Yoxud Alixonto‘ra Sog‘uniy tarjimalari ustidagi o‘ylar
I
Bemor shifo izlaydi. Dunyoda nima ko‘p – bemor ko‘p. Birov jisman bemor, birov esa qalban. Jismi bemorlar shifoni tabobatdan izlasa, qalbi, ruhi behalovatlar kitobdan shifo izlaydilar, deb eskartgan donishmandlar. Ajoyib yozuvchi va tabib Bahodir Murodaliyevda har ikki xastalikni ham davolash qobiliyati bor, deb eshitganimdan u do‘stimizning huzurlariga oshiqdim. Bahodirjon bilan uzoq yillardan buyon salom-aligimiz borligi uchun ochiq chehra bilan kutib oldi. Suhbatimiz qizidi. Hatto kasalimni ham unutdim. Eshitgan edimki, Alixonto‘ra Sog‘uniyning “Shifo ul-ilal” (“Illatlar shifosi”) kitobiga Bahodirjon muharrirlik qilgan. Ana shu kitobning nashr etilish tarixini suhbatdoshimdan so‘radim.
– To‘qsoninchi yillarning boshi edi, – deb esladi Bahodirjon. – Men “Islom nuri” gazetasida bosh muharrir o‘rinbosari vazifasida ishlardim. Sog‘uniy hazratlarining nabiralaridan biri Abdullaxon: “Qo‘limda bir qo‘lyozma bor. Buvamlarning yozgan kitoblari. Nomi “Shifo ul-ilal”. Shu kitobdan gazetada parchalar bersak, qandoq bo‘lar ekan?” – deb qoldi. Men undan o‘sha kitobni olib kelishini so‘radim. Kitob Abdullaxonning otasi Aslxonto‘ra tomonidan kirill yozuviga o‘girilgan ekan. Undan bir qancha bo‘limlarni gazetada bosishga muvaffaq bo‘ldik. Keyinchalik men “Sharq yulduzi” jurnaliga ishga o‘tganimdan keyin kitobni mazkur jurnalning 1996 yil 6-sonida ham chop etdik. Shunday qilib, hazratning ushbu kitobi xalq mulkiga aylandi. Men uchun esa beqiyos qo‘llanma bo‘lib qoldi. Tabobat bilan ilgaritdan shug‘ullanib kelaman. Ammo “Shifo ul-ilal” qo‘limga tekkach, bu sohadagi bilimim yanada oshdi. Kitobning qimmatli tomoni shundaki, unda shifo usullarining barchasi bevosita Sog‘uniy hazratlarining o‘z tajribalaridan olib yozilganidadir. U kishi biron kasallikning shifosi haqida gapirar ekan, falon hakim bunday degan yoki pismadonchi tabib unday degan, deb emas, faqat o‘z tajribalaridan kelib chiqadi. Kitobning so‘z aytish, ifoda uslubini aytmaysizmi! Shunday miyangizga joylab qo‘ya qoladi. O‘zi, hazratning turk, arab, fors tillarini chuqur bilishlari haqida bir rivoyat eshitgan edim. Aytishlaricha, Alixonto‘ra Sog‘uniy huzurlariga Arabistondan bir odam ziyoratga kelibdi. Ziyoratchi o‘zini tanishtirar ekan, Sog‘uniy domla undan: “Arabiston yarim orolining falon viloyatidanmisiz?” – deb so‘rabdi. Ziyoratchi taqsirning o‘zi tug‘ilgan viloyatni aniq aytganidan hayajonga tushib, zo‘rg‘a bosh irg‘abdi, xolos. Suhbat davomida yana Sog‘uniy domla ziyoratchiga qarata o‘sha viloyatning falon nohiyasida tug‘ilgan ko‘rinasiz, deganda ziyoratchining ko‘zlaridan yosh chiqib, taqsirimizning arab tili bilimdoni ekaniga tahsinlar aytgan ekan…
…Mening xayolimdan esa Sog‘uniy hazratlariga taqdirdosh bo‘lgan bir qur odamlar o‘tdi. Yoqubbek Yakvalxo‘jayev bilan “O‘zbekiston madaniyati” (hozirgi “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati”) gazetasida birga ishlashganmiz. Alixonto‘ra Sog‘uniy haqida birinchi marta ana shu Yoqubbek akaning og‘zidan eshitganman. Bu kishining taqdiri ham Sharqiy Turkiston bilan bog‘liq kechgan. Undan “Qaytar dunyo”, “Uch ko‘chaning oxiri” degan romanlar va farzandlar yodgor qoldi.
– Maktabimizning nomi “Namuna” edi, – degan edi o‘shanda Yoqubbek aka. – G‘ulja shahridagi o‘zbek maktablaridan biri. Bizga aytishdiki, ertaga maktabimizga G‘ulja xalqining hurmatli kishisi Alixonto‘ra Sog‘uniy kelar emish. O‘sha yillari biz istiqomat qilayotgan G‘uljadagina emas, Sharqiy Turkistonning boshqa shahar-qishloqlarida ham alg‘ov-dalg‘ov zamonlar edi. Qandaydir qo‘zg‘olonlar yuz berib, har tomondan “Gomindan yo‘q bo‘ldi”, degan gap-so‘zlar eshitilib turar edi. Shaharda bo‘layotgan o‘zgarishlarni biz – bolalar kattalarning xatti-harakatlaridan, uzoqlardan har zamonda eshitilib turgan o‘q ovozlaridan, dasturxonga qo‘yiladigan yeguliklarning tanqis bo‘lib qolganidan ham sezar edik. Bir payt bizning oldimizga o‘rta bo‘y, soqollari kalta qilib kuzalgan, harbiy kiyimdagi odam chiqib keldi. Bu odamning o‘sha payt aytgan gaplarini juda ham uzuq-yuluq eslayman. Masalan: “Bolalarim, dushmanni yurtimizdan quvyapmiz. Bu ishlarning hammasi sizlar uchun, sizning kelajagingiz uchun qilinyapti. Sizlar esa o‘qishlaringiz, bilim olishlaringiz kerak…” O‘sha gaplarning ma’nisini, gap nimada ekanligini mana bugun (70-yillar nazarda tutilyapti. – Yo.X.) tushunib turibmiz. Keyin bilsak, 1944 yilda G‘ulja, Oltoy va Tarbag‘otoy viloyatlarida Xitoyning o‘sha paytdagi hukmron partiyasi gomindonchilarga qarshi inqilob bo‘lib, uning boshida o‘sha bolaligimizda ko‘rganimiz Alixonto‘ra Sog‘uniy hazratlari turgan ekan. Bu odamni Sharqiy Turkistonda hamma bilar va sevar edi. Bu yerda esa hamma ham bilmaydi va hamma ham sevmaydi…
Bahodirjonning: “Yoqubjon aka, eshityapsizmi, asarlarining, qilgan tarjimalarining tilini aytaman. Arablarningki, o‘nlab shevalarini bilgan odam o‘z tilini bilmaydimi?!” – degan xitoblari xayolimni joyiga keltirdi.
Ha, bugungi kelib Alixonto‘ra Sog‘uniyning asarlarini, tarjimalarini ko‘ngillarida o‘zining kimligini, qayerdan kelib, qayoqqa ketayotganini bilish istagi bo‘lgan odamki, bor, hammasi o‘qiyapti, ularning ustida fikr yurityapti. Shu o‘rinda Alixonto‘ra Sog‘uniy haqidagi rasmiy ma’lumotga e’tibor qaratsak: Alixonto‘ra Shokirxo‘ja o‘g‘li Sog‘uniy 1885 yil 21 martda To‘qmoq shahrida tug‘ilgan. Arabiston (Madina)da va Buxoro madrasalarida tahsil olgan. Chor ma’muriyatining yerli aholini mardikorlikka olish siyosatiga qarshi chiqqanligi uchun podsho maxfiy politsiyasi ta’qibida bo‘ldi. 1916 yil qo‘zg‘oloni shafqatsizlarcha bostirilgach, siyosiy muhojir bo‘lib Qashqar (Xitoy)ga ketadi, keyin Sharqiy Turkiston (G‘ulja shahri)ga boradi. Omma orasida hurriyat g‘oyalarini targ‘ib qilganligi sababli 1937 yil Xitoy ma’murlari tomonidan hibsga olinib, umrbod qamoq jazosiga hukm etiladi. 1941 yil adliyaviy taftish natijasida ozod qilinadi. 1944 yil 12 noyabrda Sharqiy Turkiston jumhuriyati e’lon qilinib, Alixonto‘ra Sog‘uniy Muvaqqat inqilobiy hukumat raisligiga saylanadi. Milliy qo‘shin tashabbuskori bo‘lib, unga qo‘mondon etib tayinlanadi. 1946 yil iyunda sho‘ro ayg‘oqchilari tomonidan maxfiy ravishda tazyiq bilan G‘uljadan olib chiqib ketilgan Alixonto‘ra Sog‘uniy umrining oxirigacha Toshkentda yashaydi. Ahmad Donishning “Navodir ul-vaqoye” asarini, Darvish Ali Changiyning “Musiqa” risolasini, shuningdek, “Temur tuzuklari” va boshqa asarlarni tarjima qilgan. Uning “Devoni Sog‘uniy” she’riy to‘plami, “Tarixi Muhammadiy”, “Turkiston qayg‘usi”, “Shifo ul-ilal” (“Xastaliklar davosi”) va boshqa asarlari bor. 1976 yil 28 fevralda Toshkentda vafot etgan. Lekin yuqoridagi asarlar qanday sharoitlarda, qandayin tazyiqlar ostida yozilganini, tarjima qilinganini kam odam biladi. Bu asar va tarjimalar yovuz sovet iskovichlarining nazariga tushib qolishidan xavfsirab, ming tahlikalar, ming bir azob-uqubatlar ostida yaratilganini ko‘pchilik bilarmikan? Yozgan kitoblarini-ku, sovet davrida chop etishni xayollariga ham keltirmagan. Bu kitoblarni yorug‘ kunlarga qanday yetkazishni o‘ylagan, xolos. Ana shunday kunlar, Vatanning zulmdan ozod bo‘ladigan kunlarini intiqlik bilan kutgan va bunga ishongan. Vatanning bir kun albatta ozod bo‘lishini xayoliga ham keltirmagan qancha odamlar esa o‘z tuyg‘ularini, balki oltin fikrlarini o‘zlari bilan olib ketishdi… Alixonto‘ra Sog‘uniy esa bir kun albatta Vatanning zulmdan ozod bo‘lishini butun vujudi, borliq-shuuri bilan anglar edi. Shu bois ham u o‘zining “insonparast”ligidan qaytmadi. U hatto tug‘ilgan yurtidan judo bo‘lib, qochqinga aylanib, Tangritog‘ dovonlarida sargardon yurgan chog‘larida ham yozdi. Masalan, “Shifo ul-ilal” kitobi, ma’lumotlarga ko‘ra, 1937 yil iyun oylarida Sharqiy Turkistonning G‘ulja shahrida, Kunas tog‘larida – Toyoshuv, Qo‘yoshuv degan yerlarda qirg‘iz birodarlarining orasida yozilgan.
