Yo‘ldosh Solijonov. Cho‘qqining salobati va malohati

Men O‘zbekiston xalq shoiri, akademik G‘afur G‘ulom bilan o‘tgan asrning 50-yillarida, 5-sinfda o‘qiyotganimda mashhur “Sen yetim emassan” she’ri orqali tanishganman. Men yetim emasdim, biroq atrofimda otasi Ikkinchi jahon urushidan qaytmagan, onasi boshqa turmushga chiqib ketganligi sababli keksa bobosi yoki buvisi qo‘lida qolganlar ko‘pchilik edi. Ularning ba’zilari mendan yoshi katta, ayrimlari kichik bo‘lsa-da, dardu g‘ami bir xilligidan ko‘zlarida mung yashiringan, biz bilan sho‘x-shodon o‘ynay olishmasdi. Men ularga shoirning she’rini yoddan o‘qib, ko‘ngliga taskin bermoqchi bo‘lardim. Biroq shu ishim bilan ularning yetimligini qayta eslatib qo‘yayotganimni, diliga jarohat yetkazayotganimni bilmasdim. Keyin G‘afur G‘ulomning “Shum bola”si menga doimiy hamroh bo‘ldi. Uning qiliqlarini amalda ko‘rsatishdan, so‘zlarini takrorlashdan sira charchamasdim. Yuqori sinflarga o‘tganimda bu asarlari qatoriga “Turksib yo‘llarida”, “Yalovbardorlikka”, “Men yahudiy” she’rlari, “Tirilgan murda” qissasi qo‘shildi. Bu asarlar orqali o‘qituvchilarimiz bizning ongimizga zo‘r berib tariximizning faqat qonli urushlar, ochlik, xarobalikdan iborat ekanligini, oktyabr inqilobi tufayligina yaxshi hayot kechirayotganimizni, internatsionalist bo‘lishimizni, sotsialistik mehnat o‘lim to‘shagida yotgan odamni qayta tiriltirib, g‘ayrat va farovon hayot ato etganligini singdirishga urinardilar.

Oliy o‘quv yurtida adibning o‘nlab hikoyalari, “Netay”, “Yodgor” qissalari, dostonlari, tarjimalari, ilmiy maqolalari bilan tanishdim. Bora-bora G‘afur G‘ulomning ijod olamiga chuqurroq kirib boraverdim. Ayniqsa, ulug‘ shoir 60 yillik yubileyi munosabati bilan Farg‘onaga kelganida, uning bir yo‘la ikkita kitobiga dastxat yozdirib olganim, biz yosh ijodkorlarni yetaklab turli tadbirlarda bo‘yimizni ko‘rsatishga urinadigan ustozimiz Yo‘ldosh Sulaymon rahbarligida G‘afur G‘ulom atrofiga to‘planib, chaqchaqlashib turgan holda suratga tushishimiz mening hayotimda o‘chmas iz qoldirdi.

Men bu paytda Farg‘ona davlat pedagogika institutida o‘qib, umrimni adabiyotga bag‘ishlashga, shu fan bo‘yicha yetuk mutaxassis bo‘lib yetishishga ahd qilgandim. Mana shu istak o‘qish jarayonida G‘afur G‘ulom, Oybek, Abdulla Qahhor, Mirtemir, Maqsud Shayxzoda, Zulfiya, Asqad Muxtor, Said Ahmad kabilarning hayoti va ijodi bilan chuqurroq tanishishga undadi. Garchi o‘zbek mumtoz adabiyoti fanidan dars beradigan domlamiz juda bilimdon bo‘lib, o‘sha vaqtda nomini tilga olish ta’qiqlangan, diniy-mistik adabiyot vakillari deb kamsitilgan Ahmad Yassaviy, Sulaymon Boqo‘rg‘oniy, Rabg‘o‘ziy kabi ijodkorlar merosi to‘g‘risida so‘zlab, tuyg‘ularimizni yangilagan bo‘lsa-da, zamonaviy o‘zbek adabiyotidan saboq beradigan muallimimiz balandparvoz gaplardan bo‘shamas, yozuvchilar ijodining tub mohiyatini tushuntirib berolmasdi. Buning ustiga 30-yillardagi qatag‘on qurbonlari bo‘lgan Fitrat, Qodiriy, Cho‘lpon singari millatparvar adiblarning ijodi to‘g‘risida lom-mim deyilmasdi. Mabodo, ular to‘g‘risida so‘raydigan bo‘lsak, o‘qituvchimiz to‘g‘ri javob berishdan qochar, bizni boshqa mavzular bilan chalg‘itardi.

