetti. Aytsa bo‘lg‘aykim, badanda harorat shu’lasidin sharare va ko‘ngulda iztirob shiddatidin asare qolmadi.
Bitikingdinki, savodini ko‘rub jon topdim, Zulmat ichra, masalo, chashmai hayvon topdim.Xasta qullar uchun haq taolo ul humoyun zotni xastalig‘din asrasun va qadimiy bandalar uchun ul farxunda sifotni dilbastalig‘din o‘z panohida tutsun”.
Bu yozilganlardan shuni anglash mumkinki, qaysidir viloyatda ixtiyorsiz holda turgan Navoiyga qandaydir xastalik yopishgan. Bundan xabar topgan Husayn Boyqaro hol so‘rab unga maktub yo‘llagan. Buni o‘ziga nisbatan katta iltifot deb bilgan shoir sharqona lutf bilan sultonga minnatdorchilik bildirmoqda.
Shundan so‘ng u davlat ahamiyatiga molik muhim bir voqeani bayon etadi:
“Bu uchurda Xoja Hofiz G‘iyosiddin Muhammad Dehdor tarxon qullik ehromini bog‘lab, Siz tomon yo‘lga tushdi. Rum podshohining iltifot qilib, o‘z elchilarini (bizga) yuborilganligi va bu xususda qanday hukmga kelganligimizni ma’lum qilmoqchi”.
Avvalo shuni aytish kerakki, yaqin vaqtlargacha Xuroson davlagi bilan chet mamlakatlar o‘rtasidagi muomala va munosabatlarda Alisher Navoiyning davlat arbobi sifatidagi ishtiroki haqida guvohlik beruvchi ma’lumotlar mavjud emas, deb kelinar edi.
Marhum navoiyshunos olim Abduqodir Hayitmetov bunday qarashni rad etarkan, shoirning “Navodir ush-shabob” devonidagi “Rum tuhfalarining uloshin deb turar, balki shoh poyandozidek taloshg‘onni aytib durar” sarlavhasi bilan berilgan:
Tuhfalarkim yubordi Qaysari Rum, Bursa jinsi, farang debosi, Turfa ko‘rgilki, zumrai islom Anga soldi farang yag‘mosi.qit’asini keltirib, Sulton Husayn saroyiga Rum podshosining elchilari qimmatbaho sovg‘alar olib kelgan, podshoh ularni o‘z yaqin odamlariga ulashgan. Bu uchrashuvda Navoiy ham qatnashgan va o‘z taassurotlarini ushbu qit’ada yozgan, deb izohlaydi.
So‘z borayotgan maktub ana shu fikrning to‘g‘ri ekanligini isbotlabgina qolmasdan, Navoiyning davlat arbobi sifatida olib borgan muhim ishlaridan biri haqida guvohlik bermoqda. Endi, elchilar orqali tuhfalar yuborgan Rum podsholigi qaysi mamlakat ekanligini aniqlaymiz.
Tarixdan ma’lumki, “Rum” atamasi qadimgi Rim imperiyasining Sharqda, jumladan, O‘rta Osiyoda keng tarqalgan nomidir. 395 yilda Rim imperiyasi ikki qismga – Sharqiy va G‘arbiyga bo‘lingach, bu nom faqat Sharqiy Rim imperiyasi – Vizantiyaga nisbatan qo‘llanilgan. Kichik Osiyo turkiy qavm – saljuqiylar tomonidan bosib olingach, “Rum” nomi Kichik Osiyoni anglata boshlagan.
“Qaysar” so‘zi esa, hukmdorga nisbatan ishlatib kelingan lotincha “Kayzar”2 so‘zining arabcha talaffuzidir.
Yana bir e’tiborga molik jihat she’rdagi “Bursa jinsi” iborasidir. Ma’lumki, Bursa (Brusa) Turkiyadagi qadimiy shaharlardan bo‘lib, bir necha vaqt (1326-65 y.) Usmonli turklar sulolasining poytaxti ham bo‘lgan. Bu shaharda boshqa sohalar qatori ipakchilik va to‘qimachilik sanoati azaldan rivojlanib kelgan. “Bursa jinsi” deyilayotgan ekan, buni shu shaharda tayyorlangan shoyi matolar deb tushunmoq kerak.