Ozodlik Alixonto‘ra Sog‘uniy uchun nafaqat Sharqiy Turkistonda, o‘z Vatanida ham hayot-mamot masalasi bo‘lib qolaverdi. Agar Sharqiy Turkistonda ozodlik uchun qo‘lda qurol bilan kurashgan bo‘lsa, Vatanga kelgach, so‘z bilan kurashdi. Ana shu yo‘lda “Tarixiy Muhammadiy”, “Turkiston qayg‘usi” kitoblarini yozdi. “Yozdi” degan so‘z bu o‘rinda juda ham yengil tuyuladi. Alixonto‘ra Sog‘uniy bu kitoblarni, jumladan, Amir Temurning “Temur tuzuklari”, Ahmad Donishning “Navodir ul-vaqoye” asarlarini jonini garovga qo‘yib, ozodlik uchun tinib-tinchimagan yuragining qoni bilan yozdi, tarjima qildi. Zero, bu asarlarning barchasi yerga urilayotgan inson sha’ni, qadr-qimmati himoyasi uchun bitilgan va tarjima qilingan edi. U nafaqat o‘zi yozgan asarlarda, shuningdek, tarjimalarida ham ruhi talab qilgan mavzularni qalamga oldi. Zotan, u yaratilishidayoq ilohiy talab ahlininig muhibi edi.
Yaqinda Ahmad Donishning “Navodir ul-vaqoye” kitobini qayta o‘qib chiqdim. Kitob “Fan” nashriyoti tomonidan 1964 yilda chop qilingan. Ichki sahifada fors-tojikchadan A.Hamroyev va A.Shokirov tarjimasi deb yozib qo‘yilibdi. “So‘z boshi o‘rnida” deb berilgan maqolada shularni o‘qiymiz: “Navodir ul-vaqoye”ni forscha-tojikchadan o‘zbek tiliga tarjima qilish va uni nashrga tayyorlash ishlari O‘zSSR Fanlar akademiyasi Filosofiya va huquq institutining ijtimoiy-falsafiy fikrlar tarixi sektorida bajarildi. Uni Ali Shokirov va tarix fanlari kandidati, dotsent Abdurahmon Hamroyev tarjima qildilar. Kitob shu asarning Buxoroda ko‘chirilgan va hozir O‘zSSR Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti qo‘lyozmalar fondida saqlanayotgan (inv. № 4266) nusxasidan tarjima qilindi…”
Shu orada Sog‘uniy domlaning nevarasi Ravshan Shokirov bilan uchrashib qoldik. U bundan bir qancha vaqt ilgari Darvesh Ali Changiyning bobosi tarjima qilgan “Musiqa risolasi”ni izlab yurib san’atshunoslik institutida bo‘lgani va 60-yillarning boshida institut direktori Fayzulla Karomatov taklifi bilan bobosi bu dargohda forscha, arabcha matnlarni o‘qish bo‘yicha maslahatchi (konsultant) bo‘lganini aniqlaganini aytib berdi (Bu masalaga keyinroq qaytamiz. – Yo.X.). Demak, Sog‘uniy domla o‘z paytida konsultantlik ham qilgan. Balki taqsirni “Navodir ul-vaqoye” tarjimasiga konsultantlik qilib yurgan paytlarida kimdir jalb qilgandir, degan fikrga ham bordik. Ammo bunday bo‘lib chiqmadi. “Navodir ul-vaqoye”ni Alixonto‘ra Sog‘uniy 1960 yildan oldinroq tarjima qilib taxlab qo‘ygan ekan. Bu “sir”ni ancha so‘rab-surishtirishlardan keyin o‘zining nabirasi Abdullaxon Shokirovdan bildik. Uning shaxsiy kutubxonasida “Navodir ul-vaqoye”ning domlaning qo‘lyozmasidan oqqa ko‘chirilgan eski o‘zbek yozuvidagi nusxasi mavjudligi ma’lum bo‘ldi. Ammo bu nusxaning oxiridan bir daftari yo‘qolgan. Mazkur nusxa uzoq yillar O‘zbekiston diniy nazorat idorasi kutubxonasida ishlab kelgan Nodirxon Alouddinov tomonidan oqqa ko‘chirilgan. Mana o‘sha kitobdan parcha:
“… 1960 yil 6 sentyabr kuni Alixonto‘ra janoblari olib kelib, muftiy hazratlariga ko‘rsatganlarida nusxa olish uchun faqirg‘a havola etganlar.
Xatim yo‘qdir va lekin xizmatim bor,
Kelur qo‘ldan ko‘tarsam g‘ayratim bor.
Ulul amr o‘lsa, har kim qilsa farmon,
Faroyizdan o‘lur deb niyatim bor.
Mabodo ba’zi yerda bo‘lsa yanglish,
Tuzatur yaxshilar deb himmatim bor.
(She’r va yuqoridagi so‘zlar xattotning qalamiga mansub. – Yo.X.)
Bismillahir rohmanir rohiym.
Navodir ul-vaqoye
…Men buxorolik Nosir o‘g‘li Ahmad Abubakr avlodlaridandirman. Yoshlig‘imdan beri, bu keng jahonga ko‘z ochgan kunimdan boshlab, zamona ahllari qiziqqan ortiqcha ziynatli kiyim, naqshli salladan yuz o‘girib, ilm axtarib, kitob yozish, tahrir qilish kabi qalam yuritish ishlari bilan qiziqdim. O‘zim topgan foydalik ilmlarim va ilm ahillarining dasturxonlaridan terib olgan hikmatli so‘zlarning yakuni idrokim xazinasida to‘plangan edi. Agarda biror masalada ko‘nglimg‘a shubha tushsa, uni o‘zim o‘ylab, ko‘nglimdan dalillar axtarib, hal qilar edim. Bu to‘g‘rida biror kishidan so‘rab unga murojaat qilmas edim. Har kimdan har bir (biron-bir) hikmatlik so‘zni eshitsam, agarda ul qisqa bo‘lsa, kengaytirib, ortiqcha uzun bo‘lsa, qisqartirib yozar edim. Har bir so‘z, har bir ishning haqiqatini (tubini) axtarib, unga yuzaki qaramas edim. Zamona ahli bunday ishlarga qobiliyatsiz bo‘lganlari holda men o‘zim ana shu ishlar bilan shug‘ullandim. Shunga ko‘ra bir qancha ilmiy hangoma va rivoyatlar hamda eshitgan va ko‘rgan narsalarim qog‘oz parchalarida yozilib to‘plandi. U yozgan narsalarimni ko‘rgan zamondoshlarim taajjublanib olib o‘qir edilar va yana qaytarib berar edilar. Chunki ilm va hunar bozori ichki va tashqi bir qancha sabablarga ko‘ra kasodlikka uchragan edi. Zamona ahillari esa kitob yozmoq, ilm to‘plash kabi ishlarning vaqti o‘tgan deb gumon qilardilar. Bu ishni qilish uchun kashf etish kuchiga ega bo‘lish kerak. Bu ikki sifat topilmasa, kitob yozish mumkin emas, deyardilar, holbuki, Eron, Istanbul, Farangiston mamlakatlarida har yili turli fanlar sohalarida besh yuzdan ortiq kitoblar yoziladi. Bu kitoblarning yozuvchilari va ularni atab yozgan podshohlari bu kunda ham tirikdurlar. Zamondoshlarimiz u kitoblarni ko‘rmaydilar va eshitganlariga ishonmaydilar. Balki o‘zlari yashagan yerdan boshqa yerlarga ham ishonmaydilar. Sahifalarda yozilgan narsalarni topsalar, u asossiz kuch bo‘lsa ham, qat’iy dalil shu deb gumon qiladilar. Qo‘llarida bo‘lgan kitoblardan boshqalarini yolg‘on va g‘alat deb biladilar. Shuning uchun bu shaharlarning ko‘proq olimlari bu ishga shug‘ullanishini miyasi ayniganlikka yo‘yib, bu kitobni yozuvchiga dushman bo‘lib, qarshilik qiladilar. Bu yolg‘on so‘z, buni boshqalar vositasi bilan to‘plagan, deyardilar. Agar mening so‘zlarimda hikmatli, baland ma’noga ega so‘zlarni uchratar ekanlar, agarda olim bo‘lsalar, hasad yuzasidan ranglari o‘char edi. Olim bo‘lmaganlari bu hikmatli so‘zlarni butunlay inkor qilardilar. Chunki mening ust-boshim na olimga, na johilga o‘xshar edi. Ulamolar qatoriga kirish uchun o‘zimga oro beradigan salla va soqol tarog‘im yo‘q, johillar safiga o‘tish uchun belbog‘ bilan osgan pichog‘im yo‘q edi. Chunki zamona ahillarining qilgan ishlari mening nazarimda pisand emas edi. Ularning hech qaysi harakatlari menga yoqmas edi. Juda ko‘nglim olinib, yuragim torayib ketganda qayg‘u-alamlarimni chiqarish uchun do‘stlarim yoniga qalam ko‘tarib kelib, qog‘oz yuzini qoralash bilan shug‘ullanar edim. Bu qog‘oz qoralashlarimdan oydin-ravshan ma’nolar kelib chiqar edi. Boshqa kitob yozuvchilar pokiza joy, xilvat o‘rin axtarganlari holda men ko‘pchilik o‘rtasida, xarobotlar ichida, mozor va qabristonlarda o‘rtoqlarim huzurida bo‘lganimda oliy ma’nolar, yaxshiroq asarlar topar edim.
Birovlarning fahmi yetmay mening yozganlarimni foydasiz deyar ekanlar, bundan menga nima g‘am? Chunki mening qalamim shavqning naqqoshidir. Olloh taolo koinotni yaratdi, unda to‘ng‘iz va itning bo‘lishi Ollohga ziyonsizdir. Xulosa, mening mizojimni bilganlar shu yozilgan tarqoq varaqlarni tartibga keltirilmagan ko‘rib, iltimos qildilar: agarda bu yozilgan narsalar shu holda qolsa, shamolga sovrilar, o‘tga tushib yonar, suvga oqib ketar. Shunga o‘xshash biror ofatlarga uchrar. Shuning uchun yozganlaringni boshqalarning yozganlaridan ajratib, bir to‘plam qilib, kitob holiga keltirgin. Sendin shu qoladi, do‘stlaring uchun esdalik bo‘ladi. Yo‘qligingda bor bo‘lib, o‘lganingda tirilasan, dedilar. Buni anglab, ilojsiz, yozganlarimni do‘stlarimning xotiri deb, tarqoq holdan kitob qilib yozdim, bu kitob – navodir ul-vaqoye. Chunki bu kitobda yozilgan har qaysi hikoya biror sababga bog‘langandur. Har bir hikoyani yozish oldida o‘tgan uning sababi bordir. O‘sha qissadan keyin unga sababini ko‘rsatib yoziladi. Har yaxshilikka Olloh yordam berguvchidir”.