Institutni bitirgach, shu yerda ishga qolishni taklif qilganlarida boshim osmonga yetdi. Omadimni qarangki, ilmiy ish qilish niyatida Toshkentga borib, tanlagan ilmiy rahbarim Salohiddin Mamajonov G‘afur G‘ulomning shogirdi bo‘lib chiqdi. U kishi ulug‘ shoir ijodi bo‘yicha avval nomzodlik, keyin doktorlik dissertatsiyasini yoqlagan. Bu tadqiqotlari asosida “Shoir va zamonaviylik”, “G‘afur G‘ulom prozasi”, “Uslub jilolari” nomli ilmiy trilogiya yaratgan taniqli olim edi. Garchi men G‘afur G‘ulom ijodi yuzasidan ilmiy-tadqiqot ishi olib bormagan bo‘lsam-da, uning merosidan hozirga qadar bahramand bo‘laman va har safar mutolaa qilganimda yangidan-yangi badiiy kashfiyotlarga duch kelaman. Masalan, shoirning 80 yilligiga bag‘ishlab, hamkasbim – filologiya fanlari nomzodi, dotsent Sobirjon Toshkanov bilan birgalikda G‘afur G‘ulomning til ustida ishlash mahorati, o‘zbek adabiy tili xazinasiga qanday yangi so‘zlarni olib kirgani, “Ko‘kan” dostoni qahramonlarining ruhiy holatini tasvirlashdagi o‘ziga xos uslubini, nasriy asarlarining badiiy xususiyatlarini tadqiq etuvchi “Ulug‘ san’atkor” deb atalgan risola nashr ettirdik.

G‘afur G‘ulom tavalludining 100 yilligi esa butun mamlakatimizda katta tantanalar bilan nishonlandi. Shu munosabat bilan atoqli san’atkorning 12 jildli “Mukammal asarlar to‘plami”ni yana sinchiklab o‘rganib chiqdim va haqiqiy ijodkor o‘z davri uchungina emas, kelajak uchun ham xizmat qiladi degan haqiqatga yana bir karra ishonch hosil qildim. Mana, shundan buyon yana 15 yil o‘tdi. Har safar ustoz san’atkor G‘afur G‘ulom asarlariga murojaat qilsam, albatta, yangi so‘z va iboralarni, matn ostiga yashirilgan iztiroblarni, xalq dardini uchrataman, o‘zbek xalqining qadim tarixi bilan cheksiz faxrlanish tuyg‘usini his qilaman. Ha, ustoz adabiyotshunos Ozod Sharafiddinov aytganlaridek, G‘afur G‘ulom nomli “Cho‘qqiga qancha olisdan qarasang, uning yuksakligi, ulug‘vorligi shuncha aniq ko‘rinaveradi”[1].

Akademik Baxtiyor Nazarov to‘g‘ri ta’kidlaganidek, “G‘afur G‘ulom o‘zbek xalqining dardi, sevinchi, orzusi haqida ko‘p yozdi. Lekin o‘zbek shoiri bo‘lgani bilan hech qachon faqat o‘zbek xalqining orzusi, dardi, qalbini kuylash bilangina cheklangani yo‘q. U dunyo dardi bilan, XX asrning jamiki og‘riqlari bilan birga yashadi”[2]. Chindan ham ulug‘ shoir garchi, “Men o‘zbek shoiriman, o‘z xalqimning tiliman, Qalbim buyurganin aytib keldim hamisha”, deb yozgan bo‘lsa-da, aslida qalbi buyurganini to‘la aytolmay ketganligini his qilamiz. Shunga qaramay, yo‘lini topib har bir asarida o‘zbekona so‘z va iboralarni, urf-odatlarni olib kirishga, “tenglar ichra teng bo‘lgan” xalqining dil iztiroblarini goh lirik qahramon, goh ifodalanayotgan personaj, goh yurtining ozodligi uchun kurashayotgan xorij fuqarosi (“Ona qizim Jamila”, “Pol Robsonga”, “Livan omon bo‘ladi”) tilidan izhor etishga uringanini sezish qiyin emas. Masalan, sho‘ro hukumati aynan tariximizni, milliy urf-odatlarimizni, dinimizni kamsitayotgan o‘sha mash’um yillarda ham G‘afur G‘ulom, “Qadim o‘zbek xalqisan, Asl odam avlodi, Misr ehromlaridan Tarixing qariroqdir”, deyishga jur’at qila oldi, “mahshar, chin arafa, hayit, imon” kabi o‘nlab dinga oid, shuningdek, “iqim suydi, yelvagay, kuymalashmoq, stolparast, uchurum, sannag‘lash, so‘lti vaqt” singari necha o‘nlab xalq jonli so‘zlashuviga oid iboralarni adabiy tilimiz xazinasiga olib kirdi. Ularning ko‘pchiligi hozirgi 5 jildli “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”da ham uchramasligi G‘afur G‘ulomning chinakam xalqparvar shoir bo‘lganligini isbotlaydi. Shu bilan birga, sho‘ro hokimiyatiga xos qattiqqo‘llik, mustamlakachilik siyosatining tub mohiyatini to‘liq aks ettiruvchi, ammo o‘z davrida dadil aytish mumkin bo‘lmagan “diktatura”[3] so‘zini hech cho‘chimay nafaqat satrlar orasida, balki sarlavhada ham dadil qo‘llagani shoirning buyuk jasoratidan nishonadir (“Diktatura”, “Diktaturamiz soldatlariga” she’rlari).