Ana shularga ko‘ra, biz qit’a hamda maktubda so‘z borayotgan elchilar va ular keltirgan tuhfalar Usmonli turklar sultonligidan ekanligiga amin bo‘lamiz.
Maktubni o‘qish jarayonida o‘z-o‘zidan Navoiy ana shu davlat ahamiyatiga molik muhim vazifani qaysi shaharda amalga oshirgan, degan savol paydo bo‘ladi.
Navoiy hukumat ishlariga daxldor topshiriqlar bilan bir necha bor mamlakatning turli viloyat va shaharlariga yuborilganligi qator manbalardan ma’lum. Bunday hollarda u zimmasidagi vazifani bir necha kun ichida bajarib, yana poytaxt Hirotga qaytavergan. Biroq, u mamlakatning harbiy chegarasida joylashgan Astrobodga hokim qilib yuborilganida bu shaharda “ikki yilga yaqin adolat taxtida o‘tirib” (Xondamir) hukumat ishlari bilan mashg‘ul bo‘lgan.
Navoiy Astrobodga hokim bo‘lib kelganidan so‘ng Sulton Husaynga ko‘pincha xavf tug‘dirib turadigan Mozandaron, Jurjon va G‘ilon viloyatlarining hokimlari o‘z ixtiyorlari bilan tobe bo‘lganliklarini bildiradilar. Turkman sultoni Yaqubbek qimmatbaho sovg‘alar bilan uni tabriklaydi, Ozarbayjon va Iroq hukmdorlari ham Navoiy tufayli Husayn Boyqaro davlati bilan do‘stona munosabat o‘rnatadilar. Bu haqda Xondamir shunday yozadi:
“Mozandaron, Rustamdor va G‘ilon viloyatlarining hokimlari ul janobning Astrobodga hokim etib tayinlangani xabarini eshitib, itoat gardanlarini uning yelkasiga qo‘yib, Astrobodga maktub bilan elchilar orqali munosib tuhfa va hadyalar yuborib, o‘zlarining ixlos javohirlarini arz tavog‘iga qo‘ydilar.
Astrobod ul hashamatli amirning (ya’ni Navoiyning – Yu.T.) izzatli masnadi bo‘lgan o‘sha kunlari oliy darajali podshoh, adolatpanoh Sulton Ya’qub mirzo bir necha bor so‘zamol va ishonchli odamlarni faxrli choponlar va mo‘l-ko‘l tansiq mollar, inoyatli va marhamat uyg‘otuvchi maktublar bilan yuborib, muhabbat va do‘stlikni kamolotiga yetkazdi”.
Aslida sulton Husayn Boyqaroning Navoiyni bu chekka viloyatga hokim etib yuborishdan ko‘zlagan asosiy maqsadlaridan biri ham ana shu edi. Bu haqda sultonning Yaqubbekka yozgan bir maktubi1 to‘la guvohlik beradi (bu qimmatli hujjat O‘zFA Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutining qo‘lyozmalar xazinasida 286-inv.raqami bilan saqlanadi). Fors tilidagi bu maktubda Husayn Boyqaro o‘zaro munosabatlar taqozosiga ko‘ra turkman sultoniga o‘z hurmatini izhor etib, har ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stona aloqalar o‘rnatish chegara joylarini idora qilib turgan kishilar zimmasiga katta mas’uliyat yuklashini, biroq shu paytgacha tayinlangan hokimlar bu vazifani uddalay olmaganliklari, shunga ko‘ra endi o‘zining eng yaqin kishisi va davlat arboblari orasida eng tadbirkori bo‘lgan amir Alisherni o‘sha viloyatga hokim qilib yuborayotganini ta’kidlaydi:
“…bu sha’ni ulug‘ va bayoni a’lo ish tepasiga olampanoh dargohimiz mahramlaridan shunday bir kishi tayinlamog‘i lozimki, u kamoli aqidotu ixlos va nihoyatda yaqinligu maxsuslik bilan birga yana, baland qimmatlilik bezagida barchadan ko‘rkami va shuhratu davlatmandlikda barchadan yuqori bo‘lsin.