Endi 1964 yilda “Fan” nashriyoti tomonidan mutarjimlar A.Hamroyev va A.Shokirovlar qalamiga mansub “hashar” tarjimani ko‘rib chiqamiz. O‘quvchilarning zerikib qolmasliklari uchun solishtirish zaruriyati tufayli yuqoridagi Alixonto‘ra Sog‘uniy qalamiga mansub parchaga mutanosib ravishda “hashar” tarjimaning faqat birinchi va oxirgi xatboshilarini keltiramiz:
“Xudoni ulug‘lab, Muhammadga rahmatlar aytganimdan so‘ng, men buxorolik Nosir o‘g‘li Ahmad Abu Bakr avlodidandirman. Yoshligimdan boshlab zamona ahllari qiziqqan ortiqcha ziynatli kiyim, nashqli salladan yuz o‘girib, ilm axtardim, kitob yozish, tahrir qilish kabi qalam yuritish ishlari bilan qiziqdim. O‘zim topgan foydali ilmlarim va ilm ahillarining dasturxonlaridan terib olganim hikmatli so‘zlarining yakuni idrokim xazinasida to‘plangan edi.
…Mening mizojimni bilganlar shu yozilgan tarqoq varaqlarni, tartibga kiritilmagan hikoyalarni ko‘rib: “Agarda bu yozilgan narsalar shunday qolsa, shamolga sovrilur, o‘tga tushib yonar, suvga oqib ketur; shuning uchun o‘z yozganlaringni boshqalarning so‘zlaridan ajratib, bir to‘plam qilib, kitob holiga kiritgin, sendan shu qoladi, do‘stlaring uchun esdalik bo‘ladi, yo‘qligingda bor bo‘lib, o‘lganingda tirilasan”, dedilar. Yozganlarimni do‘stlarimning xotiri deb tarqoq holdan kitobga aylantirdim. Bu kitobga “Navodir ul-vaqoye” deb nom berdim…”
O‘quvchiga shuni uqtirib qo‘yishimiz lozimki, bizning maqsadimiz asliyat bilan tarjima orasidagi farqni tadqiq etish emas. Bu ishni daqiq fikrlovchi tarjimashunoslarning bajargani ma’qul. Yuqorida Alixonto‘ra Sog‘uniy qo‘lyozmasidagi oqqa ko‘chirilgan matn bilan “hashar” tarjimadagi matnlarni solishtirishdan maqsad esa ular orasidagi farqni aniqlashdir. Farq esa, ko‘rib turganingizdek, olib tashlangan jumlalarni va Olloh hamda uning Rasuliga yo‘llangan salomlardagi noqislikni aytmasa, qolgani hammasi, muharrirning bir chiziq tortishi bilan yuzaga kelgan farqlardir. Demoqchimizki, “hashar” tarjimaga Alixonto‘ra Sog‘uniy matni asos qilib olingan. Ayrim jumlalarni olib tashlash yoki qo‘shish, o‘zgartirish, bu – muharrirning vazifasi. Savol tug‘iladi: shunday ekan, kitob “hashar” qilinmasdan, o‘sha asos matn to‘liq holda chop etilsa bo‘lmasmidi?
Hamma gap ana shunda! Bo‘lmas edi! Axir qandoq qilib bo‘lsinki, “Xitoydan kelgan tabib”, “Sovet razvedkachisi”, “Naqd Stalinning o‘zi bilan aloqada bo‘lgan marshal”, “Xitoylik poshsho”ning bunday mas’ul ishni bajarishga bir o‘zi qo‘yib qo‘yilsa?! Biz “Navodir ul-vaqoye”ning tarjimasida ishtirok etgan, unga mehnati singgan marhum olim Abdurahmon Hamroyevga malomat qilmoqchi emasmiz. Aksincha, bu odamni Olloh rahmat qilsin! Qilgan mehnatlari borgan joylarida savobi tavfiq bo‘lib, jannatlardan ato etishiga yordam bersin! U kishidan qolgan avlodlarning umri va rizqlariga baraka tilab qolamiz. Biz sobiq sovet tuzumiga va bu tuzumning qatag‘on mashinasini harakatga keltirgan kattadan-kichik odamlarga malomat qilamiz. Zotan, Alixonto‘ra Sog‘uniy so‘zi bilan aytganda, “… o‘z Vatanini boshqalar tasarrufiga qoldirib, ikki dunyosidan ajrab xorlik bilan yashagan yolg‘on musulmonlardan ilm, fan, madaniyatni o‘zlashtirib, butun huquqlariga ega bo‘lgan kofirlar, albatta, ortiqdur”[1].
Ana shunday musulmonlardan bo‘lib qolmaslik uchun u ming xavf bilan qilgan tarjimalarini “A.Shokirov” imzosi bilan o‘zi qilgan ishni boshqaga sherik bo‘lib yuzaga chiqarishga ham rozi bo‘ldi. Chunki “Navodir ul-vaqoye”dagi voqealar, fikrlar, g‘oyalar uning ham butun umri davomida qiynab kelayotgan dardlar bilan hamohang edi. Alixonto‘ra Sog‘uniy agar shu kitob o‘zbek tilida chop etilib, el huzuriga yetib borsa, o‘sha “A.Shokirov” degan imzodan voz kechishga ham tayyor edi. Uning himmati mana shunday baland edi. Zotan, donishmandlarning aytishlaricha, ba’zi birovning himmati shunday balanddirki, tamom olam uning himmat ko‘zi oldida tariqcha ko‘rinmaydi; bu foniy dunyoning zebu ziynatlariga ko‘z solmaydi. Alixonto‘ra Sog‘uniy ana shunday oliy darajani topish uchun yo‘lga chiqqan talab ahlidan edi. Shu o‘rinda u kishining farzandi arjumandi Qutlug‘xonto‘ra Shokirov – Ediqut aytgan bir xotiraning joyi kelib qoldi: “Otamiz rahmdil bo‘lib, kek saqlamas edilar. Bir misol. O‘sha 1938 yilda otamizni tutib, ortlariga mauzer nuqib qamoqqa topshirgan ayg‘oqchi “Uch viloyat inqilobi” vaqtida qo‘lga tushadi. Sud uni o‘limga hukm qilib, xaloyiq “Alqasosul minal haq!” deb turganda otamiz afv qilganlar. “Besh bolasi yetim qolmasin, yana buni onasi tuqqanida yaxshi niyat bilan Muhammad deb ism qo‘ygan ekan”, deb dalil keltirgan ekanlar…” Yoki boshqa bir misol. “Sodiqov degan ToshMIning bir professori, – deb yozadi domlaning nabirasi Bahmanyor Shokirov “Tarixi Muhammadiy” kitobi qavatida bosilgan xotiralarida, – Bobomizga qadimgi bir qo‘lyozma ko‘tarib keladi. Uni o‘qishga hali hech kimning tishi o‘tmagan ekan. Bobomiz forsiyda yozilgan salkam uch yuz yillik mazkur qo‘lyozma tibbiy asar ekanligini aytib, uni darhol arabchaga va turkiyga o‘girdilar va u kishiga qaytib berdilar. Janob professor darhol taqriz yozib, asarning u yer-bu yerini “tuzatgan” bo‘lib, o‘zining nomidan chop etibdi. Voqeadan xabardor bir shogirdlari Bobomizning oldilariga kelib: “Anavi professor qo‘lyozmani kattagina broshyura qilib, faqat o‘z nomidan chiqaribdi. Sizning nomingizni hatto tilga ham olmabdi”, – deganida Bobomiz xursand bo‘lib, “Ha, barakalla, kitob qilibdimi, a, necha ming dona kitob qilib bosibdi, xalq o‘qiydigan bo‘libdi-da, baraka topsin!” – degan edilar”.
Alixonto‘ra Sog‘uniy hayotida uchraydigan yuqoridagi kabi hodisalar xususida eshitib yoki o‘qiganda bir xayol kishini o‘yga toldiradi. Aytaylik, o‘sha “Navodir ul-vaqoye”ning hammutarjimi rahmatlik Abdurahmon Hamroyev ham, ToshMI professori Sodiqov va ularga o‘xshagan juda ko‘p kishilar Sog‘uniy domlaning nazari tushgan yoki u tomonidan tarjima qilingan yoki bo‘lmasa izohlar berilgan matnlarga o‘zlari istaganlari holda hammuallif bo‘lgan yoki domlaning ishtirokini qayd qilmaganlar, deb o‘ylamayman. O‘sha Abdurahmon aka “Navodir ul-vaqoye”da tarjimon sifatida faqat domlaning nomini yozishni, professor Sodiqov esa salkam uch yuz yillik qo‘lyozmani hech bo‘lmasa Alixonto‘ra Sog‘uniy yordamida o‘qishga muyassar bo‘ldik, deb o‘z kitobida qayd qilishni juda-juda xohlashgan… Buni faqat sho‘ro siyosati va bu siyosatni qo‘riqlovchi KGB hamda ularning ko‘rsatmalarini bajaruvchi rahbarlar xohlashmas edi. Bir joyda Bahmanyor Shokirov to‘g‘ri ta’kidlaganidek, ular Alixonto‘raning nomini matbuotda tilga olishdan qo‘rqardilar. Shu bois toki O‘zbekiston mustaqil bo‘lmaguncha, uning asosiy asarlari chop etilmadi. Tarjimalarda esa imzolari “Ali Shokirov” yoki “Alixon Sog‘uniy” tarzida berildi.
Alixonto‘ra Sog‘uniy sobir odam edi. Sho‘rolar va boshqa istibdod hukumatlari tomonidan xalqi, Vatanining kamsitilishiga chidamadi: birda qurol bilan, birda qalam bilan jang qildi. Ammo o‘zining kamsitilishiga chidadi va sabr qildi…
II
Nafaqat o‘zining avlodlari, shuningdek, butun o‘zbek xalqi faxrlansa arziydigan yana bir jasorat ko‘rsatdi Alixonto‘ra Sog‘uniy. Bu jasorat sho‘ro hokimiyatining ayni zabtiga olgan, inson huquqlarini kamsitayotgan, oddiy mehnatkashga berayotgan bir burda noni uchun uning butun kuch-quvvatini, ustlaridan butifoslar sochib sog‘lig‘ini so‘rib olayotgan davriga to‘g‘ri keldi. Yana shuni ham e’tibordan soqit qilmaslik kerakki, o‘sha paytda Sog‘uniy jasoratiga hamohang yana bir qur dovyurak insonlar yuz ko‘rsatdiki, ularni ham unutib bo‘lmaydi. Bu jasorat va dovyuraklik 1967 yili Amir Temur Ko‘ragonning “Temur tuzuklari” asari “Guliston” jurnalida chop etilishida o‘zini namoyon qildi. Bu voqeani, nazarimda, faqat Boltiq bo‘yi respublikalarida va Rossiyada o‘sha paytlarda endi kurtak yozayotgan dissidentlik harakati bilangina qiyoslash mumkin. Albatta, 60-yillar shabadasining ham ta’siri yo‘q emasdi.