G‘afur G‘ulom ota-onasidan erta yetim qolgan, uning bolalik va o‘smirlik yillari rus chorizmi zulmi, Birinchi jahon urushi davridagi og‘ir iqtisodiy qiyinchiliklar, birin-ketin yuz bergan inqilobiy to‘ntarishlar, o‘zaro fuqarolar urushi, ochlik, vayronagarchilik sharoitida o‘tdi. Ochig‘ini aytganda, u sho‘ro tuzumining “marhamat”idan bahramand bo‘ldi. Endigina voyaga yetayotgan yigitni yangi hukumat qo‘llab-quvvatladi, ish berdi, yetim ukalarini o‘qishga, bolalar uyiga joylashtirdi. Uning ongiga sovet mafkurasi “agar bizga astoydil xizmat qilsang, aytganimizni bajarsang, hayoting bundan ham zo‘r bo‘ladi” degan tushunchani singdirdi. Buning uchun bo‘lajak shoir bu jamiyat oldida o‘zini qarzdordek his qildi, uning har qanday topshirig‘ini so‘zsiz bajarishga shay turdi. Shoir yangi jamiyat vakili sifatida ilg‘or ijodkor bo‘lishga intildi. “Har doim oldinga qarab harakat qilish hayotimizning qonunidir. She’riyatimiz baquvvat bo‘lishi, obrazlarimiz, misralarimiz ham hayotimiz bilan hamnafas bo‘lishi kerak”[4], deb bildi. U o‘zbek she’riyatini “yangi temalar, yangi obrazlar, yangi poetik vositalar bilan boyitish”ga kirishar ekan, sho‘ro siyosatini niqob qilib oldi. Bu niqob ostida o‘zbek xalqi tarixi buyukligini, milliy urf-odatlarini, el dardu alamini aytish yo‘lini izladi.

Axir u ijodining ilk davridayoq millatparvar adiblar Fitrat, Hamza, Qodiriy, Cho‘lpon singari zamondoshlari boshiga tushgan ko‘rgiliklarga guvoh bo‘ldi.  Ustozlarining “aybini” isbotlash uchun bir necha bor davlat xavfsizlik idorasiga so‘roqqa chaqirilib, otib tashlash yoki qamoqqa olish bilan qo‘rqitildi. Shuning uchun boshlovchi ijodkor o‘z ijodiy yo‘lini, vazifasini “Biz, kuychilar, proletar/ Mazollangan qo‘llarning/ Ko‘z nurlari./ Endi biz/ Aqllarni partiya­ning/ Bosh yo‘liga solamiz. /Qalamlarni kun dovrug‘in/ Yozmoqlikka qistaymiz” (1, 94–95-betlar) deb belgilashga majbur bo‘ldi. Men “majbur bo‘ldi” iborasini bejiz ishlatmadim. E’tibor bering: keltirilgan misolning oxirgi satridagi “qistaymiz” so‘zi o‘rniga shoir “undaymiz” yoki “istaymiz” degan so‘zlarni qo‘llashi mumkin edi-ku! Har holda she’rning qofiyasi ham, bo‘g‘ini ham, ritmi ham buzilmasdi. Mening nazarimda, G‘afur G‘ulom bu so‘zni ongli ravishda ishlatgan va u orqali sho‘ro hukumati o‘z mash’um siyosati bilan qalamkashlarni yangi tuzum yutuqlarini kuylashga majbur qilayotganligini, “Mana shunday yozasan! Agar boshqacha yozsang xalq dushmanisan!” deb qistalang qilayotganini aytmoqchi bo‘lgan. Donishmand shoir kelajakning hushyor va bilimdon o‘quvchisi bu niyatini anglab yetishiga ishongan.