Alhaq, bu saodatli sifatlarni o‘zida jamlagan kishi – poydor davlatimizning sirlariga mahram, osmon qadarli borgohimiz xilvatgohida (bizga) g‘amnishin, saltanatimiz ustuni, mamlakatimiz tayanchi, sulton hazratlarining ishonchlisi va xoqonlikning kifti Nizomiddin Alisherdir…”
Mamlakat hukmdori tomonidan Navoiyga mazkur viloyat hokimi sifatida hukumat maanfatlariga mos tushuvchi har qanday ishlarni amalga oshirish, davlat va fuqarolarning daxlsizligi yo‘lida kerakli har qanday choralarni ko‘rish huquqi berib qo‘yilganligi va o‘zi amalga oshirgan ishlar haqida maktublar orqali xabarlar yo‘llab turish ham topshirilganligi insho so‘ngida alohida ta’kidlanadi:
“Sodir bo‘luvchi ishlar bo‘yicha “Mashvaratsiz qilingan ish – to‘g‘ri emas” (degan maqol) mazmunini nazarda tutib, maktublar va yozishmalar eshigini ochiq saqlasin. Mazkur (amir) har nimaniki o‘z uhdasiga olishni lozim topsa, dinu davlatning to‘g‘ri tadbiri va mulku millatning rivoji butunlay ana shunda ekanligiga sira shubha yo‘qdir. Uning pok xotiriga nimaiki kelsa va uni amalga oshirsa, (bizning) oftobdek nurli zamirimiz oldida ayni savob va ezgulikning o‘zginasidir”.
Bizningcha, Usmonli turklar sultoni ham, kechroq bo‘lsa-da, Astrobodga Navoiyni hokim etib tayinlashiga xayrixohligi va do‘stona munosabatining ifodasi sifatida maktubda tilga olinayotgan kishilar va tuhfalarni yuborgan bo‘lishi haqiqatga yaqin.
Maktubdagi yana bir jihat ham ana shunday fikrga kelishimizga dalolat qiladi.
Husayn Boyqaro huzuriga Navoiy aynan Xoja Hofiz G‘iyosiddin Muhammad Dehdorni yuborishni maqbul ko‘rgan. Bu bejiz emas edi. Zero, bu shaxs Navoiyning juda yaqin mahrami va ishonchli noibi ham bo‘lganligi Xondamirning “Makorim ul-axloq” asari orqali ma’lum.
Navoiyning Astroboddan Husayn Boyqaroga yo‘llagan ikkinchi bir maktubida ham shu ism tilga olinadi. O‘sha maktubda bu viloyatda maskan va bu sarhad (chegara)da maskan tutgan Navoiy ba’zi bir davlat ishlariga daxldor xabarlarni yetkazish uchun “mu’tamad anis (ishonchli do‘st) va mu’taman jalis” (ishonchni qozongan hamsuhbat) Xoja Hofiz Muhammad Dehdorni ostonbo‘sliqqa (xizmatga) yuborganligini yozadi.
Rum mamlakati sultonining iltifot ko‘rsatib yuborgan tuhfalari va ularni keltirgan elchilar bilan olib borilgan muzokaralar natijasi va aytish mumkinki, bu ish bilan bog‘liq maxfiy gaplarni mamlakat egasiga yetkazishdek mas’uliyatli ishning ana shu shaxsga yuklatilishi ham bu ishda shaxsan Navoiyning roli katta bo‘lganligidan guvohlik beradi. Chunki Xoja Hofiz G‘iyosiddin Muhammad Dehdor tarixiy-adabiy manbalarda ko‘rsatilganidek, tabiatan ziyrak va xushchaqchaqligi, dono va zukkoligi, nozikfahm va uddaburonligi bilan Navoiyning ishonch va e’tiborini qozona olgan kishi edi.
Xulosa qilib aytganda, mazkur maktub Alisher Navoiyning yirik davlat arbobi sifatida olib borgan ijtimoiy-siyosiy faoliyatining yorqin sahifalaridan birini insho etuvchi va ayni paytda XV asr ikkinchi yarmidagi Sulton Husayn Boyqaro boshliq Xuroson davlatining nafaqat Sharq mamlakatlari bilan, ayni paytda G‘arb mamlakatlari bilan ham ijtimoiy, siyosiy va madaniy aloqalar olib borgani haqida guvohlik beruvchi hujjat sifatida ham muhim ahamiyatga egadir.
Yusuf Tursunov,
filologiya fanlari nomzodi
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2009 yil, 2-son.