“Guliston” jurnalining 1967 yil 1-sonida “Temur tuzuklari” chop etilgach, nafaqat tahririyat, ayni paytda birinchi navbatda O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy qo‘mitasi xodimlari o‘z halovatlarini yo‘qotdilar. Bu “balo” (ular uchun aynan balo edi)ning qayerdan, kim tomonidan paydo bo‘lganini aniqlash uchun telefonlar tinimsiz jiringlar, kurerlar xonama-xona izg‘ir, jurnal xodimlari turli “eshiklar” ostonasida muntazir va hokazo. Urush ko‘rgan, turmushning juda ko‘p achchiq-chuchuklarini totib, oxirida haqiqat yo‘lida fido bo‘lishdan boshqa hamma narsa ikki pulga qimmat ekaniga iqror bo‘lgan harbiy yozuvchi, jurnalning bosh muharriri Ibrohim Rahim ham dastlab bu to‘s-to‘polondan o‘zini yo‘qotayozdi. Axir yuz yildan ortiq davr mobaynida “bosqinchi”, “zolim”, “kallalardan minora yasagan qonxo‘r” deya tavsif berib kelingan odamni bir kunda oqlashning o‘zi bo‘ladimi?! Ammo Ibrohim aka tezda o‘zini o‘nglab oldi va jamoani ham jipslashishga da’vat etdi. Shohidlarning guvohlik berishlaricha, jurnalning har soni chiqqanida tahririyatga “zambarak”ning o‘qi otilar edi. Telefonda Markazqo‘mdagi mas’ul xodimning: “Bu zormanda qachon tugaydi?!” – degan dag‘dag‘ali ovozi kelganda tahririyatda suv quygandek jimlik hukmron bo‘lar edi. Hamma bir-birlariga ovoz sohibining kimligini aytmoqchi bo‘lgandek im qoqishardi.
“Temur tuzuklari”ning oxirgi qismi jurnalning sentyabr sonida tugallanishi lozim edi. Ammo Markazqo‘m mas’ul xodimining har gal do‘q-po‘pisa bilan: “Bas qilinglar o‘shani, to‘ydirib yubordinglar!” – deyishlari tufayli “Temur tuzuklari” oynomada to‘laligicha bosilmay, to‘xtab qoladi…
…O‘tgan asrning 80-yillari edi, o‘shanda. “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasida sayyor muxbir edim. Gazetaning topshirig‘i bilan Andijonga yo‘lim tushdi. Andijonda esa Abduxalil Qoraboyev, Qamchibek Kenja, Ismoil To‘lak, Sotvoldi Rajabov kabi do‘stlarimiz bor. Ularning aksariyati bilan Toshkent shahrida birga ishlaganmiz. Do‘stlar bilan shoir Ismoil To‘lakning (uni Xudo rahmat qilsin) uyida uchrashadigan bo‘ldik. Uning hovlisi shunday Yangibozorning to‘g‘risidagi mahallada edi. Aytilgan paytda to‘plandik. Havo ancha sovuq bo‘lgani uchun Ismoil To‘lakning turmush o‘rtog‘i Zulayho pechkalarni gurillatib yoqib qo‘ygan ekan. Men uyga kirganimda xonada Abduxalil Qoraboyev, Ismoilning o‘zi va yana bir odam bor ekan. So‘rashiboq bu odamni tanidim. U mashhur jurnalist Rustam Rahmon edi. Rustam akaning radiolarda ovozini eshitib, televizorda ko‘rgan bo‘lsam ham o‘zi bilan baqamti kelmagandim. Andijonga har borganda “Bu safar albatta Rustam aka bilan tanishib qaytaman”, deb niyat qilar edimu, biroq nasib etmagandi. Chunki Rustam Rahmon Respublika radiosining Andijon viloyati muxbiri bo‘lib, doim yo‘lda edi… Esimda, bir safar Rustam Rahmonni Abduxalil aka bilan (Abduxalil aka “Qishloq haqiqati” gazetasining viloyat muxbiri edi) kech soat o‘ngacha kutganmiz, ammo ustoz hali ham Bo‘zdan qaytmagan ekan…
Xullas, Ismoilnikida Rustam Rahmonni ko‘rib, ichimdan quvondim. Qo‘l olishib ulgurmay Abduxalil aka so‘z qotdi:
– Rustam aka, ho‘ o‘shanda bir yigit sizni yarim kechagacha kutib, kelmaganingizdan so‘ng Toshkentga qaytib ketdi, deganim yodingizdami? Yoqubjon – o‘sha yigit, – deb tanishtirdi.
Rustam aka “ha, ha esimda” deb men bilan quyuq so‘rashdi. Bir zamondan keyin esa “Qani, Toshkentdan gapiring”, deb kuldi. Men ham joyi kelib qoldi, deb:
– Toshkentdan sizlar gapirasizlar-da, – dedim uning radio muxbiri ekaniga ishora qilib. Kulishdik. Rustam aka bir paytlar O‘zbekiston radiosida “Yoshlik” radiostantsiyasi tashkil etilgan paytlarni, O‘lmas Umarbekov, Sa’dulla Siyoyev, yana kimlarnidir esladi. Ularning sog‘-salomatliklari haqida so‘radi. Suhbat orasida bildimki, o‘tirgan uyimiz asli Rustam Rahmonning uyi ekan. Keyinchalik do‘stlarimizdan biri “Shayx Sa’diy yorning bir dona xoli uchun Samarqand bilan Buxoroni berib yuborganidek, Rustam aka ham jiyani Ismoil To‘lakning she’rlariga shahardagi uyini tuhfa qilgan”, deb lutf etgan edi. Bu haqda eshitib Rustam akaga nafaqat bilimdon, dovyurak jurnalist, ayni paytda saxiy, odamgarchiligi ulug‘ odam sifatida yanada mehrim oshdi…
Suhbatimiz juda qizidi. O‘z-o‘zidan gap aylanib, Rustam Rahmonning (uni Xudo rahmat qilib, joylari jannatdan bo‘lsin) “Guliston” jurnalida ishlagan yillari va albatta “Temur tuzuklari”ning chop etilishi masalasiga to‘xtaldi. Shunda Rustam aka bu voqeani qisqa qilib so‘zlab berdi:
– Qaytadan tashkil bo‘layotgan “Guliston” jurnaliga shu paytgacha “Qizil O‘zbekiston” gazetasida bosh redaktor bo‘lib ishlab kelgan Ibrohim Rahim bosh muharrir etib tayinlandi. U kishi gazetada birga ishlagan bir necha jurnalistni, shu jumladan, meni ham ishga chaqirdi. O‘tdik. Ibrohim aka bizning oldimizga “o‘qishli”, “jurnalxonlar qidirib o‘qiydigan” materiallar tayyorlashni vazifa qilib qo‘ydi. Nima demaylik, o‘sha yillari 60-yillar boshida Moskvadan turib esgan iliq shamollarning hali shabadasi bor edi. Muharririyatimizga dardi ichida bo‘lgan ziyoli kishilar murojaat qilib turishar edi. O‘shalardan biri faylasuf olim, “O‘zbek taomlari” kitobining muallifi Karim Mahmudov edi. U kishi bir kuni redaktsiyaga kelib: “Alixonto‘ra Sog‘uniy degan olim “Temur tuzuklari”ni tarjima qilibdi. Shuni bersanglar qanday bo‘larkan?” dedi. Bosh muharrir ruxsati bilan Sog‘uniy domla huzuriga bordik. U odamning uylari Sebzor dahasida ekan. Karim aka bilan uzun-qisqa bo‘lib, tor yo‘laklardan o‘tib, bir hovliga kirdik. Chapda bir qadar ko‘tarib qurilgan eshik-romli uy, o‘ngda esa bir nechta pastqam uylar. Yana bir hujraga o‘xshagan uycha ko‘zga tashlandi. Domla bizni o‘sha hujraga boshladilar. Xonadon egasi sakson yoshlardagi nihoyatda istarali kishi ekan, bizni elektr plita bilan isitiladigan sandal atrofiga taklif qildi.
Muddaomizni eshitgach, o‘rnidan dadil turib, tashqariga yo‘naldi va qo‘lida oq durraga o‘ralgan narsa bilan qaytib kirib, uni oldimizga qo‘ydi:
– Sizlar so‘ragan narsa shu. Amir Temirning o‘z qo‘li bilan yozilgan yodgorlik. Lekin buni sizlarga berib yubormayman. Bu kitobni ilgari ham tarjima qilgan edim. Ammo yo‘qotdim. Shuning uchun mana shu sandal ustida, ko‘z oldimda o‘rus harfiga ko‘chirib olsanglar, berishga men roziman, – dedilar ochiq chehra bilan.
Bo‘lib o‘tgan voqeani Ibrohim akaga yetkazganimdan keyin, u kishi: “Bu ishni endi o‘zingiz bajarasiz. Hamma narsani tashlab shu bilan shug‘ullaning”, dedi menga qarab.