G‘afur G‘ulomdek yuksak bilimli, hushyor, iste’dodli shoir va inson o‘zi hamnafas yurishi shart bo‘lgan real hayot bilan badiiy ijod o‘rtasida uzilish, ziddiyat ro‘y berayotganini, yangi tuzumning so‘zi boshqa, ishi boshqa ekanligini, ochlik, qashshoqlik, vayronagarchiliklarni ko‘rmasligi, begunoh kishilarning qatl etilayotganligini bilmasligi, buning tub sabablarini anglab yetmasligi mumkin emasdi. Bular G‘afur G‘ulom timsolida ikki qiyofa – sho‘ro tuzumining sodiq fuqarosi bilan xalqparvar, millatparvar o‘zbek shoiri – ichki “men” yashaganligidan, ular bir-biri bilan doimo bahslashib, kurashib kun kechirganidan dalolat beradi. Uning asarlariga sinchiklab razm solinsa, ich-ichidan shoir “men”ining o‘zi tushib qolgan muhit tuzog‘i azoblaridan qutula olmay iztirob chekayotganligini, afsus-nadomatlarini, yozayotganlaridan qoniqmaslik hissini sezish mumkin. Masalan, ilk ijodi namunalaridan birida “Eng yaxshi she’r uchun ko‘p intizor edim” deb yozadi va o‘zining ko‘z o‘ngida ro‘y berayotgan real voqealarni ro‘y-rost tasvirlay olmay, andisha qilayotganini, yo‘l izlayotganini (“Andeshadan aqlga makon tuzor edim”) aytadi (1, 129-betlar).

Fikrimizni yanada to‘laroq isbotlash uchun G‘afur G‘ulomning bundan roppa-rosa 85 yil muqaddam yozilgan “Etar may, ruboiy va anekdot” (1933 yil 7 fevral) sarlavhali she’rini olib ko‘raylik (1, 118–119-betlar). Yuzaki qaraganda, bu she’rda ijodkor go‘yo uzluksiz ichishga qarshi isyon ko‘tarayotgandek, tinimsiz sharobxo‘rlik tufayli o‘ttiz yoshga yetmay turib sochlari oqargani, bevaqt qariganidan (“Ko‘rina boshladi boshimda oq tuklar, “Mo‘ysafid” ismini tashiy boshladim”) shikoyat qilayotgandek va umrning egovi bo‘lgan bu ichkilikni bundan so‘ng ichmaslikka ahd qilgandek taassurot tug‘iladi. Aslida, uning zamiriga xalqimizning “mastlik-rostlik” degan hikmatli iborasining mazmuni singdirib yuborilganligini anglash qiyin emas.

She’r lirik qahramonning o‘z ulfatlariga murojaati tarzida bayon qilinadi. Ma’lumki, ulfatchilikda oz-moz ichishdan so‘ng “Bir chimdim sho‘x suhbat, ermak”, hazil-mutoyiba bo‘lishi tabiiy. Lekin o‘sha xatarli sharoitda har qanday davrada qatnashish ham, har xil so‘zni og‘izga olish ham xavfli “hazilning tagi zil” bo‘lishi hech gap emasdi. Shuning uchun ham shoir “Real fikr shisha og‘ziday bo‘g‘iq” bo‘lgan bunday muhitda o‘zini ham, do‘stlarini ham ehtiyot bo‘lishga chaqiradi. Chunki sho‘ro hukumati o‘z boshqaruvining ilk bosqichidan xalq fikrini o‘zgartirishga qodir ziyolilar toifasini qattiq nazorat ostiga olib, ularning har bir qadamini, xatti-harakatini kuzatib yurganligi, zarur paytda jazoga tortganligi bugun hech kimga sir emas. Ana shunday davralarda aytilgan har qanday gap-so‘zlar kimlar tomonidandir maxsus idoralarga yetkazilgan. Aslida, ijodiy muhit vazifasini bajargan bu davra sho‘ro hukumati uchun o‘ziga qarshi uyushtirilgan “tashkilot” bo‘lib ko‘ringan. Ana shu yo‘l bilan ijod ahli asta-sekin yo‘q qila borilgan.