Kitobni ko‘chirish jarayonida biz domla bilan ota-bola bo‘lib qoldik. U kishi menga 20–30-yillarda sovet qamoqlarida chekkan azoblari, o‘g‘ridan qutuldim deb Xitoyga qochib, kazzobga uchraganlari, G‘ulja va yana uch viloyatda Sharqiy Turkiston Respublikasini tashkil qilishgani, bu yo‘lda olib borilgan janglar, sovet josuslari tomonidan Toshkentga o‘g‘irlab olib kelingani haqida ko‘p voqealarni so‘zlab berdi. E, u odamning ko‘rgan azob-uqubatlari tuganmas edi, go‘yo…
Shu joyda Rustam Rahmonning ham Alixonto‘ra Sog‘uniy ahvoliga tushib qolgan paytlarini eslab o‘tish o‘rinli, deb bildim. Yozuvchi Shodmon Otabekning “Adabiyot qismatdir” kitobida bu yozuvchining millatparvarligi haqida shunday misol keltiriladi: “… Rustam aka yozgan bir kinostsenariy muhokama qilinayotganda kimdir “stsenariy umuman olganda durust yozilgan, faqat Moskvadan tajribaliroq bir muallifni asarga sherik qilish kerak”, deydi. Tabiatan ko‘ngli ochiq, dilidagini shartta tiliga chiqarib qo‘ya qoladigan Rustam aka bu adolatsiz talabga chiday olmaydi. “Axir qachongacha “katta og‘alarimiz”ni mingashtirib yuramiz? Nima, biz millat sifatida o‘zimiz mustaqil bir ish qilolmaymizmi? Bu hol yana qachongacha davom etadi?” – deya e’tiroz bildiradi. “Tilga ehtiyotsiz” bo‘lgani Rustam akaga qimmatga tushadi. Viloyatning “Kommunist” gazetasida Rustam akani millatchilikda ayblab feleton bosiladi. Talay iztiroblar, ko‘ngilsizliklardan keyin, Ibrohim Rahim kabi ustozlarning aralashuvi tufayli feleton noto‘g‘ri deb topiladi, uni bosib chiqargan bosh muharrir ishdan chetlashtiriladi…”
Ollohning o‘zi chevar. “Temur tuzuklari”dek bir tarixiy yodgorlikni o‘z egasi – xalqqa yetkazishda ikki bir mungliq qalbning boshini qovushtirishda ham bir hikmat bordir, balki…
Mening Rustam Rahmon bilan uchrashishdan maqsadim ham undan “Temur tuzuklari”ni jurnalda chop etish bilan bog‘liq voqealar haqida so‘rash edi. Chunki oradan 10-15 yil vaqt o‘tgan bo‘lsa ham, u haqdagi gap-so‘zlar unda-munda chiqib qolar edi. Bunday chog‘larda Ibrohim Rahimning qo‘rqmasligi-yu Rustam Rahmonning eski qo‘lyozmalarni yaxshi tushunadigan bir domladan ustida turib tarjima qildirib kelgani haqida gap ketar edi. To‘g‘risini aytganda, “Tuzuklar” chop etilgan jurnalni ko‘pchilik to‘la o‘qimagan bo‘lsa-da, ammo uning atrofida gap-so‘z ko‘p bo‘lar edi. Aslida bu xalqimizning tabiatiga xos odat. Nima qilaman yashirib, mening o‘zim ham o‘shanday davralardagi gaplarni eshitib, “Sharq” nashriyoti kutubxonasidagi “Guliston” jurnalining taxlamidan uzuq-yuluq sahifalarnigina o‘qigan edim. Kitobxonlarning yirtib-sirtib olganidan qolgan o‘sha sahifalar ham kishida katta taassurot qoldirardi… Men Alixonto‘ra Sog‘uniy haqida Yoqubbek akadan eshitganim boismi, dastlab ko‘zim uning “Tarjimondan” degan inshosiga tushdi. Mana o‘sha maqola:
“Tarjimondan
Hozirgi tarixdan ming yillab ilgariyoq madaniyat olamida ko‘plab hissalari qo‘shilgan, butun inson nasliga foyda yetkazarlik ilmiy asarlar qoldirgan Forobiy, Beruniy, Ibn Sino kabi ulug‘ olimlar ersa shu yurtimizda tug‘ilmishdirlar. Shunga o‘xshash butun dunyoga dong‘i chiqqan, tarixlarda doston bo‘lgan Temur kabi jahongir ham O‘rta Osiyodan chiqmishdir.
O‘zbekistonimizda o‘tgan ulug‘ olimlar, ustodlar tarixiy taraqqiyotlar orqali endigina yuzaga chiqib tanilayotgan bo‘lsalar ham, haligacha ochilmay, ko‘milib yotqon tarixiy sharaflarimiz yana ham ko‘pdir. Buning birdan-bir sabablari esa butun tarix kitoblarimiz arabcha, forscha tillarda bo‘lib, o‘z tilimiz o‘zbekcha yozilgan kitoblarimizning kamligidir. Bunday bo‘lgach, Temur tarixini va boshqa tarixiy ishlarimizni bilishga qiziqqan anchagina yosh O‘zbekiston olimlari hozircha Ovrupo tillarida yozilgan tarix kitoblarni o‘qishga majbur bo‘ladilar. Bulardagi so‘zlar esa qo‘ldan-qo‘lga, tildan-tilga ko‘chirilib kelganlikdan haqiqat qorong‘ulashib, kishi ko‘nglini qondurguday ilmiy qanoat bera olmaydi.
Biz ko‘rgan arabcha, forscha, turkcha kitoblarda Temur ustida har turli so‘zni yozadilar. Ularning qaysi birlari uni boshiga ko‘tarib maqtasalar, ba’zilari uni yerga uradilar. Yigirma yetti poytaxtli yerni o‘ziga bo‘ysundirgan lashkarboshi mazkur kitobda o‘zining butun qilgan ishlarini qisqacha aytib o‘tganidan so‘ngra o‘z saltanatini saqlash uchun bolalariga qo‘llanma bo‘lg‘udek harbiy-siyosiy yosollarini qurib ko‘rsatib, uni “Temur tuzuklari” deb atamishdir. Aslida esa bu kitob Temurning o‘z qalami bilan o‘zbekcha yozilgan bo‘lsa ham, bunga uning merosxo‘rlari ega bo‘la olmaganlar. Eshitishimizcha, bu kitobning asl nusxasi London kutubxonasida saqlanarmish. Toshkent Diniy nazorati kitobxonasida bundan bir nusxa borligini anglab, uni ko‘rishga qattiq qiziqdim. Qarasam, u oltin kitob o‘z asli o‘zbek tilidan forschaga ko‘chirilgach, o‘z ma’nosini yo‘qotmagan bo‘lsa ham, o‘zbeklik haybatidan ajramish edi. Buni o‘qigach, Navoiyning “Muhokamat ul-lug‘atayn” kitobida aytgan so‘zini eskarib, unga rahmatlar o‘qidim. Navoiy bu kitobida o‘zbek olimlari o‘z tillarini qoldirib, forsi adabiyotlariga berilganliklari uchun qattiq norozilik bildiradi. O‘zbek tilining har to‘g‘rida forsi tilidan ortiqligini ko‘rsatib, o‘zbekchadan bir yuz og‘iz so‘z keltiradi. Bularga forsi shoirlari o‘z tillarida tarjima topolmaydilar, deydi.
Men bu so‘zning to‘g‘riligini ilgaridan bilgan bo‘lsam ham, ayniqsa, bu kitobni tarjima qilib chiqqanimdan so‘ngra ko‘nglimda hech gumonim qolmadi. Chunki bu kitobning asl nusxasidagi bir necha og‘iz o‘zbekcha so‘zlarga forsida uning tarjimasi topilmagach, u so‘zlarni tarjimon shul bo‘yicha qoldirishga majbur bo‘lmishdir.
O‘quvchilarga anglatish uchun bulardan ba’zilarini bu o‘rinda ko‘rsatib o‘tamiz.
1) Chori bulchor – urushga to‘plash;
2) Sovariy – hadya;
3) Suyurg‘ol – maosh, yer-mulk;
4) Qobu – payt;
5) Joldu – in’om;
6) Chopul – hujum;
7) Chopqulash – qilichbozlik.
Bundan boshqa askar yosollarida qo‘llanmish tubandagi so‘zlarning ko‘prog‘i tarjimaga sig‘magach, o‘zlarini qoldirmishdir. Masalan, g‘o‘l (urush chog‘ida askar saflarining eng o‘rtalig‘i), barong‘or (askar saflarining o‘ng qo‘li), jarong‘or (askar saflarining so‘l qo‘li), hirovul (askar saflarining oldidagi bahodirlar to‘pi), shoqovul (urush maydonida ehtiyot to‘pi), chindovul (urush saflarining orqa qo‘riqchi to‘pi).
Bulardan boshqa ham tarjima bo‘lmag‘on so‘zlari ko‘pdir.
Endi men bu kitobni boshdan-oyoq ko‘rib chiqqanimda buning asli o‘zbekcha bo‘lib, Temurning o‘z so‘zi ekanligini aniq bildim. Oz bo‘lsa ham xalq uchun mendin xolis bir xizmat bo‘larmikin, umrim kesilgandan so‘ngra keyingilarga o‘zimdan esdalik bo‘lib qolarmikin degan umid bilan har kim tushunarli qilib, forsi tilidan yana o‘zbek tiliga tarjima qildim. Yot yerga o‘lja tushib ketgan asarimizni o‘z eliga ko‘chirib keltirdim.
Temurning o‘ttiz olti yillik saltanat davrida o‘tkazgan tarixiy voqealarini qisqacha ravishda bildirish uchun bu kitob yetarlikdir. Endi buni o‘qib chiqqandan so‘ngra bu kishi haqida qanday baho berishlari ersa har kimning o‘z vijdoni vazifasidir.
Alixonto‘ra Sog‘uniy”[2].
Mutarjimning o‘z tarjimasiga yozgan o‘ziga xos “tushuntirish xati”ni to‘liq yoritishdan bir necha maqsad bor. Dastlab, shuni aytish kerakki, oramizda “Temur tuzuklari” kitobi o‘zi nima haqda, deb so‘raydigan yurtdoshlarimiz hali-beri bor. Tarjimon o‘z bildirgisida shu savolga ham javob bergan. Ikkinchidan, olim va tadqiqotchilar o‘rtasida “Temur tuzuklari” XVII–XVIII asrlarda Hindistonda, fors tilida yozilgan” kabi tortishuvlar bor. Alixonto‘ra Sog‘uniy ana shu tortishuvlarga qat’iy barham beradigan darajada aniqliq kiritib: “…buning asli o‘zbekcha bo‘lib, Temurning o‘z so‘zi ekanligini aniq bildim”, deb yozadi va bu fikrini ko‘p olimlarning xayoliga kelmagan bir tarzda: o‘zbek tilining so‘z boyligidan kelib chiqib isbotlaydi. Qolaversa, Alixonto‘ra Sog‘uniy qalamiga mansub insho uslubidagi ochiq-ravshanlik, nafosat o‘zbek tilining naqadar go‘zal til ekanligini namoyish etadi. Qarang: “…Yot yerga o‘lja tushib ketgan asarimizni o‘z eliga ko‘chirib keltirdim”. Keyingi tariximizda o‘zbek tilida mana shunday chiroyli, ifodali yozgan yozuvchi kam topiladi…
O‘rni kelib qoldi, “Temur tuzuklari”ning Alixonto‘ra Sog‘uniy tarjimasidan bir parcha keltiraylik-chi:
“O‘z saltanatimni tuzatish haqida qilg‘on uchinchi kengashim
…Bu ishdan keyin yana ahvol o‘zgarib, saltanat qurish ishlarim bir qancha to‘sqinlikka uchradi. Shundoqki, menim erishgan yo‘ldoshlarim o‘n kishidan ortiq emas edi. Yana bulardan uch kishi piyoda edilar. Xotinim – Amir Husayn qarindoshi, buni ham otga mindirib, birga olib yurgan edim. Shu hol bilan Xorazm cho‘llarida bir necha kun bosh aylanib yurdim. Kech bo‘lgach bir quduq boshiga kelib tushdim. Ichimizda piyoda yurgan uch nafar xurosonliq bor edi. Bu bevafolar shu kechada uch otimizni minib qochib ketdilar.
Endi ahvol og‘irlashib, yetti kishi to‘rt ot bilan qoldik. Ishlarim o‘zgarib, holim ko‘p og‘irlashdi. Lekin ko‘ngil to‘q edi. Bu ishni chakki qilgan ekanman, deb hech o‘kinmas edim. Bu quduq boshidan ham jo‘nadim.
Shu choqda Alibek Qurboniy ko‘p askar bilan ustimizga yetib kelib, meni o‘z joyiga eltib, burgasi ko‘p bir qorong‘u uyga qamadi. Bir kecha qurolliq kishilarni menga soqchi qilib qo‘ydi. Oltmish ikki kun buning qo‘lida tutqun bo‘lib yotdim. Qarasam, ish og‘irlashqani turdi.
Bundan qutulmish chorasini izlab o‘zimga kengashdim. Tangri yorliqadi bo‘lg‘aykim, bahodirlig‘im tutdi. Aning yordami yetkach, bilagim kuchi bilan soqchilar qo‘lidan birining qilichini tortib olib, alarga hujum qilib edim, barisi tush-tushga qochib yo‘qoldilar.
Qilich ko‘targanimcha, to‘g‘ri Alibek ustiga kirib bordim. Meni ko‘rgach, hushi boshidan ketdi. Qilg‘on ishiga o‘kunib, mendan kechirim so‘radi. Otlarimni, yaroq-jabduqlarimni kelturib, bir qari tuya, bir ariq ot menga tortuq qilgan bo‘ldi”[3].
Ko‘rib turibsizki, Alixonto‘ra Sog‘uniy nafaqat o‘zining maqolasiga, shuningdek, “Temur tuzuklari”dan qilingan tarjimasiga ham yurak qo‘rini bergani shundoq seziladi. Endi, ayting-chi, yuqoridagi parchani qaysi o‘zbek qo‘liga lug‘at olib o‘qiydi? Qaysi so‘zlar tushunarsiz? Albatta, bu parchada bo‘lmasa, kitobning boshqa qismlarida eski so‘zlar bo‘lishi mumkin va bor ham. Ammo o‘shanday so‘zlarga bir izoh berish bilan muammoni hal qilsa bo‘lmaydimi? Yoki yuqoridagi so‘zlar “Temur tuzuklari” kitob qilib chop etilgan davrda (1991) eskirib qolganmidi? Bundan tashqari “qazining eskisi yaxshi” deganlaridek, so‘zning ham eskilarida qancha-qancha ma’nolar yashiringanini, qolaversa, eski so‘zlar xalqning tarixi, kundalik turmushi bilan bog‘liq ekanini unutib qo‘yamizmi? Ha, rost, Alixonto‘ra Sog‘uniyning tarjimasi to‘la holda chop etilmagan. Lekin bunga mutarjim yoki jurnal tahririyatining aloqasi yo‘q. Tarjima aynan sobiq O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy qo‘mitasining aybi bilan to‘liq bosilmay qolgan. Ha, aynan o‘sha tashkilotning aybi bilan. Bu gaplarimni o‘quvchilar “yov qochganda botir ko‘payadi” qabilida tushunmasliklari kerak. Kamina sho‘rolar hukmronligi davrida yigirma yildan ortiq jurnalistik faoliyat ko‘rsatgan bo‘lsam, yozganlarimning aksariyati muammoli yoki tanqidiy maqolalardan iborat bo‘lgan…
Ha, mayli, Sog‘uniy domla aytganlaridek, so‘zimizga qaytaylik. Yurt mustaqil bo‘lgandan so‘ng “Temur tuzuklari”ni kitob holida chop etish zarurati tug‘ilganda Alixonto‘ra Sog‘uniyning yurt mustaqil bo‘lmagan, zulm ostida qovrilayotgan bir paytda jasorat bilan qilgan tarjimasiga “bir qator juz’iy kamchiliklarga ega”, “to‘la tarzda chop bo‘lmagan”, “eski o‘zbek tilida bo‘lib, tushunish qiyin”, “matndan chiqib ketilgan” kabi “kamchiliklari” ko‘rsatilib, yana o‘sha maqolamizning birinchi bo‘limida aytganimizdek, bu safar ham “hashar” tarjima kitob qilingan.
O‘quvchilarda solishtirish imkoniyati bo‘lishi uchun yuqorida berilgan Alixonto‘ra Sog‘uniyning “Guliston” jurnalida chop etilgan tarjimasiga mutanosib ravishda 1991 yilda G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa birlashmasida A.Sog‘uniy va H.Karomatov tarjimasidagi o‘sha joylarini keltirishni lozim topdik:
“O‘z saltanatimni tuzish yo‘lidagi qilgan uchinchi kengashim
O‘sha vaqtda davlatimning kuchi ketib, saltanatimning asosi yemirila boshladi. Chunonki, menga ergashgan yo‘ldoshlarim o‘n kishidan ortiq emas edi. Ulardan yettitasi otliq, uch kishi esa piyoda edi. Ulardan boshqa men bilan hech kim qolmagandi. Muhtarama jufti halolim bo‘lmish Amir Husaynning singlisini[4] o‘zimning otimga mindirib olgan edim. Shu alfozda Xorazm cho‘llarida bir necha kun sargardon bo‘lib yurdim. Kunlarning birida kech tushgach, qandaydir quduq boshiga kelib tushdim. O‘sha kechasi piyoda yurgan uch nafar xurosonliq bevafolik qilib, otlarimizni minib qochdilar. Yetti kishi to‘rt ot bilan qoldik. Ahvolim juda og‘irlashdi. Lekin ko‘ngil to‘q edi. Bu ishni chakki qilgan ekanman deb hech o‘kinmas edim. So‘ngra bu quduq boshidan ham ko‘chdim. Shu vaqt Alibek Chun G‘urboniy[5] yopirilib tepamga keldi. Meni (o‘z eliga) eltib, burgasi ko‘p bir qorong‘u uyga qamab qo‘ydi. Bir necha kishini menga soqchi etib tayinladi. Oltmish ikki kun meni tutqinlikda ushladi. Undan qutulish chorasini izlab, o‘z-o‘zim bilan kengashdim va Tangrimning inoyati yetib bahodirligim tutdi. Kuchli va chaqqon bilaklarim ish berib, soqchilardan birining qo‘lidan qilichini tortib oldim-da, ularga hamla qilgan edim, barisi qochib qoldi.
(Qilich ko‘targanimcha) to‘g‘ri Alibekning ustiga bostirib kirdim. Meni ko‘rgach, (hushi boshidan uchdi). Qilgan nomunosib ishidan pushaymon bo‘lib, mendan uzr so‘radi. Otlarimni, egar-jabduqlarimni hozirlatib, menga bir oriq ot va bir qari tuya tortiq qilgan bo‘ldi…”
Sinchiklab qaralsa, “hashar” tarjima ham o‘zbek xalqining tarixini o‘rganish va uni o‘z egasiga yetkazishda juda katta mehnati singgan olim, rahmatli Bo‘riboy Ahmedovning izohlari va gap tuzishdagi ayrim o‘zgarishlarni aytmasa, “Guliston” jurnalida chop etilgan tarjimadan ko‘p farq qilmaydi. Rahmatli Bo‘riboy aka bilan bir necha marta suhbatlashish baxtiga muyassar bo‘lganman. Juda oqil inson edilar. Uning tasavvurimdagi tabiatidan kelib chiqib aytamanki, o‘ziga qolsa, 1991 yilda “Temur tuzuklari”ni kitob holida chop etish zarurati tug‘ilgan paytda Alixonto‘ra Sog‘uniy tarjimasidagi “aniqlangan bir qator ju’ziy kamchiliklar”ni (B.Ahmedov so‘zi) bartaraf etib, mazkur tarjimani chop etish kerak, degan bo‘lar edi. Ammo sho‘ro mafkurasining qatag‘on mashinasidan xavfsirash shu darajada qon-qonimizga singib ketgan ediki, nafaqat o‘shanday yirik olim, balki ko‘pchilik mamlakatimiz mustaqilligidan keyin ham o‘sha “qanday bo‘lar ekan”, degan hadikdan hadeganda qutula olmadik…
III
Alixonto‘ra Sog‘uniy o‘z hayotining zimziyo kunlarida nima sababdan tarjima qilish uchun aynan “Temur tuzuklari” va “Navodir ul-vaqoye”, Vamberining “Buxoro yoxud Movorounnahr tarixi” yoki Darvesh Ali Changiyning “Musiqa risolasi”ni tanladi? Axir u nafaqat jangchi, qo‘mondon, ayni paytda diniy ulamo ham edi-ku! O‘z zamonasida qancha-qancha diniy kitoblarni o‘qimadi, deysiz. Sharq olamining manaman degan olimlarining insholarini tinchgina tarjima qilib, diniy idora kutubxonasiga “esdalik” uchun topshirib qo‘yib, el-yurtning ziyofatlarida, to‘y-hashamlarida mazza qilib, davrini surib yuraversa bo‘lmasmidi? Yo‘q! Bo‘lmas edi, deb javob berishadi Alixonto‘ra Sog‘uniyning hayoti va ijodi bilan ozgina bo‘lsa ham tanish odamlar! Chunki Alixonto‘ra Sog‘uniy faoliyat odami edi.
U dunyoning yangilanishini, o‘z Vataniga ilm-fanning kirib kelishini, xalqning bilimdon va tadbirli bo‘lishini juda-juda istagan odam edi. O‘zi mutarjimlik qilgan asarlar uning istaklariga hamohang edi. Amir Temur qo‘rqmas, bilimdon va tadbirli kishi bo‘lgan. Shu bois ham o‘z yurtini mo‘g‘ul bosqinchilaridan ozod qila bildi. Kerak bo‘lsa, bu tarjimaning zamirida “Ey botirlar, qani? Kim bor, sho‘rolar istibdodidan qutqaruvchi yana bir Amir Temur topiladimi?” degan yurak-yuraklarni pora qiluvchi hayqiriq bor edi…
Bu hayqiriq bugun yurtimizda istiqlolni barqaror etgan Yurtboshimizni va uning fidoyi sa’y-harakatlarini ko‘z o‘ngimizda jonlantiradi. Mustaqillik yillarida ulug‘ ajdodlarimizning nomi qayta tiklangani, merosi o‘rganilayotgani, o‘tmishni inkor etish emas, balki kelajak uchun ko‘prikka aylantirish tamoyili hayotga joriy etilgani ham Sog‘uniy hazratlari iltijosining bejiz bo‘lmaganini, yurt tadbirli kishilarning sa’y-harakatlari natijasi o‘laroq rivoj topishidan, ilmu fan gullab-yashnashidan dalolatdir.
Alixonto‘ra Sog‘uniy insonning nafaqat jisman, avvalo ruhan ozod bo‘lishi uchun butun hayoti va ijodini baxshida qilib, qalbini “mana ko‘ringlar, unda muhabbatdan boshqa narsa yo‘q”, deb kaftida tutib turgan jangchi-alloma edi.
“Jangchi” so‘zi bilan “alloma” so‘zi bir qarashda qovushmaganday. Ammo, nachora, bor gapni aytishimiz kerak. Uning ana shunday “jangchi-alloma” ekanligini tarixiy hujjatlar ham tasdiqlaydi. Sharqiy Turkiston inqilobchilariga yordamga borgan yigirma bir sovet harbiy nishonlari kavaleri, harbiy mutaxassis, toshkentlik Tolibjon aka Obidov bir paytlar shunday degan edi: “Alixonto‘ra janoblari jang boshlanishidan avval askarlar oldida nutq so‘zlaganlarida, yigitlar ko‘zlaridan o‘t chaqnar, nutq tezroq tugasa-yu, jangga otlansalar. Hujumga qo‘monda bo‘lguncha ularni zo‘rg‘a to‘xtatib turardik. Uning so‘zlaridan jangovor ruh va g‘alabaga ishonch juda ko‘tarilib ketardi. To‘ra otam okop ko‘rgan haqiqiy askarboshi edilar va men havas qilgan tomoni – bunday rahbarlarning baxtlisi edilar. Chunki har bir askar u kishini cheksiz sevardi, hurmatlardi, hatto ilohiy quvvat egasi deb chinakamiga ixlos qo‘yib e’zozlardi”.