G‘afur G‘ulom rost so‘zni aytish mumkin bo‘lmagan va haqiqat “Shu mast g‘arg‘arada chuvala”shayotgan bunday xatarli muhitda rost so‘zlar o‘rniga, “So‘ylab bera boshlayman har xil anekdot, Yolg‘onlar marjonin ipga teraman”, deydi. Aslida, haqiqiy she’r hushyorlik mevasi bo‘lishi shart. Biroq shoir yashagan muhit odamlarni shu qadar mast qilgan ediki, hushyorlikda biror gal “So‘ylashmak hattoki mumkin ham emas” edi. Zero, mamlakatda amalga oshirilayotgan ishlar hukumat tomonidan “Oddiy ko‘zga yaltiroq tanga” qilib ko‘rsatilar, “Hali biz bilmagan talay yulduzlar” (tariximiz, adabiy-madaniy merosimiz, alloma ajdodlarimiz) proletar mafkurasining qora bulutlari orqasiga yashirilardi. “Zehn okurkaday oyoq ostida” sat­ri orqali esa shoir madaniyatimiz va ma’naviyatimiz xor qilinayotganiga, o‘sha davrning eng yaxshi ziyolilari qamoqqa olinib, otib tashlanayotganligiga, ilm-ma’rifatimiz kamsitilayotganligiga, yozuvimiz o‘zgartirilib, tariximiz oyoqosti bo‘layotganligiga ishora qiladi. Tilda esa “Yangi turmush-chun oh urib” “alyor” aytish rusumga aylangan, chin so‘z “Mast, irganch hayotning qora dastida” mahv etilayotgan edi. Bunda G‘afur G‘ulom o‘zini aybdordek his etar va bu “aybi” uchun bugungi o‘quvchisidan uzr so‘rayotgandek nola qiladi:

She’rimni o‘qiysiz, kulasiz, albat,
Ta’na-la qistaysiz, qilasiz sinoq (so‘roq).

Ammo, deb davom etadi shoir, vijdonimni qiynayotgan bu savollaringizga hozir javob bera olmayman. Negaki, “A’zosi bo‘lganim (shu) oliy jamiyat (meni) Shishgan taloq kabi qilsinmi taloq?” (mazmunni osonroq tushunish uchun qavs ichidagi so‘zlarni o‘zim qo‘shdim – Y. S.). E’tibor bering, ichidan otilayotgan faryo­di ifodalangan bu misralarda sho‘ro fuqarosi G‘afur G‘ulom (tashqi) bilan xalq farzandi bo‘lgan shoirning ichki “men”i nechog‘liq ziddiyatli holatda ekanligi yaqqol ko‘rinib turibdi. Bu ziddiyat shoirning “Yuzida-ku soxta sevinch, dilda oh, /Dushman qarmog‘ini qalbga solsinmi?” degan satrida yanada ochiqroq ayon bo‘ladi. Shu bilan birga G‘afur G‘ulom “Yovning qalbiga” chuqurroq qarash uchun “Ko‘zlarida rentgen nuriday ko‘rish” qobiliyatini uyg‘otishga, “Zehni har paytda hushyorlik” qilishiga, “Uy havosi toza va baxtli” bo‘lishi uchun “lablar hushyor” bo‘lishiga chaqiradi (1, 118-betlar).

Bunday isyonkorlik va tazarru ruhida yozilgan she’rlar G‘afur G‘ulom merosida talaygina. Masalan, o‘tgan asrning 90-yillarida nozikta’b ziyoli Urfon Otajon shoirning “Siz ey, ozoda do‘stlar, bu ko‘ngilni ehtirom aylang” misrasi bilan boshlangan 6 baytli g‘azalini g‘oyat bilimdonlik bilan tahlil etib berdi[5]. Maqolada G‘afur G‘ulom dilida kechayotgan anduh-armonlar, uning o‘z o‘quvchisidan uzr so‘rashiga asos bo‘lgan sabablar, ya’ni jamiyat zug‘umi tufayli o‘quvchisi ko‘zining xuqqasini siyohdon, qalamini nayza qilib sanchishga majbur bo‘lganligini ochiq tan olgani va bu aybi uchun endi istagancha “intiqom” olishingiz mumkin deb o‘tingani yaxshi ochib berilgan. Unga faqat ushbu “G‘azalning yozilgan vaqti 60-yillarning boshlari deb taxmin qilinadi. Qo‘lyozmasi va mashinka nusxalari saqlangan. Ilk marotaba “Sharq yulduzi” jurnalida (1966 yil, № 12) chop bo‘lgan”ligini qo‘shimcha qilishni istardim. Ayon bo‘ladiki, shoir betobligi va vafoti tufayli uni e’lon qilishga ulgurmagan. Shuning uchun ham g‘azal “Mukammal asarlar to‘plami”ning ilova bo‘limida berilgan. Shu boisdan unga ko‘pchilikning nazari tushmasligi mumkin.