Toshkentlik Tursunboy Rizamat o‘g‘li 1940 yilda Sovet Armiyasi safiga xizmatga chiqariladi. Urush tugab ikki yil o‘tgach, 1947 yilda katta leytenant unvonida tug‘ilgan shahriga qaytib keladi.
Tursunboy ota turli frontlarda jang qildi. Yaralandi. Davolanib, yana o‘z qismiga qaytadi. 1942–43 yillarda uning qismini Tehronga tashlashadi. O‘sha paytda Tehronda Germaniyaga qarshi urishayotgan mamlakatlarning rahbarlari to‘planib, urush tugagach, dunyoni bo‘lib olish haqida suhbatlashgan edilar. Shundan keyin ularni Xitoyning Shinjon o‘lkasiga jo‘natishdi. Eng qizig‘i, o‘lkaga kirishdan avval, chegaradayoq harbiy kiyimlarini mahalliy aholining kiyim-boshiga almashtirib, hujjatlarini ham olib qolishadi. Ular go‘yo o‘sha yurtning aholisiga aylanishdi-qolishdi. Voqea shunday bo‘ladiki, ularni hatto yerli ayollarga uylanishga ham majbur qilishadi… O‘sha yillari Xitoyning mazkur hududi notinch edi. Har yer-har yerda tez-tez qo‘zg‘olonlar ko‘tarilib turardi. “Siyosat deganlari ham juda qiziq bo‘larkan, – deb eslagan edi Tursunboy ota. – Sho‘ro hukumati dastlab qo‘zg‘olonlarni bostirishda yerlik hokimiyatga yordam bergan ekan, 44-yildan keyin esa qo‘zg‘olonchilar tarafida turgan. 1944 yilning no‘yabr oyida G‘uljada katta isyon ko‘tarildi. Buning boshida o‘sha Sebzorning “Koxota” mahallasidagi domla Sog‘uniy turgan edi. Shunday bo‘ldiki, bir kuni komandirimiz meni chaqirib, “Seni bir joyga xizmatga qo‘yaman. Agar yaxshi xizmat qilsang, uyga tezroq ketasan. Buning ustiga xizmat idorasining egasi ham o‘zbek”, deb qoldi. Bizga harbiy davrning shafqatsiz talablariga binoan qonun-qoidaga, yuqori unvonlarga bo‘ysunish qat’iy majburiyat edi. Buning ustiga Vatanimga sodiq bo‘laman, deb qasamyod qilganmiz. Bu yog‘i soldatchilik. O‘sha paytda urushdan nari yurganimizning o‘zi katta davlat edi. Shu bois komandirimiz qaysi ishni aytsa, “xo‘p bo‘ladi” deyish qasamli burch edi. Xullas, ertasiga meni yangi xizmat joyimga olib borishdi. Bu yer G‘uljadagi katta bir hovli edi. Keyin bilsam, mazkur hovli qo‘zg‘olonchilar safiga kirgan Musaboyev ismli bir katta boyning uyi ekan. Alixonto‘ra xojam ana shu hovlini o‘ziga shtab qilib olgan ekan. Meni u kishi bilan tanishtirishib, bu odam sizga jilovdorlik qiladi, deyishdi. Rahmatli ko‘p yaxshi, jasur odam edi. Ayni chog‘da o‘ta mulohazakor, vazmin, tadbirli, eskichayu yangichadan bilimdon, kuchli shaxs edilar. U kishining oq oti bo‘lardi. Oq otga minganlarida bir tomonida mauzer, ikkinchi tomonida esa qilich osig‘liq turardi. Jussalari kichikroq bo‘lsa-da, otga minganlaridan keyin salobatli harbiyga aylanardi-qolardi. Tinim bilmas edi: bir qarasangiz Hayron bog‘ bilan aerodromni qamal qilgan qo‘zg‘olonchilar orasida; bir qarasangiz Baytullo va boshqa masjidlarda dushmanga qarshi da’vat qilayotgan bo‘lardi. Tan olinmagan Sharqiy Turkiston Respublikasining g‘alabasi negizida, mening nazarimda, Alixonto‘ramning ana shu da’vatlari, o‘zining jasurlik bilan jangga kirishi yotibdi…”
Alixonto‘ra Sog‘uniy yuqoridagi ikki asardan tashqari yana Herman Vamberining “Buxoro yoxud Movarounnahr tarixi” hamda Darvesh Ali Changiyning “Musiqa risolasi”ni ham tarjima etgani aytiladi. Ammo bu tarjimalar haligacha topilgani yo‘q. Biroq ularning to‘liq tarjima qilingani haqida ishonchli ma’lumotlar bor. Jumladan, rahmatli Rustam Rahmon bu haqda “Qishloq haqiqati” gazetasining 1992 yil 1 fevral sonida chop etilgan “Alixonto‘ra Sog‘uniy” sarlavhali davomli maqolasida shunday yozadi: “Alixonto‘ra Sog‘uniy… Herman Vamberining “Buxoro yoxud Movarounnahr tarixi” nomli asarini ham tarjima qilib, hattotlarga ko‘chirtirib, O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari diniy boshqarmasining (hozirgi O‘zbekiston musulmonlari idorasi o‘sha paytda shunday atalar edi. – Yo.X.). kutubxonasiga saqlash uchun topshirib qo‘ydilar. Bu safar huzurlariga borganimda aytdilar:
– Vamberining kitobida yurtimizda qabila va davlatchilik boshlanganidan to o‘ris bostirib kelgunga qadar bo‘lgan tarixlar bobma-bob bayon qilingan. Vamberi Buxoroga qalandar niqobida kelib, amir dargohiga yetib shuhrat topgan. Unga mol-mulk, yer-suv in’om qilishganida ularni “qabul qilmay”, xazinangizdagi tarix kitoblarini o‘qishimga ijozat bersangiz, menga bundan ortiq mukofot yo‘q, deb, bu tilagiga erishgan. Kitobda o‘n besh tarixchining asarlari davr-davr bilan bayon qilingan. Mening ham ko‘nglimda Turkiston tarixini yozish istagi bor edi, ammo men Vamberi o‘qigan eski tarix kitoblarining sakkiztasinigina o‘qiganman. Qolgan yettitasini topib o‘qishga imkonim yo‘q, umrim ham yetmasa kerak. Shuning uchun Vamberi janoblarining kitobini tarjima qilib qo‘ya qoldim”.
Endi Darvesh Ali Changiyning “Musiqa risolasi” taqdiri haqida. Alixonto‘ra Sog‘uniyning nevarasi, iqtisodchi Ravshan Shokirov ma’lumotlariga tayanib, Sog‘uniy domla San’atshunoslik institutida qo‘lyozmalar bo‘yicha konsultantlik ham qilganini yuqorida yozgandik. Ravshan Shokirov bobosining tarjimalari, xususan, Changiyning “Musiqa risolasi” taqdiri bilan qiziqib, O‘zbekiston san’atshunoslik ilmiy-tadqiqot instituti arxiviga boradi. U yerda tasodifan 1962 yil sanasi bilan 550- va 561-raqamli papkalarni ochib ko‘rganda, ularda Abu Ali ibn Sinoning “Matla ul-ulum va majma ul-funun” hamda “Ash-shifo” kitoblaridan Alixonto‘ra Sog‘uniy qilgan tarjimalar chiqadi. Shu arxivning musiqa bo‘limi katalogida 542-raqamli papkada Alixonto‘ra Sog‘uniy tarjimasida Darvesh Ali Changiyning “Musiqa risolasi”, Omuliyning “Nafois ul-funun fi arrois ul-uyun” asarining musiqaga oid boblari, Dovudi Antokiyning asarlaridan musiqaviy-falsafiy ma’lumotlar, bundan tashqari, arab va fors tillaridan tarjima qilingan Forobiyning tarjimai holi mavjudligi haqida yozilgan. Ammo o‘sha papkaning o‘zi yo‘q.
– Kutubxonachi Mehrixon opa bu yerda o‘n yildan buyon ishlar ekan. “Inventarizatsiya kitobida ham o‘sha 542-raqamli papka ilgaritdan yo‘qligi haqida yozilgan”, deb uzr so‘radi, – deydi biz bilan suhbatda R.Shokirov. – Ammo biz “Musiqa risola”sining haqiqatan ham tarjima etilganiga dalil bo‘luvchi bir opaning suhbatida bo‘ldik. Bu opa san’atshunoslik fanlari nomzodi Dilbar Rashidova edilar, – dedi Ravshanjon.
“Biz bir nechta aspirant va o‘qituvchilar eski qo‘lyozmalarni o‘qishni o‘rganish uchun domlaning Sebzordagi uyiga borar edik, deydi biz bilan suhbatda opa, – eslaydi Ravshanjon. – Sheriklarim uch-to‘rt martadan keyin borishni to‘xtatishdi. Men savodim boshqalarga nisbatan chalaroqmidi, bilmayman, qatnashda davom etdim, otaning etagidan mahkam ushladim. Alixon ota ham meni shogirdlikka tanladilar. Buning sababi bor edi. Birinchisi Darvesh Alining risolasi nihoyatda qiziqarli edi. Ikkinchi sababini tutingan dadamning o‘zlari aytganlar: “Qizimni o‘qitmay kuyovga berganman. Sizni o‘qitaman”.
Yodimda, Imomqulixonga bag‘ishlangan qasidani ravon o‘qiyotgan edim, dadam “Fahmided?” (Tushundingizmi?) deb so‘radilar. Men aruz vaznini buzgandirman deb o‘ylab, “Ha”, dedim. U kishi “Xo‘sh?” deb so‘radilar.
Darvesh Alining satrlari bu edi:
Karda sayti saxmi qahrat
surati miqdori kabk,
Surati mikrozi kot’
bor paru boli uqob.
Lug‘atda sayt – shuhrat, saxm – kamon o‘qi, kot’ – kesadigan, kabk – tustovuq, uqob – burgut, porubol – pat va qanot, surat va qahr ma’nolari tushunarli… Shu so‘zlarga yarasha tushunganlarimni aytdim. Ammo dadamning (Alixonto‘ra Sog‘uniyning. – Yo.X.) talablari baytning ma’nosini chaqib, mohiyatiga yetish edi.
– Hech chizro na faxmaded! (Hech narsani tushunmabsiz!) Ukob patini kamon o‘qiga boylar edilar. O‘shanda u o‘ljaga uchib yetishi muqarrar bo‘lgan. Bu satrlarda aytilganki, beozor tustovuqning patini ko‘rgan odam, bu burgutning pati-ku, deb vahimaga tushar ekan, chunki u jangovor o‘qlarning suratini eslatar ekan. Qasidaning shu satrlarida aytilmoqchiki, Imomqulixonning jangovor shuhrati odamlar orasida shu darajada kuchli bo‘lgan”.
Alixonto‘ra Sog‘uniy ana shunday – so‘zning suvratinigina emas, balki siyratini, undagi botiniy ma’nolarni ham parda ostida qoldirmaydigan mohir tarjimon edi.
Alixonto‘ra Sog‘uniy tarjimalari bilan bog‘liq yana bir qator ma’lumotlar topilmoqda. Jumladan, bu haqda uning o‘g‘li Qutlug‘xonto‘ra Shokirov shunday deydi:
– Eng avval sizning “Buxoro tarixi…” va Changiyning risolasini topolmadim, ular aslida tarjima qilinganmi? “degan savolingizga javob beray. Otamiz “Buxoro yoxud Movarounnahr tarixi”ni F.Karimiy va B.Sharaf nusxasidan ag‘dargandilar. Buning tili usmonli turkcha, uning ustiga tatarcha, arab va fors lisonlari ko‘p qorishgan bo‘lib, uni o‘quvchining tushunishi qiyin edi. Shu sababli o‘z tashabbuslari bilan bu asarni hamma tushuna oladigan holga keltirish uchun g‘ayrat qilgandilar. Vamberining bu asari (adashmasam nemischa yozilgan, ruschaga tarjima qilingan, undan usmonli turkchaga) sovet zamonida xush ko‘rilmaganligidan otamizning bu xizmatlari rag‘bat ko‘rmadi va oila arxiviga qo‘yib qo‘yilgandi va chop etilmagan. “Musiqa risolasi”ga kelsak, uning yaxlit dadamlar tomonidan qilingan tarjimasini ko‘rmaganman, bir qancha sahifalar xorij. Bu asarning ruscha tarjimasini qilib, kandidatlik dissertatsiyasini yoqlagan olima toshkentlik Dilbar opa Rashidovadir. Bu asarning forscha tili juda og‘ir bo‘lganligidan uni O‘zbekistonda, balki SSSR da o‘qiy oladigan mutaxassis topa olmagan Dilbar opa otamizdan xabar topib, so‘zning qisqasi, shogird tushadilar. Ota-onam ularni o‘z qizlariday ko‘rardilar. Bir necha yil davomida kitobning tarjimasini ustozlaridan o‘rganadilar va uning ruscha tarjimasini amalga oshiradilar. Demak, bu yerda biz otamiz Changiyning “Musiqa risolasi” rus tiliga tarjima etilishiga ko‘ngilli, fi sabililloh rahbarlik qilganlar deb ayta olamiz. O‘z zamonasida bu qiymatli kitobning o‘zbekcha tarjimasi ham bormi deb otamdan qiziqmaganligimdan afsuslanaman. Oltinchi yo yettinchi sinfda o‘qirdim. Ammo otamdan shuni so‘raganman, nega boshqa mutaxassislar hatto fors yo tojik bo‘la turib tarjima qilisholmagan-da, siz bu ishni qilayotirsiz, deb. Javoblari shunday bo‘lgandi: “Talabalik yillarimda musiqaga qiziqqanman, lekin hech bir musiqa asbobida chalishni, asar ijro etishni eplay olmadim. Aslida musiqa san’atgina emas, balki bir ilmdir, bizda unga shunday munosabat bo‘lgan. Avval buning ilmini o‘rganay deb bu sohaga oid asarlar ustida ishlagandim, o‘shandan musiqa ilmiga oshnolik qolgandi. Mana bugun o‘sha bilim ishga yarab qoldi. Ammo asbobda chalishni o‘rganolmadim, unga Xudo bergan qobiliyat kerak ekan, yolg‘iz ilm kifoya qilmas ekan”, degan edilar. Otamiz “Musiqa risolasi”ning tarjimasi katta ahamiyatga ega ekanligini menga tushuntirib, biz bu qadar katta madaniy merosdan ajrab qolganimizdan afsuslanib, shunday degandilar: “O‘g‘lim, Ovrupoda necha xil nota bor? To‘g‘ri, bitta. Changiyda esa 7-8 xil notadan bahs etiladi.” Bu mening esimda qolgan xotiralar, xolos, aslida juda batafsil anglatgan edilar.
Dilbar opaning dissertatsiya ustida ishlayotgan boshqa dugonalari ham bor edi. Ismlari yodimda qolmabdi. U opamiz ham uzoq vaqt otamizning tarjima ilmidan istifoda etdilar. “Ziji Ko‘ragoniy”ning tarjimasi og‘ir bo‘lgan matn parchalari ustida ishlaganlarini eslayman. Biroq tarjima parchalarining qayerdaligini bilmayman. Yuqoridagilardan bir narsa kelib chiqadi: Otamiz, tarjimasiga qo‘l urgan kitoblarning hammasi shoh asarlardir.
Va nihoyat, kelaylik, Ahmad Donishning “Navodir ul-vaqoye”siga. Ushbu asar tarjimasining qo‘lyozmasi va mashinkada bosilgan varianti (tahrirga muhtoj) oila arxividadir. Terma qismlari o‘tgan asrning 60-yillarida Toshkentda nashr etilgan, buning bir nusxasi jiyanim Abdulloh Shokirovda bor. Otamiz va A.Abdurahmonov tarjimasining mashinka nusxasi O‘zbekiston Fanlar akademiyasining Falsafa va huquq instituti (inventar 42-66)da ham saqlanayotgan bo‘lishi kerak.
Ushbu asar tarjimasi haqida eng inobatli so‘z so‘ylagan otamizning o‘zlariga havola qilamiz. Yarim asr avval shunday savol chiqishini bilgandek, uning javobini “Navodir ul-vaqoye” tarjimasining kirish qismida nazm bilan bergan ekanlar, shundoqki:
TARJIMONLARDAN
“Navodir” kitobiki mashhurdir,
Ani kim o‘qur ersa fikrin ochur.
O‘qib ko‘rsa bilgay aning qadrini,
Ketgurgay ko‘nglidan qora zangini.
Kitob ichra yozmish necha xil ilm,
Ilm birla topgan kishi har bilim.
Ilm bu jahonning charog‘i erur,
Na yolg‘iz charog‘i, ko‘z qarog‘i erur.
Ilm topquchilar jahon oldilar,
Jahonni alar nizomga soldilar.
Ilmsiz kishilar bo‘lur xoru-zor,
Aning haqlari bo‘lg‘usi toru-mor.
Agar istamasdur ilmni kishi,
Tuzalmas jahonda aning hech ishi.
Ilm birla topg‘usi har ish, biling,
Aning chun bu yo‘lda taraddud qiling.
“Navodir” kitobini yozgan kishi,
Aning oti Ahmad erur Donish.
O‘zi o‘lmish andin qolib bu kitob,
Agar so‘rsang ul berur shul javob:
“Tirik ko‘p kishilar o‘likdek bo‘lur,
Asar qolsa kimdan, tirik ul erur.
Menim bu kitobimni kim o‘qisa,
Tanishgan bo‘lur ham meni ko‘rmasa.”
Tanishmoqqa darkor til birligi,
Agar bo‘lmasa birligi – ko‘rligi.
Navoiyga rahmatlar aytgum kelur,
Bu tilni biza qolduran ul erur.
Kishi o‘z tilin yaxshi bilmas agar,
Zahardir anga boshqa til gar shakar.
Buni bildi Dorul-ilm boshchilar,
Biza turkiy qilmoqqa topshirdilar.
Agar bilmasa har kim o‘zbek tilin,
Buni o‘qib olsun, bilur o‘z tilin.
Qabul ayladik, qo‘lga oldik qalam.
Kelaberdi ilhom ila so‘z dam-badam,
Shuning uchun yil o‘tmay tamom ayladik.
Aning nazmini nazm etib boyladik,
Bu ishda menga ul ki yoriy edi.
Oti Abdurahmon Buxoriy edi,
Manga berdi bu ishda ul ko‘p madad.
O‘zi erdi ilm istagan ahli dard,
Va le yoshi ellikdin oshmush edi.
Ilm ichra doim kurashmish edi,
Kishi qadrini bilgan er ul erur.
Nechuk kimda bordur ilm, ul bilur,
Yoshim yetmish uchdin oshibdur biling.
Kitob o‘qiganda meni eskaring,
Alidir otim, shuhratim Sog‘uniy,
G‘amim xalq uchun, millatim o‘zbeki”.
“Navodir ul-vaqoye”da Bedildan shunday bir bayt keltiriladi:
Ba pasti to na monand shavq, jahdi kunki xun girdi,
Chu oyina dori rang kardat, par burun orad.
Ma’nosi: Shavq faqat pastlik bilan bog‘lanib qolmasin. Suv boshqa rangga kirganda, tusi o‘zgarganda, qanot chiqarib yuqoriga ko‘tariladi. Pastlikdan oqibat noqislikdir. Shavq esa kamol talab qilishdir. Tanadagi qondan maqsad kamol darajasiga yetish, o‘zini qobiliyatli qilishdir. (Afsuski, Alixonto‘ra Sog‘uniyning bizga ma’lum qo‘lyozmasining mana shu bayt keltirilgan qismi yo‘qolgan. Aminmizki, u zot ushbu baytni qoyilmaqom qilib tarjima etgan bo‘lishi kerak. – Yo.X.).
Alixonto‘ra Sog‘uniy hazratlarining shavqlari doim baland bo‘lgan. Bir joyda o‘zlari yozganlaridek, qalam shavqning naqqoshidir. Naqqoshli qalamga esa faqat kamol talabida bo‘lgan talabgorgina ega bo‘la oladi.
Bayt:
Talab ahlining bor talabi –
Kamoldur alarning matlabi.
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2016 yil, 3-son
___________________
[1] Sog‘uniy A. Turkiston qayg‘usi. – Toshkent: “Sharq” NMAK, 2003. 56-b.
[2] “Guliston” jurnali, 1967 yil, 1-son.
[3] “Guliston” jurnali, 1967 yil, 1-son.
[4] O‘ljon Turkon og‘o – Amir Husaynning singlisi. 1362 yilda Temur unga uylangan. Bu nikohdan Temurning qizi Sulton Baxt begim tug‘ilgan.
[5] Alibek – Moxon hokimi; asarning Tehron nashrida “Alibek jun Qurboniy” deb yozilgan. Hoshiyasida esa “Jun Qurboniy – turkman toifalaridan biri” deb izoh keltirilgan. Sharafuddin Ali Yazdiyning ma’lumotlariga ko‘ra bu voqea 1362 yilda ro‘y bergan. V.V.Bartoldning yozishicha, Mohon (ilgarigi nomlanishi Mohuvon) keyinroq Marv (hozirgi Mari) nomi bilan mashhur bo‘lgan shahar o‘rnida joylashgan ekan.