Shuni hisobga olib, ushbu g‘azalni hushyor o‘quvchi e’tiboriga havola etish bilan cheklanaman. Uni o‘qib, o‘zingiz xulosa chiqararsiz:

Siz ey, ozoda do‘stlar, bu ko‘ngilni ehtirom aylang,
Mabodo vahshilikda shuhrati, ohista rom aylang.

Hamisha mastu beparvo lobar tanti boshimdan
Riyo bazmida ammo beriyo anduhu jom aylang.

Kesib tomirlarimni dildagi zarbim bilan payvast,
Maqomi keldi dengu bazmingizda “Shashmaqom” aylang.

Esiz jonimga joningiz sababdan yetgani ozor,
Mudom aylang, mudom aylang, mudom aylang, mudom aylang.

Qaro dillarni ravshan qilg‘ali nayzam qalam bo‘ldi,
Ko‘zingiz xuqqasindadir siyohim, intiqom aylang.

Agar vijdon aro bir partave tushsa bu satrimdin,
Bu eski qulni tutdik deng-u G‘afurni G‘ulom aylang[6].

Demak, o‘tgan asrning 60-yillarida mamlakatda yuz bergan eruvgarchilik tufayli ayrim zamondoshlaridan farqli o‘laroq, G‘afur G‘ulom tafakkurida erkinlik epkinlari esa boshladi, qalbida jamlanib yotgan anduh-armonlarini, o‘sha paytda aytolmagan dil izhorlarini aytish istagi tug‘ildi. Shoir bilib-bilmay qilgan gunohlari, oldingi yillarda yaratgan madhiyabozlik ruhidagi ijodi uchun xalqidan uzr so‘rashni farzandlik burchi deb bildi. Ulug‘ shoirning bu uzrxohligi ayniqsa, g‘azal maqtasida aniq namoyon bo‘ladi:

Agar vijdon aro bir partavi tushsa bu satrimdin,
Bu eski qulni tutdik dengu G‘afurni G‘ulom aylang.

 Bular shubhasiz, sho‘ro davrida yashagan ijodkorlar o‘zlarini nechog‘liq shodu xurram, bekamu ko‘st, baxtli qilib ko‘rsatishga urinmasinlar, aslida,  erkin shaxs-ijodkor sifatida his etmaganligi, aytgan gapini, bergan topshiriqlarini so‘zsiz bajarishga majbur qilgan jamiyatning quli deb bilganligini ko‘rsatadi.

«Sharq yulduzi» jurnali, 2018 yil, 6-son

_______________________

[1] O. Sharafiddinov. Iste’dod jilolari. Adabiy portretlar. T., G‘. G‘ulom nomidagi ASN, 1976. 3-bet.

[2] B. Nazarov. XX asr va G‘afur G‘ulom. “O‘zbek tili va adabiyoti” №2, 2003. 4-bet.

[3] Diktatura (lot. Diktatura – diktator unvoni, cheklanmagan hokimiyat). Davlat boshqaruvining nodemokratik usullar bilan amalga oshirilishi, zo‘ravonlikka tayanuvchi cheklanmagan hokimiyat, totalitar rejim. O‘zbek tilining izohli lug‘ati. 5 jildli, 1-j., T., “O‘zbekiston milliy entsiklopediyasi” davlat ilmiy nashriyoti, 2006. 612-bet.

[4]  G‘.G‘ulom. Mukammal asarlar to‘plami. T., “Fan”. 12 jildli. 11-j., 118-bet. (bundan keyingi havolalar va she’rlar shu manbadan olindi hamda jildi bilan sahifasi qavs ichida ko‘rsatildi).

[5] U. Otajon. O‘kinch va o‘tinch. “Sharq yulduzi”, 1993 yil 5–6-qo‘shma soni 147–150-betlar.

[6] G‘. G‘ulom. Mukammal asarlar to‘plami. 12 jildli. 3-jildi. 380–515-betlar.

O‘xshash maqolalar: